logo

Siydik tanosil tizimi, buyraklarning o’tkir kasalliklari. Buyrak toshi kasalligi, buyrak sanchig’i, uremik koma.

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

74.5 KB
Siydik tanosil tizimi, buyraklarning o’tkir kasalliklari. Buyrak toshi kasalligi, buyrak sanchig’i, uremik koma. Buyrak va siydik chiqarish yo’llarining kasalliklari Reja: 1. Siydik tanosil tizimi kasalliklari haqida umumiy ma’lumot. 2. Glomerulonefrit kasalligining kelib chiqiah sabablari, klinik belgilari, davosi, oldini olish chora-tadbirlari. 3. Buyrak tosh kasalligi haqida ma’lumot, uning sabablari, klinik belgilari, davosi va oldini olish chora-tadbirlari. 4. Buyrak sanchog’i, uremik koma, haqida ma’lumot va ularda birinchi yordam. 5. Siydik chiqarish kasalliklari haqida umumiy ma’lumot. Buyrak juft organ bo’lib, shakli loviyasimondir. U umurtqa pog’onasining har ikki tomonida XI ko’krak va III bel umurtqalari ro’parasida qorin pardasi orqali joylashgan. Buyrak organizmining hayot faoliyatida juda muhim vazifani bajaradi. U organizmni oqsil almashinuvi mahsulotlaridan, azotli shlaklardan va yot moddalardan tozalaydi. Belgilari. Tanada shish paydo bo’ladi, gipertoniya kuzatiladi, siydik o’zgaradi, buyrak yallig’lanishi oqibatida og’riq paydo bo’ladi. Buyrak kasalligiga diagnoz qo’yishda oddiy klinik tekshirish (bemorni ko’zdan kechirish, savol-javob qilish, paypaslash va hokazolar) dan tashqari maxsus laboratoriyada asboblar yordamida tekshirish usullari katta ahamiyatga ega. Buyrak kasalliklari ba’zan bemorlarda tamomila sezilarsiz darajada kechishi mumkin. Biroq siydikka tegishli o’zgarishlar paydo bo’lishi, buyrak va siydik yo’llarida biror kasallik paydo bo’lganligidan dalolat beradi. Siydik tarkibiga qarab, kasallikning xarakteri, og’ir-yengilligi haqida fikr yuritish mumkin. Shu boisdan siydikni tekshirish kasallikka diagnoz qo’yishda muhim ahamiyatga ega bo’lib, bemorga tegishli davo choralarini ko’rish imkonini beradi. Siydik miqdori normada bir sutkada taxminan 1000-1600ml bo’lib, rangi somon rangiga o’xshash. Solishtirma og’irligi 1015-1020 ga teng. Solishtirma og’irligining oshishi, siydik miqdorining ko’payishi, tarkibida yiring, qon bo’lishi buyrak va siydik yo’llari kasallanganligini ifodalaydi. Nefrit Buyrak yallig’lanishi nefrit deyiladi. U diffuzli bo’lib, bunda har ikki buyrak parenximasi yallig’lanadi. O’choqli nefritda normal parenximalar orasida yarim yallig’langan uchastkalar joylashib, ular bitta har ikkala buyrakka bo’lishi mumkin. Nefrit o’tkir va xronik bo’ladi. O’tkir diffuzli nefrit (gromelunefrit) ga aksariyat streptokokk infeksiyasi sabab bo’ladi. O’tkir nefrit angina, gripp, skarlatina, pnevmoniyadan, ba’zan organizmning shamollashidan paydo bo’ladi. Buyrakka kirgan begona oqsilga nisbatan ro’y bergan allergik reaksiya ham o’tkir nefritga sabab bo’ladi. Belgilari. Kasallik to’satdan boshlanadi. Bemorlar asosan bosh og’rig’i, shish, bel og’rig’i, to’sh osti sohasida o’girlik sezish, nafas qisishi va kam siydik ajralishidan shikoyat qiladilar. Ularning yuzi va qovog’i kerikib, rangi oqarib ketadi. Shish borgan sari zo’rayib, bemorni vaznini oshirib yuboradi. Yotib qolgan bemorlar belida, jinsiy organlar sohasida va oyoq qo’lda shish paydo bo’ladi. Unga gipertoniya qo’shilib nafas qisa boshlaydi. Yurak yetishmovchili ro’y berib, chap qorinch kengayadi. Ba’zan yurak sohasida o’g’riq, aortada ikkinchi ton ro’y beradi. Sistolik shovqin yurak uchida eshitiladi. Bronxit, o’choqli pnevmoniya, o’pka yallig’lanishi paydo bo’ladi. Meda ichak traktikada deyrli o’zgarish bo’lmaydi. Faqat bemorlarning ko’ngli aynib, qusishi mumkin. Diffuzli shish tufayli jigar kattalashadi va qon aylanishi buziladi. Ko’z soqqasining tubi qizaradi. Ko’z to’r pardasiga nuqtali qon qo’yilib, burun qonaydi. Qondagi umumiy oqsil 5-6% gacha kamayadi. Al’bumin kamayib, globulin, fibrinogen ortadi. O’tkir nefritning muhim belgilari: gematuriya, oliguriya, siydikning loyqa bo’lishi, rangining esa to’q sariq yoki go’sht selining rangiga o’xshashidir. Siydikning solishtirma og’irligi yuqori, oqsil miqdori 1% atrofida bo’ladi. O’tkir nefritning formalari. O’tkir nefritning gemorragik, shishli gepirtonik formasi bo’lib, gemorragik formasi qattiq bosh og’rishi, gematuriya, al’buminuriya bilan xarakterlanadi. Shishli gepirtonik formasida bosh og’rishi, shish, nafas qisishi va gematuriya kuzatiladi. Oldini olsh va davolash. Yuqumli kasalliklar (angina,tepki, pnevmoniya, tonzillit va hokazolar) paydo bo’lishining oldini olish kerak. Organizmni chiniqtirish uchun sport va fizkultura bilan shug’ullanish, og’iz bo’shlig’ini sanatsiya qilib turish, gavdani qattiq sovib ketishdan saqlash muhim omillardan biridir. O’tkir nefritga duchor bo’lgan bemorlar kasalxonada davolanadi. Bemor yotgan palata yorug’ va quruq, issiq, havosi toza bo’lishi kerak. Bemorga parhez buyuriladi. Tuz va suv miqdori cheklanadi. Chekish va spirti ichimliklar ichish qat’iy man etiladi. Bemor iste’mol qiladigan taomlar asosan uglevodlar (shirin bo’tqa, tuzsiz yopilgan non, qand, qiyom, asal, ho’l mevalar, sariyog’, suzma, kartoshka, sut va hokazolar) dan iborat bo’lishi kerak. Ovqat mahsulotlarida oqsilni kamaytirish lozim. O’tkir nefritning og’ir shaklida bemor tanasida shish ko’p bo’lsa, bemor och qoldiriladi (ovqat erilmaydi, suyuqlik ham oz beriladi). Bemor ichgan suyuqlik sutkada ajratgan siydigi bir-biriga teng bo’lishi shart. Bu hol nazorat qilib turiladi. Bundan tashqari hamshira bemoring ichak va yurak faoliyatini kuzatib turishi kerak. Bemor antibiotiklar (penitsilin, streptomitsin) beriladi. Siydikda qon paydo bo’lsa, (gematuriya), bemorga kalsiy xlorid eritmasi, shuningdek, K vitamin buyuriladi. Yurak faoliyati susaysa, adonis,digitalis chirilib, strofantin va karglikon, glyukoza inyeksiya qilinadi. Buyrakda qon aylanishini yaxshilash va og’riqni qoldirish maqsadida buyrak sohasiga iliq grelka quyiladi. Xronik nefrit yoki xronik diffuzli glomerulonefrit buyrakning yuqumli allergik yallig’lanishidir. Etiologiyasi va potogenezi. Aksariyat hollarda o’tkir neritni davolamaslik natijasida xronik nefritga aylanadi. Belgilari. Asosiy belgilari gepertoniya, shish va siydikdagi o’zgarishlardir. Bemorlar odatda, nafas qisishi, bosh og’rig’i, darmonsizlanish, ishtaha yo’qligi, belning simillab og’rishi, ba’zan ovqat hazm qilishning buzilganligidan shikoyat qiladilar. Xronik nefrit shakllarini uch gruppaga bo’lish mumkin: a) gepertoniya gruppasida kasalining klinik belgilari gipertoniya: b) nefrotik gruppa katta shishlar bilan kechadi; v) aralash gruppa kasallik gipertoniya va shishlar bilan birga kechadi. Xronik nefrit 7-10 va hatto 15 yilga, ba’zan bundan ham ko’pga cho’zilishi mumkin. Lekin birinchi bosqich qisqa muddatli bo’lib, undan so’ng tez orada muqarrar ravishda uremiyaga olib boradiga buyrak yetishmovchiligi rivojlanadigan hollar uchrab turadi. Davolash va oldini olish. Davo choralari kasallikning klinik ko’rinishiga qarab olib boriladi. Bemorni davolashda parhezning roli juda katta. Kasallik qaytalaganda bemor o’rinda yotishi kerak. Qovdagi azot miqdori deyarli normal bo’lsa, bemorga oqsilga boy sutli taomlar buyuriladi. Aksincha buyrakning azot ajratish funksiyasi buzilgan bo’lsa, oqsil miqdori keskin cheklanadi. Bemor shishib ketgan bo’lsa, ovqat ratsionida osh tuzi (sutkasiga 2-3 g) va suyuqlik miqdori kamaytiriladi. Uglevod va yog’larni bemorlar yaxshi hazm qilganligi uchun ularni ko’ngil ko’targancha iste’mol qilish mumkin. Badanda shish bo’lsa, siydik haydovchilardan gipotiazit buyuriladi. Keyingi vaqtda bunday hollarda adrenokortikotrop gormonlar (kortizon, prednizondan) foydalanish yaxshi natija bermoqda. Bemorlardagi kamqonlikni davolash va oldini olish maqsadida V 12 vitamin inyeksiya qilinadi, qon quyiladi, temir preparatlari beriladi. Kasallikning oldini olish uchun infeksiya manbalari (tonzilitlar, gaymorit), shuningdek, o’tkir nefritni bartaraf etish va organizmni chiniqtirish kerak. Buyrak eklampsiyasi O’tkir nefritning muhim asoratlaridan eklampsiyasi miyada qon aylanishining buzilishi, miya kapilyarlari o’tkazuvchanligining oshishi tufayli vujudga keladi. Eklampsiya xuruji boshlanishidan oldin ba’zan bemorning, boshi qattiq og’riydi. Kasallik arterial bosimning ko’tarilishi bilan boshlanadi. Eklampsiya uchun xarakterli belgilardan yana biri miyadagi o’zgarishlardir. Bunga sabab miya tomirlarining torayishi natijasida anemiya va miyada shish paydo bo’lishidir. Eklampsiya xuruji to’satdan boshlanib, bunda mayda muskular tirishadi va uchib turadi. Og’izdan ko’pik chiqadi. Ko’z qorachig’i yorug’likka reyaksiya bermaydi. Es-hush yo’qoladi, tirishish 5-10 minut hatto yarim soatgacha davom etadi. Xuruj vaqtida puls sekinlashadi. Arteriya va orqa miya bosimi oshadi. Ko’z xiralashadi. Ba’zan tirishishdan so’ng psixik hayajonlanish sutkagacha davom etishi mumkin. Bunda bemor bezovtalanadi, to’lg’anadi, ko’zlari g’ilaylashadi. Aksari bemorlar tilini tishlab oladi. Bemor o’ziga kelgach, uzoq vaqtgacha dovdiragan holatda bo’ladi. Atrofdagilarga loqayt qaraydi, sust harakat qiladi. Ba’zan buning aksi kuzatiladi, u bezovta v tajovuzkor bo’ladi. Bu davrda bemorlarda o’tib ketadigan ko’rlik yuz beradi. Ular xuruj vaqtida o’zlarini qanday tutganliklarini eslay olmaydilar. Eklampsiya xuruji kuniga bir necha marta takrorlanishi mumkin. Bunda ko’p miqdorda (300-500ml) qon olinadi, orqa miya kanaliga punktsiya qilinadi. Xloral gidratdan klizma buyuriladi. Orqa miya bosimini tushurish uchun venaga tomchilab 100-150 ml 10% li magneziy sul’fat eritmasi yuboriladi. Buyrak sohasiga novokain eritmasidan blokada qilinadi. Parhez buyuriladi. Suyuqlik cheklangan miqdorda beriladi. Azotemik uremiya Buyrak funksiyasidagi yetishmovchilik natijasida organizmning azot qoldiqlari bilan zaharlanishi azotemik uremiya deb ataladi. Uremik holat asta-sekin rivojlana borib, bemor ahvolining yomonlashuviga olib keladi. Uremiyaning dastlabki belgilari: bosh og’rig’i, ishtahaning pasayishi; ko’ngil aynishi, bo’shashish, uyquchanlik, terining qichishi va boshqalar. Bu belgilar oylab davom etishi natijasida bemor ahvoli tobora og’irlashib boradi. Tili qurib, karash boylaydi; og’zida siydik hidi keladi;qon aralash ichi ketadi. Nafas olish markazida kislotalar yig’ilib qolishidan, nafas olish shovqinli bo’ladi, bemor Cheyn-Stoks tipida nafas oladi. Ko’rish qobiliyati keskin pasayib ketadi. Hatto bemor ko’rmay qoladi. Ba’zan eshitish qobiliyati ham pasayadi. Bemor o’lishidan oldin burun qirrasida, yuz terisida, peshonasida azot shakllari yig’ila boshlaydi. Burni qonaydi. Oxirgi bosqichda azotemik perikardit paydo bo’ladi. Azotemik uremiya oqibatida markaziy nerv sistemasida o’gir o’zgarish yuz beradi. Bemorning boshi og’riydi va aylanadi. Kunduzi bir oz uxlaydi, kechasi esa hech uxlay olmaydi. Pirovardida bemor tamomila hushidan ketadi, bunga uremik koma deb aytiladi, bunda bemor “holatirazm” bo’lib, yotadi yoki oyoq-qo’l, muskullari “uchadi”, ko’pincha nafas olishi kuchayadi. Odatda bemor uremik koma holatida o’lib qoladi. Davolash va birinchi tibbiyot yordami. Davo tadbirlari dastavval organizmdan zaharli moddalarni chiqarib tashlashga qaratiladi. Bu maqsadda bemordan ko’p miqdorda (400-700 ml) qon olinadi. Teri ostiga, venaga yoki tomchili klizma shaklida izotonik eritma yoki glyukoza eritmasi yuboriladi. Ayni vaqtda parhez buyuriladi. Ovqat ratsionida oqsil miqdori cheklanadi (sutkada 20-25 g).. Osh tuzining miqdori ham kamaytiriladi yoki muqlaqo tuz berilmaydi (tuzsiz parhez). Bemor iste’mol qilinadigan ovqat kaloriyali, uglevodlar va sabzavotlardan iborat bo’lishi lozim. Buyrak sohasiga issiq grelka qo’yish diurezni kuchaytirib, bemor ahvolini birmuncha yaxshilaydi. Bemorga narkotiklar va uyqu dori (xloralgidrat, lyuminal) beriladi. Pielit Buyrak jomining yallig’lanishi pielit deyiladi. Etiologiyasi. Buyrak jomiga infeksiya tushishi oqibatida paydo bo’ladi. Ichak tayoqchalari, limfa yo’llari orqali, boshqa mikroblar (stafilokokk, streptokokk) esa qon orqali buyrak jomiga o’tadi. Qabziyat buyrak toshi kasalligi, siydik tutilishi va boshqa kasalliklar pielitga sabab bo’ladi. Kasallik kechishiga qarab o’tkir va xronik bo’ladi. Belgilari. O’tkir pielit et uvshishi bilan boshlanadi. Isitma ko’tarilib, 38-40 0 ga yetadi. Bel va biqin og’riydi. Siydik loyqa, ba’zan yiring aralash bo’ladi. Bir oz oqsil ham uchraydi. Mikroskopda tekshirilganda ko’p miqdorda leykositlar, buyrak jomi epiteliy hujayralari bo’ladi. Eritrositlar oz bo’lishi, bir-ikkita mumsimon silindr uchratish mumkin. Siydik og’riqli bo’lib, buyrak sohasi tukillatib ko’rilsa, (Pasternatskiy belgilari), kasallangan tomonda kuchli og’riq seziladi. Qonda leykositoz bo’lib, ROE tezlashadi. Xronik pielit aksariyat isitma ko’tarilishi (37,5 0 ) bilan kechadi. Orqadan buyrak sohasi tukkilatib ko’rilganda og’riq seziladi. Siydik tekshirilganda o’tkir pielitdagi kabi o’zgarishlarni aniqlash mumkin. Leykositlar deyarli kam uchraydi. Ba’zi hollarda pielit asorati nefritga va pielonefrozga aylanishi mumkin. Davolash va oldini olish. Avvalo kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablarni yo’qotish zarur. Basharti pielitni, infeksiya keltirib chiqargan bo’lsa, davo choralari infeksiyaga qarshi qaratilmog’i lozim. Agar kasallikka buyrak toshi sabab bo’lsa, toshni olib tashlash kerak. Bemorning gavda temperaturadi ko’tarilib ketsa va og’riq paydo bo’lsa, kasalxonaga yotqizish kerak. Unga sulfanilamid preparatlari, xususan urosulfan, sulfadimizin, norsul’fazol beriladi. Septik infeksiyada esa penitsilin, tetratsiklin, sintomitsin, levomitsitin kabi antibiotiklardan foydalaniladi. Siydik yo’llarining infeksiyali kasalliklarida furadonin yaxshi foyda beradi. Ba’zan venaga urotropin eritmasi yuboriladi. Buyrak jomidagi yiringli siydik tozalab yuvilib, ketishi uchun bemorga ko’p miqdorda suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Bundan tashqari ayiq quloq o’simligining bargini qaynatib ichish, siydik haydovchi har xil o’simliklar aralashmasini damlab ichish buyuriladi. Bemor iste’mol qiladigan taomlar buyrakning ishiga halal bermasligi kerak. Sutli va o’simlik taomlari bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Buyrak sohasida og’riq bo’lsa, isituvchi grelka va iliq vanna, diatermiya buyuriladi. Pialetning oldini olish uchun o’tkir yuqumli kasalliklarga qarshi chora ko’rish, shuningdek, buyrakda tosh bo’lsa, o’z vaqtida xirurgik usul bilan olib tashlash kerak. Sistet Qovuq shiliq qavatining yallig’lanishi sistet deyiladi. Etiologiyasi. Sistet qovuqdagi turli organik toshlar hamda turli uyuvchi ximiyaviy moddalar ta’sirida paydo bo’lishi mumkin. Bundan tashqari siydik chiqarish kanali gipertrofiyaga uchraganda uni prostata bezi ezib quyganda qovuqda siydik dimlanishi ham sistet paydo bo’lishiga imkon beradi. Nihoyat, qovuqqa yaxshilab sterillanmagan kateter kiritilganda ham unfeksiya tushishi mumkin. Kechishiga qarab o’tkir va xronik sistet farq qilinadi. Belgilari. O’tkir sistetda gavda temperaturasi ko’tariladi. Siydik tez-tez kelib (dizuriya), og’riqli bo’ladi, qorinning pasti simillab og’rib turadi. Siydik cho’kmasida leykositlar, ko’p miqdorda epiteliy to’qimalari, ritrositlar uchraydi. Kasalliklar 5-10 kun davom etishi mumkin. Xronik sistetning asosiy belgilaridan biri siydikda ko’p miqdorda leykositlar bo’lishidir. Siydik loyqa, ishqoriy reaksiyali bo’lib, o’ziga xos o’tkir hid kelib turadi. Xronik sistet uzoq vaqt-yillab davom etishi mumkin. Davolash va oldini olish. O’tkir sistetda bemor o’rinda yotishi kerak, unga ko’p suyuqlik (sut, mineral, ishqorli suvlar) ichish buyuriladi. Parhez tayin qilinadi: sutli va sabzavotli ovqatlar beriladi. Iliq vannaga tushish, buyrak sohasiga issiq grelka quyish tavsiya etiladi. Dorilardan sulfanilamid preparatlari, furadonin, antibiotiklar beriladi. Xronik sistetda parhezdan tashqari, mineral suvlar va dezinfiksiyalovchi dorilar berib, qovuq kaliy, permanganat (margansovka) ning suyuq eritmasi bilan yuviladi. Qolgan davo choralari pielitdagi kabi. Sistetning oldini olish kasallikning avj olishiga imkon berdigan sabablar(qovuqdan siydik to’xtab qolishi, kateterni yaxshilab sterillamasdan kiritish, so’zak, pielitni to’la davolamaslik va boshqalar) ni bartaraf etishdan iborat. Nefroz Nefroz buyrak kanalchalari epiteliysida degenerativ o’zgarishlar ro’y berishi bilan kechadigan kasallikdir. Kechishiga ko’ra o’tkir va xronik bo’ladi. Etiologiyasi. Xronik yuqumli kasallik (maalan, sil), o’pkaning yiringli kasalliklari (bronxoektaziya), suyak kasalliklari (osteomelit), sulemadan zaharlanish va boshqalar nefrozning kelib chiqishiga imkon beradi. Nefroz aksariyat xronik nefritning rivojlanish bosqichlaridan biri hosoblanadi. Organizmda moddalar almashinuvi buziladi. Buyrak kattalashib,distrogfik protseslar kechadi. Kanal epiteliysida maxsus oqsil yoki yog’simon moddalar (lipoid) yig’ilib qoladi. Belgilari. Kasallik, odatda, ertalab yuzning shishib ketishi bilan boshlanadi. U rivojlangan sari shish gavdaga tarqaladi. Bemorning rangi oqarib, shishgan qismlari yuzasi yaltiroq va quruq bo’ladi. Bemor darmonsizlik, bosh og’rig’i, ishtaha yo’qligi, shish tufayli yaxshi harakat qila olmasligidan shikoyat qiladi. Ba’zan ichki organlar ayniqsa, qorin bo’shlig’ida ham shish paydo bo’ladi. Arterial bosim odatda ko’tarilmaydi. Siydik kam ajraladi, solishtirma og’irligi yuqori, rangi qo’ng’ir, reaksiyasi ishqoriy bo’ladi. Nefrozning eng xarakterli belgilaridan biri albuminuriya va siydikda oqsil ko’payishidir. Kasalning og’ir formasida siydikdagi oqsil miqdori 30% ga yetadi. Siydik cho’kmasida gialin donali va mumsimon silindrlar, shuningdek buyrak epiteliysi hujayralari bo’ladi. Oqsil va yog’ almashinuvning buzilishi, ko’p oqsil yo’qotish tufayli, organizmning infeksiyaga nisbatan qarshiligi kamayadi. Natijada bemor tasodifan qo’shilgan infeksiyadan o’lib qoladi. Davolash va oldini olish. Kasallikni keltirib chiqargan yiringli kasalliklarga qarshi antibiotiklar, siydik haydovchi moddalar, oqsilga boy, yog’siz, tuzi past taomlar buyuriladi. Issiq va quruq iqlimli kurortlarda davolanish tavsiya etiladi. Kasallikning oldini olish asosan unga sabab bo’lgan yiringli manba’larni tugatishdan, sil, zaxm kabi kasalliklarni o’z vaqtida davolashdan iborat. Buyrak toshi kasalligi Buyrak tosh hosil bo’lishi umumiy va mahalliy faktorlarga bog’liq. Umumiy faktorlarga moddalar almashinuvining buzilishi, asosan purin almashinuvining izdan chiqishi, avitaminoz, mahalliy faktorlarga siydik to’xtalib qolishi, buyrak jomining yallig’lanishi kiradi. Buyrak toshlari asosan oksalatlar, fosfatlar va uratlardan tashkil topadi, lekin aksari toshlar aralash bo’ladi. Etiologiyasi. Toshlarning paydo bo’lishida quyidagi faktorlar muhim rol o’ynaydi: infeksiya siydik ajralishining buzilishi, uning quyuqlanishi, siydik kolloidal holatining o’zgarishi, A vitamin yetishmasligi, organizmda nerv-gumoral regulyatsiyaning buzilishi va boshqalar. Buyrak toshi ko’pincha bitta, ba’zan bir nechta bo’lishi mumkin. Ular-toshlar no’xatdek mayda va tovuq tuxumidek katta bo’lishi, buyrak perenximasida va buyrak jomida joylashishi mumkin. Belgilari. Asosiy belgilardan biri og’riq (buyrak sanchig’i) va gematuriyadir. Sanchiq to’satdan paydo bo’lib, qattiq og’riq va bel jinsiy organlarga tarqaladi. Gematuriya va dezuriya paydo bo’ladi. Basharti tosh buyrakda bo’lsa, subyektiv belgilar kam ko’rinadi. Bemor og’riqdan shikoyat qilmasligi mumkin. Siydik oqsil va qon bo’ladi. Tosh siydik oqimiga xalaqit bersa, qattiq sanchiq tutadi. Bunda buyrak kopsulasi kengaygan bo’lib, davomli qinovchi og’riq siydik chiqaruvchi yo’lida tosh borligini ko’rsatadi. Buyrak, sanchig’ida odatda, temperatura ko’tariladi. Qorin shishib ketadi. Bemor qusadi, og’zi quruydi. Rangi oqarib ketadi yoki yuzi bo’rtib, qizaradi, ko’p terlaydi. Oz-ozdan, tez-tez siyadi va og’riqli bo’ladi. Kasallik xuruji bir necha minutdan 2 soatgacha va undan ortiq davom etishi mumkin. Og’riqni yengillashtirish maqsadida bemor o’zini har xil holatga solib ko’radi. Xuruj o’tib ketgach, ba’zan tosh ajraladi. Buyrak toshi kasalligiga diagnoz qo’yishda rentgendda tekshirish muhim ahamiyatga ega. Davolash va oldini olish. Buyrakda qum va mayda toshlar bo’lganda, buyrak ishini qiyinlashtirmaydigan sabzavot va sutli taomlar buyuriladi. Ular A va D vitaminga boy bo’lishi kerak. Siydik yo’llarini yuvib turish maqsadida bemor ko’p suyuqlik ichishi kerak. Meneral suvlar yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Buyrak sanchig’ida bemorga butunlay orom berishi kerak. Buyrak sohasiga grelka quyiladi. Iliq vanna buyuriladi. Teri ostiga morfin, pantopon yuboriladi. Oyoq-qo’l muzlasa, grelka quyiladi. Yurak faoliyati susaysa, tegishli davo choralari ko’riladi. Buyrakda qattiq toshlar xirurgik usulda olib tashlanadi. Toshlarni haydashda efir moylari, xususan terpenlar-ravatineks, enatin va sistenal kabi preparatlar qandga tomizilib shimdiriladi. Keyingi vaqtda toshlarni eritib yuborish maqsadida ximioterapiya tadbirlari ko’rilmoqda. Siydik yo’llarining yallig’lanish kasalliklarini o’z vaqtida davolash va A vitaminga boy taomlar iste’mol qilib turish kasallikning oldini olishda katta ahamiyatga ega. Adabiyotlar: 1. Ichki kasalliklar F.I.Kamarov, V.G.Kukes., A.S. Smetnyov., Tibbiyot nashriyoti, Moskva 1981 yil 4-85 betlar. 2. Ichki kasalliklar A.B. Sharopov. Abu Ali Ibn Sino nashriyoti Toshkent 1991 yil 3-40 betlar. 2 Tibbiyot hamshiralari o’quv qo’llanmasi Ramazonova R.A. Syomina Yu. G. Toshkent O’qituvchi nashriyoti 224-232 betlar.