logo

Ikkinchi darajali bo'laklar, turlari - aniqlovchi, to'ldiruvchi, ularning turlari va ifodalanishi

Yuklangan vaqt:

26.04.2024

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

1532.525390625 KB
IKKINCHI DARAJALI BO‘LAKLAR, TURLARI: ANIQLOVCHI, TO‘LDIRUVCHI, ULARNING TURLARI VA IFODALANISHI Reja: 1. Aniqlovchi a) Sifatlovchi aniqlovchi b) Qaratqich aniqlovchi c) Izohlovchi 2. To‘ldiruvchi a) Vositasiz to‘ldiruvchi b) Vositali to‘ldiruvchi GAPNING IKKINCHI DARAJALI BO‘LAKLARI Aniqlovchi Predmet ma’nosini bildiruvchi so‘zni izohlaydigan va uning belgisini anglatadigan ikkinchi darajali bo‘lakka aniqlovchi deyiladi. Aniqlovchi predmetning xususiyatini, qarashliligini va shu kabilarni ifodalaydi. Aniqlovchi leksik- semantik va grammatik jihatdan uch xil bo‘ladi: sifatlovchi, qaratuvchi, izohlovchi. Sifatlovchi aniqlovchi Aniqlovchining bu turi ot bilan ifodalangan bo‘lakka odatda bitishuv yo‘li bilan bog‘lanib, otdan anglashilgan predmetning belgi-xususiyatini, sifatini, miqdorini, o‘ringa munosabatini bildiradigan aniqlovchining bir turidir. U qanday?, qanaqa?, qaysi?, qancha?, necha?, nechanchi?, qachongi?, qayerdagi? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Sifatlovchi bog‘lanib kelgan so‘z sifatlanmish deb ataladi. Sifatlovchi turli so‘z turkumlari bilan ifodalanadi:1) sifat bilan: Quyoshning issiq, tansiq nurlari odamlarga xush yoqadigan bo‘lib qoldi. (O‘.Hoshimov). Rang-barang gullar, har xil ekinlar, bog‘lar, suvlar quyoshda yashnab tovlanadi (Oybek). 2) son bilan: Ikkita zog‘ora non bilan to‘rtta turshakni dasturxonga qo‘yib tamaddi qilgan bo‘ldim. (O‘.Hoshimov). Birinchi qor ham shu tepalik boshiga yog‘adi, birinchi maysalar ham Xirmontepa bag‘rida ko‘karadi. (O‘.Hoshimov). 3) olmosh bilan: Allaqaysi dengiz qushlarining odati qiziq ekan. (O‘.Usmonov) Har bir qiyinchilikdan so‘ng bir rohat bor. (Maqol). 4) ot bilan: Asfalt ko‘chaning u er bu erida suv xalqob bo‘lib yotardi. (O‘.Hoshimov). -dagi affiksini olgan otlar ham sifatlovchi vazifasini bajaradi. Masalan: Uydagi har bitta buyum Ma’sudani esimga soladi. 5) sifatdosh bilan: Unda dam oladigan va yo tunab qoladigan manzil yo‘q. (K.Yashin). Aytar so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt. (Maqol). 6) ravish bilan: Ko‘p befoyda narsalarni o‘rganganingdan ko‘ra senga doimo xizmat qiladigan besh-o‘nta yaxshi o‘gitni bilganing ma’qulroq. (Seneka) 7) taqlid so‘z bilan: G‘ir-g‘ir mayin bahor shamoli. (Oybek). Bir gala o‘rdak kanal bo‘yiga tushdi. Bularning g‘aq-g‘uq ovozi ancha vaqtgacha bosilmadi. Sifatlovchi ba’zan so‘z birikmasi bilan ham ifodalanadi. Masalan: Qarama-qarshi turgan ikki eshikning birini shaxt bilan ochdi... (P.Qodirov). Dunyoda xushfe’l, olijanob, hamisha ezgu niyat bilan ish qiladigan odamlar juda ko‘p (O.Husanov). Sifatlovchi vazifasini gapga teng predikativ birliklar ham bajarishi mumkin: Himmati zo‘r kishining qimmati zo‘rdir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Qaratqich aniqlovchi Bu aniqlovchi ot yoki otlashgan so‘z bilan ifodalangan bo‘lakka muvofiqlashuv yo‘li bilan bog‘lanib, o‘zi ifodalayotgan shaxs yo predmetga boshqa bir shaxs yoki predmetning qarashli, tegishli ekanini bildiruvchi aniqlovchining bir turidir. U kimning? nimaning? qayerning? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Qaratuvchi bog‘lanib kelgan so‘z qaralmish deb yuritiladi. Qaratuvchi quyidagicha ifodalanadi: 1) ot yoki ot o‘rnida qo‘llanadigan olmosh bilan: Tip-tiniq fazoning bir burchida turnalar karvoni ko‘rindi. Zum o‘tmay ularning o‘ychan sadolari havoni to‘ldirdi... (O‘.Hoshimov). 2) harakat nomi bilan: U bilan uchrashishning ming xil yo‘lini izladi. (S.Ahmad). Ovora bo‘lmoqning nima zarurati bor? (A.Qodiriy). 3) otlashgan sifat bilan: Nomardga ishi tushmagan mardning qadrini bilmas. (Maqol). Tekinning minnati ko‘p, mehnatning ziynati ko‘p. (Maqol). Qo‘rqoqning ko‘zi katta, ahmoqning so‘zi katta. (Maqol). 4) otlashgan son bilan: O‘nning yarmi – besh. 5) otlashgan olmosh bilan (sifat, son o‘rnida qo‘llanadigan otlashgan olmosh bilan): Buning sababi ko‘p. (P.Qodirov). 6) otlashgan sifatdosh bilan: O‘qiganning tili ko‘p uzun bo‘ladi. (Maqol). 7) otlashgan ravish bilan: Ertaning buguni bor, bugunning ertasi bor. (Maqol). Qaratuvchi ba’zi hollarda so‘z birikmasi bilan ifodalanishi mumkin. Masalan: ... kim bo‘lsa ham beklardan birining shunday tinchsizlik chiqarishig‘a «mumkin va bo‘ladirg‘an ish» deb qarar edi. (A.Qodiriy). Cho‘qqida yashashning ta’rifi ulug‘, cho‘qqidan olam keng, cho‘qqida - yorug‘!!! (Shuhrat). Qaratuvchi gapga teng predikativ birlik bilan ham ifodalanadi. Masalan: Uyda rohati yo‘qning ko‘chada farog‘ati yo‘q. (Maqol). Dili qing‘irning tili qing‘ir Qaratuvchi ikki xil shaklda bo‘lishi mumkin: belgili va belgisiz. Aniqlovchi qaratqich kelishigi affiksini olgan bo‘lsa, belgili bo‘ladi. Masalan: Har narsaning dalili bor: aqlning dalili – fikr, fikrning dalili sukutdir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Izohlovchi Bu bo‘lak aniqlovchining bir turi sifatida o‘zi aloqador bo‘lgan so‘zga bitishuv yo‘li bilan bog‘lanib, uni boshqacha nom berish yo‘li bilan aniqlab, izohlab keladi. Izohlovchi bog‘lanib kelgan so‘z izohlanmish deb qaraladi. Izohlovchi ba’zan so‘z birikmasi bilan ham ifoda etiladi. Masalan: Ayniqsa, yosh olim Aziz Qosimovning xizmatlari salmoqli bo‘ldi. (O‘.Usmonov). Izohlovchi izohlanmishdan oldin ham, undan keyin ham kelishi mumkin: So‘ng boshqarma boshlig‘i G‘iyosiddinovni esladi. (P.Qodirov). To‘ldiruvchi Ko‘pincha fe’l bilan ifodalangan, ba’zan fe’ldan boshqa ayrim so‘zlar bilan ifodalangan bo‘lakka boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanib, uning ma’nosini to‘ldirib keladigan ikkinchi darajali bo‘lak to‘ldiruvchi deyiladi. To‘ldiruvchi boshqaruvchi so‘zning talabiga ko‘ra kelishik affikslari (qaratqich kelishigidan tashqari) yoki ko‘makchilar orqali shakllanadi. Masalan: Aql va idrok quyoshga o‘xshaydi, ular dog‘larni bekitadi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Vositasiz to‘ldiruvchi To‘ldiruvchi o‘z vazifasi va shakliga ko‘ra ikki turga ajratiladi: vositasiz to‘ldiruvchi va vositali to‘ldiruvchi. Vositasiz to‘ldiruvchi harakatni o‘ziga qabul qilgan, harakat o‘ziga bevosita o‘tgan predmetni bildiradi. Shu bois u odatda o‘timli fe’l bilan ifodalangan bo‘lakka bog‘lanadi. Vositasiz to‘ldiruvchi ko‘pincha tushum kelishigidagi birliklar bilan ifodalanib, kimni? nimani? qaerni? kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi: Bolani yoshdan asra, niholni boshdan asra. (Maqol). Vositali to‘ldiruvchi Vositali to‘ldiruvchi bosh, qaratqich, tushum kelishiklaridan boshqa kelishikdagi birliklar bilan hamda ko‘makchili ishlatilgan birliklar bilan ifodalanadi. Vositali to‘ldiruvchilarning ma’nolari va so‘roqlari turlichadir. Mazkur to‘ldiruvchilarni jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishiklari affikslari hamda «bilan», «uchun», «to‘g‘risida», «haqida» kabi ko‘makchilar shakllantirib, ular kimga? nimaga? kimda? nimada? kimdan? nimadan? kim bilan? nima bilan? kim uchun? kim to‘g‘risida? nima xususida? kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi. Vositali to‘ldiruvchi ko‘pincha fe’l bilan ifodalangan bo‘laklarga, ba’zan esa sifat, ravish, ot, modal so‘z bilan ifodalangan bo‘laklarga ham bog‘lanib keladi. Masalan: Bu – professor Jamolovning saxiyligi, yoshlarga mehr- muhabbatining mevasi, albatta. (J.Abdullaxonov). Temirjon gamma nurlarini hayot uchun faqat ofat manbai deb bilardi. (J.Abdullaxonov). Asosiy darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari 1.M.Hamrayev, D.Muhamedova, D.Shodmonqulova, X. G‘ulomova, Sh. Yo‘ldosheva. Ona tili (darslik) Iqtisodiyot-Moliya, Toshkent, 2007- yil. 2.R.Ikromova, D.Muhamedova, M.Hamrayev. Ona tilidan mashqlar to’plami. (o‘quv qo‘llanma). TDPU, Toshkent, 2009-yil. Qo`shimcha adabiyotlar 1. Англо-русский словарь. Составитель В.К.Мюллер. Москва, 1971, стр. 682. 2. Jamolxonov H.A. Hozirgi o`zbek adabiy tili. - T.: “Talqin” nashriyoti. 2005, 25-bet. 3. George Yule. The Study of Language. CAMBRIDJE UNIVERSITY PRESS. 2010, 42-bet.