logo

O`zbek adabiyotini o`qitish metodikasi fan sifatida. “O`zbek adabiyotini o`qitish metodikasi” fanining boshqa fanlar bilan aloqasi

Yuklangan vaqt:

08.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

2046 KB
O`zbek adabiyotini o`qitish metodikasi fan sifatida. “O`zbek adabiyotini o`qitish metodikasi” fanining boshqa fanlar bilan aloqasi Reja 1 Adabiyot o`qitish metodikasi - fan sifatida. 2. Ta`lim bosqichlarida adabiyotning o`quv fani sifatida o`rganish xususiyatlari. Adabiyot o`qitish metodikasining adabiyotshunoslik va tilshunoslik turkumidagi fanlar bilan aloqasi. Adabiyot o`qitish metodikasining ijtimoiy-gumanitar turkumdagi fanlar bilan aloqasi. 4. Adabiyot o`qitish metodikasining boshqa fanlar bilan aloqasi. 5. Predmettlararo aloqalarning ta`limiy hamda tarbiyaviy ahamiyati. Adabiyot o`qitish boshqa fanlarni o`qitishdan anchayin keskin farq qiladi. Shunga ko`ra uni fan sifatida qaraydiganlar bir guruhni tashkil etsa, adabiyot o`qitishni san`at turi sifatida baholab, adabiyot o`qituvchisining ishini ham san`atkorona bir ish sifatida baholaydiganlar kam emas. Demak, ular adabiyot o`qitish metodikasini ham san`at bilan tenglashtirishadi. Amaliyotchilik nuqtai nazaridan qaraydiganlar esa adabiyot o`qitish metodikasini darslarning o`tilishiga bevosita yordam beradigan, har bir darsning yaxshi va samarali bo`lishiga amaliy ko`mak bera oladigan soha deb bilishadi. Adabiyot o`qitish metodikasi birinchi navbatda adabiyot o`qitishning, ya`ni adabiy ta`limning maqsadi va mazmuni haqidagi fandir. Ma`lumki, adabiyot ta`limning turli bosqichlarida xuddi boshqa predmetlar kabi o`sib kelayotgan avlod - o`quvchilarga mo`ljallangan. Ta`lim jarayonidagi barcha fanlarning asosiy maqsadi va mohiyati o`quvchilarda - o`sib kelayotgan yosh avlodda muayyan sohalarga oid bilimlarning asoslarini shakllantirish, shularning negizida ularning boy ma`naviy olamini yaratishdan iboratdir. Bu vazifani amalga oshirishda badiiy adabiyot bilan teng keladigan birorta soha yo`q, deb ayta olamiz. Shunga qaramay, badiiy adabiyotga bo`lgan munosabatlarning ham nihoyatda xilma-xilligini, ularning orasida «bevosita naqd foyda»ni ko`zlab o`qish tamoyillarining ham mavjudligini e`tirof etishga to`g`ri keladi. Buni adabiyotshunos D.Quronov shunday ifodalagan: «Hozirgi kunda, taassufki, badiiy asarga noijodiy yondashish o`quvchi ommaning aksariyatiga xos bo`lib qolayotir. Ko`pchiligimiz badiiy asarni ma`naviy-ruhiy imkoniyatlarimizni kengaytirish ehtiyoji bilan emas, ko`proq hordiq chiqarish niyati bilan o`qiydigan bo`lib qolyapmiz. Do`konlarimizda yaltiroq muqovali, oldi-qochdi gaplarga to`la kitoblar salmog`ining ortib borayotgani ham shundan dalolat beradi. Totalitar yondashuv natijasida ko`pchilik asardan voqea qidiradi, bu toifa uchun «O`tkan kunlar» Otabegu Kumushning sarguzashtlaridan boshqa narsa emas, «Qutlug` qon» - Yo`lchi bilan Gulnor sevgisi-yu bir ablah boyning to`g`anoq bo`lishi, xolos... - xullas, biz vositani maqsad deb tushunadigan bo`lib qolayapmiz». Demak, biz badiiy adabiyotni o`rganish yo`llarini ham bilishimiz zarur bo`ladi. Shunday ekan, bu fan o`quvchi-yoshlarning o`ziga xos xususiyatlari, bu o`ziga xosliklarning adabiy ta`lim bilan bog`liq jihatlari haqida mulohaza yuritadi. Adabiyot o`qitish metodikasi fani o`z nomiga munosib ravishda o`quvchilarga badiiy adabiyot bilan yaqinlashish, oshno bo`lish va ularni tahlil qilish yo`llarini ko`rsatishga yo`naltirilgan. Ayni paytda u kitob ustida ishlashni, badiiy o`qishni tashkil etishni, o`quvchilarning adabiyotga bo`lgan qiziqishlarining shakllanish va rivojlanish yo`llarini ko`rsatishi bilan ham e`tiborlidir. Ayni shu fan adabiyot darslarini tashkil qilish, bu darslarda qo`llanadigan metod va usullar, o`quvchilarning og`zaki hamda yozma nutqlarini shakllantirish va rivojlantirish haqida tasavvur uyg`otadi, shu haqidagi bilimlar tizimini taqdim etadi. Mana shular zamirida esa o`quvchilarga jamoaviy, guruh-guruh yoki individual yondashishning yo`l-yo`riqlarini beradi. Xitoy maqollarining birida shunday deyiladi: «Insonning qo`liga bir dona baliq ber - u bir kun to`q bo`ladi, unga baliq tutishni o`rgat - u butun umri davomida to`q yuradi». Demak, bir ish qilish uchun shu ishni qanday qilib yaxshiroq va natijaliroq tarzda amalga oshirish mumkin degan savolga javob izlash maqsadga muvofiq bo`ladi. Bizning holatimizda bu savolga adabiyot o`qitish metodikasi fani javob beradi. Metodika faniga berilgan ta`riflar nihoyatda xilma-xilligi bilan ko`zga tashlanadi. Ular ichida eng e`tiborlilari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: M.A.Ribnikova: «Metodika — bu vaqtni tejash malakasi, o`quvchi kuchlarini oqilona sarflash, o`quv materialidagi asosiy va bosh narsani topish malakasi, jamoa mehnatini tashkil qilish san`ati, bu o`quvchilardagi xilma-xil individualliklarga tayanadigan ta`sir tizimidir». V.V.Golubkov: «Barcha metodikalar, ularning qaysi bir fanga aloqadorligidan qatiy nazar, o`qituvchining ish prinsiplari, material va metodlarini muayyan ketma- ketlikda, izchillikda ko`rib chiqishiga hamda uchta eng asosiy, ya`ni nima uchun, nimani va qanday, degan savollarga javob berishiga ko`ra bir-biriga o`xshaydi». N.I.Kudryashev: «Adabiyot o`qitish metodikasi o`quvchilarni o`quv predmeti sifatida tarbiyaviy ahamiyat kasb etib, adabiyotni o`qitishdagi ijtimoiy jarayon manbai bo`lgan va unga to`g`ri rahbarlik qilish maqsadida bu jarayonning qonuniyatlarini ochishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan xususiy pedagogik fandir». A.Zunnunov: «Adabiyot o`qitish usuli pedagogika fanining uzviy qismi bo`lib, badiiy adabiyotni tadqiq etadi, adabiyot o`qitish shartlari va usullarini ilmiy asosda ishlab chiqish va tatbiq etish, sinfda va uyda o`qish, shuningdek, sinf va maktabdan tashqari mashg`ulotlarning shakli va usullarini ishlab chiqish bilan shug`ullanadi. Uning asosini badiiy asarni ta`lim va tarbiyaning muhim vositasi sifatida o`rganish, o`quvchilarni estetik tarbiyalash jarayoni tashkil qiladi. Shu jarayonda o`qituvchi yozuvchi yaratgan badiiy obrazlarning ahamiyatini o`quvchilar ongiga singdiradi, badiiy obrazning mohiyatini ochadi, o`quvchilarning ma`naviy dunyosini boyitadi». Nazarimizda, bu ta`riflarda fanning asosiy mohiyati ancha yorqin ko`rsatib berilgan. “Adabiyot o`qitish metodikasi” fani birinchi navbatda bo`lajak adabiyot o`qituvchilarining kasbiy shakllanishlari va dastlabki mahorat qirralarini o`zlashtirishlari uchun imkon beradigan fandir. Bu fan o`quvchi yoshlarning adabiy rivojidagi o`ziga xos qonuniyat va qoidalarning anglab yetilishi uchun omil bo`ladi. Uning o`qituvchi va o`quvchi hamkorligining asoslarini tushunishda muhim bo`g`in ekanligi ham katta ahamiyatga ega. “Adabiyot o`qitish metodikasi” fani bu fanning tarixi va rivojlanish bosqichlarini ko`rsatish, bu bosqichlarning har biriga xos bo`lgan asosiy unsurlarni tahlil qilish, badiiy asarni tahlil qilish va uni o`quvchilar tomonidan qabul qilinishidagi o`ziga xos xususiyatlarni ko`rsatish, badiiy asarni tahlil qilishda ularning tur va janr xususiyatlariga e`tibor berish, ta`lim bosqichlarida faqat badiiy asarning o`zini emas, balki ularga bog`liq ravishda adabiy-nazariy tushunchalarni xam o`rganish zaruriyatini va yo`l-yo`riqlarni ko`rsatish, adabiyot darslarini tashkil etish, adabiyotdan sinfdan tashqari va mustaqil ishlarni tashkil etish, ularning og`zaki va yozma nutqlarini o`stirish yo`llarini ko`rsatish bilan kifoyalanmasdan o`quvchilarning o`z ustilarida muntazam ishlash, mustaqil ijodiy ishlarni tashkil etish yo`llarini ko`rsatishi bilan ham muhimdir. Bo`lajak adabiyot o`qituvchilari o`z ish faoliyatlarida o`quv-tarbiya jarayonlarining insonparvarlashuviga, ta`lim jarayonida har bir o`quvchining alohida, o`ziga xos bo`lgan tabiiy-ijodiy imkonlariga e`tibor berishi maqsadga muvofiq bo`ladi. Bizning maktablarimizda badiiy adabiyot yaxshi insoniy fazilatlarni targ`ib qilishga, urushni, zo`ravonlikni qoralab, tinchlikni, xalqlarning osoyishta hayoti va o`zaro do`stligini ulug`laydigan, xunuklikdan nafratlanib, go`zallikni targ`ib etadigan, o`sib kelayotgan avlodga yuksak ma`naviy fazilatlarning shakllanishi va rivojlanshiga imkon beradigan xislatlari bilan e`tiborlidir. Adabiyot fanining o`ziga xosligi shundaki, unda boshqa fanlar bilan aloqadorlik bu fanning tabiatiga singdirilgan. Demak, bu imkoniyatdan xam unumli foydalanish joiz. Uning ijtimoiy-gumanitar yo`nalishdagi fanlar bilan yaqinligi, ayniqsa, ona tili, tarix, san`at yo`nalishidagi fanlar bilan aloqadorligini isbotlab o`tirish zarurati yo`q. Ayni paytda uning geografiya, biologiya, fizika, matematika singari fanlar bilan aloqador jixatlaridan ham unumli foydalanish, bu bog`lanishlarning ichki mohiyatini ko`proq ko`rsatish, amaliyotga ko`proq joriy etish zarurati bor. Bir xil mavzuni bir xil hajmdagi vaqt oralig`ida turlicha o`qituvchilarning nihoyatda turli-tuman tarzda yoritib berishlari hayotda ko`p kuzatiladigan hodisa. Ularning orasida eng ma`quli hozirgi jamiyatimiz muammolari bilan ko`proq aloqadorlikni ta`minlagani, zamonaviy texnologiyalardan o`rinli va unumli foydalanganlari, bolalarning yosh xususiyatlari, adabiy tayyorgarliklariga tayanib turib ularning mavzuga ham, adabiyot fanining o`ziga ham qiziqishlarini eng ko`p darajada oshira olganlaridir. Aslida adabiyot o`qitishning bosh yo`nalishi ta`limning turli bosqichlarida o`quvchilar ongiga badiiy asarning mo`jizakor ta`sir kuchini amaliy jihatdan ta`minlashga qaratilgan. Maktabgacha tarbiya muassasalari, boshlang`ich ta`lim, umumiy o`rta ta`lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar ta`limidagi adabiy ta`limning uzviyligi va uzluksizligining natijasi o`sib kelayotgan yosh qalbda go`zallikka bo`lgan ijobiy va ijodiy munosabatni shakllantirishdan, ularga badiiy asarga - kitobga bo`lgan mehr va muhabbatni o`stirishdan, bularning zamirida esa undagi badiiy-estetik didni takomillashtirishdan iborat. Xuddi mana shu nuqtalar bo`lajak adabiyot o`qituvchilarini tayyorlash jarayonida diqqat markazida turishi lozim. Bo`lajak adabiyot o`qituvchisining adabiyot nazariyasi, adabiyot tarixi, adabiy jarayon haqidagi ilmiy-nazariy qarashlari qanchalik asosiy va muhim bo`lishidan qat`iy nazar, ularning o`zi bilan kifoyalanib qolish pedagogik faoliyatdagi tegishli maqsad va vazifalarni amalga oshirish imkonini bermaydi. To`laqonli muvaffaqiyat qozonish uchun ularning pedagogika va psixologiya turkumidagi, ayniqsa bolalarning yosh fiziologiyasi, ularning olamni qabul qilish va o`zlashtirish xususiyatlari, qiziqishlari haqidagi asosiy ma`lumotlarni beradigan fan asoslaridan xabardorliklari ham taqozo etiladi. Badiiy adabiyotning inson ruhiyatini, hatto uning shaxsiyatining shakllanishi va rivojidagi o`rni beqiyosdir. Agar zamondoshimiz S.Sayyid aytganidek, bola «diliga nedir yuqtirsa», adabiyot muallimi o`z vazifasini ado etgan, adabiyot darslarining samarasi ta`minlangan bo`ladi. Ko`plab buyuk shaxslar mashhur bo`lishlarida, o`zlari erishgan va yetishgan oliy darajalarda badiiy adabiyotning o`rni va ahamiyatini e`tirof etishadi. Masalan, Alisher Navoiy yuz mingdan ortiqroq baytni yoddan bilgan. Bu baytlarning eng sara, eng nodir badiiy durdonalar bo`lganligiga shubha yo`q. O`quvchilardagi barqaror g`oyaviy, ma`naviy-axloqiy va estetik ishonch- e`tiqodlarning shakllanishi, ularning eng muhim hayotiy tushunchalar mag`zini chaqa olishi ma`lum ma`nolarda adabiyot o`qituvchisining mahoratiga bog`liqdir. Shunga ko`ra ta`lim bosqichlari uchun yaratiladigan darslik va o`quv qo`llanmalari, ularning tarkibiga kiradigan badiiy asarlarning namunalari o`quvchilarning adabiy tayyorgarligi va didlariga mos va munosib bo`lishi, ularning barkamol inson sifatida shakllanishlari va kamol topishlarida muhim omil vazifasini ado etishi kerak. Jahon hamjamiyati bir-biriga intilishi, bu ayni paytda bir-birini boyitish jarayoni hamdir. Bunda badiiy adabiyotning o`ziga xos o`rni bor. Qolaversa, boshqalar tajribasini o`rganish har doim insoniyatta yutuq va yangilanish omili bo`lgan. Jahon pedagogikasi endilikda hamkorlikni asosiy tayanch nuqtasi, deb e`tirof etmoqda. «Hamkorlik pedagogikasi» degan alohida tushuncha va atamaning paydo bo`lganligi bejiz emas. Bu o`qituvchi va o`quvchi orasidagi munosabatlarning yangicha bosqichini anglatadi. Demak, endilikda pedagogik jarayonda «hokim-tobe»lik emas, tom ma`nodagi hamkorlik yuzaga keldi. Bu adabiy ta`limda, ayniqsa, ayricha ahamiyat kasb etadi. Zero, badiiy adabiyotni o`qish, o`rganish hamma payt ijodiy jarayondir. Bu jarayonda o`quvchilarning milliy qadriyatlar, asriy urf-odatlar bilan tanishishi, yaqinlashuvi jonli tarzda amalga oshadi. Bo`lajak adabiyot o`qituvchisi uchun badiiy adabiyotning o`ziga xos tomonlarini bilish, anglab yetish qanchalik muhim va ahamiyatli bo`lsa, ta`limning turli bosqichlarida adabiyot o`qitishning o`ziga xos qonuniyat va xususiyatlari bilan bog`liq siru asrorlarni egallash ham shunchalik muhimdir. Ta`limning turli bosqichlarida bolaning yosh xususiyatlarigina emas, hatto asarning janri, uslubi ham uni o`qitish, o`rgatishda o`ziga xos yondashuvlar bo`lishini taqozo etadi. Qaysi bir asarni o`rganishda sharh va izohlarning o`rni kattaroq bo`lishi, boshqa bir asarni o`rganishdan oldin ifodali o`qish maqsadga muvofiq bo`lishi mumkin. Qay holatlarda biografik metod o`rinli bo`lsa, qaysi o`rinlarda estetik tahlilning o`rnini bosadigan biror usul bo`lmasligi ham tabiiydir. Bularning barchasi adabiyot o`qitish metodikasining fan sifatidagi o`rni va ahamiyati qanchalik katga ekanligini ko`rsatib turibdi. Mazkur kurs xuddi shuning uchun ham alohida dolzarblik kasb etadi. Bularning yonida badiiy asarni o`qish, uni tushunish muammosining ham borligini e`tirof etishga to`g`ri keladi. Badiiy adabiyot so`z san`ati sifatida kitobxonning, uning ma`naviy olamining shakllanishiga kuchli ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Agar qabul qilishning mutlaqo individual xususiyatga ega ekanligini nazarda tutadigan bo`lsak, badiiy asarni o`qish, uni tushunish va «hazm qilish»ning naqadar katta ahamiyat kasb etishini tasavvur etishimiz qiyin kechmaydi. Taniqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov uqtirib o`tganidek: «Adabiyot o`quvchini tarbiyalash uchun uning ongi, fikrigagina emas, qalbiga, zavqiga, tuyg`ulariga ham ta`sir etishi kerak. Shunday asarlargina chinakam san`at namunasi deb atalish huquqiga ega». Biz ixcham tarzda adabiyot o`qitish metodikasi fani zimmasiga yuklatilgan vazifalarni shunday shakllantirishimiz mumkin: Adabiyot predmetining ta`lim bosqichlarida nima uchun o`rganish zarurligini asoslash, ya`ni adabiyot o`qitishning maqsad va vazifalarini muayyanlashtirish. Adabiy ta`lim mazmunini aniqlash. Uquv dasturlarining tarkibi va mazmunini asoslash, o`quvchilar uchun yaratiladigan darslik. o`quv qo`llanmalariga qo`yiladigan talab va me`yorlarni o`rganish. Ayni paytda o`quvchilarning muayyan ta`lim bosqichida o`zlashtirishi lozim bo`lgan adabiy bilimlari, ularga bog`liq holda egallanishi lozim bo`lgan ko`nikma va malakalarning hajmi belgilanadi. Metodika fani adabiy ta`limning o`ziga xos yo`l va usullarini o`rganish bilan ham shug`ullanadi. Unda alohida darslarni tashkil etish, unga qo`yiladigan talablar ham ishlab chiqiladi. Ta`limning turli bosqichlarida o`quvchilarning o`zlashtirishiga qo`yiladigan talablar ham metodika faniga aloqador. Bunda baho me`yorlari va mezonlari, nazorat qilishning shakl va usullari qamrab olinadi. Talabalarga adabiyot o`qitish metodikasi bo`yicha ularning amaliy faoliyatlarida asqotadigan nazariy hamda amaliy ma`lumotlarning eng muhimlarini yetkazish. Talabalarni shu fanga aloqador bo`lgan ta`limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalarini amalga oshirish, ijodiy faoliyat va ilg`or tajriba maktablarini o`rganishga tayyorlashdan ham iboratdir. Har bir fan, odatda, faqat o`z qonuniyatlari bilangina yashamasdan, boshqa fanlardagi imkoniyatlarni ham e`tiborda tutadi. Bu bilan u o`zidagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. Adabiyot o`qitish metodikasi ham bu borada istisno emas. Uning ko`plab fanlar bilan barqaror aloqalari mavjud. Tabiiyki, adabiyotshunoslik fanisiz uni o`qitishni tasavvur qilib bo`lmaydi. Chunki o`tmshsda yaratilgan madaniy-adabiy meros dastlab "Adabiyog tarixi" fanining bahosini oladi. Yoki hozirgi zamon asarlarining tarixiy, adabiy hamda badiiy estetik bahosi "Adabiy tanqid" orqali reallashadi. So`z san`atining o`ziga xos qonuniyatlari, adabiyotning ijtimoiy hayotdagi o`rni, badiiy adabiyotning o`ziga xos xususiyatlari, badiiy ijod turlari, ijodiy jarayon haqidagi fikrlar esa "Adabiyot nazariyasi" fani orqali ayon bo`ladi. Bularsiz "Adabiyot o`qitish metodikasi" bir qadam ham bosa olmaydi. Ayrim asarlarning yaratilishi, asar muallifi, asardagi qahramon va obrazlar, unda tasvirlangan voqea-hodisalar mohiyatini chuqurroq anglash uchun tarixiy sharoit va geografik muhitni bilish zarurati ham paydo bo`ladi. Bu o`z-o`zicha adabiyot o`qitish metodikasi fanining tarix va geografiya fanlari bilan doimiy aloqada bo`lishini taqozo etadi. Musika, teatr, tasviriy san`at va boshqa san`at turlari bilan aloqadorlik haddida gapirishga hojat yo`q. Biz bu yo`nalishda pedagogika va psixologiya turkumidagi fanlarni alohida ta`kidlashimiz joiz. Modomiki, badiiy adabiyotni o`rganishdan ko`zda tutilgan bosh maqsad insonning tarbiyasiga ijobiy ta`sir o`tkazish ekan, demak, bunda ayrim pedagogik hamda psixologik qonuniyatlarnpng hech bo`lmaganda umumiy qonuniyatlarini bilmasdan turib olg`a qadam tashlashning imkoni bo`lmaydi. Bu sanoqni yana davom ettirish mumkin. Adabiyot o`qitish metodikasining boshqa fanlar bilan aloqasi fanning maqsad va vazifalarini anglashda, uning tarkibiy qismlarini belgilashda muhim o`rin tutadi. Adabiyotni boshqa ijtimoiy fanlar bilan bog`lab o`rganish hayotiy zaruratdir. Birgina 5-sinf "O`zbek adabiyoti" darslik majmuasini shu nuqtai nazardan ko`zdan kechiraylik. Darslik-majmua “Xalq og`zaki ijodi”. «O`zbek adabiyoti tarixi», «XX asr o`zbek adabiyoti» hamda «Jahon adabiyoti» qismlaridan tashkil topgan. Yuzaki qaragandayoq bu mavzularni o`tishda etnografiya, tarix, geografiya, ona tili, adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi, san`at tarixi rang tasvir, teatr bilan nechog`lik bog`lanib ketganligini tasavvur etish mumkin. V sinfda "Afsonalar" mavzusining o`tilishida o`quvchilarning tarix darslarida olgan bilimlari qo`l keladi. Markaziy Osiyo xalqlarining bosqinchi dushmanlarga qarshi kurashi tarixi Shiroq, To`maris kabi obrazlarning ijtimoiy-estetik ahamiyatini, tarixiy qimmatini to`laroq tushunishga yordam beradi. Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o`rganishda tarix darsliklaridagi "Boburiylar sulolasi davrida Hindiston va uning madaniyati" mavzulari o`kuvchilarning adabiy materialni oson va teranroq tushinib yetishlariga imkon yaratadi. Radio, televideniye, audio va video materiallar ham adabiyot o`qitishni boshqa fanlar bilan aloqadorlikda tashkil etashning muhim vositasidir. Metodist olim S.Matjonov to`g`ri ko`rsatganiday: «Dastur va darsliklarda adabiyotning tasviriy san`at, tilshunoslik, musiqa, estetika, tarix, ruhshunoslik, kino san`ati bilan bog`liqligi yetarli darajada o`z ifodasini topmagan. Tarixiy mavzudagi asarlar tahlili, tarix, ekranlashtirilgan asarlar tahlili, kino san`ati bilan bog`lanmasa, ko`zlangan natijaga erishib bo`lmagani kabi, adabiy qahramonlarning fe`l-atvori, o`zaro ziddiyatli munosabatlari haqida so`z yuritganda etika va ruhshunoslik fanlari erishgan yutuqlarga tayanilmasa, murod hosil bo`lmaydi. Bizningcha, masalani shunday qo`yish kerakki, o`quvchilar nazariy bilimsiz, badiiy asarni tushuish, tahlil qilish mumkin emasligini anglab yetsinlar».