logo

Telefon va boshqa qurilmalar orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitib turish tartibi va taktikasi

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

50 KB
Telefon va boshqa qurilmalar orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitib turish tartibi va taktikasi Reja: 1 . So`zlashuvlarni eshitib turishning umumiy tartibi 2. Telefon va boshqa so`zlashuvni eshitib turish Taktikasi 3. Telefon va boshqa so`zlashuv vositalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitib turish bayonnomasi Jinoyatni tergov qilish jarayonida dalil to`plash uchun o`tkaziladigan tergov harakatlari qatorida jinoyat-protsessual qonunda jinoyat ishining ayrim holatlarini tekshirish, isbotlash uchun telefon va boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali so`zlashuvni eshitish nazarda tutilgan. Bu tergov harakatidan olinadigan ma`lumotlar, ayniqsa, uyushgan jinoiy guruh tomonidan sodir qilinadigan o`ta xavfli jinoyatlarni tergov qilishda, guruh ishtirokchilarining o`zaro muloqotidagi ishga oid so`zlashuv mazmuni jinoyatni ochishda muhim dalil bo`lib xizmat qiladi. Telefon va boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan axborotlarni eshitib borish ish yuzasidan isbotlanishi lozim bo`lgan holatlarni tekshirish, jinoyatni sodir etgan va unga aloqasi bo`lgan shaxslarni aniqlash, ularni qayerdan izlash va ushlab olish, jinoyat qurollari va boshqa obyektlarni yashirilgan joyini aniqlash, protsess ishtirokchilari xavfsizligini ta`minlash maqsadida ham o`tkaziladi. Mazkur harakatning o`tkazilishi JPK 169–171-moddalarida tartibga solingan. Jinoyatni tergov qilish jarayonida ish uchun ahamiyatga molik xabarlarni olish mumkinligiga yetarli darajada asos bo`la olsa, surishtiruvchi, tergovchi telefon va boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali so`zlashuvlarni eshitib turish to`g`risidagi qaror chiqarishga haqlidir. Qonunning bu talabi mazkur tergov harakatini avvalambor qo`zg`atilgan jinoyat ishlari yuzasidan o`tkazilishi lozim, ikkinchidan, telefon va boshqa qurilmalar orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitish uchun ishda yetarli asos bo`lmog`i zarur, shundagina tergovchi, surishtiruvchi bu haqda qaror chiqaradi va prokurorning ruxsatini oladi. So`zlashuv qurilmalari deganda telefon va boshqa aloqa vositalari bo`lgan radiotelefon, radiorele, yuqori darajali radio to`lqinlar, kosmik aloqa, selektor o`tkazuvchi va boshqa texnik uskunalar, teletayp va telefaks tushuniladi. Bulardan olinadigan ma`lumotlar shahar, shaharlararo va xalqaro miqyosdagi so`zlashuv bo`lganligi uchun ham prokurorning ruxsati zarurdir, aks holda fuqarolarning Konstitutsiyada ko`rsatilgan huquq va erkinliklariga putur yetkaziladi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining telefon va boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitib turish tergovchining chiqargan qarori yoki sudning ajrimiga ko`ra amalga oshiriladi. Protsess qatnashchilari bo`lgan jabrlanuvchi, guvoh va ularning qarindoshlariga nisbatan kuch ishlatish, tovlamachilik, boshqa qonunga xilof harakatlar sodir etilish xavfi mavjud bo`lsa, so`zlashuvni eshitish uchun bu shaxslarning arizalari yoki yozma roziligi bo`lishi lozim. Mazkur holatlarda ham telefon eshituvlarini o`tkazish uchun prokurorning ruxsati bo`lmog`i kerak. Ba`zi hollarda telefon va boshqa so`zlashuv vositalaridan olib boriladigan so`zlashuvni eshitish va ish uchun zarur bo`lgan ma`lumotlar olishni kechiktirib bo`lmaydigan vaziyatlari tug`ilib qoladi. Bunday holatlarda tergovchi mazkur tergov harakatini JPKning 170- moddasiga binoan tezkorlik bilan o`tkazadi, aks holda, qulay fursat o`tib ketadi va muhim dalillar olinmay qoladi. Kechiktirib bo`lmaydigan hollarda o`tkazilgan tergov harakati haqida qarorni tergovchi milliy xavfsizlik xizmati organlariga yuborishga haqlidir va bir sutka davomida prokurorni xabardor qilib, uning sanksiyasini rasmiylashtirmog`i lozim. Shuningdek, qonun telefon va boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitib turish muddatini ham belgilagan. Tergov qilish jarayoni va ishni sud muhokamasi davri qancha bo`lishidan qat`i nazar, so`zlashuvlarni eshitib turish olti oydan ortiq davom etishi mumkin emas. Telefon va boshqa so`zlashuv vositalaridan eshitib turish natijasida olingan ma`lumotlarni faqat jinoyat ishiga aloqasi bo`lganlarini dalil sifatida ish materialidagi boshqa dalillar bilan solishtirib tahlil qilinadi va baholanadi. Tergov taktikasi nuqtai nazaridan eshituvdan olingan ma`lumotlarni oshkora qilinmasligi kerak, lekin gumon qilinuvchi, ayblanuvchini so`roq qilish jarayonida uning yolg`on ko`rsatuvini fosh etish va to`g`ri axborot olish maqsadida unga so`zlashuv yozilgan magnit tasmasini eshittirishi va bu haqda so`roq qilinuvchining ogohlantirishi lozim. 2. Telefon va boshqa so`zlashuvni eshitib turish taktikasi Tergov qilish jarayonida jinoyatda gumon qilingan shaxslarni aniqlash maqsadida qator tezkor - qidiruv choralari o ` tkaziladi , ma ` lum shaxslar kuzatib boriladi , ularning turmush , mehnat va boshqa faoliyat xususiyatlari tekshiriladi , qayerda , kimlar bilan muloqotda bo ` lishlari va shu kabi jinoyatga aloqasi bo ` lgan ma ` lumotlarni to ` plashda ularni jinoiy guruh ishtirokchilari bilan olib borgan telefon va boshqa aloqa vositalari orqali so ` zlashuvlarini eshitib va qayd qilib turish jinoyatni o ` z vaqtida va to ` la isbotlashni kafolatlaydi . Mazkur tergov harakatini o ` tkazish jinoyatning ayrim holatlarini aniqlash jarayonida tekshirilayotgan vaziyatlarga aniqlik kiritish , ularni isbotlash maqsadida olib boriladi . Bunday hollarda tergovchi telefon va boshqa so ` zlashuv vositalaridan olib boriladigan muloqotni eshitib , uni magnit tasmasiga yozib olish haqida qaror tuzadi va unda kimning telefon so ` zlashuvini eshitish zarurligi ko ` rsatiladi . Qarorda ko`rsatilgan tergov harakatini o`tkazish uchun yetarli asoslar bo`lganidagina prokuror sanksiyasi beriladi. Tergov harakatini o`tkazish haqidagi qaror yoki ajrimda axborotlar xususiyati, hajmi va natijalarini qayd qilish shakli belgilanib, ijro etishga yuboriladi. Telefon orqali so`zlashuvlarni eshitishdan olingan ma`lumotlarni qayd etish boshqa tergov harakatlarining natijalarini qayd etishdan va mustahkamlashdan birmuncha farq qiladi. Ma`lumki, eshitib turishdan olingan axborotni to`laligicha so`zma-so`z bayonnomada qayd etish juda qiyin, chunki telefon va boshqa qurilmalar orqali so`zlashuv muloqot ikki shaxs orasida yuz beradi, so`zlashuv mazmuni esa savol-javob, fikr almashuv, ma`lumot yoki topshiriq berish va boshqa shakllarda bo`lishi mumkin. Bunday axborotni eshitib, so`ngra to`laligicha bayonnomada aks ettirish imkoni bo`lmaydi. Shuning uchun jinoyat protsessual qonunida so`zlashuvlarni eshitib turish chog`ida ovoz yozish moslama, vositalarini qo`llanishi belgilangan. Ushbu tergov harakatini o`tkazish haqidagi qarorda kimning (kimlarning) so`zlashuvlarini eshitish zarurligi, turar-joy manzillari, abonent raqamlari ko`rsatilishi lozim. Eshitib turish jarayonida so`zlashuv mazmunini magnit tasmasiga yozib olish, uni so`ngra dalil sifatida ishning alohida holatlarini isbotlash uchun ishlatish imkonini yaratadi. So`zlashuvlarni eshitib, ovoz yozish vositalarida qayd etishni amalga oshiruvchi xodimlar jinoyat ishining tavsifi haqida xabardor bo`lmoqlari maqsadga muvofiq. Chunki qachon, qayerdan va kimlarning so`zlashuvlarini eshitish va uning qaysi bir ma`lumotlari jinoyat ishiga tegishli ekanligini nazorat qilib borishlariga va qancha muddat davomida eshitib magnit tasmasiga yozib borishlariga yordam beradi. Buni tergov harakatiga tayyorgarlik ko`rish, amalga oshirish va qayd qilish jarayonini bajarayotgan xodimlar taktik nuqtai nazaridan oshkora qilmasliklari lozim, aks holda, manfaatdor (gumon qilingan, tekshiriluvchi) shaxslar tegishli ehtiyot choralarini ko`rib, tergov harakatini o`tkazishga to`sqinlik qilishlari va natijaga, haqiqatni aniqlashga salbiy ta`sir ko`rsatishlari mumkin. Telefon va boshqa so`zlashuv vositalaridan eshitib yozilgan so`zlashuv fonogrammasi aks ettirilgan magnit tasmasi joylashtirilgan kassetani tergovchi xolislar va zarur bo`lganda mutaxassis ishtirokida ko`zdan kechirib, magnitofon yordamida qayta eshittiradi. Yozib olingan so`zlashuvni qayta eshitish va dalil sifatida unga baho berish vaqtida tergovchi lozim topsa, bu tergov harakatini amalga oshirgan xodimlarni ham taklif qilishi mumkin. Ular so`zlashuv yozilgan vaqti, sharoiti va boshqa ahamiyati bo`lgan holatlar haqida ma`lumotlar berishlari mumkin. So`zlashuv fonogrammalarini ko`zdan kechirish va qayta eshitish jarayonida hosil bo`ladigan ba`zi bir noqulaylik va qiyinchiliklarni, jumladan, so`zlashuv yozilgan fonogrammada so`zlashuv mazmunidan tashqari boshqa ovoz va shovqinlar aks etishi kabi vaziyatlarni bartaraf qilishda taklif qilingan mutaxassis va so`zlashuvni eshitib, yozib olgan xodimlar tushuncha berib yordam ko`rsatishlari mumkin. Ovoz yozilgan magnit tasmasi joylashtirilgan kassetani ko`zdan kechirar ekan, tergovchi umumiy holatiga, texnik ko`rsatkichiga, qanday markali ovoz yozish vositasiga qayd etilganligiga, tasmaning aylanish tezligiga va boshqa xususiyatlariga e`tibor beradi. Asosiy diqqat fonogrammadagi yozilgan so`zlashuv mazmuniga qaratilishi lozim. Undagi ma`lumotlarning jinoiy holatlar bilan mantiqiy bog`lanishi, jinoyat ishidagi boshqa dalillar bilan bir qatorda bir-birini to`ldirishi va jinoyatningisbotlash darajasi tergovchining umumnazariy prinsiplari asosida o`tkaziladi. Magnit tasmasiga yozilgan so`zlashuv mazmunini qayta eshitish va baholash paytida tergovchi so`zlashuvining boshlanish va oxirlash qismiga, so`zlashuv davomida qanday nuqsonlar mavjudligiga, to`xtash yoki matnning uzilib qolishi holatlari kabi alomatlariga e`tibor bermog`i lozim. Bunday holatlar tergov harakati natijasini dalil sifatida to`g`ri baholashga yordam beradi. Videokassetani ko`zdan kechirish va qayta eshitib tahlil qilish natijalarini tergovchi ko`zdan kechirish bayonnomasida aks ettirishi lozim. Har qanday tergov harakatini qayd etuvchi protsessual hujjat kabi mazkur bayonnomada ham kim tomonidan, kimlar ishtirokida tuzilganligi, aniqlangan ma`lumotlar xususiyati, ovoz yozishni amalga oshirgan xodimlar va boshqa shu kabi ishga oid axborotlar qo`rsatiladi. Ko`zdan kechirish va magnit tasmasiga yozilgan so`zlashuvni qayta eshitish bayonnomasi, uni o`tkazishda qatnashgan xolislar, mutaxassis va boshqa ishtirokchilar tomonidan tasdiqlanib. ish materialiga qo`shib qo`yiladi. Fonogramma sifati va unda yozilgan, qayd etilgan ovozlarning kimga tegishli ekanligini aniqlashga zarurat tug`ilsa, tegishli tekshiruvlar va boshqa tergov harakatlari o`tkazilishi mumkin. Bunday tekshiruvlar so`roq o`tkazish, ovozdan tanib olish, eksperiment o`tkazish orqali hal qilinishi mumkin. Telefon va boshqa so`zlashuv vositalaridan eshitib va magnit tasmasiga yozib olingan so`zlashuv ovozining kim yoki kimlar tomonidan ifodalanganligini aniqlash ba`zan fonoskopik ekspertiza yordamida hal etiladi. Bunday zarurat ovozni (nutqni) ifoda etgan shaxs «mening ovozim emas» deb inkor etgan yoki boshqa biror sababni asos qilgan taqdirda yuz beradi va tegishli mutaxassis tomonidan ovozni individual xususiyatlari asosida tekshiruv o`tkazishga to`g`ri keladi. Ushbu tekshiruv sud fonoskopiya sohasidagi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Tekshiruv obyektlari sifatida telefon va boshqa so`zlashuv vositalaridan magnit tasmasiga yozib olingan ovoz, so`zlashuv, nutq, video tasvirdagi ovoz, so`zlashuvlar bo`lishi mumkin. Tergov jarayonida jinoyatda gumon qilingan shaxs hodisa sodir bo`lgan vaqtda u yerda bo`lmasdan boshqa joyda bo`lganligi va bu holatni video tasmadagi tasvir tasdiqlash mumkinligi haqidagi vajini tekshirish uchun video tasvir tadqiqot qilinib, u qachon suratga tushirilganligi, kadrlardagi sana o`zgartirilgan-o`zgartirilmaganligi, unda montaj qalbakillashtirish alomatlari bor-yo`qligi, videotasma ilgari ishlatilgan- ishlatilmaganligi aniqlanadi. Sud fonoskopiya ekspertizasi hal qiladigan masalalar quyidagilardir: - ekspertizaga taqdim qilingan suhbatlarning mazmuni stenogrammalar matniga to`g`ri keladimi; - taqdim qilingan magnit tasmada mexanik yoki elektroakustik montaj belgilari mavjudmi; - suhbatda nechta shaxs ishtirok etgan; - tadqiq qilingan suhbatdagi ovozi va nutqi «A»ga tegishlimi; - tekshirilayotgan suhbat ekspertizaga taqdim qilingan diktofon yordamida yozib olinganmi; - taqdim qilinayotgan magnit tasmadagi fonogramma aslimi yoki nusxasimi; - ushbu magnit tasma tadqiq qilinayotgan fonogramma yozilishidan oldin foydalanilganmi. Yozuv sifati past bo`lganligi sababli stenogramma tuzishning imkoni bo`lmasa, tergovchi ekspert oldiga quyidagi savollarni qo`yishi mumkin: - ekspertizaga taqdim qilinayotgan “SONY” MS-60 rusumli mikro audio kassetadagi suhbatning so`zma-so`z bayoni qanday; - taqdim qilingan fonogrammadagi so`zlar o`qilganmi yoki erkin nutqmi; - ushbu magnit yozuv ko`rsatilgan signallar aniq manbaga tegishlimi (gudok, sirena, dvigatel shovqini va boshqalar.); - fonogrammada nutqi muhrlangan shaxsning jinsi, jismoniy va ruhiy holati kanday? Videofonografik tadqiqotlar ikki toifaga bo`linadi: video va ovoz yozish uskunasini videofonografik tadqiqoti hamda fonogrammaga muhrlangan tovush axborotining fonoskopik tadqiqoti. Tergovchi fonoskopiya ekspertizasi tayinlangach, fonogrammaning nusxasini emas, aslini ekspertizaga taqdim qilishi lozim. Bu fonoskopiya ekspertizasini o`tkazish uslubi bilan bog`liq bo`lib, tadqiqotning birinchi bosqichida taqdim etilgan fonogrammada montaj belgilari mavjud emasligi va yozish sharoitining asli ekanligi aniqlanadi. Shaxsni ovozi va nutqiga ko`ra aniqlash uchun o`tkaziladigan ekspert tadqiqotlar ko`pchiligida, tovush xususiyatlari tahlili va uning semantik mazmuni bilan uzluksiz bog`liqdir. So`zlashuv ma`nosi va mazmunini montaj yordamida o`zgartirish mumkinligi hisobga olinsa, tadqiqotning boshlang`ich bosqichidayoq, barcha holatlarda ovoz yozuvida qalloblik mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash zarur. Bu ovoz yozuvida elektroakustik montaj alomatlari akustik moslamalar va EHM yordamida aniqlanadi. Elektroakustik aositalar ta`sirida magnit tasmaga yozilgan sizlashuvning birlamchi ma`nosini o`zgartirish-elektroakustik montaj, deyiladi. Ekspert tadqiqotining usluji asosida yelektroakustik montaj alomatlarini aniqlash va tahlil qilish imkonini beruvchi dasturiy uslub yotadi. Taqdim qilingan yozuvdagi montaj alomatlari mavjudligi tekshirilgandan so`ng namoyon bo`lgan belgilarga ovoz yozish uskunasining ta`siri aniqlanadi. Buning uchun tadqiq qilinayotgan fonogramma yozib olingan magnitofonni ko`zdan kechirish, ekspert tajribalarini o`tkazish orqali uning konstruktiv va funksional xususiyatlari baholanadi. EHM yordamida magnitofonlarni identifikatsiya qilish uslubidan foydalanib fonogramma tadqiq qilinayotgan magnitofonda yozilgan yoki yozilmaganligi aniqlanadi. 3. Telefon va boshqa so`zlashuv vositalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitib turish bayonnomasi Telefon va boshqa moslamalar orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitib turgan, ovozni yozgan xodimlar jinoyat ishiga aloqador bo`lgan so`zlashuvlar mazmunini aks ettiruvchi fonogramma haqida qisqacha bayonnoma tuzadilar (JPK 171-moddasi). Bayonnomada quyidagi ma`lumotlar aks ettirilishi lozim: - mazkur tergov harakati kim va qaysi organ qarori (ajrim) asosida bajarilganligi; -jinoyat ishi yoki uning alohida holatlari haqidagi ma`lumotlar; -ish yuzasidan kimlarning so`zlashuvlari eshitilishi lozimligi, ularning telefon raqamlari; -eshitib turish va ovoz yozish vaqti, joyi; -foydalanilgan ovoz yozish texnika vositalari va ularning turi, modeli kabi belgilari; -tergov harakatini amalga oshirgan xodimlar shaxsiga oid ma`lumotlar; -jinoyat ishini tekshirishda ahamiyatli hisoblangan boshqa ma`lumotlar. Telefon va boshqa qurilmalar orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitib turishni qayd etilganidan so`ng so`zlashuv fonogrammasini aks ettiruvchi magnit tasmasi joylashtirilgan kasseta muhrlanadi va bayonnomaga ilova qilinadi. Fonogrammadagi jinoyat ishiga aloqasi bo`lmagan qismlar sud muhokamasi tamomlanib, chiqarilgan hukm, qaror, ajrim qonuniy kuchga kirgandan keyin yo`q qilinadi. Ekspertiza tadqiqoti o`tkazilgan fonogrammalar, videotasvir tasmalari va boshqa obyektlar ekspertiza tayinlagan organga qaytariladi. Tekshiruv natijalari esa ekspertning xulosasida aks ettiriladi va umumiy prinsiplar asosida dalil sifatida baholanadi. Ishga aloqasi bo`lmagan so`zlashuv matnlari so`zlashgan shaxslarning turmushiga va boshqa oila a`zolarining sha`niga tegishli sir va oshkora qilib bo`lmaydigan xabarlar oshkora qilinmasligi, ya`ni ularning konstitutsiyaviy huquqi va qadr-qimmati himoya qilinmog`i zarur.