logo

Fuqarolik protsessida boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qiluvchi idoralari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning ishtirok etishi

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

53 KB
Reja: 1. Boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qiluvchi davlat boshqaruv idoralari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning fuqarolik protsessida ishtirok etishlari 2. Ishni sudda ko`rishda ishtirok etishning protsessual shakli 3. Davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarninng protsessual huquqlari va majburiyatlari Boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qiluvchi davlat boshqaruv idoralari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning fuqarolik protsessida ishtirok etishlari Yuqorida davlat idoralari, tashkilotlar, birlashmalar fuqarolik protsessida o`zlarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilib, taraflar sifatida yoki uchinchi shaxslar sifatida qatnasha olishlari, bunday hollarda ularning protsessual holati nizoli-huquqiy munosabatning subyekti bo`lgan har qanday tashkilotining da`vogar, javobgarning yoki uchinchi shaxsning protsessual holatidan farq qilmasligi, ya`ni ular ham ariza bilan murojaat etishlari da`voga qarshi e`tirozlar bildirishlari va boshqa protsessual harakatlar qilishlari mumkinligi aytib o`tildi. Fuqarolik protsessida davlat boshqaruv idoralari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning ishtirok etishining boshqa asoslari ham mavjud. Davlat boshqaruv idoralar, muassasalar, korxonalar hamda jamoat tashkilotlari yoki ayrim fuqarolar qonunda ko`rsatilgan hollarda boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun da`vo qo`zg`ata oladilar.1 Davlat boshqaruv idoralari, qonunda ko`rsatilgan hollarda, o`zlariga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida xulosa berish uchun hamda fuqarolarning huquqlarini va davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudning taklifiga muvofiq protsessda ishtirok etishga jalb etishlari yoki o`z tashabbuslari bilan protsessda qatnashishlari mumkin. Demak qonun boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik protsessida, prokurordan tashqari yana boshqa idoralar va shaxslarning ham ishtirok etishini belgilaydi. Agar prokuror har qanday ish bo`yicha boshqa shaxslarning huquq va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun fuqarolik protsessining ishtirokchisi bo`la olsalar, yuqorida ko`rsatilgan idoralar, tashkilotlar va ayrim fuqarolar faqat qonunda ko`rsatilgan hollardagina fuqarolik protsessida ishtirok eta oladilar. O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksida, Fuqarolik kodeksida, Fuqarolik protsessual kodeksi va boshqa kodekslar hamda qonunlarda boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadlarida boshqaruv idoralari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning fuqarolik protsessida ishtirok etish hollari va asoslari nazarda tutilgan. Fuqarolik protsessida ko`pincha hokimiyatlarning maorif va sog`liqni saqlash bo`limlari qoshidagi vasiylik va xomiylik idoralari qatnashadilar. Bu idoralar farzandlikka olishni bekor qilish, ota-onalik huquqlaridan mahrum etish, bolani tarbiyalash uchun ota-onadan ikkinchisiga olib berish, bolalarning tarbiyasi uchun alimentlar undirish, bolalarning turar joyga bo`lgan huquqlari, voyaga yetmaganlarning yetkazilgan zararning undirilishi haqidagi fuqarolik ishlarida qatnashadilar. Bunday hollarda vasiylik va xomiylik vazifalarini amalga oshirish uchun o`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslarga nisbatan xalq ta`limi bo`limilari muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb topilganlarga nisbatan esa, sog`liqni saqlash bo`limlari, sog`lig`ining yomonligi tufayli xomiy tayinlanishiga muxtoj muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan esa, ijtimoiy ta`minot bo`limlari jalb qilinadi. Bolalarning tarbiyasi bilan bog`liq bo`lgan nizolarning sudda ko`rilishida xomiylik va vasiylik idoralari vakillarining ishtirok etish zarurligi O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksining 173-193-moddalarida hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining 1998 yil 11 sentabrdagi Plenum qarorida to`g`ridan- to`g`ri ko`rsatilgan.1 Bolalar to`g`risidagi masalaning hal qilinishi bilan bog`liq fuqarolik ishi yuzasidan vasiylik va xomiylik organlarining protsessga kirishishlaridan asosiy maqsad, sudga ishning to`g`ri va to`la hal qilinishga har tomonlama yordam ko`rsatish yo`li bilan bolalarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish bo`yicha o`z burchlarini bajarishdan iboratdir». Fuqarolik protsessiga kirishishda vasiylik idoralari bolaning tarbiyasi to`g`risidagi manfaatlarnigina ko`zlamasdan jamoatchilik va davlat manfaatlarini ham ko`zlaydi. Vasiylik va xomiylik idorasini vakilining fuqaroni muomaga layoqati cheklangan yoki uni muomalaga layoqatsiz deb tanish to`g`risidagi ishlarda albatta ishtirok etishi talab qilinadi (FPKning 38-moddasi). Nikohdan ajratish ishlarida ham agar, muomala layoqatiga ega bo`lmagan er yoki xotinning manfaatini himoya qilish talab qilinsa, zarur hollarda, nikohdan ajralish to`g`risidagi da`vo vasiy yoki prokuror tomonidan qo`zg`atilishi va FPKning 48-moddasi 1-qismiga muvofiq vasiy organini ish bo`yicha xulosa berish uchun protsessga jalb qilishi mumkinligi to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi 1998 yil 11 sentabrdagi «O`zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko`rishda qonunlarni qo`llash amaliyoti to`g`risida»gi qarorida berilgan. O`zbekiston Respublikasi sudlari amaliyotida birmuncha murakkab bo`lgan fuqarolik ishlarda manfaatdor shaxslar bilan boshqa shaxslar ishda ishtirok etishligi ma`lum. Bunday murakkab fuqarolik ishlari xovli-joylarni sotish bilan bog`liq ishlar, imoratlarni meros qilib olish to`g`risidagi ishlar, turar joylarni qaytadan ko`rish, taksimlash to`g`risidagi talablar, turar joylarni o`zgartirish, turar joy bo`lmagan binolarni turar joyga aylantirish, turar joy maydonini bo`lish va almashtirish, yakka tartibda turar joy ko`rish, yer maydonlaridan foydalanish to`g`risidagi nizolar va shu kabi boshqa nizoli ishlar ancha murakkab hisoblanadi.1 Bunday ishlarning ko`rilishida, aksariyat hollarda fuqarolik protsessida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlarining turar joy bilan shug`ullanuvchi bo`lim va boshqarmalarining vakillari qatnashadilar. Bunday idoralar sud protsessida qatnashish bilan o`zlarining turar joy xo`jaligini boshqarish yuzasidan olingan burchlarini bajaradilar. Binobarin, turar joy idoralari, turar joylardan foydalanish bilan bog`liq ishlarning sudda ko`rilishida fuqarolarning va turar joy xo`jaligini idora etishda davlatning manfaatlarini to`g`ri tushunish va himoya qilish maqsadlarida sudga yordam ko`rsatish uchun ishda ishtirok etishga majburdirlar. Davlat uy-joy siyosatining asoslari to`g`risidagi qonunda uy-joy sohasida ko`chmas mulkning majburiy ravishda olib qo`yilishi faqatgina sudning qarori asosida bo`lishi (23-modda) ijara shartnomalarini sud tartibida buzilishiga yo`l qo`yilishi (16-18-moddalar) to`g`risidagi nizolarni ko`rishda mahalliy davlat hokimiyati organlarini ishtirok etishi lozimligini ko`rsatadi.1 O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi turar joyga oid qator Plenum qarorlarida bunday ishlarning sudda ko`rilishida protsessda qatnashish uchun zarur hollarda mahalliy davlat organlarining uy-joy bo`yicha vakillarini jalb qilish zarurligi to`g`risida tushuntirish berilgan. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Xususiylashtirilgan turar joylarga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf qilish bilan bog`liq ishlar bo`yicha sud amaliyoti haqida»gi 1997 yil 2 maydagi qarorida davlat uy-joy fondidagi turar joyni xususiylashtirishni amalga oshirishda fuqaro va mulkdorlarning huquqini muhofaza qilish bilan vujudga keluvchi nizolar sudlarga taalluqlidir. Bulardan tashqari Plenum, turar joyga egalik huquqini beruvchi davlat orderini haqiqiy emas deb topish bilan bog`liq ishlarni ko`rishda sudlarda xususiylashtirilgan turar joy egasining oila- a`zolari hamda turar joy maydoniga haqli bo`lgan va uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar, shuningdek hokimiyat, davlat mulk qumitasining turar joy bo`yicha hududiy bo`linmalari ishtirok qilishlarini ta`minlashlari zarurligi haqida ta`kidlaydi.1 Turar joylarni almashtirish to`g`risidagi shartnomani haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi ishlar ko`rilganida ishda qatnashish uchun turar joy boshqarmasi sud majlisiga jalb etilishi lozim. Agar bunday vakil sud majlisiga jalb etilmasdan ish ko`rilib, hal qiluv qarorini chiqargan taqdirda bunday hal qiluv qarorlar aksariyat hollarda qonuniy va asoslantirilmagan holda chiqarishlik sud amaliyotidan ma`lum. Shuning uchun agar sudning hal qiluv qarori mahalliy idoralarning, davlat va jamoat tashkilotlarining manfaatlarini himoya qilish bilan bog`liq bo`lsa, sud mazkur tashkilotlarning vakillarini ishda ishtirok etishga jalb qilish lozimligi haqida Oliy sudning qator plenum qarorlarida o`z aksini topgan.2 Yuqorida ko`rsatilganidek, davlat boshqaruv idoralari fuqarolik protsessiga davlat, tashkilotlari va fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish maqsadlarida kirishadilar. Protsessga kirishishdan maqsad davlat boshqaruv idoralari fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda sud idoralariga holisona, qonuniy va adolatli hal qiluv qarorini chiqarishda yordam ko`rsatishdan iborat bo`ladi. Huddi shunday maqsadlarda fuqarolik protsessida davlat boshqaruv idoralari hisoblangan yer bo`limlari, moliya bo`limlari, kredit muassasalari, ijtimoiy ta`minot idoralari va boshqa tashkilotlar ham qatnashishlari mumkin. Chunonchi mahalliy moliya idoralari imoratga bo`lgan egalik huquqini belgilash, vorislik to`g`risidagi ishlarda, davlat tomonidan beriladigan har xil mulkiy huquqlar va imtiyozlarni olish maqsadlarida qo`zg`atilgan ishlarda, yuridik ahamiyatga ega bo`lgan faktlarni belgilash to`g`risidagi va boshqa ba`zi ishlarda qatnashadilar. Masalan, jismoniy shaxslardan soliqlar va yig`imlar bo`yicha boqimandalarni hamda to`lanmagan jarimalarni undirish sudning qarori asosida amalga oshirilishi belgilangan.1 Bunday ishlarni ko`rishda sud o`z tashabbusi bilan soliq idoralarining vakillarini ish yuzasidan xulosa berish uchun jalb qilishi bilan masalani odilona hal etishda ko`maklashishni nazarda tutadi. Mualliflik huquqidan kelib chiqadigan nizolarda muallifni shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoya qilish maqsadlarida sud ishida muallif huquqlarini himoya qilish bo`yicha Respublikadagi Agentlikning vakili ishtirok etishi mumkinligi qonunda o`z ifodasini topgan. Fuqarolik kodeksining 1054-moddasida muallifning vafot etganidan so`ng shaxsiy huquqlarini himoya qilinishi mualliflar huquqlarini muhofaza qiladigan tashkilotlarning da`vosi bo`yicha amalga oshirilishi mumkinligi ko`rsatilgan. «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to`g`risida»gi qonunda ko`rsatilishicha, ularning mualliflarini agar patentni g`ayriqonuniy ravishda olganliklarini aniqlasalar, bu haqda manfaatdor shaxs sudga shikoyat bilan murojaat etishlari mumkin. Bunday turkumdagi ishlar fuqarolik ishlarining yechimi murakkab bo`lgan toifada bo`lgani uchun qonunda sudda ishni ko`rib hal qilishda tegishli idoralarning vakillarini protsessga jalb etilishi belgilangan. Bu qonunning 40-moddasida ko`rsatilishicha, sanoat mulki obyektlariga nisbatan Patent idorasi va sudda yuridik va jismoniy shaxslar vakilligi Patent vakillari davlat reyestrida ro`yxatdan o`tgan patent vakili tomonidan ta`minlanishi mumkin. qonunda to`g`ridan-to`g`ri ko`rsatilgan hollarda fuqarolik protsessida boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun da`vo qo`zg`atish yo`li bilan jamoat tashkilotlari, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning vakillari va ayrim fuqarolar ham ishtirok etishlari mumkin. Masalan, «Fuqarolarni o`zini-o`zi boshqarish organlari to`g`risida»gi qonunda1, fuqarolar yig`inining raisi (oksoqoli) qonunlarda ko`zda tutilgan hollarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, sud idoralarida, korxona, muassasa va tashkilotlar bilan bo`ladigan munosabatlarda fuqarolar manfaatlarini himoya qilishi ko`rsatilgan. Chunonchi: O`zbekiston Respublikasi FKning 123-moddasida ko`rsatilganidek, agar biron-bir bitim aldash, zo`rlik, qo`rqitish ta`siri ostida yoki bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishuvi tufayli tuzilgan bitim, shuningdek boshqa ba`zi g`ayriqonuniy bitimlar faqat jabrlangan shaxsning da`vosi bo`yichagina emas, davlat yoki jamoat tashkilotining da`vosi bo`yicha ham qonunda ko`rsatilgan organlarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Biron-bir fuqaroning spirtli ichimliklar yoki narkotik moddalarni suis`temol qilishi tufayli muomala layoqatini cheklash to`g`risida yoki ruhiy kasalligi yoxud aqli zaifli sababli muomalaga layoqatsiz deb topilishi to`g`risidagi fuqarolik ishi uning oila a`zolari arizasi bo`yicha kasaba uyushmalari va boshqa jamoat tashkilotlarining, davolash muassasasining arizasi bo`yicha sudda vasiy, xomiy organlarining vakillarini ishtirokida ko`rib hal etiladi. Ba`zi hollarda muayyan fuqarolik ishining to`g`ri hal qilinishida manfaatdor bo`lgan jamoat tashkilotlari ham qatnashishlari mumkin. Chunonchi, kasaba uyushmalari mehnat to`g`risidagi qonunlarga rioya qilish, xodimlarning mehnatga oid va boshqa huquq hamda qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish kabi muhim vazifalarni bajaradilar. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun amaldagi O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida mehnatga oid huquqiy munosabatlarda xodimlarni manfaatlarini ifoda etishda vakil bo`lish va bu manfaatlarni himoya qilishni korxonadagi kasaba uyushmalari va ularning saylab qo`yilgan organlari yoki xodimlarning saylab qo`yilgan boshqa organlari amalga oshiradilar. Xodimlarning vakillik organlari boshqa ishlar bilan bir qatorda mehnat nizolarini ko`ruvchi organlarda xodimlar manfaatini himoya qilishda qatnashishlari mumkin (Mehnat kodeksining 216-23-moddalari). Demak ular ham fuqarolik protsessida boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilishda qatnashish huquqdan ham foydalana olishlari mumkin ekan. Mehnatga oid ishlarni sudda ko`rishda xodimlarga ishlab chiqarishda yetkazilgan zararlarni undirish va baxtsizlik xodisasining ro`y berishi sabablari to`g`risida xodimlarning vakillik organlarini fikr berishi (FPKning 48-49- moddalari, Mehnat kodeksining 259-moddasida) ko`rsatilgan. Yakka mehnat nizolarini sudda ko`rishda xodim manfaatini ifoda etuvchi tarafi bo`lib xodimlarning vakillik organi ishtirok etishligi qonunda o`z ifodasini topgan. Davlat boshqaruv idoralari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning fuqarolik protsessida ishtirok etish maqsadlari ularning oldiga qo`yilgan vazifalar bilan belgilanadi. Bu vazifalarni, ya`ni xo`jalik masalalari, tarbiya, sog`liqni saqlash, moliya va boshqa sohalardagi vazifalarni amalga oshirishda yuqorida ko`rsatilganidek, davlat organlari, boshqa tashkilotlar da`vo qo`zg`atadilar va ba`zi hollarda o`z fikrlarini beradilar. Ularning maxsus bilimlar va tajribalariga asoslangan fikrlari fuqarolik ishini to`g`ri hal qilish uchun muhim ahamiyatga ega bo`ladi. Yuqorida ko`rsatilgan tashkilotlar va ayrim shaxslar (faqat qonun bilan nazarda tutilgan ayrim hollardagina) nizoli fuqarolik huquqiy munosabatlarning subyekti bo`lmasdan, ishning hal etilishi natijasidan o`zlarini moddiy subyektiv huquqlarini himoya qilishdan manfaatdor bo`lmasdan, ularga berilgan huquq doirasida boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilib protsessda ishtirok etadilar. Ular o`zlariga yuklatilgan huquq va burchlarni amalga oshirish bilan sudda qonuniy va asoslantirilgan hal qiluv qarorini chiqarilishigagina manfaatdor bo`ladilar. Bu idoralarning manfaatdorligini protsessual xarakterga ega ekanligiga ahamiyat berish lozim.1 Davlat boshqaruv idoralari, tashkilotlar va muassasalarning fuqarolik protsessida ishtirok etishlarining huquqiy asoslari FPKning 48 va 49-moddalarida berilgan. Bunday asos FPKning 160-moddasining 3 va 4-bandilarida ko`rsatilgan qoidalar bilan ham belgilangan. Bu qonunda ko`rsatilishicha, ishda qatnashishga jalb qilinmagan davlat muassasasi, korxona, tashkilotlar yoki ayrim fuqarolar ishining oqibatlaridan manfaatdorligi sudda aniqlansa, yuritilayotgan ish to`g`risida yoki uni ko`rish vaqti haqida ular xabardor qilinishlari lozim. Ishni sudda ko`rishda ishtirok etishning protsessual shakli FPKning yuqorida keltirilgan 48-moddasida boshqa shaxslarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini fuqarolik protsessida himoya qilishning protsessual qoidalari ko`rsatilgan. Ishtirok etishning birinchi shakliga ko`ra, ular ariza bilan sudga murojaat etishi bilan davlat boshqaruv idoralari, muassasalar, korxonalar hamda jamoat tashkilotlarining qonunda ko`rsatilgan hollarda boshqa shaxslarning (fuqarolar va tashkilotlarning) huquqlarini, qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sud organlarida da`vo qo`zg`atishdir. Davlat boshqaruv organlari, tashkilotlar biron-bir shaxsning huquqi yoki qonuniy manfaatlari buzilishi to`g`risida ma`lumot olganlarida manfaatdor shaxslar biron-bir sabablarga ko`ra sudga murojat qila olmaganlarida, bu tashkilotlar o`z tashabbuslari bo`yicha fuqarolik ishlarini qo`zg`atishlari mumkin. Masalan, vasiylik va xomiylik organi maktab yoshiga to`lmagan bolaning farzandlikka olinishini bekor qilish to`g`risida fuqaro K.ga nisbatan sudda da`vo qo`zg`atgan. Da`voning qo`zg`atilishiga asos fuqaro K. farzand qilib olingan bolani tarbiyalash uchun tegishli sharoitlar yaratmaganliklari va uning to`g`risida lozim darajada gamxurlik qilmaganligi to`g`risida tushgan ma`lumot bo`ldi. Vasiylik va xomiylik organi vakillari tomonidan o`tkazilgan tekshirish natijasida olingan ma`lumotlar bolaning kvartirada yolgiz qoldirilganligi, vaqtida ovqatlantirilmayotganligi, bolaga nisbatan qo`pol muomalada bo`lganlik to`g`risidagi ma`lumotlar sud majlisida tasdiqlanganidan so`ng, sud bolaning manfaatini ko`zlab, uning farzand qilib olinishini bekor qilish va uni bolalar uyiga tarbiyaga berish to`g`risida qaror chiqaradi1 (Oila kodeksining 169-171-moddalari). Ikkinchi bir misol kvartirada yashovchi fuqaro M. ko`p vaqtdan buyon qo`shnilarini betinch qilib, bir uyda birga yashash imkoniyatini bermaganligi, uylar boshqarmasiga ma`lum bo`ladi. Fuqaro M.ga nisbatan qilingan jamoat ta`siri choralari hech qanday natija bermagan. Shu munosabat bilan tuman uy-joy boshqarmasi fuqaro M. bilan bir uyda yashovchilarning manfaatlarini ko`zlab, uni ko`chirish to`g`risida sudda da`vo qo`zg`atadi. Sud da`voni qanoatlantiradi. Sud amaliyotida davlat boshqaruv idoralarining fuqarolik protsessida ishtirok etishlarining ko`proq tarqalgan ikkinchi turish yuzasidan fikr berish uchun boshlangan protsessda ishtirok etishdan iboratdir. FPKning 48-moddasining ikkinchi qismida davlat boshqaruv organlari qonunda ko`rsatilgan hollarda o`zlariga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida xulosa berish uchun hamda fuqaroning va davlatning manfaatlarini himoya qilish uchun protsessda qatnashishlari mumkinligi ko`rsatilgan. Bu qonunda faqat davlat organlarigina bunday huquqqa ega bo`lishlari aytilgan bo`lsa ham, ammo sud amaliyotida ba`zi hollarda, masalan, xodimning ishxonasida mehnat, xizmat vazifasini bajarib turganida yetkazgan zararning undirilishi to`g`risida (Mehnat kodeksining 207-moddasi) sudda da`vo qo`zg`atilganida xodimning vakillik organi tomonidan ishtirok etuvchining xulosasi talab etiladi. Fuqarolik protsessida qator hollarda, ko`pgina ishlar bo`yicha bu turdagi ishtirok etish sud tomonidan juda zarur deb topiladi. Yuqorida aytilganidek, bolalarni tarbiyalashga bo`lgan huquq to`g`risida qo`zg`atilgan ishlar yuzasidan vasiylik va xomiylik organlarining xulosasi bo`lishi sud uchun zarurdir. Bunday ishlar bo`yicha sud bolaning moddiy-maishiy turmush sharoitlarini, uning tarbiyalanishi sharoitlarini, bolaning o`z tarbiyasiga berilishini talab qiluvchi har qanday ota-ona bilan munosabati xususiyatlarini diqqat bilan o`rganadi. Bunday holatlarning (dalillarning) hammasini sud majlisida tekshirish yo`li bilan aniqlash ancha murakkab, qiyin bo`ladi. Shu tufayli bolaning turar joyida, uning turmush sharoiti va tarbiyalanishi bilan yaxshi tanishish va keyinchalik bu to`g`rida asoslantirilgan xulosa berish uchun tegishli organlarning, masalan, maorif bo`limi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bo`limlari, sog`liqni saqlash bo`limlari sud protsessiga jalb etilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bunday organlar xodimlari tomonidan bolalarning huquqlarini himoya qilish maqsadlarini ko`zlab xulosa berishlari bilan o`zlariga yuklatilgan tegishli vazifalarni amalga oshirgan bo`ladilar Boshlang`ich protsessda ishtirok etishning bu turidan kasaba uyushmalarining texnik inspektorlari ham foydalanishlari mumkin. Jumladan, ular xodimlarga ularning ishlari bilan bog`liq holda shikast yetkazilishi yoki sog`liqlarining boshqacha zararlantirilishi tufayli yetkazilgan zararning undirilishi to`g`risidagi ishlar yuzasidan zarur hollarda o`z xulosalarini beradilar. Bu turkumdagi ishlar bo`yicha protsessda qatnashish yo`li bilan kasaba uyushmalarining texnik inspektorlari texnika xavfsizligi yuzasidan o`rnatilgan qoidalarga va mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi to`g`risida nazoratni amalga oshirishda kasaba uyushmalari o`z burchlarini bajargan bo`ladilar va shuning o`zi bilan xodimlarning manfaatlarini himoya qilish yuzasidan kasaba uyushmalari organlariga yuklatilgan umumiy vazifani amalga oshiradilar. Yuqorida ko`rsatilgan organlar fuqarolik protsessida barcha hollarda emas, balki qonunda, masalan, FPKning 272,281,291, 296 va boshqa moddalarida ko`rsatilgan hollardagina, sud taklifiga muvofiq yoinki o`z tashabbuslari bilan ishtirok etadilar. Davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarninng protsessual huquqlari va majburiyatlari Davlat boshqaruv organlari, tashkilotlar fuqarolik protsessida ishtirok etish shakllaridan qat`iy nazar, sud, uning subyektlari, ya`ni muayyan protsessual huquq va burchlarga ega bo`lgan shaxslar bo`lib ko`riladilar. qonun (FPKning 33- moddasi) bu shaxslarni ishda ishtirok etuvchi shaxslar jumlasiga kiritadi. Boshqa shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun fuqarolik protsessida qatnashuvchi davlat boshqaruv idoralari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ayrim fuqarolar ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko`chirmalar va nusxalar olish, chetlatish (otvod) bildirish, dalillar keltirish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, guvohlarga, ekspertlarga va mutaxassislarga savollar berish, iltimoslar qilish, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar uchun qonunda nazarda tutilgan boshqa protsessual harakatlar qilish huquqiga egadirlar. Ular ham ish yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarori, qaror va ajrimlar to`g`risida, protsessning boshqa subyektlari uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda shikoyat berish huquqiga egadirlar. Ammo bu vazifa davlat, jamiyat, fuqarolarning huquqlari buzilib qarorlar chiqarilgan hollarda, davlat boshqaruv organlari uchun faqat huquqgina bo`lib qolmasdan, balki ularning burchlari ham bo`lib ko`riladi. Davlat boshqaruv organlari ishda ishtirok etish uchun protsessning har qanday bosqichida to sud qarori ijro etilgunga qadar jalb etilishlari mumkin. Ba`zi hollarda sud qarorining ijro etilishida ularning ishtirok etishlari, chunonchi: O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 89-moddasida nazarda tutilgan hollarda (bolani ota- onasidan yoki boshqa shaxslardan olish haqidagi qarorning ijro etilishida) ishtirok etishlari albatta zarur deb topiladi. Boshlangan protsessda ishtirok etishda davlat boshqauv organlarining asosiy huquqi: nizoli ishining mazmuni bo`yicha xulosa berishdan iboratdir. Masalan, bolaning bir ota yoki onadan olinib, ikkinchi birining tarbiyasiga berish to`g`risidagi ishlarda vasiylik va xomiylik organi, ota-onalardan qaysi biri bolaga yaxshi sharoitlar yaratishi va to`g`ri tarbiya berishlikni ta`minlashi mumkinligi va ulardan qaysi birining tarbiyasida bolaning qoldirilishi kerakligi to`g`risida xulosa beradilar. Davlat boshqaruv organi protsessda ishtirok etishga sud tomonidan jalb etilishiga ish yuzasidan xulosa berish-bu arizachining huquqigagina bo`lmasdan, balki burchi bo`lib ham hisoblanadi. Fuqarolik ishi yuzasidan xulosani muayyan mutaxassis ekspertlar ham beradilar. Ammo davlat boshqaruv organlari va kasaba uyushmalarining texnik inspektorlari tomonidan beriladigan xulosa va fikrlarni ekspertlar tomonidan beriladigan xulosa bilan almashtirish mumkin emas. Ekspert ishning hal qilinishidan manfaatdor bo`lmagan shaxs hisoblanadi. U sud qarori bilan tayinlanadi va ishning faqat haqiqiy holatiga oid savollargagina javob beradi. Davlat boshqaruv organlarining vakili yoki xodimlarining vakillik organlari esa ishda protsess ishtirokchisi sifatidan qatnashib, o`zining xizmat burchi tufayli ishning hal bo`lishiga, asosli va qonuniy qaror chiqarilishiga manfaatdor shaxs bo`lib ko`riladi. Bunday organlar o`z xulosasini berishda faqat faktlarga baho berish bilangina cheklanmaydilar. Ular sud majlisida tekshirilgan barcha ma`lumotlarga asoslanib, sudning qanday qarori ularning fikricha to`g`ri bo`lishligi to`g`risida o`z mulohazalarini ham aytishlari lozim. Sud ishni hal qilishda davlat boshqaruv organining yoki tashkilotning bergan fikriga qo`shilmasligi ham mumkin. Bunday fikr va mulohazalar sud tomonidan muhokama qilinadi, baholanadi va lozim bo`lsa e`tiborga olinadi. Protsessda ishtirok etish uchun sud tomonidan jalb etilgan yoki o`z tashabbusi bilan protsessga kirishgan davlat boshqaruv organlarining vakillari sud majlisida taraflar va uchinchi shaxslardan so`ng so`zga chiqadilar. Boshqa shaxslarning manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ariza bilan murojaat etgan boshqaruv organlari va tashkilotlar hamda fuqarolarning protsessual huquqlari va burchlari hajmi ularning protsessdagi protsessual holatlariga muvofiq keladi. Ular ariza bilan sudga murojaat etishlari munosabati bilan ish yuzasidan taraf bo`lib ko`rilmasalar ham, o`zlarining talablarini asoslashlari lozim va shu munosabat bilan o`z manfaatlarini himoya qilish bo`yicha arz bilan murojaat etgan da`vogar kabi, muayyan protsessual harakatlar qilishga, chunonchi: sud majlisida ish doklad qilinganidan so`ng FPKning 196 va 198-moddalariga muvofiq birinchi bo`lib bayonotlar berishga va muzokarada so`zlashga haqli bo`ladilar. Ular da`vogarlar qanday huquqlardan foydalansalar, shunday huquqlardan foydalanadilar. Faqat da`vo predmeti to`g`risida buyruq berish bilan bog`liq bo`lgan huquqlardangina va ish yuzasidan faqat taraflarga, ya`ni nizoli moddiy- huquqiy munosabatning subyekti bo`lgan shaxslarga tegishli huquqlardangina foydalana olmaydilar. Binobarin, da`vo qo`zg`atgan shaxs da`vodan voz kechish huquqiga ega bo`lsa ham, ammo uning bunday voz kechishi huquqiy oqibatlarni tug`dirmaydi. Demak boshqa shaxslarning manfaatlarini va huquqlarini himoya qilish yuzasidan qo`zg`atilgan da`vodan voz kechishlari yoki o`zlarining arz qilgan da`vo talablarini o`zgartirishlari qonunda (FPKning 49-moddasida) to`g`ridan- to`g`ri ko`rsatilganidek, manfaati himoya qilinib, da`vo qo`zg`atilgan shaxsni suddan ishini mazmunan ko`rishni talab qilish huquqidan mahrum qilmaydi. Boshqa shaxslarning manfaatlarini himoya qilishda davlat boshqaruv organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar, fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari va ayrim fuqarolar o`zaro kelishuv bitimlari tuza olmaydilar, ularga nisbatan muqobil qarshi da`volar ham qilinishi mumkin emas. Fuqarolik protsessida davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarning birovlarning manfaati yuzasidan ishtirok etishi instituti faqat demokratik asosda tuzilgan protsessual huquq uchungina xosdir. Fuqarolik ishlarining ko`rilishi va hal qilinishida davlat organlari va tashkilotlarning ishtirok etishlariga yo`l qo`yilishi fuqarolik protsessual huquqining kelgusida yana ham demokratlashtirilishinining namoyoni bo`lib ko`riladi va fuqarolar, davlat hamda boshqa tashkilotlarning huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga egadirlar.