logo

Mehnat shartnomasi tushunchasi va fuqarolarning mehnat qilish huquqlarini amalga oshirishdagi o'rni

Yuklangan vaqt:

16.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

74 KB
Mehnat shartnomasi tushunchasi va fuqarolarning mehnat qilish huquqlarini amalga oshirishdagi o`rni Reja: 1. Mehnat shartnomasi tushunchasi va ahamiyati 2. Mehnat shartnomasining fuqarolik huquqiy shartnomalardan farq qiluvchi jihatlari 3. Mehnat shartnomasi va uning tomonlari 4. Mehnat shartnomasining shakli, mazmuni va amal qilish muddatlari Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti rivojlanib borayotgan hozirgi paytda tadbirkorlik va ishbilarmonlik faoliyati keng tarqalib, aholi daromad manbalarining noan`anaviy shakllari yuzaga kelayotgan bo`lsada, fuqarolarning korxona va tashkilotlarda yollanib ishlashlari orqali milliy daromad yaratilishida qatnashayotganlari, ish haqi sifatida daromad olish yo`li bilan esa ushbu milliy daromaddan o`z ulushlarini olayotganlari jamiyat iqtisodiy hayotida salmoqli o`ringa ega bo`lib bormoqda. Ana shunday sharoitda fuqarolarning mehnat qilish huquqlarini ro`yobga chiqarishning huquqiy mexanizmini chuqur anglab yetish, bu mexanizmning samarali ishlashini ta`minlash katta ahamiyatga ega. Chunki mehnat resurslaridan oqilona foydalana olish, fuqarolarning mehnat huquqlarini amalda ta`minlash va yetarli himoya qilish ushbu omilga ko`p jihatdan bog`liqdir. Respublikamizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan chuqur ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy o`zgarishlar, eng avvalo, mehnat va ijtimoiy himoya masalalari borasida xalqaro standartlarni tobora keng joriy etilayotganligi, milliy qonunchiligimizni ushbu xalqaro huquqiy andozalarga yanada kengroq muvofiqlashtirib borilayotganligi tufayli mehnatga oid huquqiy munosabatlarda bozor munosabati qoidalariga xos bo`lgan umuminsoniy, umumdemokratik jihatlar muntazam ravishda kuchayib bormoqda. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasi bilan fuqarolarga berilgan mehnat qilish huquqlarini amalga oshirish, yollanma mehnat qilish huquqining asosiy tashkiliy huquqiy shakli – fuqaro bilan ish beruvchi o`rtasida tuziladigan mehnat shartnomasi bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 72-moddasida keltirilgan rasmiy tarifga ko`ra: «Mehnat shartnomasi xodim bilan ish beruvchi o`rtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim bo`yicha ishni ichki mehnat tartibiga bo`ysungan holda taraflar kelishuvi, shuningdek mehnat to`g`risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida haq evaziga bajarish haqidagi kelishuvdir». Biroq, ushbu rasmiy tarif mehnat shartnomasiga xos barcha jihatlarni qamrab ololmaydi. Chunki mehnat huquqi nazariyasi mehnat shartnomasiga fuqarolar mehnat qilish huquqlarini ro`yobga chiqarilish shakli, mehnat munosabatlari yuzaga kelishi va amalga oshishi asosi hamda mehnat huquqi fani institutlaridan biri sifatidagina emas, balki xodim bilan ish beruvchi o`rtasida yuz bergan yuridik fakt, ushbu faktni o`zida qayd etuvchi yozma hujjat hamda mehnat munosabati taraflarning qonuniy huquq va manfaatlarini muhofazalashning yuridik vositasi sifatida ham qaraydi. Mehnat shartnomasi tuzilishi vositasida xodim va ish beruvchining o`zaro munosabatlari individuallashtiriladi hamda huquqiy tartibga solinadi. Faqat mehnat shartnomasi tuzilishi yo`li bilangina fuqaro xodim maqomini oladi, mehnat jamoasiga qo`shiladi, korxona lokal me`yoriy hujjatlari, ichki mehnat tartibi qoidalari, mehnat qonunlari to`la hajmda unga tatbiq etila boshlanadi. Mehnat qonunlari ishga qabul qilishni huquqiy jihatdan tartibga solar ekan, ish turi, joyi va kasb-korini tanlash erkinligi, mehnat huquqlarining amalga oshirilishida barcha fuqarolarning o`zaro teng ekanliklari, ijtimoiy himoya talab aholi tabaqalarini davlat qo`llab-quvvatlashining amalga oshirilishi kabi qoidalariga asoslanadi. Mehnat huquqlarini amalga oshirish, ishchi kuchini mehnat bozorida sotish – sotib olish, mehnat resurslarini iqtisodiyot tarmoqlari bo`ylab taqsimlash mexanizmi vazifasini mehnat shartnomasi bajaradi. Xodimlar va ish beruvchilar huquq hamda manfaatlarini to`la himoya qilishlik uchun mehnat qonunchiligi mehnat shartnomasiga qo`yiladigan asosiy talablarni, uning tuzilishi, o`zgartirilishi va bekor qilinishi tartiblarini belgilab beradi, mehnat shartnomasi tuzish bilan bog`liq kafolatlarni nazarda tutadi. Mehnat shartnomasi tuzish vositasida xodim va ish beruvchi o`rtasidagi munosabat predmeti, doirasi, shartnoma tomonlarining bir- birlariga nisbatan haq-huquqlari aniqlab olinadi. Mehnat shartnomasi kelgusida xodim va ish beruvchi o`rtasidagi o`zaro munosabatlarni davom ettirish va yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo`lib xizmat qiladi. Mehnat shartnomasining fuqarolik huquqiy shartnomalardan farq qiluvchi jihatlari Mehnat shartnomasi ham uning taraflarida bir-birlariga nisbatan o`zaro huquqlar va majburiyatlarni yuzaga keltirishga qaratilgan kelishuv ekanligi bilan har qanday shartnomalar bilan umumiy xususiyatga egadir. Ayniqsa, tartibga solish predmeti mehnat ekanligi bilan ish bajarish (xizmat ko`rsatish)ga oid fuqarolik huquqiy shartnomalar (pudrat, topshiriq, mualliflik, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish va boshqalar) bilan o`xshash jihatlarga ega. Biroq, mehnat shartnomalarining o`ziga xos bo`lgan xususiyatlari va bir qator jihatlari borki, ular mehnat shartnomasini fuqarolik huquqiy shartnomalaridan aniq farqlash imkonini beradi. Mehnat huquqi fanida ko`pchilik tomonidan e`tirof etilgan ana shunday farqlovchi jihatlar qatoriga quyidagilar kiritilishi mumkin: 1. Mehnat shartnomasiga ko`ra xodim korxonada muayyan kasb, ixtisos va malakaga oid ishni bajarishi, ish beruvchi esa ana shunday ish bilan ta`minlashi lozim. Mehnat shartnomasi majburiyati predmeti ishning natijasi yoki ko`rsatiladigan muayyan xizmat turi emas, balki tirik mehnatni o`zi sanaladi. Har bir xodim mehnat jamoasi tarkibida bo`lgani holda bajaradigan ishning xususiyati ishlab chiqarish vazifalaridan kelib chiqqan holda tegishli kasb, ixtisos doirasida o`zgarib turishi mumkin. 2. Xodim o`z kasbi, ixtisosi, lavozimiga oid ishni korxona ichki mehnat tartibiga amal qilgan holda bajarishi lozim bo`ladi. Ichki mehnat tartibi deganda xodimlarni bir maromda ishlashlarini, xavfsiz va unumli mehnat jarayonida tegishli mehnat me`yorlari bajarilishini ta`minlovchi mehnat rejimi nazarda tutiladi. Bunday mehnat rejimi mehnat qonunlari, qonun hujjatlari, korxonalardagi lokal me`yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi. 3. Mehnat jarayonida xodim ish beruvchi farmoyishlarini bajarishi, mehnat operatsiyalarini uning ko`rsatmalariga amal qilgan holda bajarishi lozim. YA`ni xodim va ish beruvchi o`rtasida o`zaro bo`ysunish munosabati mavjud bo`ladi. Mehnat shartnomasi bo`yicha mehnat qilinganida mehnat jarayonining o`zi, uning shart-sharoitlari tartibga solinadi. 4. Mehnat Kodeksiga ko`ra (154-modda) ish beruvchi xodimga o`zining moliyaviy holatidan qat`i nazar jamoa kelishuvi yoki shartnomasida ko`rsatib qo`yilganidan kam bo`lmagan miqdorda ish haqi to`lashi kerak. Ish haqi to`lashga oid shartlar hatto xodim rozi bo`lgan taqdirda ham qonunlarda belgilab qo`yilgan eng kam miqdordan kam bo`lishiga, uning ahvolini yomonlashuviga olib kelishi mumkin emas. Mehnat shartnomasiga ko`ra to`lanadigan haq bajarilgan mehnatning miqdori va sifatiga mutanosib bo`lishi talab etiladi hamda bu ko`rsatkich ish haqi tizimlari (ishning davomiyligi, murakkabligi, xodimning malakasi, normalarning bajarilishi va boshqa omillar hisobga olingan holda) vositasida aniqlanadi. Xodim asosiy ish haqidan tashqari korxona ish yakunlariga ko`ra belgilangan qo`shimcha ish haqlarini ham oladi (mukofot pullari, ustama haqlar va boshqalar). Shaxsga xodim sifatida imtiyoz va yengilliklar berilishi qonunchilikka ko`ra shaxsni ishga qabul qilish to`g`risidagi buyruq (farmoyish) chiqarilishi, mehnat daftarchasi yuritilganligi, ishlayotganligi haqida ma`lumotnoma berilganligi kabilar bilan bog`liq bo`ladi. Xo`jalik faoliyati amaliyotida «mehnat kelishuvlari (bitimlari)» uchrab turadi va ularning huquqiy tabiati turlichadir. Bunda agar mehnat bitimlariga ko`ra xodim buyruq asosida ishga qabul qilingan, korxona mehnat jamoasi tarkibiga kiritilgan bo`lsa, bunday bitim mehnat shartnomasi deb hisoblanishi, bir martalik ishni bajarishi uchun tuzilgan bo`lsa shaxsiy pudrat (fuqarolik huquqiy) shartnoma munosabati deb baholanmog`i zarur bo`ladi. Mehnat shartnomasi va uning tomonlari Mehnat shartnomasi ham har qanday boshqa shartnomalar singari muayyan tomonlar o`rtasida tuziladigan kelishuvdan iborat. Uning tomonlari bo`lib xodim va ish beruvchi qatnashadi. O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining 1997 yil 6 sentabrdagi 6/1-sonli «Aksiyadorlik jamiyatlarida mehnat munosabatlarini tartibga solishni takomillashtirish to`g`risidagi tavsiyalari»da aytilishicha, xodim deganda mehnat faoliyati mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladigan, muayyan yoshga yetgan jismoniy shaxs tushunilmog`i lozim. Ammo mehnat shartnomasi tarafi sifatida ishtirok etishi mumkin bo`lgan jismoniy shaxs muayyan yoshga yetgan bo`lishidan tashqari (16 yoshga, ayrim hollarda 15 yoshga va hatto 14 yoshga, qonunda maxsus ko`rsatib qo`yilgan hollarda 18 yoshga yetgan bo`lishi) yana bir qator talablarga ham javob berishi lozim bo`ladi. Bu talablar fuqaro salomatligining ahvoli, uning kasb, malaka, ma`lumoti, fuqaroligi va boshqa bir qator omillarga bog`liq bo`ladi. Masalan, fuqaro 1 yoki 2-guruh nogironi ekanligi yoki salomatligi ahvoli bo`yicha talabga javob bermasligi (tibbiy ko`rikdan o`tkazilib ishga qabul qilish mumkinligi belgilangan hollarda) uni bir qator kasb va vazifalarda ishlashligini, ya`ni mehnat shartnomasi tarafi bo`lishligini istisno etadi. Muayyan kasb va lavozimda ishlashi uchun fuqarodan maxsus bilimga ega bo`lishlik talab etilishi mumkin (masalan, tibbiyot mutaxassisi, yurist, transport vositalari haydovchisi va hokazo) va ana shunday bilimga egalikni tasdiqlovchi hujjat (diplom, guvohnoma)ni yo`qligi ham bunday hollarda fuqaro mehnat shartnomasining tarafi bo`la olmasligini anglatadi. Fuqaroning sud ayblov hukmiga muvofiq sodir etilgan g`arazli jinoyati uchun muayyan kasb va lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etilganligi hukmda ko`rsatilgan muddat tamom bo`lmagunga qadar shaxsni mazkur kasb va lavozimlar bo`yicha mehnat shartnomasi tomoni bo`lib ishtirok etishligini istisno etadi. Chet el fuqarolarining O`zbekiston Respublikasi hududidagi mehnat faoliyati tartiblari maxsus qonun hujjatlari bilan belgilab qo`yilgan bo`lib, ushbu tartib- qoidalarga amal qilinmaganida ular mehnat shartnomasi tarafi bo`lib qatnashishlari mumkin emas. O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining yuqorida eslatilgan «Aksiyadorlik jamiyatlarida mehnat munosabatlarini tartibga solishni takomillashtirish to`g`risidagi tavsiyalari»ga ko`ra ish beruvchi deganda mehnat funksiyalarini bajarish uchun jismoniy shaxslarni ishga yollash vakolati berilgan korxona, muassasa, tashkilotlar, shuningdek mustaqil balansga ega bo`lgan tarkibiy tuzilma rahbarlari tushuniladi. Ish beruvchi sifatida mulkchilik shakli, xo`jalik yuritish usulidan qat`i nazar barcha yuridik shaxslar, tegishli hollarda ularning bo`linmalari (shu jumladan, chet el korxonalari, qo`shma korxonalar) qatnashadilar. Jismoniy shaxslar o`zlarining uy-ro`zg`or, maishiy ehtiyojlari yo`lida (oilaviy tibbiy xamshira, bola tarbiyalovchisi, bog`bon, avtoulov haydovchisi, oshpaz va boshqalar) yollanma mehnatdan foydalanishlari, ish beruvchi sifatida mehnat shartnomasi tuzishlari mumkin. Bunday holda ish berayotgan fuqaro o`zining xodimiga mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan eng minimal darajadagi mehnat sharoitlarini yaratib berishi, huquqlardan foydalanishini ta`minlashi lozim bo`ladi. Ayrim fuqaro ish beruvchi sifatida qatnashgan holda boshqa fuqaroni ishga yollash yuzasidan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda davlatning vakolatli organlarida ro`yoxatga olinishi, ish beruvchi fuqaro o`z xodimi uchun budjetdan tashqari pensiya jamg`armasiga tegishli sug`urta to`lovlarini to`lab turishi zarur bo`ladi. Davlat korxona, muassasa va tashkilotlarining ish beruvchi sifatida mehnat bozorida hamda mehnat munosabatida qatnashishlarining o`ziga xos jihatlari vazirliklar, idoralarning aktlarida, davlat xizmatchilarini ishga qabul qilish, ular bilan mehnat munosabatlarini davom ettirishning xususiyatlari esa ushbu masalaga oid maxsus qonun hujjatlarida (masalan, O`zbekiston Respublikasining «Davlat soliq xizmati to`g`risida»gi, «Davlat bojxona xizmati to`g`risida»gi va boshqa Qonunlar) belgilab qo`yilishi mumkin. Tijoratchi bo`lmagan yuridik shaxslarning (turli nodavlat jamg`armalari, jamoat va diniy birlashmalar va hokazolar) ish beruvchi sifatida mehnat munosabatlarida ishtirok etishining o`ziga xos xususiyatlari O`zbekiston Respublikasining «Jamoat birlashmalari to`g`risida»gi, «Nodavlat – notijorat tashkilotlar to`g`risida»gi va boshqa Qonunlarda, ushbu qonunlar asosida ishlab chiqilgan qonun hujjatlarida, ularning o`z ustav (nizom)larida belgilab qo`yilishi mumkin. Mulkchilik shaklidan qat`i nazar barcha ish beruvchi yuridik va jismoniy shaxslar Mehnat Kodeksi va boshqa mehnat qonun hujjatlari talablariga qat`iy rioya qilishlari shart hisoblanadi. Mehnat shartnomasining shakli, mazmuni va amal qilish muddatlari Mehnat shartnomasi unda ishtirok etayotgan taraflarning, birinchi navbatda xodimning manfaatlarini real va samarali tarzda ta`minlash maqsadida faqat yozma ravishda tuzilishi lozim. O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 74- moddasida aytilishicha: «Mehnat shartnomasi yozma shaklda tuziladi». Mehnat shartnomasining shakli O`zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan namunaviy shartnomani hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahka-masining 1997 yil 11 martdagi «O`zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo`lgan normativ hujjatlarni tasdiqlash to`g`risida»gi Qarorining 1-ilo-vasida «Yozma holdagi mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzish yuzasidan tavsiyalar» bayon etilgan bo`lib, unda yozma shakldagi mehnat shartnomasi (kontakrt)ni tuzish paytida amal qilinishi talab etiladigan zaruriy ko`rsatkichlar belgilab qo`yilgan. Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo`lgan ikki nusxada, odatda davlat tilida, zarur hollarda esa xodim tushunadigan boshqa tilda ham tuziladi va tomonlar imzolaganlaridan so`ng kuchga kiradi, ularning har biriga saqlash uchun beriladi. Mehnat shartnomasi ishga qabul qilish vakolatiga ega bo`lgan rahbar tomonidan imzolanib, uning imzosi korxona muhri bilan tasdiqlanadi. Shartnomada tomonlarning manzillari, boshqa ma`lumotlar ko`rsatiladi. Qonun mehnat shartnomasi, albatta, yozma ravishda tuzilishi shart ekanligini belgilar ekan, Mehnat Kodeksi amalga kiritilgandan keyin (1996 yil 1 apreldan boshlab) yuzaga kelgan mehnat munosabatlariga bu qoidalar tadbiq etilishini, undan avval yuzaga kelgan mehnat shartnoma munosabatlari taraflardan biri talab qilgani taqdirdagina yozma ravishda tuzilgan mehnat shartnomasi shaklida qayta rasmiylashtirilishi lozimligini nazarda tutadi. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ning yuqorida eslatilgan hukumat qarori asosida tasdiqlangan namunaviy shakliga (qarorning 2-sonli ilovasi) muvofiq har bir xalq xo`jaligi tarmog`ida yoki korxona va tashkilotlarning o`zida shartnoma (kontrakt) shakli ishlab chiqilishi, har bir xodim bilan o`rnatilayotgan mehnat munosabatlarining o`ziga xos xususiyatlari (o`ziga xos huquqlar va majburiyatlar doirasi) e`tiborga olingan holda qo`llanishi mumkin. Kelgusi davrlarda mehnat shartnomasiga o`zgarish va qo`shimchalar uning tomonlari o`zaro kelishuviga muvofiq tarzda yozma shartnomaga kiritiladi va tomonlar imzosi bilan tasdiqlanadi. Mehnat shartnomasi mazmuni deganda unga ko`ra tomonlar qo`lga kiritayotgan huquqlar, o`z zimmalariga olayotgan majburiyatlar majmui tushuniladi. O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida (73-modda) hamda O`zbekiston Respublikasi hukumati qarori bilan tasdiqlangan «Yozma holdagi mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzish yuzasidan tavsiyalar»da ko`rsatilganidek mehnat shartnomasi (kontrakt) zarur shartlar va qo`shimcha shartlarni o`z ichiga oladi. Quyidagilar mehnat shartnomasi (kontrakt)ning zarur shartlari hisoblanadi: 1) ish joyi – xodim ishga qabul qilinayotgan korxona, muassasa, tashkilot (uning tarkibiy bo`linmasi)ning nomi; 2) mehnat funksiyasi – mazmuni lavozim yo`riqnomalari, malaka majburiyatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan muayyan mutaxassislik, malaka yoxud lavozim bo`yicha ish (rahbarlar, mutaxassislar va xizmatchilarning hamda boshqalarning yagona tarif-malaka ma`lumotnomasi, malaka ma`lumotnomalariga muvofiq); 3) ish boshlanadigan kun – qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi, agar ishning boshlanishi sanasi qayd etilmagan bo`lsa, xodim shartnoma imzolangan kundan keyingi ish kunidan (smenadan) kechikmay ishga tushishi shart; 4) mehnatga haq to`lash miqdori va boshqa shartlar. Mehnatga haq to`lash miqdori tomonlarning kelishuviga ko`ra belgilanadi va qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kam bo`lishi va eng ko`p miqdor bilan chegaralanishi mumkin emas. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ayrim mehnat shartnomalari (kontrakt)ni tuzishda zarur shartlar ro`yxati kengaytirilishi mumkin. Masalan, muddatli mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzishda ishning boshlanishi sanasigina emas, balki uning tamom bo`lish sanasi ham qayd etiladi. Xodimni muayyan ishni bajarish davriga ishga qabul qilishda xodim amalga oshirishi uchun qabul qilinayotgan aniq ish ko`rsatiladi. O`rindoshlar bilan mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzishda qonun hujjatlari bilan nazarda tutilgan eng ko`p muddat doirasida kundalik ishning aniq muddati belgilanadi. Tomonlarning kelishuviga ko`ra mehnat shartnomasi (kontrakt)da qo`shimcha shartlar nazarda tutilishi mumkin. Ular tomonlarning majburiyatlarini aniqlash, ularni to`ldirish, xodimga qo`shimcha imtiyoz va afzalliklar berilishini nazarda tutishi mumkin. Qo`shimcha shartlarga quyidagilar kiritilishi mumkin: xodimga mehnat sharoitlari belgilangan holda YATMM (yagona tarif-malaka ma`lumotnomasi) va MM (mansab ma`lumotnomasi)da nazarda tutilgan qo`shimcha mehnat majburiyatlari yuklash; bir necha kasbda ishlash tartibi va shartlari ko`rsatilgan holda mehnat shartnomasi (kontrakt)ning mustaqil sharti sifatida bir necha kasb (lavozim)da ishlash; agar xodim sinov muddati bilan ishga qabul qilinayotgan bo`lsa, sinovning aniq muddati (qachondan qachongacha), xodimning yuqori malakasi, agar bu amaldagi qonun hujjatlarida, jamoa shartnomasida (barcha darajadagi bitimlarda) yoki korxona, tashkilot, muassasada amal qiluvchi boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda murakkabroq ishlarni bajarish bilan bog`liq bo`lgan mehnatga haq to`lash (tarif stavkalari, lavozim maoshlari, qo`shimcha haqlar, ustamalar, mukofotlar va boshqa xildagi taqdirlashlar)ning yuqoriroq miqdorlarini yakka tartibda belgilash; xodim uchun belgilangan ish vaqti rejimi (to`liqsiz ish kuni, to`liqsiz ish haftasi, qisqartirilgan ish vaqti, soatbay ish, ish kunining boshlanishi va tamom bo`lishi va boshqalar); qo`shimcha (haqi to`lanadigan va haqi to`lanmaydigan) dam olish kunlari, ta`tillar berish; ijtimoiy-maishiy tusdagi sharoitlar (bolalar bog`chasida o`rin, sanatoriy- kurortda davolanishga yo`llanma ta`minlanishi, transport xizmati, markazlashtirilgan tartibda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash, uy-joy berish va boshqalar); muddatli mehnat shartnomasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollari muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka to`lash. Xodimlarning alohida toifalari uchun shartnomaning qo`shimcha shartlari: pul yoki moddiy boyliklarga xizmat ko`rsatuvchi shaxslar uchun to`liq moddiy javobgarlik sharti; korxona rahbarlari uchun mehnat shartnomasini to`xtatishning qonunchilikda nazarda tutilgan qo`shimcha asoslari va h.k. shartlar. Xodim ahvolini qonunlardagidan yomonlashtiradigan holatlar mehnat shartnomasiga kiritilishi mumkin emas. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ning muddati qoidaga ko`ra cheklanmaydi va taraflar uni bekor qilish istagini bildirmagunlariga qadar amal qilaveradi. O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 75-moddasiga muvofiq mehnat shartnomalari: nomuayyan muddatga; besh yildan ortiq bo`lmagan muayyan muddatga; muayyan ishni bajarish vaqtiga mo`ljallab tuzilishi mumkin. Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati ko`rsatilmagan bo`lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi. Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz muayyan muddatga, shuningdek muayyan ishni bajarish vaqtiga mo`ljallanib qayta tuzilishi mumkin emas. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ish beruvchilar tashabbusiga ko`ra muddatli mehnat shartnomasi tuzishlik cheklangan bo`lib, obyektiv holatlar taqozo etganda va ishning xususiyatiga ko`ra nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzish mumkin bo`lmagan hollardagina muddatli mehnat shartnomasi tuzilishiga yo`l qo`yiladi (Mehnat Kodeksining 76-moddasi). Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining plenumi o`zining 1998 yil 17 apreldagi 12-sonli «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakt)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarni qo`llanishi haqida»gi qarorining 5- bandida aytilishicha: sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, muddatli mehnat shartnomasi faqat MKning 76-moddasida belgilangan holatlar bo`lganligi sababli nomuayyan muddatga mo`ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo`lmagan hollarda tuzilishi mumkin. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishga quyidagi holatlar mavjudligida yo`l qo`yilishi mumkin: bajariladigan ishning tafsilotiga ko`ra bajarish uchun xodim olingan ishni ma`lum bir muddat o`tgandan keyin obyektiv sabablarga ko`ra davom ettirishning imkoni bo`lmasligi oldindan ma`lum bo`lganda, ya`ni u muddatli xarakterga ega bo`lsa; bajarish uchun xodim olingan ishni bajarish shartlari. Bunda ish doimiy xarakterga ega bo`lsada, uni bajarishning shartlari xodim bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzishga to`sqinlik qiladi (qonunlarga muvofiq xodimning ish joyi va boshqalar saqlanadigan, mehnat va ijtimoiy ta`tillarda bo`lgan vaqtiga boshqa xodimni ishga qabul qilish); xodimning manfaatlari, ya`ni u yoki bu holatlarga ko`ra muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi xodimning manfaatlariga asoslangan bo`lganda. Nazarda tutish kerakki, MKning 76-moddasida keltirilgan xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzish to`g`risidagi ro`yxat qat`iy chegaralangan. Agar xodim bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasi MKning 76-moddasi talablarini hisobga olmagan holda tuzilgan bo`lsa, bunday holda shartnomaning muddati haqidagi shartlari haqiqiy emas deb topiladi, xodim esa ishga nomuayyan muddatga birinchi ish kunidan boshlab qabul qilingan hisoblanadi. Muddatli mehnat shartnomasi muddatining tamom bo`lishi shartnoma taraflariga belgilangan tartibda mehnat munosabatlarini bekor qilish huquqini beradi. Muddatli mehnat shartnomasi muddatining tamom bo`lishi bilan bir hafta davomida tomonlardan hech biri uni bekor qilish tashabbusini ilgari surmasa, bunday shartnoma o`z-o`zidan nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasiga aylanadi. Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan avval tomonlardan birining aybi bilan bekor qilingudek bo`lsa, mehnat shartnomasi (kontrakt)da nazarda tutilgani holda aybdor tomondan ikkinchi taraf foydasiga neustoyka undirilishi mumkin.