logo

O‘rta asrlarda Yevropa mamlakatlari davlati va huquqi Fransiya Germaniya va Buyuk Britaniya

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

114.5 KB
O‘rta asrlarda Yevropa mamlakatlari davlati va huquqi Fransiya Germaniya va Buyuk Britaniya Reja: 1. O‘rta asr G‘arbiy Yevropa davlatchiligiga umumiy tavsif 2. Franklar davlatida huquqning asosiy belgilari. 3. Tabaqa-vakillik monarxiyasi 4. O‘rta asrlarda Yevropa davlatlari huquqiy tizimining xususiyatlari 5. Germaniyada huquqning asosiy belgilari. O‘rta asr G‘arbiy Yevropa davlatchiligiga umumiy tavsif Yevropa davlatchiligining shakllanishini yerga egalik bilan bog‘liq holda o‘rganish maqsadga muvofiqdir. G‘arb mamlakatlarida yerning oliy egasi monarx (qirol, knaz, imperator) hisoblanib, boshqa feodallar undan xizmat evaziga yoki boshqa shartlar bilan yer olganlar. Ular esa bu yerni uchinchi bir shaxsga ma’lum shartlar evaziga berganlar. Yer bergan feodal «syuzeren», olgani esa «vassal» deb yuritilgan. Feodal ishlab chiqarish munosabatlarining taraqqiy etishi bilan davlatchilik ham rivojlangan. Yevropada bu jarayon quyidagi to‘rt bosqichda amalga oshgan: – ilk feodal monarxiyasi; – sen’orlik monarxiyasi (feodal tarqoqlik); – tabaqa vakillik monarxiyasi; – mutlaq monarxiya bosqichlari. Yevropa davlatlari bu bosqichlarni turlicha boshidan kechirdilar. Feodal jamiyati va uning siyosiy tashkilotlari tizimida mafkurani belgilovchi cherkov katta rol o‘ynagan. Diniy, fuqaroviy, oilaviy-maishiy ishlar bo‘yicha sud ishlarini ko‘rib chiqqan va jazoni tayinlab, uning ijrosini amalga oshirgan. X–XI asrlarga kelib shaharlar savdo va hunarmandchilik markazlariga aylanib, mustaqillikni qo‘lga kiritadi. Fuqarolarning erkinligi tan olinadi. Aholi, shuningdek hunarmandlar ittifoqlarga birlasha boshlaydi. XVI asrga kelib antifeodal inqiloblarning yaqinlashishi bilan davlat va huquq tizimining yangi demokratik tamoyillarini asoslovchi siyosiyhuquqiy ta’limotlar rivojlandi. Absalut monarxiya tuzumiga qarshi inqiloblar natijasida insoniyat Antik va uyg‘onish davrlari oralig‘idagi V–XVII asrlarni o‘z ichiga oluvchi o‘rta asrlardan chiqib, yangi davrga qadam qo‘yadi. Franklar davlati (V–IX asrning birinchi yarmi). Rim imperiyasining zaiflashuvi davriga kelib, yer tanqisligi sababli imperiyaning ittifoqchisi bo‘lgan varvarlar, ya’ni german jamiyatini tashkil etuvchi tobora o‘sib borayotgan ko‘p sonli german qabilalari uning hududiga ko‘chib o‘tadi. Bu ko‘chish IV asr oxiri va V asrlarni o‘z ichiga olib, «xalqlarning buyuk ko‘chishi» davri deb ataladi. Umuman olganda, bu davrda oldinroq Quyi, O‘rta va Yuqori Reyn, Yutlandiya yarim oroli, Elba bo‘ylari, Dunay va Qora Dengiz bo‘yi hududlarida yashovchi katta-katta varvar qabilalaridan ingliz-sakslar, franklar, allemanlar, langobardlar, vandallar, burgundlar, vestgotlar va ostgotlar ittifoqlarga birlasha boshlagan. Bundan ham ilgariroq gotlar ittifoqlarining har biri Dunay va Qora Dengiz bo‘yi hududida ko‘p qabilalik davlat tashkil qilgan edi. Ko‘chib kelgan german qabilalari V asr oxiriga kelib Rim imperiyasi hududiga, ya’ni vandallar Shimoliy Afrika, vestgotlar (g‘arbiy gotlar) Ispaniyaga, ostgotlar (sharqiy gotlar) Italiyaga, franklar Galliyaga, inglizlar bilan sakslar Britaniyaga joylashdilar. Ular shu joylarda o‘z davlatlarini tuzdilar. Rim imperiyasi hududida tuzilgan varvar qirolliklari orasida eng kattasi va kuchlisi Franklar qirolligi edi. Sali (dengiz) frank (erkin, jasur)lari ilgarigi davrda ham eng kuchli qabila hisoblangan. Franklar qirolligining asoschisi Merovinglar sulolasiga mansub qirol Xlodvig (481–511-y.) hisoblanadi. U frank qabilalarini birlashtirish va 486-yilda Galliya viloyatini (markazi Parij) egallashni amalga oshirgan 1 . Franklar VI asr davomida deyarli barcha german qabilalarini itoat ettirgan. VII asr boshlarida Xlodvig sulolasining ichki urushlari natijasida zaiflasha boshlaydi. VII–VIII asrlarda Merovinglar qirollari qo‘lida yerning ozgina qismi qoladi. Butun ma’muriy, sud va harbiy hokimiyat mahalliy magnatlar qo‘lida to‘planadi. Haqiqatda parchalanib ketgan franklar davlatining ayrim bo‘laklaridagi eng yuqori ma’muriy mansab mayordamlik bo‘lib qoladi. Mayordam nomi qirol 1 Izoh: Frank – atamasi dastlab Reynning o‘rta va quyi oqimlaridagi german qabilalarining umumiy nomi bo‘lgan. Franklar qirolligi sali franklari tomonidan tashkil topadi. saroyida eshikog‘asi, ya’ni saroy boshlig‘iga nisbatan aytilgan va barcha qaram davlatlar saroyida joriy qilingan. Bu davrga kelib davlat boshqaruvida mayordamlar – saroy boshqaruvchilari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Avstraziya mayordamlari – Pipinidlar (Karl Martell, 715–741-y.) mamlakatni inqirozdan olib chiqish, siyosiy jihatdan birlashtirishda, qirol hokimiyatini mustahkamlash kabi islohotlarni amalga oshiradi. Karl Martellning taxt vorisi Pipin III Pakana (741–768-y.) hokimiyatdan mahrum bo‘lgan Merovinglar sulolasini taxtdan tushiradi. Bu o‘zgarish Rim papasining yordami bilan amalga oshiriladi. 751-yilda Suasson shahrida frank zodagonlari yig‘ilishida Pipin frank qiroli deb e’lon qilinadi. Shu vaqtdan boshlab Karolinglar sulolasiga asos solinadi. Uning o‘g‘li Buyuk Karl (768–814-y.) davrida Franklar davlati imperiyaga aylanib, 800-yilda u imperator unvonini oladi. Sulala nomi aynan uning nomidan olinadi. Uning vafotidan so‘ng imperiya uzoq yashamaydi. Iqtisodiy asosning yo‘qligi va omillar sababli imperiya parchalanib ketadi. 843-yilgi Verden (saroy) shartnomasiga ko‘ra franklar davlati bo‘linib ketadi. Galliya (Fransiya), Bovariya va boshqa yerlar imperiyadan ajralib chiqdi. Oqibatda bu yerlar Germaniya va nihoyat Italiya davlatlari tarkibiga kirdi. Ushbu shartnomaga muvofiq, Buyuk Karlning uch nafar nevarasi, ya’ni Lyudovik o‘g‘illari mustaqil qirollarga aylanadi. Imperatorlik unvoni turli davrlarda turli avlodlarga o‘tib borib, X asr boshlariga kelib o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Lyudovikning katta o‘g‘li Lotarga Italiya, sharqda Reyn bilan g‘arbda Mass, Shelda, Sena va Rona daryolari o‘rtasidagi yerlar, Lyudovik Nemisga Reynning sharqidagi yerlar tegadi. Lotarga qarashli yerlarning g‘arbidagi yerlar Karl Yaltiroqboshga o‘tadi. Keyinroq, Lotar vafot etganidan so‘ng yerlar qaytadan bo‘linadi. Reyn bo‘yidagi yerlarning barchasini Lyudovik bilan Karl o‘zaro bo‘lishib oladi. Lotarning avlodlari esa Italiyadagi yerlarnigina o‘z qo‘lida saqlab qoladi. Dastlab Lotarga qarashli bo‘lgan Burgundiya mustaqil qirollik bo‘lib ajralib chiqadi. Shu tariqa Franklar davlati o‘z umrini o‘tab bo‘ladi. Mazkur taqsimot Yevropada keyinchalik vujudga kelgan uchta katta davlat – Fransiya, Germaniya va Italiyaning tashkil topishini umumiy bir tarzda belgilab berdi. Franklar davlati boshqarish shakli bo‘yicha ilk feodal monarxiyasi edi. Ibtidoiy jamoa tuzumidan feodal jamiyatga o‘tish yo‘li bilan vujudga kelgan. Unda eski jamoa tashkilotlarining muhim qoldiqlari, qabilaviy demokratiya muassasalari saqlanib qolgan edi. Merovinglardan so‘ng Karolinglar sulolasi davriga to‘g‘ri keluvchi ikkinchi bosqichda frank jamiyatining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan tiklanishi yuz beradi. Buning natijasida asta-sekin sen’orlik monarxiyasi shaklidagi feodal davlat shakllandi. Bu davrda feodal yer egaligi, feodallar va qaram dehqonlar sinfining tashkil topishi tugallanadi. Franklar davlatida boshqaruv asosan saroy mansabdorlari va kengashi orqali amalga oshirilgan. Franklar davlatida huquqning asosiy belgilari. G‘arbiy Yevropa mamlakatlari davlatlarining rivojlanishi bilan birga ularning huquqiy tizimlari ham rivojlanib bordi. Feodal tarqoqlik davrida huquq «partikulyarizmi», ya’ni butun mamlakat uchun yagona huquqning yo‘qligi bartaraf etilishi, ayniqsa tabaqa- vakillik monarxiyasi davridan boshlab jadallashdi. G‘arbiy Yevropaning qit’a qismi mamlakatlarida huquq shakllarining o‘zaro yaqinlashuvi yuz beradi. Angliya feodal huquqi alohida rivojlanib boradi. Shu tariqa G‘arbiy Yevropa huquqi ikki qismga, ya’ni ingliz-sakson huquqi va qit’a huquqiga ajraladi. Huquq manbalari varvarlar haqiqatlaridan iborat bo‘lib, ular odat huquqini o‘zida mujassam etgan. Ayrimlari rim huquqi bilan aralashgan. Ular «sali», «ripuar», «alleman», «bavar», «sakson», «tyuring» haqiqatlariga bo‘lingan. V asr va IX asr boshlarida vujudga kelgan. Bundan tashqari, huquq manbalari qatoriga dastlabki qonun hujjatlari sifatida qaraluvchi qirollar edikti (qonunlar to‘plami), farmonlari (bonni), farmoyish- qonunlari (kapitulyariy)ni kiritish lozim. Shuningdek, qirolning immunitet yorliqlari, qoida yorliqlari, odat huquqi va cherkov huquqini ham kiritish maqsadga muvofiqdir. Huquq manbalari u yoki bu masalani tartibga solish bo‘yicha ajratilmagan bo‘lib, unda ko‘pgina masalalarga oid qoidalar o‘z aksini topgan. Chunonchi, franklar qirolliklarida huquqiy tartibga solish o‘zaro farq qiladi. Huquqiy tartibga solishda mulkiy munosabatlar, majburiyatlar, nikoh va oila, meros hamda jinoyat va jazo sohalariga alohida yondashish uchraydi. Jinoyat va jazo masalalarida jinoyatchi va jabrlanuvchining ijtimoiy ahvoli inobatga olingan. Og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lib, ordaliya instituti amal qilgan. Jarima jazo ham qo‘llanilgan. Fransiya davlati (IX asrning o‘rtasi – XVIII asr oxiri). Verden shartnomasi asosida tashkil topgan davlatlar ichida eng yaxliti «g‘arbiy franklar» davlati bo‘lib, u keyinchalik tashkil topgan Fransiyaning asosi bo‘ldi. G‘arbiy franklar davlati aholisining asosiy ommasi endi tashkil topayotgan fransuz xalqidan iborat bo‘lib, alohida shimoliy roman tilida ilk fransuz tilida gaplashgan. Poytaxti Parij shahri bo‘lib, X–XI asrlarda davlat Fransiya deb atala boshlangan. O‘rta asrlar Fransiya davlati va huquqi tarixini quyidagi davrlarga bo‘lish mumkin: – sen’orlik monarxiyasi davri – IX–XIII asrlar; – tabaqa-vakillik monarxiyasi davri – XIV–XV asrlar; – mutloq monarxiya davri – XVI–XVIII asrlar. Ushbu har bir bosqichning ijtimoiy va siyosiy tuzumida o‘ziga xos o‘zgarishlarning uchrashi ularni alohida o‘rganishni talab qiladi. So‘nggi bosqichda feodal tuzumning inqirozi 1789-yilgi inqilobga olib keladi. Ushbu inqilob natijasida Fransiyada absolutizm va eski siyosiy tartib batamom barham topadi. Sen’orlik monarxiyasi (IX–XIII asrlar). Davlatda Karolinglar X asrning oxirigacha hokimiyatni o‘z qo‘llarida saqlab keladi. Dastlabki davrlarda birinchi fransuz qiroli Karlning hokimiyati zodagonlar tomonidan cheklangan. Ilk davrlardayoq davlat xilma-xil mustaqil yerlar – sen’orliklardan iborat bo‘lib, nomiga yagona davlat bo‘lgan. Bu davrda hokimiyat qirol va feodallar o‘rtasida taqsimlangan. Erkin dehqonlar yer egaligi tugatilgan. Bu davrda siyosiy tarqoqlik hukm surgan. Feodal titul va unvonlar meros tariqasida o‘tgan. IX–X asrlarda dunyoviy va diniy feodallarning yuqori qismi tomonidan saylangan. 987-yilda Gugo Kapetning saylanishi bilan Kapetinglar sulolasiga asos solinadi va XII asrdan taxt meros tariqasida o‘tgan. XII asrga kelib qirol ahamiyatining kuchayishi natijasida barcha vassallar qirol vassalliga aylantiriladi (immediatizatsiya). Qirolning yirik feodallarning katta kengashi roziligi bilan qonun hujjatlari (etablissement) chiqarish amaliyoti tiklanadi. XIII asrda qirol Lyudovik IX tomonidan o‘tkazilgan islohotlar natijasida qirol barcha feodallarning syuzereniga aylanadi. Markaziy boshqaruv organlari mamlakat tarqoqligi sababli aniq o‘rnatilmagan. Qirol saroyi xizmatchilari (vazirlar) orqali davlat boshqaruvi ta’minlangan. Saroyda senashel (qirol saroyining boshlig‘i, armiya qo‘mondoni, davlat xizmatlarini imzolovchi) eng katta ahamiyatga ega bo‘lib, keyinchalik u tugatiladi. Seneshaldan keyin Konnetabl – qirol otliq askarlarining boshlig‘i turgan. Uning yordamchisi marshal XIII asrdan boshlab qirollik admirali hisoblangan. Qirol xazinachisi xazina va davlat arxiviga boshchilik qilgan, uning vakolatlari XIII asrda qisqartiriladi. Unga kamerger yordam bergan. Qirollik devonxonasiga kansler rahbarlik qilib, davlat ishlariga ta’siri katta bo‘lgan. U qirol hujjatlarini tahrirdan o‘tkazib, qirolga imzo uchun taqdim etgan va muhr qo‘ygan. Oliy boshqaruv organi sifatida qirol kuriyasi faoliyat ko‘rsatgan. U dastlab qirol vassallaridan iborat bo‘lib, maslahat xarakteriga ham ega bo‘lgan. Unda siyosiy, moliyaviy, sud, harbiy va diniy ishlar muhokama qilingan. Uning majlislarida qudratli vassallar ishtirok etmagan. Mahalliy boshqaruvda lavozimlar saroydan tayinlangan. Odatda, davlat amaldorlari joylarda turli xil ma’muriy, harbiy, sud va moliyaviy ishlarni boshqarishgan. XI asrda prevotlik (maxsus okrug)ka boshchilik qiluvchi prevo, uning qishloqlardagi yordamchilari serjantlar, shaharlar mayorlar tomonidan idora etilgan. Prevo xazinaga soliq yig‘ish, qo‘shin tuzish, boshqaruv va sud ishlarini hal etish bilan shug‘ullangan. Filipp II Avgust davrida (1180–1223-y.) ko‘p yerlar qo‘shib olinishi natijasida ma’muriy islohot o‘tkaziladi. Barcha mulklar balya tomonidan boshqariladigan yirik hududga ega va o‘suvchi balyajlarga bo‘lingan. Janubda va chegara hududlarga balyalar o‘rniga senashallar tayinlangan. Prevo ustidan balya nazorat etgan. Prevo, balya va seneshallar sud, soliq, harbiy va ijroiya ishlariga boshchilik qilishgan, nazorat va kuzatuvni yuritishgan. Sud ishlari har bir toifaga nisbatan alohida olib borilgan. U ma’muriyatdan ajratilmagan. Lyudovik IX tomonidan harbiy, ma’muriy, sud va moliya islohotlari o‘tkazilishi natijasida qator o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Jumladan, shahar militsiyasi va yollanma qo‘shin tashkil etiladi. Qirollik kuriyasi (kengashi) markaziy muassasaga aylanib, bir qancha boshqarmalarga bo‘linadi. Undan oliy mansabdor shaxslardan iborat va doimiy ish yurituvchi tor doiradagi kengash ajralib chiqadi. Sud ishlarini yurgizuvchi boshqa qism (parlament) hamda qirollik daromad va xarajatlari ustidan qaraydigan alohida hisoblash palatasi ham kuriyadan ajralib chiqadi. Ular orasida sud islohoti keyingi davr taraqqiyoti uchun ijobiy sharoit yaratadi. Bu davrda feodallardan olinadigan to‘lov va cherkov in’omlari hisobiga qirollik budjeti juda o‘sadi. Shuningdek, mamlakatning siyosiy jihatdan markazlashuvi xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini taraqqiy etishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunday qilib, XIII asrda Fransiya ijtimoiy va davlat tuzumida yuz bergan o‘zgarishlar tabaqa vakillik monarxiyasining kelib chiqishi uchun zamin tayyorlaydi. Tabaqa-vakillik monarxiyasi (XIV–XV asrlar). XIV asrning boshida feodal davlatning yangi tabaqa-vakillik monarxiyasi shakli o‘rnatiladi. Qirol hokimiyatining kuchayishi natijasida butun aholi ruhoniylar, dunyoviy zodagonlar (dvoryanlar) hamda ozod kishilardan iborat tabaqalarga ajratiladi. Bu davrda davlat boshqaruvi qirol, har uchta tabaqa vakillaridan iborat general shtatlar va provinsiyalar shtatlari tomonidan amalga oshirilgan. Qirol o‘z hokimiyatini amalga oshirishda general shtatlarga tayangan. General-shtatlarda har bir tabaqa alohida tartibda ham yig‘ilgan. Uning deputatlari hududiylik belgisi bo‘yicha saylangan. Provinsial shtatlar uchta tabaqa vakillarining muassasasi sifatida vujudga kelgan. Umuman olganda, tabaqa-vakillik monarxiyasi davrida siyosiy hokimiyat qirol qo‘lida to‘planadi. Boshqaruvning markaziy organlari boshqadan jiddiy tashkil etilmagan. Qirol saroyida qiroldan keyin kansler turgan. Uning vakolatlari kengayib, sud mansablariga tayinlash va qirol yo‘qligida qirol kengashiga boshchilik qilishni amalga oshirgan. Saroyda katta va kichik (yashirin) kengash faoliyat ko‘rsatgan. Katta kengashga oliy dunyoviy va diniy zodagonlar kirgan. Qirol hokimiyatining mustahkamlanishi bilan uning ahamiyati pasayib borgan. Hisob palatasining mavqei esa oshib, qirolga moliya masalalari bo‘yicha maslahatlar bergan. Shuningdek, balyalardan keladigan daromadlarni tekshirgan. Negaki, bu davrlarga davlat barqarorligining tayanchi soliq bo‘lgan. Qirol apparatida aniq funksiyaga ega bo‘lmagan kotiblik kabi yangi kichik mansablar paydo bo‘lgan. Mahalliy boshqaruv tizimida balyalar tayinlaydigan leytenantlarga sud funksiyasi o‘tkaziladi. Keyinchalik ular qirol tomonidan lavozim tayinlanadigan bo‘lib, balyalar oraliqdagi lavozimlarga aylanadi. Mahalliy boshqaruvni markazlashtirish maqsadida gubernatorlik mansabi joriy etiladi. Ular balyajlarga tayinlanib, balyalarni almashtirganlar va keng vakolatlar, jumladan, yangi qal’alar qurishni taqiqlash, xususiy urushlarga yo‘l qo‘ymaslik singari huquqlarga ega bo‘lib olganlar. Shahzodalar va taniqli dvoryanlardan tayinlanuvchi general-leytenant mansablari ta’sis etiladi. Dastlab ularning vakolat doirasi va muddati qisqa bo‘lib, keyinchalik ular bir necha mahalliy okrug (balyaj, XV asr oxiridan provinsiya)ni idora etganlar. Ularning asosiy funksiyasi avvalo soliq yig‘ish va ma’muriy funksiyalar hisoblanadi. Shaharlar boshqaruvida qirol hokimiyati ta’siri ostida o‘zini o‘zi boshqarish tizimi amal qilgan. Harbiy sohada 1445-yil Karl VII tomonidan doimiy armiya tuzilib, qirollik hududi bo‘yicha gornizonlarga joylashtiriladi. Sud tizimida ishlarini yuritish tartibini bir xillashtirish siyosati o‘tkazilgan. Sud faoliyati qirol ma’muriyati nazoratida bo‘ladi. Sud ishlari qirol tomonidan tayinlanuvchi prevo, dastlab balya va so‘ng leytenantlar tomonidan olib borilgan. Bu davrga kelib XIII asrda tashkil topgan Parij parlamenti feodal zodagonlarning ishlari bo‘yicha oliy sud, barcha ishlar bo‘yicha apelyatsion instansiya bo‘lib qolgan. Bundan tashqari, parlament qirollik qonun hujjatlarini, quyi sudlar va boshqa shahar parlamentlari qarorlarini ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini amalga oshiradi. Mutlaq monarxiya (XVI–XVIII asrlar). XVI asr boshlariga kelib tabaqaviy tuzum mamlakatning ijtimoiy taraqqiyoti va kapitalizm rivojiga qarshi bo‘lib qoladi. Bu vaqtda cherkov hokimiyati ustidan qirolning to‘la hokimiyati o‘rnatiladi. Dunyoviy va diniy zodagonlar o‘rtasida mustahkam siyosiy aloqalar vujudga keladi 2 . Davlat boshqaruvi lavozimlariga ruhoniylar ham tayinlana boshlaydi. XVI–XVIII asrlarda aholining eng ko‘p qismini uchinchi tabaqa tashkil etgan. 1 va 2-tabaqa vakillari 3-tabaqaning siyosiy siquvi o‘sishi natijasida imtiyozlarini saqlab qolish maqsadida markazlashgan davlatni vujudga keltirishdan manfaatdor edilar. Kapitalistik uklad rivojlanishining va feodalizm yemirilishi boshlanishining muqarrar natijasi absolutizmning qaror topishi bo‘ldi. Absolut monarxiya davrida oliy hokimiyat qirolga tegishli bo‘lib, hech qanday davlat organi bilan taqsimlanmagan. Monarxiya ilohiy, qirol hokimiyati esa muqaddas, deb e’lon qilinadi. Keyingi davrlarda to 1789-yilgacha general shtatlar chaqirilmaydi. Ba’zi vaqtlardagina qonunchilik va moliya masalalari bo‘yicha qirol notabllar (feodal 2 Izoh: Davlat yerlarining 1/5 qismi ruhoniylar, 4/5 qismi qirol boshliq zodagonlar ixtiyorida bo‘lgan. asilzodalar)ni yig‘ib turgan. Parlament dastlabki davrlarda qirol hokimiyatiga qarshi turganligi bois, 1673-yilda qirol qonunlariga protest keltirish va rad etish huquqidan mahrum bo‘ladi. Markaziy boshqaruv organlari kengayishi ularning murakkablashishiga olib kelgan. Ular tez-tez o‘zgartirilib turilgan. XVI asrda davlat kotiblari nomli mansabdor shaxslar paydo bo‘ladi. Ular qirolning sof, shaxsiy yordamchilari hisoblangan. Ulardan biri qirol voyaga yetmagan paytlarda birinchi vazir funksiyasini bajargan. Keyinchalik ularning roli oshib, boshqaruvning alohida sohalari (tashqi, harbiy, dengiz, ichki ishlar va mustamlakalar) topshiriladi. XVIII asrda ularning o‘rinbosarlari lavozimi ta’sis etilib, huzurida katta mahkama tashkil qilinadi. Kansler davlat boshqaruvida ilgarigi mavqeini saqlab, davlat boshqaruvida qiroldan keyingi ikkinchi shaxs bo‘lib olgan. Markaziy boshqaruvda moliya superintendanti, so‘ngra bosh moliya nazoratchisi katta rol o‘ynaydi. U budjet va iqtisodiy siyosatga rahbarlik qilish, ma’muriyat faoliyatining nazorati, qonunlarni tuzish ishlarini tashkillashtirish kabi vazifalarni amalga oshirgan. Vaqt o‘tishi bilan uning huzurida turli xizmat va mahkamalardan iborat katta apparat paydo bo‘ladi. Qirol huzuridagi maslahatchilik kengashlar tizimi isloh qilingan. Yuqori va maxsus mansabdor shaxslardan iborat Katta kengash eng muhim davlat masalalarini hal etgan. Tashqi siyosat masalalari bo‘yicha tor doirada Yuqori kengash chaqirilgan. Depesh kengashi ichki boshqaruv masalalarini muhokamadan o‘tkazib, ma’muriyat faoliyatiga oid qarorlar qabul qilgan. Moliya masalalari bo‘yicha kengash davlatning moliya siyosatini ishlab chiqib, xazinaga kelib tushuvchi yangi mablag‘larni izlagan. Joylardagi boshqaruv o‘ta murakkabligi va chalkashligi bilan ajralib turadi. Ba’zi mansablar bu davrda saqlanib qolgan, lekin roli pasaygan. Joylarda ko‘p sonli ixtisoslashgan xizmatlar – sud boshqarmasi, moliya boshqarmasi, yo‘llarni nazorat qiluvchi boshqarma va hokazolar paydo bo‘ladi. Ularning hududiy chegaralari va funksiyalari aniq o‘rnatilmagan. Mahalliy boshqaruv joylarda gubernatorlar tomonidan yuritilgan vaqtlarda ularning faoliyati qirol komissarlari tomonidan tekshirib turilgan. XVI asrning ikkinchi yarmida ularga intendantlik unvoni beriladi. Shu vaqtdan e’tiboran ular mahalliy hokimiyat egalariga aylanadi. Keyinchalik ular o‘z hududida ijro, nazorat va sud hokimiyati boshqarganlar. Shaharlar dastlab saylanuvchi merlar va munitsipal maslahatchilar tomonidan boshqarilgan. Keyinchalik ular o‘rniga qirol amaldorlari tayinlangan. Qishloq joylari dehqonlar jamoasi va jamoa kengashlari tomonidan amalga oshirilgan. Qirollik sudlari tizimi juda chalkash bo‘lgan. Quyi sudlar tugatilib, balyajlardagi sudlar saqlanib qolgan. Parij parlamenti va boshqa shaharlardagi parlamentlar ilgarigidek muhim rol o‘ynagan. Absolutizm davrida keng tarmoqli politsiya xizmati tashkil etiladi. Provinsiyalarda, shaharlarda, yirik yo‘llarda va boshqa joylarda politsiya organlari tuziladi. 1667-yilda politsiya general-leytenanti lavozimi ta’sis etilib, unga butun qirollik miqyosida tartibni saqlash majburiyati yuklangan. Uning ixtiyorida ixtisoslashgan politsiya bo‘limlari, otliq politsiya gvardiyasi, dastlabki tergovni olib boradigan sud politsiyasi mavjud edi. U siyosiy politsiyaga ham boshchilik qilgan. Politsiya funksiyasiga tartibni saqlash, jinoyatchilarni qidirib topish va axloqni nazorat qilish (tadbirlar vaqtida, binolarda) kirgan. Siyosiy politsiya yashirin qidiruv va nazoratning keng tarmoqli tizimidan iborat edi. Germaniya davlati (IX asrning o‘rtasi – XVIII asr). Germaniya davlati Verden taqsimotiga muvofiq Lyudovik Nemisga o‘tgan «Sharqiy Frank yerlari»da tashkil topgan. Bu vaqtlarda mamlakat bir necha qabilaviy knazliklar yerlaridan iborat bo‘lgan. Yirik hududiy birliklar gersogliklar bo‘lgan. Shuningdek, tez orada qator fransuz, italyan va slavyan yerlari ham Germaniyaga qo‘shib olingan. Mazkur hududlarda shu tariqa yagona Germaniya qirolligi tashkil topgan. Qirollik dastlabki davrlarda Sharqiy Franklar qirolligi, X asr o‘rtalarida Tevtonlar davlati, XI asr o‘rtalarida esa Germaniya deb yuritila boshlandi. O‘rta asrlarda Germaniya davlatining tashkil topishi va rivojlanishida quyidagi bosqichlarni ajratib ko‘rsatish mumkin: – ilk feodal monarxiyasi (X–XIII asrlar); – kurfyuristlar oligarxiyasi hamda tabaqa-vakillik monarxiyasi davri (XIV–XVII asrlar); – german qirolliklari absolutizm (knazlik absolutizmi) davri (XVII– XVIII asrlar). Ilk feodal monarxiyasi. «German millatining muqaddas Rim imperiyasi» (X–XIII asrlar) . X asrlarda Germaniya bir necha mustaqil davlat (viloyat)lardan iborat bo‘lib, qirol hokimiyati rasmiy jihatdan tan olingan. XII asrdan e’tiboran siyosiy tarqoqlik hukm surgan. Dastlabki davrlarda qirol odat huquqi asosida saylangan. Otton I davriga kelib (936–973-y.) hokimiyat meros tariqasida o‘tgan. U German imperatorlarining siyosiy markazi bo‘lgan Italiya ustidan 951–962yillarda o‘z ta’sirini o‘rnatadi. Natijada imperatorlik tojini olib, Rim imperatori deb e’lon qilinadi. Yangi imperiyaga «Muqaddas Rim imperiyasi» nomi beriladi. XII asrga kelib, «German millatining muqaddas Rim imperiyasi» deb ataladigan bo‘ladi va bu nom 1806yilgacha saqlanib qoladi. Davlat tepasida rasman imperator va papa turgan bo‘lib, butun hokimiyat imperator qo‘lida to‘plangan. Ijtimoiy tuzum diniy va dunyoviy zodagonlar, harbiy-ritsarlar, dehqonlar va shaharliklardan iborat edi. Davlat tuzumida ilk markazlashtirish siyosati natijasida ilk feodal monarxiyasi tashkil topadi. Oliy davlat hokimiyati qirol saroyidan amalga oshirilgan. Markaziy hukumat apparatini saroydagi qirol oila a’zolari, ularning xizmatchilari, vazirlari va erkin xizmatchilari tashkil etgan. Saroy amaldorlari orasida kansler asosiy mansabdor shaxs bo‘lib, deyarli barcha boshqaruv ishlarini yuritgan. Saroybon (mayordam) saroy ishlarini yuritgan. Shuningdek, saroy dasturxonchisi, kamerariy, marshal, kapellan va boshqalar ham ajralib turgan. Mamlakatda xizmatchilar tabaqasi vazirlardan iborat bo‘lib, hukumat ishlarini yuritishgan. Asta-sekin ular saroy amaldorlarini ikkinchi o‘ringa surib chiqarishgan. Mamlakat boshqaruvida feodallar syezdlari juda katta rol o‘ynagan. Unda ichki va tashqi siyosiy masalalar hal qilingan. U mustaqil organ sifatida qirol vakolatlarini belgilash, uni hokimiyatdan chetlatish, qonunlar chiqarish, oliy mansabdor shaxslarni tayinlash va boshqa faoliyatni amalga oshirgan. Unda asosiy hal qiluvchi kuch eng yirik feodallar-knazlar bo‘lgan. Qirol huzurida yirik zodagonlar vakilidan iborat qirollik kengashi – goftag tashkil etilgan. U bilan birgalikda ancha muhim davlat ishlari hal qilingan. Mahalliy boshqaruv uzoq vaqtgacha qabilaviy gersogliklar bo‘yicha amalga oshirilgan. Keyinchalik ular deyarli mustaqil hududiy knazliklarga bo‘lingan. Qo‘shinning bosh qo‘mondoni imperator bo‘lib, feodallar qo‘mondonligida turgan. Qo‘shin imperiya armiyasi va knazliklar qo‘shinlariga ajralgan. Ayrim hollarda xalq lashkari ham chaqirib turilgan. Sud tizimi korolinglar monarxiyasidan meros qilib olingan. Imperator oliy sudya hisoblangan. Keyingi davrlarda dunyoviy va diniy knazlarning hududiy sud hokimiyati kengayib, sud tizimi murakkablashgan va ko‘p bosqichli xarakter kasb etgan. Kurfyuristlar oligarxiyasi hamda tabaqa-vakillik monarxiyasi davri (XIV– XVII asrlar). XIII–XV asrlarda Germaniya siyosiy tuzumi tarqoq va imperator hokimiyati zaif bo‘ladi. Imperatorning harbiy ta’minotchilari bo‘lgan feodal knazliklar deyarli mustaqil bo‘lib, bo‘linib ketadi. XIII asr oxirlarida mamlakat knazlar (3 ruhoniy va 4 ta dunyoviy) tomonidan idora qilinadi. Ular kurfyuristlar (saylovchilar) deb atalib, imperatorni saylash va taxtdan chetlatish huquqiga ega bo‘lishgan. Kurfyuristlar syezdi har yili chaqirilgan. Ular umumimperiya sudi va daxlsizlik huquqiga ega edi. Shuningdek, dastlabki davrlardayoq imperator saylashda unga maxsus shartlar (saylov kapitulatsiyasi)ni qo‘ya boshlaganlar. Bu davrda oliy boshqaruv tizimida imperatordan tashqari yana ikkita imperiya muassasasi, ya’ni reyxstag va reyxskamergirixt bo‘lgan. Biroq ular ham imperiya birligini ta’minlay olmagan. Ilgarigi davrdagi hududiy va asosan toifa vakillarining feodal syezdlari endi reyxstag deb atala boshlanadi. U XIV asrdan doimiy tuziladigan organga aylanib, imperiya saymi deb ham yuritilgan. Uning tarkibidagi uch toifaning kollegiyalari (kuriyalar) alohida va umumiy yig‘ilishlar o‘tkazib turgan. Reyxstag har olti oyda kurfyuristlar kuzatuvi ostida imperator tomonidan chaqirilgan. Reyxstag tashqi aloqalarni hamda ichki tinchlikni, harbiy sohani, soliq va hududiy tuzilish masalalarini ko‘rib, qaror chiqargan. Qirol farmonlarini tasdiqlagan. Reyxskamergirixt umumimperiya sudi hisoblanib, 1495-yilda reyxstag qarori asosida tashkil etiladi. Imperator hech qanday real hokimiyatga ega bo‘lmagan. U knazlar konfedratsiyasi boshlig‘i bo‘lib qolavergan. XVI asr o‘rtalarigacha imperatorlarning siyosiy hokimiyatni o‘rnatish, umumimperiya qo‘shini va soliqlarini joriy etish, ma’muriy apparat tuzishga qaratilgan harakatlari samarasiz bo‘lib chiqqan. Imperiya tarkibidagi davlatlarda tabaqa-vakillik organlari – landtaglar vujudga kelgan. Ular knazliklarda knazlarning hokimiyatini qisman cheklagan. Ular asosan 2 yoki 3 palatadan iborat bo‘lgan. Palatalarga ruhoniylar, dvoryanlar hamda erkin dehqonlarning saylangan vakillari kirgan. Landtaglarning vakolat doirasi juda keng bo‘lgan. Jumladan, maxsus sudlar tuzilgunga qadar knazliklarning oliy sudlari hisoblangan. Keyin esa appelyatsion instansiya bo‘lib qolgan. Davlat boshqaruviga ham aralashganlar. Xususan, knazlik kengashlari tarkibini tuzish va yuqori amaldorlarni tayinlashga ta’sir ko‘rsatgan. Landtaglarning vakolatiga hukmron sulolalarda uzilish bo‘lib qolgan hollarda davlat boshlig‘ini saylash, tashqi siyosatda urush e’lon qilish, moliya-soliq ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda diniy, politsiya (pul sifati, o‘rmon qo‘riqlovi) va harbiy ishlarni amalga oshirishlar ham kirgan. Germaniyada tabaqa-vakillik monarxiyasi butun imperiya miqyosida emas, balki alohida knazliklar doirasida rivojlangan. Mahalliy boshqaruvda shaharlar boshqaruvi alohida ahamiyat kasb etgan. Ularda asosan o‘zini o‘zi boshqarish tizimi shakllangan. Bu holatni o‘rta asrlar Yevropa davlatchiligining barcha davrlarida ko‘rish mumkin. Sud tizimida feodal sudlar (feodalning o‘z dehqoni va hududida), cherkov sudlari (ruhoniy, ayrim dunyoviy kishilar va ma’lum darajadagi ishlarga – nikoh, diniy vasiyat va h.k.) mavjud bo‘lgan. Bundan tashqari, shahar sudlari ham faoliyat olib borgan. Ularning tarkibiy tuzilishi va shakllantirilishi turlicha bo‘lgan. Knazliklarda oliy sud, okrug sudi (okrug boshqaruvchisi – amtman) va quyi sudlar tashkil etilgan. German qirollik (knaz)lari absolutizmi davri (XVII–XVIII asrlar). XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmi Germaniyaning iqtisodiy yuksalish davri bo‘ldi. Biroq iqtisodiy taraqqiyot juda notekis kechgan. Bu vaqtda Fransiya va Angliyada savdo va sanoatning rivojlanishi mamlakatning markazlashuviga olib keldi. Germaniyada esa bu jarayon alohida knazliklar doirasida yuz berishi natijasida siyosiy tarqoqlik yanada mustahkamlandi. XVII asrda absolutizm har bir german davlatida o‘rnatilgan edi. Bu esa mamlakatning iqtisodiy va siyosiy tarqoqligini mustahkamladi. Fransiya va Angliyadagi absolutizm davlat birligini ta’minladi. Germaniyada diniy shakldagi ijtimoiy-siyosiy harakatlar oqibatida bir mazhabdagi shimol (protestont) va janub (katolik) qismlariga bo‘linish yuz beradi. Ko‘zlangan maqsadlar cherkov hokimiyatini cheklash, feodalizmni tugatish va mamlakatni birlashtirishga qaratilgan edi. Ushbu jarayonda knazlarning hokimiyati ancha kuchayadi. Negaki, yuqori tabaqalar quyi tabaqalardan himoyalanish uchun uning madadiga muhtoj bo‘ladi. XVII asr o‘rtalarida imperator va shimoliy knazliklar bilan tuzilgan Vestfaliya sulhi imzolanishi natijasida knazlarning oliy huquqlari tan olinadi. Ular ichki va tashqi mustaqillikka ega bo‘ladilar. XVII–XVIII asrlarda davlat tuzumi deyarli o‘zgarishsiz saqlanib qoldi. Imperator lavozimi, reyxstag va imperiya sudi o‘z hokimiyatiga ega bo‘lmaydi. Imperator faxriy unvon egasi bo‘lib qoladi. Knazlar imperator oldidagi majburiyatlardan ozod bo‘lib, knazliklar imperiya yurisdiksiyasidan chiqadi. Knazlar o‘z yerlarida imperiyadan to‘la mustaqil bo‘lishdi. Dindorlar ham ular hokimiyati ostiga tushib qoladi. Lentaglar deyarli chaqirilmay qo‘yilgan. Shunday qilib, Germaniyada burjuaziya ustidan feodalizm tarafdorlari bo‘lgan dvoryanlar knazlar boshchiligida g‘alaba qozonishadi. Boshqa mamlakatlarda dvoryanlar va burjuaziyaning kuchlari barobar bo‘lib turishi butun mamlakatda absolutizm o‘rnatilishini ta’minlagan. Ko‘pdan ko‘p german davlatlari orasida ulardan ikkita yirigi Prussiya va Avstriya XVII–XVIII asrlardayoq Yevropa tarixida katta rol o‘ynagan. Ular har ikkalasi Germaniya imperiyasi tarkibida bo‘lib, har birining o‘z rivojlanish tarixi bor. Jumladan, Prussiya qirolligi XVIII asrgacha Brandenburg markgrafligi edi. 1701-yilda Brandenburg kurfyuristi Fridrix III (1688–1713-y.) Italiya merosi borasidagi ishtiroki evaziga imperatordan Prussiya qiroli unvonini oladi. Brandenburg-Prussiya davlati slavyan yerlari va boshqa nemis knazliklari hisobiga o‘sib boradi. Siyosiy sohadagi yutuqlari esa imperator hokimiyatining zaiflashuvi bilan bevosita bog‘liq. U XVIII asrdan absolut monarxiya shaklidagi harbiy despotiyaga aylanadi. Shu davrdanoq kuchli boshqaruv apparati, ko‘p sonli byurokratiya va armiya vujudga keltirilgan. Davlat hokimiyati cho‘qqisida qirol turgan. U imperiyaning kurfyuristlar kollegiyasi tarkibiga kirgan. Qirol huzurida Yashirin kengash mavjud bo‘lib, u davlat boshqaruvining oliy organi edi. Prussiya armiyasi o‘sha vaqtda Yevropadagi eng ko‘p sonli va intizomli armiya hisoblangan. Avstriya davlatiga qisqacha to‘xtalsak, u dastlab qoloq knazlik bo‘lgan. XVIII asrda mamlakatni siyosiy jihatdan kuchaytirish maqsadida dastlab qo‘shinni yaxshilash va ko‘paytirishga qaratilgan harbiy islohotlar amalga oshiriladi. So‘ngra ichki ishlar va moliya sohasini tartibga soluvchi organlar ta’sis etiladi. 1760–1761- yillarda markaziy boshqaruv organlari qayta tashkil etiladi. Shu tariqa Avstriya markazlashgan kuchli davlatga aylangan. Angliya davlati (V asr – XVII asrning o‘rtasi). Britaniya hududida V asr boshlariga qadar Rim legionerlari tomonidan idora etilgan. V asr boshlaridan o‘rtalariga qadar Britaniya bir qancha mustaqil mayda qirolliklarga bo‘lingan holda yashaydi. V asr o‘rtalariga kelib bu orolga shimoliy-g‘arbiy german qabilalaridan inglizlar, sakslar, yutlar bostirib kira boshlaydi. Bu istilo qariyb bir asrga cho‘ziladi. Natijada ilgarigi Britaniya hududida o‘ndan ortiq mayda varvar qirolliklari vujudga keladi. VII asrga kelib ular xristianlikni qabul qilib, 7 ta yirik (sakslar 3, angllar 3, yutlar 1) qirollikni (geptarxiya) barpo etadilar. 827-ilda Uyesseks qiroli Ekbert (802–839-y.) bu qirollikni o‘z hukmronligi ostida birlashtiradi. U asos solgan yagona ingliz-sakslar qirolligi X asrdan boshlab Angliya deb ataladi. XI asr boshlarida inglizlar davlati daniyaliklar tomonidan bosib olinadi. Ularning hukmronligi ingliz-saklar sulolasi Eduard Ispovednik (1042–1066-y.) tomonidan qayta tiklangunga qadar davom etadi. 1066ilda Angliya Normandiya gersogi Vilgelm tomonidan bosib olinadi. Shu tariqa u fotix (istilochi) nomi bilan Angliya qiroli bo‘lib oladi. U Angliyani egallashda Rim papasining xayrixohligi va Fransuz qirolining yordamiga tayanadi. Normandlar boshqaruvi davrida markazlashgan davlatga asos solinadi. O‘rta asrlarda Angliya feodal davlatining rivojlanish bosqichlarini quyidagi davrlarga bo‘lish mumkin: – ingliz-sakslarning ilk feodal monarxiyasi davri (IX–XI asrlar); – markazlashgan sen’orlik monarxiyasi va qirol hokimiyatini cheklash uchun fuqarolar urushi (XII asr) davri; – tabaqa-vakillik monarxiyasi davri (XIII asrning ikkinchi yarmi – XV asr); – absolut monarxiya davri (XV asrning oxiri – XVII asrning o‘rtasi). Ingliz-sakslarning ilk feodal monarxiyasi davri (IX–XI asrlar). Dastlabki davrlarda ijtimoiy tuzum ruhoniylar, urug‘-qabila zodagonlari (erllar), erkin kishilar (kryollar, keyinroq genitlar), yarim erkin kishilar (letlar yoki uillar, keyinroq esa va geburlar deb yuritiladi) va qullardan iborat bo‘lgan. Ilk davrlarda ko‘p sonli qirolliklarda qirollar saylab qo‘yilgan. Yagona davlat ingliz-sakslar davlati tashkil topishi bilan sekin-asta qirol hokimiyati barobarida uning mavqei ham yuksala boradi. Qirol oliy sud, harbiy hokimiyat va oliy yer egasi hisoblangan. Oliy davlat organi – vitanagemot (vitanlar – donishmandlar, donishmandlar kengashi) bo‘lgan. Barcha muhim davlat ishlari uning maslahati va roziligi bilan hal etilgan. Uning asosiy funksiyalari qirollarni saylash va oliy sudni amalga oshirish edi. Mamlakat boshqaruvi qirol saroyi tomonidan amalga oshirilgan. Qirol saroyining asosiy boshqaruvchilari ichida quyidagilar katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Kamerariy qirollik mol-mulki va moliyasi ahvoliga javob bergan. Marshal qirollik otliq askarlarining qo‘mondoni hisoblangan. Qirollik kapelanlari davlatning devonxona ishlarini yuritganlar. Ingliz-sakslarda asosiy ma’muriy-hududiy birlik graflik bo‘lgan. Ular yuzliklarga, yuzliklar qishloq jamoalari (tunlar)ga, jamoa esa o‘nta tomorqa (oila)ga bo‘lingan. Bir qancha grafliklar tepasida eldormenlar turgan. Ular qirol tomonidan kelishib, vitanlar tomonidan mahalliy feodallar orasidan tayinlangan. Grafliklarga qirolning shaxsiy vakillari – sheriflar tayinlangan. Yuzliklar yuzlik yig‘inida saylanuvchi yuzboshilar tomonidan boshqarilgan. Qishloqning yuqori organi – jamoa yig‘ini (galimot) bo‘lib, jamoa tepasida oqsoqol turgan. Angliyada markazlashgan sen’orlik monarxiyasi (XI–XII asrlar). Normandlar istilosidan so‘ng kuchli qirol hokimiyatiga asoslangan markazlashgan davlat tashkil topadi. Bu vaqtda qirol oliy yer egasi, qonun chiqaruvchi hamda oliy sud va oliy harbiy hokimiyat egasi hisoblanadi. Qirolga tegishli qonun chiqarish hokimiyati ko‘pincha qirollik kuriyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan. Kuriya oliy sud organi sifatida ham ish olib borgan. XII asrga kelib kuriya katta kengash va doimiy hukumat organi (kichik kuriya)ga ajralgan. Kichik kuriya oliy sud, ma’muriy va moliyaviy hokimiyatni amalga oshirardi. Bu davrda davlatning quyidagi oliy mansabdor shaxslarini va boshqalarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Bosh yustitsiar qirol Angliyada yo‘qligida amalda davlatni idora etib turuvchi ruhoniy shaxs hisoblangan. Kansler uning yordamchisi bo‘lgan. Kansler dastlab qirolning shaxsiy kotibi, keyinchalik qirol devonxonasi boshlig‘i va davlat kotibi vazifasini bajargan. Marshal qo‘shinlar qo‘mondoni, kamerariy xazinabon, qirollik mol-mulki, xazinasi va yer egaliklarining boshqaruvchisi hamda hisob palatasi boshlig‘i edi. Mahalliy boshqaruv tizimi normandlar istilosidan keyin o‘zgarmadi. Yuzliklarda grafliklardagi sheriflarning yordamchilari beyliflar qirollik ma’muriyati vakillari bo‘lib qolganlar. Sherif graflik hududida ijro, harbiy, moliyaviy va politsiyachilik hokimiyatiga egalik qilgan. Tabaqa-vakillik monarxiyasi (XIII asrning ikkinchi yarmi – XV asr). Bu davrda ijtimoiy tuzumda muhim voqealar yuz beradi. Jumladan, 1215yil baronlar boshchiligida qirol hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tadi. Natijada Erkinliklarning buyuk xartiyasi qabul qilinadi. U rasman Angliyadagi birinchi konstitutsiyaviy qonun hisoblanadi. Shuningdek, 1258–1267-yillarda fuqarolar urushi bo‘lib o‘tadi. Oqibatda oliy hokimiyat qo‘ldan qo‘lga o‘tib, qayta egallanadi va Angliyada parlament vujudga keladi. Davlat boshqaruvida qirol hokimiyatining mavqei tushib, cherkov uning ustidan o‘z ta’sirini o‘rnatadi. Parlament dastlab tabaqa-vakillik organi shaklida bo‘lib, unda uch toifa vakillari qatnashgan. So‘ngra tez orada yirik feodallar tarkibida yig‘iladigan bo‘ldi. 1295-yilgacha boshlab yana barcha tabaqa vakillaridan iborat holda muntazam yig‘iluvchi organga aylanadi. Parlament 1343- yildan boshlab yuqori – lordlar va umumpalataga bo‘linadi. U keyinchalik quyidagi vakolatlarni qo‘lga kiritadi: qonun chiqarishda ishtirok etish, qirol xazinasi foydasiga aholidan soliqlar olish haqidagi masalalarni hal etish, oliy mansabdor shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish hamda ba’zi hollarda maxsus sud ishlarini yuritish. Parlament davlat boshqaruvini o‘ziga bo‘ysundirish yo‘lida XIV asrning oxirida impichment protsedurasini joriy etadi. XIII asr davomida yangi ijroiya organi Qirollik kengashining rivojlanishi sodir bo‘ladi. Ilgarigi qirolning eng yirik vassallari yig‘ini bo‘lgan Katta kengashning funksiyalari endi parlamentga o‘tadi. Yangi kengash tor doiradagi oliy ijroiya va sud organi hisoblangan. Uning tarkibiga qirolning yaqin maslahatchilari, odatda kansler, xazinachi, sudyalar va vazirlar kirgan. Mahalliy boshqaruv vakolatlari eski sudlar va graflik majlislari qo‘lidan chiqib, yangi mansabdor shaxslarga va sayyor sudlarga o‘tadi. Ularning vakolatlari tobora kengayib boradi. Joylarda konstebllar politsiyachilik funksiyalariga ega bo‘lganlar. XIII–XIV asrlarda sud tizimining ixtisoslashuvi jadallashgan. Biroq ko‘pgina muassasalarning ma’muriy va sud hokimiyati ajratilmagan. Bu davrda Angliyada Qirol kursisi sudi, Umumiy tortishuvli sud va Xazina sudi oliy sudlar hisoblangan. Ulardan adolat yuzasidan ish ko‘ruvchi Lord-kansler sudi ajralib chiqadi. XIV asrda umumiy sayyor sudlar o‘rnini ancha ixtisoslashgan sayyor komissiyalar egallaydi. Bu davrda shuningdek, cherkov sudlari ham faoliyat yuritgan. Absolut monarxiya davri (XV asrning oxiri – XVII asrning o‘rtasi). Angliyada absolut monarxiya boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi feodalizm inqirozi va kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarining vujudga kelishi davrida o‘rnatilgan. Bu davrda hokimiyat va boshqaruvning oliy organlari qirol, yashirin kengash va parlament edi. Real hokimiyat qirol qo‘lida to‘plangan. U ko‘p sonli va faqat o‘ziga bo‘ysunuvchi organlar orqali qonun chiqarish, ijro etish va oliy sud hokimiyatini amalga oshirgan. Yashirin kengash oldin mavjud bo‘lib, bu vaqtda batamom rasmiylashgan. U davlatning oliy mansabdor shaxslari bo‘lgan lordkansler, lord-xazinasi, qirolning shaxsiy muhrini saqlovchi lord va boshqalardan iborat edi. Kengash tarkibi doimiy bo‘lmagan. Uning vakolatlarini qirol belgilagan bo‘lib, maslahat organi edi. Ushbu kengash qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud organi sifatidagi faoliyatini komissiyalari va komitetlari orqali bajargan. Uning farmon va ordonanslari parlament hujjatlari bilan tenglashtirilgan. Parlamentning vakolatlari absolutizm davrida ham ilgarigidek saqlanib qoladi. U oldingi davrlardagidek, soliq va yig‘imlar miqdorini o‘rnatish imtiyoziga ega edi. Cherkov ustidan ham bu davrda qirol hokimiyati o‘rnatilib, islohotlar o‘tkaziladi. Mamlakatda oliy cherkov organi – Yuqori komissiya tashkil etilgan. U diniy xarakterdagi ishlar yuzasidan tashkiliy va nazorat etish, diniy-targ‘ibot vakolatiga ega bo‘ladi. Absolutizm o‘rnatilishi bilan mahalliy organ tizimi, ularning markaziy boshqaruv organlari bilan munosabati belgilanadi. Asosiy o‘zgarishlar tariqasida lord-leytenant mansabi joriy etiladi, cherkov prixodi (qavmi)ning quyi mahalliy birlik sifatida rasmiylashtiriladi. Lordleytenant bevosita qirol tomonidan graflikka tayinlangan. U mahalliy ko‘ngilli qo‘shinlarga boshchilikni, murosaga keltiruvchi sudyalar va konstebllar faoliyatiga rahbarlikni yuritgan. Angliya davlati XVI–XVII asrlarda Britaniya orolining egallanmagan hududlarini bosib olishga qaratilgan harakatini kuchaytiradi. Amalda bu bir necha davlatlar mustamlakaga aylantirilishi bilan tugaydi. Qo‘shinni tashkil etishning asosiy tamoyillari uncha o‘zgarmagan. Bu borada davlatning monopol huquqi o‘rnatiladi. O‘rta asrlarda Yevropa davlatlari huquqiy tizimining xususiyatlari Fransiyada huquqning asosiy belgilari. Huquqning tipik belgilari shakllangan. Huquq manbalarining ko‘pligi yagona milliy huquqiy tizimning tashkil etilishiga to‘sqinlik qilgan. 1789-yilgi inqilobga qadar fransuz huquqi ko‘p sonli huquqiy tizimlardan iborat bo‘lgan. Ular muayyan doiradagi shaxslar yoki hududlarga tarqalgan. Huquqning asosiy manbai odat hisoblangan. X asrga kelib haqiqatlarning o‘rnini huquqiy odatlar (kutyumlar) egallaydi. Ularga rioya qilish nisbatan erkin bo‘lgan. Odatning tan olinishi uchun unga 40yil o‘tishi talab etilgan. Normandiyada katta kutyum 1255-yilda tuzilgan va sud amaliyotida keng foydalanilgan. Shu davrdan boshlab huquqning asosiy yozuvlari shakllana boshlanadi. Ular 1253-yilda yozilgan «do‘stga maslahat» hamda mashhur, keng tarqalgan odat huquqi to‘plami – 1283-yilgi «Bovezi kutyumlari va boshqalar edi. XVI asrda 60 ga yaqin katta va 200 ga yaqin kichik kutyumlar to‘plamlari tuzilgan. Mamlakatda rim huquqi va kanonik huquqi me’yorlari huquq manbai hisoblangan. Shahar xartiyalari asosida shakllangan shahar huquqi amal qilgan. Qirollarning qonun hujjatlaridan nizomlar, ordonans (qirol hujjatlari), ediktlar, buyruqlar, deklaratsiyalar va boshqalar ham hokimiyat mustahkamlanib borishi bilan katta rol o‘ynagan. XVIII asrda kodifikatsiya ishlari yuksaladi. Qo‘shimcha huquq manbai sifatida parlamentlarning maydonidan ham foydalaniladi. Yer huquqi sohasida keyingi davrlarga kelib yerga egalik huquqi ancha erkinlashtiriladi. Majburiyat huquqi esa asosan shartnomalar asosida kelib chiqqan. Oila-nikoh munosabatlari asosan kanonik (diniy) huquq bilan tartibga solinardi. XVI–XVII asrlarga kelib nikoh fuqarolik holati dalolatnomasi sifatida ham ko‘rila boshlanadi. Oilada ota to‘la hukmron bo‘lib, otaonalar farzandlari ustidan hokimiyatga ega bo‘lgan. Ota vasiyat qoldirishi mumkin bo‘lib, meros katta o‘g‘ilga o‘tgan. Jinoyatlar uchun nazarda tutilgan jazolar ko‘proq yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan. XI–XII asrlarga kelib jinoyat huquqining feodal belgilari to‘liq namoyon bo‘ladi. Feodal tartibni buzish jinoyat deb qaraladi. Davlat markazlashuvi bilan jinoyat huquqi tobora faqat jazo qo‘llaniladigan xarakter kasb eta boshlaydi. Og‘ir deb hisoblanuvchi jinoyatlar turi ko‘payadi. Germaniyada huquqning asosiy belgilari. V asrdan XI asrgacha bo‘lgan davrda sharqiy franklarning arxaik xalq huquqi qabilaviy xarakterga ega bo‘lgan. Unda urf-odatlar muqaddas hisoblangan. Jamoaviy javobgarlik, qonli qasos, ardaliya va boshqa ramziy odatlar saqlanib qolgan. Germaniyada huquqiy partikulyarizm mavjud bo‘lgan. Turli hududiy birliklar va shaharlarning huquqi amal qilib, umumgerman huquqi yaratilmagan. XII–XIII asrlarda imperiya markaziy organlarining qarorlari asosida umumimperiya qonunchiligi shakllanadi. An’anaviy tarzda umumimperiya huquqi jinoiy-huquqiy normalarni belgilagan. Huquq tizimida XIII asrdan boshlab len huquqi (oliy feodal tabaqaga taalluqli huquq) alohida rivojlangan. Len huquqi, zemstvo (yer, hudud) huquqi, shahar huquqi va kanonik huquq ayni paytda bir xil munosabatlarni turlicha tartibga solgan. German huquqining rivojlanishida odat huquqining mahalliy tizimlashtirilishi ham muhim rol o‘ynagan. Bunda imperiya qonunlari va sud amaliyoti qoidalari ham hisobga olingan. Ularga misol tariqasida «Sakson zersalosi» (1220-y.), «Shvab zersalosi», «Frankon zersalosi» va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Bu to‘plamlarning normalari va prinsiplari ko‘pincha o‘z huquqiy doirasidan ancha chetga chiqib, huquqning birxillashtirilishiga ko‘maklashgan. Ularning tuzilishi alohida masalalarga oid normalardan iborat qismlardan tashkil topgan. Ularda, jumladan, fuqarolik, jinoyat, protsessual va qisman davlat huquqi normalari belgilangan. XIV–XVI asrlarda Germaniyada huquqiy birlikning o‘rnatilishiga rim huquqining o‘zlashtirilishi ham ko‘maklashgan. Bu borada turli sohalarga taalluqli huquq to‘plamlar (qonunnomalar)i yaratilgan. Masalan, 1532-yilda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunlari bo‘lgan «Karolina» nashr qilinadi. Absolutizm o‘rnatilgandan so‘ng knazlar qonunchiligi rivojlanib, yangi qoidalarni o‘zida mujassam etgan umumdavlat qonunnomalari va sohaviy kodekslar qabul qilingan. Knazliklar umumdavlat huquqida fuqarolik, oila va boshqa «noommaviy» huquq sohalari rivojlangan. Angliyada huquqning asosiy belgilari. Dastlabki davrlardagi Angliya feodal huquqi o‘zining murakkabligi, chalkashligi va ustamonlik bilan qilinganligi (kazeistikligi) bilan ajralib turgan. Bu holat uning alohida yo‘llar bilan rim huquqi ta’sirisiz shakllanganligiga bog‘liqdir. XV asrda normandlar bosqiniga qadar Angliyada huquqning asosiy manbalari odatlar va qirollik qonunlari hisoblangan. Odat huquqining sudnoma va qonunnomalar deb yuritiluvchi ko‘plab to‘plamlari tuzilgan. Bularga misol tariqasida Etelbert sudnomasi, Ien qonunlari, Buyuk Alfred sudnomasi, Etelstan va Knut qonunlari sigari yetakchi rol o‘ynaganlarini ko‘rsatish mumkin. Bulardan tashqari huquqning muhim manbalari qatoriga joriy qonunlarni ham kiritish mumkin. Jumladan, Xlotar (673– 685-y.), Edrik (685–686-y.), Eduard (899–925- y.), Edmund (939–946-y.), Edgar (959–975-y.), Etelred II (979–1014-y.) va boshqa qonunlar. Angliyaning XI asr boshlarida Daniya qiroli Knut tomonidan bosib olinishi natijasida Daniya (Knut) qonunlariga Angliya qonunlari bilan teng huquq berilgan. Angliya Normandiya tomonidan egallanishi oqibatida esa qirollar ingliz- sakslarning eski va asl odatlariga rioya etishga qaratilgan siyosat yuritadi. XII asrda qirollik sayyor sudlarining doimiy faoliyat yuritishi natijasida mamlakatning umumiy huquqi tashkil topadi. Umumiy huquq qonunchilikdagi kamchilik natijasida normand va ingliz-sakslar odat huquqlari asosida vujudga keladi. Sayyor sudlar «sudya harakatdagi huquq normasini qo‘llaydi», degan prezumpsiyadan foydalangan. Ular tomonidan o‘rnatilgan tamoyil sud odatiga aylanib, barcha sudyalar uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan. Faqat yuqori sud organlari tomonidangina bekor qilinishi mumkin edi. Ulardan foydalanish uchun qulaylik yaratish, nazorat o‘rnatish maqsadida sud ishlari materiallarining e’lon qilinishi bilan birga sud pretsedenti nazariyasi ham shakllandi. So‘ngra ilgarigi qarorlarda mustahkamlangan rahbariy tamoyil kelajakda shunga o‘xshash masalalarni ko‘rishda asta-sekin namuna kuchiga ega bo‘la boshladi. XIV asrda tarixiy sharoitlar ta’sirida Angliyada adolat sudi paydo bo‘la boshladi. Shu bilan birga, yana bir huquqiy tizim – adolat huquqi shakllanib boradi. U sudlarda himoyalanmaganlarni himoyaga olish barobarida yuzaga kelgan. XIV asr boshida lord-kansler huzurida adolat me’yorlariga tayanuvchi sud organi ish olib borgan. XV asrdan olimlarning muhim va murakkab huquqiy masalalar bo‘yicha traktatlari paydo bo‘la boshladi. Ular amaldagi (statut) huquq normalari bo‘yicha qo‘llanma asarlar bo‘lib, ingliz huquqining o‘ziga xos manbai xarakteriga ega bo‘lgan. Qirollik qonunlari assizalar, xartiyalar, ammo ko‘proq ordonanslar, statutlar deb atalgan. Ayrim qirollarning qonunlari ma’lum darajada umumiy huquqning shakli va mazmunini belgilagan. Uning asosiy qoidalari va tamoyillarini ishlab chiqqan. Angliyaning o‘rta asrlardagi huquq manbalari ichida savdo va kanonik huquqi me’yorlari alohida o‘rin tutadi. Ularning huquqiy kuchi ko‘pincha qirollik statutlari bilan mustahkamlangan. Adabiyotlar rо`yxati : 1. Boboyev X.B. va Odilqoriyev X. T. Umumiy tahriri ostida. “Davlat va huquq nazariyasi”. “Iqtisodiyot va huquq dunyosi”, 2000. 34-bet. 2. “O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy huquqi”. Mualliflar jamoasi. Toshkent, “Moliya”, 2002. 72-73 bet. 3. Odilqoriyev X.T. va G‘oyibnazarov Sh.G‘. hammuallifligida. “Siyosiy madaniyat”. Toshkent, IIV Akademiyasi nashryoti, 2004 42-43 bet. 4. Odiqoriyev X.T. Konstitutsiya va fuqorolik jamiyati. – T., 2002. 75-bet. 5. Saidov A. va Tojixonov U. hammuallifligida. “Islom Karimov Konstitutsiya to‘g‘risida”. Toshkent, “Akademiya”, 2001. 52-bet. 6. Sharifxodjayev M. Formirovaniye otkritogo grajdanskogo obshestva v Uzbe kistane. – T., 2002 101-bet 7. Rukavishnikov V. O.Politicheskiy kulturi i sotsialniye izmeneniya. Mujdunarodniye otnosheniye. – M., 1998..82-bet. 8. Ochilov B. E. Konstitutsiya Respubliki Uzbekistan i Vseobshaya deklaratsiya prav cheloveka kak osnova zashiti prav lichnosti // Pravo. 2001. - №3.