logo

Prezident Islom Karimov asarlarida vatan geografiyasi va milliy ma'naviyat uyg'unligining yoritilishi

Загружено в:

15.09.2022

Скачано:

0

Размер:

46.21484375 KB
Prezident Islom Karimov asarlarida vatan geografiyasi va milliy ma`naviyat uyg`unligining yoritilishi Ushbu maqolada mamlakatimizdagi geografiya ta`limi va tarbiya tizimida bugungi kun talabidan kelib chiqib, e`tiborni kuchaytirish lozim bo`lgan quyidagi uchta masalaga to`xtalmoqchimiz. Birinchi masala, Vatanimizning iqtisodiy taraqqiyotida geografik imkoniyatlardan foydalanish lozimligini o`quvchilarga tushuntirib, ularning mazkur imkoniyatlardan oqilona, uzoqni ko`zlab foydalanishga tayyorlab borish, shuningdek, yuksak iqtisodiy salohiyat, tabiiy boyliklar va beqiyos imkoniyatlarga ega yurtimiz haqida ma`lumotlar berish orqali yoshlarimizda vatanga muhabbat, iftixor hissini shakllantirish zaruratidir. Bu masalani ijobiy hal etishda Respublikamiz prezidenti I.A.Karimov asarlaridan foydalanish kutilgan natijani beradi. U o`zining ko`plab asarlarida Vatanimizning o`ziga xos geografik xususiyatlarini jamiyat rivoji, iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga ko`rsatadigan bevosita ta`siri haqida yozadi. Jumladan, “O`zbekistonning o`z istiqlol va taraqqiyot yo`li” (1992) asarida o`z yo`limiz bo`lishi kerakligini asosiy shartlari sifatida vatanimizdagi o`ziga xos demografik vaziyat, siyosiy-geografik o`rin, tabiiy–iqlim sharoit kabi geografik omillarni sanab o`tgan. Olib borilgan tahliliy mulohazalar natijasida yer sharida O`zbekiston degan yurt, o`zbek degan millat bor ekan uning o`ziga xos, boshqalarga (Shved, turk yoki koreyslarga) o`xshamaydigan rivojlanish va taraqqiyot yo`li bo`lishi kerakligini ilmiy bashorat qildi. Bu bashorat hozirda taraqqiyotning “o`zbek modeli” yaratilishi bilan o`z tasdig`ini topdi. Vatanimiz geograflarining asosiy qo`llanmasiga aylangan “O`zbekiston XXI asr bo`sag`asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” (1997) asarida prezident I.A.Karimov mamlakatimizdagi geografik–strategik imkoniyatlar, tabiiy xom–ashyo resurslari, inson salohiyati va ishlab chiqarish infrastrukturasi taraqqiyotning kafolatlari sifatida baholadi. Ikkinchi masala –milliy o`zligimizni anglash, yuksak ma`naviyatimiz, uning shakllanishiga sabab bo`lgan omillarni o`quvchi yoshlar ongiga singdirib borishda geografiya fani imkoniyatlaridan foydalanishdir. Bu masalani ijobiy hal etishda prezident I.A.Karimovning 2008–yilda chop etilgan “Yuksak ma`naviyat- yengilmas kuch” asaridan samarali foydalanish mumkin. Bu asarda o`zbek millatining turmush tarzi, yuksak ma`naviyatini shakillanishida tarixiy, ijtimoiy omillar bilan birga geografik omilning ham o`rni borligi ta`kidlanadi. ”Atrofi cho`l va sahrolar bilan o`ralgan, tabiati va iqlimi g`oyat murakkab bo`lgan mintaqa sharoitining o`zi ana shu elat va millatlarning ming yillar davomida bir-biriga moslashib, yaqin yelkadosh bo`lib, bir-birining og`irini yengil qilib yashashini taqozo etib keldi” –deb yozadi kitob muallifi (9-bet). Xuddi shunday tabiiy sharoit kishilarni jamoa bo`lib yashashga, bir-birlariga oqibatli bo`lishga, yer va suvdan oqilona, tejamkorlik bilan foydalanishlarini xayotiy zaruriyat qilib qo`yadi. Kishilarda bunday fazilatlarni shakllanishiga zamin hozirlagan ona tabiat - boquvchi landshaft shu ikki daryo oralig`ida o`zbek degan millatni dunyoga kelishiga turtki bo`ldi. Millatimizning asosiy xususiyatlarini yuzaga kelishiga ta`sir ko`rsatgan geografik omillar hududiy xarakterga ega bo`lib, ular aynan O`rta Osiyo uchungina xosdir. O`zbekning vatani Amudaryo va Sirdaryo oralig`idagi bepoyon cho`l, sug`oriladigan vohalar, osmono`par tog`lar va jannatmakon vodiylardir. Bu ma`lum chegaralarga ega bo`lgan geografik landshaftda asrlar mobaynida, tabiat va qo`shni xalqlar bilan hamjihat bo`lib yashash bizning milliy mentalitetimizni yoki I.A.Karimov so`zi bilan aytganda “...bizni boshqalardan ajratib turadigan” xususiyatlarimizni shakllanishiga ta`sir o`tkazdi. Kishilardagi moddiy va ma`naviy madaniyatning o`ziga xos jihatlarini yuzaga kelishida geografik omilning ta`siri borligi haqida ulug` alloma A.Beruniy shunday yozgan edi: “Odamlar tuzilishlarining rangi, surat, tabiat va axloqda turlicha bo`lishi faqatgina nasabalarning turlichaligidan emas, balki tuproq, suv, havo va yerning odam yashaydigan joylarining turlichaligidan hamdir” (1992, 11- bet). Biroq, sho`rolar ta`limotida bunday yondashuvni geografik determinizm deb qoralab kelindi. Ayniqsa, mustamlakachilik mafkurasi bunga qarshi qattiq kurashdi. Chunki, turli geografik landshaft sharoitida yashovchi, yer sharining oltidan bir qismida “yagona sovet xalqi” yuzaga kelishini kutayotgan hukmron mafkuraga bunday qarash zid edi. Prezident I.A.Karimov “...Navro`z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko`p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo`lib kelmoqda”–deb yozadi (35-bet). Xalqimizning milliy qadriyatlari darajasiga ko`tarilgan mazkur bayram tarqalgan hududlarini o`rganish orqali, uning yuzaga kelishida ham geografik omilning ta`siri borligini ko`rish mumkin. Navro`z bahorgi teng kunlikda (21mart) yangi yilni, dehqonchilik ishlarini boshlanishi sifatida O`rta Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarida bayram qilingan. Agar bu bayramni paydo bo`lishiga geografiya fanidagi zonallik qonuniyati ta`sir o`tkazgan deb hisoblasak, unda shu yoki shunga o`xshash bayramlarni bahorgi teng kunlik kuzatiladigan, biz bilan bir xil geografik kenglikda joylashgan yer sharidagi boshqa mintaqalarda ham ( sharqda Xitoy, Koreya, Yaponiya, g`arbda Janubiy Yevropa va Amerikada) ko`rish mumkin edi. Biroq bu kun bayram sifatida faqat bizdagina nishonlanadi. Buning sababini geografiyadagi azonal qonuniyatlar tushuntirib beradi. O`rta Osiyo va Yaqin Sharq hududi mo`tadil va subtropik mintaqaning cho`l va chala cho`l zonasida, materik ichkarisida, dengizlardan uzoqda joylashgan. Bu geografik o`rin mazkur mintaqadagina bahorgi teng kunlikdan so`ng temperaturaning ko`tarilishiga, yog`inlar miqdorini ko`payib, tabiatda yangilanish, uyg`onish davri boshlanishiga sharoit yaratadi. Yoz oylarida yomg`ir keltiruvchi musson iqlimi xukmron bo`lgan Uzoq Sharqda yoki doimiy yashil o`rmonlar mintaqasidagi subtropik O`rta dengiz iqlimi xukm surgan Janubiy Yevropa va Amerikada yilning bu davrida tabiatda katta o`zgarishlar kuzatilmaydi. Prezident I.A.Karimovning mazkur asarida geografiyaning alohida tarmog`i bo`lgan joy nomlari haqidagi fan – toponimikaning bugungi kundagi vazifalarini ham belgilab berilgan. Milliy mafkuramizga zid, kishilarda hech qanday his tuyg`u, xotira uyg`otmaydigan mavhum nomlarni o`rniga, aniq tarixiy –geografik ma`nosi, milliy ruhiyati bilan ajralib turuvchi nomlarni ko`payib borayotganligi ta`kidlanadi (92 –bet). Mamlakatimiz iqtisodiyoti va millatimiz ma`naviyatiga sezilarli ta`sir ko`rsatadigan Vatan geografiyasini o`qitish va o`rganishning bugungi holati biz ko`rmoqchi bo`lgan uchinchi masaladir. O`z mustaqilligini qo`lga kiritgan xalqlar ta`lim va tarbiya tizimida yuz beradigan dastlabki o`zgarish ona tili va adabiyoti, Vatan tarixi hamda geografiyasini o`qitishga ustivor e`tibor berilishi bilan bog`liqdir. Sababi umumbashariy fanlardan farqli ravishda bu fanlar millat va u yashayotgan maskanni ulug`lashga, milliy ma`naviyat va vatanparvarlikni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu fan va bilimlarni o`qitishga mustamlakachilik davrida kam ahamiyat berilishi hammaga ayon. Mazkur tarixiy haqiqat bizning mamlakatimizni ham chetlab o`tmaganligini o`z vaqtida anglab yetgan mamlakatimiz prezidenti I.A.Karimov 1995 yil 23 fevralda o`tkazilgan Oliy Majlis sessiyasidagi ma`ruzasida shunday degan edi - “...Vatan tarixi va madaniyatini, geografiyasi va iqtisodini, qadimiy urf-odatlarimizni har tomonlama o`rganish dolzarb ahamiyatga ega. Bog`chalardan tortib oliy o`quv yurtlarigacha bo`lgan ta`lim-tarbiya tizimlarida mazkur fan va bilimlarni o`qitishga muhim siyosiy vazifa sifatida qaralmog`i lozim” (1996, 38-bet). Fanni puxta o`qitish va o`rgatishga ta`sir etuvchi omillarga ajratilgan dars soatlari, malakali mutaxassislar, darslik va o`quv qo`llanmalari bilan ta`minlanganlik darajasi kabi ko`rsatgichlarni kiritish mumkin. Bu ko`rsatkichlar bo`yicha geografiya fani boshqa fanlardan orqada qolayotganligini sezish qiyin emas. Biroq, bir ko`rsatkich borki u geografiyani o`qitish va o`rganishga bo`lgan qiziqish va intilishni asossiz ravishda pasayib ketishiga sabab bo`lmoqda. Bu oliy o`quv yurtlariga kirishdagi test sinovlari o`tkaziladigan fanlar qatorida geografiyaning tutgan o`rnidir. Agar respublikamizda test sinovlari joriy etilgan dastlabki yillarda geografiya sotsial blok tarkibida tarix bilan bir hil mavqega ega bo`lgan bo`lsa, keyinchalik u faqatgina uchta geografiya, geografiya va iqtisodiy bilim asoslari, gidrometeorologiya yo`nalishidagina saqlanib qoldi. Achinarlisi shundaki, 2008 y. 1 martda “Ma`rifat” gazetasida e`lon qilingan maqolada respublikamizda oliy ma`lumotli bakalavr mutaxassislarning barchasi (198 ta yo`nalish) ona tili va adabiyoti fanidan, 184 tasi tarix (O`zbekiston tarixi) fanidan test sinovlari topshirishi taklif etilgan. Geografiya fani esa yana faqat geograflar uchungina zarur deb topilgan. Vatanimizning bugungi kuni, qudratli tabiiy va ijtimoiy- iqtisodiy imkoniyatlari, jahonda tutgan o`rni haqida bilim berib, yoshlarda jonli vatanparvarlik, o`zligini anglash va milliy g`ururni tarbiyalaydigan fan bunday munosabatga loyiq emas. Muqaddas Vatanining bugungi kunini bilmaydigan, uning muammolarini o`z sohasida bartaraf etishga intilmaydigan olimu injiner, pedagog yoki iqtisodchidan yurt ravnaqi yo`lida ko`p narsa kutib bo`lmaydi. Jahon maydonida ajdodlarimiz egallagan munosib o`rin haqida tarix fani yetarlicha bilim bermoqda, endi bugungi mustaqil Vatanimizninig jahon maydonida tutgan o`rni haqida batafsilroq bilim berish lozim. Bu sharafli vazifani bajaruvchi fan- Vatan geografiyasi ekanligini unutmaslik, unga e`tibor qaratish vaqti keldi.  Adabiyotlar: 1. Karimov I.A. O`zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. Tom 1. –T.: O`zbekiston, 1996. – 364 b. 2. Karimov I.A. O`zbekistan XXI asr bo`sag`asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqiyot kafolatlari. - T.: O`zbekiston, 1997. -326 b. 3. Karimov I.A. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. Tom 3. - T .: O`zbekiston, 1996. - 366 b. 4. Karimov I.A. Yuksak ma`naviyat-yengilmas kuch-T.: Ma`naviyat, 2008. - 176 b. 5. Abu Rayxon Beruniy. 100 hikmat (ibratli so`zlar). - T.: Fan, 1993. -22 b.