logo

Xamsanavislik tarixiga bir nazar Alisher Navoiy “Xamsa” sining yaratilishi “Hayrat ul-abror” dostoni

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

24.740234375 KB
Xamsanavislik tarixiga bir nazar Alisher Navoiy “ Xamsa ” sining yaratilishi “Hayrat ul-abror” dostoni Reja: 1. "Xamsa" so’zining lug’aviy va istilohdagi ma`nolari. Xamsanavislikning yuzaga kelishi. 2. Alisher Navoiyning xamsanavislik va xamsanavislarga munosabati. 3 . "Hayrat ul-abror" dostonining yaratilishi , kompozitsiyasi. 4. Maqolot va hikoyatlarning mavzuviy tasnifi va tahlili. "Xamsa" so’zining lug’aviy va istilohdagi ma`nolari. Xamsanavislikning yuzaga kelishi. “Xamsa” so’zi arabcha xamsun – besh sanoq sonidan yasalgan bo’lib, beshlik, ya’ni besh qismdan iborat butunlik degan ma’noni ifodalaydi. Adabiyotshunoslik atamasi sifatida “xamsa” beshta dostonni o’z ichiga oladigan bir butun yaxlit asar ma’nosini ifoda etadi. Mumtoz adabiyotda «xamsa» so’zi bir necha ma’nolarda ishlatilganligini ko’rishimiz mumkin. Xususan, Alisher Navoiy dostonlarida : 1. «Saloti xamsa» (besh vaqt namoz) yoki shoir ta’biri bilan aytganda «panj ganj»: Xamsa salotingga chu navbat bo’lub, Panjai islomg’a q uvvat bo’lub… Fa q r aro ul panja qabul etti ranj, Lek haqiqatda erur panj ganj ( 7-tom, 42 ) .2. Islomning beshta rukni - «xamsi muborak»: Besh yasamish tangri taborak ani, Desa bo’lur xamsi muborak ani ( 7-tom, 111 ) . Navoiy she’riyatida ham «Xamsa» o’rni-o’rni bilan tilga olinadi. Xususan, «Navodi run-nihoya» devonidagi beshinchi na’t g’azalida shunday bayt mavjud: Bo’lmag’ay erdi muyassar «Xamsa», ya’ni panj ganj, Qilmasa erdi madad holimg’a besh oliy abo. Mazkur g’azal «Xazoyin ul-ma’oniy»ga ham kiritilgan. Unda «besh oliy abo» (besh oliy ota) jumlasi «besh oli abo» (ota oilasining besh a’zosi) tarzda keltirilgan. «Besh oli abo» manbalarda Muhammad (a.s.), qizlari Fotima, kuyovlari Ali hamda ikki nabiralari Imom Hasan va Imom Husayn deb tilga olinadi. Xamsanavislik adabiy an’ana sifatida XII asr ozarboyjon shoiri Nizomiy Ganjaviy (1142-1209) dan boshlangan edi. U keyinchalik «Panj ganj» deb nomlangan «Maxzan ul-asror» (1176), «Xusrav va Shirin» (1181-82), «Layli va Majnun» (1188), «Haft paykar» (1196), «Iskandarnoma» (1206) kabi dostonlar turkumini yaratdi. Nizomiy o’z dostonlarini uzoq vaqt davomida yozgan. Uning o’zi bu dostonlarni umumiy holda «Panj ganj» yoki «Xamsa» nomi bilan atamagan. Nizomiydan so’ng uning dostonlari dastlab «Panj ganj», keyinchalik «Xamsa» tarzida umumiy bir nom bilan atalgan. Nizomiy an’analarini birinchi bo’lib izchil tarzda davom ettirgan so’z san’atkori XIII asr oxiri XIV asr boshlarida Hindistonda yashagan shoir Amir Xusrav Dehlaviy bo’ldi. U 1298-1301 yillarda Nizomiy dostonlariga javob tarzida «Shirin va Xusrav» (1298), «Layli va Majnun» (1298), «Matla’ ul-anvor» (1299), «Oinai Iskandariy» (1299) va «Hasht bihisht» (1301) dostonlarini yaratdi. Ana shu tariqa xamsanavislik sharq xalqlari adabiy hayotida mustahkam an’anaga aylana boshladi. Xamsanavislik an`anasining shakllanishi va tarqqiyotiga bir nazar. Alisher Navoiy she`riyat sohasida ko’p mehnat qilib, she`riy asarlar yozgan va devonlar tuzgan bo’lsa-da, ammo bu ishlar uni qoniqtirmasdi. Alisher Navoiy o’z qobiliyatining buyukligini namoyon etishda kichik she`riy nav`lar torlik qilajagini anglagach, u endi nazm sohasida o’zining dahosini namoyon etuvchi "vase` maydon"-keng maydonni izlaydi va, shoirning qayd qilganidek, masnaviy - doston ana shunday maqsadlarni amalga oshirish uchun muvofiq ekanligiga ishonch hosil qiladi. Shunisi ham borki, Alisher Navoiy buning uchun mumtoz adabiyotda yaratilgan alohida dostonlarni ham, dostonlar turkumi- xamsalarni ham chuqur o’rganib, bu sohada "xamsatayn"-ikki xamsa, ya`ni Nizomiy va Xusrav Dehlaviylar xamsalari an`anasiga murojaat etib, bu niyatni amalga oshirishga bel bog’laydi. Alisher Navoiy bu ishning og’irligini ham biladi: Emas oson bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasiga panja urmoq… Kerak sher ollida ham sheri jangi Agar sher o’lmasa, bore palangi. (8-tom, 29) Ammo uning ezgu niyati - o’zbek adabiyoti tarixida ham ana shunday asar- xamsa yozish orqali turkiy xalqlarni undan bahramand etish, turkiy-o’zbek tili imkoniyatlarining ulug’ligini namoyon etish hamda o’zining olijanob maqsad va buyuk orzularini ana shu asarda ifodalashdan iborat bo’lganidan bu ishni bajarishda duch kelishi mumkin bo’lgan qiyinchiliklardan qo’rqmadi, aksincha she`riyatning "sheri jangiysi" ekanini sharaf bilan ado etdi. Natijada, uning jahonga mashhur "Xamsa" si maydonga keldi. Alisher Navoiyning "Xamsa"si buyuk beshlik tarzida shuhrat qozongan bo’lib, uning maydonga kelishi ham mavjud an`ana hamda zamonadagi badiiy- estetik talablar natijasi sifatida qaraladi. Ma`lumki, xamsa yozish an`anasi islomiy sivilizatsiya tarqalgan o’lkalardagi uyg’onish davri mahsulidir. "Xamsa" yozishga birinchi bo’lib kirishgan ozarboyjonlik Nizomiy Ganjaviydir (1441-1209). U 1176-1204 yillar orasida fors tilida beshta doston yaratdi. Ularning birinchisi "Maxzan ul-asror" (1176-yilda yozilgan), ikkinchisi "Xusrav va Shirin" (1180-81 yilda yozilgan), uchinchisi "Layli va Majnun" (1188-89 yilda yozilgan), to’rtinchisi "Haft paykar" (1196-97 yilda yozilgan) va beshinchisi "Iskandarnoma" (1199-1204 yillarda yozilgan) dir. Bu asarlar Nizomiy tomonidan yagona-yaxlit nom bilan atalmaganidan keyinchalik ularni "Panj ganj" va "Xamsa" tarzida nomlash odat bo’lib qoldi. Nizomiydan keyin uning "Panj ganji" uslubida dostonlar turkumini- Xamsani yaratgan shoir hindistonda tug’ilib, faoliyat ko’rsatgan vatandoshimiz Xusrav Dehlaviydir (1253-1325). Xusrav Dehlaviy 1299-1302 yillarda o’zining "Xamsa"sini fors tilida yozdi. Unda quyidagi dostonlar bor: "Matla` ul-anvor", "Shirin va Xusrav", "Majnun va Layli", "Oinai Iskandari", "Hasht bihisht". Nizomiy va Xusrav Dehlaviy asarlari o’zaro qiyoslansa, shu narsa aniq bo’ladiki, Xusrav Dehlaviy umumiy yo’nalish bo’yicha Nizomiy asari an`anasini davom ettirgan bo’lsa-da, ayrim yangiliklarni ham kiritgan. Buni ba`zi dostonlarni nomlashda va o’rnini almashtirganida kuzatish mumkin. Bu farqlar faqat qurilish- shakliy jihatdan yangilik kiritishning ifodasi bo’lib qolmay, balki asarlar uslubi, mazmuni, timsollar talqinida ham yangiliklar kiritilganiga ishora hamdir. Xusrav Dehlaviydan so’ng Alisher Navoiygacha bo’lgan davr orasida (1302- 1483 yillar) ham dostonlar turkumidan iborat beshliklar yaratish davom etdi. Jumladan, Xojui Kirmoniyning 1332-1348 yillar orasida yaratgan beshligi, Salmon Sovajiyning ham bu ishga qo’l urgani, XV asrda esa Jamoliy Tabreziy, Kotibiy, Kavkabiy, Ashraf kabi shoirlarning turli tarzdagi beshliklari yaratilgan edi. Alisher Navoiy bularning ko’pchiligidan xabardor edi. Jumladan, "Farhod va Shirin" dostonida (1484 yilda) ulardan biri Ashraf haqida shunday yozadi: Bu maydonga chu Ashraf surdi markab, Bu so’zni o’zga nav` etti murattab. (8-tom, 49). Ashraf Marog’aviy (vaf.1459yil) va uning "Xamsa"si haqida "Majolis un- nafois" da (1491-1498 yillar) esa yana shunday yozgan: "Mavlono Ashraf-…ko’proq avqot "Xamsa" tatabbu`ig’a sarf qilur erdi, to ul kitobni tugatur tavfiqi topti, voqean o’z xurdi holig’a ko’ra yamon bormaydur" (MAT,13-tom, 16-bet) Ashraf Marog’aviy fors tilida yozgan "Xamsa"sining hozircha ma`lum nodir nusxasi Angliyada saqlanadi va uning tarkibi quyidagicha: 1. "Minhoj ul-abror"; 2. "Shirinu Xusrav". 3. "Layliyu Majnun"; 4. "Haft avrang"; 5. "Zafarnoma". Mazkur "Xamsa" nashr ettirilmagani sababli uning haqida batafsil so’z yuritish imkoni yo’q. Alisher Navoiy "Xamsa"sining yaratilishi . Alisher Navoiy XII-XV asrlar davomida fors tilida yaratilgan dostonlar turkumi- beshlik va xamsalarni o’rgangan va shulardan ikkitasi -xamsataynni, ya`ni Nizomiy va Xusrav xamsalarini ma`qul topib, ularning butun xususiyatlarini har tomonlama tadqiq etgan. quyidagi misralarda bu masala shunday bayon etilgan: Bu andeshadin erdi ko’nglumda shayn, Ki bo’ldi ko’ngul moili xamsatayn. Chu mashg’ul bo’ldum tamoshosig’a. O’tib vodiyu tog’u daryosig’a. Yorimchuq ko’rub, sayr tark etmadim, Yeri qolmadi angakim etmadim. (11-tom, 55) Darhaqiqat, Alisher Navoiyning "Xamsa"si nazirayi benazir- o’xshash- o’xshamas uslubida yozilgan va bu an`anani mukammallashtirgan, yuqori bosqichga ko’targan nodir badiiy kashfiyotdir. Shuning uchun "Xamsa"ning faqat Alisher Navoiy ijodida emas, balki Sharq adabiyotidagi mavqei haqida Sadriddin Ayniy va Oybekning quyidagi mulohazalarida katta hikmat va haqiqat bor: Ana shunday ahamiyatga ega bo’lgan "Xamsa" 1483-1484 yillarda yozilgan. "Xamsa"ning Abdujamil kotib tomonidan 1484 yilda ko’chirgan va Alisher Navoiy nazari tushgan qo’lyozma nusxasi hozirgi kunda O’zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida avaylab saqlanmoqda. Alisher Navoiy "Xamsa"ni yozish uchun bevosita olti oy sarflaganini alohida uqtirib, shunday yozadi: Sengakim yo’q emgakda g’oyat padid, Ulus mehnatida nihoyat padid. Qilib tongdin oqshomg’acha qiylu qol, Yuzunga etib har nafas yuz malol. O’zung tinmayin xalq g’avg’osidin, Qulog’ing xaloyiq alolosidin. Bu mehnatlar ichra chekib so’zga til, Zamondin kamo besh o’tub ikki yil. Chekib xoma bu noma itmomig’a, Yeturgaysen og’ozin anjomig’a. Ki aqli munosib shitob aylasa, Deyilgan zamonin hisob aylasa. Yig’ishtursa bo’lmas bori olti oy, Ki bo’ldung bu ra`nog’a suratnamoy. (11-tom, 569). Demak, Alisher Navoiy "Xamsa" yozishga 1483 yilda kirishib, uni 1484 yilning sentyabr oylarida tugatgan bo’lsa-da, ammo unga sarf qilingan vaqt, ya`ni bevosita yozishga sarf qilingan muddat olti oydan iborat bo’lgan. Ikki yilning boshqa vaqtlari esa ko’pincha turli davlat va xalq yumushlarini bajarishga sarf bo’lgan ekan. Alisher Navoiyning "Xamsa"si quyidagi dostonlardan iborat: "Hayrat ul-abror" – 63 bob, 3988 bayt "Farhod va Shirin" – 54 bob, 5782 bayt "Layli va Majnun" – 28 bob, 3622 bayt "Sab`ai sayyor" – 38 bob, 5008 bayt "Saddi Iskandariy" – 89 bob, 7215 bayt Navoiy “Xamsa” sining umumiy hajmi 25615 bayt, 51230 misradan iborat.Alisher Navoiy «Muhokamat ul-lug’atayn» asarida o’zining turkiy va forsiy merosini tilga olib, «Xamsa»ning har bir dostonini yozishda unga madad bergan manbalarni e’tirof etadi: «Avvalkim, «Hayrat ul-abror» bog’ida tab’im gullar ochibdur, Shayx Nizomiy ruhi «Maxzan ul-asror»idin boshimg’a durlar sochibdur. Yana chun «Farhod va Shirin» shabistonig’a xayolim yuz tutubdur, Mir Xusrav dami «Shirin va Xusrav» o’tidin charog’imni yoritibdur. Yana chun «Layli va Majnun» vodisida ishqim po’ya urub, Xoju himmati «Gavharnoma»sida nisorimga gavharlar yetkurubtur. Yana chun «Sab’ayi sayyor» rasadin zamirim bog’labdur, Ashraf «Haft paykar»ining yetti hurvashin peshkashimg’a yarog’labtur. Yana chun «Sadi Iskandariy» asosin xotirim muhandisi solibdur, Hazrati Maxdum «Xiradnoma»sidin ko’si isloh va imdod cholibtur». Mazkur e’tirofdan ma’lum bo’ladiki, Navoiy «Xamsa» tarkibidagi har bir dostonni alohida mualliflarning asarlaridan ilhomlangan holda yaratgan. "Hayrat ul-abror" dostonining kopmozitsiyasi. Bu dostonlar xamsa janri talablari asosida o’zaro bog’liq yaxlit turkumni tashkil etadi. Shuning uchun uning birinchi dostoni ("Hayrat ul-abror") fikriy- nazariy qurilmaga asoslangan bo’lsa, boshqalari ana shu dostondagi fikriy-nazariy dasturni badiiy timsollarda ifoda etadigan dostonlardir. Shu jihatdan "Xamsa"ning birinchi dostoni bo’lgan "Hayrat ul-abror" (yaxshilarning hayratlanishi) butun turkumning fikriy-nazariy dasturi sifatida badiiy timsol sarguzashti qurilmasiga emas, balki fikriy-nazariy masalalarning bayoni-maqolot hamda ularni tasdiqlaydigan kichik hikoya va masallardan tashkil topgan qurilmaga asoslangan. "Hayrat ul-abror"ning nomlanishi va yozilish yili haqida Alisher Navoiy shunday yozadi: Hayrati abror ko’rub zotini, "Hayrat ul-abror" dedim otini. Nuktai ta`rixiki, ahsan edi. Sekkizu sekkiz yuzu seksan edi. (7-tom, 344) ya`ni: Asarni o’qigan yaxshi odamlarning hayratda qolganligini e`tiborga olib, dostonni "Hayrat ul abror" - yaxshilarning hayratlanishi deb atadim. Uning yozilgan yili-tarixi esa 888-hijriy 1483-melodiy yil edi. Doston aruzning sare`i musaddasi matvii makshuf bahrida yozilgan: Odamiy er/sang demagil/ odamiy/ Oniki yo’q/ xalqi g’amiy/ din g’amiy - v v - - v v - - v - muf-ta-i lun/ muf-ta-i lun/ fo-i-lun "Hayrat ul-abror" 63 bobdan iborat bo’lib, I-XI boblari hamd, munojot va na`tlarni o’z ichiga oladi. XII-XVI-boblarida Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, so’z ta`rifi, Sulton Husayn Boyqaro haqida fikr yuritish o’rin olgan. XVII-XXI boblari ko’ngul ta`rifi, uch hayrat va Bahovaddin Naqshbandga bag’ishlangan. XXII-LXI (22-61) boblari yigirma maqolot va yigirma hikoyot, tamsilotdan iborat. LXII-LXIII (62-63) boblari xotima va bir hikoyatni o’z ichiga olgan. Shunday qilib, "Hayrat ul-abror"ning asosini yigirma maqolot va yigirmata hikoyot va tamsillar tashkil etadi. Dostondagi maqolot va hikoyatlarning g’oyaviy-badiiy xususiyatlari. "Hayrat ul-abror"ning maqolot va hikoyot, masallardan iborat asosiy qismidan boshqalari, ya`ni kirish va xotima boblari ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ularda shoir o’zining falsafiy tushunchalari, inson va Alloh taolo, koinot, so’z va uning ta`rifi, ulug’ daholar bo’lmish Nizomiy, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiylar, naqshbandiya tariqatining piri-murshidi Bahovaddin Naqshband va uning davomchisi Xoja Ahrori Vali, zamona podshohi Sulton Husayn Boyqaro haqidagi mulohazalarini bayon etgan. Bu boblarda mutafakkir Alisher Navoiy ulug’ shoir sifatidagi fazilatlari bilan o’zaro uyg’un holda namoyon bo’ladi. qizig’i shundaki, shoir Alloh taolo va uning barcha buyukliklari haqida so’z yuritib, u yaratgan xazina-koinot va Yer kurrasidagi eng go’zal durdona bu Inson ekaniga alohida urg’u beradi: Ganjing aro naqd farovon edi, Lek boridin g’araz inson edi. Turfa kalomingg’a dog’i komil ul, Sirri nihoningg’a dog’i homil ul. ( 7-tom, 21) Bu falsafiy mushohada bejiz aytilmagan. Bu bilan shoir hamma imkoniyat va afzaliyatlarga ega bo’lgan hazrati Insonning o’z mavqeini qanday saqlashi lozimligi masalalariga diqqatni qaratadi. Shundan so’ng hazrati Rasululloh, nazm sohasining daholari Nizomiy, Xusrav va Jomiylar, tasavvufning atoqli arboblari, podshohlik saltanatning ardoqli namoyandasi haqida so’z yuritib, ularning shu sohada namuna va ibrat ekanliklariga ishora qiladi. Shunday qilib, "Hayrat-ul abror"ning fikriy-nazariy qurilmasining asosiy sababini ham ana shulardan izlash mumkin. Demak, asosiy diqqat hazrati Insonga qaratilgan ekan, u qanday bo’lmog’i kerak va qanday bo’lmasligi kerak degan masalaga javob dostonning maqolotlarida nazariy umumlashma tarzida bayon etiladi. Shundan bo’lsa kerak, maqolotlarda, bir tomondan, insonning ma`naviy- ma`rifiy fazilatlari, jamiyat oldidagi burchi va vazifalari to’g’risida so’z yuritilsa, ikkinchi tomondan, hazrati Insonga dog’ tushiradigan qabih illatlardan bahs yuritiladi hamda ular qoralanadi. Jumladan, insonning imonli va e`tiqodli bo’lishi masalalari birinchi (imon) va ikkinchi (islom) maqolotlarda bayon etilsa, uning (bu o’rinda sulton-podshoh sifatida tilga olinadi) adolatli (3), karam, saxovatli (5), odobli (6), sabr-qanoatli (7), vafodor (8), haqiqiy oshiq (9), to’g’ri, rost (10), ilm-ma`rifatli (11), odamlarga foydasi tegadigan (13) dehqon kabi bo’lish masalalari ham alohida alohida qarab chiqilgan. Bular Insonning komilligiga xizmat qiluvchi fazilatlar bo’lib, shu maqolotlarning har biridan keyin keltirilgan kichik hikoya va masallarda ular yanada kuchaytiriladi. hazrati Insonga dog’ tushiradigan adolatsizlik, riyokorlik- firebgarlik (4), johillik (15), manmanlik (16) va boshqa yomon xislatlar esa tanqid qilinadi, demakki, ulardan uzoq bo’lish, ularga qarshi kurashish g’oyasi olg’a suriladi. Ana shu maqolotlarning ayrimlarini ko’zdan kechirish masalani yaqqol gavdalantirishda ko’maklashadi. "Hayrat ul-abror"ning uchinchi maqoloti "Salotin bobidakim, adolatlari "ayn"ining chashmai zuloli mulk bo’stonin serob qilg’ay, to bu bo’stondin amniyat va farog’at gullari ochilg’ay…" tarzida boshlanadigan sarlavhaga ega. Demak, maqolotda so’z podshohlar va ularning adolatli bo’lishlari lozimligidan bormoqda. Darhaqiqat, maqolotda aniq bir podshoh misolida emas, balki umumlashtirilgan holda so’z yuritilgan. Unda podshohning mamlakat va xalq oldidagi burch va vazifalari-adolatli bo’lish, mulkni obod qilish, osoyishtaligini saqlash, fuqarolarni himoya qilish belgilangan. Shuning bilan birga podshohning bu vazifalarni bajarish o’rnida adolatsizlikka yo’l qo’ygani, aysh-ishratga berilgani, kecha-kunduz fisq-fujur-yaramas ishlar bilan band bo’lgani kabilarga e`tibor qaratilib, bu hol podshohlikdan kuzatilgan asosiy maqsaddan uzoq ekanligi alohida uqtiriladi va bu yo’ldan qaytib, adolatli bo’lishga da`vat etiladi: Haq seni adl etgani sulton etib, Zulm ila sen xalqni vayron etib… Necha bu bexudluq ila yilu oy, Voy, agar kelmasang o’zungga voy… Zulmni tark aylavu dod aylagil, Marg kunidin dog’i yod aylagil… Sahvungg’a de uzr, tavahhum bila, Zulmdin et tavba, tazallum bila. (7-tom, 128-129). Maqolotning oxirida, ya`ni ikkinchi qismida esa Shohi G’oziyning adolati mavzusida bir hikoyat keltirilgan. Ma`lumki, Shohi G’oziy laqabi XV asrning ikkinchi yarmida hukmronlik qilgan Sulton Husayn Boyqaroga nisbatan qo’llanilgan. Demak, Alisher Navoiy bu hikoyada Sulton Husayn Boyqaro faoliyatidan bir lavhani badiiyat qoniyatlari asosida qalamga olgan. Hikoyatda Shohi G’oziy adolatliligi bilan hurmat qozongan podshoh sifatida talqin qilingan. Shuning bilan birga unda qonun (bu o’rinda shariat qonunlari nazarda tutilgan) oldida shohu gadoning tengligi muammosi amaliy tarzda tasvirlangan. Shoh G’ziyning adolatini ko’rgan zol (kampir): Tushti ayog’iga bo’lub uzrxoh, Dediki: Ey, xusravi anjumpanoh. Gar yigitim qildi fido jon sanga, Men qari joni dog’i qurbon sanga… Zol kechib da`viyu dostonidin, Yo’qki, o’g’ul qonidin, o’z jonidin. Turfa bukim xusravi odil ani, Adl ila ul davrda aylab g’ani. (7-tom, 132). Demak, Alisher Navoiy bu hikoyada juda katta va muhim masalani hal qiladi: qonun oldida shohu gado tengdir, ikkinchidan, bu hodisa adolatning barqaror bo’lishi uchun asosiy omil hamdir. Albatta, bu Alisher Navoiyning orzusi edi, Alisher Navoiy shunday sharoit va shunday zamon bo’lishini xohlardi. "Hayrat ul-abror" ning maqolotlarida insonning komillikka erishuvi uchun zarur bo’lgan ma`naviy-ma`rifiy omillar ham keng tarzda qalamga olingan. Jumladan, odob va hayoni insonning eng ajoyib ma`naviy fazilatlaridan deb biladi: Elga sharaf bo’lmadi johu nasab, Lek sharaf keldi hayovu adab. Chunki yog’in manbai o’ldi hayo, Qatrasi tuprog’ni qilur kimyo. Bo’lmas adabsiz kishilar arjmand, Past etar ul xaylni charxi baland. (7-tom, 155) Odoblilikning shartlari sifatida ota-ona hurmatini joyiga qo’yish, katta- kichikka shafqatli, mehrubon bo’lish, xizmat lavozimini adolat va insof ila ado etish kabilar ham belgilangan. Ko’rinadiki, Alisher Navoiy insonning ma`naviy- ma`rifiy jihatdan komillikka erishuvi bilan bog’li bo’lgan ko’pgina masalalarni qalamga oladiki, ular insonning ijtimoiy hayotdagi vazifa va burchlarini talab darajasida ado etishiga ham ijobiy ta`sir etadi. Shuning uchun "Hayrat ul- abror"dagi maqolotlardan so’ng o’sha mavzularga daxldor bo’lgan kichik hikoyat va masallarning keltirishi ham bejiz emas. Chunki bu hikoyatlarda ham tarixiy shaxslar hamda badiiy to’qima timsollar qatnashar ekan, ular ijtimoiy toifalarning turli guruhlariga mansub shaxslardir: podshoh (Iskandar - 14, Anushervoni odil - 6, Sulton Muhammad Xorazmshoh - 11, Shohi G’oziy - 3, Bahrom - 19), tasavvuf ahli (Ibrohim Adham - 2, Boyazid Bistomiy - 1, Shayx Iroqiy - 9, Imom Faxr Roziy - 11, Xoja Muhammad Porso va Xoja Abu Nasr - 20), xorkash (tikon teruvchi), dehqon, oddiy fuqaro- ikki yor, qone` va boshqalar. Adabiyotlar: 1. Valixo‘jayev B. O‘zbek adabiyoti tarixi (O‘quv qo‘llanma). II qism. – Sam.: SamDU nashri, 2002. 2. Vohidov R., Eshonqulov H. O’zbek mumtoz adabiyoti tarixi. (O’quv qo’llanma) –T.: Yangi asr, 2006. 3. Muhiddinov M. Komil inson – adabiyot ideali. – Toshkent: Fan, 2005. 4. Salohiy D. Navoiy nazmiyoti (O‘quv qo‘llanma). – Toshkent, 2012. 5. Tohirov S. Xamsanavislik an’anasining ilk qoidasi xususida // SamDU «Ilmiy axborotnoma»si. 2013 yil, 4-son. 57-61-betlar. 6. Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 7-tom. – T.: Fan, 1992. 7. Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 11-tom. – T.: Fan, 1994. 8. Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 16 tom. – T.: Fan, 1999.