logo

Iste`dod Talant Badiiy ijod Ilhom Mo`tadil ilhom Zavqu shavqqa to`liq ilhom His qila bilish san`ati

Yuklangan vaqt:

08.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

137 KB
Iste’dod Talant Badiiy ijod Ilhom Mo’tadil ilhom Zavqu shavqqa to’liq ilhom His qila bilash san’ati Badiiy mahorat: samimiylik haqqoniylik mazmun va shakl birligi badiiy til Reja: 1. kirish 2. Iste’dod Talant Badiiy ijod Ilhom Mo’tadil ilhom Zavqu shavqqa to’liq ilhom His qila bilash san’ati Badiiy mahorat: samimiylik haqqoniylik mazmun va shakl birligi badiiy til Asqad Muxtor aytganidek, “Tanqidchi va adabiyotshunoslar asosan asar haqida gapiradilar Yozuvchi haqida esa... Vaholanki, as ar yozuvchidan unib chiqadi: farzandiday unda tug’iladi, ulg’ayadi, kamol topadi; u farzandini avaylaydi; himoya qiladi. Asar-yozuvchining taqdiri; kerak bo’lganda yozuvchi qurbon bo’lishga ham tayyor. Uning bu g’ayritabiiy sadoqati, yozmasdan turolmasligi, ruhiyatga, falsafaga, mushohadaga moyilligi, shaxsi, fe’li, uslubi, qarashlari, dardi, qiynalishlari hyech kimni qiziqtirmaydi. Yozuvchi o’z shaxsi va o’zgalarning shaxsi bilan birikib ketgan-asar uning subyekti. . . Bu haqda ko’p gapirish mumkin, ammo tanqidchilar...” Darvoqye, adabiyot nazariyotchilari ham yozuvchi shaxsiyati, ijodiy laboratoriyasi haqida kam yozadilar. Holbuki, asar yaratish jarayonini bu unsurlarsiz to’liq tasavvur qilish mumkin emas. V.Belinskiy adabiyotning umum mazmunining o’ziga xosligi haqida gapirganda, uning talantli shaxslar tomonidan yaratilishiga-sifat masalasi ma’nosida qaraydi; talantli- san’atkorgina adabiy asar yaratishga qodirdir, aslida adabiyot tarixi-talantli yozuvchilar tarixidir. Ana shu asosga tayanib, yozuvchi talanti, ilhomi, badiiy mahoratini o’rganish g’oyatda dolzarbdir. ISTE’DOD. “Barcha iste’dodlar kabi shoirlik iste’dodi ham tug’ma bo’ladi va bolalikdan o’zini namoyon etadi. Bu kunduzdek ravshan, haqiqatning o’zidek ayon... ... Shoirona iste’dod – bir qaraganda olamga hayrat ko’zi bilan boqish san’ati va o’zgalarni hayratga solish san’ati bo’lib ko’rinadi, yana bir qaraganda el dardiga oshno bo’lish qobiliyati bo’lib tuyuladi. Iste’dod-bu avvalo did, yaxshi did egasi bo’lish qobiliyati, deguvchilar ham bor. Iste’dod-bepoyon tushuncha. U ta’rifga siqqanda edi, uni ma’lum xususiyatlar doirasida chegaralash mumkin bo’lganda edi, odamlar yo’q iste’dodni tarbiyalab bor qilgan bo’lardilar. Gorkiy, iste’dodning 99 foizi mehnat deganini tug’ma iste’dodi bo’lmagan odam mehnat bilan chinakam shoir yoki bastakor bo’lishi mumkin deb tushunmaslik kerak. Har qalay 99 degani 100 emas. Suv normal sharoitda 100 gradusda qaynaydi. 99 gradus isigan suv-qaynagan suv emas. Fors tilida qaynashni “jo’shidan” deydi, ya’ni jo’shmoq. She’riyat ham jo’shmoqdir. Jo’shmoq uchun esa 99 foizdan tashqari o’sha kamtarin bir foiz-ya’ni tug’ma iste’dod kerak.               Shu ma’noda “kunlarning sozini chertib yuruvchi”larning taskini-biz ulug’ emas, bizga shu ham bo’laveradi deb ko’ngilni tinchitishi adabiyot uchun falokatdir. Shoirmi, adibmi, bu qutlug’ dargohga qadam qo’ygan, anglamog’i kerakki, bunda Nizomiylar, Navoiylar, Shekspir va Pushkinlar qalam surgan. U shu ulug’ siymolar davrasiga kiradi. O’z qalbi, vijdoni oldida, bu ulug’ zotlar oldida andisha qilmog’i kerak. Kim bilsin, bizlar ham kunlarning sozini chertib yurgan nozimlardirmiz-bu masala elning va fursat deb atalgan buyuk hakamning hukmiga havola. Lekin men ishonamanki, o’zi har qancha kamtar va hokisor bo’lmasin, shoir ilhom chog’ida o’zini Pushkindan kam sezmaydi va u to’g’ri qiladi, tamoman haqli. Albatta, el-yurt muhabbatini qozonish uchun tug’ma iste’dodning o’zi kamlik qiladi. Shoir ruhan, fikran zamon darajasida bo’lmog’i, xalq hayoti to’lqinlari ichida keng quloch otmog’i kerak. Yana o’sha gap, to’qson to’qqiz yuz bo’lmaganidek, bir ham yuz emas” 1 . 1 E.Vohidov. Shoiru she’ru shuur, “Yosh gvardiya”, Toshkent, 1987, 15-16 bet. Erkin Vohidovning ushbu mulohazalari-katta-yu kichikka tushunarli. Lekin “hyech bir odam mukammal, ya’ni to’la shakllangan holda dunyoga kelmaydi, ammo uning butun hayoti betinim harakatdagi o’sish va doimiy shakllanishdan” (V.Belinskiy) iborat ekan, o’sha zarur bir foiz-iste’dod hamma kishilar bilan birga tug’iladi. Tabiat hyech kimdan bu saxiyligini ayamaydi. Faqat u “urug’” shaklida yashirin namoyon bo’ladi. Gap ana shu “urug’ning o’nib- o’sishi uchun yaxshi yer, havo, suv, quyosh zarur bo’lganidek, qobiliyat “urug’i”ning harakati oilada, maktabda, jamiyatda, ta’lim-tarbiyada yaratilgan aniq sharoitga, insoniy munosabatlarga bog’liq. Uning kuzatuvchanligini, havasini, qiziqishini, bilimini o’stirishga, mustaqil ijodiy fikr yuritish ko’nikmasini egallashiga, go’zallikni ko’ra va his qila bilishiga erishish va shu singari munosabatlar-da izchil va tinimsiz mehr bilan qilingan mehnat orqali “urug’”ni iste’dodga, yaratuvchi kuchga aylantirish mumkin; shunday xususiyatga ega bo’lgan shaxs o’z qobiliyatini namoyon qilgan sohada o’zligini izlab topadi, buyuk ishlarni insoniylik nuqtai nazaridan va osonlik bilan zavqu shavqqa to’lib bajaradi. Busiz tabiat bergan iste’dod “urug’i”-ijtimoiy munosabatlar va vaqtning besamarligidan “urug’” shaklida o’lib ketaveradi. Tug’ma iste’dod egasi bo’lmagan kishidan shoir chiqmaganidek, mehnatdan, o’qish-o’rganishdan, mahorat sirlarini egallashdan qochgan, o’zligiga, o’z avlodining qismatiga yarashadigan SO’ZNI ayta bilmagandan ham ShOIR chiqmaydi. Tug’ma iste’dod bilan uzluksiz mehnat o’rtasidagi dialektik aloqa mohiyatini chuqur anglagan va bor hayotini- “xalqning, davrning xotiroti”ni dunyoga yoyishga bag’ishlagan, uni yoniq qismat deb tushungandan Shoir tug’iladi. Ikkalasidan birontasi bo’lmasa yoki birontasiga amal qilinmasa, nomi – shoiru, umri bo’yi havaskor qalamkash bo’lib qolaveradi. “Iste’dod – bu did” degan tushunchani yoqlagan, “Talant-hyech qachon yangiligini yo’qotmaydigan yagona yangilikdir” 1 , xulosasiga kelgan Abdulla Oripov go’yo yuqoridagi fikr- mulohazalarni davom ettirib, lo’nda qilib deydi: “... Ha, adabiyotda hamisha ikki toifa ijodkorlar davr surib kelganlar. Ulardan birinchisi , ta’bir joiz bo’lsa, kosiblardir. Kosiblar kimlar? Ular she’riyatda umuman qanday maqomda namoyon bo’ladilar? Adabiyotda kosib faqatgina o’z istak va orzulariga ko’ra, balki tirikchilik taqozasi tufayli yoxud nom qozonib yashash ishtiyoqida qo’liga qalam oladi. Ba’zilari esa bu sohaga mutlaqo tasodif tufayli aralashib qolgan omadsiz mehnatkashlar bo’lib chiqadi. Nima bo’lgan taqdirda ham, qanchalik yashovchan bo’lsa-da, adabiyotda kosiblik uning sohibiga obro’ keltirgan emas. Ikkinchi toifa esa , qalb amri bilan ijod qiluvchi, o’zi yoqqan alangada qovriluvchi, cheksiz mashaqqatli mehnatdan huzur va halovat oluvchi, qisqasi, ijodni qismat deb bilguvchi shaxslardir . Ularni ko’pincha tug’ma iste’dod egalari deb ham atashadi” (A.Oripov, 82-bet; Ta’kidlar bizniki-H.U.).             Xuddi shu fikrlarga yaqin mulohazalarni boshqa ijodkorlarda ham uchratamiz. O’tkir Hoshimov “Talantning birinchi belgisi-chidab bo’lmas dard demakdir” 1 , deydi. “Ijodkor odamning qalbida zarurat degan g’alati tuyg’u bo’ladi. Bu ko’ngildagi “dard”larni faqat o’z shaxsiy dardi emas, xalq dardini –ezgulikka mehr, razolatga qahrni odamlarga aytish, to’kib solish ehtiyoji” (O’.Hoshimov, 200-b.) deya baholaydi. Xullas, yozuvchi va shoirga Parvardigor tomonidan berilgan tug’ma talantni qanday tushunish lozim? Ma’lumki, san’atkor to’ppa-to’g’ri hayotdan nusxa ko’chirmaydi, balki, unga haqiqatdan o’xshash qilib yangi bir dunyo yaratadi, kashf etadi. Boshqacha aytganda, hayotiy haqiqatdan 1 A.Oripov. Ehtiyoj farzandi, “Yosh gvardiya”, Toshkent, 1988, 34-bet. 1 O’.Hoshimov. Notanish orol,   “Yosh gvardiya”, Toshkent, 1990, 196-bet. badiiy haqiqat yaratadi; hayotiy fakt va hodisalarni o’zining ruhiy laboratoriyasida “qaynatishi”, ishlashi, sintezlatirishi, ya’ni tasavvuri, xayoli, orzusi, tajribasi, qalbi, tabiati, dunyoqarashi bilan boyitgan va muayyan g’oyaga xizmat qiluvchi xarakterli va zaruriy detallarni, fakt va hodisalarni tanlagan holda tugallik kasb etgan (obrazli) badiiy hayotni yaratishi zurur; Yaratganda ham bu hayot kitobxon ko’z o’ngida jonli va real, ishonchli va go’zal, ta’sirchan va yaxlit bo’lib gavdalanishi shart. Bu holatni Erkin Vohidov shunday isbotlaydi: “Qirq sentnerdan olding har gektar yerdan, Yurtimiz minnatdor sendek mard erdan. Noma’lum shoir Meni men istagan o’z suhbatig’a arjumand etmas, Meni istar kishining suhbatin ko’nglim pisand etmas. Alisher Navoiy Bu ikki bayt o’sha gektaridan olingan qirq sentnerdan hosil ko’targan mardga o’qilsa, aminmanki, unga keyingisi ma’qul bo’ladi. Chunki, keyingi misralarda chinakam badiiyat bor, inson qalbining holati bor. Uni o’qiganda har kim undan o’z holatiga mos tuyg’u topadi...” (E.Vohidov, 144-bet). Darhaqiqat, birinchi baytga e’tibor bersangiz, go’yo she’riyatga xos hamma narsa bor; bayt ravon, bo’g’in, turoqlari, qofiyasi joyida, bugungi hayot aksi bor. Lekin unda hayrat yo’q; unda dard yo’q; unda did yo’q; unda san’atkorning o’zligi yo’q; unda yangilik yo’q; unda obrazlilik, badiiylik yo’q; unda qalbga ko’chuvchi, qalbni harakatga soluvchi holat tasviri yo’q. Ikkinchi baytda esa hayot bor; hayrat bor; did bor; yangilik bor; samimiyat bor; poklik bor; har yurakning tuyg’usini uyg’otuvchi jonli ruh bor. Birinchi bayt havaskor, kosib shoirlarning “chizmalariga” namunaviy misol bo’lsa, ikkinchi bayt tug’ma iste’dodga, she’riyatni qismat deb tushungan shoirlarning kashfiyotlariga jonli dalildir. Xullas, iste’dodni o’stirmasdan, unga “kun sayin mehnat bilan jilo bermasdan” (A.Qahhor), yashashda va ijodda ichki va kuchli intizomga bo’ysunmasdan, ilhom bilan yozmasdan kitobxon qalbini zabt etish, badiiy talant sohibi bo’lish mumkin emas ekan... Mayli, oila a’zolari va o’qituvchilar she’r va hikoya yoza boshlagan o’quvchilarni qo’llab-quvvatlasinlar, adabiyot sirlariga oshno qilsinlar. Ular ko’pchilikni tashkil etsinlar, she’riy iqtidor sehrini boshdan kechirsinlar. Ana shundagina yuzlab havasmandlardan haqiqiy san’atkor-xalq mulki bo’lgan talant tug’iladi.         ILHOM. Ilhomning mohiyatini anglamoq uchun, keling dastavval, san’atkorlarning fikrlarini tinglaylik: A. Oripov: “... ilhom hayajondan balandroq turadigan aql va tafakkur tamg’asi bo’lgan holat hisoblanadi. Pushkin ilhomni anglab olingan kayfiyat,-deydi. Ma’lum tarixiy sharoitda yashab ijod etayotgan kishilarning ilhomi allaqanday muallaq, ta’bir joiz bo’lsa, biologik ilhom bo’la olmaydi. Ilhom ma’lum muhitda va fikrlar jarayonida sintezlashgan kayfiyatning oliy nuqtasidir ” (A.Oripov, 86-bet. Ta’kidlar bizniki-H.U.). O’. Hoshimov: “Ilhom, Tolstoy aytganidek, endi jim turolmayman, degan tuyg’u bilan yozuv stoliga o’tirish. Bunaqa paytda, odam hamma narsani unutadi, rohat qilib ishlaydi. Oylab, ba’zan yillab hal qilolmagan muammolarni bir haftada bemalol uddalaydi ” (O’.Hoshimov, 200-bet. Ta’kidlar bizniki-H.U.). E.Vohidov: “Men ilhom deb atalgan holatning tabiati haqida ko’p o’ylaganman. Bu g’ayrioddiy noyob holat. Shoir ilhom daqiqalaridagina haqiqiy shoir bo’ladi. Boshqa vaqtda u o’zgalarga o’xshab fikr qiluvchi oddiy odam. Shoir ilhom onlarida bitgan satrlariga keyin o’zi hayron bo’lishi mumkin. Zo’r karvon yo’lida yetim bo’tadek, Intizor ko’zlarda halqa-halqa yosh. Eng kichik zarradan Yupitergacha, O’zing murabbiysan, xabar ber, Quyosh. Bu satrlarni bitgan vaqtda G’afur G’ulomning vujudi kaftdagi simobdek qalqib turganini tasavvur qilsa bo’ladi. Bunaqa she’rlarni shunchaki o’ltirib, mana endi she’r yozaman, deb yozib bo’lmaydi. Har qancha materialist bo’lsam ham ilhom holatining sehrli ekaniga ishongim keladi. Lekin, bu holat osmonga boqib kutib o’ltirish bilan kelmaydi. “Faust”da aytilganidek: She’riy kayfiyatni tek kutgan shoir Umr so’ngigacha kutishi mumkin. Ilhom uzluksiz izlanish, o’qish, o’rganish, mehnat qilish natijasidir. Shu ma’noda u ongli jarayon . Talantning to’qson to’qqiz qismi mehnat, degan so’zni men shunday tushunaman. Ilhom tuyg’ularning shoir qalbidan toshishi, shoir xayolida tug’ilgan she’riy niyatning yetilishi va vujudni larzaga solishidir. Fikr va tuyg’ular esa izlanishdan dunyoga keladi. Ilhomsiz asar yozish mumkinmi? Mumkin. Lekin, bu juda og’ir mehnat-yozish ham, o’qish ham. Ilhomsiz yozilgan asar sevgisiz olingan bo’saday sovuq bo’ladi (E.Vohidov, 140- bet. Ta’kidlar bizniki –H.U.). Ushbu mulohazalardan ayon bo’layaptiki, ilhom kelganda san’atkorning ma’naviy va jismoniy quvvati bir nuqtaga yig’iladi, u katta qudrat bilan ishga kirishdi: Bu paytda u borliqni tamoman unutadi, go’yo inon-ixtiyoriga bo’ysunmaydigan zavqu shavqqa to’ladi, qattiq hayajonga tushadi; faqat “g’oyibdan kelgan”, to’g’rirog’i, ichdan to’liq his qilib sezilgan fikr, holat tasvirini yozib ulgurish bilan band bo’ladi. Ilhom kelganda san’atkor, qadimgi filosoflar aytganidek, ma’naviy “kayf” holatida bo’ladi, ya’ni o’zi qilayotgan ishni to’liq anglamaydi; o’zligini, o’zi yashayotgan dunyoni unutadi; o’zi yaratayotgan yangi olamda va shu olam “kishilari”-qahramonlari bilan birga yashay boshlaydi; ularning faoliyat va nutqlarini juda yengillik bilan qog’ozga tushirib boradi. Obrazli qilib aytganda, “Ilhom-parovozning o’txonasi” (L.Leonov), shu parovozni harakatga keltiradi. Demak, ilhom yozuvchi qalbiga tushgan ma’naviy olov, u ijodiy jarayonni to’liq yoritadi va harakatini ta’minlaydi.           Xo’sh, bunday holat qachon yuz beradi? “Ma’lumki, san’at, shu jumladan, so’z san’ati-adabiyot ham kishilarning ongiga his orqali – yurak orqali ta’sir qiladi... Yozuvchi o’zi his qilmagan narsa to’g’risida yozsa, buni o’qigan o’quvchi ham hyech narsani his qilolmaydi. O’quvchining qalbiga ta’sir qilmagan narsaning adabiyotga hyech tegishliligi yo’q. Demak, kuydirish uchun kuyish, ardoqlash uchun ardoqlanish shart. Busiz bo’lmaydi. His qilinmasdan yozilgan narsa qog’ozdan qilingan gulga o’xshaydi... Bas, ma’lum bo’ladiki, ilhom kelgani yozuvchining to’liq his qilgani, ilhom kelmagani yozuvchining hali his qilmagani bo’ladi”. 1 Ilhom degan sehrning makoni bormi? “To’liq his qilmoq”ni qanday tushunmoq lozim? Ichki his orqali sezmoq uchun nimalar kerak? Buning uchun iste’doddan tashqari ulkan mehnat-asalari mehnati zarur. “Asalari yuz gramm bol yig’ish uchun millionta gulga qo’nar ekan,-deydi yozuvchi O’tkir Hoshimov. Shunga yarasha sharbat to’plash uchun 46 ming kilometr masofani bosib o’tarkan. Bu Yer kurrasini ekvator bo’ylab aylanib uchish bilan teng. Bundan tashqari, bolari har bir tomchi gul sharbatini xartumchasidan 200 marta to’kib, qayta yutib, ishlov borarkan. Ammo, bu hali asal tayyor bo’ldi, degan gap emas. Shundan keyin bolari asalni maxsus katakchaga joylab, bir necha soat mobaynida qanot qoqib, havo yuborib, tozalarkan. Asal aynimasligi shundan.Haqiqiy asar dunyoga kelguncha, qalamkash ham taxminan shuncha aziyat chekadi” (O’. Hoshimov, 200-bet). Lekin, bu aziyat ham kamlik qiladi: Hayotni, inson ruhini tahlil va tasvir etuvchi san’atkorda saviya baland, donishmandlik va payg’ambarlik xislatlarining bo’lishini ham taqozo qiladi. Ma’lumki, Tangri taolo, barcha buyuk payg’ambarlarning eng oliy sifatlarini Muhammad payg’ambarda bo’lishiga amr etganlar. Shu sabab, Odam Atoning yaxshi xulq-atvori, Sifning ilmu donishi, Nuhning jasorati, Ibrohimning shafqati, Ismoilning fasohati, Isohning kamtarligi, Lotning farosati, Yoqubning topqirligi, Yusufning husni-jamoli, Musoninng sabr-matonati, Ionaning halimligi, Joshuaning ustivorligi, Dovudning xayrixohligi, Doniyolning mehri va yuragi, Ilyosning olijanobligi, Ionning musaffoligi, Isoning taqvodorligi unga muyassar bo’ladi. Xuddi shunday fazilatlar talantda ham mujassam bo’lishi va u ezgulik yaratish ishiga- mo’jizakorlikka sarf bo’lmog’i lozim. Ana shundagina haqiqiy san’atkorlik yuzaga keladi-kitobxonni ham zavqu shavqqa, kuchli ehtiroslarga duch etadi. Yozuvchidagi his o’quvchiga to’liq “ko’chadi”; yozuvchining ilhomi o’quvchi ilhomini jo’shtiradi. Bunday mehnat va xislatlarsiz “Ilhomning o’zi hyech qachon kelmaydi. Ilhomni yozuvchining o’zi qidirib topishi kerak. Ilhom deb atalgan parizod, nozanin yorning makoni qayerda? Ilhomning makoni xalqning dilida- majburiyat emas, zaruriyat, xohishga aylangan mehnatning shavkati, baxtiyor odamning qahqahasida, jabrdiydaning ko’z yoshida, oshiq va ma’shuqalarning ko’zlari va so’zlarida, odamda mehr va g’azab uyg’otadigan hodisa va voqyealarning mag’zida... ilhom qidirgan yozuvchi xalqning qalbiga qo’l solishi kerak” (A.Qahhor, 228-bet). Demak, ilhom xam hayotni chuqur o’rganishdan - shu yo’ldagi tinimsiz mehnatdan tug’iladi. Hayot bor joyda – ilhom bor. Faqat yozuvchi uni hayotdek ulkan olamdan-o’zini ehtirosga solgan olamni – xalqqa aytmoqchi bo’lgan zarur gapni topishi, ajratib olishi lozim. Lekin, yozuvchi tasvirlamoqchi bo’lgan har bir hodisani, qahramonlari taqdirida sodir bo’lgan hamma holatlarni o’z boshidan kechira olmaydi-ku. “Mana shu joyda yozuvchini bir narsa qutqaradi, - deb yozadi Asqad Muxtor, - hayotni yozuvchi ko’zi bilan ko’rib, uni badiiy, falsafiy tahlil qila bilish qobiliyati” 1 .         Yozuvchi P.Qodirov “San’atkor yozuvchi shaxsan o’zi ko’rmagan voqyealarni boshidan o’tkazmagan kechinma va hissiyotlarni ichdan astoydil his qilguncha o’rganadi” 2 , - deb yozsa, Ilya Erenburg “Uning qo’lida o’zgalarning qalbini ocha oladigan kalit bo’lmog’i kerak”-deb ta’kidlaydi. 1 Abdulla Qahhor. Asarlar, 5-jild,   G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, Toshkent, 1989, 228-bet. 1 Qarang: U.Normatov. Talant tarbiyasi, “Yosh gvardiya”, Toshkent,   1980, 38-bet. 2 Pirimqul Qodirov. O’ylar, Toshkent, 1971, 107-bet Bu fikrlar asosida qanday sirlar yashiringan? “Hayotni yozuvchi ko’zi bilan ko’rish... ichdan astoydil his etish... o’zgalar qalbini ocha oladigan kalit”ni qanday tushunmoq lozim? L.N.Tolstoy “Tirilish” romanida shunday yozadi: “Dunyoda eng ko’p tarqalgan fikr, har bir kishining o’ziga xos ma’lum bir xususiyati bo’ladi, xushfe’l, aqlli, axmoq, g’ayratli, yalqov odam bo’ladi va hakozo, degan fikrdir. Lekin, odamlar bunaqa bo’lmaydi. Biz odam haqida u ko’pincha badjahl emas, g’ayratli yoki aksincha bo’ladi deyishimiz mumkin; lekin bir odamni agarda, u xushfe’l yoinki aqlli desang-u, boshqa birini jahldor yoki axmoq desak noto’g’ri gapirgan bo’lamiz. Biz bo’lsak odamlarni doimo shunday ajratamiz. Bu noto’g’ri. Odamlar daryodek gap:hammasining suvi bir xil, hamma joyda o’sha suv, lekin daryo goh keng bo’ladi, goh tor, goh tez oqadi, goh sekin, suvi goh tiniq bo’ladi, goh loyqa, goh iliq bo’ladi. Odamlar ham shunday. Har bir odamda insoniy xususiyatlarning kurtagi bo’ladi. Odam shu xususiyatlarning goh birini, goh boshqasini namoyon qiladi, ba’zan o’sha odamning o’zi butunlay o’zgarib ketadi. Ba’zi odamlarda shu o’zgarishlar juda keskin namoyon bo’ladi...” (Ta’kid bizniki-H.U.). Demak, har birimizda butun odamzod shu vaqtgacha boshidan kechirgan insoniy xususiyatlarning kurtagi yashirin tarzda mavjud. Ular har bir qalbning chuqurida yota beradi. Lekin, ulardan birortasini uyg’otish zarurati tug’ilsa, shunga tashqi talab, ehtiyoj bo’lsa, tasavvurimizda jonlanishi mumkin. Xuddi ana shu sababli yozuvchi xohlagan qiyofaga, yoshga, holatga kira bilishi mumkin. Xohlagan kechinma, hissiyot, ruhiyatni tasavvur eta olishi mumkin. Shunday ekan, yozuvchi-san’atkor xasislik va jinoyatni ham, qo’rquv va mardlikni ham, o’lim va jasoratni ham, ayol va yigitni ham, chol va kampirni ham... muhabbat va oriyatni ham tushunarli va yorqin tasvirlay olish qudratiga egadir. Lekin, bu qudrat samimiy va ta’sirchan, ishonarli va “yuquvchan” bo’lishi uchun yozuvchi o’z xalqining farzandi, Vatanining jangchisi, qaynoq hayotning faol ishtirokchisi, ilg’or dunyoqarashning egasi sifatida katta shaxsiy va ijodiy tajribaga ega bo’lishi lozim. Chunki yozuvchining shaxsiy tajribasi, biografiyasi “oltin fond” (A.Muxtor) bo’lib, u hayotda, shu jumladan, asarda ro’y berayotgan voqyea va hodisalarni tushuntiruvchi kalitdir. Shu bois, G’.G’ulom: “Yozuvchi kishining ichki dunyosini tasvirlar ekan, o’z tajribasiga suyanadi. Shuning uchun ham bu tajriba qanchalik keng bo’lsa, qahramonning ichki dunyosi ham shu qadar boy bo’ladi”, deb yozgan edi. Darvoqye, shaxsiy tajriba-o’zgalar qalbini to’g’ri anglashning yo’lchi yulduzidir. Garchi, insoniyatga tegishli hamma narsa har bir shaxsga ham tegishli bo’lsa-da, har bir inson o’zicha his qilib, o’zicha o’ylaydi, o’zicha yashaydi, o’zicha o’rtanadi, o’zicha mulohaza qiladi, o’zicha gapiradi... Shu sabab “Bir shoirning “sir”i boshqa shoir uchun sira ham ish bermaydi. Uni hamma qulfga tushadigan kalitdek deb o’ylash mumkin emas. Poetik ijodning “sir”ini faqat shoirning o’zigina topa olishi, shunda ham faqat o’zidan topa olishi mumkin. Har bir yangi shoir bu “sir”ni o’zi uchun yangidan “ochishi” kerak, deb aytsak to’g’riroq bo’ladi, deb o’ylayman.                     Poetik “sirni” bilib olish-bu hammadan oldin ijodda mustaqil bo’lish demakdir. Boshqacha qilib aytganda, sen bir she’r yozginki, bu she’rning yozilishi faqat o’zingga, boshqa shoirga emas, faqat sening o’zinggagina xos bo’lsin, ya’ni bu she’rda o’zingga xos ovozing bo’lsin, biror temada mustaqil o’zing nima ayta olsang, faqat shuni, o’z fikringni ayt. Chunki turmushdan olgan bir voqyeani o’zing ko’rgansan, o’ylagansan, uni o’zing his qilgansan, o’zing anglagansan va o’zing undan xulosa chiqargansan. Shuning bilan birga bu voqyea, faqat shoir va ma’lum doiradagi odamlar uchungina ahamiyatli bo’lmay, balki, eng muhimi, keng o’quvchilar ommasi uchun ahamiyatli bo’lishi kerak” 1 Shoir M.Isakovskiyning yuqorida keltirgan so’zlaridan ham ma’lum bo’layaptiki, “kimki yozuvchi bo’lmoqchi bo’lsa, albatta, o’zidan o’zligini topishi zarur”. Chunki, u tasvirlamoqchi bo’lgan hayotning maftunkorligi yozuvchi shaxsidan qo’shiladigan ma’naviy, poetik “boylik”ning darajasiga bog’liqdir. U o’zigagina tegishli ana shu “boylik”ni – insoniy sifatlarni, ruhiy kuchlarni yaratayotgan qahramonlariga “ulashganda”, berganda buning sifati qandayligini-fikriy doirasi, ichki dunyosining teran, boy yoki cheklangan va qashshoqligini kitobxon baholaydi. Ana shu bahosining natijasiga qarab yozuvchiga, uning asariga bo’lgan munosabatini belgilaydi. Demak, yozuvchining qahramonlar kechinmalarini birga his qilish, ularga singish (“vjivaniye”) iste’dodi, qahramonlarga subektiv munosabati katta rol o’ynaydi. U o’zini tasvirlanayotgan shaxs o’rniga qo’ya olsagina, o’sha shaxs qiyofasiga kira bilsagina xarakter jonlanadi. Buning uchun yozuvchi, dastavval, obrazni ko’z o’ngida jonli shaxs qiyofasiga kirguncha o’rganadi. Yozuvchi o’z qahramonining tug’ilishidan tortib umrining oxirigacha bo’lgan hayotini va u harakat qilishi lozim bo’lgan voqyelikni-sharoitni tasavvur qila bilishi kerak. Agar Oybek: “Buning uchun, albatta, Navoiyning barcha asarlari, Navoiy yashagan davrning tarixi, u davrning sosial qiyofasi, u davr faoliyatining xarakteri, urf-odatlari, xulq-atvori bilan tanishishiga to’g’ri keldi.Ko’p tarixiy faktlar, materiallarni yig’dim, ularni tahlil etib, mag’zini chaqish uchun chuqur his etishga, o’ylashga boshladim. Bu ishga shu qadar g’arq bo’lgan edimki, romanning ish plani qog’ozda yo’q edi, u mening ko’nglimda, yodimda edi, butun borlig’imni band etgan edi. Yursam-tursam hamisha Navoiyni o’ylar edim. Uning ma’nodor, aqlli ko’zlari, xushfe’l, rahmdil, olijanob qiyofasi, asl, pok, ulug’ qalbini his etardim, ko’z o’ngimda ko’rardim” 1 ,-deb yozsa, S.Ahmad “Ufq” qahramonlari haqida: “Romandagi har bir personaj bilan xayolan gaplashganman, yig’laganman. Ular xuddi qaysar, bebosh bolalardek meni qancha qiynashgan. Xasis, yaramas Inoyat oqsoqolni qandoq qilib yomon ko’ray. Axir uni yaratguncha qancha azob tortganman. Uning eski bir so’mliklarni samovarning qorniga yopishtirib dazmollashidan tortib milisioner bilan uchrashuvigacha menga qadrli” 2 , - deb ta’kidlaydi. Ushbu iqrornomalardan ko’rinayaptiki, Oybek qahramonlarini ko’z o’ngida ko’rganday tasavvur qilsa, Said Ahmad ular bilan xayolan gaplashib, suhbatlashadi. Bu xususiyat, ya’ni yozuvchining asarda tasvirlanayotgan olamda yashashi, shu olam kishilari bilan munosabatga kirishishi, ularning yaxshisini sevishi, yomonini qoralashi-hamma san’atkorlarga xosdir. A.Tolstoy yozganidek, “Tasvirlagan narsalarni his-tuyg’ular yordamida ko’ra bilib, asar yaratish-yozuvchi uchun qonundir” 1 . Ilhom bepoyon ijodiy jarayonning bir parchasi, badiiy asar yaratish tizimidagi san’atkorning muayyan bir holati. Lekin ilhomsiz yaxshi asar yaratish mumkin emasligi ham ayon bo’ldi.           1 M.Isakovskiy. Poeziyaning “siri” haqida//Badiiy ijod haqida, Toshkent, 1960, 30-bet. 1 Qarang: Adabiyotimiz avtobiografiyasi, Toshkent, 1973, 158-159 bet. 2 Qarang: U.Normatov. Talant tarbiyasi, 101-102-bet. 1 Qarang: Badiiy ijod haqida, Toshkent,   1960, 100-bet.   Adabiyotshunoslikda ilhomning ikki darajasi borligi qayd etilgan: Biz birinchisini- mo’tadil ilhom (vdoxnoveniye-skr ы toye, “skromnoye”) va ikkinchisini- zavqu shavqqa to’liq ilhom (vdoxnoveniye-affekt) deb atadik. Birinchisiz asar yozish mumkin emas, ikkinchisisiz harqalay mumkin. Birinchisi juda oddiy kechadi, ya’ni san’atkor ilhom hayajonini sezsa-da, tashqi ko’rinishidan o’zini juda xotirjam tutadi, hamma holatini ongli idrok etadi. Ma’lumki, ilhom yozuvchi fikr-mushohadasining chuqurliklarida tug’iladi va yetiladi. Ba’zan u birdaniga vulqondek otilib chiqadi: san’atkor yaratayotgan olamiga shunchalik ehtiros va hayajon bilan beriladiki, reallikni sezmaydi. Uning tomirlarida shiddat bilan qon yugura boshlaydiki, o’sha tasvirlayotgan qahramonining holatiga tushadi. Jumladan, kitobxon Surayyo Xo’jayeva yozuvchi A. Muxtordan “Badiiy asarni o’qiyotganda qahramonlar hayotining eng hayajonli daqiqalari tasviri paytidagi yozuvchi holati masalasi meni juda-juda qiziqtiradi. “Men “Tug’ilish” romanini o’qiyotganimda Luqmonchaning o’limi tasviriga kelganda o’zimni qo’yarga joy topolmay qolgan edim. Asqad aka, o’sha hayajonli daqiqalar tasviri paytida qanday holatga tushgansiz, eslay olasizmi?”-deb so’raganida A.Muxtor quyidagicha javob beradi: “Asarning kitobxon uchun ta’sirli joylari yozuvchining o’zini ham shunchalik ta’sirlantiradimi? Bu haqda har xil afsonalar bor. Mikelanjeloga o’zi yaratgan haykal tirikday ko’rinib, qo’rqib ketganmish; Balzak qahramoni o’lganda infarkt bo’lib qolganmish... “O’tgan kunlar”dagi Kumush o’limi tasviri paytida Abdulla Qodiriyning yig’lagani haqida ham gaplar bor... Bular – ijod psixologiyasi nuqtai nazaridan haqiqatdan ham afsona. Ijodkor bunday ta’sirli tasvirlar paytida zahmat chekadi. To’g’ri, ilhom bilan zahmat chekadi, lekin uni ko’pincha hayajon emas, qanoatsizlik hissi qiynaydi. Chunki, qog’ozga tushgan narsa odatda yozuvchi o’yida tug’ilgan o’ziga xos murakkab munosabatlar olamiga nisbatan juda kichik bo’ladi. Yozuvchi tasavvuridagi ajoyib dunyo qog’ozga hyech vaqt to’laligicha tushmaydi. Tasavvur so’zlardan boy. Shuning uchun o’sha Surayyoxon aytgan tasvirlarda ham meni birinchi galda qanoatsizlik hissi qiynagan. Charchaganman, maza qilib uxlaganman. Nazarimda, shu his bo’lmasa; bordi-yu yozuvchi o’zi yozganidan o’zi mamnun bo’lib zavqlansa, asar yaxshi chiqmaydi” 1 Demak, A.Muxtorning asosli fikriga ko’ra, yozuvchi qahramon hissiyotini, kechinmasi va iztiroblarini tasvirlash paytida uning qiyofasiga kiradi, lekin butunlay, yuz foiz emas, o’zining “men”ini, yaratuvchi shaxs-yozuvchi ekanligini unutmaydi. Darhaqiqat, Mikelanjelo, Balzak, Qodiriylar boshidan kechirgan yuqoridagi “afsona”lar yuz berganda ham, u –san’atkorlar yaratilgan yoki yaratilayotgan obrazlardan ustun turganlar; o’zlarini asar qahramoni emas, balki “uydirmalar ijodkori” (M.Gorkiy) ekanlarini unutmaganlar. Shunday ekan, H.Qodiriyning “Otam haqida” xotirasida quyidagicha yozgani yolg’onmi? “Bobom vafotidan so’ng edi. Shahar hovlida yashar edik. Bir kuni uyimizda shunday voqyea ro’y berdi, oyim, odatimizcha, ertalabki choyni bibimning uyiga hozirladi-da, erta turib, yozib o’tirgan dadamni choyga chaqirgani kirib ketdi. Biz dasturxon tevaragida uning chiqishini kutamiz... Bir vaqt oyim negadir indamay chiqdi-da, o’tirib bizga choy quyib bera boshladi: - Abdullani chaqirdingmi, Rahbar,-dadam chiqavermagach, oyimdan so’radi bibim. - Yo’q. Nega? O’g’lingiz yig’lab o’tiribdilar,-dedi oyim.         1 Qarang: U.Normatov. Talant tarbiyasi, 37-bet. Bibim bechora sakrab turib dadamning uyiga yo’l oldi. Kap-katta kishining yig’lashidan hayratga tushib men ham bibim ortidan ergashdim. Kirsak, u yum-yum yig’lar, kursiga tirsaklanib olib to’xtovsiz yozar edi. Bibim dadamning bu holiga bir oz qarab turdi-da, bir narsani tushundi shekilli, indamay, meni boshlab orqasiga qaytdi va o’tirib choyini icha boshladi. Men bibimdan so’radim: Ona, dadam nega yig’layaptilar?... Dadang jinni bo’lib qolibdi... – javob qildi bibim va boshqa so’z aytmadi. Keyinchalik anglasam, o’shanda dadam o’z sevikli qahramoni Kumushning o’limi payti tasvirini yozayotgan ekan” 1 . Bu kabi hodisalar badiiy ijod uchun yot narsa ham, yozuvchi A. Muxtor aytganidek, afsona ham emas. San’atkor o’zi yaratgan, o’ylab chiqargan obrazini obyektivlashtirar ekan, uni xuddi birga yashayotgan kishisidek, real, hayotiy odam tarzida tasavvur qiladi. Natijada, qahramon qalbida sodir bo’layotgan kechinma, iztirob, og’riqni o’z boshidan kechirayotgan shaxs holiga tushadi. Qahramonning o’zigagina tegishli olamning eng chuqur sirlarini to’liq his qilishga imkon beradi. Shu sabab S.Ahmad yozadi: “Og’ir yuk ko’targan kishini tasvirlaganimda, o’zim o’sha yukni ko’targandek kuchanib, terlab ketaman. O’lim manzarasini tasvirlaganimda eng yaqin kishimning jasadi tepasida turgandek yig’lagim keladi. Xullas, nimani tasvirlasam, o’zim o’sha voqyeaning ishtirokchisiga aylanaman. Shuning uchun ham, har bobni yozganda qattiq charchab, toliqib qolaman”. Agar qahramon kechinmasi bilan birga azoblanish A.Qodiriyni yum-yum yig’latsa, S.Ahmadni charchatsa, toliqtirsa, yozuvchi H.G’ulomni beixtiyor ko’zlaridan yosh chiqib ketishga olib keladi: “Boshda “Binafsha atri” qahramoni... Nafisaning keyingi taqdirini – bolasi bilan cho’lga chiqib ketib sargardon yurishini tasvirlay turib, ko’zlarimdan yosh chiqib ketganini sezmay qolganman”. Badiiy ijod tarixida bundan ham og’ir ma’naviy iztirob chekkan, azobli holatlarga tushgan yozuvchilarning iqrornomalarini eslash mumkin. Masalan, Flober Emma Bovarining zaharlanishi lavhasining tasviriga kelganda shunday deydi: Tasavvurimdagi shaxslar meni hayajonlantiradilar, kuzatadilar, aniqrog’i, men ularga aylanaman. Men Emma Bovarining zaharlanishini tasvirlay boshlaganimda og’zimda haqiqatdan ham mishyak (zahar)ning ta’mini totdim. Zaharlanganimni sezdim, ikki marta juda yomon ahvolga tushdimki, hatto qayt qildim”. Bu avtorlarning guvohliklari shunchalik samimiy va ular o’rtasida shunchalik hamfikrlik borki, ularning haqiqat ekaniga ishonmaslikka hyech qanday asosimiz yo’q. Unda buni qanday tushunish kerak? Badiiy ijod psixologiyasi qonuniyatiga xilof emasmi? Ushbu masalaga chuqqurroq yondoshilsa, A.Muxtor tipidagi yozuvchilarning asosli tushunchasi bilan A.Qodiriy, S.Ahmad, H.G’ulom, Floberga o’xshash san’atkorlarning yuqoridagi holatlari o’rtasida katta farq yo’q. Birinchi tipdagi yozuvchilarda qahramon shaxsidan, uning ruhidan ajralish, uzoqlashish jarayoni tez va osonlik bilan yuz beradi. Ikkinchi tipdagi yozuvchilar qahramon qiyofasiga kirar, ular kechinmasini birga tortar ekanlar, birdaniga bu qahramon ruhidan chiqib, uning ta’siridan uzoqlasha olmaydilar.Tasvirlamoqchi bo’lgan qahramon yozuvchining butun borlig’ini band etadi, uning shaxsiy hayotiga, yurish-turishiga muhrini bosadi. Shuning uchun ham Oybek: “Yursam-tursam ham hamisha Navoiyni o’ylar edim. Uning ma’nodor, aqlli ko’zlari, xushfe’l, rahmdil, olijanob qiyofasi, asl pok, ulug’ qalbini his etardim, ko’z o’ngimda ko’rardim”, - deb haq gapni aytadi. Bunday holat ba’zi yozuvchilarda uzoq davom etishi mumkin.     1 H.Qodiriy. Otam haqida, Toshkent,   1974, 118-119-betlar.       Asar yaratilgan, kitob bitgan, yillar o’tgan bo’lsa-da, baribir o’sha asar ruhidan, qahramonlar hayajonidan, ta’siridan qutula olmaydilar. Buni S.Ahmad va uning “Ufq” romani ustidagi kuzatishlari ham isbotlaydi: “... kitob qattiq hayajon, turli ruhiy izlanishlar, quvonchlar bilan yozilganidan, u bitgandan keyin ham, o’quvchilar qo’liga tegib, adabiy tanqid yaxshi-yomon aytgandan keyin ham uning ruhidan chiqib ketolmadim. Biron hikoya yozsam yo shu romanga kirmay qolgan bobga, yo qahramonga o’xshab qolaveradi” 1 . Ushbu aytganlardan shu narsa aniqlashadiki, yozuvchi tasavvuridagi qahramonlarning azob va quvonchlari, hayajon va tashvish-kechinmalarini birga tortar ekan, yaratayotgan, uydirma asosiga qurilgan lavhasini ko’z o’ngida ko’rar ekan, u bu holatlar va predmetlarni shunchalik aniq va jonli sezadiki, natijada uni o’z qalbida, ko’z oldida, haqiqiy hayotda yuz berayotgan kechinma va hodisadek qabul qiladi. Shuning natijasi o’laroq ijodiy jarayonning ba’zi “afsona”lari yuzaga chiqadi. Lekin, yozuvchi tasavvurida uyg’ongan xissiyot, qanchalik kuchli va chuqur,. tiniq va ta’sirchan bo’lmasin, san’atkor o’zining “men”ini, individualligini yo’qotmaydi. Qalb ong va irodaga bo’ysunadi. Shu sabab voqyea bo’layotgan hamma hodisalarning real, obyektiv sababi yo’qligini yozuvchi tushunadi. Yuqoridagi yozuvchilarning “afsona”lari go’yo haqqoniy aktyorlarning yig’isi, uh tortishi, azoblanishi, kulishi-bu o’sha o’ynayotgan obrazlarning yig’isi, uh tortishi, azoblanishi, kulishi ekaniga o’xshaydi. Aktyor tomosha tamom bo’lgach, o’z niqobini yechishni unutmaydi, o’zining ilgarigi fikrlariga, hayotiga qaytadi. U sahnada o’ynar ekan, o’zligini, butunlay unutib qo’ymaydi, garchi tomoshabin ko’ziga bu narsa tashlanmasa ham, u “kuylar ekan, eshitadi, harakat qilar ekan, kuzatadi” (F.I.Shalyapin). “Abror aka-Otello, egnida qizil shohi ko’ylak. Belida qizil shohi belbog’, qulog’ida “tilla” sirg’a, qop-qora chehrasida viqor, vazminlik, olijanoblik. Tishlari yarqirab sahnaga kirib keladi. Kirib keldi-yu sahna ham, teatr ham esimdan chiqdi. Chunki ko’z oldimda Abror Hidoyatov emas, o’sha Shekspirni ilk bor o’qiganimda tasavvur etganim - Otello turardi! Uning har bir harakati, Dezdemonaga tikilganda ko’zlarida porlagan cheksiz muhabbat, ovozidagi titroq, kiborlar oldida o’zini tutishi, qadrini bilishi, mardligi hamma-hammasi menga tanish, xuddi men tasavvur etgan Otelloning o’zginasi edi. Mana, Otelloning olijanobligini, bolalarga xos samimiyligini. pokligini ochib beruvchi dastlabki sahnalar o’tib, qalbiga rashk cho’g’i tushdi. Odatda, tanqidchilar bu sahnalar to’g’risida gapirganda Otelloni sherga, yo’lbarsga o’xshatadilar. Lekin, rashk azobida to’lg’angan Abror Hidoyatov sher emas, yo’lbars ham emas, sahnada charx urgan bir cho’g’, qizil shohi ko’ylak ichida mavj urgan olov, taftiga hyech kim bardosh berolmaydigan bir alanga edi! Bu otash, bu alanga keng sahnada javlon urar, hammani kuydirar, yondirar, o’zi ham tomoshabin ko’zi oldida yonib borar edi... Uning ovozida ham bahor latofati, ham momoqaldiroq sadolari, ham o’zbek yozining harorati mujassam edi. Uning inson yuragidagi eng nozik tuyg’ularni ifodalay oladigan, bir zumda yuz xil ohang kasb etadigan ajoyib ovozi-chi? Uning tahqirlangan qalb faryodlariga to’la mashhur “himm”lari-chi! Uning Dezdemona ustidan to’kkan ko’z yoshlari-chi! Yo’q, bu tomoshabinni yig’latish uchun mohir aktyor to’kkan ko’z yoshlar emas, ulug’ fojiaga uchragan, ulug’ insonning-Otelloning ko’z yoshlari edi! Zotan, Abror akaning “Otello”sida tomoshabin yig’lamas, chunki kishi ko’z yoshidan ham zo’r bir tuyg’u cho’lg’ab olar, Abror aka tomoshabinni larzaga solar edi” 1 .       1 Qarang: U Normatov. Talant tarbiyasi, 82-83-betlar. 1 O.Yoqubov. Izlayman,   “Yosh gvardiya”, Toshkent,   1972, 241-242 betlar.     Ko’rinayaptiki, tomoshabin nazarida aktyorning (Abror akaning) ijodiy individualligi va o’ynalinayotgan personaj (Otello) shaxsi qo’shilib, birikib ketadi, yaxlit vujud yuzaga keladi. Natijada, u Abror aka yoki aktyor sifatida emas, balki buyuk fojiaga uchragan ulug’ Inson – Otello bo’lib gavdalanadi; Abror aka tashqi qiyofasida-sodda va mard, samimiy va qop-qora chehrali Otello, Abror aka ko’ksida-Otello yuragi, Abror aka qalbida-Otello ruhi yashaydi. Go’yo Abror aka shaxs va aktyor sifatida “o’lgan-u”, shu hisobga Otello tirilgandek. Shuning uchun ham sahnadagi ijod-qayta yaratish; qayta yaratish esa aktyorning “o’limi”dir. Yozuvchi O.Yoqubov xotirasini davom ettirib yozadi: “Spektakldan keyin, qariyib chorak soatli qarsaklardan so’ng, Abror aka egnidagi Otelloning zarrin to’ni, Otello grimida sahnaga chiqdi. Men ham Hamza nomidagi teatr uchun pyesa yozgan yosh dramaturg sifatida, artistlarga qo’shilib sahnaga chiqdim va u kishining qo’lini olgani yoniga bordim. Bordim-u hayratda lol bo’lib qoldim: Qarshimda boyagi olov, qafasdan chiqqan sher o’rniga yuzini chuqur ajin qoplagan, butun kuchi, yuragidagi bor ehtirosini sevimli Otellosiga berib “tamom bo’lgan”; horg’in va ojiz bir qariya turar edi...”(O.Yoqubov, 242-bet.) Aktyor o’zi yaratgan obraz ruhidan qutilib, o’zligiga , asliga qaytgach, “qizil shohi kuylak ichida mavj urgan olov, taftiga hyech kim bardosh berolmaydigan alanga” o’chadi. Garchi tashqi ko’rinishi (grimda ekan) Otelloga o’xshasa-da, unda o’sha qahramonning qalb olami o’lgan-u, ancha yoshga kirib qolgan qariya-charchab toliqqan Abror akaning o’zi (shaxsi) yaqqol ko’zga tashlanadi. “Axir, artistning barcha ishi haqiqiy, real, “rostakam” hayotda emas, balki tasavvur etilgan, mavjud bo’lmagan, ammo mavjud bo’lishi mumkin bo’lgan hayotda o’tadi. Ana shu biz artistlar uchun chinakam hayot hisoblanadi”, 1 [1] -deb yozadi Stanislavskiy. Xuddi ana shu asos sababli sahnada go’yo ikkita Abror Hidoyatov faoliyat ko’rsatadi. Biri o’ynaydi (rol hayoti bilan yashaydi), biri nazorat qiladi (xatti-harakatlarining to’g’ri, noto’g’riligini kuzatib boradi). Agar o’ynayotganda nazorat qiluvchi “men”i, o’zligi ozgina susaysa, ya’ni, aktyor Otello ruhidan ustunligini yo’qotsa, unda yuqorida ta’kidlaganimiz “afsona”larga o’xshash holatlar yuzaga kela beradi. Aytishlaricha, Abror aka Otelloning Dezdemona (S.Eshonto’rayeva)ni bo’g’ib o’ldirishi epizodini o’ynaganda, sahnada o’ynayotganini – mavjud bo’lishi mumkin bo’lgan hayotni yaratayotganini unutar va Sora Eshonto’rayevani haqiqiy Dezdemona deb tushunar va rostakamiga bo’g’a boshlar ekan. Bu falokatga, Sora Eshonto’rayeva (Dezdemona)ni halokatga olib kelishi mumkin deb tushunganlar, go’yo sahna ortidan “Abror aka siz sahnada o’ynayapsiz. Bu Dezdemona emas, Sora opa!..” deb o’zligini topishga-real hayotni tushunishiga yordamlashgan emishlar. Bu “mish-mish”ning qiziq va asosli tomoni shundaki, aktyor (Abror aka) o’z qahramoni (Otellosi) ruhidan birdaniga chiqib keta olmaganida, mavjud bo’lishi mumkin bo’lgan hayotni real hayotdek ma’lum daqiqa tushunishidadir. Tasavvuridagi qahramon qalbiga chuqur singish bilan ijodiy kayfiyat (ilhom) paytidagi aktyor hissiyotining teranligi o’rtasidagi aloqadadir. Lekin, Abror aka (Otello) Sora Eshonto’rayeva (Dezdemona)ni rostakamiga bo’g’ib o’ldirmaganligi fakti, garchi qo’polroq aytayotgan bo’lsak-da, Abror akaning yuqoridagi “mish- mish”lardan holi ekanligini, u Otello rolida o’ynar ekan, hyech vaqt nazorat qilib turuvchi o’zligini-“men”ini yo’qotmagan. Demak, u yaratgan obrazi (Otello)dan doimo ustun turgan. Xullas, yuqorida ta’kidlaganimizdek, yozuvchi, aktyor qanday holatga tushmasin, yozgani, o’ynagani bilan birikib ketmasin, o’zligini yo’qotmaydi. To’g’ri va aqlga muvofiq fikr- mulohaza yurgizadi. Shuning uchun ham yuqoridagi “afsonaviy” holatlar ham badiiy ijod psixologiyasining umumiy qonuniyatiga bo’ysunadi.     1 [1] K.S.Stanislavskiy. Aktyorning њ z ustida ishlashi, Toshkent, 1965, 216-bet.     Demak, haqiqiy she’r, ruboiy, tuyuq, sonet, novella va shu kabi kichik janrlar zavqu- shavqqa to’liq ilhomning mevasi bo’ladi. Lekin, bu xil ilhomning uzluksizligini epik va dramatik asarlarni yaratishda ta’minlash mumkin emasligi ayon; bularni yaratishda mo’tadil ilhom qo’l keladi. Aytmoqchimizki, Ilhom san’atkor tomonidan muhayyo etilarkan, uni boshqarish ham mumkin. Yozuvchi P.Qodirov “O’ylar” kitobida yozganidek, “Ilhom bilan mehnat bir-biriga bog’lanib ketadi, go’yo bir-biriga zarblanib, ijodiy ishning samarasini oshiradi. Shuning uchun fransuz yozuvchisi Flober yozadi: “Butun ilhom shundan iboratki, har kuni ma’lum bir soatda o’tirib ishlash kerak”. Bodler bu fikrga qo’shilgan holda: “Kundalik ishda ilhom, so’zsiz zarur, deydi. – Tafakkurning faoliyatida qandaydir osmoniy bir mexanika bor, bundan uyalmaslik kerak, balki vrachlar badan mexanikasini qanday egallasalar, yozuvchi ham ilhom mexanikasini shunday egallashi kerak...”. Xullas, ilhom ijodiy mehnatning tabiatidan chiqib keladi, demak, real hayotiy asosga ega bo’ladi. Buni A.S.Pushkin “Boris Godunov” tragediyasi haqidagi “iqrornoma”sida ham ta’kidlaydi: “Men yozaman va mulohaza yuritaman. Sahna ko’rinishining ko’p qismi faqat fikrlashni talab qiladi; qachonki ilhomni talab qiluvchi sahna ko’rinishiga borsam, men uni kutaman yoki sahnani o’tkazib yuboraman-ishning bu xili men uchun tamoman yangilik. Sezyapmanki, mening ruhiy kuchlarim kamolot cho’qqisida, demak, men yaratishga qodirman”. Demak, doimiy ravishda va izchil olib boriladigan mehnat ijod jarayonidagi boshqa unsur (narsa)larni ham tartibga soladi, hamma ijodiy tashvish ilhom tevaragida aylanadi. Ilhomning bu fazilatlari badiiy mahorat bilan topishganida, ular o’rtasida qil o’tmas “do’stlik” bo’lgandagina, A.Qahhor aytganidek, kitob yozuvchining qalbidan qo’shiqday otilib chiqadi, kitobxonning qalbida aks sado yangraydi; chunki mahoratning ibtidosi ilhomdir. Shunday ekan, badiiy mahoratni qanday tushunmoq lozim? BADIIY MAHORAT . Yozuvchi ma’lum g’oya asosida to’plagan alohida faktlarni o’zining shaxsiy tajribasi bilan boyitib, qalbidan o’tkazib, ko’pchilikka xos qilib umumlashtiradi. Ya’ni, aniq g’oyaga asoslanib, yozuvchi hayotdagi alohida narsalarni buzadi, saralaydi, to’qiydi, umumlashtiradi va jonli, tabiiy va betakror go’zal narsani yaratadi. Yaratgan asari (lavhasi) o’quvchi ko’z o’ngida yaqqol namoyon bo’ladi, kitobxon o’y-xayollarini o’ziga tamoman band etadi. Badiiy mahoratning mohiyatini tushunishda ana shu haqiqatni doimo esda tutish lozim. Uning siru sinoatiga yetmoq uchun “ Њ tgan kunlar”ning “Navo kuyi” bobini esimizga tushiraylik. Otabek qaynotasidan “Uyatsizga mening uyimdan o’rin yo’q, uyatsiz bilan so’zlashishga ham toqatim yo’q... Boringiz, eshigim yonida to’xtamangiz!” - degan so’zlarni eshitgan. Izzat nafsi xo’rlangan. Kumushdan zaharli muammoli maktub olgan. Bu voqyealarni bir-biriga bog’lay olmaydigan, “go’yo” isitma vaqtida bo’ladigan tuturiqsiz, bog’lanishsiz alji-bilji holatda” edi. Kumushni sog’inib, xo’rlanganining sababini bilishga intilib Marg’ilonga qatnar, Marg’ilonga kelgach, qaynotasining so’zlari qulog’i ostida jaranglar, darboza qarshisida jasorati so’nar va Toshkentga qaytar edi. Borib-kelishdan natija chiqara olmas, Kumushni esa tinimsiz qumsardi... Ilojsizlik, hijron, tubsiz o’y-xayollar tuzog’idan qochishga urindi: yigirma kun o’tar- o’tmas Marg’ilondan qaytib kelgach, Oqmasjid shahriga (Qizil o’rdaga) savdogarchilik bilan ketdi. “Besh oylab Oqmasjid safarida yurib kelgach, Otabek to’g’ri shu Chuqur qishloq bo’zaxonalaridan biriga kelib tushgandek bo’ldi. Uni kunduz kunlari bo’zaxonada uchratib bo’lmasa-da, ammo bo’zaxonaga kelmagan kechasi juda oz edi. Bo’zagar Otabekni kimning bolasi ekanligini yaxshi bilgani uchun hamma ishni uning tilagiga qarab qilar, u keldi deguncha, oddiy bo’zaxo’rlar yoniga o’tqazmay o’zining maxsus hujrasiga olib kirar, boshqalarga beriladigan loyqa bo’zadan bermay, bo’zaning guli bilan mehmon qilar edi.         Hozir ham u shu bo’zaxonada edi. Endi uchinchi kuvachani tugatib, to’rtinchini chiqargan edi. Bo’zagar kirdi: Bo’za beraymi, bek?-deb so’radi. Bering, - dedi, - mashshog’ingizni ham kirgizing! Vaqt yarim kechadan ham oqqan, kunduz kunidan beri ichishib charchagan xo’randalar baqirishib-chaqirishib tarqalishgan edilar. Bo’zaxona tinchigan edi. Qo’lma-qo’l yurib charchagan mashshoq ham bo’shab, Otabekdan katta-katta ehsonlar ko’rgani uchun, vaqtning kechligiga ham e’tibor qilmay kirgan edi. Mashshoq Otabekning sarxush qo’lidan bir piyola bo’zani ichgach, dutorini chertib so’radi: Qanday kuyni chalay, bek aka? Otabek sarxush tovush bilan jiddiygina qilib javob berdi: Bilsangiz, haydalish kuyini chalingiz, ajralish kuyini chalingiz! Mashshoq ajabsingan edi: Dunyoda bunday kuylar borligini umrimda birinchi marotaba eshitaman, bek aka! - Dunyoda bunday kuy yo’q deb o’ylaysizmi, siz eshitmagan bo’lsangiz mening eshitganim bor... Bilmasangiz bilgan kuyingizni chalingiz! Mashshoq dutorini sozlar ekan, yana so’radi: -Bu kuylar yangi chiqqanmi? Yangi chiqqan. Qayerda eshitdingiz? Otabek kayfi tarqagandek bo’lib, mashshoqqa qaradi: -Bu kuylarni Farg’onaning Marg’ilonida eshitdim... dedi. Dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turgan mashshoq, Otabek kutmagan joyda “Navo”dan boshlab yuborgan edi. Kuyning boshlanishi bilan naq vujudi zir etib ketgandek bo’lib, keyingi piyolasini bo’shatdi va ixtiyorsiz ravishda dutorning mungli tovushiga berildi. Dutor tovushi qandaydir o’zining bir hasratini so’zlagandek, hikoya qilgandek bo’lib eshitilar edi. Yo’q, bu hasratni u o’z tilidan so’zlamas edi-Otabek tilidan so’zlar edi... Otabekning ko’z o’ngidan o’tgan kunlari birma-bir o’ta boshladilar-da, nihoyat “anovi” xotiralari, “anovi” hangomalari ham ko’rinish berib o’tdilar... Yo’q, o’tmadilar... uning ko’z o’ngida kelib to’xtadilar-da, shu ko’yi tura berdilar... Dutor bu ko’rinishni uning ko’z o’ngida keltirib to’xtagach, bu fojiaga o’zi ham chidab turolmagandek yig’lay boshladi... Dutor quruqqina yig’lamas edi, balki butun koinotni “zir” ettirib va xasta yuraklarni “dir” silkitib yig’lar edi... Otabek ortiq chidab turolmadi-da, ro’moli bilan ko’zini yashirib, yig’lamoqqa kirishdi... U ko’z yoshlarini to’xtatmoqchi bo’lar edi, biroq hozirgi ixtiyor o’zida emas edi, hamma ixtiyor dutorning hazin “navo” kuyida, toqatsiz yig’isida edi... Dutorning nozik torlaridan, tilsimli yuraklardan chiqqan “Navo” kuyi o’z nolasiga tushunguvchi Otabekdek yigitlarga juda muhtoj edi. O’z dardiga tushungan bu yigitga borgan sayin dardini ochib so’zlar, yig’lab va ingrab so’zlar edi... Eshitguvchi esa dunyosini unutib yig’lar, qo’lini yig’ishtirib yig’lar va hasratu alamini ko’z yoshisi bilan to’kib yig’lar edi... Nihoyat, “Navo” kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko’zi orqali to’kdirdi-da, falakning teskari harakatidan shikoyat etib qo’ydi va dunyoda yolg’iz hasratgina bo’lmaganligini bildirgandek o’zining “Savt” kuyini yer yuziga shodlik va sevinch yog’dirib arz eta boshladi. “Navo”ning sehrli “savti” Otabekning ko’z yoshlarini quritdi-da, bir yengillik bag’ishladi. “Navo” bilan yuvilib ketgan uning umid gulzorida yangi chechaklar unib chiqdi... Bu o’tirishdan so’ng u bir oylab bo’zaxonaga kelmay ketdi. Marg’ilondan qaytib kelgach, yana eski odatida davom eta boshladi...” 1   1 A.Qodiriy. O’tgan kunlar, Toshkent, 1985, 220-bet.       Ushbu keltirilgan parchadagi voqyeani-har bir kitobxon ko’z o’ngida yuz berayotgan voqyeadek, o’zi chetdan turib hamma holatlarni aniq ko’rayotgan kishidek his etadi. His etadigina emas, uning haqqoniyligiga, bundan boshqacha bo’lishi mumkin emasligiga to’liq imon keltiradi. Bu, birinchidan. Yozuvchi o’zini Otabek qiyofasida ko’rsatar ekan, o’sha holatda “Otabek bo’lsam nima qilardim, nimani o’ylardim, qanday harakat qilardim, qanday suhbatlashardim”, - degan masalalarga javob izlaydi. O’zining bor mehrini, iqtidorini ishga solib, qaynotasi tomonidan haydalgan, xo’rlangan kuyovning, achchiq va zaharli maktub orqali “hiylakor tulki, og’zi qon bo’ri, uyatsiz yigit...” kabi martabalar bilan Kumush tomonidan siylangan Otabekning xatti- harakatlarini samimiy tasvirlaydi. Otabekning bo’zaxonadan taskin izlashini, “anavini” unutish uchun o’zini sarxushlikka (mastlikka) urishini, “Navo” kuyidan dunyosini unutib yig’lashini, hasratu alamini ko’z yoshisi bilan to’kib yig’lashini shunchalik ishonchli va ta’sirchan tasvirlaydiki, u tasvirdan siz ham Otabek holiga tushasiz: taskin izlaysiz, sarxushlikka berilasiz, borligingizni unutib yig’laysiz. Ha, Samimiylik yuquvchandir. Samimiylik badiiylikka o’ransa, yuz bora ta’sirchanligi oshadi, yuquvchanligi benihoya ko’payadi. Qayta yaratilgan badiiy dunyoni unutib, go’yo reallikda yashayotgandek his etasiz. Bu, ikkinchidan. Ma’lumki, “O’tgan kunlarning “Navo kuyi” bobi eng ta’sirli yozilgan sahnalaridan biri, Otabekning ahvol ruhiyasini haqqoniy va samimiy ochib beruvchi lavhalardan. Bu lavha asarning umumiy g’oyasini ifodasi uchun xizmat qiladi. Kitobxon shu voqyealargacha Otabekning “eng aqlli”, “xudo har narsadan bergan yigit”, “Xon qiziga loyiq yigit”, “Otasining bolasi” ekanligini bildi. “Kutilmagan bir baxt” tufayli sof muhabbatga erishgan mard yigitligiga ishonch hosil qildi. “O’g’lingizning vujudi bilan orzungizni qondirish oson bo’lsa ham, keliningiz qarshisida men bir jonsiz haykal o’rnida tasavvur qilingiz” deb, ota- ona orzusiga bo’ysinishga majbur bo’ldi. Farishtalar ko’nglidek ko’ngil egasi-Kumush ham Otabek unutmasligiga ishonch bilan kundoshlikka rozilik berdi... So’nggi Marg’ilonga kelishida “sovuq kundosh sovg’asi” bor edi. Balkim, shu sababli uni qaynotasi haydagandir... Bu voqyealardan va Otabek fe’l-atvorining mana shu xislatlaridan xabardor kitobxon, endi haydalgan kuyovning ruhiyasini, holatini, tadbirlarini bilishni, Kumush muhabbatiga qanchalik sodiqligini, hijron iztiroblari uni qay ahvolga solishi mumkinligini ko’rmoqni istaydi. “Navo kuyi” bobi kitobxonni bir qadar shu istagini qondiradi. Unda Otabek aqli va tuyg’usidagi beg’uborlik (“Navo” kuyi nola qilar, yig’lar, ingrar va Otabek ham “anovi” xotiralarini ko’z o’ngida keltirib, kuchini yig’ishtirib yig’lar va hasratu alamni ko’z yoshisi bilan to’kib yig’lardi), olijanoblik (qaynotasining haydashi sababini bilishga andisha qilishlik, ikkinchi uylanganim natijasi deb bilishlik), betakrorlik (Marg’ilonga tinimsiz va natijasiz qatnash), qarama-qarshilik (“hiylagarning...o’zi ham qursin, yuzi ham!” va bormay qolsa keyinchalik o’zi o’kina turgandek...”) bilan tanishadi; yozuvchi shunday tasvirlaydi: “Marg’ilondan natijasiz, tamoman bo’shga qaytib Toshkentga kelgach, Kumushni unutgandek bo’lib, uch-to’rt kun u bu bilan ovunib yurar, so’ngra hafta, o’n kundan so’ng yana Marg’ilon to’g’risida o’ylay boshlar, o’ylab o’yining tagiga yeta olmagach, o’zini qayoqqa qo’yishini bilmay qolar, shundan so’ng hamma alamini Chuqur qishloqqa havola qilib, o’n-o’n besh kun bosib ichganidan so’ng ichkilikdan ham lazzatlanmay qolar va shuning yonida uning ko’ngli bir narsani buyini olgandek sezinar, go’yo Marg’ilonga borsa bir gap bo’ladigandek, bormay qolsa keyinchalik o’zi o’kina turgandek... Shundan so’ng to’satdan Marg’ilon yo’liga tushib qolar, yo’lda borar ekan, o’zini to’rt ko’z bilan kutib turgandek sezilgan Marg’ilonga har nimadir, bir soat ilgariroq yetish uchun oshiqar edi. Lekin... lekin Marg’ilon darbozasidan kirishi ila uning holi o’zgara boshlar, yuragi qinidan chiqar darajada o’ynamoqqa olur, ayniqsa, poyafzal rastasiga yaqinlashgach, uning bu iztiroblari shiddatlanur, poyafzal rastasining yaqini bilan         bunchalik o’zgarishda qolgan Otabek rastaning o’zida qanday holga tushmog’ini tasavvurdan ojiz kelur va rasta ko’rindi deguncha otining boshini chapga burib yuborar va orqasidan kimningdir “... boringiz, eshigim yonida to’xtamangiz... uyatsiz!” tovushi eshitilgandek bo’lar edi...” (221-bet). Otabekning bu holatini-tirik qalb iztirobini, sevgan eshigidan quvilgan kuyov iztirobini, ixtiyorsiz tarzda tinmay qatnovchi sodiq oshiq iztirobini, chigal tugunni qanday yechishni bilmaydigan oriyatli yigit iztirobini-hasrat, xo’rlik, haqoratni, kuchsiz umid va ishonchni “Navo” jonlantiradi. “Navo” dastlab hayotning azob va uqubatlarini, alam va ko’z yoshlarini jonlantirsa,uning “Savt” qismi yorug’likdan, nurdan, sevinch va umiddan xabar qiladi. Shunga mos tarzda Otabekning ruhi aniq va ravshanlik kasb etadi, kechinmalari o’zgaradi: “Navo” kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko’zi orqali to’kdirdi”. “Savt” Otabekning ko’z yoshlarini quritdi”... “Navo” bilan yuvilib ketgan uning umid gulzorida yangi chechaklar unib chiqdi...” Xullas, uning xarakteridagi oromsizlik va besaranjomlik, alam va umid qirralari ochiladi. Otabekni harakatga, dushmanlar bilan olishuvga tayyorlay boshlaydi; o’z baxti uchun kurashishga asos hozirlaydi. Shu tarzda asarning qismlarini, voqyealarini zanjirdek bir- biriga bog’laydi, Otabekning xarakteridagi ojizlikni, mardlikni, beqaror va oromsizlikni, yaxshi-yomonni tezda ajratib olmaslik kabi xislatlarini ochadi. Demak, mazmun va shaklning yaxlit, bir butunligiga, g’oyaviy mazmunning ta’sirdor bo’lishiga xizmat qiladi. Bu – uchinchidan. “Yozuvchi mahorati, - deb yozadi I.Sulton, aytmoqchi bo’lgan fikr, tasvirlanayotgan predmet va ruhiy holatni eng aniq va eng yorqin ifoda eta oladigan so’z va iboralarni topa bilishdan iboratdir”. Darhaqiqat, “yozuvchining dilida ajoyib tuyg’ular mavj urib turgani bilan, ularni kitobxonning ko’ngliga yetkazib beradigan haroratli, jozibali so’zlar topilmasa, yozuvchining tili chinakam badiiy bo’lmasa, har qanday ijodiy reja ham hayf bo’lib ketadi” (P.Qodirov, “O’ylar”, 128-bet). Badiiy asardagi hayot-so’z vositasida yaratilgan ekan, badiiy til-bevosita real fikr va hissiyotning obrazli ifodasidir. “Jajji” (mikro) obraz-har qanday so’z matnda (boshqa so’zlar bilan aloqada) hayotiyligini,. o’zining xususiyatini, rangini, hidini, ohangini ko’rsata oladi. Yozuvchi so’zning grammatik, leksik, stilistik ma’no ko’rinishlaridan eng zarur va kerakligini matnga muvofiq ishlatadi, ya’ni tasvirlayotgan hayot (epizod, obraz, xarakter)ning mohiyatini chuqur ochib beruvchi so’zlarni tanlaydi. Tanlagan har qanday so’z adabiy asarda, albatta, ma’lum yukni tashishi lozim bo’ladi. U tasvirlanayotgan voqyeaning haqqoniyligi va to’laligini, qahramonning his-tuyg’ulari, kayfiyat va kechinmalarini o’zida mujassam etishiga – shu yukni qanchalik ko’targanligiga qarab uning ahamiyati va kuchini belgilaymiz. “O’tgan kunlar” romanida tasvirlangan-hammaning esida qolgan ko’rinishni diqqat bilan o’qiylik: “ – Nega qochasiz?! Nega qaramaysiz?! – dedi bek. Kumushbibi shu choqqacha qaramagan va qarashni ham tilamagan edi. Majburiyat ostida, yovqarash bilan sekingina dushmaniga qaradi... Shu qarashda birmuncha vaqt qotib qoldi. Shundan keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va esankiragan, hayajonlangan bir tovush bilan so’radi: Siz o’shami? - Men o’sha! – dedi bek. Ikkisi ham bir-birisiga beixtiyor termulishib qoldilar. Kumushbibi og’ir tin olib: Ko’zlarimga ishonmayman! – dedi. Men ham! – dedi. Shu vaqt ikki lab o’z-o’zidan bir-birisiga qovushdi... Kichkina nozik qo’llar yelka ustiga, kuchli qo’llar qo’ltiq ostiga yopishdilar” (62-bet). Ma’lumki, so’z matndan tash љ arida umumiylikni bildiradi.           U boshqa so’zlar bilan aloqaga kirishib, muayyan holatdagi qahramonning qalbiga, harakatiga, qilig’iga mos bo’lsagina-shu qalbdgi his-tuyg’ularni, xarakterdagi xatti-harakatlarni ifodalay olsangina u jonlanadi, har bir kitobxon qalbiga ko’chadi, o’shanday his-tuyg’uni boshqalarda ham uyg’otadi, tiriltiradi. Parchadagi boshqa so’zlarni ahamiyatini pasaytirmagan holda, eng oddiy tuyuluvchi “Siz o’shami?” so’ziga to’xtaylik. Bu so’z-uzukka qo’yilgan ko’z, kishini butun diqqatini o’ziga rom qiluvchi gavhar. Chunki unda Kumushning shu paytgacha kechirgan iztiroblari jamuljam: “Men Sizni favqulodda ko’rganimdan buyon sevib qolgandim. Izlab, o’ylab o’yimning oxiriga yetolmay ko’z yoshlar to’kkandim. O’y-xayolim Siz bilan edi. Ichimdagi bu orzuni aytolmasdan, qanchalar qiynaldim. Sizni o’sha ko’rganimdan buyon qanchalik qumsaganimni bilsangiz edi...” kabi tuyg’ular... Bu tuyg’ularni “Siz o’shami?” degan jumla bilan jonlantirish, unga yana “Men Sizni sevaman” ma’nosini o’zbekona, Kumushona qilib singdirish – ulkan san’atkorlik belgisidir. Dushmanning o’quvchi ko’z o’ngida sevimli yorga, chimildiqqa kirgan Kumushning ko’z yoshlari hovlilarga eshitilgan kulgusiga, ikkala sevishgan uchun muhabbatning- “kutilmagan bir baxt”ga aylanishi kabi holatlarni-achchiq va og’riqli tuyg’ularni shirin tuyg’ular qilib jonlantirish ham Qodiriy talantining yorqinligidan, ham qalamining mo’jizakorligidan dalolat beradi, chunki bu parchadagi haqiqat butun murakkabligi va tafsilotlari bilan o’quvchi qalbiga umrbod unutilmaydigan sevinch bo’lib, baxt bo’lib, go’zallik bo’lib ko’chadi. Bunday misollarni “Navo kuyi” bobidan ham keltirish mumkin. Otabekning cholg’uchiga qarab, “haydalish kuyini chalingiz, ajralish kuyini chalingiz” deyishida ham Otabekning qalb urishini, uning qalbidagi og’ir haqoratlanishni, sevganidan ajralishning azobini yaqqol jonlantiradi. Qisqa va topib aytilgan (Otabek ongi va qalbida pishib yetilgan) rost so’zlar ila uning his-tuyg’ularining murakkabligini, nozikligini ravshan ifodalaydi; badiiylikni, demakki, ta’sirdorlikni yuzaga keltiradi. Bu, to’rtinchidan. Xullas, “badiiy mahorat-yozuvchining badiiy talanti o’lchovidir” (Ch.Aytmatov). Uning yuqorida ta’kidlangan to’rtta belgisi-o’lchovlarning asosiylari bo’lib, ular badiiy asarda, yaxlit, bir butun bo’lib namoyon bo’ladi. Biri birining yaratuvchanlik va ta’sirchanlik xususiyatlarini zo’raytirishga, tabiiylikni yaratishga xizmat qiladi. Badiiy mahorat, bir tomondan-real hayotdagi yangilikni ko’ra bilish va uni adabiyot vositalari ila tahlil qila bilish san’ati bo’lsa, ikkinchi tomondan san’atning sirlarini, texnikasini, minglab hissiy-tasviriy vositalarni chuqur bilishga bog’liqdir. Bu ikki tomon dialektik aloqada bo’lsa, uzviy birlashgan holda “tasvirlashga niyat qilingan qahramonlarning hayotini butun to’laligi va aniq nuqtalari bilan ko’ra bilishga” (Ch.Aytmatov) xizmat qilsa, tasvir o’quvchini hayajonga sola bilsa, ana shundagina hayotning katta haqiqati o’zining tugal va go’zal ifodasini topadi. Mahoratni egallash uzluksiz davom etadigan, chegarasiz jarayondir. Yozuvchi o’z ijodining ma’lum davrida – usta san’atkor darajasiga ko’tarilishi mumkin. Agar u shu bilan cheklansa, badiiy mahoratini o’stirmasa-hayotdan va san’atdan o’rganishda davom etmasa u orqaga ketaveradi, o’quvchilari soni kamayaveradi. Demak, o’rganish, kashf etish to’xtagan joyda talant kuchi, ta’siri susaya boshlaydi. Talant yangilik bermagach, chaynalgan “kashf”larni- yasama, sun’iy gullarni taqdim qila boshlaydi...         Adabiyot:     1 .     Qur’oni karim, “Cho’lpon”, Toshkent,1992 . 2.       Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al Buxoriy. Hadis, 4 jild, Qomuslar bosh tahririyati, Toshkent,1991-1995.   3.     Falsafa, “Sharq”, Toshkent, 1999.   4. Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar, “O’zbekiston”, 5. Toshkent,2000.   6. I.A. Karimov. Istiqlol va ma’naviyat, “O’zbekiston”, Toshkent,1994. 7.     I.A.Karimov. Barkamol avlod orzusi, “O’zbekiston”, Toshkent,1999.   8.       I.A.Karimov. Olloh qalbimizda, yuragimizda, “O’zbekiston”, Toshkent,1999 . 9. www.ziyonet.uz 10. www.nur.uz