logo

Sport tibbiyoti fanining ahamiyati, vazifalari, tashkil etilishi. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanuvchilarni tibbiy nazoratdan o’tkazish

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

37.58203125 KB
Sport tibbiyoti fanining ahamiyati, vazifalari, tashkil etilishi. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanuvchilarni tibbiy nazoratdan o’tkazish. Jismoniy rivojlanishni baholash Tibbiyot – bu ilmiy bilimlar va amaliy faoliyat tizimi bo`lib, uning maqsadi sog`liqni saqlash va mustahkamlash, odamlar umrini uzaytirish, kasalliklarning oldini olish va davolashdir. Tibbiyot – ikki qismga bo`linadi. 1. Nazariy tibbiyot – bunga odam anatomiyasi, odam fiziologiyasi, gigiyena, sanitariya, epidemiologiya, mikrobiologiya, va boshqa tibbiy fanlar kiradi. 2. Klinik tibbiyot – bunga terapiya, xirurgiya, akusher – ginekologiya, pediatriya, nevropatologiya, psixiatriya, urologiya, endokrinologiya, yuqumli kasalliklar, dermatologiya va venerologiya, quloq, tomoq, burun (LOR), ko`z kasalliklari va boshqa tibbiy fanlar kiradi. Sport tibbiyoti fani klinik tibbiyotning maxsus tarmog`i hisoblanadi. Mazkur fan tibbiy nazorat o`tkazish orqali jismoniy tarbiya va sport mashg`ulotlari bilan shug`ullanuvchilarning sog`lig`i, jismoniy rivojlanishi, chiniqishi va turli to`qima – a`zolar tizimining funksional imkoniyatlarini aniqlaydi. Shunigdek, sportchilarda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan kasalliklar va shikastlanishlarning sabablarini aniqlash, ularning oldini olish, davolash, sportchi kuch-quvvatini tiklash masalalari bilan shug`ullanadi. Ushbu fan jismoniy madaniyatning maxsus fanlariga turdosh sifatida, mashq hajmi va tezligini belgilashda, shug`ullanuvchining sog`lig`iga, chiniqqanlik darajasiga alohida e`tibor berish lozimligi haqida o`qitivchi-trenerga maslahat beradi. Shunday qilib, sport tibbiyoti fani jismoniy madaniyat va sport fanlarining ajralmas qismi bo`lib, jismoniy tarbiya o`qituvchisi va sport trenerini mutaxassis sifatida tayyorlashga bevosita aloqadordir. Fanning ahamiyati. Jismoniy tarbiya va sport yoshlarning o`sishi, rivojlanishi, sog`lig`ini mustahkamlanishi, ish qobiliyatining oshishi, umri uzayishining muhim omilidir. Jismoniy tarbiya va sport trenerovkasi mashqlari – bu ijtimoiy-pedagogik jarayon bo`lib, unda asosiy vazifani pedagog, ya`ni jismoniy tarbiya o`qituvchi va trener bajaradi. Shuning bilan birga, bu jarayonlarning asosiy ob`yekti, jismoniy tarbiya va sport mashqlari bilan shug`ullanuvchi yoshlar hisoblanadi.Jismoniy tarbiya va trenerovka mashg`ulotlarining unumdorligi, ularning bajarish uslublari, vositalari har bir shug`ullanuvchi organizmining sog`lig`i, chiniqqanligi, funksional imkoniyatlari va individual xususiyatlariga mos bo`lishi bilan bog`liq. Jismoniy tarbiya o`qituvchisi va trenerga jismoniy mashqlar bilan shug`ullanuvchilarning sog`lig`i va kelajak taqdiri ishonib topshiriladi. Shu bois, ular unutmasliklari lozimki, mashg`ulotlarni tashkil etish va o`tkazish uslublarida, mashg`ulot hajmi va tezligini belgilashda yo`l qo`yilgan har bir xato, mashg`ulot natijasining pasayishiga olib kelishi bilan birga, shug`ullanuvchilarning sog`lig`iga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin. Jismoniy tarbiya o`qituvchisi va trener – bu keng qamrovli, nihoyatda muhim va murakkab vazifani bajaruvchi pedagog hisoblanadi. Uning faoliyatida ma`naviy - axloqiy, sport - pedagogik, psixologik va sport tibbiyoti mutaxassisliklari bir - biri bilan uzviy bog`langan holda namoyon bo`ladi. Jismoniy tarbiya o`qituvchisi va trenerni mutaxassis sifatida tayyorlashda tibbiy- biologik (odam anatomiyasi, odam fiziologiyasi, yoshlar fiziologiyasi va gigiyenasi, jismoniy tarbiya gigiyenasi) fanlar orasida, Sport tibbiyoti fani, asosiy o`rinni egallaydi. Bu fanni mukammal egallay olmagan jismoniy tarbiya o`qituvchisi va trener jismoniy tarbiya va sport mashg`ulotlarini ilmiy asosda tashkil eta olmaydi. Eng muhimi shug`ullanuvchilarni ilmiy asosda chiniqtirish, ularda zo`riqish va shikastlanish holatlarining oldini olish uchun zarur bo`lgan bilimlarga ega bo`la olmaydi. Yuqorida bayon etilganlardan ko`rinib turibdiki, yuqori malakali jismoniy tarbiya o`qituvchilari va sport trenerlarini tayyorlashda Sport tibbiyoti fanining ahamiyati beqiyosdir. Fanning vazifalari. Sport tibbiyoti fanining vazifalari ko`p qirrali bo`lib, ularga quyidagilar kiradi: 1. Tibbiy nazorat o`tkazish yo`li bilan jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanuvchilarning sog`lig`i, jismoniy rivojlanishi, funksional imkoniyatlarini aniqlaydi. Olingan natija asosida jismoniy tarbiya o`qituvchisi va trener bilan birgalikda bo`lg`usi sportchilarni tanlash masalasini hal etadi; 2. Jismoniy tarbiya mashg`ulotlarini to`g`ri tashkil etilmasligi tufayli vujudga keladigan kasalliklar va shikastlanish sabablarini o`rganadi, ularga tashxis qo`yadi, davolaydi, oldini olish bo`yicha trenerga maslahat beradi, sportchining kuch- quvvatini tiklash uslublarini ishlab chiqadi va amaliyotga tadbiq etadi. 3. Ushbu fan bo`lg`usi jismoniy tarbiya o`qituvchilari va trenerlarni, ya`ni hozirgi talabalarni, jismoniy mashq bilan shug`ullanuvchilarda zo`riqish, kasallanish, shikastlanish holatlarining oldini olish bo`yicha zarur bilimlar bilan qurorlantiradi. O`zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganining dastlabki yillaridan boshlaboq xalq sog`lig`i, ayniqsa, yoshlar sog`lig`ini muhofaza qilish, mustahkamlash, umrni uzaytirish bilan bog`liq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalari davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 3-dekabrdagi 588-sonli Qarori bilan “Yosh avlodni sog`lomlashtirish muammolarini majmuali hal etish” ning kengaytirilgan dasturi tasdiqlandi. Mazkur dasturda odam sog`lig`ini mustahkamlash va umrini uzaytirishda har bir fuqaro sog`lom turmush tarziga rioya qilishi muhim ahamiyatga ega ekani, qayd etilgan. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” 1999 yil 27- maydagi Qarorida: - jamiyatda sog`lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish, aholi keng qatlamlarini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishga jalb etish masalalari o`z ifodasini topgan. O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to`g`risida” 2000 yil 26-mayda qabul qilingan Qonunining: - 9-moddasida, jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari, sog`liqni saqlash organlari, ta`lim muassasalari jismoniy tarbiya va sport mashg`ulotlarini hamda sog`lom turmush tarzini keng targ`ib qilinishini uyushtiradilar deyilgan; - 14-moddasida, sog`liqni saqlash muassasalari jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanuvchilarning tibbiy nazoratini olib borishlari; - sportchilarning musobaqalarga tayyorlanishini tibbiy jihatdan ta`minlashda qatnashishlari; - shuningdek, jismoniy mashqlarning maxsus dasturlarini ishlab chiqishlari; - tibbiyot- jismoniy tarbiya dispanserlarini tashkil etishlari; - 15-moddasida, jismoniy tarbiya va sport inshoatlarining ma`muriyati, mashg`ulotlar va musobaqalar o`tkaziladigan joylarni texnika xavfsizligi qoidalariga va sanitariya-gigiyena qoidalariga muvofiq jihozlanishini ta`minlashi zarur deyilgan. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasini tuzish to`g`risida” 2001 yil 24-oktabrdagi Farmonida: - bolalarda sportga mehr uyg`otish, ular ongida sport bilan shug`ullanish, sog`lom turmush tarziga amal qilish, ularni salbiy ta`sirlar va zararli odatlardan himoya qilish; - jinsi va yoshiga qarab bolalarga sport ko`nikmalarini singdirish ta`kidlangan.  O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`quvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz sport musobaqalari tizimini tashkil etish to`g`risida” 2003 yil 3-iyundagi Qarorida: - “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada” sport musobaqalarini o`tkazishda sog`liqni saqlash muassasalari zimmasiga musobaqa ishtirokchilarini tibbiy ko`rikdan o`tkazish, musobaqa davrida tibbiy xizmat ko`rsatishni tashkil etish, sportchilarning dam olish, ovqatlanish joylarida sanitariya va gigiyena qoidalariga qat`iy rioya qilinishini ta`minlash vazifasi yuklangan. O`zbekiston Respublikasi Hukumatining jismoniy tarbiya va sport to`g`risidagi yuqorida bayon etilgan huquqiy-me`yoriy hujjatlarida, jismoniy tarbiya va sport hamda tibbiyot sohalarining bir-biri bilan chambarchas bog`liqligi, ikkala soha ham jamiyatimizda sog`lom turmush tarzini shakllantirish, inson sog`lig`i, ayniqsa, yoshlar sog`lig`ini mustahkamlash, umrini uzaytirish, mehnat qilish qobiliyatini yuksaltirish uchun xizmat qilishi ta`kidlangan. Sport tibbiyoti fani tibbiy nazorat o`tkazish yo`li bilan jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanuvchilarning sog`lig`i, jismoniy rivojlanishi, funksional imkoniyatlarini aniqlaydi. Olingan natija asosida bo`lg`usi jismoniy tarbiya o`qituvchisi va trenerga (hozirgi talabalarga) jismoniy mashqlar hajmini belgilash bo`yicha zarur maslahatlar beradi. Ushbu fan jismoniy mashq bilan shug`ullanuvchilarda zo`riqish, kasallanish, shikastlanish holatlarining oldini olish; - mashq bajarish jarayonida yuqoridagi noxush holatlar yuzaga kelgudek bo`lsa, birinchi tibbiy yordam ko`rsatish tartib - qoidalari; - tibbiy-pedagogik nazorat o`tkazish tartibi va usullari. Trenirovka va musobaqa jarayonida sportchi kuch-quvvatini tiklash, tibbiy reabilitatsiya, dopingning zarari va uning taqiqlanishi, davolash mashqlari bo`yicha zarur bilimlar beradi. Fan faoliyatining tashkil etilishi. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanuvchilarni tibbiy nazoratdan o`tkazish, ularni sog`liq guruhlariga ajratish, chiniqqanlik darajasini aniqlash, shunga asoslangan holda, mashq hajmi va tezligini belgilash, mashq natijasini doimiy nazorat qilish, mutasaddi tibbiyot muassasasi shifokori hamda jismoniy tarbiya o`qituvchisi va trener zimmasiga yuklatiladi. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanuvchi toifaga ega bo`lmagan yoshlar va katta yoshdagi kishilar, bir yilda kamida bir marta, tibbiy ko`rikdan o`tishlari shart; Toifaga ega bo`lgan sportchilar, yosh sportchilar, sport maktabi o`quvchilari, hamda sport bilan shug`ullanuvchi katta yoshdagi kishilar bir yilda kamida 2 marta shifokor tekshiruvidan o`tishlari kerak. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanuvchilarni tibbiy xizmat bilan ta`minlash 2 turdagi tibbiyot tashkilotlarida amalga oshiriladi. 1. Shahar va tuman markazlarining maxsus belgilangan poliklinikasida joylashgan “sport vrachlik nazorati xonasida ”. 2. Viloyat markazida va katta shaharlarda joylashgan “ sport vrachlik nazorati dispanserida”. Tibbiy nazorat va uning bosqichlari. Ma`lumki, maktab, o`rta maxsus va oliy o`quv muassasalarida o`quv reja asosida jismoniy tarbiya fani o`qitiladi. Mazkur fanning o`quv dasturi bo`yicha jismoniy mashq darslari boshlanishidan oldin, ya`ni har o`quv yilining boshida, hamma o`quvchilar va talabalar tibbiy nazoratdan o`tkaziladirlar. Tibbiy nazorat bosqichlari Jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanuvchilarni tibbiy nazoratdan o`tkazish 3 bosqichda amalda oshiriladi: birlamchi, takror, qo`shimcha tibbiy nazorat. Birlamchi tibbiy nazorat. Bu jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishning boshlanish davrida, ya`ni o`quv yilining boshida o’tkaziladi. Bunda quyidagi masalalar hal etiladi: 1. Nazoratdan o`tayotgan shaxsning hozirgi paytda sog’liq holati aniqlanadi va baholanadi. 2. Jismoniy rivojlanish ko’rsatkichlari: tana vazni, bo`y uzunligi, ko’krak qafasi aylanasi, o`pka tiriklik sig`imi, qo`l va bel muskullari kuchi va boshqa ko’rsatkichlar aniqlanadi va baholanadi. 3. Mazkur shaxs organizmining funksional holati, ya`ni jismoniy mashqlarga moslashish imkoniyati aniqlanadi va baholanadi. 4. Ushbu tibbiy nazorat natijasida o’quvchi va talabalar jismoniy tarbiya fani darsiga qatnashish bo`yicha 3 ta sog`liq guruhlariga bo`linadilar. Takror tibbiy nazorat. Takror tibbiy nazorat birlamchi tibbiy nazoratdan o’tgandan keyin 3 oy, 6 oy, eng uzog`i bilan 9 - 12 oy oralig`ida o`tkaziladi. Takror tibbiy nazoratda birlamchi tibbiy nazoratda asosiy, tayyorlov, maxsus sog`liq guruhiga kiritilgan o`quvchi va talabalar, hamda sport seksiyasida qatnashayotganlarning, jismoniy mashq bilan shug`ullanishi natijasida sog`lig`i va funksional holatida qanday ijobiy yoki salbiy o`zgarishlar ro`y berganligi aniqlanadi. Mazkur o`zgarishlarni e`tiborga olgan holda bundan keyin jismoniy mashq turi, hajmi, tezligi bo`yicha shifokor maslahati beriladi. Qo`shimcha tibbiy nazorat. Qo`shimcha tibbiy nazorat quyidagi masalalarni hal etish maqsadida o`tkaziladi: 1. O`quvchi-talaba biror og`ir kasallik bilan xastalanib, ma`lum vaqt davolanib, o`qishga qaytganidan keyin, uning jismoniy tarbiya darsiga qatnashishi masalasi hal etiladi. 2. Sportchi qandaydir kasallik yoki shikastlanish sababli ma`lum vaqt davolanishda bo`lib, sog`ayib qaytgandan keyin, uning trenirovka mashg`ulotlari bilan shug`ullanishi mumkin yoki mumkin emasligi masalasi hal etiladi. Agar sportchiga kasallik-shikastlanishdan keyin trenirovka mashg`ulotlari bilan shug`ullanish ruxsat etilsa, unga beriladigan mashq hajmi va tezligi belgilanib, trenerovka o`tkazish rejasi bo`yicha trenerga va sportchining o`ziga, shifokor maslahati beriladi. 3. Sportchining musobaqaga qatnashishi oldidan, u qo`shimcha tibbiy nazoratdan o`tkaziladi. Bunda sport-vrachi xulosasiga ko`ra sportchining musobaqaga qatnashishi mumkin yoki mumkin emasligi masalasi hal etiladi. O`quvchi - talabalarni ng sog`liq guruhlari. Maktab, kollej, litsey o`quvchilari va Oliy ta`lim muassasasi talabalari har o`quv yilining boshida, tibbiy nazoratdan o`tkazilib, jismoniy tarbiya fani darsiga qatnashishi bo`yicha 3 ta sog`liq guruhlariga bo`linadilar: Birinchi - asosiy sog`liq guruhiga - jismoniy rivojlanishi me`yorida bo`lgan, sog`lom bolalar va o`smirlar kiradi. Ular jismoniy tarbiya fanining o`quv dasturi bo`yicha hamma mashg`ulotlarni to`liq hajmda bajaradilar, reyting nazoratini topshiradilar. Bular o`zi va ota-onasining xohishiga ko`ra hamda shifokor va trenerning maslahati bilan sport seksiyasiga qatnashishlari mumkin; Ikkinchi - tayyorlov sog`liq guruhiga - jismoniy rivojlanishi kuchsiz, qandaydir surunkali kasalligi bo`lgan bolalar va o`smirlar kiradi. Ular jismoniy tarbiya darsiga asosiy guruh bilan qatnashadilar. Lekin, yuqori tezlikda bajariladigan, katta kuch talab qilinadigan mashg`ulotlardan ozod etiladilar. Shuningdek, ularga ushbu fanning reyting nazoratida yengillik beriladi. Ular o`quv yurti shifokorining nazoratida turadilar. Ularga vaqti-vaqti bilan sog`lomlashtirish tadbirlari o`tkaziladi. Jismoniy rivojlanishi va sog`lig`i tiklanganidan keyin, kelgusi o`quv yilidagi tibbiy ko`rik xulosasiga ko`ra, ular birinchi asosiy sog`liq guruhiga o`tkazilishlari mumkin; Uchinchi - maxsus sog`liq guruhiga - qandaydir surunkali kasalligi bo`lib, u tez-tez xuruj qilib turadigan, shikastlanish (bug`im chiqishi, suyak sinishi, miya chayqalishi va hokazo) tufayli sog`lig`ida jiddiy salbiy o`zgarish bo`lgan bolalar va o`smirlar kiradi. Ular jismoniy tarbiya fani darsidan ozod etiladilar. Bularning kasalligi va shikastlanishining turiga qarab, alohida jadval bo`yicha haftada 1-2 marta darsdan tashqari paytda davolash jismoniy mashg`uloti o`tkaziladi. Mashg`ulotni tajribali jismoniy tarbiya o`qituvchisi shifokor maslahati bilan o`tkazadi. Bolalarni tana tuzilishiga qarab sport turlarini tavsiya etish. Tana tuzilishiga qarab bolalar 3 guruhga bo`linadi: Birinchi guruh-normostenik tana tuzilishi – tananing hamma qismi bir biriga to`g`ri proporsional, teng, baravar rivojlangan, ko`krak va yelka kamari kengligi, qo`l va oyoqlarning uzunligi proporsional bo`ladi. Bunday bolalar sportning hamma turlari bilan shug`ullanishlari mumkin. Ikkinchi guruh-giperstenik tana tuzilishi – kalta bo`yli, keng ko`krak qafasli, keng yelkali, qo`l-oyoqlari kalta va yo`g`on. Bularni ko`proq kurash turlariga yo`naltirish maqsadga muvofiq. Sababi, bunday gavda tuzilishidagi bolalarda suyaklar yo`g`on, baquvvat, muskullar yaxshi rivojlangan, kuchli bo`ladi.Ular tez, epchil, chaqqonlik bilan harakat qilish xususiyatiga ega. Uchinchi guruh-asstenik tana tuzilishi – bo`yi uzun, qo`l va oyoqlari uzun, tana ingichka, ko`krak va yelka kamari ingichka. Bunday bolalar uchun sport o`yinlarining voleybol, basketbol, tennis turlari bilan shug`ullanish tavsiya etilishi maqsadga muvofiqdir. Bolalarning yoshiga qarab sport turlarini tavsiya etish. Bolalarning yoshiga qarab sport turlarini tavsiya etish 6 davrda amalga oshiriladi. Birinchi davr – 5 – 7 yosh. Sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, sport akrobatikasi, shaxmat va shashka yo`nalishlari tavsiya etiladi. Ikkinchi davr – 8 – 9 yosh. Engil atletika, stol va katta tennis, badminton yo`nalishlari. Uchinchi davr- 10-11 yosh. Sport o`yinlarining barcha turlari, shuningdek, qol to`pi, qilichbozlik, kamondan o`q otish. To`rtinchi davr – 12 – 13 yosh. Kurashning hamma turlari: karate, erkin kurash, yunon – rum kurashi, sambo, shuningdek, boks, eshkak eshish, velosport kabilar. Beshinchi davr – 14 – 15 yosh. To`rtinchi davrdagi sport turlariga qo`shimcha zamonaviy beshkurash, uchkurash, ot sporti. Oltinchi davr – 16 – 17 yosh. To`rtinchi va beshinch davrdagilarga qo`shimcha keng qamrovli turizm, sportning texnikaviy turlari: motosport, avtosport, korting turlari tavsiya etiladi. Tibbiy nazoratda jismoniy rivojlanish ko`rsatgichlarini aniqlash va baholash Jismoniy rivojlanish ko`rsatgichlarini aniqlash. Jismoniy rivojlanish ko`rsatgichlari antropometrik tekshirish usuli yordamida aniqlanadi va baholanadi. Bu o`z navbatida 3 guruh tekshiruv usullaridan iborat: 1,Jismoniy rivojlanishning somatoskopik tekshiruv usuli va ko`rsatgichlari Tekshiriluvchi tanasini yechingan holatida tekshirish Teri ko`satgichlari: normada teri silliq, tarangligi yaxshi deb baholanadi. Terining salbiy o`zgarishlarida: terida toshmalar, yiringli yaralar, jarohat qoldiqlari, yamoqlar, g`adir-budurliklar, tarangligi boshashgan-salqi, quruq, nam deb baholanishi mumkin. Teri osti yog` qavati. Aniqlash uchun tekshiruvchi ikki barmog`i yordamida tekshiriluvchining qorin, biqin, kuraklari osti sohasida terisini buklaganida necha santimetr qalinlikda ekanligini qayd etadi. Normada shu burma 2-3 sm bo`lishi kerak. Bundan kam bo`lsa tekshiriluvchi ozg`in, ko`p bo`lsa semiz hisoblanadi. Muskullar rivoji. Asosan ko`krak, yelka-bilak, son-boldir muskullarining rivojlangani ko`zga tashlanib turadi. Agar muskullar qalin, yo`g`on, tarang, har qaysisi bir-biridan bo`rtib, ajralib tursa, muskullar yaxshi rivojlangan deb baholanadi. Agar muskullar hajmi kichik, bo`shashgan, ular bir-biridan bo`rtib ajralib turmasa, muskullar rivojlanishi kuchsiz deb baholanadi. Qad-qomatni somatoskopik tekshiruv usulida aniqlash va baholash. Ko`krak qafasi shakli. Normada ko`krak qafasi silindr shaklida bo`ladi. Yoshlikda suyaklar rivojining buzilishi tufayli ko`krak qafasi shakli quyidagicha o`zgargan bo`lishi mumkin: voronkasimon, tovuqsimon, yopishgan-yapaloq (etikdo`z ko`kragi) ko`krak qafasi shakllari. Yelka - orqa shakli. Normal holda umurtqa pog`onasi bo`yin va bel qismida biroz oldinga, ko`krak va dumg`aza qismida biroz orqaga egilgan bo`ladi. Umurtqa pog`onasining bu tabiiy egilishlari odam qad-qomatini normal shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Qad - qomat. Qad-qomatning shakllanishida ko`krak qafasi suyaklari, umurtqa pog'onasi, qo`l va oyoq suyaklari hamda tana muskullarining normal rivojlanishi muhim ahamiyatga ega. Qad-qomati normal shakllangan odam tik turganda uning boshi ko'tarilgan, yelkalari yozilgan, ikkala yelkasi, kuraklari bir tekislikda, qorni biroz ichiga tortilgan, oyoqlari tik va to'g'ri bo'ladi.Sonlari, tizzalari, tovonlari bir-biriga tegib turadi, faqat boldirlar orasida ozroqqina bo`shliq bo`ladi. Qad-qomatning noto'g'ri shakllanishi bir necha xil bo'ladi: egilgan, lordoz, kifoz, kekkaygan, skolioz qad-qomat. Egilgan qad-qomatli odam tik turganda boshi oldinga egilgan, yelka lari osilgan, ko'krak qafasi botiq bo'ladi.Bunday qad-qomat umurtqa pog'onasining bo'yin qismidagi oldinga egilishining normaga nisbatan ko'payishi, bel qismidagi egilishining esa kamayishi hamda yelka, ko`krak, qorin devori muskullarining yaxshi rivojlanmaganligi tufayli yuzaga keladi. Lordoz qad-qomatli odam tik tirganida ko'krak va qorin oldinga bo`rtib chiqadi, orqasi yassilashadi. Kifoz qad-qomatli odam tik tirganida boshi oldinga egilgan, yelkalari oldinga osilgan, orqasining yuqori qismi do'ppaygan va yumaloqlashgan, ko'krak qafasi ichiga botgan, qornining pastki qismi bo'rtgan bo'ladi. Bunday qad-qomat umurtqa pog'onasini bo'yin va bel qismidagi oldinga egilishlarini normaga nisbatan kam, ko'krak qismidagi orqaga egilishining esa ko'p bo'lishi tufayli yuzaga keladi. Kekkaygan qad-qomatli odam tik turganida orqasi to'g'ri va tekis, qorni ichiga tortilgan bo'ladi. Bunday qad-qomat umurtqa pog'onasi ning hamma tabiiy egilishlari normaga nisbatan kam bo'lishi natijasida yuzaga keladi. Skolioz qad-qomatli odam tik turganida yelkalarining biri baland, biri past, kuraklarini biri baland, biri past bo`ladi. Bunday qad-qomat umurtqa pog'onasining yon tomonga (o`ng yoki chap tomonga) egrilanishi tufayli yuzaga keladi. Yassioyoqlik. Odam oyog`ining tovon-kaft yuzasi tayanch-harakatlanish tizimining muhim qismi hisoblanadi. U tuzilish xususiyatlariga ko'ra tananing ressori vazifasini bajarishga moslashgan. To'g'ri rivojlangan oyoq kafti yuzasining yarmidan ko'proq qismi o'yiqroq, yarmidan ozroq qismi gumbaz shaklida bo'ladi. Uning bunday tuzilishi tana massasining oyoqning tovon va kaft qismlariga bara var taqsimlanishini ta'minlaydi. Oyoq tovon-kaft yuzasining normal tuzilishga ega bo`lishi, oyoq bo`g`imlari va umurtqalar orasidagi tog`aylar bilan birgalikda amartizator, ressor vazifasini bajarishini ta`minlaydi. Bu yurganda, yugurganda, sakraganda ichki a`zolar, orqa va bosh miyaning chayqalishidan himoya qiladi. Yassioyoqlikda tovon-kaft yuzasining gumbaz qismi kengayib, o'yiq (chuqur) qismining sathi kamayadi. Ba'zida esa oyoq tovon-kaft yuzasining deyarli hamma sathini gumbaz qism egallaydi va tovon-kaft yuzasi tekis bo'lib qoladi. Natijada tovon-kaftning ressorlik vazifasi buziladi. Yassioyoq odamda quyidagi noqulayliklar yuzaga keladi: - yassioyoq odam tik turganida uzoq vaqt tanasini to`g`ri tutib tura olmaydi, chunki oyoqlari tez charchaydi, tovon-kaft sohasida, boldir muskullarida og'riq paydo bo'ladi; - yassioyoq odam oyoqlarini keng tashlab, qo'llarini yon tomonga silkitib, lapanglab yuradi; - yassioyoq odam ko`proq yurganida boldir muskullari tez charchab, tortishadi, tirishadi, og`riydi; - yassioyoq odam tez yugura olmaydi, sakraganida oyoqlari tana vaznini ko`tara olmasligi natijasida tana muvozanatini saqlay olmaydi va yiqiladi; - yassioyoq odam tik turganida, yurganida tana vazni ko`proq tovon-kaftning ichki tomoniga tushadi. Shuning uchun poyabzali ichki tomonga qiyshayib, u tezda yaroqsiz holga kelib qoladi; - yassioyoqlik sport bilan shug`ullanishga qiyinchilik tug`diradi. Yassioyoqlik sabablari 2 guruhdan iborat: 1. Tug'ma sabablar. 2. Hayotda orttirilgan: bolalik davrida raxit bilan kasallanish tufayli suyaklar rivojlanishidagi buzilishlar, uzoq vaqt poshnasiz poyabzal (shippak, keda, krasovka kabilar) da yurish. Oyoqlar shakli. Oyoqlar shakli normal bo`lgan odam tik turganida sonlarining ichki yuzasi, tizza va boldir-tovon bo`g`imlari bir-biriga tegib turadi. - odam tik turganida tizza bo`g`imlari bir-biriga tegib tursa-yu, boldir-tovon bo`g`imlari orasida bo`shliq bo`lsa- “X” simon oyoq shakli deyiladi. - odam tik turganida boldir-tovon bo`g`imlarining ichki yuzasi bir-biriga tegib tursa-yu, tizza bo`g`imlari orasida bo`shliq bo`lsa – “O” simon oyoq shakli deyiladi. Oyoqlar shaklini bunday buzilishlari oyoq suyaklarining, ayniqsa, boldir suyaklarining egrilanishi natijasida yuzaga keladi. Oyoqlar shaklining buzilish darajasini aniqlash va baholash uchun oyoqlar orasidagi bo`shliqlar santimetr lenta yoki lineyka yordamida o`lchanadi: - “X” simon oyoq shaklli odam tirk turgan vaziyatida ikkala oyoqlarning ichki oshiqlari orasidagi bo`shliq kengligi o`lchanadi; - “O” simon oyoq shaklli odam tirk turgan vaziyatida tizza bo`g`imlari orasidagi bo`shliq kengligi, ya`ni o`ng va chap son suyaklarining pastki bo`rtgan qismlari o`rtasidagi bo`shliq o`lchanadi. Jismoniy rivojlanishning somatometrik tekshiruv usullari va ko`rsatgichlari. Bo`y uzunligi rostomer (antropometr) asbobi yordamida aniqlanadi . Tekshiriluvchi poyabzalsiz, orqasi bilan antropometrga tiralib tik turadi. Uning kuraklari oralig`i, dumbasi, tovonlari antropometrga tegib turishi kerak. Antropometrni o`tirg`ichi bo`lib, tekshiriluvchining o`tirgan vaziyatdagi bo`y uzunligi aniqlanadi. Qizlarda bo`y o`sishi 18 yoshda, yigitlarda 20 yoshda deyarli to`xtaydi. Ayrim hollarda qizlar bo`yini o`sishi 21-23 yoshgacha, yigitlar bo`yini o`sishi 23-25 yoshgacha, juda sekin davom etishi mumkin.Normada erkaklar o`rtacha bo`y uzunligi, o`sish to`xtagandan (20 yoshdan) keyin 170 sm deb qabul qilingan. Turli yoshdagi bolalar va o`smirlarning bo`y uzunligi, shunga taalluqli mavzuda bayon qilingan. Tana vazni tibbiy tarozida aniqlanadi. Tekshiriluvchi poyabzalsiz, ichki kiyimida tarozi o`rtasida qimirlamay tik turishi kerak. Normada erkaklarning o`rtacha tana vazni, bo`y o`sishi to`xtagandan (20 yoshdan) keyin 70 kg deb qabul qilingan. Ko`krak qafasi aylanasi . Tekshiriluvchining tik turgan vaziyatida aniqlanadi. Lentaning yuqori qirrasi oldindan o`g`il bolalar va erkaklarda ko`krak bezi ustidan, o`smir qiz va ayollarda ko`krak bezi ostidan o`rnatiladi. Orqadan lentaning yuqori qirrasi kuraklarning pastki uchi ostidan to`g`ri o`tishi kerak. Ko`krak qafasi aylanasi odam jismoniy rivojlanishining muhim ko`rsatgichi hisoblanadi. Chunki, ko`krak qafasi aylanasi qanchalik yaxshi rivojlangan bo`lsa, uning bo`shlig`ida joylashgan o`pkalar, yurak va yirik qon tomirlarining funksiyasi shunchalik yaxshi bo`ladi. Normada 15 yoshdagi o`smirda ko`krak qafasi aylanasi tinch turgan paytda 75-78 sm bo`ladi. Chuqur nafas olganda ko`krak qafasi aylanasining ko`rsatgichi oshadi, chuqur nafas chiqarganda kamayadi. Ko`krak qafasi aylanasining chuqur nafas olgan va chuqur nafas chiqargandagi ko`rsatgichlarining bir-biridan farqi ko`krak qafasi ekskursiyasi (razmax) deyiladi. Bu ko`rsatgich qancha ko`p bo`lsa, nafas olish a`zolari funksiyasi shuncha yaxshi rivojlangan hisoblanadi.Tekshiruvda ikkinchi toifali yosh sportchida ko`krak qafasi ekskursiyasi 8-10 sm bo`lgani qayd etiladi. Jismoniy rivojlanishning fiziometrik-tekshiruv usuli va ko`rsatgichlari. O`pkaning tiriklik sig`imi - spirometr asbobi yordamida aniqlanadi. Spirometr suvli va havoli bo`ladi.Jismoniy rivojlanish qanchalik yuqori darajada bo`lsa, huddi ko`krak qafasi ekskursiyasi singari, o`pkaning tiriklik sig`imi shuncha ko`p bo`ladi. Tekshiruvda o`pkaning tiriklik sig`imi sog`lom, jismoniy mashg`ulotlar bilan shug`ullanadigan 15 yoshdagi o`smir (yigitda) 3000 ml, 17 yoshdagi o`smir (yigitda)-3500 ml bo`lgan. Qo`l muskullari kuchi. Qo`l dinamometri asbobi yordamida aniqlanadi va kg hisobida baholanadi. Dinamometrni qo`l kaftida ushlab, bor kuch bilan qisiladi. Uning soatga o`xshash strelkasi qo`l kuchini kilogramm hisobida ko`rsatadi. Tekshiruvda 17 yoshdagi o`smir yigitlarning o`ng qo`li kuchi o`rtacha- 47 kg, chap qo`li kuchi o`rtacha-40,6 kg bo`lgan.Shu yoshdagi o`smir qizlarning o`ng qo`li kuchi o`rtacha- 29 kg, chap qo`li kuchi o`rtacha-26 kg bo`lgan. Bel muskullari kuchi - tik turib o`lchaydigan dinamometr (stanavoy dinamometr) yordamida aniqlanadi va kilogramm hisobida baholanadi. Rossiyada o`tkazilgan tekshiruvlarda olingan natijalarga ko`ra gimnastika bilan shug`ullanadigan o`smir yigitlar bel muskullarining o`rtacha kuchi - 176,2 kg, basketbolchilarda - 174,8 kg, voleybolchilarda - 177,5 kg bo`lgan. Yuqoridagi sport turlari bilan shug`ullanadigan qizlarda bel muskullarining o`rtacha kuchi - 110,6, 109,6, 115,6 kg.