logo

Janubiy O‘zbekistonda o‘sish qutb va markazlarining shakllanishi

Yuklangan vaqt:

15.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

37.900390625 KB
Janubiy O`zbekistonda o`sish qutb va markazlarining shakllanishi Fransuz iqtisodchisi F.Perru g`oyasiga ko`ra, xududlarning iqtisodiy sig`imi (zichligi) past, ishlab chiqarish kuchlari notekis joylashgan sharoitda o`sish qutb va markazlarini shakllantirish katta samara beradi. Bunda barcha xudud yoki xo`jalik tarmoqlarining bir vaqtning o`zida birday sur`atda rivojlantirish imkonsizligidan kelib chiqiladi va asosiy e`tibor investitsiya muhiti qulay bo`lgan, tezda natija beradigan tarmoq va geografik nuqtalarga, odatda yaxshi geografik o`rinda joylashgan nuqtalarga, shaharlarga qaratiladi. O`zbekistonning Janubiy iqtisodiy rayonida ham o`sish qutb va markazlarini shakllantirish yordamida mintaqaning salohiyatini ko`tarish imkoniyatlari mavjud. Mazkur iqtisodiy rayon o`z tarkibiga Surhondaryo va Qashqadaryo viloyatlarini oladi. Uning umumiy maydoni 48.7 ming km.kv. yoki respublika xududining 10,8 foizini tashkil qiladi. Bu yerda, 2007 yil ma`lumotlariga ko`ra, 4420 ming kishi (mamlakat aholisining 16,6 foizi) yashaydi. Ushbu ma`muriy xududlarni qaytadan alohida asosiy iqtisodiy rayonga ajratish prof. A.S.Soliyev tomonidan taklif qilingan (1998 y.) bo`lib, bu borada ularning umumiy geografik o`rni, tarixiy rivojlanish xususiyatlari, demografik vaziyati, tabiiy sharoiti va resurslari kabi omillar hisobga olingan. Biroq, hozirgi kunda mintaqaning tabiiy resurs va demografik salohiyatini kattaligiga qaramasdan, uning respublika milliy iqtisodiyotidagi tutgan o`rni katta emas. 2006 yil yakunlari bo`yicha, Janubiy iqtisodiy rayon mamlakatimizning 12,3 foiz yalpi ichki mahsuloti 16,7 foiz sanoat va 17,4 foiz qishloq xo`jalik mahsulotlarini beradi. Shuningdek, mintaqa zimmasiga respublika umumiy investitsiya hajmining 23,2 foizi va tashqi savdo aylanmasining 5,3 foizi to`g`ri keladi. Shu o`rinda ta`kidlash joizki, asosiy iqtisodiy ko`rsatkichlar ko`proq Qashqadaryo viloyati hisobidan shakllangan. Masalan, sanoat mahsuloti bo`yicha viloyat Toshkent va Navoiy viloyatlaridan keyingi uchinchi o`rinni, investitsiya hajmi bo`yicha esa u faqat Toshkent shahridan orqada turadi, holos. Ayni vaqtda Surhondayo viloyati ijtimoiy – iqtisodiy jixatdatdan, hususan sanoat ishlab chiqarishi nuqtai nazaridan sust rivojlangan. Janubiy iqtisodiy rayon respublikamizda o`ziining tabiiy gaz, neft, turli xil agrokimyoviy resurslarning zahiralari bilan oldinda turadi. Ularning ham asosiy qismi Qashqadaryo viloyatiga to`g`ri keladi. Ushbu viloyat mamlakatimizda paxta, g`alla yetishtirishda birinchi o`rinda, chorvachilik, jumladan qora mollar soni bo`yicha ham ajralib turadi. Surhondaryo viloyati esa ko`proq O`zbekistonda noyob toshko`mir, osh tuzi, farmatsevtika, rekreatsiya va turizm resurslariga ega. Yuqoridagi qisqacha tahlilidan ko`rinib turibdiki, mintaqada, umuman olganda, ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlari qulay. Ammo, tabiiyki, bunday sharoitlardan birdaniga foydalanish, ayniqsa bozor iqtisodiyoti sharoitida, mumkin emas. Shu bois, mintaqa va mustaqil mamlakatimizning iqtisodiy havfsizligini ta`minlash uni “yoppasiga” rivojlantirishni emas, balki xudud xo`jaligini jadal harakatga kirituvchi asosiy markazlarni belgilashni taqozo qiladi. Janubiy iqtisodiy rayonning yaqin kelajakda faollashtiruvchi kuchi ko`proq Qashqadaryo viloyatiga to`g`ri keladi. Bu borada, eng avvalo, Qarshi va Shahrisabz viloyat, qolaversa, mintaqa darajasidagi o`sish markazi bo`lishi mumkin. Qashqadaryoning hozirgi iqtisodiy xaritasida Qarshi va Shahrisabz sanoat tugunlarining ahamiyati katta. Shu bilan birga Muborak, Qamashi, Tollimarjon ham o`ziga xos rivojlanish nuqtasi sifatida salohiyatga ega. Toshg`uzor-Boysun- Qumqo`rg`on temir yo`lining ishga tushirilishi munosabati bilan G`uzorning ham bu boradagi mavqei ko`tarilishi kutilmoqda. Qashqadaryo viloyatida uning ijtimoiy-iqtisodiy qudratini yuksaltiruvchi bir necha o`sish qutb va markazlari mavjud. Masalan, Qarshi (219,0 ming kishi) va uning aglomeratsiyasi mintaqaning asosiy o`sish qutbi hisoblanadi. Ikkinchi darajadagi o`sish markazi esa Shahrisabz (92,0 ming) hisoblanib, u yaqin orada respublikaning “yuzminglik” shaharlari qatoriga kiradi. Qarshi va Shahrisabz nafaqat viloyatning, balki butun Janubiy iqtisodiy rayonning yetakchi markazlari sanaladi. Viloyat darajasida Muborak (24,5 ming kishi), yaqin kelajakda G`uzor (23,3 ming) o`sish markazi sifatida shakllanadi. Shunga yaqin mavqeni Tollimarjon ham egallashi mumkin. Bu yerda yirik IES-ning dastlabki navbati ishga tushirilgan, elektr energiyaga mintaqada ehtiyoj paydo bo`lishi bilan uning qurilishi davom ettiriladi. Yuqoridagi iqtisodiy geografik tahlildan ko`rinib turibdiki, Qashqadaryo viloyatining turli tomonlari va markazida uni rivojlantiruvchi nuqta va markazlari bor. Ammo, hozirgi kunda qo`shni Surhon vodiysida bunday imkoniyatlar ozroq. Bunga viloyatning geosiyosiy o`rni, tabiiy resurs salohiyatidan to`la foydalanmaslik, qulay investitsiya makonining shakllan-maganligi, infratuzilmasining rivojlanmaganligi kabi omillar sababchidir. Surhondaryo viloyatida o`sish markazlari darajasida, eng avvalo, Termiz (125,3 ming kishi) va Denov (69,3 ming kishi) rivojlanib boradi. Biroq, bu ikki shaharlarning jadal rivojlanishi ularning siyosiy geografik o`rni hamda geoekologik holatini (ayniqsa Denovda) yaxshilashga bog`liq. Shuningdek, bu yerda o`sish imkoniyatlariga ega bo`lgan SHerobod (26,2 ming kishi), Qumqo`rg`on (12,5 ming kishi) va Boysun (24,4 ming kishi) shaharlari ham joylashgan. Viloyatning tog` va tog` oldi xududlaridagi qazilma boyliklar, farmatsev-tika, turizm va rekreatsiya resurslaridan samarali foydalanish uning muhim ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanish omilidir. Ayniqsa qo`shni Turkmanistonga tutash xududlar salohiyatini ko`tarish bu borada katta ahamiyat kasb etadi. Yaqinda qurilishi tugatilgan Toshg`uzor-Boysun-Qumqo`rg`on temir yo`li mintaqada tuz, ko`mir, qurilish materiallari, rekreatsiya resurslaridan keng miqyosda foydalanishga imkon yaratadi. Aytish mumkinki, bu yo`l Qashqadaryo va Surhondaryo viloyatlarini iqtisodiy jixatdan yanada yaqinlashtiradi, bog`laydi va shu asosda yagona Janubiy iqtisodiy rayon rivojlanishiga olib keladi.