logo

Epos Epos mavzusi Voqyea – taqdir irodasi Eposning qonuniyligi Xalqchilligi Obyektivlik Ko’lamdorlik

Yuklangan vaqt:

08.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

75 KB
Epos Epos mavzusi Voqyea – taqdir irodasi Eposning qonuniyligi Xalqchilligi Obyektivlik Ko`lamdorlik “Mahobhorat” Yangi davr eposi Roman O`tkan kunlar Reja: 1. Kirish 2. Epos 3. Epos mavzusi Voqyea – taqdir irodasi 4. Eposning qonuniyligi 5. Xalqchilligi Obyektivlik Ko`lamdorlik 6. “Mahobhorat” 7. Yangi davr eposi Roman O`tkan kunlar  V. G. Belinskiy ta`biricha, “Epos xalqning endigina uyg`ongan ongining poeziya sohasida birinchi pishgan mevasidir. Epopeya xalqning faqat go`daklik davrlarida, uning hayoti hali ikki qarshi tomonga – poeziya va prozaga ajratilmagan choqda, xalqning tarixi faqat afsona bo`lgan zamonda, dunyo haqida uning tushunchalari faqat diniy tasavvurlardan iborat bo`lganda, uning kuch – qudrati va toza faoliyati faqat qahramonlik g`alabalarida ko`ringan zamonlardagina paydo bo`lishi mumkin ” (V.Belinskiy, 167- bet). Epos xalqning taqdiriga ta`sir ko`rsatgan buyuk tarixiy voqyealar – olingani uchun uning bosh qahramoni tarixdir. Shu sabab unda xalq taqdiri ham, alohida shaxs taqdiri ham dunyoviy ahamiyatga ega bo`lgan tarixiy voqyeaga bog`liq bo`ladi, ana shu tarixiy voqyea ularni yurgizib turg`izadi, taqdirini hal etadi . Bundan ko`rinadiki, eposda odam emas, voqyea hukmronlik qiladi. Voqyea – “tabiatning o`zginasi” - tarzida, “ taqdirning irodasi” bo`lib namoyon bo`ladi. Uni inson o`zgartira olmaydi, balki u insonni o`zining irodasiga bo`ysindiradi. “Odamlar qo`rqadigan va xudolarning o`zlari ham so`zsiz bo`ysinadigan (“Mahobhorat” va “Ramayana” ni eslang –H.U) bu “taqdir” nima? Bu greklarning tushunchasidirkim, biz yangilar, uni ongli zaruriyat, voqyelik qonunlari, sabablar bilan natijalar o`rtasidagi nisbat, xullas, obektiv harakat deb ataymiz, u o`sadi va o`z ongining ichki quvvati orqasida harakatga keladi, bug` mashinasi kabi yuradi, u to`xtamasdan, yo`ldan toymasdan boradi, unga odam uchrasa, yanchib ketishi mumkin, metin tog` uchrasa, o`zi parchalanib ketishi mumkin” (V. Belinskiy, 146-bet). Homerning “Iliada” va “Odesseya”si, hindlarning “Mahobhorat” va “Ramayana” si, qirg`izlarning “Manas”i, armanlarning “Sosunli Dovud”i, o`zimizning “Alpomish”imiz, ozarbayjonlarning “Ko`r o`g`li”si yuqoridagi mulohazalarning isbotidir. “Mahobhorat”da Mahobhorata yoki Baharata avlodlari jangnomasi tasvirlanadi. Insonparvarlik, elparvarlik, Adolat va haq bilan odamkushlik, kibr, zulm, haqsizlik o`rtasidagi kurash – “Dahshatli olov singari lovullab, okeanning u qirg`og`idan bu qirg`ogigacha bo`lgan qancha-qancha ellarni o`z domiga tortgan, qancha-qancha qurbonlar yutgan mislsiz jang haqida” 1 hikoya qiladi. Epos qomusiy xarakterga ega. Ulkan “Mahobhorat”da hind xalqi tarixiga oid qariyb ming yillik fakt va voqyealar, qo`shni mamlakatlardagi qabila va xalqlar xususidagi ma`lumotlar, ko`plab afsona va rivoyatlar, epik, didaktik, diniy dostonlarning qadimiy syujeti va motivlari, qonun va davlat nizolari, oltita falsafiy ta`limot, oltita diniy sistema va mafkura jamuljam etilgan. Qo`shimcha lavhalar “Mahobhorat”ning qariyb yarmini tashkil etadi. Bizga ma`lum “Mahobhorat” 100 ming shlok (parcha)dan iborat. Biroq “Mahobhorat”ning million shlokli nusxasi ham mavjud bo`lgan. “Manas” eposining Karalayev varianti 460 ming shlokni o`z ichiga oladi” 2 – deydi epos bilimdoni Erik Abdullayevich Karimov.   Eposda hayot botirlik va qahramonlikda voqye bo`ladi. Jang, qirg`inbarot urush, ayovsiz olishuvlar asosiga qurilgan “Mahobxorat”da Yudhishthira, Arjuna, quyosh o`g`li Karna, zolim Do`rudxuna, podsho Krishna, mingta filning kuchiga ega bo`lgan Bhimasena, mohir jangchi Sahadeva, xudo Shiva, osmon hukmdori Indra kabi yuzlab qahramonlar o`zlarini namoyon etadilar, hind xalqining orzu – armonlarini, yaxshiligu haqiqatini, ulug`vorligi–yu go`zalligini, mardligu oliyjanobligini, shuhratu tanazullini – milliy ruhining butun jozibasini to`la – to`kis ko`rsatadilar. “Shunday qilib epopeyaning mazmunini o`z hayotining individual manbalaridan hali ayrilmagan xalqning hayot mohiyati, substansiya kuchlari, vaziyati, turmushi tashkil qilishi kerak. Shuning uchun epik dostonning asosiy shartlaridan biri uning halqchilligidir: shoirning o`zi ham voqyeaga o`z xalqining ko`zlari bilan qaraydi, voqyeadan o`z shaxsini ayirmaydi . Lekin epopeya yuqori darajada milliy bo`lishi bilan baravar u, ayni vaqtda, badiiy asar bo`lishi uchun, individual xalq hayotining formasi, o`z ichiga umuminsoniy, jahon ahamiyatiga ega bo`lgan mazmunni olishi kerak” (V.Belinskiy, 172- bet). Darvoqye, hindlarning “Mahobhorat”ida ana shunday. Uning har bir parchasida 1 Mahobhorat. "Yozuvchi", Toshkent, 199, 3-bet 2 Qarang: Adabiyot nazariyasi, "Fan", Toshkent, 1979, II tom, 206 bet. hindlarning individual hayoti va bu hayotning umuminsoniy mazmuni chuqur ochilgandir. Jumladan, Pandavlarning eng oxirgisi, jang qilishga mohir Sahadeva shunday deydi: “ - Butun jahonning egasi bo`lgan, lekin bobolarimiz tomonidan belgilangan qonunlarni unutgan podshoning umri umr emas. Hayotini o`z fuqorolariga bag`ishlagan podshogina hamisha kishilarning qalbida yashaydi. Axir, donishmandlar aytgan-ku: Hyech kim ham devor bilan ajralganmas olamdan, Vujudingga tutashdir tegrangdagi shu hilqat. Yaxshilik qil hammaga, qaytadi o`zingga ham, O`z joningni asraysan xalqni asrasang faqat ” (Mahobhorat, 164- bet). Birgina mana shu mulohazalarning o`ziyoq jahoniy mazmuni bilan, sabog`i bilan insoniyatning mulkiga aylanganki, demak, “Mahobhorat” insoniyatga tegishlidir, hamma zamonlarga, hamma xalqlarga, hamma jamiyatlarga yaqindir, zarurdir. Epos o`zida miflar, ertaklar, rivoyatlar, masallar, afsonalar, dostonlar, balladalar, falakiyot va ilohiyot haqidagi qissalar kabi janrlarni birlashtiradi. Sharq mumtoz adabiyotidagi turli “noma”lar – sayohatnoma, muhabbatnoma, safarnoma, “Xamsa”lar, hikmatli so`zlar, latifalar, cho`pchaklar, marsiyalar, yig`i, madhiyalar, matallar, aforizmlar ham eposning mulki,xazinasi sanaladi. O`zbek xalq og`zaki ijodida birgina doston tasnifining o`ziyoq, epos janrlari va ko`rinishlarini ko`p qirraligini isbotlay oladi: 1. Qahramonlik dostonlari (“Go`ro`g`li”, “Alpomish”); 2. Jangnomalar (“Yusuf va Ahmad”, “Alibek va Bolibek”); 3. Tarixiy dostonlar (“Shayboniynoma”, “Jizzax qo`zg`oloni”); 4. Ishqiy- romantik dostonlar (“Malikai ayyor”, “Rustamxon”); 5. Kitobiy dostonlar (“Farhod va Shirin”, “Tohir va Zuhra”); Ko`rinadiki, dostonlarning ko`p ko`rinishlari ham eposga mansub, ular xilma – xil bo`lsa-da, baribir epik niyatning yagona konsepsiyasiga bog`lanadilar.     Aytilganlarni yakunlar bo`lsak, qadimgi eposda “taqdir irodasi” hukmronlik qiladi, jahon taqdirini hal qiluvchi janglar tasvirlanadi, qahramonliklar voqye bo`ladi. Xalqchillik, milliylik va umumbashariylik xususiyatlari bo`rtib ko`rinadi va sh. k. Davrlarning o`zgarishi – eposni ham yangilaydi, qadimgi eposda olam – keng ko`lamda , katta hajmda aks ettirilgan bo`lsa, hozirgi zamon eposida olam – miniatyura shaklida (tomchida quyosh aks etganidek) tasvirini topa boshladi. Shuning uchun V. Belinskiy “roman – bu miniatyuradagi olam” degandi. Bu I. Sulton yozganidek, realistik ijodiy metodning tug`ilishi hamda tantanasi bilan bog`liqdir. Yangi eposda obyektivlik va ko`lamdorlik xislati ortadi. Haqqoniylik oliy darajaga ko`tariladi . Voqyeabandlik saqlangani holda, insonning hatti- harakati “taqdir irodasi” ga emas, balki real (tipik) sharoitning ta`siri bilan o`lchanadi. Shu hisobga afsonalar, mifologiyalar, tasavvur etib bo`lmaydigan mubolag`adorlik o`rnini hayotning mohiyatini ochib beruvchi realliklar, asoslar, rostgo`ylik, haqqoniylik egallaydi. Qadimgi va yangi eposning xususiyatlarini birdam tasavvur etish uchun ikkita misol. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonining XXXI bobi sarlavhasi shunday: “Farhodning teshasi toshni pora-pora qilmoq bilan tog` bag`riga kovkov solg`on sadoni Shirin eshitgoni va quyosh tog`din tulu` qilg`ondek, ul kuhi balo sarvaqtig`a yetgoni va aning metini lam`asining barqi muning xorodek ko`nglig`a asar etgoni va quyosh tuproqqa nur sochg`ondek, ul hokiyga mehr zohir qilg`och, aning tuprog`dog`ilaridek o`zidin ketgoni va umri quyoshi boshiga kelgach, aning hayoti sham`i uchg`oniga Shopurning sham`dek kuyub, yig`lab boshiga o`t chiqarg`oni va o`lukni mahdg`a solgandek, ul quyosh oni tuproqdin ko`tarib, bihisht oso manzilg`a olib borg`oni”. A. Qodiriy “O`tkan kunlar” romanining II bobi sarlavhasi shunday: “Xon qiziga loyiq bir yigit”. Bundan shunday xulosa qilish mumkin: Qadimgi eposni – okean (ummon) ga qiyoslasak (uning to`lqinlari shiddatini bir tasavvur qiling-a), hozirgi epos – daryoga tengdir. Hozirgi eposning eng katta janri “roman kichraytirilgan olam”(N.Ye. Saltikov - Shchedrin) deya ta`riflandi. Ummon ham, daryo ham bo`lishi mumkin bo`lgan olamni kashf etadi. Faqat ikkalasinining tasvir doirasi, ko`lami, qahramonlari ikki xil. Birida romantizm barq ursa, ikkinchisida realizm kudrati namoyon bo`ladi. “Yangi davr eposi” (V. Belinskiy) – roman, povest, qissa,hikoya,esse, ertak, novella, ocherk, felyeton kabi janrlardan iborat. She`riy roman, poema, doston, ballada, masal ham aslida shu eposning “tomorqasi”ga kiradi, chunki ularda ham voqyeabandlik – syujetlilik yaqqol ko`zga tashlanadi. “Zamonamizning epopeyasi romandir. Eposning hamma asosi, muhim xususiyatlari romanda bordir, faqat ayirmasi shundaki, romanda boshqa elementlar, boshqa manzara hukm suradi. Bunda qahramonlik hayotining afsonaviy o`lchovlari, qahramonlarning azamat siymolari yo`q, bunda xudolar ishtirok qilmaydi:romanda, odatdagi, prozaik hayotning hodisalari ideallashtiriladi, umumiy tip ostiga olinadi... bunda odamning taqdiri uning jamiyatiga nisbatan muhim bo`lib qolmasdan, balki insoniyatga ham muhimdir ”(V. Belinskiy, 175- bet, ta`kidlar bizniki – H.U.). V.Belinskiy fikrlarini davom ettirib, badiiy asar sifatida romanning vazifasi- kundalik hayot va tarixiy voqyealarning- yashirin qalbini, jonli g`oyasini ochish ,tarqoq voqyealarni ruh va aql maskani qilish ekanligini alohida ta`kidlaydi . Shu asosga tayanib, yozadi: “Roman badiiyligining darajasi asosiy ideyaning chuqurligiga va ayrim hususiyatlarda u ideyani tashkil etgan kuchga bog`liqdir .O`z vazifasini bajarish bilan roman ozod fantaziyaning mevasi bo`lgan hamma boshqa asarlar qatoriga o`tadi, mana shu ma`noda roman oddiy xalqning zarur ehtiyojlarini ta`min etuvchi yuzaki bellitristik asarlardan qat`iy ravishda ajratilishi kerak” (V.Belinskiy, 176- bet). Bu g`oyani chuqurligi romanga xos tafakkurning- hayot falsafasini teran tahlili bilan o`lchanadi.   Epos tadqiqotchisi E.A.Karimov Gi de Mopassan (“Roman olamning falsafiy konsepsiyasi asosida yuzaga keladi”) ta`rifiga asoslanib, “Olamning yaxlit falsafiy konsepsiyasi yo`q asar roman bo`lolmaydi” 1 ,- deydi va davom etib yozadi: “Roman – bu olam va tarixga, jamiyat va bashariyatga, uning muammo va tashvishlariga, urush va sulhlariga, siyosiy va sinfiy jang – jadallariga, qo`zg`olon va inqiloblariga, ulkan va kichik voqyealariga ochiq qaratilgan adabiy – badiiy sistema, yirik badiiy shakl. Faqat roman emas, romanda tasvirlangan bosh qahramon ham, uning qalb va fikri olamga, koinotga qaratilgan” 1 Professor S. Mirzayevning “O`zbek romanchiligi” qo`llanmasidagi o`zbek romanlarining xronologik ko`rsatkichiga tayansak, unda 1999 yilgacha 219 ta o`zbek romani yaratilganiga shohid bo`lamiz. Agar ularga keyingi o`n yilliklar ham qo`shilsa, o`rtacha 300 ga yaqin roman yaratilgan. Demak, 1922 yilda A. Qodiriyning “O`tkan kunlar” romanidan boshlangan bu jarayon izchil davom etmoqda. Lekin yaratilgan hamma romanlar ham – roman janrining talablariga javob bera olmaydi; ularning judayam ko`pchiligida hayotni yuzaki tasvirlash oqibatida (“Yashil boylik” - S.Nazar, “Ziyod va Adiba” - Mirmuhsin, “Shinelli yillar” – Shuhrat, “Oqsoy” - S. Anorboyev, “Odam qanday toblandi” - I. Rahim, “Binafsha atri” - H.G`ulom, “Jimjitlik” - S. Ahmad) asosiy g`oya chuqur ochilmaydi, jamiyat va inson olami falsafasi talqini talab darajasida ko`zga tashlanmaydi. Ko`pchilik (“Dushman”, “Ilon kuchi”, “Vafo”, “Chiniqish”, “Qizil Buxoro”, “Mashrab”, “Jannat qushi”, “Oqibat” singari) romanlar nomukammal, voqyealar rivoji sust, ular markaziy o`qqa (g`oyaga) birlasha olmaydilar, tarqoqliklaricha qolaveradilar. Qahramonlardagi odamiy tuyg`u xislatlar tasviri o`rnini siyosiy qarashlar, soxta g`oyalar, yasama oldi – qochdilar egallaydi. “Olamning yaxlit falsafiy konsepsiyasi” “O`tkan kunlar” (A.Qodiriy), “Sarob” (A. Qahhor), “Qutlug` qon”, “Navoiy” (Oybek), “Yulduzli tunlar” 1 Qarang. Adabiy tur va janrlar, "Fan", Toshkent, 1991, I tom, 18-bet. 1 Qarang: Shu asar, 19 -bet. (P.Qodirov), “Ulug`bek xazinasi” (O. Yoqubov), “Girdob” (O`. Usmonov), “Lolazor” (Murod Muhammad Do`st), “Otamdan qolgan dalalar” (Tog`ay Murod) kabi sanoqli romanlardagina aksini topgan. Darvoqye, “Sharq” nashriyoti “XX asr o`zbek romani” turkumida shularga o`xshash 17 ta romanni eng sara va mukammal asar deb topgan va nashr etishga qaror kilgani ham bejiz emas. Ularda olam butun murakkabligi, ziddiyatlari bilan tasvir etilgan, hayot oqimining ichki qonun – qoidalari, insonning mohiyati, qalb tebranishlari kashf qilingan. Asl romanlar ichidagi birlamchi o`rin hamon shu maktabning asoschisi bo`lgan Abdulla Qodiriyga, uning “O`tkan kunlar”iga tegishlidir.Tug`ilganidanoq jahonaro umrboqiy romanlar qatoridan o`rin olgan bu asar – o`zbek romanchilik maktabining (farang, rus, ingliz, olmon, hind maktablaridan keyingi oltinchi maktabni A. Qodiriy yaratib berdi, degandi Ye. E. Bertels) takomillashish jarayoniga badiiy nur berib kelmoqda. Romanlarni siyosiy, tarixiy – biografik, ijtimoiy – psixologik, fantastik, tarixiy – sarguzasht, ijtimoiy – maishiy, roman – monolog kabi xillarga bo`lish (S. Mirzayev, 13-14- bet ) o`zini oqlamaydi. Chunki bunda janr tushunchasidan chekiniladi, ya`ni adabiyot qonunlariga tayanmasdan, mavzuiga, undagi pafosning ko`rinishiga qarab sosiologiya nuqtai – nazaridan umumlashtiriladi. Unga asoslansak, roman xillarini istagancha davom ettirish mumkin: O`qituvchilar haqida roman, tadbirkorlar haqida roman, ijtimoiy – kulguli roman kabi. Holbuki, tarixiy romanning o`ziga xos farqlanuvchi xususiyatlari bor. O`zbek adabiy tanqidida bu sohada (S. Mirvaliyev, U. Normatov, M. Qo`shjonov, N. Xudoyberganov va sh.k.) bahslarini tahlil qilib, professor Akram Kattabekov shunday xulosaga keladi: “Shunday qilib eng yaxshi romanlarga xos xususiyatlar : Asarning obyekti sifatida xalq va jamiyat hayotida eng muhim sanalgan davrlar, voqyealar va ko`zga ko`ringan shaxslar hayoti olinishi;   Tasvirlanayotgan davr va undagi voqyealar,tarixiy shaxslarga nisbatan yozuvchi ilmiy - estetik konsepsiyasining bo`rtib turishi lozimligi, davr ijtimoiy – siyosiy xarakteristkasini yaratish; Yozuvchi bilan tasvir obyekti o`rtasida jamiyat taraqqiyotining muhim etaplari bilan izohlanuvchi davriy masofani mavjud bo`lishi va nihoyat; Tasvirlanayotgan voqyealar va shaxslar hayotining chuqur badiiy tadqiq etilishi, tarixiy haqiqatning badiiy haqiqatga o`sib chiqishi shart ekanligi kabilar bugungi kun romanlarini baholashda asosiy mezon bo`la olishi mumkin” 1 Bu mulohazalardan ikkita fikr (“yozuvchi bilan tasvir obyekti o`rtasidagi jamiyat taraqqiyotining muhim etaplari bilan izohlanuvchi davriy masofaning mavjud bo`lishi” va “tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga o`sib chiqish sharti”) dan boshqasi hamma romanlarga xos xislatdir. Zero “Tarixiy asarning eng muhim alomatlaridan biri shuki, unda o`tmishga yangi bir davr mafkurasi, estetik ideali, axloqiy – ma`naviy talablari nuqtai nazaridan baho berilishi lozim ”. Biz ham shunday fikrdamiz. V. G. Belinskiy asoslaganidek, romanning ikki turi mavjud : tarixiy va zamonaviy roman. Boshqalarini asossiz o`ylab chiqishga, har biriga xos xususiyatni “kashf” etishga hojat bo`lmasa kerak. 1 A. Kattabekov. TArix saboqlari, Adabiyot va san'at nashriyoti, Toshkent,1986, 280-bet Adabiyot : 1. I.Sulton. Adabiyot nazariyasi, “O`qituvchi”, Toshkent, 1980 . 2. L.I. Timofeyev. Osnov ы teorii literatur ы , “Prosve щ yeniye”, Moskva, 1971. 3. R.Uellek, O.Uorrek. Teoriya literatur ы , “Progress”, Moskva, 1978. 4. www.ziyonet.uz 5. www.nur.uz