logo

Til sistema va struktura sifatida. Til sistemasining Ierarxik tuzilishi. Til sathlari o‘rtasidagi izomorflik

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

186 KB
Til sistema va struktura sifatida. Til sistemasining Ierarxik tuzilishi. Til sathlari o‘rtasidagi izomorflik Reja: 1. Til - belgilar sistemasi sifatida. 2. Semiotika va lingvosemiotika. 3. Til sistemasining ierarxik tuzilishi. 4. Til va nutq birliklari, ular o‘rtasidagi paradigmatik, sintagmatik va ierarxik munosabatlar. 5. Til sathlari o‘rtasidagi izomorflik. Asosiy tushunchalar Strukturalizm, sistema, struktura, ierarxiya, semiotika, lingvosemiotika, paralingvistika, metalingvistika, ifoda va mazmun, til sathlari, paradigmatika, sintagmatika, izomorfizm, invariant, variant, allofon, allomorf, alloleks, til birliklari va nutq birliklari. TIL - BELGILAR SISTEMASI SIFATIDA Olamdagi narsa va hodisalarning har biri o‘zaro chambarchas bog‘liq ichki guruhlarning bir butunligidan iborat bo‘lib, bunda har qaysi butunlik boshqa butunlik bilan uzviy munosabatda bo‘ladi. Buni hayvonot olami va o‘simliklar dunyosining o‘zaro va ayni paytda bilan insoniyat bilan uzviy aloqalari, ularning bir-birisiz yashay olmasligidan ham ko‘rish mumkin. Har qanday sistema ichki bo‘linuvchanlik xususiyatiga, muayyan ichki tuzilishga ega bo‘lgan 2 va undan ortiq birliklarning o‘zaro munosabatidan iborat bo‘lib, ayni paytda o‘zi alohida strukturani tashkil etadi. Demak, sistema qismlardan, bo‘laklardan iborat bo‘lsa, struktura ushbu qismlar, bo‘laklar o‘rtasidagi ichki munosabatdir. Ya’ni, sistema - butunlik, struktura – xususiylik hisoblanadi. Ular o‘zaro uzviy bog‘liq, bir-birini taqazo qiladi, ayni paytda har biri o‘ziga xos tomonlari, xususiyatlari bilan mustaqil bo‘ladi. Sistema strukturaga nisbatan murakkab, ko‘p tarmoqli hodisa, u bir-birini taqozo etuvchi, bir-biri bilan pog‘onaviylik munosabatida turuvchi uzvlardan tashkil topadi. Bu munosabatlar jins va tur, butun va bo‘lak munosabatlaridan iborat bo‘lib, ushbu pog‘onaviy munosabat tufayli ma’lum turlarga nisbatan jins, bo‘laklarga nisbatan butun bo‘lgan qism boshqa butun yoki jins tarkibiga bo‘lak yoki tur bo‘lib kirishi mumkin. Masalan, olma bir qator navlar (masalan, jonoqi, razmarin, semerinka va h.z. ) ga nisbatan jins, ushbu navlar o‘z navbatida tur bo‘lib kelsa, mevali daraxt larga va umuman o‘simlikka nisbatan tur, chunki daraxt ham o‘simliklarning muayyan turi hisoblanadi va ayni paytda, avvalo, mevali, mevasiz, dekorativ daraxtlar turlariga bo‘linadi. Ushbu turlarning har biri o‘z ichida har xil turlarga bo‘linishi ham barchaga ma’lum. Yoki fanlar sistemasini olsak, ular ham ichki tuzilishiga ko‘ra pog‘onaviydir. Masalan, fanlar, avvalo, tabiiy va ijtimoiy-gumanitar va texnika fanlariga, ular esa o‘z navbatida shu yo‘nalishga kiradigan fanlarga bo‘linadi. Har bir fan tuzilishiga ko‘ra ichki bo‘linishlarga bo‘linadi, har bir bo‘linish keyingi bo‘linishlar uchun kichik sistema vazifasini o‘taydi va bunda bo‘linuvchi sistemani, bo‘linma esa uning a’zosi vazifasini bajaradi. Fanlar sistemasida ma’lum bir fan tarmog‘i bilan munosabatda bo‘lmagan biror tarmoq mavjud emas. Ayni paytda bir ob’ekt bir necha fanlarning oralig‘ida o‘rganilishi ham kuzatiladi. Demak, ayrim bir fan boshqa tutash fanlarsiz to‘laqonli muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Sistemalarni mohiyatan 2 asosiy turga ajratish mumkin: material sistema va ideal sistemalar . Har qanday moddiy materialdan tayyorlangan inshoot, qurilma, imorat, tarkibiy qismlarga ajraluvchi ob’ektni yoki jonli organizmni esa material sistema deb hisoblash mumkin. Aynan moddiy sistemalar birlamchi material sistema deb ataladi. O‘zaro muayyan munosabatlar bilan bog‘langan g‘oya, tushuncha yoki fikrlar ideal sistemalar bo‘lib, ular semantik informatsiyaning ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan boshqa material tashuvchida mustahamlanadi. Bunday sistemalar ikkilamchi material sistemalar deb nomlanib, inson faoliyati natijasida yuzaga keladi va semiotik sistemalar deb yuritiladi. Aslida ikkilamchi sisemalar substansional, ya’ni mohiyatan mavjud bo‘lmaydi. Masalan, svetofor ranglaridagi ruxsat, man qilish, harakatga tayyorlanish ma’nolari aynan shu ranglarda mavjud emas, ularga ushbu ma’nolarni ifodalash yuklatilgan, buyurilgan, xolos. Til sistemasi uni tashkil etuvchi qismlari, strukturasiga ko‘ra juda murakkabligi, ko‘p yarusliligi bilan ajralib turadi. Tilning fonetik, leksik, morfologik, sintaktik sathlari struktura qatlamlari bo‘lib, ular bir butunlikni tashkil etadi va o‘zaro dialektik aloqadorligi bilan tilning mavjudligini ta’minlaydi. Tilning har bir birligi butunlikning qismi sifatida sistema tarkibiga kiradi. Ayni paytda til sistemasining har bir sathi o‘ziga xos sistemalar bo‘lib, ular ham muayyan struktural elementlardan – muayyan ijtimoiy vazifani bajaruvchi moddiy birliklardan tashkil topadi. Demak, tilni sistemalarning sistemasi , deb atash mumkin. Bunda til sathlarining yig‘indisi makrosistema bo‘lsa, ichki yaruslar sistemasi mikrosistema sifatida namoyon bo‘ladi. Til so‘z, morfema va fonemalarning oddiy yig‘indisi emas, balki bir butun sistema bo‘lib, uning ichki tuzilishi ierarxik munosabatga ega. Har bir pog‘onaga xos birlik 2 yoki undan ortiq uzvlarning o‘zaro munosabatidan tashkil topgan butunlikdir. Bir pog‘onada butunlik sifatida qaralayotgan ob’ekt o‘zidan yuqori pog‘ona tarkibiga uning unsuri (elementi) bo‘lib kiradi. Masalan, morfema morfemik sathda 2 yoki undan ortiq fonemalarning munosabatidan tashkil topgan butunlik sifatida qaralsa, morfologik sathda esa so‘z shaklning bir elementi sifatida namoyon bo‘ladi. Tilning ichki tuzilishi shunday tuzilishga ega, ya’ni har bir sath o‘z ichki strukturasiga nisbatan sistema, ayni paytda ushbu sistema bosh sath strukturasining elementi hisoblanadi . Shuning uchun ham til sistemalar sistemasi hisoblanadi. SEMIOTIKA VA LINGVOSEMIOTIKA Til nihoyatda murakkab va ko‘p tarmoqli hodisa bo‘lgani uchun u turli nuqtai nazardan tavsiflanadi: 1. Vazifasi nuqtai nazaridan til insonlarning o‘zaro fikr almashish, fikrni shakllantirish, ifodalash va vositasidir. 2. Tuzilishi, tashkil topishi nuqtai nazaridan til muayyan birliklar, ularning jami, ularni mantiqiy jihatdan bir-biri bilan bog‘lash qoidalaridir. 3. Mavjudligi nuqtai nazaridan til ijtimoiy hodisa, ijtimoiy mahsulotdir. 4. Informatsiya nazariyasi nuqtai nazaridan tilni kod bilan tenglashtirish mumkin. Tildagi kodlashtirilgan belgilar muayyan axborot tashish, uzatish, yetkazish vazifasini bajaradi. Bunda kod – axborotni yozib olish usuli, matn – axborot, ma’lumot berish vositasi hisoblanadi, kanal – axborot uzatiluvchi muhit, sharoitni ifodalaydi. 5. Semiotika nuqtai nazaridan til belgilar sistemasi, u moddiy boyliklar – tovushlardan tashkil topadi. Semiotika (yoki semiologiya) belgilar sistemasi haqidagi fan bo‘lib, belgilar, ularning tabiati, mohiyati, ko‘rinishlari, amal qilishi kabilarni o‘rganadi. Semiotikaning tekshirish ob’ekti jamiyatda qo‘llanadigan belgilar tizimi bo‘lib, bunda 2 tipdagi belgilar farqlanadi: tabiiy va sun’iy belgilar. Tabiiy belgilar aslida u yoki bu narsa, hodisaning tarkibiy bo‘lagi - alomatlar i bo‘lib, ular inson ongida muayyan tasavvurlarni uyg‘otishga xizmat qiladi. Sun‘iy belgilar shartli belgilar bo‘lib, ular predmet va hodisalar haqidagi tasavvurlarning o‘rnini bosish uchun xizmat qiladi. Ushbu belgilarning asosiy vazifasi ma’lum bir xabarni to‘plash, saqlash, yetkazish, ya’ni insonlar o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lishdir. Shu bois ularni kommunikativ-informativ belgilar deb atash mumkin va ularga turli timsollar, signallar ni kiritish mumkin. Sun’iy belgilar grafik, tovushli va harakatli bo‘lishi mumkin. Jumladan, yo‘l harakati belgilarini grafik, signallarni tovushli, qushlar va hashoratlarning ma’lum yo‘nalishlarda uchishi, imo-ishora, mimikalar harakatli belgilar sifatida muayyan ma’nolarni ifodalashga xizmat qiladi. Bu o‘rinda ayrim turlarga moslashtirilgan Morze, Brayze alifbolarini ham misol sifatida keltirish mumkin. Til ham muayyan belgilar sistemasi hisoblanadi va ma’no, tushuncha, fikr kabilarning ramziy belgisi bo‘lib keladi va jamiyatda mavjud boshqa belgilar bilan umumiylikka, o‘xshashlikka ega. Shu bois tilshunoslik va semiotika fanlari ham o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, ularning o‘zaro munosabatidan tilni belgilar sistemasi sifatida o‘rganadigan lingvosemiotika fani ham yuzaga kelgan. U tildagi belgilar tizimini boshqa nolisoniy belgilar va ramzlar bilan qiyoslab o‘rganadi (ramzlarning obrazliligi (masalan, qo‘l berish – do‘stlik belgisi), signallarning bir tomonlamaligi (masalan, trevoga signali). Demak, jamiyatda belgilarning turli xillari mavjud bo‘lib, ularning har biri: belgi-alomatlar, belgi-signallar (ishoralar), belgi-simvollar (ramzlar) va til belgilari o‘ziga xos va mos vazifani bajaradi. Til tarkibini tashkil etuvchi struktural elementlar – morfema, so‘z, so‘z birikmasi, gap, matn va boshqalar muayyan informatsiyani olish va yetkazish uchun xizmat qilishi bilan informativ belgilarning eng asosiysi hisoblanadi va 2 tomonlama: informatsiyani ham qabul qilish, ham yetkazish vazifasini bajaradi. Til grafik belgilar sifatida ham, (yozuv, harf vositasida), tovushli belgilar sifatida ham (og‘zaki so‘zlashuv, tovush vositasida), harakatli belgilarning o‘rnida ham qo‘llana oladigan ko‘p tarmoqli belgilar sistemasidir. Shuning uchun tilni belgilarning belgisi deb atash mumkin. Til birliklarini 2 guruhga ajratish mumkin: - tilning asosiy birliklari – fonema va morfema; - tilning konstruktiv birliklari – so‘z(leksema) va gap. Bunda fonema til birligining ifoda tomoni va u til birliklarini ma’no jihatidan farqlashga xizmat qiladi. Leksema lug‘aviy ma’no ifodalovchi morfema, morfema esa grammatik ma’no ifodalovchi va so‘z shakllarini hosil qiluvchi birlikdir. Har qanday til birligi nutq jarayonida bir nechta variantlar: fonema fonlar (allofon, tovush), leksema (alloleks, leksema varianti), morfema morf (allomorf, morfema varianti), so‘z so‘z shakli, gap jumla, allofrazema orqali namoyon bo‘ladi. Bunda: mustaqil pozitsiyadagi tovush invariant, tobe pozitsiyadagisi uning varianti ; morfema – invariant, uning nutqdagi variantlari esa allomorf yoki morfema variantlari hisoblanadi Til birliklarining bunday farqlanishi F.De Sossyur tomonidan ilgari surilgan til va nutq dixotomiyasi asosida yuzaga kelgan. Unga ko‘ra konkret zamon va makondagi individ nutqida muayyan sintaktik model asosida yuzaga chiqqan har bir jumlada 2 qator hodisalar mavjud bo‘ladi: 1) nutq so‘zlangunga qadar so‘zlovchi xotirasida mavjud bo‘lgan birliklar va grammatik sxemalar bo‘lib, ular “til faktlari”dir. 2) nutq so‘zlash jarayonida so‘zlovchi sub’ektining ijod mahsuli sifatida aniq zamon va makonda muayyan maqsadni ko‘zlab bayon qilgan fikri -“nutq faktlari”dir. Ko‘rinadiki, til va nutq o‘zaro farqli hodisalar, ayni paytda biri-birisiz mavjud bo‘la ololmaydi. Nutq tilsiz yuzaga chiqa olmaydi, til esa nutqni amalga oshirish uchun yashaydi. Til va nutqning o‘rtasidagi ushbu ziddiyat mohiyat va hodisa dialektikasidan kelib chiqadi va tilning barcha sathlarini qamrab oladi. TIL SISTEMASINING IYERARXIK TUZILISHI Tilning o‘zaro bog‘liq va bir-birini taqazo etuvchi bir qancha qatlamlardan iborat ekanligi haqidagi qarash o‘zining uzoq tarixiga ega. Sistemaviy-struktur tilshunoslikning shakllanishi va rivojlanishi til ichki tuzilishining o‘ziga xos xususiyatini, til ichki birliklarining oddiydan murakkabga qarab bosqichmabosqich rivojlanib borishi, bunda quyi bosqich birligi o‘zidan yuqoriroq bosqich birligida o‘z funksiyasini ko‘rsatishini ilmiy asoslab berdi. Xususan, til tuzilishining an’anaviy tilshunoslikda 3 asosiy qism: fonetik, leksik va grammatik qismlarga bo‘linishi va tilshunoslikning bu qismlarni o‘rganadigan 3ta bo‘limga ajratilishi ushbu qatlamlarni bir butunlikda tushunishning yorqin namunasidir. XX asrning 50-yillaridan boshlab tilshunoslikda lingvistik sath tushunchasi maydonga keldi. Til mohiyatining 2 tomonlama ekanligi, tildagi shakliy va mazmuniy tomonlarning har biri o‘z ichki tuzilishiga ega ekanligi, har qaysisi o‘z uzvlaridan tashkil topgan ichki sistema ekanligi, ular o‘rtasidagi munosabat tilni harakatga keltirishi haqidagi qarashlarning barcha tomonidan e’tirof etilishi nafaqat «lingvistik sath» tushunchasining paydo bo‘lishiga, balki uning juda keng ma’noda qo‘llana boshlashiga olib keldi. Til birliklarini turli belgilar asosida birlashtirish mumkin. Tilni sathlarga ajratishning asosiy belgisi lingvistik birliklarning iyerarxik – pog‘onaviylik xususiyati bo‘lib, o‘zaro pog‘onaviy munosabatda bo‘lmagan nisbiy bir xil birliklar munosabatini lingvistik sath deb tushunish mumkin. Bir sath birliklarining boshqa sathdagi (o‘zidan katta yoki kichik) bo‘lgan birliklar bilan pog‘onaviy munosabatda bo‘ladi. Bunda quyi sath birligi yuqori sath birligidan tashkil topadi, ya’ni u yuqori sath birligi tarkibiga kirish xususiyatiga ega. Odatda, til sathlari o‘rtasida quyidan yuqoriga bo‘lgan munosabat e’tirof etiladi va shundan kelib chiqib, tilga yagona iyerarxik shakllangan sistema deb, tilning ichki tuzilishiga nisbatan bunday yondashuv esa kompozitsion konsepsiya deb qaraladi. Hodisalar pog‘onaviy munosabatida gomogen va geterogen munosabatlar farqlanadi. Gomogen munosabatda birliklarning bittasi boshqalari uchun namuna, etalon deb qabul qilinadi. Masalan, qiyoslanayotgan 2 tovushdan mustaqil pozitsiyadagi tovush invariant, tobe pozitsiyadagisi uning varianti hisoblanadi. Til ierarxiyasi esa geterogen, ya’ni ko‘p tarmoqli tizimdir. TIL VA NUTQ BIRLIKLARI, ULAR O‘RTASIDAGI PARADIGMATIK, SINTAGMATIK VA IERARXIK MUNOSABATLAR Tilning murakkab sistema sifatida ijtimoiy-amaliy vazifani bajarishida til sistemasining struktural birliklari o‘zaro bog‘liq va mantiqiy uyushgan holda harakatga keladi va ob’ektiv borliqdagi narsa va hodisalar haqida xabar beradi. Bunda fonema, morfema, leksema va model – til birliklari, tovush, so‘z, so‘z birikmasi va gap – nutq birliklari hisoblanadi. Til va nutq kabi til va nutq birliklari ham o‘zaro uzviy bog‘liq. Til birliklari nutq birliklari uchun moddiy asos vazifasini o‘taydi, nutq birliklari esa til birliklarining harakatdagi ko‘rinishi bo‘lib keladi. Til birliklari Nutq birliklari fonema tovush morfema so‘z leksema so‘z birikmasi model gap  TIL BIRLIKLARI VA ULARGA XOS XUSUSIYATLAR 1. Fonema – tilning eng kichik minimal birligi, biroq til sistemasida eng maksimal vazifani bajaradi. U ta’sir qilish, sezgi uyg‘otish quvvatiga ega. Fonema morfema va so‘zlarni farqlaydi, faqat ifoda tomoniga ega. Fonema inson nutq a’zolari yordamida hosil qilinadigan tovush tiplarining nutqqacha bo‘lgan, reallashmagan, umumlashgan andozalari bo‘lib, invariant hisoblanadi. Uning nutqda so‘z tarkibidagi ko‘rinishi, qurshov tovushlar ta’sirida paydo bo‘lgan qiyofasi esa variantdir. 2. Morfema - tilning eng kichik ma’no birligi, shakl va mazmun jihatiga ega 2 tomonlama birlik. So‘z shakli tarkibida ishtirok etayotgan morfema varianti – morf deyiladi. Morfning faqat o‘zi uchun qulay vaziyatlarda yuzaga chiqadigan, tanlab ishlatiladigan shakli allomorf deyiladi. Morfema so‘z kabi mustaqillikka ega emas, u nutqda leksema, so‘z shakli tarkibida funksional qism sifatida qo‘llanadi. 3. Leksema - morfema kabi 2 tomonning: tovush va ma’no, ifoda va mazmunning bir bsi va gap kabi utunligidan tashkil topadi. Leksemaning tovush, ifoda touning jamiyat a’zolari moniga nomemalar, ma’no –mazmun tomoniga denotatlar – predmetlar kiradi. Leksemaning eng muhim xususiyati uning jamiyat a’zolari uchun tayyorligidir. Leksema til sistemasining lug‘at boyligi, u so‘z birikmasi va gap uchun material hisoblanadi. 4. Model – muayyan qolip, tayyor qurilma bo‘lib, leksemalar va morfemalar ushbu qoliplar asosida birikadi. Odatda, har bir tilda o‘ziga xos qoliplar andazalari, chizmalari mavjud bo‘ladi. Til birliklari birikish jarayonida shu qoliplarning muayyan chizmasi asosida birikishi talab etiladi NUTQ BIRLIKLARI VA ULARGA XOS XUSUSIYATLAR 1. Tovush - nutq birligi, fonemaning nutqda voqelashgan, reallashgan moddiy shakllangan asosi. Tovush til birliklari - morfema, leksemalarning moddiy qobig‘i, ifoda tomoni hisoblanadi. Tovush xususiylik sifatida fizik, akustik, fizioligik va lisoniy xususiyatlarga ega. U fonemaga nisbatan birlamchi hodisa va fonema bo‘la oladi, muayyan birliklarni funksional-semantik jihatdan farqlaydi va ijtimoiy vazifa bajaradi. 2. So‘z –nutq birligi bo‘lgan tovushlar kompleksidan tashkil topgan ijtimoiy belgidir. U tilda tayyor turadigan, imkoniyatlar majmuasi bo‘lgan leksemaning voqelanishi, ro‘yobga chiqishi, moddiy ko‘rinishidir. Demak, so‘z xususiylik sifatida namoyon bo‘ladi va perseptiv (tovush tomoniga egalik), nominativ (atash funksiyasi)va signifikativ (ma’no, tushuncha ifodalash) vazifalarni bajaradi. 3. So‘z birikmasi –leksema va so‘zlarning nutq jarayonida erkin birikuvidan tashkil topadigan, nutq jarayonida yetishtiriladigan birlik. U gap bilan so‘z orasidagi oraliq nutqiy birlik - nutq mahsuli sifatida baholanadi va gap uchun qurilish materiali bo‘lib xizmat qiladi. So‘z birikmasi ham nominativ - atash vazifasini bajaradi, uning ma’nosi tarkibidagi mustaqil so‘zlar ma’nolaridan kelib chiqadi, biroq ushbu so‘zlar semantikasiga qaraganda aniqroq, chuqurroq, murakkabroq va kengroq mazmunga ega. So‘z birikmasi tarkibidagi komponentlar o‘zaro tobe-hokim munosabatida bo‘ladi. Har bir so‘z birikmasi asosida so‘z valentligi - so‘zlarning birikuvchanlik imkoniyati yotadi. 4. Gap – ifoda va mazmun jihatlariga ega bo‘lgan, fikr ifodalash (axborot olish va axborot berish), ya’ni kommunikatsiya akti birligi hisoblanadi. Gap grammatik, intonatsion tugallikka ega bo‘lgan va muayyan hukmni bildiradigan birlik. Ayni paytda gapda borliqqa munosabat– modallik ham ifodalanadi. Til va nutq birliklari o‘zaro paradigmatik, sintagmatik va ierarxik munosabatda bo‘ladi. Paradigmatik munosabat til birliklarining umumiy grammatik ma’nolariga ko‘ra bir qatorga, paradigmaga birlashishi bo‘lib, bunga misol sifatida so‘zlarning turlanish yoki tuslanish qatoriga birlashishi va bosh, asosiga ko‘ra farqlanishini keltirish mumkin. Masalan, kitob, kitobni, kitobning, kitobda, kitobdan so‘zlarining ma’nosi bosh kelishik shakliga ko‘ra qiyoslanadi va muayyan til birliklarining vertikal yo‘nalishdagi imkoniyatlari sifatida baholanadi. Nutqiy vaziyatda esa ulardan bittasigina voqelanadi. Sintagmatik munosabat da esa til birliklarining o‘zaro semantik-sintaktik munosabatga kirishishi va gorizontal yo‘nalishda birikmalar hosil qilishi tushuniladi: kitobning qadri, kitobni o‘qish kabi. Demak, paradigmatik munosabat til birliklarining nutqqacha bo‘lgan til hodisasi bo‘lsa, sintagmatik munosabat til birliklarining nutq jarayonidagi mantiqiy munosabatidir va u nutq hodisasi sifatida qaraladi. Nutq jarayonida tovushdan so‘z, so‘zdan so‘z birikmasi, so‘z birikmasidan gap hosil qilinishi, ularning asosida turgan til birliklari fonema, morfema, leksemalarning ham muayyan til modelini hosil qilishda o‘zaro shunday munosabatda turishi ularning ierarxik munosabat ini ko‘rsatadi. TIL SATHLARI O‘RTASIDAGI IZOMORFLIK Izomorfizm (lotincha izo a, – o‘xshash, morfo-shakl) tilning turli sathlari birliklarining ichki tuzilishi o‘rtasidagi o‘xshashlikni bildiradi. Ushbu atama ilk bor Ye.Kurilovich tomonidan kiritilgan bo‘lib, uning fikricha, tovush komplekslari (masalan, bo‘g‘in ) va semantik komplekslar (masalan, gap) funksional, vazifaviy munosabatlaridan qat’i nazar, chuqur struktur parallelizmga ega. Aynan shu holat, ya’ni ular o‘rtasidagi o‘xshashlik izomorfizm deb nomlanadi. Tilshunoslik tarixida tilning fonologik, morvemik, leksik, grammatik sath birliklari ko‘p hollarda avtonom holda, ularning aloqadorligi va o‘xshash nuqtalarining mavjudligi, ya’ni izomorflik e’tiborga olinmagan holda o‘rganildi. Sistemaviy tilshunoslikning maydonga kelishi, uning tilni o‘rganishda aniq metodlarga tayanishga intilishi til sathlari o‘rtasidagi izomorfizmga jiddiy e’tibor qaratilishiga sababchi bo‘ldi. Izomorfizm tilning turli xil sathlararo munosabatlarda kuzatiladi. Jumladan, bo‘g‘in va gap o‘rtasidagi izomorfizm quyidagilarda ko‘rinadi:  bo‘g‘in asosida unli tursa, gap asosida fe’l turadi;  bo‘g‘inning markaziy birligi unli bo‘lib, u undoshlar bilan kengayishi mumkin, gapning markaziy birligi fe’l kesim ham unga tobe so‘zlar bilan kengayishi mumkin bo‘lgan kengaytiruvchi bo‘lakdir;  bo‘g‘in ayrim holatlarda unlisiz hosil bo‘lishi mumkin, fe’l qatnashmagan gaplar ham mavjud va ular chegara holatlar sanaladi. Sathlararo izomorfizmni aniqlash yuqori sath birliklarini o‘rganishda quyi sathlarda qo‘llanilgan tekshirish metodlarini qo‘llash imkoniyatini yaratadi. Bu quyi bosqichda qo‘llanilgan sodda metodlar yordamida murakkab birliklarni ham o‘rganishga rdam beradi. Shuningdek, hozirgi kunda bir-biri bilan aralashtirib yuborilayotgan transformatsiya va derivatsiya hodisalarini tekshirishda morfologik o‘zgarish bilan sintaktik o‘zgarish o‘rtasidagi hamda leksik yasalish bilan sintaktik yasalish o‘rtasidagi izomorflikka tayanish lingvistik birliklar o‘zgarishi (transformatsiyasi) va yasalishi (derivatsiyasi) o‘rtasidagi o‘xshash va farqli belgilarni yoritishda muhim ahamiyatga ega. Adabiyotlar: 1. Кондрашев Н.A. История лингвистических учений. – M.,1979. 2. Usmonov S. Umumiy tilshunoslik. – T., 1972. 3. Кодухов В.И. Общее языкознание. – M., 1974. 4. Baskakov N.A., Sodiqov A.S., Abduazizov A.A. Umumiy tilshunoslik. –T., O‘qituvchi, 1979. 5. Щербак A.M. Сравнительная типология тюрских языков. –Л., 1970. 6. Амирова Т., Олховиков Б.А., Рождественский Ю.В. Очерки по истории лингвистики. – М., 1975. 7. Loya Я.В. История линвистических учений. – M.,1968. 8. Nurmonov A. O‘zbek tilshunosligi tarixi. – T., 2002. 9. Ломтев Т.П. Современное языкознаниe и структурная лингвистика. /В кн: “Тоеритическое языкознание”. – М., 1964. 10. Ф. де Соссюр. Труды по языкознанию. – М., 1977. 11. Ф. де Соссюр. Курс общей лингвистики. – M., 1977. 12. Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. – T., 2016.