logo

Professional etika va kasbiy etiketning vujudga kelishi va rivojlanish bosqichlari etiketning kelib chiqishi, maqsadi va zamonaviy ahamiyati

Yuklangan vaqt:

21.04.2023

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

75 KB
Professional etika va kasbiy etiketning vujudga kelishi va rivojlanish bosqichlari etiketning kelib chiqishi, maqsadi va zamonaviy ahamiyati Reja: 1. Professional etika 2. Etiket tushunchasi 3. Etiketning mohiyati Tayanch tushunchalar : Qadr-qimmat, odob, sotuvchi odobi, xaridor odobi, xodimlar (xizmatkorlar) odobi, maddohlar odobi, axloq, milliy qadriyatlar, muomala madaniyati, mayllar, onglanmaganlik, ruhiy tahlil, etiket, zamonaviy etiket, milliy etiket, mumtoz etiket, axloqiy madaniyat, Qadimgi Misr, Qadimgi Yunoniston, “Germes nishonlari, profesional etikaning beshta tamoyili, yaxlitlilik, ob’yektivlik, kasbiy kompetentlik va ish haqida qayg’urish, konfedetsiallik, kasbiy xulq-atvor Professional etika axloqiy madaniyat tizimida yaqqol ko’zga tashlanadi. Chunki inson voyaga yetib, bir kasbning boshini tutgach, o’z kasbi doirasida odamlar bilan muntazam munosabatda bo’ladi. Bu munosabat, bir tomondan, hamkasabalar davrasida ro’y bersa, ikkinchi jihatdan, u kasb talabiga binoan uchrashadigan turli toifadagi odamlar bilan yuzaga keladi. Ayni paytda, kasbiy odob axloqiy madaniyatning eng yuksak shakllaridan biri; uning jamiyat axloqiy hayotidagi o’rni yuksak. Har bir jamiyatda muayyan guruhlar borki, egallagan kasblari ularni boshqa jamiyatdoshlariga nisbatan imtiyozli darajaga olib chiqadi. Ko’pchilik jamiyat a’zolarining hayot-mamotlari, sog’ligi, ma’naviy sog’lomligi, huquqiy himoyasi, ilmiy salohiyatining namoyon bo’lishi kabi omillar huddi shunday imtiyozli kasb egalarining o’z kasbiy burch mas’uliyatini qay darajada his yetishlariga, halollik va vijdon yuzasidan ish ko’rishlariga bog’liqligi hammaga ma’lum. Shuningdek, sharqning buyuk notig’i Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy yohud javonmardlik tariqati” nomli kitobida Professional etika va kasbiy odob muammolariga atroflicha to’xtalib o’tadi. Xususan, kitobning beshinchi bobining o’n to’rtinchi, o’n beshinchi va o’n oltinchi fasllari turli kasb egalari odobiga bag’ishlangan. Masalan, o’n to’rtinchi fasl «Kasb-kor va savdo- tijorat odobi haqida» deb nomlanadi va umuman kasb egasi, ayni paytda, savdo- tijorat ahli odobi qonun-qoidalarini o’zi ichiga oladi. Koshifiy yozadi: «Bilgilkim, hamma kasblarga birday taalluqli qisqacha qoida-adablar mavjud, Shuningdek, har bir kasb uchun alohida odob ham bor. Agar barcha kasblar uchun zaruriy odoblar xulosasi nechta, deb so’rasalar, sakkizta deb aytgil: birinchidan, o’z kasbini haromdan, shubhali mol-mablag’dan pok saqlasin. Ikkinchidan, rizq-ro’zi zarurati uchungina kerakli kasb bilan shug’ullansin, kasbni mol-dunyo to’plashga sarflamasin. Uchinchidan, kasbni obro’y olish, yaxshi nom chiqarishning sababi, deb bilsin. To’rtinchidan, moli harom odamlar (amaldorlar, poraxo’rlar, qaroqchilar, o’g’rilar, qimorbozlar, kazzob do’kondorlar) bilan muomala qilmasin...». Koshifiy sotuvchi odobi, xaridor odobi, xodimlar (xizmatkorlar) odobi, maddohlar odobi singari masalalarda ham xuddi shunday asosli fikrlar bildiradi. Garchand, «Futuvvatnomai Sultoniy» javonmardlik (jo’mardlik) tariqati darveshlariga atab yozilgan bo’lsa-da, unda ilgari surilgan axloqiy tamoyillar va g’oyalar umummintaqaviy, umuminsoniy qamrovga ega. Zero, buyuk forsigo’y o’zbek shoiri Pahlavon Mahmud ma’lum ma’noda yangilagan bu tariqat darveshlik xirqasini kiygan, lekin zarur bo’lsa, barcha qurollar turini ishga solib, Vatan himoyasiga otlanishni birinchi galdagi vazifasi deb bilgan erkparvar insonlar sulukidir. Shu bois mazkur kitobda diniylik dunyoviylikdan ajratilmaydi, ular birbirini to’ldirishi bilan inson hayotini axloqiylashtiradigan, go’zallashtiradigan hodisalar sifatida talqin etiladi. Javonmardlikning harbiylashtirilgan nasroniylar ritsarlik ordenlaridan farqi ham shunda. Koshifiy ilgari surgan axloqiy g’oyalar hozirgi kunda ko’p jihatdan o’z ta’sir kuchini yo’qotgan emas. Ayniqsa, uning tijoratchi, sotuvchi va xaridor odobiga doir qoidalarini zamonaviy bozorlarimiz, tijorat markazlarimiz va do’konlarimiz devorlariga yozib qo’yish ayni muddao bo’lur edi. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, kasb etikasida burch asosiy mezoniy tushuncha hisoblanadi. Chunki, burch mohiyatan jamiyat, davlat va shahslarga nisbatan muayyan individdagi munosabat, ular oldidagi majburiyatdir. U vijdon, e’tiqod, mas’uliyat kabi tushunchalar bilan mustahkam bog’liq. Umuman, hayotda insonning har bir hatti-harakati zamirida burch tushunchasi - burchga sadoqat yoki xiyonat yotadi. Burchning insonlik burchi, musulmonlik burchi, nasroniylik burchi, fuqarolik burchi, otalik burchi, onalik burchi, farzandlik burchi singari keng qamrovli, barcha davrlar uchun umumiy bo’lgan tushunchalari ham, jurnalistlik burchi, shifokorlik burchi, olimlik burchi kabi kasbiy odob doirasidagi tushunchalari ham mavjud. Bu borada mashhur olim, akademik Andrey Saxarovning taqdirini olaylik. U buyuk nazariyotchi, fizik, termoyadro sohasida tengi yo’q mutaxassis, vodorod bombasining asosiy kashfiyotchisi, Vatan mudofaasini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun o’nlab orden va medallar sohibi. U o’zi yashagan davrda barcha unvon, lavozim, mansab va moddiy ne’matlarga erishdi. Biroq u hammasidan kechishga - ommaviy qirg’in qurollari, jumladan, o’zi yaratgan vodorod bombasi sinovlariga ochiq bayonotlar bilan qarshi chiqishga ahd qildi. Natijada qatag’onlarga asoslangan sho’rolar tuzumi uni ilmiy jamoatchilikdan ajratib, poytaxtdan olisdagi Rossiya shaharlaridan biriga badarg’a qildi, uning nomini matbuotda yoki kitoblarda qayd etilishini ta’qiqladi. Vaholanki, u hammadan izzatliroq yashay olishi mumkin edi. Saxarov yuksak axloq yo’lini tanladi - olimlik burchi, o’z kasbining odobi talablarini bajarishni har qanday boylik, izzat-ikromdan baland qo’ydi. Buyuk olim o’z kashfiyoti insonning eng oliy huquqi bo’lmish - yashash huquqiga rahna solishi mumkinligi va qisman solayotgani uchun uni amalda qo’llanilishiga qarshi kurashdi. U sho’rolar hukumati va mafkurachilari tomonidan o’zining Vatan mudofaasi quvvatini susaytirishga harakat qilgan salkam xiyonatkor fuqaro deb e’lon etilishiga, boshiga behisob tuhmatlar, ta’na- dashnomlar yog’dirilishiga sabot bilan chidadi, ahdidan qaytmadi, yovuzlik saltanati qo’lida o’z olimlik iste’dodining qo’g’irchoq bo’lishiga, harbiy muruvvatga aylanishiga yo’l qo’ymadi. Oxir-oqibatda u inson huquqlarining jahon tan olgan eng buyuk himoyachilaridan biri sifatida butun insoniyat tahsiniga sazovor bo’ldi. Bunday misollarni o’zbek xalqining munosib farzandlari misolida ham ko’plab keltirish mumkin. Etiket tushunchasining kelib chiqishi eramizdan avvalgi 2,5- ming yillikda Qadimgi Misrda paydo bo’lgan. Etiket (tiquette) atamasi esa XVII asrning oxirida vujudga kelgan. Ammo qadimgi manbalar etiket qoidalari ta’b, rasm-rusm hamda odatlar shaklida azaldan ibtidoiy davrdayoq, qabilalarda mavjud bo’lganligini asoslaydi. Bunday qoidalarni to’liq bajarmaslik o’zi yashayotgan jamoat yoki qabilaga xiyonat qilish bilan barobar bo’lgan. Avvalida bunday qoidalar nafaqat axloqiy, balki huquqiy, iqtisodiy, diniy hamda qon-qarindoshlik munosabatlarni ham qamrab olgan edi. Jamoatning har bir a’zosi unga so’zsiz bo’ysunar edi. Shu tariqa etiket bu davrda mustaqil qoidalariga ega bo’lmagan, asosan jamoatning ijtimoiy muammollariga bog’liq holda tatbiq etilgan. Ya’ni bu qoidalar tabiiy jamoatning talabi bilan vujudga kelgan. Bunday talablarning bajarilishi qabila yoki jamoatning kattalari tomonidan nazorat qilinar edi. Keyinchalik esa bu qoidalar mustaqil ravishda ajralib chiqib, faqatgina axloqiy me’yorlar darajasida ko’rila boshlandi. Qadimgi Sharqda, jumladan, Somir alqovlarida inson hatti-harakatlarini tartibga soluvchi yozma yodgorliklarida – giltaxtalarda o’z aksini topgan. Qadimgi Misrda esa bu tartib qoidalar qonunlar majmui sifatida emas, balki badiiy adabiyotlar orqali namoyon bo’lgan. Bunday qoidalar, ayniqsa Somirda ilohiylik bilan yo’g’rilgan. Ularni bajarmaslik Xudoning qahri bilan qaytarilishi ta’kidlangan. Qadimgi skandinaviya adabiy yodgorligi “Edda” eposida nafaqat dasturxon atrofida o’tirish qoidalari, balki hatto mezbon sharafiga tilak aytish me’yorlarini o’zida mujassam etganini asoslaydi. Bu kabi hatti-harakatlar me’yorlari jamiyat taraqqiyotining yo’nalishini belgilab berar edi – yashash tarzi, odamlar dunyoqarashi, jamiyatdagi darajalarni farqlardi. Bu esa keyinchalik turmush etiketi, balki siyosiy etiketni vujudga kelishiga sabab bo’ldi. U butun bir jamiyat bilan birga o’zaro davlatlarning tashqi munosabatlarini ham belgilar edi. Siyosiy etiketning vujudga kelishiga 1278 yilda Qadimgi Misr fir’avni hamda Xett qiroli Xattush III bilan kumushga bitilgan yozma kelishuv asos bo’la oladi. Garchi Misr bunda mag’lubiyatga uchragan bo’lsada, qirol uchun Misr kabi davlat bilan hamkorlik qo’l kelar edi. Shu tarzda kelishuvning imzolanishi diplomatik etiketning (siyosiy etiket) boshqa etiket turlaridan ancha avvalroq paydo bo’ldi, desak, adashmagan bo’lamiz. Zotan, davlatlararo munosabatlardagi qabullar qadimgi Misr uchun katta ahamiyat kasb etgan. Zero, bunday qablullar juda katta dabdaba va va haddan ziyod qoidalar va rusmlar bilan amalga oshirilar edi. Keyinchalik bunday qabullar boshqa davlatlarda ham amalga oshirila boshlandi. Qadimgi Yunonistonda esa elchilar maxsus “Germes nishonlari” deb nomlangan vakillik nishonlarini o’zlari bilan olib yurganlar. Elchilar xalqaro etiketning bilimdonlari sifatida, ushbu yurtda qabul qilingan siyosiy qonun- qoidalarni qay darajada bilishlari kelishuv bitimining taqdirini hal qilgan. Qadimgi Rimda esa siyosiy etiket yanada ustunlikka ega bo’lgan. Misol uchun, elchilar qabulining avvali ziyofatlar bilan boshlanib, tashrifni tugallanishida esa ikkiomonlama sovg’a hadya qilish bilan yakunlangan. Shu tarzda oqsuyaklarni oddiy fuqaro va ulardan pastroq darajada bo’lgan insonlarni farqlay bilish uchun alohida odamlarni o’zini a’lo jamoatda tutishning tartib qoidalari paydo bo’ldi. 1207 yilda ispaniyalik Petrous Alfonsi muallifligida ilk bor “O’zini tutish qoidalari” deb nomlangan kitob paydo bo’ldi. Albatta, bu izlanishlar qadimgi Turon hamda Eronzaminda bunday yodgorliklar bo’lmagan, degan fikrni bildirmaydi. Zotan, bunda pandnomalarning o’rni beqiyos. Ammo shuni aniqlash zarurki, milliy o’zligimizni anglash bilan bog’liq bu ilmiy atamalar juda ko’p chalkashtirilib tushunilishi yoki targ’ib qilinishi natijasida ko’pgina noaniqliklarni vujudga keltiradi. Aytaylik, axloq bilan xulq va odobni, odob bilan etiketni bir ma’noda tushunish hollari uchraydi. Aslida bu tushunchalar bir-biridan ham nazariy, ham amaliy, ham qo’llanish jihatidan farqlanadi. Qadimgi Sharqda, jumladan, Somir alqovlarida inson hatti harakatlarini tartibga soluvchi yozma yodgorliklarida – giltaxtalarda o’z aksini topgan. Qadimgi Misrda esa bu tartib-qoidalar qonunlar majmui sifatida emas, balki badiiy adabiyotlar orqali namoyon bo’lgan. Bunday qoidalar, ayniqsa Somirda ilohiylik bilan yo’g’rilgan. Ularni bajarmaslik Xudoning qahri bilan qaytarilishi ta’kidlangan. Qadimgi skandinaviya adabiy yodgorligi “Edda” eposida nafaqat dasturxon atrofida o’tirish qoidalari, balki hatto mezbon sharafiga tilak aytish me’yorlarini o’zida mujassam etganini asoslaydi. Bu kabi hatti-harakatlar me’yorlari jamiyat taraqqiyotining yo’nalishini belgilab berar edi – yashash tarzi, odamlar dunyoqarashi, jamiyatdagi darajalarni farqlardi. Bu esa keyinchalik turmush etiketi, balki siyosiy etiketni vujudga kelishiga sabab bo’ldi. U butun bir jamiyat bilan birga o’zaro davlatlarning tashqi munosabatlarini ham belgilar edi. Profesional etika beshta tamoyilga asoslanadi: 1. Yaxlitlilik. Siz barcha sohaning ishchan munosabatlarida sodiqlik va to’g’rilik xususiyatiga ega bo’lishingiz kerak 2. Ob’yektivlik. Ish jarayonida boshqalarga kasbiy va xizmat yuzasidan ob’yektiv bo’lish, hamkasblaringizning ishiga tahdidlar bo’lishi kerak emas. 3. Kasbiy kompetentlik va ish haqida qayg’urish. 4. Konfedetsiallik, ya’ni o’z kasbiy sohangizdagi ma’lumotlardan o’z manfaatlaringiz uchun foydalanish tavsiya etilmaydi. 5. Kasbiy xulq-atvor. Har qanday sohada o’z kasbingizga sodiq bo’lish darkor. Etiketga keladigan bo’lsak, odob qoidalari etiket qoidalaridan ustun hisoblangan. Zero, odob rasm-rusmlar – asosan tashqi ta’sirga emas, balki ichki jihatlarga – insoniylikni, xulq va axloqiylik uchun asos sifatida qaratilgan. Ya’ni etiket “muhimi qandayligi emas, balki boshqalar uchun qanday ko’rinishda” shiori ostida o’zini yo’qotib qo’ymaslik, aslzodalikning mavjudligini ko’rsatishga intilish va shu bilan jamoatchilikda ijobiy taassurot qoldirish bilan bog’liq bo’lgan. Odob insonlararo munosabatlarni axloqiylashtirish hamda uni axloqiy anglash orqali takomillashadigan tashqi va ichki go’zallik uyg’unligi sifatida namoyon bo’ladi. Shu ma’noda, “Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg’otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida burilish yasaydigan darajada muhim ahamiyatga ega bo’lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli hatti-harakatlarni o’z ichiga oladi”. Bundan tashqari, odob insonlarni ranjitmaslik, Jan Pol Sartr aytganidek, erkin jamiyatda erkin bo’lish, ya’ni boshqalarni erkini ta’minlashga, odamlarni axloqiylikka, ular orasida munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan. Ushbu atamalarning ilmiy asosiga murojaat qilsak, ularning mazmun-mohiyati yanada aniqroq namoyon bo’ladi. Shu ma’noda etiketbirinchidan, inson va jamiyat o’rtasida munosabatlarning qaysi axloqiy mezonlarga asoslanishini belgilasa, ikkinchidan, siyosat va ijtimoiy voqelikni bir–biri bilan “murosayu – madora” qilishga chaqiruvchi tarbiya vositasi sifatida namoyon bo’ladi. Garchi bu ikki soha insoniy munosabatlarini go’zallashtirishga qaratilgan bo’lsada, ularning rivojlanishi individual xarakterga ega. Chunonchi, insonlararo munosabatlarda Sharq e’tiborni odob va axloqqa qaratib, uni pandnomalar orqali rivojlantirgan bo’lsa, G’arbda esa etiket qoidalari diplomat munosabatlardagi hattiharakatlarga asoslanadi. Bu borada 1716 yilda Hamburgda nashr etilgan Montesning “Yuqori tabaqali insonlar va ayollar bilan qanday mulozamat qilish hamda ayollarning bizga nisbatan o’zini qanday tutishi haqidagi kitob” deb nomlangan kitob misol bo’ladi. Unda turli tantanali qabullarning etiket bilan bog’liq barcha murakkabliklari tasnif qilingan. O’rta asrlarga kelib etiket qoidalari cherkov talablari asosida belgilandi. Ruhoniylarning inson munosabatlarini boshqarishga bo’lgan intilishi boshqa sohalar kabi etiket qoidalari asosida munosabatlar tizimida turg’unlikni paydo qildi. Ammo yangi davrga kelib G’arbda etiket rivojlana boshladi. Yuqori tabaqali kishilarning moliyaviy imkoniyatlarini yo’naltirish, ularning jamoatda o’z o’rniga ega bo’lishiga doir etiketning qoidalari takomillashdi. Yigitlarning uylanishi va qizlarnnig turmushga chiqishi yoki moddiy imkoniyatlari kam yigitning o’z mavqeini tiklab olish uchun etiket juda katta ahamiyat kasb eta boshladi, hatto dasturxon atrofida o’zini tutish etiketi siyosiy darajaga ham yetdi. Biroq bu kabi munosabatlarda me’yorning buzilishi G’arb ziyolilarini g’ashini keltira boshladi. Sharqda esa bu masalalarning barchasi axloqiy mezonlar asosida rivojlantirildi. Misol uchun musulmon Sharqida taom tanovul qilish paytiga kelib qolgan mehmon mezbonni rad yetishi, Alloh bergan rizqdan voz kechish, o’zini Xudodan ustun deb hisoblash deb tushunilar edi. Ya’ni taom tanovul qilish ham ma’lum ma’noda o’ziga xos ibodat hisoblandi. Chunki inson kim ekanligini, hayotning mayda-chuyda tashvishlarini, muhimi asosiy maqsad – o’z-o’zini anglashni unutib qo’ymaslik, tanovul paytida unga rizq bergan Zotning yerdagi ajoyibotlari, borliq borasidagi mushohadaga chorlashi lozim edi. G’arbda esa, taomga taklif qilingan mehmon taklifni qabul qilishdan avval bashang va yuksak did bilan kiyingan bo’lishi shart edi. Agar mehmon taklifni qabul qilsayu, yuqoridagi qoidani unutsa, bu holat mezbonga nisbatan haqorat tarzida qabul qilinishi mumkin edi. Ya’ni, kiborli jamiyatga “arziydigan” inson bo’lishdan “toyilish” shu jamiyatga qarshi borish bilan barobar bo’lgan. Shuning uchun etiket qoidalarini buzuvchi mayda-chuyda jihatlar, arzimagan xatolar kechirilmas va kelajakka qattiq ta’sir qilar edi. Bu esa Evropaning yuksak darajadagi kiborli jamiyatida yashab kyetish oson emasligini va faqatgina a’lo insonlargina bu borada ijobiy natijalarga erishadilar, degan ma’noni anglatar edi. Bunday talablar keyinchalik bir qator olimlarni yillar davomida etiketga qarshi borish va uni deyarli yo’qqa chiqarishga intilishiga sabab bo’ladi. Zero, o’rta asrlarda cherkov aqidalari paydo qilgan turg’unlik bu paytga kelib sekin-asta o’z ta’sirini yo’qota boshlagan, ijtimoiy munosabatlar tizimida sharqning axloqiy qadriyatlariga asoslana boshlagan edi. Shuning uchun axloqiy tarbiya masalasini etiket qoidalaridan yuqori turishini nazariy jihatdan asoslashga harakat qilindi. Masalan, ruhiy tahlil falsafasi bu borada o’ziga xos yondoShuvni vujudga keltirdi. Bu borada Sigzmund Shhoma Froyd ta’limotiga ko’ra, bolalik davrini boshidan o’tkazgan inson o’zi yashab turgan jamiyatning axloqiy hamda estetik mezonlari bilan hisoblashishga majburdir. Mayllarning o’ziga xos kompensatsiyasi esa bolalikdan odamlarda xayol o’yiniga berilishni kuchaytiradi, keyinchalik ular xayolotga, kuchli ishtiyoqqa aylanadi. Bu masalalarni Froyd «Shoir va xayolot» va «Ruhiy tahlilga kirish. Ma’ruzalar» degan asarlarida izohlab beradi. Uning nazdida xayolot manbai onglanmaganlikda mavjud, onglanmaganlik – inson ruhi quvvatining makoni. Inson bolalikdanoq tashqi olam cheklovlari hamda jamiyat ta’qiqlari bilan hisoblashishga majbur bo’lar ekan, uning istaklari tufayli vujudga kelgan o’zaro ziddiyatlardan qutulish yo’li bu – xayolot va uning asosida vujudga keluvchi san’at. Xayolotning paydo bo’lishi nevroz va psixoz atalmish ruhiy kasallikka sharoit yaratadi, zero, u keyinchalik turli ruhiy kasalliklarga olib boruvchi onglanmaganlikni ongga kuchli ravishda yopirilishdan saqlaydi. Jamiyat inkor qiluvchi istakmayllarning Shahs «men»idan siqib chiqarilishi albatta, uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bu esa inson ixtiyor erkinligi, uning tanlovini hurmat qilishga, erkinlikni vasf qilishga olib keldi hamda etiket avvalgidek nufuzdagi hayot-mamot darajasidagi amal emas, balki jamiyatda Shunchaki xulq- atvorni to’g’ri yo’lga solishga intiladigan soha darajasiga tushdi. Etiketning mohiyatini tushuntirar ekan, faylasuf Abdulla Sher “Etiket – takallufning mayda-chuyda jihatlarigacha ishlab chiqilgan odob qoidalari sifatida ijobiy, kishining ko’zini quvontiradigan muomala hodisasi. Lekin ayni paytda, u asl axloqiy asosini yo’qotgan majburiy mulozamat tarzida ham namoyon bo’ladi: etiket qoidalarini bajarayotgan kishi aslida o’z xohish-ixtiyoriga qarshi ish ko’rayotgan bo’lishi ham mumkin”, - degan fikrni bildiradi. Axloq-odob qoidalar majmuiga, pandnomalarga ega bo’lgan Sharq kishisida “bizga etiketni o’rganishning nima zaruriyati bor”, degan savol tug’ilishi tabiiy. Bu borada etiketni fan sifatida o’rganish, qolaversa, ijtimoiy-maishiy turmush tarzi sog’lomlashtirishga yo’naltirilgan metodologik, axloqiy, iqtisodiy asoslar mavjud. Shuningdek, etiketning muhim ahamiyati shundaki, diplomatik, biznesmen, rasmiy qabullar va tashriflar kabi zamonaviy etiketlardan tashqari, milliy etiket ko’rinishlari ham mavjud. Ular milliy qadriyatlarni saqlab qolish, ularga nisbatan hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo’lishga chorlaydi. Bu o’ziga xos axloqiy- estetik xususiyat kasb etadi. Ya’ni, unda odob bilan go’zallikning uyg’unligini ko’rishimiz mumkin, qat’iy odob qonun-qoidalari chiroyli hatti-harakatlar vositasida amalga oshiriladi. Avvalo, etiket mumtoz etika fanining axloqiy madaniyat ruknidagi sohasi sifatida o’tib kelinadi. Ammo axloqiy tafakkur rivoji axloqiy muammolarning zamonaviy masalarini tadqiq qilishi natijasida kengaya boshladi. Bu holat natijasida etiketni etika fanining alohida qismi sifatida tadqiq etishni taqozo qilmoqda. Qolaversa, o’tgan asrning oxiriga kelib dunyo ijtimoiy-ma’naviy manzarasining o’zgarishi va axloqiy qadriyatlarga munosabatdagi “zamonaviylik” ba’zi axloqiy qadriyatlarni noto’g’ri tushunilishi yoki ularga mensimaslik bilan munosabatda bo’lish kabi salbiy holatlarni vujudga keltirmoqda. Ayniqsa, insonlararo muomala va muloqotdagi qo’pollikni – to’g’rilik, kibr va riyoni – qadr-qimmat, odobsizlikni – erkinlik, nomardlik, hiyla va haromni – uddaburonlik, kattalarga nisbatan hurmatsizlikni – mustaqil fikrga egalik, madaniyatsizlikni – dangallik deya qabul qilish achinarli holdir. Bundan tashqari, yuqoridagi salbiy holatlar har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish, iqtisodiy jihatdan barqarorlikka ega bo’lish, axloqiy munosabatlarni tartibga solish, o’z sohasining ustasi sifatida jahon mutaxassislari bilan bemalol raqobatlasha oladigan kadr bo’lib yetishish yo’lida olib boriladigan ishlarga ham monelik qiladi. Shuni ta’kidlash zarurki, axloqiy tafakkur etiketni o’z-o’zicha axloqiy anglashning muhim xususiyatlariga hamda axloqiy tamoyillar, me’yorlar, tushunchalarsiz qabul qilib uni ijtimoiy hayotga to’g’ridan-to’g’ri qo’llash bilan kutilgan natijani bermaydi. Chunki hozirgi zamon etiket mezonlari, qoidalari va talablari barcha ijtimoiy hayot sohalarni qamrab olmoqda. Bugungi etiket inson axloqiy munosabatlarini himoyalaydi. Biroq etiketning axloqiy talabi hisoblangan nazokat, takalluf, iltifotda samimiylik, ya’ni botiniy axloqning bo’lmasligi yoki sustligi amalga oshirilgan harakatlarni oqlamaydi. Shu ma’noda, bu yo’lda yuksak axloqiy bilim va dunyoqarashga ega bo’lmay turib, kutilgan natijaga erishish qiyin. Zero, ulug’lar aytganidek, “Vaqtiki ma’lum bo’ldi, har kishiga ul ilmni bilmak vojibdurkim, qilur amalida ul ilmga hojatmand bo’lg’ay. Bas, bilgilki, omi(lar) hamisha xatardadurlarkim, agar bir amalni qilmoqni xohish qilsalar, ul amal ilmini bilmagay...” Etiketning qoidalari – odobga, odob – xushxulqqa, xushhulq - axloqiylikka olib boradi. Binobarin, axloq – jamiyat, zamon, ba’zan umumbashariy ahamiyatga ega, insoniyat tarixi uchun namuna bo’la oladigan ijobiy hatti-harakatlar yig’indisi, insoniy kamolot darajasini belgilovchi ma’naviy hodisa sifatida nafaqat shahsni, balki butun bir jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois etiketni bugungi kunga kelib texnika asri kishisining zamon talablariga javob beradigan madaniy maishiy turmush tarzini go’zallashtirishga, o’zaro munosabatlar tizimini madaniylashtirishga xizmat qiluvchi fanning yangi tarmog’i deyish mumkin. A dabiyotlar: 1. Karimov I. A. Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch. - T., Ma’naviyat, 2008. 2. Abdulla Sher. Axloqshunoslik. Darslik. - T., O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2010. 3. Aliqulov H. Falsafiy meros va ma’naviy-axloqiy fikr rivoji. - T., Falsafa va huquq instituti, 2009. 4. Abu Homid Muhammad al-G’azzoliy. Kimiyoi saodat. Ruh haqiqati. - T., Adolat. 2005. 5. Komilov N. Komil inson haqida to’rt risola. - T., Ma’naviyat. 1997. 6. Husayn Voiz Koshifiy. Futuvvatnomai Sultoniy/N.Komilov tarjimasi. – T., A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994. – B. 69-70.