logo

Yuridik xizmatning mansabdor shaxslar va xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirishdagi roli

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

49 KB
Yuridik xizmatning mansabdor shaxslar va xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirishdagi roli Reja 1. Mansabdor shaxslar va xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish yo‘llari 2. Yuridik xizmat tomonidan mansabdor shaxslar va xodimlarning o‘rtasida huquqiy tarbiya ishlarini tashkil qilish Demokratik huquqiy davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirishda huquqiy madaniyatni yuksaltirish alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “...xalqimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi lozim. Zero, mustaqillik so‘zining zamirida ham katta, ulug‘ huquqqa ega bo‘lish degan tushuncha yotadi. YA’ni, mustaqillik nafaqat o‘zini erkin sezish, o‘z hayotini qurish, balki o‘z hayot- mamotini hal etishda katta huquqqa egalik ham demakdir”. Mansabdor shaxslar va xodimlarning huquqiy madaniyati deganda, ularning huquqni bilishi, tushunishi hamda uning qoidalarini anglagan holda bajarishlari tushuniladi. Ularning huquqiy madaniyati asosiy yuridik bilimlarni o‘zlashtirganliklarida, qonunni hurmat qilishida, huquq normalarini ongli ravishda bajarishlarida, yuridik javobgarlikni tushunishlarida hamda huquqbuzarlikka qarshi kurashning muqarrarligini anglashlarida namoyon bo‘ladi. Mansabdor shaxslar va xodimlarning huquqiy madaniyati va bilimlarini oshirish huquqni tashviqot qilish hamda qonuniylikni amaliy jihatdan mustahkamlash vositalari orqali ro‘yobga chiqariladi. Mustaqillik yillari mobaynida aholining, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 1997 yil 29 avgustda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi” qabul qilindi. Ushbu Milliy dasturda fuqaro, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyati va ijtimoiy faolligini yuksaltirish; ularning huquqiy ta’limi va huquqiy tarbiyasini takomillashtirish; davlat organlari xodimlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish; yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish kabi masalalar o‘z aksini topgan. Huquqiy madaniyatning huquqiy ongdan farqli jihati – huquqiy madaniyat darajasi faqatgina qonunlarni bilish, huquqiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lishdangina iborat emas. U qonunlarga amal qilish va ularga bo‘ysunish madaniyati ham demakdir. U odil sudni hurmat qilish, o‘z haq-huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat etish ehtiyoji demakdir. Agar xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali jumladan, qonunchilik va lokal hujjatlarga, (masalan, ichki mehnat tartibi qoidalariga) rioya qilinishiga erishilsa, mansabdor shaxslarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali esa jumladan xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi oldi olinishiga ham erishiladi. Mansabdor shaxslar va xodimlarning huquqiy madaniyati oshirishda yuridik xizmat huquqiy tarbiyaning quyidagi shakllaridan keng foydalanadi: huquqiy ta’lim (o‘qitish yoki o‘qish); huquqiy targ‘ibot (og‘zaki va ommaviy axborot vositalari orqali); qonunlar va yuridik amaliyotning tarbiyaviy ta’siri; huquqiy tashviqot; huquqiy axborot berish; shaxsiy huquqiy tarbiyaviy ish. 2. Yuridik xizmat tomonidan mansabdor shaxslar va xodimlarning o‘rtasida huquqiy tarbiya ishlarini tashkil qilish Huquqiy madaniyatga erishishning asosiy yo‘nalishlaridan biri – huquqiy tarbiyadir. Yuridik adabiyotlarda huquqiy tarbiya tushunchasiga huquqiy madaniyat, huquqiy tajriba, huquqiy g‘oya hamda nizolarni hal etish mexanizmini jamiyatdagi bir avloddan ikkinchi avlodga o‘tkazish bilan bog‘liq maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat deb ta’rif berilgan. Huquqiy tarbiyadan maqsad insonning huquqiy ongini va umuman jamiyatning huquqiy madaniyatini rivojlantirishdan iborat. Huquqiy ta’lim mansabdor shaxslar va xodimlarni huquqiy tarbiya ishida muhim o‘rin egallaydi. Huquqiy ta’lim ikki xil shaklda, ya’ni o‘qitish va o‘qish shakllarida amalga oshiriladi. Huquqiy o‘qitishda yuridik xizmat tomonidan mansabdor shaxslar hamda xodimlarning bevosita ularning mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan mavzularda huquqiy o‘quvi tashkil etiladi. Bunda mansabdor shaxslarga va xodimlarga amaldagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati tushuntiriladi. Huquqiy o‘qitish bevosita yuridik xizmat xodimlari tomonidan yoki ular tomonidan taklif etilgan mutaxassislar, nazariyotchi va amaliyotchi huquqshunoslar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Mansabdor shaxslar hamda xodimlarning huquqiy o‘quvi shartnoma asosida maxsus tashkilotlarda (masalan, Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan Respublika yuristlar malakasini oshirish markazida, turli biznes maktablarida va h.k.) ham amalga oshirilishi mumkin. Huquqiy o‘qitishdan farqli o‘laroq huquqiy o‘qishda mansabdor shaxs va xodim mustaqil ravishda o‘zining huquqiy bilimlarini oshiradi. Bunda u o‘zining mehnat faoliyati uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlarini, huquqiy mazmundagi maqolalarni, huquqiy adabiyotlarni, sud amaliyoti materiallarini va shunga o‘xshash huquqiy mazmundagi ma’lumotlarni topadi va o‘rganib boradi. Huquqiy ta’limni huquqiy tarbiyada tutgan o‘rnini quyidagicha izohlash mumkin, ya’ni tarbiya inson ongining emotsional-irodaviy jihatlariga hamda dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatadi. O‘qish yoki o‘qitish esa insonga axborot-tanishuv ta’sirini o‘tkazadi. Biroq emotsional-irodaviy ta’sirlar huquqiy amaliyotda sezilarli darajada cheklangan, chunki jamiyatning ongida mavjud bo‘lmagan va fuqarolarning faoliyatida kuzatilmayotgan va faqatgina so‘zlarda aytilayotgan qadriyatlarni fuqarolar tomonidan hurmat qilinishiga erishib bo‘lmaydi. Ushbu muammo faqatgina fuqarolarni huquqiy o‘qitish yoki ularning huquqiy o‘qishi orqali bartaraf etilishi mumkin. Bunda fuqarolar amaldagi yuridik qoidalar bilan va huquqiy amaliyotda (muayyan ma’muriy hududda yoki tashkilotda yoxud chet davlatlarida) samara berayotgan ilg‘or tajriba bilan tanishtirilib boriladi. Prezidentimiz I.Karimovning ta’biri bilan aytganda, “Odamlarimizning, avvalo rahbarlik lavozimida o‘tirganlarning ongu tafakkurini o‘zgartirish, ularning mas’uliyatini oshirish, ...qonun hukmronligini hayotimizning hamma jabhalarida to‘liq ta’minlash, qonunga itoat qilib yashash barchamiz uchun hayot tarziga aylanishiga erishmog‘imiz darkor”. Huquqiy targ‘ibot huquqiy tarbiya jarayonining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, huquqiy bilimlar, g‘oyalar, amaldagi qonun hujjatlarini, davlat tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatni aholi orasida targ‘ib etish va tushuntirishni o‘zida mujassamlashtiradi. Huquqiy targ‘ibot huquqiy bilimlarni, huquqiy yechimlarning, huquqiy xatti-harakatlarning, xulq-atvorlarning u yoki bu variantlarini tanlash hamda ularning oqibatlarini, huquqiy normalardan foydalanish, ularni bajarish, muayyan normalarni qo‘llash amaliyotini ommaviy ravishda tarqatish va tushuntirish orqali amalga oshiriladi. Huquqiy targ‘ibot og‘zaki shaklda, ommaviy axborot vositalari, adabiyot va san’at asarlari vositalari yordamida amalga oshiriladi. Bunda ommaviy-axborot vositalarida huquqiy mavzulardagi maqolalar chop etiladi, huquqiy adabiyotlar nashr etiladi, huquqiy mavzularda turli hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar va eshittirishlar tayyorlanadi. Huquqiy targ‘ibot qaysi sohada o‘tkazilishidan qat’iy nazar doimo tizimli, tartibli va aniq maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Yuridik xizmat xodimi huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borishda yuqorida aytib o‘tilgan barcha vositalardan samarali foydalanishi maqsadga muvofiq. Bunda ayniqsa ommaviy axborot vositalarida chop etilgan huquqiy mazmundagi maqolalardan hamda hujjatli filmlardan keng foydalanish lozim. Xodimlarni huquqiy tarbiyalashda qonunlar va yuridik amaliyotning tarbiyaviy ta’siri muhim o‘rin egallaydi. Davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining tarkibiy tuzilmalarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar bevosita o‘zlarining vazifalarini va funksiya bajarishlari uchun muayyan qonun hujjatlarining mazmunidan xabardor bo‘lishni, ularni qo‘llay olishni va hatto o‘zlarining faoliyati bilan bog‘liq ishlar yuzasidan sudlarda ishtirok etishni taqozo etiladi. Qonun hujjatlarining mazmunini o‘zlashtirish va ularni qo‘llanilishi bilan bog‘liq yuridik amaliyot o‘z-o‘zidan xodimlarning huquqiy tarbiyasini oshirishga olib keladi. Masalan, qonunlarda muayyan xatti-harakat uchun jinoiy, ma’muriy, iqtisodiy, intizomiy jazo choralarini belgilanganligi fuqarolar va mansabdor shaxslarni noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanishdan tiyadi. Shuningdek, sudlar tomonidan qabul qilingan sud hujjatlari (hukm, hal qiluv qarori, qaror va h.k.) ham tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega. Huquqiy tashviqot fuqaroning ongiga va irodasiga psixologik ta’sir etish usullaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Tashviqot so‘zi “da’vat etish, uyg‘otish” ma’nosini anglatadi. Huquqiy tashviqot orqali fuqarolar qonun normasida belgilangan doirada xatti-harakat qilishga chaqiriladi yoki da’vat etiladi. Shuning uchun ham huquqiy tashviqot inson ongiga huquqiy ta’sir ko‘rsatishning samarali vositalaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Huquqiy tashviqot o‘zining xususiyatlari bilan huquqiy targ‘ibotdan tubdan farq qiladi. Huquqiy targ‘ibotdan maqsad huquqiy bilimlarni tarqatish va tushuntirish bo‘lsa, huquqiy tashviqotda huquq subyekti va uning xulq-atvori tegishli darajada bo‘lishga chaqiriladi. Huquqiy targ‘ibotda taqdim etiladigan axborot huquqiy g‘oyalar hamda huquqiy normalardan iborat bo‘lsa, huquqiy tashviqotda huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan fakt axborot rolini o‘ynaydi. Huquqiy tashviqot orqali, birinchi navbatda, huquq subyektining irodasiga, so‘ngra ongiga informatsion ta’sir o‘tkaziladi va ushbu ta’sir fuqaroni huquqqa xilof harakat qilmaslikka va qonuniy xulq-atvorda bo‘lishga chorlaydi. Huquqiy tashviqot orqali fuqarolarning xulq-atvori qonun normalari talablari doirasida bo‘lishiga erishiladi. Qonun normalarining mazmunini esa fuqarolar huquqiy targ‘ibot hamda huquqiy ta’lim vositalari yordamida o‘zlashtirib olishadi. Huquqiy targ‘ibot amaldagi qonunchilikni, uni amaliyotda qo‘llashni tarqatish va tushuntirish orqali fuqarolarda huquqiy dunyoqarashni shakllantiradi. Shuning uchun huquqiy targ‘ibotdan maqsad fuqarolarda huquqiy dunyoqarashni shakllantirish bo‘lsa, huquqiy tashviqotdan maqsad fuqarolarda huquq normalari talablariga javob beradigan xulq-atvorni shakllantirishdan iborat. Masalan, yuridik xizmat korxona xodimlariga shartnomaviy munosabatlar qaysi qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi to‘g‘risida ma’lumot berish orqali huquqiy targ‘ibotni amalga oshirca, shartnoma intizomiga rioya qilishining ijobiy jihatlarini hamda shartnoma intizomiga rioya qilmaslikning salbiy jihatlarini, shuningdek, ularning oqibatlarini keng ma’noda tushuntirish orqali huquqiy tashviqotni amalga oshiradi. Yuridik xizmat tomonidan davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari tuzilmasidagi xodimlarni o‘z vaqtida va yetarli darajada huquqiy axborot bilan ta’minlash ularning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, huquqiy ishlar sifatini oshirish, shartnomaviy munosabatlarda ularning manfaatlarini yuqori darajada himoya qilish hamda xodimlarning huquqiy madaniyatini yanada oshirish imkoniyatini yaratadi. Ma’lumki, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati bir-biridan tubdan farq qilganligi uchun ularning faoliyati bilan bog‘liq munosabatlar turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Masalan, neft va gaz sohasida qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlar qishloq xo‘jaligi yoki yengil sanoat sohasidagi hujjatlardan o‘zining maqsadi, mazmuni va mohiyatiga ko‘ra tubdan farq qilishi mumkin. Har bir tarmoqning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda qabul qilingan bunday normativ-huquqiy hujjatlarni tegishli subyekt faoliyatiga to‘g‘ri va aniq tatbiq etishda yuridik xizmat muhim o‘rin egallaydi. Boshqacha qilib aytganda, muayyan sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar, ularning amaldagi holatini, o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil etish, nazorat qilib borish (tegishli tartibda tizimlashtirish orqali) hamda rahbarni, shuningdek, tegishli boshqarma (bo‘lim, xizmat) xodimlarini bu haqda doimo xabardor qilib turish bevosita yuridik xizmatning vazifalaridan birini tashkil etadi. Huquqiy tarbiyalashda shaxsiy huquqiy tarbiya muhim o‘rin egallaydi. Huquqiy tarbiyaning mazkur shakli sezilarli darajada samaralidir. Shaxsiy huquqiy tarbiya fuqaroning huquqqa bo‘lgan hurmatini shakllantirish, o‘zini o‘zi o‘qitish orqali huquqiy qoidalarga qat’iy rioya qilish, huquqiy voqelikni hamda shaxsiy amaliyotni mustaqil tahlil etish orqali amalga oshiriladi. Shaxsiy huquqiy tarbiya boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin. Masalan, birorta davlat organining, muayyan tashkilotning yoki xo‘jalik yurituvchi subyektning yuridik xizmati tomonidan ma’lum bir huquqiy hujjat loyihasi ko‘rib chiqilib, unga tegishli takliflar bildirish, huquqiy xatolarini to‘g‘rilash maqsadida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoxud loyihaning amaldagi qonun hujjatlarga mos emasligini asoslantirgan holda tegishli boshqarma (bo‘lim, xizmat)ga qaytarish, u yerdagi mansabdor shaxsning hamda xodimlarning huquqiy ongini va madaniyatini oshirishga muayyan darajada xizmat qiladi. Yuridik xizmat tomonidan huquqiy hujjat loyihasiga bildirilgan fikrlar va e’tirozlar tegishli rahbar, boshqarma (bo‘lim, xizmat) boshlig‘i yoki mutaxassis tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, kamchiliklar bartaraf etiladi. Natijada kelgusida ular tomonidan bunday xatolarga yo‘l qo‘yilmaslik uchun zamin yaratiladi. Tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati Karimov   I.   A.   O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. T. 1. – T.: O‘zbekiston, 1996. – 364   b. Karimov   I.   A.   Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. T. 2. – T.: O‘zbekiston, 1996. – 380 b. Karimov   I.   A.   Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. T. 3. – T.: O‘zbekiston, 1996. – 366 b. Karimov   I.   A.   Bunyodkorlik yo‘lidan. T. 4. – T.: O‘zbekiston, 1996. – 394   b. Karimov   I.   A.   Yangicha fikrlash va ishlash – davr talabi. T. 5. – T.: O‘zbekiston, 1997. – 384 b. Karimov   I.   A.   Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida. T. 6. – T.: O‘zbekiston, 1998. – 429 b. Karimov   I.   A.   Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. T. 7. – T.: O‘zbekiston, 1999. – 413 b. Karimov   I.   A.   Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot pirovard maqsadimiz. T. 8. – T.: O‘zbekiston, 2000. – 525 b. Karimov   I.   A.   Vatan ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz. T. 9. – T.: www.ziyonet.uz