logo

Yevropa uyg’onish davri va unda falsafiy tafakkur takomili ijtimoiy siyosiy o'zgariflar va falsafa Galiley ,N Kopernik, J Bruno ularning falsafiy qarashlari

Yuklangan vaqt:

23.10.2023

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

41.083984375 KB
Yevropa uyg’onish davri va unda falsafiy tafakkur takomili ijtimoiy siyosiy òzgariflar va falsafa Galiley ,N Kopernik,J Bruno ularning falsafiy qarashlari Reja: 1. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi 2. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G’arb falsafasi 3. Borliq – falsafaning fundamental kategoriyasi . 4. Olamning universal aloqalari va rivojlanish. Falsafaning qonun va kategoriyalari 1. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi Sharq qadimiy madaniyat o’chog’i va jahon sivilizatsiyasining beshigi deya bejiz ta’riflanmagan. Farb madaniyati tarixini o’rganish jarayonida Ovrupotsentrizm nazariyasiga og’ib ketish g’ayriilmiy bo’lgani kabi, masalaning Sharq bilan bog’liq jihatini tahlil etganda ham Osiyosentrizm g’oyalari ta’siriga tushmaslik lozim. Shu bilan birga, Sharqning o’ziga xosligi, unga mansub bo’lgan madaniy taraqqiyot jahon sivilizatsiyasining beshigi, dunyo xalqlari rivojiga qo’shilgan munosib hissa ekani ham sir emas. Bu hol jahonning barcha xolis mutaxassis olimlari tomonidan e’tirof etiladi. Qolaversa, Vatanimiz sivilizatsiyasining Sharq sivilizatsiyasi quchog’ida voyaga yetgani va uning qadriyatlarini o’zida aks ettirganini, unga va butun dunyo madaniyatiga ulkan ta’sir ko’rsatganini doimo esda tutish darkor. Sharq madaniyati taraqqiyotining ilk davrlari deganda, ko’pgina mutaxassislar bizning Vatanimiz o’tmishini, Misr, Bobil va insoniyat tarixining eng qadimgi sivilizatsiyalaridan biri bo’lgan Shumer davrlarini esga oladi. Bularning har biri insoniyat tarixida jamiyat hayoti, qadriyatlar tizimining o’ziga xosligi, boshqarish va iqtisodiy jarayonlarning muayyan tarzda namoyon bo’lishi bilan tavsiflanadi. Ushbu madaniyat o’choqlari haqida maktab ta’limi jarayonida «Eng qadimgi tarix» darsliklari orqali ma’lumot berilgan. Zukko talabalar o’sha davrlarda qanday siyosiy jarayonlar kechgani, qanday podsholik va imperiyalar bo’lganini yaxshi biladi. Biz bugun o’sha davrlardagi falsafiy dunyoqarash, qadimgi ajdodlarimizning fikr-mulohazalari, o’ziga xos ta’limotlarining asosiy tamoyillari bilan yaqinroq tanishmoqchimiz. Ko’hna Sharq sivilizatsiyasining beshiklaridan biri bo’lgan Misr, qadimgi zamonda ilk o’troq hayot va o’ziga xos dehqonchilik an’analari boshlangan Nil daryosi bo’ylaridagi madaniyat dunyo olimlari diqqatini tortib keladi. Qadimgi Misr va Bobil falsafasi . Eramizdan avvalgi to’rtinchi ming yillikning oxiri va uchinchi ming yillik boshlarida qadimgi Misr va Bobil hududida dastlabki diniy-falsafiy fikrlar, olam haqidagi fanlar, ya’ni astronomiya, kosmologiya, matematika, mifologiyaga oid qarashlar birmuncha rivoj topgan. Tabiiy-ilmiy, diniy-falsafiy fikrlarning yuzaga kelishi ikki yo’nalishda borgan. Birinchi yo’nalish olam haqidagi tasavvurlarning astronomiya, kosmologiya, riyoziyot fanlari rivoji bilan bog’liq ekanini, ikkinchi yo’nalish esa, bu tasavvurlarning mifologiya bilan bog’liq bo’lganini ko’rsatadi. Birinchi holda, asosan, tabiiy bilimlarga tayanilgan, kundalik hayotda duch kelinadigan voqea-hodisalar aniq dalillar asosida tahlil etilgan, o’rganilgan, ulardan tegishli xulosalar chiqarilgan. Bu - o’sha davr uchun tabiiy hol edi, ya’ni u - davrning inson ongida aks etishi, kundalik turmush hodisalarining oddiy bir tarzda ifodalanishi edi. Aynan ana shu hol tabiiy bilimlar rivojiga, garchand sodda tarzda bo’lsa-da, aksariyat hodisalarning falsafiy asosda izohlanishiga sabab bo’lgan. Ikkinchi holatda esa, hali tabiat kuchlarining qarshisida nihoyatda ojiz bo’lgan odamzod, albatta, tevarak atrofdagi voqea-hodisalarni mifologik izohlashi tabiiy bir hol edi. Shu bilan birga, odamning mavjudlik xossalarini va olam qonuniyatlarini ilmiy tushunish ko’nikmasi hali shakllanib ulgurmagan o’sha qadim zamonlarda, afsona hamda rivoyatlarga asoslanib fikr yuritmaslikning imkoni ham yo’q edi. Bu - o’sha davrlardan qolgan yozma manbalarda, xususan, «Xo’jayinning o’z quli bilan hayotining mazmuni haqida suhbati», «Arfist qo’shig’i», «O’z hayotidan hafsalasi pir bo’lgan kishining o’z joni bilan suhbati» kabi bitiklarda yaqqol namoyon bo’lgan. ularda hayotning, umrning mazmuni, o’sha davrdagi odamlarga xos tuyg’ular bayon qilingan. Qadimgi Misr va Bobilda shakllangan falsafaning eng asosiy xususiyati shundan iborat ediki, ularda, bir tomondan, xudolarga ishonch, ilohiy kuchlarning tabiat va jamiyatga ko’rsatadigan ta’sirini mutloqlashtirish xususiyati ustuvor bo’lgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, afsona va rivoyatlar tarzida bo’lsa-da, dunyoviy bilimlar, ilmiy qarashlar ham asta-sekin shakllana boshlagan. umuman, bunday xususiyatni, qadim zamondagi barcha sivilizatsiyalarga xos deyish mumkin. O’sha davrda eng qadimgi Sharq xalqlaridan biri yahudiylarning milliy mafkurasi — iudaviylik shakllana boshlagan. Bu din, asosan, ana shu millatga mansub kishilar o’rtasida yoyilgan bo’lib, eramizdan avvalgi ikki minginchi yillar boshida Falastinda vujudga kelgan. «Zabur» va «Tavrot» kabi muqaddas kitoblar bu dinning asosiy manbalaridan hisoblanadi. Yahudiylik yahudiy va Falastin xalqlarining ba’zi e’tiqodlarini o’zida aks ettirgan dindir. Eramizdan avvalgi X-VI asrlarda yahudiylik monoteistik (yakka xudolikka ishonish) dinga aylanib, olamni yaratuvchi Yahve xudosiga e’tiqod qilish uning asosiy tamoyili hisoblangan. Bu dinda Muso alayhissalom — payg’ambar, «Tavrot» xudo tomonidan unga yuborilgan ilohiy kitob ekani, qiyomat kunida barcha birdek tirilishi, jannat va do’zaxning mavjudligi, gunohkorlar jazosiz qolmasligi, savobli ishlarni qilganlar u dunyoda rag’batlantirilishlari haqidagi qarashlar ilgari surilgan. Ko’p yillik tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, yahudiylik Sharq xalqlaridan biri — yahudiylarning milliy dini bo’lgani bois, ana shu qit’ada yashovchi boshqa xalqlarga xos bo’lgan ko’pgina diniy qarashlari bilan ham bir qadar mushtarakliklarga ega. Chunonchi, uning zardo’shtiylik bilan o’xshash jihatlari ham yo’q emas. Masalan, «Tavrot» va «Avesto»dagi aksariyat qonunlar, diniy- falsafiy kategoriyalar o’rtasida yaqinlik ko’zga tashlanadi. Umuman olganda esa, barcha dinlar orasida ilohiy qadriyatlarni mutloqlashtirish, xudo g’oyasini muqaddaslashtirish, bu dunyo va u dunyo bilan bog’liq qarashlarga ko’proq e’tibor berish kabi o’xshash jihatlar uchraydi. 2. . Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G’arb falsafasi Qadimgi Yunoniston va Rim falsafasi. Qadimgi davr falsafasining yana bir silsilasi Yunoniston va Rimga tegishlidir. Bu davrdagi falsafiy qarashlar — antik davr falsafasi deb yuritiladi. Unda Milet falsafiy maktabi, Eley falsafiy maktabi, Suqrot, Pifagor, Aflotun, Arastu va boshqalarning falsafiy, tabiiy — ilmiy, ijtimoiy — ahloqiy ta’limotlari o’rganiladi. Yunonistonda dastlabki falsafiy ta’limotlar eramizdan avvalgi VII-VI asrlar o’rtasida Milet shahrida yuzaga kelgan va rivojlangan. Milet maktabi vakillari Fales, Anaksimandr, Anaksimenlardir. Uning asoschisi Fales (eramizdan avvalgi 624 — 547 yillarda yashagan). U Yunon fani va falsafasining asoschisi bo’lib, o’z davrining yetuk siyosiy arbobi, jo’g’rofi, faylasufi bo’lgan. Fales ta’limotiga ko’ra, tabiatdagi turli-tuman jism va hodisalar dastlabki ibtido — suvdan paydo bo’lgan va yana suvga aylanadi va bu moddiy birlik doimo o’zgarishda bo’ladi. Anaksimandr (Falesning shogirdi) eramizdan avvalgi VII asr oxiri va VI o’rtalarida yashab ijod etgan. U «Tabiat haqida» asarini yozgan, biroq asar bizgacha yotib kelmagan. Fales olamning asosiga suvni qo’ygan bo’lsa, Anaksimandr dunyo — cheksiz, gazsimon apeyrondan iborat, issiqlik va sovuqlik, quruqlik va namlik apeyrondan ajralib chiqib, moddaning bir holatdan ikkinchi holatga o’tishini ta’minlaydi, deb hisoblagan. Uning ta’limotini zamondoshi, shogirdi Anaksimen davom ettirdi. Anaksimen (eramizdan avvalgi 588-525 yillar) havo — olamning asosi, deb bilgan. Uningcha, havoning quyuqlashishidan suv, yer, tosh kabi moddalar tashkil topgan, siyraklashishidan esa olov paydo bo’lgan. Yana bir yunon faylasufi Geraklit (eramizdan avvalgi 520-460 yillar) Kichik Osiyoning g’arbiy qirg’og’idagi Efes shahrida zargar oilasida dunyoga kelgan. U stixiyali dialektikaga asos solgan, olov — olamning asosi, deb bilgan. uning fikricha, olamda hamma narsa harakatda. «Oqar suvga bir soniyada ikki marta tushish mumkin emas, chunki suv har daqiqada yangilanib turadi». Olamda turg’unlik yo’q. Harakat butun tabiatga, barcha jism va hodisalarga xosdir. Abadiy harakat — abadiy o’zgarishdir. Harakat qarama-qarshilik asosida sodir bo’ladi. «Kurash hamma narsaning otasi, hamma narsaning podshosidir», degan ekan Geraklit. Bundan Geraklit kishilar o’rtasida urushlarni targ’ib qilgan ekan-da, deya xulosa chiqarish noto’g’ri. Geraklitning fikricha, doimiy o’zgarish, harakat va o’zaro qarama-qarshi tomonlarga o’tish — jismlar sifatining nisbiyligi bilan bog’liq. Masalan, dengiz suvi inson iste’moli uchun yaroqsiz bo’lsa, baliqlar uchun ayni muddaodir. Geraklitning qarashlari falsafiy tafakkur rivojiga katta ta’sir ko’rsatgan. Pifagor (eramizdan avvalgi 580-500 yillar) Yunonistonning Samos orolida yashab o’tgan. u qadimgi Yunonistonda diniy-mafkuraviy falsafiy maktab, ya’ni pifagorchilikka asos solgan. Pifagor o’zining siyosiy qarashlari tufayli podsho Polikret bilan chiqisha olmagan va Samosni tark etib, janubiy Italiyaga ko’chib ketgan, o’sha yerda o’z uyushmasini tashkil etgan. Uningcha, dunyoni bilish jarayoni, avvalo, raqamlarni bilishdan boshlanishi kerak. Pifagorchilarning ta’limotiga ko’ra, olamning asosida modda ham, tabiat ham emas, balki ideallashgan raqamlar yotadi; narsa va hodisalar aynan ana shu raqamlar mahsulidir. Pifagorchilar birinchi bo’lib Yunonistonda tabiatdagi narsa va hodisalarni izohlashda miqdor kategoriyasini ilgari suradi. Pifagor zodagonlar oilasiga mansub bo’lgani bois aristokratiyani himoya qilgan. U «tartib» to’g’risidagi ta’limotini yaratib, faqat aristokratlar o’rnatgan tartib ijtimoiy hayotda muhim rol o’ynaydi, degan. Uning fikricha, demokratiya bu tartibotning buzilishidir. Eley falsafiy maktabi namoyandasi Ksenofan (eramizdan avvalgi YI — V asr) shoir va faylasuf bo’lgan. U Kichik Osiyoda dunyoga kelgan. Ilm olish maqsadida Yunonistonga, janubiy Italiyaga sayohat qilib, umrining so’nggi yillarini Eley shahrida o’tkazgan. Tarixchi Diogen Laertskiyning yozishicha, Ksenofant «Tabiat haqida» asarining muallifidir. Afsuski, ushbu asarning yarmigina omon qolgan, xolos. u ko’pxudolikka hamda insonlarga xos sifatlarni hayvonlarga, o’simlik dunyosiga daxldor deb biluvchi ta’limotga qarshi chiqib, mifologiyani rad etishga harakat qilgan. uning falsafiy ta’limotiga ko’ra, tabiat   - o’zgarmas va harakatsizdir, «Hamma narsa yerdan unib chiqadi va pirovardida yana yerga qaytadi». Biz hammamiz yerdan tug’ilganmiz va yerga aylanamiz». Ksenofan qadimgi yunon faylasuflaridan birinchi bo’lib, bilishning imkoniyati va chegarasi haqida fikr yuritgan. Bu qadimgi yunon gnoseologiyasining rivojiga turtki bo’ldi. Ksenofant ilgari surgan g’oyalar uning shogirdi Eley falsafiy maktabining ko’zga ko’ringan namoyandalaridan biri, eramizdan avvalgi 504 yili tug’ilgan Parmenid tomonidan rivojlantirilgan. Eley falsafiy maktabining namoyandalaridan biri Parmenidning shogirdi va do’sti Zenon (490-430 yillar) o’z ustozining ta’limotini himoya qildi va uni rivojlantirdi. Qadimgi Yunon madaniyatida sofistlar falsafasi katta o’rin tutadi. Sofistlar antropologiya (inson haqidagi fan) va gnoseologiya (bilish to’g’risidagi fan) muammolari bilan shug’ullangan. Sofistlar yangi kasblarning mohir ustalari, ya’ni o’qituvchilar, diplomatlar, notiqlar, sud mahkamalarida ishlovchi mutaxassislardan iborat bo’lib, haqiqat, osoyishtalik, adolat o’rnatishga xizmat qilgan. ularning ta’limoti Suqrot falsafasiga ham ma’lum darajada ta’sir ko’rsatgan. Suqrot (eramizdan oldingi 469-399 yillar.) (asli — Sokrat)   — qadimgi Yunon faylasufi. «Afinaning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etgan, yoshlar tarbiyasi bilan shug’ullangan, hurfikrli inson, kambag’aldan chiqqan, tosh yo’nuvchining o’g’li, o’ta bilimdon kishi sifatida mashhur bo’lgan. Uning hayoti fojiali tugagani to’g’risidagi misol falsafiy afsonaga aylanib ketgan. O’z davrida Afinadagi hukmron tuzum tartib-qoidalariga qarshi chiqib, yangi fikrlarni ilgari surgani uchun ruhoniylar uni dahriylikda hamda yoshlarni axloqan buzishda ayblaganlar. Unga shunchaki ayb emas, siyosiy ayb qo’yilgan. Garchand qutilish imkoni bo’lsa-da, qonun va jamiyat tartiblarini nihoyatda qattiq hurmat qilganligi bois, u jazodan qochishni istamagan va bir qadah zahar ichib o’lgan. Suqrot va uning tarafdorlari jamiyat qonunlariga, ular qanday bo’lishidan qat’i nazar, so’zsiz itoat etishni targ’ib etganlari g’oyatda ibratlidir. Holbuki, Suqrot va uning shogirdlari Afinada amal qilgan qonunlarni noto’g’ri va adolatsiz deb hisoblagan hamda ularni qattiq tanqid qilgan, ammo, shunday bo’lsa-da, ularga bo’ysungan. Shu ma’noda, Suqrot o’zini aybdor deb topgan sud hukmiga itoat etgan va o’zini uning ixtiyoriga topshirgan. «Aflotun mening do’stim, ammo qonun do’stlikdan ustun turadi» degan hikmatli ibora o’sha davr ma’naviyatining yaqqol ifodasidir. Suqrot o’z ta’limotini og’zaki ravishda ko’cha-ko’yda, maydonlarda, xiyobonlarda shogirdlari va izdoshlari bilan birga shakllantirgan va xalq ongiga singdirishga harakat qilgan, lekin bironta ham asar yozmagan. Uning falsafiy, axloqiy ta’limotlari mohiyatini shogirdlari Ksenofant, Aristofan va Aflotunlarning asarlaridan bilib olishimiz mumkin. Ksenofant «Suqrot haqida esdaliklar» asarida o’z ustozi haqida iliq so’zlar aytib, uni olijanob, axloq-odob borasida haqqoniy fikr yuritgan inson sifatida ta’riflagan. Yoshlarning axloqini buzgan deb unga siyosiy ayb qo’yish — tuhmat ekanini alohida ta’kidlagan. Aflotun esa uni chuqur mulohazali, insonni ulug’lovchi donishmand, deya ta’riflagan, uning falsafiy qarashlarini o’z asarlarida Suqrot nomidan bayon etgan. Suqrotning fikricha, falsafaning markazida axloq masalalari turmog’i lozim. Jamiyatning ravnaqi, tinchlik va osoyishtaligi, farovon hayoti axloq va odobning ahvoliga bog’liq. Bu masalalar Sharq falsafasida ham katta o’rin tutganli bois xalqimiz, buyuk allomalarimiz Suqrot nomini benihoya hurmat bilan tilga olgan, uning axloq-odob haqidagi pand-nasihatlariga amal qilgan. Suqrotning shogirdi Aflotun (asli — Platon) jahon falsafasi tarixida o’chmas iz qoldirgan buyuk allomadir. U nafaqat faylasuf olim, balki san’atkor, shoir va dramaturg bo’lgan, o’z g’oyalarini dialoglar tarzida bayon qilgan. Aflotun 428 yil 21 mayda Delos orolida tug’ilgan. O’zidan keyin 35 dan ziyod dialog shaklidagi asarlar yozib qoldirgan. Arastuning u haqdagi ma’lumotlarini birdan-bir to’g’ri dalil deb qarash mumkin. Chunki Arastu Aflotunning eng yaqin do’sti va shogirdi bo’lgan. Aflotun «Foyalar dunyosi va soyalar dunyosi» ta’limotining asoschisidir. Uningcha, g’oya haqiqiy borliq, biz biladigan va yashaydigan dunyo esa uning soyasidir. Haqiqiy o’zgarish va taraqqiyot g’oyalar dunyosiga xos, soyalar dunyosidagi harakat esa uning aksidir. Foyalar dunyosining qonuniyatlarini hamma ham bilolmaydi. Ularni biladigan zotlar nihoyatda kam uchraydi, ular ulkan aql egasi bo’ladi va tarixda chuqur nom qoldiradi. Aksariyat kishilar esa, soyalar dunyosi bilan kifoyalanadi. Aflotunning jamiyat va davlat to’g’risidagi ta’limoti uning dunyoqarashida markaziy o’rinlardan birini tashkil etadi. U faqat antik davr falsafasi — ontologiya va gnoseologiyaning klassigi bo’lib qolmay, mumtoz antik siyosiy nazariya va pedagogikaning bilimdoni ham bo’lgan. Aflotun ijtimoiy-siyosiy masalalarga doir «Davlat», «Qonunlar», «Siyosat» va «Kritiy» nomli asarlar yozib qoldirgan. «Davlat» asarida jamiyat haqida, uning ideal siyosiy tuzumi to’g’risidagi qarashlarini markaziy ta’limoti — g’oyalar nazariyasi bilan uzviy bog’liq holda ilgari surgan. Uning fikricha, davlatning to’rtta shakli mavjud: teokratiya; oligarxiya; demokratiya; tiraniya. Aflotunning ideal davlat to’g’risidagi orzulari negizida adolat g’oyasi yotadi. Aflotun aytganidek, jamiyat barcha a’zolarining odil jamiyatdagi qonunlarga bo’ysunishi ijtimoiy taraqqiyotning asosiy garovidir. Aflotunning shogirdi va safdoshi Arastu (384 — 322 yillar) (asli — Aristotel) qadimgi Yunonistonning buyuk faylasufi, o’zining betakror, jahonni lol qoldirgan ilmiy merosi bilan mashhurdir. O’n yetti yoshida o’z ilmini oshirish maqsadida Afinaga kelib, Aflotun asos solgan akademiyaga o’qishga kirgan va 20 yil davomida (Aflotunning o’limiga qadar) shu yerda tahsil olgan. Keyinchalik Makedoniya podshosi Filippning II taklifiga binoan, uning o’g’li Aleksandrga 3 yil muntazam ustozlik qilgan. Binobarin, keyinchalik dunyoni zabt etib, jahongirlik maqomiga ko’tarilgan iskandarning kamolotida Arastuning xizmatlari beqiyos bo’lgan. Filippning o’limidan keyin Aleksandr taxtga o’tirgach, Arastu Afinaga qaytib kelib, 50 yoshlarida «Likkey» nomli maktab ochgan. Ilmiy faoliyatining samarali bo’lishida, umuman, Yunonistondagi ilm-fan rivojida Aleksandr tomonidan ko’rsatilgan himmat va rag’batlar muhim ahamiyat kasb etgan. Iskandar vafotidan keyin unga qarshi kuchlar bosh ko’tarib, Arastuni dahriylikda ayblashgan va sudga tortishgan. Suddan oldin Evbey oroliga ko’chib ketgan Arastu ko’p o’tmay o’sha yerda vafot etgan. Arastu zabardast olim bo’lib, mantiq, psixologiya, falsafa, axloq, notiqlik san’ati, tabiiy fanlar bo’yicha o’lmas, bebaho asarlar yozib qoldirgan. Uning barcha asarlari borliqni o’rganishga qartilgan. Mantiqqa oid asarlarining barchasini «Organon» («Qurol») nomli asariga jamlagan. Faylasuf barcha fanlarni ikki turga — nazariy va amaliy fanlarga bo’lgan. Amaliy fanlar shogirdlarga yo’l-yo’riq ko’rsatishga, biror bir foydali ishni amalga oshirishga yo’naltirilgan. U nazariy fanlarni uch qismga   - falsafa (metafizika), matematika va fizikaga ajratgan. Faylasuf olamdagi narsa va hodisalar to’rtta sababga ega. Bular — moddiy sabab, ya’ni modda (materiya); shakliy sabab yoki shakl; yaratuvchi sabab; pirovard sabab yoki maqsad sabablardir. Yaratuvchi sabab, Arastu talqinicha, harakat manbaidir. Masalan, ota va ona bolaning ulg’ayishi sababchisidir. Arastu pirovard sabab (maqsad sabab) vositasida insonga xos bo’lgan maqsadni tabiat hodisalariga ham tatbiq etmoqchi bo’lgan. Harakat olam singari abadiydir. Ayni paytda, olam o’zining abadiy sababi, ya’ni harakatlantiruvchi kuchiga ega. Arastuning jamiyat va davlat to’g’risidagi ta’limoti «Davlat», «Siyosat» kabi asarlarida bayon etilgan. Uning fikricha, davlat boshqaruvi jamiyatning erkin va farovon hayoti uchun xizmat qilishi lozim. Baxtli hayot mazmuni faqat moddiy mo’l-ko’lchilik bilan belgilanmaydi, balki seroblik ma’naviy boylik bilan uyg’un bo’lgandagina, jamiyat baxtli hayot kechiradi. Davlatning boyligi, asosan, o’rtacha mulkka ega bo’lgan fuqarolarning mehnati bilan ta’minlanadi. Arastuning bu boradagi qarashlari bugungi kunda Vatanimizda kichik va o’rta biznes sohasini rivojlantirish yo’lida olib borilayotgan islohotlar mohiyatiga juda hamohangdir. 3 . Borliq – falsafaning fundamental kategoriyasi . Nemis falsafasi. XVIII asrning oxiri va XIX asrning boshlarida Germaniya boshqa Farbiy Yevropa mamlakatlariga nisbatan iqtisodiy va siyosiy jihatdan qoloq edi. Ammo fransuz inqilobining kuchli ta’siri ostida shunday falsafiy ta’limot vujudga keldiki, uning shakllanishida tabiatshunoslik va ijtimoiy fanlarning rivoji asosiy o’rinni egalladi. Fizika va ximiya fanlari yutuqlarga erishdi, tabiatni o’rganishga katta e’tibor berila boshlandi. Matematika fanida yangi ixtirolar qilindi. Bu ixtiro va yutuqlar hamda insoniyat jamiyatining rivoji haqidagi nazariyalar borliqni o’rganishning uslubi va nazariyasi bo’lib xizmat qiladigan rivojlanish haqidagi g’oyalarni ishlab chiqishni tarixiy bir zaruriyat qilib qo’ydi. Mana shunday tarixiy sharoitlar taqazosi bilan XVIII asrning II yarmi va XIX asr boshlarida nemis falsafasi vujudga keldi. Nemis falsafasining asoschilaridan biri Immanuil Kant (1724-1804) faqat mashhur faylasufgina bo’lib qolmasdan, yirik tabiatshunos olim hamdir. Kant tomonidan yaratilgan gaz holatidagi ulkan tumanlikdan quyosh sistemasining kelib chiqishi haqidagi nazariya hozirgi davrda ham astronomiya sohasidagi eng muhim ta’limotlardan biridir. Kantning tabiiy-ilmiy qarashlari tabiat hodisalarini metafizik ruhda tushuntiruvchi ta’limotlarga zarba berdi. Kant o’z davri tabiatshunosligi erishgan yutuqlarni faqat Koinot tuzilishi masalasiga emas, shu bilan birga Koinot genezisi va rivojlanishi masalalariga ham tatbiq qildi. Kantning inson irqlarining tabiiy kelib chiqishi haqidagi nazariyasi ham muhim ahamiyatga ega. Kant ta’limoti bo’yicha, falsafaning eng muhim muammolari bo’lmish — borliq, axloq, degan masalalarini tahlil qilish uchun eng avvalo, inson bilimining imkoniyatlari va chegaralarini aniqlamoq kerak. Bizning bilimlarimiz narsaning hodisasini, ya’ni bizga qanday holatda namoyon bo’la olishini (fenomen) bila oladi. Ular bizning tajribamiz mazmunini tashkil qiladi. «Narsa o’zida»ning bizning sezgi a’zolarimizga ta’siri natijasida sezgilar xaosi vujudga keladi. Bu xaos bizning aqlimiz quvvati bilan tartibga solinadi va bir butunga aylantiriladi. Biz tabiat qonunlari deb bilgan narsalar aslida aql tomonidan hodisalar dunyosiga kiritilgan aloqadir. Boshqacha qilib aytganda, bizning aqlimiz tabiatga qonunlar kiritadi. Lekin hodisalar dunyosiga inson ongiga bog’liq bo’lmagan narsalarning mohiyati, ya’ni «narsa o’zida» mos keladi. Ularni mutlaq bilish mumkin emas. «Narsa o’zida» biz uchun faqat aql bilan bilish mumkin bo’lgan, lekin tajribadan kelib chiqmaydigan mohiyatdir. Kant inson aqlining cheksiz qudratiga ishonchsiz qaraydi. Inson bilimining nisbatan cheklanganligiga u ma’lum axloqiy ma’no beradi. Uningcha, agar inson mutlaq bilimga ega bo’lsa, unda axloqiy burchni bajarishi uchun kurash ham, intilish ham bo’lmasdi. Kant ta’limoti bo’yicha, makon va zamon g’oyalari insonga uning tasavvurlaridan oldin ma’lumdir. Makon va zamon real emas, balki faqat tushunchada, g’oyalardadir. Bilish nazariyasida Kant dialektikaga katta o’rin beradi. Qarama-qarshilikni bilishning zaruriy omili sifatida qaraydi. Kant falsafada katta o’rin qoldirdi. Uning vafotidan keyin nemis falsafasining rivoji Hegel (1770-1831) ijodida o’zining yuksak cho’qqisiga erishadi. Hegel dialektikaning qonunlari va kategoriyalari haqidagi ta’limotni rivojlantirdi. Falsafa tarixida birinchi marta bir tizimga solgan holda dialektik logikaning asosiy qoidalarini ishlab chiqdi. O’sha davrlarda hukmron bo’lgan metafizik fikrlash uslubini tanqid qildi. Kantning «narsa o’zida» haqidagi ta’limotiga qarama-qarshi qilib, shunday ta’limotni ilgari surdi: «Mohiyat namoyon bo’ladi, hodisa mohiyatdan ajralmasdir». Hegelning ta’kidlashicha, kategoriyalar borliqning ob’ektiv shakllaridir. Borliqning asosida esa, «dunyoviy aql», «mutlaq g’oya» yoki «dunyo ruhi» yotadi. O’z-o’zini anglash jarayonida dunyoviy aql uch bosqichni bosib o’tadi: 1.   O’z-o’zini anglovchi mutlaq g’oyaning o’z xususiy qobig’ida bo’lish bosqichi; tafakkur jarayonida, ya’ni bu holatda g’oya dialektika kategoriyalari va qonunlari tizimida o’z mazmunini, mohiyatini namoyon qiladi. Bu bosqich Hegel falsafasining mantiq bosqichidir; 2.   Foyanning o’zidan «begonalashuvi» ya’ni tabiat hodisalari shaklida namoyon bo’lish bosqichi, ya’ni bu bosqichda tabiatning o’zi rivojlanmaydi, faqat kategoriyalar sifatida rivojlanadi. Bu bosqich Hegelda tabiat falsafa bosqichidir; 3.   Foyaning tafakkurda va insoniyat tarixida rivojlanish bosqichi. Bu bosqich Hegel falsafasida ruh falsafasi bosqichidir. Mana shu yakuniy bosqichda mutlaq g’oya o’ziga qaytadi va o’zining inson ongi va o’z-o’zini anglash shaklida o’z mohiyatiga qaytadi. Rivojlanish g’oyasi Hegel falsafasini qamrab olgan. Uning ta’kidlashicha, rivojlanish tor doira ichida emas, doimiy, quyidan yuqoriga qarab boradi. Mana shu jarayonda miqdor o’zgarishlarining tub sifat o’zgarishlariga o’tishi yuz beradi. Rivojlanishning manbai esa har qanday o’z-o’zidan harakatning sababi bo’lgan qarama-qarshilikdir. Hegel falsafasida borliq dialektik o’tishlar zanjiri sifatida bayon qilingan. Hegel fikricha, tarix dunyoviy ruhning yoki mutlaq g’oyaning rivoji sifatida namoyon bo’ladi. Umuman tarix bu mohiyatan fikrning, aqlning o’z-o’zidan rivoji tarixidir. Hegel ta’limoticha, aql tarixda shunday namoyon bo’ladiki, unda har bir xalq ruh o’z-o’zini anglab, tobora yuqorilab borishiga o’z hissasini qo’shish huquqini oladi. Lekin bu jarayon qandaydir tartibsiz (xaotik) amalga oshmaydi. Hegel umumjahon tarixini to’rt bosqichga bo’ladi: 1. Sharq dunyosi; 2. Yunon dunyosi; 3. Rumo dunyosi; 4. German dunyosi: Insoniyat tarixini mana shunday bosqichlarga bo’lib, ularga baho berishda Hegel ochiqdan-ochiq irqchilik ruhidagi ta’limotga yuz tutadi. Uningcha, sharq xalqlarida erkinlik bo’lgan, faqat yagona zo’ravon hukmronning erkinligi tan olingan. Shuning uchun bu xalqlardagi erkinlik — bir tomondan hukmronning zulmi, hirslarning keng quloch yoyishi, ikkinchi tomondan ko’r-ko’rona, so’zsiz bo’ysunish xalq ruhiga xos bo’lgan bir xususiyat bo’lgan. U yunon-rumo dunyosida esa, erkinlik bo’lgan, lekin ular juda cheklangan, faqat ayrim kishilar uchun amal qilgan. Shuning uchun yunon-rumo dunyosining davlatchiligi qullikni inkor qilmagan. Lekin yunon va rumo dunyosi xalq ruhi har xil yo’nalishda bo’lgan. Agar yunon dunyosiga xos bo’lgan narsa «go’zal shaxslilik» prinsipi bo’lsa, rumo dunyosiga xos bo’lgan prinsip mavhum umumiylikdir. Hegelning da’vosicha, faqat german xalqlarida to’liq erkinlik bo’lgan. Bu xalqlar o’z tarixiy rivojlanishlarida islohotchilik (reformatsiya), 1789 yil Fransuz inqilobi mevalaridan bahramand bo’lganlar. Faqat ulargina umumiy fuqarolik va siyosiy erkinlikka erishganlar. Hegelning ta’kidlashicha, aqlga muvofiq davlatchilikni o’rnatgan faqat german xalqigina umumjahon — tarixiy jarayonning haqiqiy timsolidir. Hegel umumiy falsafiy sistemasi ham, uning yaratgan metodi ham boshqa kamchiliklardan, ichki qarama-qarshiliklardan holi emas edi. Chunki uning falsafiy ta’limotida bilimning ob’ektiv asosi mutlaq ruhdir, maqsadi esa shu mutlaq ruhning o’z-o’zini anglashidir, oxirgi bosqich o’z-o’zini anglash bilan yakunlanadi. Hegel falsafasi mana shu masalani amalga oshirishga qaratilgan. Shunday qilib Hegelning sistemasi va metodi o’rtasidagi qarama-qarshilik cheklanganlik va cheksizlik o’rtasidagi qarama-qarshilikdir. XIX asrning oxiridan boshlab g’arb mamlakatlarida Hegel falsafasi atrofida turli falsafiy maktablar va oqimlar vujudga keladi. Bu falsafiy maktablar ichida ma’lum nufuz va ta’sirga ega bo’lgan oqim «yosh hegelchilar» oqimi edi. Bu oqimning o’sha davrdagi asosiy namoyandalari orasida aka-uka Bruno va Edgar Bauerlar alohida ajralib turar edi. Dastlab mana shu oqimga mansub bo’lgan K.   Marks (1818 - 1883) va F.   Engels (1820-1895) keyinchalik materialistik jihat va ateistik tamoyillar ustuvor bo’lgan, qarama-qarshiliklarning kurashi tamoyili mutlaqlashtirilgan o’z ta’limotini ishlab chiqdilar. Uning asosiy nazariyalarini hayotga tatbiq qilishga da’vat qildilar. Ularning ta’limoti marksizm falsafasi degan nom oldi. Keyinchalik bu falsafa sotsialistik lager deb atalgan mamlakatlarda davlatning mafkuraviy doktrinasiga aylandi, «ilmiy kommunizm» g’oyalari asosida insoniyat tarixining tabiiy jarayonini proletariat diktaturasi deb atalgan davlat va hokimiyat yuritish usuli orqali zo’rlik bilan o’zgartirish ta’limotini ko’pchilik ommaga, siyosiy partiyalarga, mafkuraga singdirishga harakat qildi. XX asrning boshlaridan 80 — yillarning oxirigacha dunyoning juda katta hududida hukmronlik qilgan bu mafkura sobiq Ittifoq tarqalishi bilan uning hududida o’z ustuvorligini yo’qotdi. Uning katta salbiy oqibati ayniqsa o’tmish madaniy va falsafiy merosiga bo’lgan munosabatda yaqqol namoyon bo’ldi. Bu falsafaning metodologik prinsiplari — sinfiylik va partiyaviylik xolis xulosalar chiqarishga imkon qoldirmas edi. ularga mos kelmaydigan har qanday ta’limot qoralanar, hatto butunlay inkor qilinardi. O’tmish merosining qay darajada umumbashariy, umumjahon ahamiyatiga ega ekanligi e’tibordan chetda qolardi. Bu nafaqat umuminsoniy qadriyatlarning ahamiyatini mensimaslikka olib kelardi, shu bilan birga, ma’lum darajada xalqlarda milliylik ruhini, milliy merosdan g’ururlanish ruhini tugatishga qarshi harakat edi. O’tmish merosiga bunday yondoshishning zararli tomonlaridan yana biri shunda ediki, oxir-oqibatda o’tmish merosi bir yoqlama talqin qilinardi, ko’pincha esa ochiqdan-ochiq soxtalashtirilardi. Ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy, ma’naviy, mafkuraviy sharoitlarni hisobga olmagan holda, o’tmish merosini yuqorida eslatib o’tgan prinsiplar qolipiga solib talqin qilinardi. 4. Olamning universal aloqalari va rivojlanish. Falsafaning qonun va kategoriyalari Borliq tushunchasi. Faylasuflar qadim zamonlardan buyon «borliq» va «yo’qlik» haqida bahs yuritishgan. Ular borliqning vujudga kelishi, mohiyati, xususiyatlari va shakllari haqida ko’plab asarlar yozishgan. Xo’sh, borliq nima? Bu savol bir qarashda juda oddiy ko’ringani bilan unga shu choqqacha barcha kishilarni birday qanoatlantiradigan javob topilgani yo’q. Bu holat borliqqa turlicha nuqtai nazarlardan qarashlarning mavjudligi bilan izohlanadi. Masalan, ayrim faylasuflar borliqni moddiylik, moddiy jismlar bilan bog’lab tushuntirishadi. Ularning nuqtai nazarlaricha, borliq – ob’ektiv realliknigina qamrab oluvchi tushunchadir. U holda fikr, inson tafakkuri, o’y-xayollarimiz borliq tushunchasidan chetda qolar ekanda, degan savolga ular, bunday tushunchalar ob’ektiv reallikning hosilasidir, deb javob berishadi. Falsafaning borliq haqidagi ta’limotni izohlaydigan qismi — ontologiya deb ataladi. (Bu tushunchani falsafada birinchi bor X. Volf qo’llagan). Olam va borliq masalalarini falsafaning ana shu sohasi o’rganadi. Yo’qlik hech nima demakdir. Hamma narsani hech narsaga aylantiruvchi, hamma narsaning ibtidosi ham, intihosi ham yo’qlikdir. Bu ma’noda yo’qlik cheksizlik, nihoyasizlik va mangulik bilan birdir. Yo’qlik chekingan joyda borliq paydo bo’ladi. Demak, borliqning bunyodkori ham, kushandasi ham yo’qlikdir. Borliq yo’qlikdan yo’qlikkacha bo’lgan mavjudlikdir. Yo’qlikni hech narsa bilan qiyoslab bo’lmaydi. Fanda yo’qlik nima, degan savolga javob yo’q. Borliq haqidagi kontseptsiyalar . Tarixdan ma’lumki, faylasuflar borliq haqida turlicha g’oyalarni ilgari surishgan. Markaziy Osiyo tuprog’ida vujudga kelgan zardo’shtiylik ta’limotida borliq quyosh va olovning hosilasidir, alangalanib turgan olov borliqning asosiy mohiyatini tashkil etadi, deb hisoblangan. Chunki bu g’oya bo’yicha, har qanday o’zgarish va harakatning asosida olov yotadi va u borliqqa mavjudlik baxsh etadi. Qadimgi yunon faylasufi Suqrot borliqni bilim bilan qiyoslaydi va uningcha, biror narsa, biz uni bilsakkina bor bo’ladi, insonning bilimi qancha keng bo’lsa, u shuncha keng borliqni qamrab oladi, deb hisoblaydi. Qadimgi dunyoning atomist olimi Demokrit borliq atomlar majmuasidan iborat deb tushuntirgan. Uning fikricha, borliqning mohiyati uning mavjudligidadir. Mavjud bo’lmagan narsa yo’qlikdir. Islom ta’limotida esa borliq bu ilohiy voqelikdir. Ya’ni u Olloh yaratgan mavjudlikdir. Bu borada vahdati vujud va vahdati mavjud ta’limotlari bo’lgan. Islom diniga mansub mutafakkirlar borliq haqidagi ta’limotni har taraflama rivojlantirganlar. Masalan, Forobiy fikricha, ilk borliq azaliy Ollohning o’zidir. Beruniy fikricha, borliq shunday umumiylikki, u hamma narsaning asosida yotadi, demak, borliq hamma narsaning asosidir. Evropada o’tgan olimlar David Yum va Jorj Berkli borliqni sezgilarimiz majmuasi deb talqin etishgan. Hegel esa borliqni mavhumlik, mutlaq ruhning namoyon bo’lishi, deb ta’riflaydi. Ko’pgina naturfalsafiy qarashlarda borliqni hozirgi zamon bilan, ya’ni shu aktual olamga bog’lab tushuntirdilar. Aslida, borliq keng falsafiy tushuncha bo’lib o’ziga butun mavjudlikni, uning o’tmishi, hozir va kelajagini ham qamrab oladi. Faylasuflar borliqni tushuntirish uchun yo’qlik tushunchasini unga antipod qilib olishgan va shu asosda borliqning zaruriy mohiyatini ochishga intilganlar. Materialistik adabiyotlarda borliqni ob’ektiv reallik bilan, materiya bilan aynanlashtirib tushuntirishadi. Borliq o’ziga ob’ektiv va sub’ektiv reallikni, mavjud bo’lgan va mavjud bo’ladigan olamlarni, moddiylik va ma’naviylikni, o’tmish va kelajakni, o’limni va hayotni, ruh va jismni qamrab oluvchi umumiy tushunchadir. Borliq va mavjudlik. Atrofimizdagi odam, olam, tabiat, jamiyat, tafakkur, g’oyalar, o’y-xayollarimiz barchasi birday mavjuddir, ular turli tarzda va shakllarda namoyon bo’lib, hammasi mavjudlik belgisi ostida umumlashib, borliq tushunchasiga kiradi. Materialistik mazmundagi borliq tushunchasi ta’rifiga faqat ob’ektiv real olam, ongdan tashqaridagi, unga bog’liq bo’lmagan jismoniy mohiyatga ega bo’lgan narsalargina kiritiladi. Borliqning ideal, virtual, potentsial, abstrakt, ma’naviy shakllari bu ta’rifdan tashqarida qoladi. Aslida esa, borliq kategoriyasi umumiy abstraktsiya bo’lib, mavjudlik belgisi bilan barcha narsa va hodisalarni o’ziga qamrab oluvchi o’ta keng tushunchadir. U o’ziga nafaqat ob’ektiv reallikni, balki sub’ektiv reallikni ham qamrab oladi. Borliq mavjudlik va reallik tushunchalariga qaraganda ham kengroq tushunchadir. Mavjudlik — borliqning hozirgi paytda namoyon bo’lib turgan qismi bo’lib, o’tgan va mavjud bo’ladigan narsa va hodisalar ham borliq tushunchasiga kiradi. Reallik esa, mavjudlikning hammaga ayon bo’lgan, ular tomonidan tan olingan qismi. Borliq o’ziga reallikni ham, mavjudlikni ham qamrab oladi. An’anaviy falsafiy qarashlarda borliqning uchta sohasi ajratib ko’rsatiladi. Ularga: tabiat borlig’i, jamiyat borlig’i, ong borlig’i kiradi. Bular uchun eng umumiy belgi, ularning mavjudligidir. Shuningdek, falsafiy adabiyotlarda tabiat borlig’i va jamiyat borlig’ining quyidagi shakllari ham farqlanadi. Tabiat borlig’i odatda tabiatdagi narsalar (jismlar), jarayonlar, holatlar borlig’i sifatida tushuniladi. U ikkiga bo’linadi: azaliy tabiat borlig’i (yoki tabiiy tabiat borlig’i, u insondan ilgari va uning ishtirokisiz ham mavjud bo’lgan) va odam mehnati bilan ishlab chiqarilgan narsalar borlig’i («ikkinchi tabiat» borlig’i, ya’ni madaniyat). Ikkinchi tabiat borlig’i esa, o’z navbatida, quyidagi ko’rinishlarda uchraydi: - inson borlig’i (insonning narsalar olamidagi borlig’i va odamning o’ziga xos bo’lgan insoniy borlig’i); - ma’naviy borliq (individuallashgan va ob’ektivlashgan ma’naviy borliq); - sotsial borliq (ayrim odamning tarixiy jarayondagi borlig’i va jamiyat borlig’i), u ijtimoiy borliq ham deb ataladi. Borliqning moddiy shakli materiya o’ziga barcha jismlarni, hodisalarni, jarayonlarni va ularning xususiyatlarini qamrab oladi. Bundan tashqari u tafakkurni ham, olamda mavjud bo’lgan barcha aloqadorliklarni va munosabatlarni ham qamrab oluvchi umumiy falsafiy tushunchadir. Borliqning moddiy shakliga xos umumiylikni axtarishning bir yo’nalishi moddiy olamning asosida yotuvchi umumiy mohiyatni axtarish yo’li bo’lib, yuqorida qayd etganimizdek, substantsiyani aniqlash yo’lidir. Ikkinchi yo’l esa — moddiy olamning asosiy tarkibiga kiruvchi «qurilish elementlarini»- substratni axtarish yo’li. Uchinchi yo’l — hamma narsaning vujudga keltiruvchi bosh sababchisini, ota moddani, ya’ni pramateriyani axtarish yo’li. Mana shu yo’l haqida maxsus to’xtab o’taylik. Olamning substantsiyasini axtarishning bu usuli go’yoki meva iste’mol qilayotgan kishi, uning kelib chiqishini axtarib, dastlab daraxtga, so’ngra uning guliga, bargiga, ko’chatiga va urug’iga nazar solganidek, atrofimizdagi moddiy olamning o’zagida dastlabki yaratuvchi modda sifatida nima yotishini, ya’ni ilk materiyani, azaliy materiyaning «bobokolonini», «pramateriyani» axtarish usulidir. Moddiy olamning asosida yotuvchi umumiy mohiyatni axtarish falsafada materiya haqidagi tasavvurlarning maydonga kelishiga va rivojlanishiga sababchi bo’ldi. Materiya tushunchasi moddiy unsurga nisbatan ham, atomga nisbatan ham, pramateriyaga nisbatan ham umumiyroq bo’lgan tushunchadir. Materiya olamdagi barcha moddiy ob’ektlarni, butun ob’ektiv reallikni ifoda etuvchi eng umumiy tushunchadir. Faylasuflar «Tom ma’nodagi materiya faqat fikrning maxsuli va abstraktsiyasidir» deb yozishadi. Faylasuflar barcha moddiy ob’ektlarga xos xususiyatlarni umumiy tarzda ifodalash uchun qo’llaydigan tushuncha materiya deb ataladi. Demak, materiya moddiy ob’ektlarga xos eng umumiy tushuncha, falsafiy kategoriyadir. Albatta bu ta’riflarni bir yoqlama mutlaqlashtirib tushunmaslik lozim. Bu ta’riflarda ko’proq sezgi a’zolarimizga bevosita ta’sir etishi mumkin bo’lgan reallik nazarda tutilgan. XX asrning o’rtalariga kelib, kvant mexanikasi, nisbiylik nazariyasi va hozirgi zamon kosmologiyasi sohalaridagi ilmiy yutuqlar kishilarning ob’ektiv olam hakidagi tasavvurlarini tubdan o’zgartirib yubordi. Natijada, tabiatshunos olimlar sezgilarimizga bevosita ta’sir etishining imkoni bo’lmaydigan realliklar haqida ham tadqiqotlar olib bora boshladi. Olamning klassik mexanika nuqtai nazaridan kelib chiqib, nisbatan kichik tezlikda harakatlanuvchi sistemalar haqidagi ilmiy manzarasi o’rnini yangicha ilmiy manzaralar egallay boshladi. Bu esa materiya haqidagi tasavvurlarning yanada rivojlanishiga sharoit tug’dirdi. Bu o’zgarishlarni hisobga olib, marksist- faylasuflar bu ta’rifga sezgilarimizga bevosita yoki bilvosita (ya’ni turli asboblar; qurilmalar vositasida) ta’sir etuvchi, degan qo’shimcha kiritishdi. Shunday qilib, bu ta’rif go’yo materiyaning moddaviy va nomoddaviy shakllarini, ya’ni modda va antimodda ko’rinishlarini qamrab oluvchi ta’rifga aylandi. Materialistlar materiyani ob’ektiv reallik, deb ta’riflashadi. Ob’ektiv reallik inson sezgilariga bog’liq bo’lmagan holda, undan tashqarida mavjud bo’lgan voqelikdir. Bu butun mavjudlikning sub’ektiv reallikdan tashqaridagi qismi hisoblanadi. Ob’ektiv reallikning mavjudligi qanday namoyon bo’ladi? Bu savolga javob topishda, borliqning ajralmas xususiyatlarini o’rganishga to’g’ri keladi. Har qanday jismning ajralmas xususiyati lotincha «atribut» so’zi bilan ataladi. Borliqning atributlari. Muayyan jismning aynan shu jism ekanligini belgilovchi xususiyatlari uning atributlari bo’ladi. Borliqning ham bir qancha atributlari mavjuddir. «lar: harakat, fazo, vaqt, in’ikos, ong va boshqalar. Borliq o’zining xossalari, xususiyatlari orqali namoyon bo’ladi. Endi borliqning atributlari, ya’ni ajralmas tub xususiyatlari haqida to’xtab o’taylik.