logo

Yozuvchining niyati va badiiy obraz (Odil Yoqubovning “Ulug`bek xazinasi” romani asosida )

Yuklangan vaqt:

10.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

134.5 KB
Yozuvchining niyati va badiiy obraz (Odil Yoqubovning “Ulug`bek xazinasi” romani asosida ) Режа: 1. “Улуғбек хазинаси” романининг яратилиш тарихи . 2. “Улуғбек хазинаси” романи даги тарихий ва тўқима образлар . 3. Асарда Амир Темур сиймоси. 4. “Улуғбек хазинаси” романи даги учта подшоҳнинг адабий типи . “Ulug`bek xazinasi” romanining yaratilish tarixi shuni ko`rsatadiki, badiiy jarayonning ibtidosi hayot haqiqatini bevosita o`rganishdan boshlanadi, ya`ni hayotiy voqelik haqidagi ilk axborot adib ongida obrazli tafakkurni uyg`otadi. Obrazli tafakkur bois ijodiy niyat tug`iladi. Ijodiy niyat tug`ilishi bilan badiiy to`qima ishga tushib, syujetga asos bo`ladigan manzaralar va ularda faoliyat ko`rsatuvchi obrazlar yozuvchi ongida shakllana boshlaydi. Ana shu ijodiy jarayonning mohiyati haqida yozuvchining o`zi shunday hikoya qiladi: Ba`zan tafakkur otining o`rnidan jilish uchun yengil turtkining o`zi yetarlidir. Bir vaqtlar gazetada Ulug`bekning fojiali o`limidan keyin izsiz yo`qolgan mashhur Ulug`bek kutubxonasi to`g`risidagi kichik bir maqolani o`qigandim. Unda bu kitoblar Ulug`bekning qotillari tomonidan yo`q qilib yuborilmaganligi, balki uning shogirdlari tomonidan Samarqanddan olib chiqib ketilib, Urgut tog`lariga yoki bo`lmasa, Shahrizabz yaqinidagi bir g`orga yashirilganligi taxmin qilingandi. Maqola talay o`quvchilarda fikr uyg`otdi, yangi dalillar keltirildi, turli afsonalar naql qilindi. Ba`zi xatlarning mualliflari hatto kitoblar ko`milgan joyning ehtimolga yaqin o`rnini ham keltirishdi. Ulkan kutubxona (taxminan 15 ming jilddan iborat, bu o`sha davr uchun hayratomuz raqam) ning izsiz yo`qolishi mumkin emasligi haqidagi fikrning o`zi anchayin asosli ko`rinar tasavvurni asoslardi. Respublika Fanlar akademiyasi kutubxonani izlab topish uchun kichik ekspeditsiya hozirladi, talay fidoyilar ham topildi. Mening ongimda esa sarguzasht qissa tug`ila boshladi. Men halitdan kutubxonani qutqarib qolish maqsadida Ulug`bek shogirdlarining bu yerga yashirincha kirib kelishlarini “ko`rardim” saroy to`polonlari, dovyurak yigitlar ortidan uyushtirilgan quv-quvlarni tasavvur qilardim, otlar dupuri va qilichlar jarangi eshitilardi. Imkoni boricha tarixiy materiallarni o`rganib, Samarqandga yo`l oldim. Go`ri Amir va Ulug`bek madrasalarining g`ira-shira, nim qorong`u yo`laklarida kezdim, atoqli riyoziyotchi Qozizoda Rumiy va Ulug`bek navjuvon talabalariga saboq aytgan mashhur madrasaning ulkan yarim vayrona xonasida o`yga cho`mdim. Necha daf`a buyuk rasadxona xarobalarida titroq va hayajon bilan ko`zdan kechirdim. Endi meni Ulug`bek obrazi - uning yuzi, sa`yi harakati muttasil ta`qib qilardi. Koinot sirlarini anglab yetgan bu buyuk inson nechun o`zini butun borlig`i ila ilmga baxsh etmadi? Toju taxt uchun kurash naqadar behuda ishligini nega tushunib yetmadi? – degan va keyinchalik kitobda Ali Qushchi tomonidan bayon qilingan fikrlar hol jonimga qo`ymasdi. Sarguzasht qissa haqidagi fikrdan voz kechib, katta tarixiy polotno ustida o`ylay boshladim”. Yozuvchi idrokida Ulug`bek kutubxonasi bilan bog`liq bo`lgan ijodiy fikrning tug`ilishi va uning takomili, adib badiiy niyatini hayajonga keltirgan turli- tuman kechinma va tuyg`ularning yagona va umumiy bir hisga qo`shilib ketishi natijasida sarguzasht qissaga daxldor bo`lgan badiiy to`qimaning ishga tushib ketishi jarayoniga alohida e`tibor beraylik. Kutubxona bilan bog`liq bo`lgan ma`lumot ko`z ilg`amas darajadagi mayda bir don tarzida Odil Yoqubov ko`ngliga ijodiy urug` bo`lib tushadiyu, ana shu urug`dan unib chiqqan ijodiy niyat adibning tafakkur otini joyidan siljitib yuboradi. Natijada sarguzasht qissaning syujet to`qimasiga daxldor bo`lgan ijodiy fikr birliklari, ya`ni kutubxonani qutqarish bilan bog`liq voqealar tizimi qissaning obrazlar silsilasi va ularning faoliyati keltirib chiqaradigan turli-tuman hayotiy manzaralar, ayni shu jarayondagi hayot-mamot janglari yozuvchi ongida shiddat bilan shaklanna boshlaydi. Yozuvchi shuurida tug`ilgan ijodiy g`oya unga tinchlik bermay qo`yadi uni muvozanatdan chiqaradi. Shu bois u imkoni boricha ko`proq tarixiy materiallarni o`rganish maqsadida Samarqandga yo`l olib, voqea sodir bo`lgan makonni ham ipidan-ignasigacha tekshirib chiqadi. Natijada dastlabki tasavvurlar ko`lami jiddiy kengayadi. Ulug`bek davriga oid tarixiy manbalar qanchalik chuqur va atroflicha o`rganilgani sari adolatli shoh va jahonshumul olim bo`lgan Ulug`bek siymosi yozuvchi ko`z o`ngida jonlanib, davr adabiy tipi sifatidagi belgilarini namoyon eta boshlaydi. “Koinot sirlari anglab yetgan bu buyuk inson nechun, o`zini butun borlig`i ila ilmga baxsh etmadi? Toju taxt uchun kurash naqadar behuda ishligini nega tushunib yetmadi?” –degan savollar adib xayolida charx urib, unga sira tinchlik bermaydi. Bu savollarga javob topish uchun esa, Ulug`bek davri tarixiy voqeligiga daxldor bo`lgan barcha manbalarni o`rganib, bu ziddiyatli davr haqiqatini tekshirib chiqish lozim edi. Chunki yozuvchining tafakkur osmonida charx urgan jumboqli savollarga Ulug`bek davri haqiqatidan kelib chiqqan holdagina to`g`ri javob topish mumkin edi. Natijada kutubxonani qutqazuvchi shogirdlar fidoyiligi, saroydagi to`polonlar, otlar dupuri, qilichlar jarangidan iborat keng ko`lamli tarixiy voqelik yozuvchi ko`z o`ngida jonlanadi. Bu davr haqiqatini ochib beruvchi tarixiy va to`qima obrazlarning hammasi Ulug`bek shaxsi atrofida to`planib, birlari – muhabbat va sadoqat, boshqalari nafrat va yovuzlik timsoli sifatida guruhlana boshlaydi. Badiiy to`qimaning serqirraligi va tarixiy faktning kulamdorligi sarguzasht qissaning o`z o`rnini tarixiy romanga bo`shatib berishiga sabab bo`lgan. Ko`rinadiki, tarixiy haqiqatni ochib berish bilan bog`liq hayotiy materiallarni badiiy to`qima ko`zgusida chuqur o`rganish, tahlil qilish, umumlashtirish, individualashtirish va tipiklashtirish orqali yozuvchi mukammal badiiy shakl va obrazlar yaratish imkoniga ega bo`lgan. Ana shu ijodiy jarayon natijasi o`laroq “Ulug`bek xazinasi” tarixiy romani yaratilgan. Romanning markazida davr haqiqatini butun salobati bilan ochib beruvchi adolatli va ma`rifatparvar shoh Ulug`bek obrazi turadi. Odil Yoqubovning bu romani yozilguniga qadar o`zbek tarixiy romanchiligida voqelikning tarixiy mohiyatini yaxlit holda ifoda eta oluvchi shoh obrazi yaratilmagan edi. Yozuvchi o`z bosh qahramonini tugal va mukammal adabiy tip darajasiga ko`tarishda shohlar olamiga daxldor bo`lgan hayotiy tarixiy haqiqatlarni ochish yo`lidan boradi. Roman ikki qismdan iboratdir. Birinchi qism Ulug`bekning fojiasi bilan tugasa, ikkinchi qism padarkush Abdulatifning fojiasi bilan tugaydi. Ko`rinadiki romanda har biri o`zicha tugal va mukammal bo`lgan ikkita shoh obrazi yaratilgan. “Ular hayotda nimaga intilish lozim, haqiqat nima?”- degan savollarga o`z e`tiqodlari va hayotiy maslagiga tayanib javob beruvchi tarixiy shaxslardir. Shu boisdan ham yozuvchi ularning o`ziga xos adabiy tipini yaratar ekan, badiiy to`qimada hayot haqiqatidan chetga chiqib ketmaslik lozimligiga alohida e`tibor beradi. Chunki, badiiy to`qima asardagi g`oyaviy va hayotiy mazmunni tarixiy-hayotiy materiallarga tayanib qayta jonlantirishda ham, shuningdek, asarning badiiy shakliga daxldor bo`lgan syujet unsurlari olamining kashf etilishida ham yetakchi mavqeda turadi. Chunki, badiiy asar maishiy turmushning oddiygina ko`chirmasi emas, balki ana shu hayotiy voqelikdan olingan taassurotning adib badiiy niyati asosida “qayta ishlangan” ko`rinishidir. Yozuvchi uchun bosh qahramon faoliyati ko`rsatadigan zamon va voqealar bo`lib o`tadigan makonni belgilab olish badiiy tuqimaning eng mas`uliyatli lahzasidirki, voqelik talqinining zamon va makon belgisi hal qilingach, asarning mazmuni va shakl birligini ta`minlash imkoniyati yuzaga keladi. “Yozuvchi yaratayotgan asarning asosiy ma`nosi bosh qahramon obrazi orqali ifodalanadi. Bosh qahramon ifoda qiladigan ma`no qay darajada aniq bo`lsa, asar shu darajada kompozitsion jihatdan mukammal bo`ladi”. “Ulug`bek xazinasi” romanining syujet tuzilishidagi mukammallik ham avvalo asar bosh qahramoni siymosining badiiy teranligida deb o`ylaymiz. “Ulug`bek xazinasi” romanida bosh qahramon – Ulug`bek saltanatining eng oxirgi damlari zamon chegarasi tarzida belgilangan bo`lsa, Samarqand va uning atroflari asardagi voqealar bo`lib o`tadigan joy, ya`ni badiiy makon sifatida tanlab olingan makondagi eng muhim joy rasadxona va uning ichida joylashgan kutubxonadir. Voqealar rivojining avvalo ham shu joyda, ya`ni vaqt tun yarmidan oshganda. Ulug`bek mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchining Ko`ksaroyga tashrif buyurishini amr qilib, navkar yuborishi tasviridan boshlanadi. Tun tasviri va navkarning tashrifi sabab kitobxon ko`z o`ngida Ali Qushchi bilan Ulug`bekning og`ir qismatidan ogoh etuvchi badiiy manzara gavdalanadi. Bu badiiy hissiyot butun roman davomida kitobxon diqqatini o`ziga tortib turadi. Kitobxon Ulug`bek davri va uning shaxsi to`g`risidagi haqiqatlarni Ali Qushchi hikoyasi orqali anglay boradi. U Ulug`bekning ichki kechinmalari va ruhiy olamini Ali Qushchining xayollari ila tahlil qiladi: u Ali Qushchi bilan birga o`ylab, birga qayg`uradi. Yozuvchi kitobxon va badiiy obraz ruhiy birligining teran talqinini yarata olgan: “O`tgan kuni topng paytida ustod Mirzo Ulug`bek rasadxonaga tashrif buyurgan edi. Yo`lbars terisi yopilgan o`z kursisida o`tirib, timqora osmonga razm solib o`zoq xayol surdi... Mana, bir ikki yil bo`ldi, olis Hirotdan Xoqoni Said atalmish Shohruh Mirzo vafoti to`g`risida mash`um xabar kelganidan buyon Movarounnahr va Xuroson osmonidan qora bulutlar arimay qoldi. Taxt va saltanat ishqida yongan Temuriy shahzodalar qilich va tig` charxlashdan qo`llari bo`shamadi. Nihoyat, Ulug`bek qilichi o`tkir chiqib, mag`ribdan mashriqqacha qanot yozgan hududsiz saltanat xiyol osoyish topgan edi, toju taxt valiahdi Abdulatif o`z padari buzrukvoriga qarshi shamshir ko`tarib chiqdi. Rajab oyining boshlarida a`lo hazratlari lashkar tortib Jayhun tomon otlanishga majbur bo`ldi. Ammo davlatpanoh Jayhun bo`ylarida lashkar tortib turganida dorulmulkda sodir bo`lgan fitnalar uni Samarqandga qaytishga majbur etdi. Mana endi uch-to`rt kundirki, shaharda vahimali mish – mishlar: go`yo shahzoda lashkarlari Jayhundan o`tib Keshga yaqinlashib qolganmish... To`g`ri, o`tgan kuni rasadxonaga kirib kelgan ustod bu to`g`rida lom- mim demadi. Qo`lida usturlob, samoni quzatib o`zoq o`tirdi so`ng, marmar zinaning tik pillapoyalaridan horg`in odimlab, uchinchi oshyonadagi kutubxonaga o`tdi. Chehrasi so`lg`in, xayoli parishon, naqshinkor jovonlarga terilgan kitoblarni, salkam qirq yil saltanat tebratib, yiqqan nodir qo`lyozmalarini bir-bir ko`zdan kechirdi, yodiga ustozi Qozizoda Rumiy tushdi, chamasi uning “Riyoziyot” ini o`zoq varaqlab turdi, keyin bo`ynini ham qilganicha lom-mim demay bir –bir bosib chiqib ketdi. U hatto Ali Qushchi bilan xayrlashmadi ham”.13 Bu o`rinda yozuvchining adabiy tip yaratish san`ati yaqqol ko`zga tashlanadi. Ali Qushchi Ulug`bek davrining shunday bir zukko olimidirki, u hamma narsani butun hayot oqimi va bu oqimning eng mayda shoxobchalarini, o`z davri voqeligining butun ziddiyatlarini, qayg`uli va kuchli tomonlarini, uning Ulug`bekka daxldor jihatlarini, davr qahramonlari va razilligini, o`sha davr tarixiga aloqador soxtalik va haqiqatni biladi. Yozuvchi Ali Qushchi iztiroblari fonida Ulug`bek siymosini yaratar ekan, tarixiy voqelikning mayda va ahamiyatsiz bo`lib ko`ringan barcha jihatlarini tahlilga tortib, ulardan saltanat inqiroziga sabab bo`lgan katta bir haqiqatni – taxt va saltanat ishqida yongan temuriyzodalarning qilich va tig` charxlashdan qo`llari bo`shamaganini, shahzoda Abdulatifning ham padari buzrukvoriga qarshi shamshir ko`tarib chiqqanini tasvirda alohida burttiradi. Bu esa o`sha davrning yetakchi haqiqati edi. Ana shu yetakchi haqiqat “Ulug`bek xazinasi” romanini yuzaga keltirgan bosh g`oyaviy niyat bilan shu qadar payvandlanib ketadiki, natijada romanning butun kompozitsion markazini – Ulug`bek qirq yil saltanat tebratib, yiqqan ilm xazinasi kutubxonani kelgusi avlodlar uchun asrab qolish ehtiyojini keltirib chiqardi. Bu g`oyaviy mantiq romanning nomida ham “Ulug`bek xazinasi” shaklida muhrlangan. Ulug`bekning jahonshumulligini ta`minlagan, uni boshqa podshohlardan keskin ajratuvchi farq ham bu g`oyaviy mantiqda o`z ifodasini topgan. Zamonasidan o`zib ketib, kelajak tongini oldindan ko`ra olgan bu buyuk mutafakkirga xos fazilatlar roman sahifalarida birin-ketin ochilaboradi. U adolatli shoh, elu yurtiga qirq yil osoyishta turmush baxshida etgan. Ma`rifatparvar shoh bo`lgan Ulug`bek mamlakatda ilmu ma`rifatni ravnaq toptirishga katta hissa qo`shgan jasoratli shohdir. Ulug`bek shaxsiyatiga xos bo`lgan bu haqiqatlar uning badiiy siymosini davr adabiy tipi darajasidagi yuksaklikka ko`targan. Uning ilm- ma`rifat va Movarounnahr osoyishtaligi yo`lida chekkan zahmatlari tarixda abadul-abad qolishiga ishonadi. Hatto saltanat talashganda ham o`z davri uchun jumboq bo`lgan ikki xil qo`rqinch uning butun borlig`ini qamrab olgan edi. U saltanatidan ayrilib qolishdan emas, balki bu elga qirq yil rahnamolik qilib orttirgan yagona boyligi – madrasayu, rasadxonasi, nodir xazinasi – to`plagan kutubxonasi va nihoyat yaratgan asarlari – barchasi poymol bo`lishidan qo`rqadi, xolos. Buning ustiga tag`in bir narsadan – kelgusi avlodlar mendan hazar qilmasmu deb qo`rqadi. Mirzo Ulug`bekday koinot sirlarini ochib, fozillikka erishgan mavlono, hayhot, axir oqibat o`tkinchi saltanatni deb, o`z pushti kamaridan bo`lgan farzandi bilan toju –taxt tashalibdi-da, degan nom qoldirmoqdan qo`rqadi. Anglashiladiki, yozuvchi Ulug`bek davri va uning shaxsiga aloqador bo`lgan tarixiy ma`lumotlarni obrazli o`zlashtirgan. Natijada o`ziga xos badiiy manzaralarni shu qadar ishonarli qilib chizib berganki, obrazli o`zlashtirilgan hayotiy fakt va hodislarni kitobxon o`sha davr haqiqati tarzida juda katta mamnuniyat bilan qabul qiladi. Ayni shunday o`rinlarda yozuvchi ijodiy iqtidorining o`ziga xosligi, badiiy to`qima orqali yangi so`z aytish mahorati yarq etib ko`zga tashlanadi. Haqiqatan ham badiiy to`qima aralashmagan biron bir obraz, biron bir manzara yo`q, desak xato bo`lmas. Masalan, Ali Qushchi qalbini bezovta qilgan hissiyotlar bo`roni garchi tarixiy haqiqat bo`lsa ham uning ichki kechinmalari, shuningdek, hayotiy fakt va hodisalarni olimona tahlil qilib, o`z ustodi holatini aniqlashi tasvirida yozuvchi qalbini o`rtagan o`y-xayollar, hissiyotlarning izlari ham mavjudligini tan olishimiz lozim. Shunisi haqiqatki, har bir obraz yozuvchi qalamga olgan davr mahsuli yoki aniq tarixiy shaxs siymosining badiiy timsoli bo`lsa ham u yozuvchining idroki, qalbi va ongi orqali o`tib, roman sahifalaridan joy oladi. Ali Qushchi Ulug`bekning sadoqatli shogirdi ekanligi ma`lum, biroq uning romandagi faoliyati, shijoati va sadoqatini ifodalovchi manzaralar yozuvchi badiiy to`qimasining mahsulidir. Tarixiy haqiqatni o`zida mujassamlashtirgan har bir badiiy obrazni adib estetik kechinmalarining ifodasi deb izohlasak masala ancha oydinlashadi. Chunki, yozuvchi hayotdan olgan taassurotlarini o`z badiiy idroki va hissiyotlari negizida tahlil qilib ko`rgach, o`z tafakkurining badiiy rejasiga muvofiq qahramonlar siymosiga ko`chiradi. Ayni shu o`rinda badiiy to`qimaning roli ochiq-oydin ko`rina boshlaydi. Yozuvchi ustoz va shogirdni fikrlar bahsiga chorlaydi. Biroq, sadoqatli va andishali shogird bo`lgan Ali Qushchi garchi shohning bunday og`ir vaziyatdan chiqib ketishini bilsa ham diliga tugib turgan fikrlarini shohga oshkora aytolmaydi. Andishali shogird o`z ustozining ko`ziga tik boqib, nuqsonlarini ro`y- rost ko`rsatishi ham o`sha davr hayot haqiqatiga mos kelmas edi. Ulug`bek Ali Qushchiga o`zining ko`rgan tushini aytib berib, “Bu bevafo saltanatni deb ilm- fandan yuz o`girding, toj sohibi bo`laman deb, shunday yetuk salohiyatni juvonmarg qilding”, -deya ustoz Qozizoda Rumiyning qattiq koyiganini hikoya qilib berganidagina Ali Qushchi ustozidan kechirim so`rab va o`ng`aysizlanib, “men ham bir ikki soniya muqaddam xuddi shu fikrni ko`nglimdan kechirgan edim”, - deya oladi, xalos. Romanda qirq yil Movarounnahrda ma`rifatli shoh bo`lgan, muruvvatli fuqaroparvar podsho sifatida shuhrat qozonib, butun iqtidori va salohiyatini o`z davlati, o`z eli osoyishtaligiga sarf qilgan Ulug`bek siymosi sahifalar osha qad ko`taradi. Biroq, uning o`z davrining donishmand farzandi sifatidagi salohiyati Ali Qushchi faoliyati va xotiralari fonida yanada go`zalroq, yanada jozibaliroq ochilgan. Ulug`bek Ali Qushchiga Jahongir Temurning oltinlaridan berib, mabodo fojia yuz berguday bo`lsa ilm xazinasini qutqazib qolishni buyuradi. Kitobxonlar uning nigohi bilan yerdan shiftgacha terilgan uch qator qora charm jildlik og`ir, qalin kitoblar bilan tanishadi, ularning olis Qohiradan keltirilganini, Sohibqiron Amir Temur Kuragoniy sulton Boyazid Yildirimga qarshi yurish qilganida o`sha tomonlardan olib kelganini, lekin ular hanuzgacha yaxshi mutolaa etilib, sharh qilinmaganini bilib olamiz. Yozuvchi Ali Qushchini o`z davri olimlarining adabiy tipi yuksakligida yaratishga intilib, uning turmush tarzi va ilmiy faoliyati tasvirida, Ulug`bek davri ilmiy muhitining, ijtimoiy shart-sharoitlarining qirq yil davomida ustod bilan birgalikda ishlashning nurli izlari qolganini uning xotiralarini qayta jonlantirish jarayonida mohirlik bilan ochib beradi. Bu vosita shogird xotirasida ustodlar buyukligi, ularning ilm-fan ravnaqi yo`lidagi rahnamoliklari hamda ilmlar xazinasining egasi bo`lib yetishgan shogirdlar sadoqatining haqqoniy mezonidir. Ali Qushchi xotirasi ustozlar adabiy tipini yaratuvchi kuchli vositaga aylanadi. “Esida bor, iliq bahor kuni Mavlono Qozizoda Rumiyni Mirzo Ulug`bek o`zi boshlab kelgan edi. U mahal a`lohazratlari ayni kuchga to`lgan, yosh, iqtidorli yigit edi. O`zi ham egnidagi zarrin libosi, boshidagi simobiy dastori, butun shiddatli qiyofasi bilan yonidagi barcha a`yonlardan ajralib turardi. Shu boisdanmi, a`lohazratlarining yonida ustod Qozizoda Rumiy yana ham nimjonroq va ojizroq ko`rinardi. Lekin, bu nimjongina oppoq cholning vujudidan allaqanday ichki bir ziyo, kishini o`ziga rom qiluvchi bo`lakcha mehr yog`ilib turardi”. Bularning barchasi xotira shaklidagi badiiy to`qimalardir. Unda davrning ilmiy hayoti qayta jonlanadi: “Mavlono bilan Mirzo Ulug`bek chinor soyasidagi baland kursilardan joy olishdi. So`ngra ustod Qozizoda Rumiy onhazratning iltimosi bilan zarbof matoga o`ralgan qalin kitobini ochib, riyoziyot ilmi hamda bu ilmning falakkiyoti o`rganishdagi o`rni to`g`risida bahs yuritdi. Ali Qushchi ustodning riyoziyot ilmiga bag`ishlangan bu purhikmat kitobini madrasada ko`p mutolaa qilgan edi. Lekin mutolaadan olgan zavqi bir bo`ldiyu, Mavlononing og`zidan eshitgani bir bo`ldi. Ustod murakkab riyoziyot masalalarini shunday muloyim ovozda shunday tiniq bir mantiq bilan yechib berdiki, Ali Qushchi go`yo risola emas, ajib musiqa tinglayotgandek erib ketdi... Faqat Qushchi emas, Mirzo Ulug`bek bilan birga kelgan barcha ayonlar va barcha ilm ahli va hattoki, ilm-fandan uzoq arkoni davlatlar ham boshlarini egib, chuqur sukutga cho`mib eshitdilar. Nihoyat, ustod kitobini yopib, a`lohazratlariga qaradi. A`lohazratlari mavlonoga tashakkur bildirib, hamon sukut saqlab o`tirgan a`yonlar va barcha tolibi ilmlarga yuzlandi... ustodning kalomi ayon bo`lgan – bo`lmaganligini so`radi. Mirzo Ulug`bekning so`rog`iga biron kimsa javob bermadi. Mavlono Qozizoda Rumiy xafaqon bosh chayqadi, Mirzo Ulug`bek esa miyig`ida kulimsirab qo`ydi. Shunda Ali Qushchi iymanibgina o`rnidan turdi va qisinib- qimtinib unga hamma narsa ayon ekanini izhor qildi. Mavlono Qozizoda Rumiyning ko`zlari charaqlab ketdi. Mirzo Ulug`bek esa ilmi riyoziyot va handasa borasida ustma –ustiga savollar berdi. Ali Qushchi avval tortinib, keyin esa xiyol dadillanib, hamma so`roqlarga javob berdi. Shundan keyin Mirzo Ulug`bek uni yoniga chaqirib, avlod - ajdodini, qaysi madrasada, kimlardan ta`lim olganini surishtirdi, ustod Qozizoda Rumiy esa, mayin soqoli bilan uning yuzini silab, peshonasidan o`pdi”. Mana, sizga xotirada jonlangan adabiy tiplar, Ali Qushchining ilm dunyosiga kirishi tarixi. Romanda Ali Qushchi shu qutlug` dargohni deb, shu ilm durdonalarini deb dunyo lazzatlarini tark etib, hatto nogiron onasini yum-yum yig`latib, uylanmoq va farzand ko`rmoq baxtidan mahrum bo`lib umr o`tkargan tarixiy shaxs qiyofasida tasvirlangan. Uning boshiga har qanday fojialar tushganda ham ilm xazinasini bid`at va xurofon xurujlaridan saqlab qola olgani ochib berilgan. Bu adabiy tip Ulug`bek davri haqiqatining badiiy ko`zgusiga aylangan. Shu ko`zguda padarkush Abdulatif o`zining kechirilmas gunohlarga botgan taqdirini ochiq – oydin ko`radi. Romanda davr haqiqatini bor ziddiyati bilan ko`rsata oladigan eng ulkan, eng tiniq ko`zgu Ulug`bek siymosidir. Bu zot shu qadar ziyrakki, o`zi shoh sifatida bosib o`tgan yo`lni xayolan chuqur tahlil qilib, qanday xatolar saltanatni xavf ostiga qoldirganini bexato topa oladi. U saltanat boshiga tushgan xavf- xatarning bosh sababchisi volidai mehriboni Gavharshodbegim ekanligini, uning saroyni johil – gumrohlarga to`ldirib yuborib, begunoh qatl va qirg`inlarni avj oldirib, shahzodalar orasiga nizo urug`ini sochib, farzandning otaga qarshi tig` ko`tartirganini yurak to`la dard bilan idrok etadi. Ulug`bekning bu boradagi o`y iztiroblarida o`sha davrning dardchil hasratlari toj-taxt uchun kurash fojialari, ya`ni davr haqiqati ko`zgusida tasvirdek tiniq ifodalanadi. Ulug`bek mana shu xatodan johil ulamolaru, g`arazgo`y sarkardalar ustalik bilan foydalanib, xoinlik yo`liga o`tgan nodon Abdulatifni padarkushlik sari boshlayotganliklarini ham yaxshi biladi: biladigina emas, balki o`z taqdirining fojiali yakunini bashorat ko`zgusida ko`ra oladi: “Xuroson yurishidan ko`p boylik, yuksak rutba va shon-shavkat kutgan sarkardalarning hamma umidlari puchga chiqdi. Ne chora, bu og`ir yurish zafar keltirmadi. Keyinchalik, Mirzo Ulug`bek o`z o`g`li Abdulatifga qarshi qo`shin tortib, Jayhun bo`ylariga otlanganida esa, Samarqandda qolgan shahzoda Abdulaziz ko`p nomaqbul ishlar qilib, bir qancha nufuzli amirlarni unga qarshi qo`yadi, urushdan charchagan fuqaro ham undan soviydi. Oqibat, mana qirq yillik mehnati xavf ostida turibdi... U shogirdi Ali Qushchining ming chandon haq ekanini dilidan his etar, ayni zamonda uning boyagi gaplari qayta-qayta esiga tushib, yuragini o`rtar edi”. Bu azobli o`ylarda faqat Ulug`bekning o`zigagina ayon bo`lgan jamiyatni boshqarish, toju taxtdan ilmu funun yo`lida, el-yurt farovonligi yo`lida qattiqqo`llik bilan foydalanish, kelgusi avlodlar uchun umrboqiy ma`rifat xazinasini meros qilib qoldirish to`g`risidagi haqiqat o`z badiiy ifodasini topgan Ulug`bekning buyukligi shundaki, u o`ziga zamondosh bo`lganlardan beqiyos darajada yuqori turgan va hayratda qoldiradigan darajada koinot sirlarini ochgan. O`z davridagi shohlik an`analari va davlatni boshqarish qonuniyatlari bilan mahkam bog`liq bo`lgan bu mutafakkir ularning barchasiga qarshi borib, o`z ilohiy aqliga to`g`ri keladigan qonunlarni joriy qiladi, ilmiy kashfiyotlarga ma`rifatga keng yo`l ochadi, ilm xazinasini boshqa xazinalardan ustun qo`yadi, insonni o`ziga nazar solmoq va o`zligini tanitmoqqa o`rgatadi. Shunday qilib, Ulug`bekning o`zi ta`kidlaganday, boshqa shoh va boshqa fotihlardan Ulug`bekni kelgusi avlodlarning ajratib ola bilishiga yo`l ochiladi. Biroq, Ulug`bekdagi bu alohidalikni uning o`z davri qabul qilmaydi va boshqa fojialardan chiqmaydi. Bu davr haqiqati edi. Romanda o`z davrining adolatli va ma`rifatparvar hukmdori bo`lgan Ulug`bek vositasida, ya`ni uning to`g`risidagi cheksiz o`ylari, tushlari, xotiralarida jahongir Amir Temur siymosi qad ko`taradi. To shu roman yaratilgunga qadar Amir Temur haqida bir tomonlama mulohaza yuritish odat bo`lib qolgan edi. Uning ulug` inson va buyuk sohibqiron sifatidagi fazilatlarini birinchi bo`lib tan olgan va buni Ulug`bek nigohi bilan e`tirof etgan dastlabki ijodkor Odil Yoqubovdir. U o`z romanida Ulug`bekning bolalik chog`larida bobosi Amir Temur bilan muloqotlarini nihoyatda go`zal tarzda qayta jonlantiradi: “U hali kichkina bola edi. Bir gal olis safardan qaytgan bobosi bir-ikki hafta shu bog`da turdi. Xuddi mana shu buloq bo`yiga suyukli enagasi Saroymulkxonimning havorang ipak saropardasi to`qilgan edi... Goho enagasi oldiga etak tutib, chodir yonidagi bo`liq oq biyani o`zi sog`ar, so`ng, alohida meshga quyib, qiyomiga keltirib qimiz qilar va yaxday buloqqa tashlab qo`yardi. Ahyon-ahyonda bu qimizni ichgani havorang saropardagi bobosi Amir Temur kelardi. U sezilarlik oqsoqlansa ham, aso ushalmas, novcha qaddini yigitlarday tik tutib: go`yo bir yoqqa shoshayotganday shitob bilan yurar edi. U hech qachon qimmatbaho zarrin to`nlar kiymas, yozgi saroyida ham tuya junidan to`qilgan oq sarg`ish chakmonini yechmas, o`tirganda chakmonining etagi bilan mayib oyog`ini o`rab, tizzasini silab o`tirar edi. Bobosi Amir Temur oq yuzli, qirg`ay burun, siyrakkina cho`qqi soqol odam edi. Undan hamma hayiqar, u siyrak qoshlarini chimirib, o`tkir ko`zlari bilan qadalib qaraganda, hech kim tob berolmas, hamma ko`zini olib qochar, u kelayotganda har kim turgan joyda qo`l qovushtirganicha qotib qolar edi. Lekin ajabo kichkina Muhammad Tarag`ayni ko`rganda bobosining qovog`i ochilib, chehrasidagi shiddat bo`lakcha bir muloyimlik bilan almashar, o`tkir nigohida sho`x uchqunlar o`ynar edi. Odatda u nevarasini tizzasiga o`tqazib erkalar, aksariyat mudarrislarni chaqirib, nevarasining saboqlarini surishtirar edi. Mudarrislar Ulug`bekning zehnini maqtashsa, bobosi nevarasining keng peshonasidan o`pib kular: Barakallo sizga. Amir Temur avlodidan ham Xorun Rashidday bir fozil podshoh chiqsin-da, -deb qo`yar edi. Goho esa, bil`aks nevarasini mutolaa ustida ko`rsa, jahli chiqar, darg`azab bo`lib nevaralaridan biriga: Olib chiq. Ot minsin. Qilich o`ynasin, - deb buyurar edi... (68-69-betlar). Yozuvchi Amir Temur shaxsiyati, aql-idroki, shijoati, davlatni boshqarishdagi tadbirkorligi, ayniqsa, nevarasi Ulug`bekka munosabati, uning taqdiriga rahnamoligini yuksak mahorat bilan tasvirlar ekan, buyuk insoniy fazilatlar sohibi bo`lgan buyuk sarkarda va davlat arbobi obrazini birinchi bo`lib o`zbek romanchiligida olib kiradi. Yozuvchi Ulug`bekning tush ko`rishi lahzasi orqali Amir Temur qiyofasini chizar ekan, unga qalb nuri, hissiyoti, mehru sadoqatini singdirib yubora olganining guvohi bo`lamiz. “Yoshi o`n beshga to`lmasdanoq Movarounnahr taxtiga o`tirgan Mirzo Ulug`bek yomon bir tush ko`radi. Tushida bobosi bilan qattiq to`qnashadi: -Hoy shahzoda valiahdim Muhammad Tarag`ay. Qayga qochursan? To`xta? Mirzo Ulug`bek qarasa qabr ustida Xo`ja Ahmad Yassaviy emas, bobosi Amir Temur turar emish. Egnida qora movut chakmon, boshida uchi nayzasimon mis dubulg`a, belidagi kamarida oltin sopli qilich, bobosi qovog`ini solib, darg`azab bo`lib turarmish. -Sulton Muhammad Tarag`ay, - dermish u, qovog`i yozilmay. – Men seni o`n to`rt yashar chog`ingda Movarounnahr taxtiga o`tqazganimda umidim shu edimi? Qani aytchi, Movarounnahr sultoni: Men bu dashti azimda Xo`ja Ahmad Yassaviyga bu maqbarai muazzimani nechun ko`rdirdim? Murodim ne manim? Uni hamisha erkalab gapiradigan bobosining tovushidagi bu qahr Mirzo Ulug`bekni seskantirsa ham o`zini bosib javob berarmish: - Bu maqbarai muazzimani qurdirishdan muddaongiz ul pirimurshid Xo`ja Ahmad Yassaviy hazratlarining pokiza ruhini shod etmoqdur, qiblagoh... - Pokiza ruhlarini shod etmoq, - deb zaharxanda kularmish Amir Temur. – Bu maqbarani tiklamoqdan murodim:... Oltin O`rda ila Qalmoq va dashti qipchoq hoqonlarini titratmoq edi... Notinch qora xalq bu dahmai muazzamni ko`rib dahshatga tushsin, kunu-tun tiz cho`kib tavof qilsin, eski g`animlarim bo`lmish Oltin O`rda ila qalmoq hoqonlari esa mening sarhadim shu mahobatli maqbara ekanini bilib daf bo`lsin, ani bosib o`tmoqdin hayiqsin, deb barpo etgan edim buni. Attang, oltin taxtimni senga ishonib topshirganimda ne bo`ldi? Ana pastga qara. Quzg`un Baroqbek suvoriylari shaharni zabt etar, bu maqaddas dargohni toptar xor qilar. Bobosi qaltiroq bosib, qisiq ko`zlarida o`t chaqnab, shaharga imo qilarmish. Mirzo Ulug`bek qarasa, atrofidagi shahar ko`chalarida, ikki yoni rasta mavzelarda qalmoq bashara suvoriylar, oysimon egri qilichlarini o`ynatgan yasovullar suron solib ot o`ynatishar, uylarga o`t qo`yishar, hammayoq dud va yong`in ichida qolgan emish. -Movarounnahr o`t ichida qoldi, - baqirarmish bobosi. –Sen esang, bu orsiz xotining birlan bu mozor ustida besharmi hayo o`ynashib yurasen. Bilib qo`y: boshingga bu tojni men qo`ndirgan edim, men olib tashlaymen. YO bu badxohlarni sarhadimdan daf etasen, yo tojimni qaytarib berasen. Amir Temur qahr bilan unga tomon yurarmish. Mirzo Ulug`bek dahshatga tushib, orqaga tisarilarmish... U go`yo asfalasofilinga qulayotganday bo`lib uyg`onib ketdi. Lekin o`shanda uni bu mudhish tushdan ham ko`ra ko`proq hayratga solgan narsa shu bo`ldiki, tong paytida olis Yassida uning huzuriga o`n nafar yigit arz qilib keldi: Sayxun sohilida ko`chmachilik qilib yurgan Baroqbek botir Yassi va Sig`noq shaharlarini zabt etib, shahar tevaragida Gulday qishloqlarni talon-taroj qilgan emish. Hayratga tushgan Mirzo Ulug`bek o`sha zahotiyoq lashkar to`plab, Baroqxonga qarshi yurish boshladi...” (44-45-betlar). Yozuvchi Ulug`bek xarakteriga xos badiiy chizg`ilarni qog`ozga tushirar ekan, davr farzandi bo`lgan ana shu buyuk zot o`rniga o`zini qo`yib, uning kechinmalarini o`z dardlari ila bo`ylashtiradi. Ulug`bekdagi his, ichki dard, uning qalbini ham kemirib yuborgan. Balki, yozuvchi odil, olim, ma`rifatparvar shohning so`nggi damlarini qalamga olar ekan, o`zi yaratgan adabiy tip-Ulug`bek singari o`zini qayerga qo`yishni bilmay qolgandir. Ulug`bek dardiga esh bo`lib, yuragidagi dardlarini qog`ozga to`kkandir. Chunki, bu dard azob berish darajasiga yetmaganida edi, o`z suyukli qahramoniga bu qadar shafqatsizlik qilib, unga ibrat qilib, boshqa bir shohni – Jahongir Amir Temurni ulug`lab, uning shaxsiga yukinib, nuroniy siymosiga sajda qilib, roman sahifalariga kiritmagan bo`lur edi. Yozuvchi Ulug`bekni o`z davrining peshqadam allomasi, yuksak did sohibi, butun umrini haqiqat va adolat tantanasi yo`liga baxshida etgan Amir Temur oldida sinovdan o`tayotganday bir qiyofada gavdalantiradi. Romanning qaysi bir sahifasida Amir Temur qiyofasi ko`zga tashlanmasin, unda ulug` sohibqironning o`z nevarasi Ulug`bekdan roziligi yoki noroziligi izhor etilgan bo`lsa, buni adibning ichki majburiyati uni yozishga majbur qilgan davr haqiqati, uni o`z ixtiyoriga bo`ysundirgan hissiyot deb izohlash lozim. Chunki bu hissiyot Amir Temurning bashorati edi. U Ulug`bekdan mamnun bo`lib, “Temur avlodidan Xorun Rashidday fozil bir podshoh chiqsin-da” deb bashorat qilgan ekan, bu bashoratni Ulug`bek o`z ilmiy faoliyati orqali ro`yobga chiqazdi. Biroq, Amir Temur Ulug`bek siymosida o`zidagi jahongirlik, siyosatdonlik, harbiy sarkardalik fazilatlari yetishmasligini sezib, “olib chiq. Ot minsin. Qilich o`ynasin”, - deb norozilik bildirgan ekan, bu bashorat ham saltanatning xavf ostida yemirilib borayotgan damlarida butun dahshati bilan ro`yobga chiqayotganday bo`lib ko`rinadi. Ulug`bek bolaligida rahnamo bo`lgan bobosi unga toj-taxt topshirilganida ham bo`lajak fojialardan ogoh etib, tushlariga kiradi. “YO bu badxohlarni sarhadimdan daf etasan, yo tojimni qaytarib berasan”, - deb shart qo`yadi. Ulug`bekning bolalik xotiralari va tushi vositasida voqealar rivojiga olib kirilgan sohibqiron Amir Temur obraziga asarda juda qisqa o`rin berilsa-da, u ulkan adabiy tip darajasida tasvirlangan. Yozuvchi o`z bosh qahramoni siymosida yetishmagan davr haqiqatini shu buyuk zot siymosida bera olgan. Uning buyuk shaxs va arbob sifatidagi fazilatlarini ba`zan xotira, ba`zan tush shaklidagi badiiy to`qimalar vositasida mahorat bilan tasvirlagan adib sohibqiron bobomizning kamsitadigan sho`roviy qarashlarga qaqshatqich zarba berdi. Bu yozuvchining chinakam badiiy jasoratidan nishona edi. U Amir Temurning harbiy yurishlariga ham xolisona baho berishdan cho`chimadi. Buyuk sohibqironning eng avval, Samarqandni va undan so`ng ona yurti Keshni obodonlashtirgani, ularning salobati va jahonshumul ulug`vorligini orttirishga intilgani ham tarixiy haqiqatdir. Amir Temurning bunyodkor va elparvar hukmdor sifatidagi siymosi ham Ulug`bek hissiyoti vositasida roman sahifalarida qayta jonlantirilgan. “Mirzo Ulug`bek og`ir xo`rsinib oldinga, ko`kimtir tuman orasida elas- elas ko`zga chalingan tog`larga tikildi. Ilgarilab ketgan qo`shin ko`rinmas, faqat oldindagi yassi qir va adirlarda ot o`ynatib yurgan suvoriylar guruhi ko`zga chalinar edi, xolos. Ko`kimtir tuman orasidan elas-elas ko`ringan dovon ortida ajdodlarining yurti yotibdi. Rahmatli bobosi Amir Temur ham Mirzo Ulug`bek ham ko`hna Keshga bo`lakcha mehr qo`ygan edi. Keshda Amir Temur hukmi bilan barpo bo`lgan Oq saroy dahmasida barlos urug`i zodagonlarining xoki yotibdi. Bobosi Temur birlamchi – dorulsaltanat Samarqandni obod qilgan bo`lsa, ikkilamchi – o`z ona shahri Keshni obod qildirgan, tuman orasidan bazo`r ko`rinib turgan dovon etagida esa, odam kirsa adashib qoladigan “Bog`i behisht”ni barpo qildirgan edi. Chindan ham behishtga o`xshagan bu boqqa olis Misriya xurmolariyu, xushbo`y xitoy olmalarini, Hindistondan esa ajoyib banan daraxtlarini keltirib o`stirgan edi. Bog`da, tog` etagidagi xushbo`y archazorda, shoxlari qulochga sig`maydigan oq arxarlar, o`ynoqi kiyikchalar, ko`zlari ma`sum ohular gala bo`lib yurardi. Tiniq, shaffof buloqlarda, oq marmardan yasalgan hovuzlarda oltin baliqlar suzardi... Bobosi Temur qiyin safarlardan charchab qaytganida, aksariyat shu bog`da hordiq chiqarar, tog` yon bag`ridagi xushbo`y archazorlarda ov qilar, xorijiy ulus elchilarini hayratga soluvchi shohona ziyofatlar, ma`rakalar o`tkazardi...” (46-47- betlar). Asarda o`rni-o`rni bilan Temur shaxsiyatiga murojaat qilinishi yozuvchi badiiy to`qimasining haqqoniyligi va ta`sirdorligini kuchaytirib, Ulug`bekning badiiy siymosini yorqin tasvirlashga xizmat qilgan asarda yozuvchi barcha g`oyaviy yo`nalishlar ortida turib, ularni mohirlik bilan boshqarib boradi. Nitajada o`ziga xos ma`naviy olam sohibi bo`lgan ulug` sarkarda Amir Temurning ibratli insoniy fazilatlari Ulug`bekka madad beruvchi ruhiy quvvatga aylanadi, Shayxulislom Burhonuddinning “toju taxt qo`lda ekan, uni mahkam tuting, davlatpanoh”, deb bergan daldasi bir vaqtlar otasi Shohruh Mirzodan eshitgan bir hikoyani yodiga tushiradi. Hikoyatda Amir Temurning qo`l bergan piri Said Barakaning O`rol sohillarida To`xtamishxon bilan olib borilgan jang paytidagi tadbirkorligi, dovyurakligi, g`alabani ta`minlashdagi jasorati ulug`langan. Ulug`bek yonidagi Shayxulislom Burhoniddin, sevimli navkari Bobo Husayn Bahodir, shogirdi Ali Qushchi, dorug`a Mironshohlar sadoqatiga ishonadi. Yozuvchi ham kitobxonlarni shunga ishontira olgan. Biroq ana shu ishonch fitna va bo`htonlar girdobiga tushib qolgan Ulug`bekni fojeiy qismatida ogoh etolmagani va saqlab qololmagani tarixiy haqiqatning chigal nuqtalaridan biri sifatida juda og`ir hissiyotlar ifodasida ochib berilganki, bu ham yozuvchining bevosita hayotiy voqelikdan kelib chiqib badiiy haqiqat yaratuvchi ijodkor ekanligini ko`rsatadi. Romanning ikkinchi qismi padarkush Abdulatifning olti oylik hukmronligi davridagi voqealarning badiiy in`ikosiga bag`ishlangan. Ko`rinadiki, romanda bir-biriga o`xshamaydigan, har biri o`zicha bir “yangi olam” bo`lgan uchta shohning tipik obrazi yaratilgan. Birinchisi – yirik markazlashgan kuchli davlatning asoschisi bo`lib, O`rta Osiyo aholisini chet el bosqinchilari zulmidan qutqazgan xaloskor bo`lsa, ikkinchisi butun bashariyatning mulki bo`lib qolgan ilm xazinasining yaratuvchisidir. Uchinchisi esa toju taxtni egallash ishtiyoqida, fitnalarga uchib, otasini qatl ettirgan Abdulatifdir. Agar romanning birinchi qismi Ulug`bekning sevimli shogirdi Ali Qushchining og`ir hissiyotlari bayonidan boshlangan bo`lsa, ikkinchi qismi Ulug`bekning yana bir shogirdi Mavlono Muhiddin oilasidagi bezovtaliklar tasviridan boshlanadi. Ulug`bekning o`limi to`g`risidagi dahshatli xabar Salohiddin zargar bilan uning o`g`li Muhiddin o`rtasiga ziddiyat soladi. Otani qatl qildirgan padarkush davrida qirg`inlar boshlanishini Salohiddin yaxshi biladi: “- Endi qirg`in boshlanur, - dedi Salohiddin zargar, o`g`lining vahimali shivirlashiga e`tibor bermay. – Ustozingning barcha xeshu aqrabolari, do`stu shogirdlari shahzodaning qahriga yo`liqadur, ta`qib ostida qoladur... - Nechun? - Nechun? – Salohiddin zargar kalaka qilganday ishshaydi. – Shungayam aqlingiz yetmaydimi? Hamma davr, hamma zamonda shunday bo`lgan, o`g`lim. Eski to`n yangi xo`jayinga to`g`ri kelmaydur. Ko`plar qirg`inga uchraydur, ko`plar rahmatlik, Mirzo Ulug`bek yanglig` kallasidan judo bo`lur... Haq taolog`a shukrkim, buni bilganday Shayx Nizomiddin Xomush hazratlariga pirim deb qo`l bergan ekanman... - Valine`mat... Jannatmakon ustoddan ko`p yaxshilik ko`rgan edik... - Yaxshiliklar ko`rgan bo`lsang... so`zla. Masjidi jomening minbariga chiqib jar sol. Yaxshilik emish. Ulardan ko`rgan jabru jafo yodingdan ko`tarildimu? Suyukli o`g`li, do`zaxiy Abdulaziz ne qildi? Ollodan tilab olgan qizing Xurshida, ko`zimning nuri g`unchasi ne bo`ldi? - Ustod shahzodaning bu mash`um qilmishidan bexabar bo`lgan... - Bexabar emish...- Salohiddin zargar g`alati xi-xilab kuldi. - Barakallo senday koinot sirlarini bilgan allomai munajjimga. Alloma emas, besavod avom sendan yaxshidur. Bilib qo`y, hoy, muallim ul-avval Arastu. Erta bir kun qirg`in bo`lganda hammadan burun sening boshing ketadur. Hamma dahriy allomalar orasida birinchi bo`lib sening kallang qilichdan o`tadur. Sening uyingga o`t qo`yiladur. Sening...” (133-134-betlar). Ikki qismdan iborat bo`lgan bu romanning har bir fasli shogirdlar ruhiy iztiroblari tasviridan boshlanishi badiiy to`qima qatlarida qandaydir bir sehr yashirinib yotganligidan dalolat beradi. Ulug`bek rozi bo`lgan shogirdidan yozuvchi ham rozi, norizo bo`la boshlaganidan esa adibning ham ko`ngli qolganligi sahifalar osha oshkor bo`la boradi. Yozuvchi birinchi qismda Ali Qushchini nechog`lik mehr-muhabbat bilan tasvirlasa, ikkinchi qismda Mavlono Muhiddin qiyofasini shu qadar jirkanish hissi bilan jonlantiradi. Uning otasi ta`sirida Nizomiddin Xomush dargohiga borishi va undan topshiriq olib, ustozi xotirasiga xiyonat qilishga o`quvchida ham nafrat uyg`otadi. Agar romanning birinchi qismida toj taxt uchun kurash fitna-yu bo`htonlar ma`rifat chirog`ini o`chirish umidida ustod va shogird boshiga qiyomatlar to`fonini yog`dirganligi tasvirlangan bo`lsa, bu hissiyotlar girdobi ikkinchi qismda Ali Qushchi va Mavlono Muhiddinlarni o`z domiga tortadi. Mavlono Muhiddin asta-sekin xoinlik yo`liga kirib, aqldan ozadi va bu yorug` dunyo bilan xayrlashadi. Ali Qushchi esa Mavlono Muhiddin bilan avaxta azoblarini yengib o`tadi va insoniyat tafakkurining mahsuli bo`lgan ilm xazinasini saqlab qoladi. Asarning ikkinchi qismida padarkush Abdulatifning boshiga tushgan hissiyotlar to`foni va uning qalbini kemiruvchi ichki kechinmalarni tasvirlash markaziy o`rinni ishg`ol qiladi. O`z otasini xoin sarkardalaru sotqin ulamolarning g`ij-g`ijlashi oqibatida qatl ettirgan padarkush endi Amir Temur ganjlarini izlab topish istagi bilan yonadi. U otasining ilmiy xazinasini yer yuzidan yo`qotish niyatida uning shogirdlari bilan yuzma-yuz fikrlar jangiga kirishadi. Bu jangda Ali Qushchidan zarba yeydi, uni bukib ololmaganidan azoblanadi. Mavlono Muhiddinning qo`rqoqligini ko`rib, undan jirkanadi. Padarkush Abdulatif ham o`z davrining sotsial tipi. Yozuvchi buni chuqur idrok etgan holda toj-taxtga ega bo`lish uchun har qanday tuban ishlardan qaytmaydigan qotil tojdorlarning umumlashma obrazini yaratgan. Shu boisdan ham uni tarixiy shaxs Abdulatifning oddiygina nusxasi deya olmaymiz. Abdulatifning saroyda boshlagan qirg`inlari o`sha davr tojdorlarining haqiqiy basharalarini ochib beruvchi manzaralarning tipiklashtirilgan, individuallashtirilgan haqiqati edi. Ketma-ket qirg`inlar Abdulatifni vos-vos kasaliga mubtalo qilib qo`yadi. Yozuvchi padarkushning bir-ikki kundayoq lunjlari o`yib olinganday ichiga botib ko`zlari katta-katta bo`lib, cho`pday ozib ketganini tasvirlar ekan, shahzodaning vujud-vujudini qaqshatgan bu vasvasadan qutulish uchun sharobga zo`r berishini, uning shafqatsizligidan, davlatni boshqarishdagi zulmidan bezgan sarkardalar va nufuzli beklar orasida ham norozilik kuchayganidan kuchayib borishini davr haqiqati tarzida tipiklashtiradi. Butun saroyni, hattoki, butun dorulsaltanatni cheksiz, betizgin, beshafqat g`am chulg`ab olgan. Hatto qalandarlar chehrasi ham so`lg`in: “Qashqar chalqancha yotib, osmon to`la g`uj-g`uj yulduzlarga tikildi. Nazarida osmonni to`ldirib yuborgan bu oppoq yulduzlar go`yo unga ko`z qisib mazax qilayotganday, ular go`yo yulduz emas, olam sirlaridan xabardor allaqanday jonli narsalarday bo`lib tuyuldi. Mirzo Ulug`bek hazratlarini shahriyori falak- iqtidor deguvchi edilar, bu hududsiz koinotning barcha sir-asroridan boqif donishi jahon deguvchi edilar. Shu sabab ulamon kiromlar u zoti sharifni ham yomon ko`rishar, ham undan qo`rqishar edi... Filhaqiqat: bu so`zda bir hikmat borga o`xshaydikim, kimki u donishi jahonga g`animlik qilsa, holi voy bo`ldi. Mirzo Ulug`bek hazratlariga qilich ko`targan battollardan biri Said Abbos edi, u ham haq taoloning qahriga yo`liqdi. A`lo hazratlarining tuzini yeb, tuzlig`iga tuflagan qancha amiru umaro qatli qirg`inga uchradi. Endi navbat shahzodaning o`ziga keldi...” (232-bet) Xuddi birinchi qismdagidek hissiyotlar quyuni ichra qonli manzaralar sharpasi ko`rina boshlaydi. Abdulatif yomon bir tush ko`rib, butunlay aqldan ozadi. Buning guvohi bo`lgan Ali Qushchi “Hayhot. Kim aytmish, bu noraso dunyoda haq va adolat yo`q deb, bor. Kimki, bu dunyoda yomonlik qilsa – xoh shoh bo`lsin, xoh gado – u jazosiz qolmaydi”, - degan xulosaga keladi. Toj taxt va shon-shavkat ishqida allomalar sarvari yoqqan ilm mash`alini so`ndirib, Movarounnahrni zulmat qo`yniga tashlamoqchi bo`lgan, bandai mo`minlarni qatli om qilgan, mehru vafo o`ringa jabru jafo keltirgan ilm-ma`rifat o`rniga zulmat urug`ini sochgan Abdulatif o`tmishda yashagan zolim tojdodlarning adabiy tipga aylangan badiiy obrazidir. Yozuvchi uni ana shu niyatda yaratgan. Uning fojia bilan tugagan taqdirida ham o`sha davr haqiqati yaqqol ko`zga tashlanib turadi: “... Ana qiyqiriqlari olamni tutgan qora to`fon pastdagi xadaqqa yetdi. To`fonning oldida bir-birlarining otlarini qamchilagan ikki suvoriy kelardi. Niqoblarini yulib olgan bu ikki suvoriyning biri... Amir Sulton Jondor edi. Ikkinchisi yo rab. Xuddi tushida barkash ko`tarib kirgan navkarga o`xshagan bu ikkinchi suvoriy... ko`pdan beri fitna qo`zg`ab qochib yurgan Bobo Husayn Bahodir edi. Shahzoda jon holatda otining boshini burdi, lekin qochib borayotgan navkarlarga yaqinlashib qolganida, to`satdan yelkasiga zaro bilan qadalgan o`q- yoy uni bukchaytirganicha egardan ag`dardi... Shahzoda holsizlanib ko`zini yumarkan, tusatdan qonli bulutlar orasidan chiqib kelgan padari buzrukvorini ko`rdi... “Jigargo`sham, bolam... Pushti kamarimdan bo`lgan zurriyotim Padaring boshiga yetgan bu quzg`unlar sening boshingga ham yetibdur. Ne chora? Ota-bobongga vafo qilmagan bul mash`um toju taxt senga ham vafo qilmaydur, dedim. So`zimga inonmading. Ne qilay, bolam”?... Olamni tutgan qahrli suron yaqinlashib kelmoqda. Ko`z yoshi aralash bu mungli ovoz esa, aksincha, tobora uzoqlashmoqda edi... Shahzoda go`yo otasini to`xtatmoqchi bo`lganday bor kuchini yig`ib tolpindi, tolpindiyu boshi uzra ko`tarilgan yalang`och qilichni ko`rib, ko`zini yumdi, yumarkan: “Gunohkor farzandingizni kechirgaysiz, buzrukvor”, -deb pichirladi. (298-299-betlar). Ko`rinadiki romanda uchta podshohning adabiy tipi yaratilgan. Ularning har birida o`zi yashagan davrning tarixiy haqiqati individual badiiy qiyofa kasb etgan. Biroq, shular orasidan ikkinchi podshoh – Mirzo Ulug`bek romanning bosh qahramoni qilib tanlangan. Yozuvchi uning siymosini barcha davrlarga tatiydigan katta bir haqiqat yog`dulari bilan nurlantirgan. Romanning Ali Qushchi ruhiy kechinmalari bayoni bilan boshlanib, Ali Qushchining dardchil iztiroblari bilan tugatilishida ham ana shu haqiqatga daxldor hukm bor: “- Hanuz xotiramda. O`sha mash`um kechadan sal oldin ustod bilan xuddi mana shu yerda uchrashib vidolashgan edi. Rahmatlik ustod bu nodir xazinani saqlamoqni faqirga yuklagan edi. Endi kamina buni ikkovingga, ikkovingga olloga topshiramen. Abadul-abad eslaringda bo`lg`ay: “Movarounnahr donishlarining aql durdonalari yig`ilgan bu noyob xazina bo`lg`usi avlodlar uzoq zurriyotlarimizga xizmat qilur. Zerokim, Movarounnahr elini chulg`agan bu zulmat tarqagan kunida qaytamen, degan umiddaman. Va lekin qaytmay musofirlikda olamdan o`tsam... bu xazinani ko`z qorachig`iday saqlangiz, so`ng inongan shogirdlaringga topshiringiz, ular ham o`z shogirdlariga topshirgay. Va shu yo`sin zurriyotlardan, zurriyotlarga o`tib, elimiz osmoniga oftob chiqqanda yashayturg`on baxtli avlodlarga yetib borgay... Senlardan tilaydurg`on boshqa tilagim yo`q...” (319-bet). Ko`rinadiki, har bir adabiy tip o`z davrining badiiy haqiqati sifatida tarixiy roman sahifalarida yashab qoladi. Biroq, o`z zamonasidan o`zib ketib, istiqbolni oldindan ko`ra oladigan Ulug`bek, Ali Qushchi singari adabiy tiplar yaratilgani mazkur asarga abadiylik muhrining bosilganidan nishonadur. Chunki mahoratli yozuvchi adabiy tiplar yaratayotganida uni qalbidagi muhabbat va nafrat olovini olamga sochish uchun bir vosita deb biladi hamda o`zi yaratgan har bir adabiy tipga u yashagan davrning tarixiy haqiqatini mujassamlashtirish bilan birga yana kelajakka daxldor bo`lgan haqiqat mohiyatini ham singdirib yuborishning uddasidan chiqadi. “Ulug`bek xazinasi” romanida tasvirlangan hukmdorlar obrazining badiiy tabiatiga doir mulohazalarimizni professor M.Qo`shjonovning quyidagi fikrlari bilan yakunlashni lozim topdik: “Odil Yoqubov Ulug`bek fojiasini, Ali Qushchi shijoatini, Abdulatif xoinligini, mavlono Muhiddin sotqinligini psixologik asosda ko`rsatadigan voqealarni makon jihatidan ham, zamon jihatidan ham fokusga, xarakter va voqealarni kattalashtirib, bo`rttirib ko`rsatadigan ko`zguga solgandek, bir yerga jamg`ara oladi. Kitobxon tasvirlanayotgan zamon ruhini, ma`lum bir davrdagi tarixiy fojiani, poklik va nopoklik, samimiylik bilan nosamimiylik, taraqqiyot bilan jaholat orasidagi adabiy ziddiyatni voqealar tasvirida anglab oladi”.  Adabiyotlar: 1. Sаylаnmа. Uch tomlik. T., G`аfur G`ulom nomidаgi nаshriyot, 1985-1987. 2. Diyonаt. T., G`аfur G`ulom nomidаgi nаshriyot, 1978. 3. Rаsulov А. Tiniqlik. “Yangi zаmon – Yangi qаhrаmon” kitobidа. T., G`аfur G`ulom nomidаgi nаshriyot. 1976. 4. Qo`shjonov M. Qаlb pokligi. Sаylаnmа. Ikki tomlik. 1-tom. T., G`аfur G`ulom nomidаgi nаshriyot. 1982. 5. SHаrаfiddinov O. Ijod dovonlаri oshа. “Birinchi mo``jizа” kitobidа. T., G`аfur G`ulom nomidаgi nаshriyot. 1979. 6. Hudoybergаnov N. Pаrvoz dаvom etаdi. T., G`аfur G`ulom nomidаgi Аdаbiyot vа sаn`аt nаshriyoti, 1980. 7. www.ziyonet.uz