logo

Turkiy filologiyaga kirish kursining predmeti, maqsadi, vazifalari. Turkiy xalqlar tillarini o’rganishning ilk davri

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

35 KB
Turkiy filologiyaga kirish kursining predmeti, maqsadi, vazifalari. Turkiy xalqlar tillarini o’rganishning ilk davri Reja: 1. «Turkiy filologiyaga kirish» fanining predmeti, maqsadi, vazifalari haqida. 2. Turkiy xalqlar tillarini o’rganishning ilk davri xususida. 3. Arab filologlari asarlari haqida. Tayanch tushunchalar: Turk, turkiy, filologiya, turkiy filologiya, turkiy filologiyaga kirish, turkiy xalq, turklar, uygur, etnonim, etnonimika, predmet, maqsad, vazifa. 1. «Turkiy filologiyaga kirish» bahsi va uning predmeti, maqsadi, vazifalari haqida. Turkiy filologiya-turkologiyaning muhim bo’limlarini tashkil etadi. Turkiy filologiya boshqa turkologik fanlar bilan munosabatga kirishadi. Turkiy xalqlar tillari, adabiyoti, tarixi va urf-odatlarini o’rganish o’tgan asrlardan boshlab Er kurrasidagi turkiy davlatlarning o’zlaridan boshlangandir. So’zlarining ma‘nodorligi, serqirraligi, jozibadorligi bilan turkiy tillar jahon tillari ichida alohida o’rin tutadi. Jahon tilshunosligida hind-ovro’po tillaridan so’ng turkiy tillar ham ilmiy, ham amaliy jihatdan ko’proq o’rganib kelinmoqda. Turkiy xalqlar tarixi va turkiy filologiya o’zaro bog’langandir. Turkiy filologiya turkiy xalqlar etnografiyasi, tarixi, yozuvi, madaniyatini o’zaro birlashtirib o’rganadi. Turkiy filologiyaning asosiy bahs mavzusi turkiy xalqlar tillari va adabiyotini o’rganish, uning ilmiy jihatdan tadqiq etish muammolari bilan shug’ullanadi. Turkiy filologiya-turkiy xalqlar xususiy filologiyasining umumlashmasidir. Turkiy filologiyaning xususiy va umumiy tomonlari mavjud. Turkiy filologiya barcha turklarning tili va adabiyotidan ma‘lumotlar beradi. Turklarning tili va adabiyotini ilmiy jihatdan tadqiq etgan tilshunos, adabiyotshunos va boshqa olimlarning ishlaridan xabardor etadi. Turkiy filologiyaning bu jihatlari uning umumiy tomonlarini tashkil etsa, xususiy tomonlari turkiy tillarning barchasini alohida-alohida o’rganish, bilishdir. Jumladan, turkiy tillarni o’rganishda, uni ilmiy tadqiq qilishda jahonning turli mamlakatlari, ayniqsa, arab, fors, rus xalqlarida mashhur filologlar bor. Ular qatorida turkiyalik tilshunos olim Fuat Bo’zqurt ham bor. Uning Istambulda «Turklarning tili» deb nomlangan kitobi 1992 yilda bosilib chiqdi. Bu asarda qadimdan to hozirgacha ma‘lum bo’lgan 26 turkiy tilga qisqacha ta‘rif beriladi. Turkiy tillar - ozari, xuroson, turkman, gagavuz, qarayim, chuvash, tatar, boshqurt, qo’miq, bolqor, qozoq, qoraqalpoq, qirg’iz, tuva, o’zbekoltoy, yoqut, xaloj, ko’kturk, uyg’ur, qoraxonli, chig’atoy, osmonli, Turkiya turkchasi borligini qayd etib, u quyidagicha yozadi: «Osiyo ko’zi yorigan bir ona kabidir. U o’tmishning qorong’u bir davrlaridan beri behisob xalqni o’z bag’rida ulg’aytirmoqda. Ular orasidagi farqlarni yo’qotmoqda. Ko’chmanchi uluslardan Er uluslarigacha bo’lgan buyuk xalq uning bag’rida ulg’aydi, uning qush uchmas, karvon o’tmas, kichik bir burchagida boshlangan siljish butun Er yuziga yoyilar». Turkiy filologiyaning tarkibiy qismlarini turkiy tilshunoslik va uning bo’limlari tashkil etadi. Turkiy folklorshunoslik, adabiyotshunoslik va uning bo’limlari ham shular jumlasiga kiradi. Turkiy filologiyaning predmetini esa turkiy filologiyaning paydo bo’lishi, shakllanishi, tadrijiy takomili, turkiy xalqlar tillarining o’rganishning ilk davridan to hozirgacha bo’lgan umumlashmasi tashkil etadi. Turkiy filologiya kursining predmeti bahsida turkiy, turk leksemalari xususida ham to’xtalish joiz. Chunki, turk etnonimi, turkiy so’zlari ifodalagan ma‘noni bilishimiz lozim. Ma‘lumki, xalqimiz tarixning juda uzoq davrida turk nomi bilan tanilgan. Aslida turk emas tur shaklida eramizdan oldingi U11-U1 asrlarda etnonim sifatida Avesto kitobida uchraydi. Qadimgi turkiylarda bu so’z «zo’r», «kuchli» ma‘nosida qo’llangan. Eramizning birinchi ming yilligi arafasida tur so’zi turk sifatida qo’llangan degan taxminlar ham mavjud. Turk hoqonligi zamonidan boshlab etnonimning xalq nomi sifatida qo’llanish sarhadi kengaydi. Mo’g’ullar Temuriylar davrida ancha faollashib qoldi. Xalqimiz turk, tilimiz turkiy deb atala boshladi. A.   Navoiy turkiy so’zini ikki ma‘noda: til nomi, ayrim turk elatlari orasida tarqalgan xalq nomi turi sifatida ishlatgan. U turk so’zini etnonim sifatida qo’llaganligini uchratmaymiz. Turkiy yoki turk etnonimining O’rta Osiyo xalqlariga, xususan, «o’zbek» deb yuritilayotgan xalqlariga nisbatan qo’llanilishi uzoq tarixga ega. Turkiy filologiya jumlasidagi turkiy so’zini turk xalqlariga taalluqli, turkiylarning filologiyasi, deb tushunish ma‘quldir. Bundan o’zbeklarniki so’zi kelib chiqmaydi, aksincha, barcha turk xalqlari tili, tilshunosligi, adabiyotshunosligi tushuniladi. Demak, turkiy so’zini A.   Navoiy qanday ishlatgan bo’lsa, shunday ma‘noda ishlatishimiz lozim. Ya‘ni, tilimizning nomi sifatida, turkiy filologiya, turkiy tilshunoslik, turkiy adabiyot va b. Demak, turk, turkiy so’zlari xususida ham bahslar Etarli. Buni siz yoshlar o’rganishingiz, mag’zini chaqishingiz kerak. Turkiy filologiyaning universitetlarda o’rganilishining asosiy maqsadi shundan iboratki, bu fan talabalarni turkiy xalqlar tillari va adabiyotini o’rgangan olimlarning ishlaridan ogoh etadi. «Turkiy filologiyaga kirish», jumladan, turkiy til va ularning boshqa til oilalariga bo’lgan munosabatini o’rganishda qo’l keladi. Oltoy nazariyasi, turkiy tillarning tarqalishi, turkiy xalqlarning yozuvlari, O’rxun- Enasoy, qadimgi uyg’ur, arab, lotin, rus grafikasi asosidagi yozuvlarni, bu yozuvlarni o’rgangan olimlar, bu yozuvlar asosida yaratilgan asarlar bo’yicha ma‘lumotlar bilan tanishtiradi. «Turkiy filologiyaga kirish» fanining asosiy vazifasi esa talabalarda turkiy filologiyaning ilk davrlarida paydo bo’lishi, bu haqdagi asarlar, uning taraqqiyoti, qolaversa, hozirgi o’zbek tilshunosligining o’tmishi, buguni, ertasi xususida bilimlar berishdir. Talabalar turkiy filologiyaning shakllanishi, uning Rossiyada o’rganilishi, xorijiy mamlakatlarda turkiy filologiya rivoji xususida ilm oladilar. 2. Turkiy xalqlar tillarini o’rganishning ilk davri. Er yuzida yashayotgan barcha xalqlar to’satdan yoki tasodifan paydo bo’lgan emas, ular turli nom-nishonlar bilan hayot so’qmoqlarini bosib o’tishgan. O’zbek xalqi ham asrlar osha skif, xun, qadimgi turkiy davrlarda tarixan shakllangan bir guruh turkiy qabilalar asosida tashkil topgan. Turkiy xalqlar, jumladan, o’zbek xalqi o’zining uzoq tarixiga ega bo’lishiga qaramay, XX asrning boshlarigacha turk, sart, chig’atoy, o’zbek atamalari bilan yuritilib kelindi. Turk atamasining urug’, qabila, ko’chmanchilar mamlakati, qudratli, alohida jangchilar, qurolsozlar, dubulg’a, sodda ma‘nolarda ishlatilgani qayd etiladi (Kononov A. N. «Opt analiza termina turk». S.E. 1 tom, 46-bet). Turkiy xalqlar tillari va adabiyotini ilmiy ravishda o’rganish an‘anasining paydo bo’lishi o’rta asrlarga borib taqaladi. Bu an‘ananing qaror topishida klassik arab filologiyasining va unda tahsil olgan olimlarning ilmiy-lisoniy faoliyati katta ahamiyatga ega. Klassik arab filologiyasining qachon paydo bo’lgani ma‘lum emas, chunki dastlabki ma‘lumotlar, asarlar bizgacha Etib kelmagan. Mavjud ma‘lumotlar esa bu fanning VII asrda paydo bo’lganidan dalolat beradi. Arab filologlari, xususan, arab tilshunoslari VIII-XIV asrlarda yuksak natijalarni qo’lga kiritdilar. Iso as-Sag’ofiy (VIII asr), Al Basriy Sibovayxiy (VIII asr), Al Mubarrad (IX asr), Al Dinavariy (IX asr), M.Zamaxshariy (XII asr), Abu Hayyon (XIII-XIV asr) kabi olimlar arab tili fonetikasi va grammatikasi to’g’risida mukammal, izchil ta‘limot yaratdilar. Arab tilshunosligi, ayniqsa, lug’atchilik sohasida ulkan yutuqlarni qo’lga kiritdi. Halil Ibn Ahmad al Farohidiy (VIII asr) «Kitob ul Ayn» lug’atini yaratdi. Fonetik-fiziologik printsipga asoslangan bu lug’at arab leksikografiyasining ibtidosi hisoblanadi. Bu lug’atning arab leksikografiyasi tarixida tutgan o’rnini shundan ham bilish mumkinki, Halil ibn Ahmaddan qariyb uch yuz yil keyin yashagan Mahmud Qoshg’ariy o’z asarini uning lug’atiga o’xshatib tuzish niyatida ekanligini ta‘kidlab ko’rsatadi. Arab leksikograflari lug’atning xilma-xil turlarini ijod etdilar. Al Asmaiy(1X asr) maqol va matallar lug’ati, Muhammad al Anbariy (X asr) qarama-qarshi ma‘noli so’zlar lug’ati, Abdulla ibn Qutayba (1X asr) 12 tomli qomusiy lug’atini yaratdi. XIV asrda yashagan mashhur filolog olim al Feruzabodiy 60 tomli (ba‘zi manbalarga qaraganda 100 tomli) qomusiy lug’at tuzgani haqida ma‘lumotlar bor. Arab leksikografiyasining imomi degan nomga sazovor bo’lgan Ismoil al Javhariy (X asr) lug’atchilikda alifbo printsipiga asos soldi. Uning qirq ming so’zlik lug’atida so’zlar o’zak oxiridagi tovushlarga qarab joylashtirilgan. Klassik arab filologiyasi degan ifodadan bu fanni faqat arablarning o’zlari yaratgan ekan, degan ma‘no kelib chiqmaydi. Arab filologiyasi an‘anasining tashkil topishi va taraqqiy etishida arablar bilan bir qatorda boshqa xalqlarning vakillari ham ishtirok etgan. Arab xalifaligida arab tili din tili bo’libgina qolmay, shu bilan bir qatorda, adabiyot va fan tili ham bo’lgan. Shuning uchun adabiyotda, fanda ma‘lum mavqe‘ga intilgan har bir kishi arab tilini mukammal bilishi va shu tilda ijod qilishi shart edi. Ingliz sharqshunosi E. Braunning «Eron adabiyoti va tarixi» asarida ko’rsatilishicha, islom madaniyatining «oltin davri» hisoblanmish abbosiylar sulolasi hukm surgan davrda (749-846 yillar) arab fani va madaniyatining eng mo’‘tabar vakillari deb sanalgan 45 kishidan 30 tasi boshqa xalqlar vakillari bo’lgan. Mashhur arab filologlaridan Sibovayxiy eronlik, M.Zamahshariy xorazmlik, Ismoil al Javhariy turkiy xalq vakili ekanligining o’ziyoq, arab fani, xususan, arab filologiyasi taraqqiyotida boshqa xalq vakillari qanday rol o’ynaganini ochiq-oydin ko’rsatadi. Arab filologiyasi an‘analari ta‘sirida tahsil ko’rgan olimlar o’rta asrlarda boshqa xalqlar tili va adabiyotini o’rganishda, xususan, turkiy xalqlar tili va adabiyotini o’rganishda katta rol o’ynaganlar. Bunday olimlarning ko’pchiligi mahalliy xalqlar orasidan Etishib chiqar edi. Turkiy filologiya fanining vujudga kelishi ham mana shu olimlarning ilmiy faoliyati bilan bog’liqdir. Asosiy adabiyotlar: 1. Qo’chqortoev I. Isabekov B. «Turkiy filologiyaga kirish» T. 1984. 2. Tursunov U. va b. «O’zbek adabiy tili» Toshkent 1995. 3. Abduazizov A. «Turkiy xalqlar tillari va tarixi». «O’zbekiston adabiyoti va san‘ati» gazetasi. 1993 yil 19 fevral soni. Qo’shimcha adabiyot lar : 1. Tursunov H. «Turk» va «turkiy» so’zlari haqida. «Qashqadaryo haqiqati» gazetasi. 1990 yil 31 oktyabr. 2. Zvegentsev V.A. «Istoriya arabskogo yazkoznaniya»Kratkiy ocherk.M.1958, 79 b. 3. Kononov A.N. «Opt analiza termina turk». SE. T-1. 1949, S.-42.