logo

Rusiyzabon o`quvchi (talaba)larning o`zbek tilidagi adabiy namunalarni mustaqil o`qishlariga rahbarlik qilish

Yuklangan vaqt:

11.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

2136.5 KB
Rusiyzabon o`quvchi (talaba)larning o`zbek tilidagi adabiy namunalarni mustaqil o`qishlariga rahbarlik qilish Режа: 1. O`quvchilarda o`qishga bo`lgan ehtiyojni tarbiyalash va shakllantirish. 2. O`zbek tilida badiiy matnni mustaqil o`qish jarayoni. 3. Kitob o`qish madaniyati. 4. Referat ishlari tashkil etish. Adabiyotga iste`dodli kitobxonlar zarur. Kitobxon iste`dod duch kelgan (vsyakiy) asarni o`qib, u haqda fikr bildirish bilan o`lchanmaydi, balki tanlab o`qish, o`qiganlari yuzasidan ijodiy fikrlash, to`g`ri xulosa chiqarish, zarurat tug`ilganda undan amaliy foydalanish iqtidoriga egalik bilan xarakterlanadi. Boshqacha aytganda, kitobxonlik tor ma`noda kitob o`qishni bildirsa, keng ma`noda tanlab o`qish, his etish, anglash va fikr bildirish tushunchalarini o`z ichiga oladi. Mashg`ulotdan tashqari mutolaa daqiqalari o`quvchilarda o`qishga bo`lgan ehtiyojni tarbiyalashi va shakllantirishi hamda ularni o`qilganlar yuzasidan o`ylash, muallif bu yerda ko`targan asosiy muammolarni anglab yetish, kitobdan talay hayotiy muhim savollarga javob izlashga o`rgatishi kerak. Bunday kitob o`qish onlari haqiqiy mutolaa jarayonini ifoda etadi. Bu jarayon mashg`ulotdagi bajariladigan ishlarning bir qismi bo`lgani uchun ham adabiy tayyorgarlikda, uzluksiz adabiy ta`lim jarayonida muhim o`rin tutadi. Mashg`ulotdan tashqari kitob o`qish uchun o`qituvchi bir mavzu, ko`tarilayotgan bir muammo doirasida, hatto bir yirikroq asar bo`yicha bir nechta parcha tanlashi mumkin. Bunda kutubxonaning, o`zbek tili xonasining kitob imkoniyatlaridan ham kelib chiqish zarur. Umuman, sinfdan tashqari o`qish uchun kitobni to`ri tanlash kerak. Avvalambor, o`zbek tili mashg`ulotlarida, mashg`ulotdan tashqari paytlarda adabiy materiallarni mutolaa qilib borishning ahamiyati hech kimda shubha uyg`otmaydi: bu materiallar minimumi milliy ma`naviyat tarbiyasini amalga oshirishning qudratli omilidir. Shuningdek, darslarda gazeta va jurnallarni ko`zdan kechirib borish ham (aslida shundan boshlash kerak) o`zbek tili o`qituvchisi uchun tamomila yangi hodisa emas. Bugungi kunda bu boradagi ilg`or ish tajribalarini to`plash va “ratsional mag`zi”ni chaqqan holda umumlashtirish, mazmuni va metodikasini boyitish taqozo etiladi. Bunday tadbirlar ilg`or ish tajribalaridagi yetakchi yo`nalishlarni aniqlash imkonini beradi. O`zbek tilida badiiy matnni mustaqil o`qish jarayoni darslarda hosil qilinayotgan ko`nikmalarni yanada rivojlantirish tariqasida tashkil etilayotgan bo`lsa-da, bundagi eng katta kamchilik shundaki, bunday mutolaa jarayoniga o`qituvchining tom ma`noda rahbarligi ko`rinmayapti. Zero, o`qituvchi bu borada aniq yo`l-yo`riqlarga ega ham emas. Aslida, dars(mashg`ulot)dan tashqari o`qishdan ko`zda tutilgan maqsadga ana shu rahbarlik orqaligina erishish mumkin. Shundagina mo`ljaldagi ish turlari mukammal ro`yobga chiqariladi. O`zbek tili darsida o`qituvchi mustaqil o`qishni bo`sh o`tirgan o`quvchilarni nima bilandir mashg`ul qilish niyatida tashkil etadi. Lekin bunday o`qish natijalari, nazorat usullari haqida ularga hech narsa demaydi, ko`p vaqt bu ishni amalga oshirmaydi ham. Shu bois o`quvchilarning asarni o`qib chiqqanliklari bilan kifoyalanadi, xolos. Ta`lim rus tilida olib boriladigan maktablar, akademik litseylar va kasb- hunar kollejlari o`quvchi(talaba)larida o`zbek tilida kitobxonlik ko`nikmalarini hosil qilish adabiy tayyorgarlikning uzviy bir qismi sanalib, amaliy zaruriyati shundaki, bo`lajak kasb egalarining mehnat faoliyati jarayonida turli xildagi xat- hujjatlarni, davriy matbuot materiallarini (xabar, ilmiy maqola, tanqidiy maqola, felyeton va hokazolar), qolaversa, badiiy asarlarni o`qib mazmunini tushunishga to`g`ri kelishi, dars(mashg`ulotlar)da o`rganib ulgurilmagan adabiy materiallar ustida ishlash kerakligi bilan izohlanadi. Shunga ko`ra ham mashg`ulotdan tashqari o`qishni samarali tashkil etish va unga to`g`ri rahbarlik qilib borishning amaliy ahamiyati benihoya katta. Sinfdan va maktabdan tashqari olib boriladigan ishlarning kichik bir qismi – kitob o`qish (aniqrog`i, asardan parcha mutolaa qilish) muammolari bir qator metodist olimlar, chunonchi, T.D.Polozova, Dekusheva, V.K.Veselova, L.A.SHeyman, I.I.Chernova, N.G.Yermilova, N.K.Silkin, N.A.Bodrova, V.P.Poluxina, N.I.Svetlovskaya, G.M.Volovnikova, I.S.Zabarskiy, L.T.Panteleyevalar tomonidan tadqiq etilgan. Bu masala yuzasidan N.A.Bodrova, G.M.Volovnikova, I.S.Zabarskiy, V.P.Poluxina, L.T.Panteleyeva va boshqalar ham so`z yuritishgan. R.V.Glintershchik o`z mulohazalarini bayon etgan. Kitob o`qish madaniyati shaxsning adabiy-estetik yetukliginigina emas, balki ijtimoiy, fuqarolik yetukligining ham namoyon bo`lishi va mezoni sifatida qaraladi, kitob o`qish (mutolaa) madaniyatini, keyinchalik esa axborot olish madaniyatini shakllantirish jarayoni esa – uning ijtimoiy, axloqiy va estetik rivojlanishidagi shak-shubhasiz shart-sharoiti, ijodiy o`qish ko`nikmalari va malakalarini egallashga bevosita bog`liq holat sifatida ko`riladi. T.D.Polozovaning tadqiqotlari bizni kitob o`qish madaniyatini shunday deb talqin qilishga olib keladi. Bunda “ijodiy o`qish madaniyati” tushunchasi bilan “so`z san`ati” tushunchasi yaqinlashadi – asarning g`oyaviy-badiiy ahamiyatini estetik savodli va manfaatdor o`zlashtirish, emotsional-baho beruvchi hamdardlik, o`qilganlarni bir butun estetik idrok etish: o`qiy va fikrlay olish, o`qish va his eta olish, estetik zavqlanib o`qiy olish. Kitob o`qish madaniyatining bunday talqini shuningdek kitobdan olingan bilimlarni hayotga ko`chira olish, ularni o`quv va boshqa har qanday amaliy faoliyatda, jamoat ishida, shaxslararo munosabatda qo`llay olishni ham o`z ichiga oladi. O`qish san`ati – o`quvchining ijodiy, shaxsiy ahamiyatga molik ma`naviy faoliyati. Bu faoliyat o`qishning tarbiyaviy qiymatini oldindan belgilab beradi, o`quvchining umumiy ma`naviy, g`oyaviy va axloqiy rivojlanishiga, o`quvchi shaxsining ijodiy potensialiga ta`sir ko`rsatadi. Kitob o`qish madaniyati tushunchasi o`z ichiga nimani o`qish, qanday o`qish, o`qilganlardan qanday qilib foydalanish va qancha o`qish kerak degan o`zaro bog`liq savollarni oladi. Bugun metodik terminlar sirasiga “kitob o`qish yadrosi” tushunchasini kiritish lozim. Bu yadro albatta o`qilishi zarur bo`lgan mualliflar va asarlar ro`yxatini o`z ichiga oladi. O`qish va o`z-o`zini tarbiyalashda kitobdan savodli foydalanish quyidagilarni o`z ichiga oladi: turli xil matnlar – konspekt olish, sitatalar olish, ko`chirmalar, lug`atlar va ma`lumotnomalardan foydalanish. O`qilganlarni anglab yetish va o`z munosabatini og`zaki va yozma shakllarda ta`riflay bilish – shaxsiy kundalikka qilandigan yozuvlar, taqrizlar, devoriy gazetaga maqolalar, ijodiy insho-miniatyuralar, muhokama-insholar, qisqa sharhlar, kitob haqida suhbatlar, annotatsiyalar va shu kabilar. Ana shu jarayonda o`quvchilarni o`qilgan parchani mustaqil tahlil qilishga odatlantirish muhim rol o`ynaydi. Ularga parcha yuzasidan tadqiqot o`tkazish uchun bir nechta mavzu berib qo`yish ham foydalidir. R.A.Dekusheva o`smir kitobxonlarni adabiy-estetik rivojlanish saviyalariga ko`ra bir necha guruhga bo`ladi. Birinchi guruh - kitob o`qish madaniyati retseptiv saviyali kitobxonlar: o`qilayotgan yoki tinglanayotgan ruscha badiiy matn nutqiy va ma`naviy faollikning yo`qligida idrok etiladi va tushuniladi. Bu o`quvchilarning ko`pchiligi matnni qisman idrok etadi va tushunadi, ko`pincha ma`ni-mazmunni buzib. Ushbu guruh o`quvchilarining katta qismi o`qilganlar yoki eshitilganlar haqida hech narsa deyolmaydi. Ikkinchi guruh - kitob o`qish madaniyati reproduktiv, konstruksiyalovchi saviyali kitobxonlar: o`qilganlarni yoki yol olinganlarni qisman qayta ifodalay (takrorlay) oladilar. Bu guruh o`quvchilarining ayrimlari o`qilgan yoki tinglangan matnni qayta ifoda etishda mahsuldor kitobxonlik faoliyati unsurlarini olib kirishga urinish namoyon etadilar. Uchinchi guruh - kitob o`qish va idrok etish madaniyati mahsuldor saviyada bo`lgan kitobxonlar: kitobxon qayta hikoyaning o`z variantini yaratadi, o`qilganlar haqidagi o`z fikr-mulohazalarini bajonidil bildiradilar. Milliy maktablar sharoitida kitob o`qish madaniyatining ushbu ijodiy saviyasi kamdan-kam uchraydi: bir sinfda bir-ikki o`quvchi, shunda ham barcha sinflarda ham emas. Adabiyotni o`rganishning asosiy motivlari sirasiga o`quv-biluv qiziqishlari, intellektual faollikka va tilni egallashga bo`lgan intilish va ehtiyoj kiradi. Ehtiyoj sohalari: hayotiy tajriba, yoshlarga xos muammolar, o`qilgan kitobga boshqalarning munosabati, madaniyat, o`z qarashlari doirasini kengaytirish, asarlarni asliyatidan o`qish va hokazo. Bu holat darsdan tashqari o`qishning zarur ekanligini ko`rsatadi. Kitob o`qish mutolaa madanyatini egallash bilan chambarchas bog`lanadi. Kitobxon asar tanlaganda dastavval uning sarlavhasiga qaraydi. U sarlavhada qo`yilgan masala ustida o`ylab ko`radi. Unda qanday muammo ko`tarilgan bo`lishi mumkinligini taxmin qiladi. So`ngra “So`z boshi”ga qaraydi, kitobning o`zini varaqlaydi. Badiiy asarlarda tarixiy-adabiy ma`lumotlarni aks ettiruvchi muqaddima deyarli bo`lmaydi. Bu holat metodikaning alifbo qoidalarini buzish sanalmaydi. K i t o b x o n mavqeida turib aytadigan bo`lsak, mutolaa izchilligi o`z tabiiy izida bo`ladi. U avval kitobni o`qib chiqadi, keyin esa, agar kitob yoqqan bo`lsa, endi uni muallifi va o`qilganlar bilan bog`liq boshqa hamma narsalar qiziqtiradi. Har qanday bilim ongda savol tug`ilgan, keyin esa javob qidirish boshlangan chog`dagina (o`zining nimanidir bilmayotganligini anglash) faol qabul qilinadi. Kitob o`qishni pedagogik yo`lga solish. Qaysi asarlar. Majburiyni kamaytirib, erkin tanlovni ko`paytirish. Jurnalda qayd etilishi. 1) dasturni to`ldiradigan; 2) o`qilayotganga hamohang; 3) individual tanlov. Ona tilida kundalik yuritish. Talabalar kelgusidagi ishlari sohasidagi biror bir muhim manbani qo`lga olgan zahoti bir o`qishdayoq anglab tushunish malakasiga ega bo`lishlari darkor. Dars(mashg`ulot)dan tashqari kitob o`qish shunga yordam beradi, davriy matbuotni kuzatib borishga omillik ko`rsatadi, puxta zamin yaratadi. Agar maktabda kitob bilan, xat-hujjatlar bilan, davriy matbuot materiallari bilan ishlash odati shakllantirilmas ekan, keyingi bosqichlarda mutaxassis uchun o`zbek tilida manbalarni mustaqil o`qish jarayoni og`ir kechadi, u qiyinchiliklar, zo`riqishlar girdobida qoladi. Bugungi kunda o`zbek tili o`qituvchilarining mashg`ulotdan tashqari o`qish borasidagi ilg`or ish tajribalarini to`plash va “ratsional mag`zi”ni chaqqan holda umumlashtirish, mazmuni va metodikasini boyitish taqozo etiladi. Bunday tadbirlar ilg`or ish tajribalaridagi yetakchi yo`nalishlarni aniqlash imkonini ham beradi. Kuzatishlar shundan dalolat beradiki, o`zbek tili o`qituvchilarining hammasi ham dars(mashg`ulot)dan tashqari kitob o`qishga yetarlicha ahamiyat beravermaydilar. Ayrimlari dars paytida yaxshi o`zlashtiradigan, o`zbek tilini amaliy biladigan, iqtidorli o`quvchi(talaba)larga qo`shimcha topshiriq sifatida mo`jaz adabiy asarlar tarqatadilar. Bunda to`plamdan ajratilgan kichik bir hikoya, asardan olib alohida qog`ozga tushirilgan parcha, gazeta yoki jurnalda e`lon qilingan materialdan foydalanadilar. Ba`zan o`quvchilarga ularni uyda o`qib kelishni ham vazifa qilib topshiradilar. Biz bu o`rinda taklif etgan bo`lardikki, har xil manbalardan olingan parchalar qatori bir yirikroq badiiy asardan mumkin qadar ko`proq parchalar tanlash maqsadga muvofiqdir. Birinchidan, o`quvchilarda shu asar haqida yaxlitroq taassurot paydo bo`ladi, ikkinchidan, suhbat chog`ida qahramonlarning xatti-harakatlari, ijobiy va salbiy tomonlari, bir butun asarning badiiy jihatlari ochila boradi. Lekin, kuzatishlarning dalolat berishicha, bunday o`qishga o`qituvchi tomonidan tom ma`noda rahbarlik amalga oshirilayotgani yo`q. Dars(mashg`ulot)dan tashqari o`qishda ko`zda tutilgan ish turlari deyarli ro`yobga chiqarilmaydi. Ta`lim rus tilida olib boriladigan maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o`quvchi(talaba)lari uchun dars(mashg`ulot)-dan tashqari o`qishga mo`ljallangan asarlar to`plamlari nashr qilinmagan, ularning taxminiy ro`yxatlari ham tuzilmagan. Bu borada maxsus izlanishlar olib borish taqozo qilinadi. Birinchi navbatda o`qituvchining qo`lida ana shunday materiallar mavjud bo`lishi kerak. Mashg`ulotdan tashqari kitob o`qishni kichik-kichik asarlardan, parchalardan boshlash ma`qul. Qisqa hikoyalar ishlash uchun qulay: birini ovoz chiqarib o`qish, boshqasining eng qiziq joylarini o`qib bergan holda o`qishga qiziqtirish va uyda oxirigacha o`qib chiqishni taklif etish mumkin. Uchinchisiga o`ylab o`qishga undaydigan savollarni oldindan berib qo`yish kerak bo`ladi. Umumiy mavzusi va muammolari bilan birlashgan bir nechta hikoyani tanlab o`qishni havola qilish mumkin: mayli bolalar turli hikoyalarni o`qishsin, bundan mavzuning muhokamasi yanada qiziqarliroq bo`ladi. Qiziqarlilik qiziqishni keltirib chiqaradi. Ruhshunoslar qiziqishni ikki asosiy turga bo`ladilar: bilishga qiziqish va ishtirok etishga qiziqish. Bilishga bo`lgan qiziqish axborot olish va unga ishlov berishda o`z ifodasini topadi. Ishtirok etishga bo`lgan qiziqish tufayli odam boshqalarning turmush kechinmalariga sho`ng`ib ketadi. Badiiy asarni o`qishda ikkala qiziqish turi chatishib ketadi. Lekin, muallifning ta`kidlashicha, qiziqish bo`lmasa, kitob o`qish ham bo`lmaydi. Shuning uchun o`qilajak kitob (asardan parcha) haqida mo`jaz kirish suhbati zarur. Bu o`rinda kètob o`qishga qiziqishning faollikka ta`sirini to`g`ri baolash kerak bo`ladi. Darsdan tashqari kitob o`qishga asardan olingan parchaning katta- kichikligiga ko`ra 2-3 hafta ajratiladi. Shu orada o`qituvchi o`quvchilarga tegishli maslahatlar berib boradi. Bu paytda kitob o`qish mobaynida o`quvchilarning qiziqishlarini saqlab turishga jiddiy e`tibor berish talab qilinadi. Parchadagi ayrim notanish so`zlar o`zbek tili mashg`ulotlarida tushuntirib turilgani, maktab koridoridagi doskaga yozib borilgani ma`qul. V.K.Veselova sinfdan tashqari ishlar haqida gapirib, bir nechta prinsipni ajratadi: 1) rus va vatan adabiyoti bo`yicha sinfdan va sinfdan tashqari olib boriladigan mashg`ulotlarning o`zaro aloqadorligi; 2) darslar mazmunini, shunga mos ravishda o`quvchilarning darsdan oldin bajaradigan mustaqil ishlari mazmunini asta-sekin murakkablashtira borish; 3) o`quvchilar va o`qituvchi faoliyatining turli shakllarini ifoda etuvchi ish usullari, metodlari va turlarining izchilligi hamda o`zaro aloqadorligi; 4) o`quvchilarning adabiy asar matni ustidagi maqsad sari yo`nalgan individual va jamoaviy ishlarining birlashuvi. Metodik adabiyotlarda taviya etilishiga ko`ra, V-VII sinflarda quyidagi ish turlari o`tkaziladi: o`qilgan asarning bosh qahramonlariga qisqa tavsif yozish; o`qilgan asarning qisqa mazmunini so`zlash; matndan ko`chirmalar olish. VIII-IX sinflarda, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tavsiya etiladigan ishlar: asarga baho berish; annotatsiya yozish; ijodiy yozma ishlar. Kitobxonlik tajribasi o`qilgan asarlar soni bilangina emas, balki ularni o`zlashtirish sifati bilan ham belgilanadi. O`quvchilarning kitobxonlik tajribasi va kuzatishlarini jalb etishning sodda shakllaridan ham foydalanish zarur: ifodali o`qish, yozuvchi haqida ma`lumot berish, syujet mazmunini qisqa qayta hikoya qilish, lavha tahlili, sevimli qahramon haqida hikoya qilish, illyustratsiyalarni sharhlash. Bundan tashqari, sinf o`quvchilari bilim va qiziqishlariga qarab yakka va guruhli topshiriqlar oladilar: 1) xabar (axborot) tayyorlash; 2) kitob ko`rgazmasi hozirlash; 3) kartochkalar; 4) ma`lumotnoma-axborot ishi; 5) lug`at ishi. Kuchli (iqtidorli o`quvchilarga tadqiqot olib borish tavsifidagi ishlar topshiriladi: 1) taqqoslash; 2) tavsiflash. Kitobxonlik keng ommalashgan viloyat, tuman ta`lim muassasalarida sinfdan tashqari o`qishni tashkil etishda kitobxonlik konferensiya-lari, bahs- munozaralar, tanlovlar, viktorinalar o`tkazish imkoniyatlari katta bo`lsa, bunga mahalliy sharoitlardagi rivojlangan ikki tillilik ham benihoya katta sharoit tug`dirsa, shahar ta`lim muassasalarida bu imkoniyatlar birmuncha cheklangandir. O`quvchilarga dars(mashg`ulot)dan tashqari o`qish uchun tavsiya etiladigan asarlarning hajmi haqida rus adabiyotini o`qitish metodikasida turlicha fikrlar bor. L.A.SHeymanning tavsiyasiga ko`ra, II-IV sinflarda 5-20 bet (II sinfda 5-10, III da 10-15, IV da 15-20); V-VII sinflarda 20-70 bet (V da 20-30, VI da 30-45, VII da 45-70); VIII-X sinflarda 70-150 (VIII da 70-90, IX da 90-120, X da 120-150). Muallifning e`tirof etishicha, bular me`yoriy ko`rsatkichlar emas, balki chamalar, xolos. Umuman, uyda kamida bir soat kitob o`qish kerak (21-bet). Uzluksizlik har kuni o`qish orqali ta`minlanadi. Shuningdek, masalaning boshqa qirrasi ham bor: hajmi kattaroq parchalarning dastlabkisida so`z o`rganishga e`tibor ko`proq qaratilsa, keyingilarida takror ishlatilish xususiyatiga ko`ra avvalgi leksika jadal o`zlashadi, notanish so`zlar esa kamayib boradi. Natijada asta-sekin matnlar ham hajman kattalashadi. Albatta, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari talabalari mutolaa qiladigan o`quv fanlari ko`p. Bizningcha, haftada 2-3 kun bir soatdan o`qish bilan shug`ullanilsa, shuning o`zi kifoya qiladi. Bunda dastlab asarni o`qib, lug`atdan foydalanib mazmunini tushunishga erishish bilan bog`liq ishlar bajariladi. (L.A.SHeymanning fikricha, asarga doir mufassal lug`at tavsiya qilinishi kerak.) So`ngra savol va topshiriqlar ustida ish olib boriladi. Sinfdan tashqari o`tkaziladigan dars(mashg`ulot)ga qadar o`qituvchi talabalar bilan suhbatlar o`tkazib turadi. Bunda ularning parchani qanday tushunganliklariga e`tibor berib, darsda bajariladigan ishlarni rejalashtiradi va o`zi tuzgan rejaga tuzatishlar kiritadi. Shuningdek, talabalar bilmagan ayrim so`zlarga izoh beradi. Ba`zi gaplar mazmunini anglashga yordam beradi. Asardan olingan parchada oldingi qismlarda aks etgan bir xil voqealar bayoni aniqlik kiritishni taqozo etganda, o`qituvchi shu voqealar haqida gapirib berishi ham maqsadga muvofiqdir. Darsdan tashqari o`qishga o`qituvchi jiddiy tayyorgarlik ko`radi: kirish so`zini tayyorlaydi, dars rejasini tuzadi, uni boshqaradi. Bunday dars o`qilganlar yuzasidan bajarilgan ishlarni umumlashtish maqsadini ko`zda tutadi. Shuningdek, talabalarning mustaqilligini oshirish niyatida darsni sharhli o`qish shaklida yoki dars-suhbat, fikr almashuv shaklida o`tkazadi. Kitobxonning mustaqilligi uning o`z fikr-mulohazalarini ifodalay olishidan tashqari “o`zi bilan bahslashayotganlarning fikr-mulohazalarini qabul qila bilishida” namoyon bo`ladi. Mashg`ulot (mashg`ulotning uyda o`qilgan kitobni o`qish bosqichi) asar muallifi haqidagi suhbatdan boshlanadi. So`ng parcha mazmuni yuzasidan savol- javob o`tkaziladi. O`quvchilarning axborotlari (chiqishlari) tinglanadi. O`qituvchi o`zining yakuniy so`zi bilan mashg`ulotning shu qismiga xulosa yasaydi. O`qilganlar yuzasidan suhbatlar syujetini gapirib berishdan iborat bo`lib qolmasligi kerak. Sabab-nitaja bog`lanishlarini tushungan holda asarning g`oyaviy mazmunini o`zlashtirishga erishish muhimdir. Shuning uchun muammoli ta`limni yo`lga qo`yish darkor. O`qituvchi talabalarni o`qilganlarni muhokama qilishga undovchi savollar yordamida o`ylashga, mushohada yuritishga, isbotlashga o`rgatishi kerak. Buning uchun esa o`qituvchi ko`proq “Siz nima deb o`ylaysiz? Nima uchun...?” kabi savollar berishi lozim. Mashg`ulotdan tashqari kitob o`qish daqiqasi katta bo`lmasa ham, bir asar muhokamasiga qaratilgani ma`qul. Adabiy asarning g`oyaviy-mavzuviy tahlili odatdagi adabiy materialni o`rganish paytidagi kabi chuqur, lekin umumiy planda, har bir qismini mufassal matniy o`rganishsiz olib boriladi. O`qituvchi o`quvchilarni bo`lar-bo`lmasga har qadamda to`xtatavermasligi, har bir noaniq aytilgan gapini tuzatavermasligi lozim. Eng avvalo, darsda erkinlik sezilib turishi zarur. Navbatdagi darsdan tashqari o`qishni tashkil etish maqsadida kitob ko`rgazmasi asosida uyushtiriladigan tavsiya-darslari muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda ayrim mashg`ulotlarni kutubxonada o`tish foydadan xoli emas: talaba mavjud kitoblar bilan ko`proq tanishadi. Bir asar ikkinchi asarni o`qishga rag`bat uyg`otadi. Xullas, mashg`ulotdan tashqari kitob o`qish daqiqalari o`quvchilarda o`qishga bo`lgan ehtiyojni, havasni, qiziqishni tarbiyalashi va shakllantirishi hamda o`qilganlar yuzasidan o`ylash, muallif bu yerda ko`targan asosiy muammolarni anglab yetish, kitobdan talay hayotiy muhim savollarga javob izlash malakalarini hosil qilishi kerak. N.G.Yermilova o`zining “Planirovaniye urokov vneklassnogo chteniya v IV- V klassax” degan maqolasida rejalashtirish to`g`risida mushohada yuritar ekan, u o`z ichiga kitoblar targ`ibotini ham, har bir o`quvchining va butun sinfning uyda kitob o`qishini tashkil etishni ham, anjumanlar va hatto kitob bayramlari o`tkazishni ham oladi. Ilin kitobni axloqiy muammolar ma`lumotnomasiga, keskin hayotiy vaziyatlar katalogiga, o`ziga xos “qalb dorixonasi”ga o`xshatadi. Mashg`ulot tipini belgilashda o`quv materiali m a z m u n i dan, uni o`rganishning tarbiyaviy-didaktik maqsadlaridan va shu maqsadlar bilan shartlangan o`qituvchi hamda o`quvchilarning faoliyat usullaridan kelib chiqish darkor; shuningdek, aniq bir mashg`ulotning boshqa mashg`ulotlarning umumiy tizimida tutgan o`rniga befarq bo`lmaslik lozim. Mashg`ulotlardan tashqari kitob o`qish soatlari o`qituvchining oldindan olib boradigan katta tayyorgarlik ishlari hamda o`quvchilarning ko`ngilli ravishda, o`zlarining tanlashlariga, qiziqishlariga qarab mustaqil ishlashlari natijasi sifatida muvaffaqiyat qozona oladi. Dastlab o`qituvchi mashg`ulotning g`oyaviy-aloqiy muammosini belgilab oladi. Bu esa (vaqtning chegaralanganligida) barcha bosqichlarda asar tahlilidan voz kecha bilish va mazmuniga tanlab yondashishni talab etadi. Materialning hajmi va uni o`rganish maqsadlari mashg`ulotning metodik va strukturaviy tashkil etilishini belgilab beradi. Mehnat bo`lsa – suhbat; asardagi muammolar – ma`ruza; mashg`ulotni hozirlash bo`lsa – seminar; mustaqil o`qishga tayyorgarlik – leksiya darsi. Agar o`quvchilar dars strukturasini, sinf olib boradigan ish tavsifini, unda o`zining ishtirok etishdagi mas`uliyat hissini tasavvur qila olsalar, bir o`quvchi erishgan natijalarni o`rtoqlarining natijalari bilan taqqoslash uchun sharoit yaratiladi, hayotga kirib borayotgan kishi uchun kerakli bo`lgan axloqiy munosabatlar (o`zaro yordam, o`zaro nazorat, ish uchun birgalikda qayg`urish) tajribasi shakllanadi. Mashg`ulotdan tashqari kitob o`qish soatlarining ana shu axloqiy jihati juda muhimdir. Bundan tashqari, ishni bunday tashkil etish ortiqcha yuklamadan xalos bo`lish imkonini beradi: har bir o`quvchi faqat bir masala yoki qism bo`yicha tayyorgarlik ko`radi, lekin ayni paytda umuman darsning mavzusi va borishi haqida tasavvurga ega bo`ladi hamda boshqa masalalarni muhokama qilishda qatnasha oladi. Mashg`ulotdan tashqari kitob o`qish darslari haqida gapirganda, ularning tipi va ko`rinishiga to`xtalmaslik mumkin bo`lmas. “Uroki vneklassnogo chteniya” kitobida tushuntirilishiga ko`ra, dars tipida uning asosiy ta`limiy, didaktik va tarbiyaviy-estetik yo`nalganligi aks etadi, ko`rinishda (vid) esa bu yo`nalganlikni amalga oshirishning aniq tashkiliy shakllari o`z ifodasini topadi. Asar ustida mustaqil ijodiy tadqiqot olib borish ana shunday yo`nalishni ifoda etadi. O`qituvchi mustaqil ijodiy tadqiqot olib borish chog`ida o`quvchilar nimalarga ahamiyat berishlari lozimligini ko`zda tutib, zarur maslahatlar berishi lozim. M.Mirqosimovaning fikricha, bu maslahatlar quyidagilardan iborat bo`ladi: 1. Ijodkor hayotiga oid ma`lumotlar bilan tanishishda tarixiy sharoit va o`sha davrdagi adabiy muhitga e`tiborni qaratish. 2. Yozuvchi yaratgan asarda zamonasining qanday dolzarb ijtimoiy- ma`naviy masalalari aks etgan va ularga nisbatan ijodkor munosabitini aniqlash. 3. Yozuvchi badiiy mahoratiga badiiylik va haqqoniylik talablari asosida baho berishda xilma-xil asarlarni qiyosiy o`rganish. 4. Ijodkor uslubining shakllanishiga ta`sir etgan adabiy an`analar, ijodiy ta`sir va shaxsiy izlanishlar ahamiyatiga e`tibor berish. 5. Yozuvchi hayoti va ijodini yorituvchi adabiyotlardan (o`qituvchining tavsiyasiga ko`ra) foydalanish. Mustaqil ijodiy izlanishlar chog`ida o`quvchilar o`zaro muloqotda bo`ladilar, tadqiqotlari yuzasidan o`qituvchiga savollar bilan murojaat etadilar. O`qituvchi ularning mustaqil ijodiy izlanishlari qay yo`sinda ketayotganligidan xabardor bo`ladi, zarur maslahatlar beradi, o`quvchilar faoliyatini boshqaradi. Belgilangan muddat yaqinlashgan sayin o`quvchilarning mustaqil ijodiy izlanishlari ham yakunlanib boradi. O`qituvchi ularning mustaqil mulohazalari bilan tanishib, zarur o`rinlarni to`ldiradi, yakuniy mashg`ulotni tashkil etadi. Bulardan tashqari, M.Mirqosimova o`z tajribalariga tayanib, yozuvchi hayoti va ijodiga oid o`quvchilarning ma`ruzalari, ayrim asarlar yuzasidan referat ishlari tashkil etishni maslahat beradi. Shubhasiz, bu tadbirlar ham o`quvchilarning izlanuvchanlik, ijodkorlik xususiyatlarini tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega: dunyoqarashning kengayishiga ta`sir etadi, ularni muhim masalalarni hal etishga tayyorlaydi, o`z fikri, nuqtai nazariga ko`ra mushohada yuritish malakasini hosil qiladi, og`zaki va yozma nutqlari rivojlanadi, jo`shqin va ijodkor qalb egasi sifatida kamol topadilar. “Uroki vneklassnogo chteniya” kitobida quyidagi tadbirlar ham tavsiya qilinadi: asarga nisbatan ijobiy emotsional-estetik munosabat hamda to`g`ri idrok uchun sharoit yaratish (asarni o`qish va g`oyaviy-uslubiy sharh; yozuvchining ijodi xususiyatlari, asar janri, adabiyot turi haqida leksiya; evristik suhbat jarayonida asarni o`qish va tahlil qilish; tanqidiy maqola doirasida adabiy hodisaga baho berish, o`qituvchi tomonidan kitobxonlik pozitsiyasini bayon etish va hokazolar); o`quvchilarning dastlabki shaxsiy aks javoblari va taassurotlarini aniqlash; o`quvchilarni o`qish va tahlil qilishga jalb etish; o`qituvchining yozuvchi ijodiga bergan g`oyaviy-estetik bahosini hisobga olgan holda uyda mustaqil o`qish. Bular quyidagi dars ko`rinishlari orqali joriy etiladi: maslahat-dars, suhbat, izohli o`qish darsi, adabiy kompozitsiya, dars-leksiya va boshqalar. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YXATI 1. Abduvalitov YE.B. Ta`lim qozoq tilida olib boriladigan maktablarning V-IX sinflarida o`zbek adabiyotini til tarkibida o`qitish asoslari. Ped. fan. nomz. ... diss. - T., 2002. – 138 b. 2. Abdullina A.A. Formirovaniye umeniya vossozdavat xudojestvenniye obrazi v protsesse chteniya literaturnix proizvedeniy (1-3 klassi): Avtoref.kand.diss... ped.nauk. - M., 1977. - 19 s. 3. Adabiyot o`qitish metodikasi (Pedagogika institutlari va universitetlarning filologiya fakultetlari uchun dasturiy qo`llanma). - Tuzuvchilar: Q.Yo`ldoshev, O.Madayev, A.Aburazzoqov. - T.: RO`MM, 1994. - 94 b. 4. Adilova S.A. O`zbek tili mashg`ulotlarini kompyuter texnologiyalari vositasida tashkil etish (oliy ta`lim muassasalarining rusiyzabon guruhlarida): Ped. ôan. nom. ... diss. – T., 2004. – 160 b. 5. Azlarov E., Rahimov A., Asalov X., Xoliqberdiyev K. O`zbek tili: Rus maktablarining 9- va 10-sinflari uchun darslik. - T.: O`qituvchi, 1993. – 223 b.