logo

Til lison va nutq munosabati. lisoniy paradigma va uning asosiy turlari

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

453 KB
Til lison va nutq munosabati. lisoniy paradigma va uning asosiy turlari Rеjа: 1. Lisoniy UMIS va YAHVO 2. Til, lison va nut q munosabati 3. Til sathlari va lisoniy birliklar 4. Fonema va tovush 5. Leksema va so‘z 6. Morfema va qo‘shimcha 7. Qolip va hosila 8. Lisoniy paradigma 9. Lisoniy munosabat va uning asosiy turlari 10. Lisoniy ziddiyat va uning asosiy turlari 11. Lisoniy tasnif va uning turlari haqida tushuncha Lisoniy UMIS va YAHVO. UMIS (zot) va Y А HVO (tajalli) butun dialektikaning, ya’ni butun borliq - tabiat, jamiyat va inson tafakkurining asosiy munosabat qonunlaridan biri bo‘lganligi sababli, u har bir fanda o‘ziga xos tarzda xususiylashadi. UMISning tildagi tajallisi lison, Y А HVOniki esa nutq deb yuritiladi. Lison va nutqning majmui til deyiladi. Yuqorida aytilganidek, tilshunoslar uzoq zamonlar davomida tildagi o‘rganish manbaining UMIS va Y А HVO yoki lisoniy va nutqiy jihatlari ixtilofi (dialektikasi) mohiyatiga yetolmay, boshi berk ko‘chada cheksiz xususiyliklar doirasida o‘ralashib qoldilar. Tilshunoslikda lisoniy va nutqiy jihatlarni farqlashga intilish ushbu fan bilan tengqurdir. Chunki har qanday fan cheksiz hodisalarni umumlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Xususiy hodisalar zamiridagi umumiylikni ko‘rishga intilish bilishning har ikkala bosqichi (fahmiy va idrokiy) da ham mavjud. Shu boisdan aytish mumkinki, bilishning fahmiy bosqichi mutlaq xususiyliklar bilan o‘ralashib qolmaganligi kabi, idrokiy bosqich ham mutlaq umumiylikni - UMISni tiklay olmaydi. Biroq har bosqich o‘z vazifalariga ega. Chunki har bir davr o‘z fani oldiga muayyan maqsad va aniq talablarni qo‘yadi. «Fanlarning taraqqiyoti shu davrning ilg‘or falsafiy fikri, davr uchun yetakchi bo‘lgan fan sohalarining yutuqlari bilan uzviy bog‘liq. Turli fanlarning manbalari ko‘p qirrali bo‘lganligi sababli, davrning yetakchi falsafiy fikri aniq fanlardan o‘rganish manbaining qaysi tomonlariga alohida e’tibor berish lozimligini, borliqdagi mavjud qonuniyatlarni mantiqiy kategoriyalarda qay usulda aks ettirish yo‘llarini belgilab beradi» (H.Ne’matov). Shu asosda aytish mumkinki, o‘zbek tilshunosligining birinchi bosqichi dialektika nuqtai nazaridan tildagi UMIS va YHVOni bir-biridan farqlamay tasnif etish bosqichidir. Tilshunoslikda lison va nutqni izchil farqlab o‘rganish avvalo tilshunoslar V. fon Humboldt, B.de Kurtene va F.de Sossyur nomi bilan bog‘liq. Lison va nutqning farqlanishi, tilga tizim sifatida yondashuv XX asr jahon tilshunosligida inqilobga teng hodisa sifatida baholanadi. Chunki bu hodisa tilshunoslikdagi mavjud qarashlarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Tilga, xususan, o‘zbek tiliga sistema sifatida yondashuvning dastlabki yillarida lison o‘rnida til atamasi qo‘llanilib, u ko‘p ma’nolilik tabiatiga ega bo‘lganligi sababli, ayrim chalkashliklarni keltirib chiqarar edi. Chunonchi, insonning nutq so‘zlash qobiliyati ham, nutqi ham ushbu atama bilan yuritilar edi. Atamalarga esa bir ma’nolilik xos bo‘lib, ko‘p ma’nolilik ilmiy aniqlikka putur yetkazadi. Shu boisdan nazariyotchi tilshunoslar UMISning tildagi voqelanishiga nisbatan lison atamasini qabul qildilar. Natijada til, lison, nutq munosabati quyidagicha tushunildi: Til, lison va nutq munosabati. Yuqorida UMIS va Y А HVOning tildagi tajallisi misolida lison va nutqning o‘zaro munosabati haqida kirish xarakterida so‘z yuritildi. Endi unga batafsil to‘xtalinadi. Lison deyilganda ma’lum bir jamiyatning barcha a’zolari uchun avvaldan (oldingi avlodlar tomonidan) tayyor holga keltirib qo‘yilgan, hamma uchun umumiy va majburiy, fikrni ifodalash va boshqa maqsadlar uchun xizmat qiladigan birliklar hamda bu birliklarning o‘zaro birikish qonuniyatlari yig‘indisi tushuniladi. Demak, lisonda birliklar va birikish qonuniyatlari farqlanadi. Har qanday lisoniy birlik psixofizik tabiatli bo‘ladi. Shu bilan birga ular ikki tomonning bir butunligidan iborat: a) lisoniy birlikning shakliy, tashqi tomoni; b) lisoniy birlikning ma’lum bir vazifasi, ma’noviy qiymati. Lisoniy birliklar UMIS sifatida mavjud ekan, u moddiylikdan xoli bo‘lmog‘i lozim. Bunda «lisoniy birlikning tashqi tomoni» ko‘rinishga, moddiylikka ishora qilmaydimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘g‘ri, lisoniy birlik moddiy qiyofadan xoli. Biroq ular ongda qandaydir tarh, ramz sifatida saqlanadi. Masalan, [a] fonemasining talaffuz xususiyatlari xaqida umumlashma tasavvur o‘zbek tilida so‘zlashuvchi barcha jamiyat a’zolari ongida birdir. Bu [a] fonemasining shakli, tashqi tomoni bo‘lsa, uning ma’no farqlash, chegaralash tomoni ichki jihati sanaladi. [a] fonemasi xususiyatlari va ma’no farqlashning o‘ziga xos birligi, yaxlitligi sifatida ongda mavjud bo‘ladi. Har bir fonemaning ma’no farqlash va talaffuz xususiyatlari umumlashmasi o‘ziga xos bo‘lib, biriniki ikkinchisinikidan farqlanadi va mustaqil fonemaga qo‘yilgan talab ularning aynan o‘xshash bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Lisoniy birliklarining bu tashqi va ichki tomonini bir-biridan ajratish uchun ulardan birini mutlaqlashtirish mumkin emas. Ichki va tashqi tomon bir varaqning ikki betiga o‘xshaydi va ularni ajratib bo‘lmaydi. Nutq esa yuqorida ta’riflangan lisoniy so‘zlashish qobiliyati asosida ayrim shaxs tomonidan ma’lum bir xabar berish maqsadi uchun ishga solinish yoki qo‘llanish natijasidir. Bir-birini shartlovchi, bir-biriga bog‘liq bo‘lgan «lison - nutq qobilyati - nutq» zanjirida faqat nutqqina tashqi (moddiy) shaklda (og‘zaki, yozma) namoyon bo‘ladi va bizning sezgi a’zolarimizga ta’sir qiladi. F.de Sossyur lison-nutq munosabatini shatranj o‘yini qoidalari asosida tushuntirib berishga harakat qilgan. Shaxmat donalari va har bir donaning yurish qoidasi ongimizdagi lisoniy birliklar va ularning birikish imkoniyatlariga, o‘yinchi bamisoli so‘zlovchi bo‘lib, shaxmat o‘yinini bilishi esa so‘zlovchining nutq qobiliyatiga o‘xshaydi. Donalarning harakatlantirilishini nutqqa qiyoslash mumkin. Qiyoslang: shaxmat - o‘ynash qobiliyati lison - nutq qobiliyati – nutq Shaxmat donalari va ularning yurish imkoniyatlari o‘ynovchilarning barchasi uchun umumiy bo‘lganligi kabi lisondan foydalanish ham shu tilda so‘zlashuvchilar uchun tengdir. Lison va shatranj qurilmalari o‘zaro qiyoslanadigan bo‘lsa, avvalo, ularning birliklari orasida umumiy o‘xshashliklar borligini ta’kidlash lozim. Har ikkala qurilma ham birliklar sistemasi (tizimi) va bu birliklarning o‘ziga xos vazifalari bilan ish ko‘radi. Bunda ma’lum qoida va qonunlarga tayaniladi. Har ikkala holatning ham ishtirokchilari insonlar bo‘lib, ular har ikkala faoliyatda ham ma’lum bir imkoniyatlarni ishga soluvchilardir. Shu boisdan shaxmat taxtasi, uning donalari, shaxmat o‘yinining tashqi, moddiy tomonini lisoniy birliklarning tashqi tomoniga, shaxmat o‘yini qoidalari - donalarining joylashuvi, harakat qoidalari, ya’ni shatranj o‘yinining ichki tomoni xaqidagi tasavvurlarni lisoniy birliklarning mazmun mundarijasiga qiyoslash mumkin. Lison va nutq munosabatiga dialektik, dialektika kategoriyalari nuqtai nazaridan yondashilganida, u haqdagi tasavvur va bilimlarimiz to‘laqonli bo‘ladi. Til sathlari, nutqiy va lisoniy birliklar. Lison va nutq munosabatiga dialektikaning umumiylik va yakkalik, mohiyat va hodisa, imkoniyat va voqelik, sabab va oqibat munosabati asosida yondashilsa, masala yanada ravshanlashadi: Lison bilan nutqning o‘zaro munosabatini yaxshi anglamoq uchun, avvalo, lisonning o‘zini, uning qanday qurilma ekanligini aniq tasavvur etmoq lozim bo‘ladi. Lison bo‘linuvchan birliklarning majmui yoki turg‘un xususiy birliklarning o‘zaro barqaror, doimiy bog‘lanish munosabati asosida tashkil topgan yangi bir butunlikdir. Masalan, gap so‘zlar va qo‘shimchalarga, ular esa tovushlarga bo‘linadi. Shu nuqtai nazardan lisoniy birliklarni avvalo, ikki guruhga ajratish mumkin: a) tashkil etuvchi eng kichik lisoniy birliklar; b) hosila lisoniy birliklar. O‘zbek tilidagi fonemalar ma’lum bir butunlikni, bir sath (fonologik sathni) ni tashkil etadi. Bu sath esa unlilar va undoshlar tizimlaridan tashkil topadi. Deylik, unlilar tizimi yana ikkig - lablanmagan unlilar ([ i ]-[ e ]-[ a ]) va lablangan unlilar ([ u ]-[ u ]-[ o ]) tizimchalaridan tashkil topgan. Ko‘rinadiki, tashkil etuvchining o‘zi ham tashkil etuvchilardan tashkil topadi. Demak, tashkil etuvchilik nisbiy tushunchadir. Bunda minimal tashkil etuvchigina boshqa bo‘laklarga bo‘linmasligi mumkin. Minimal tashkil etuvchi nafaqat birliklarni, shu bilan birgalikda, birliklarning o‘zaro munosabatlarini ham o‘z ichiga oladi. Shuni ta’kidlash lozimki, eng kichik (minimal) tashkil etuvchilar bo‘lgan fonemalar yana ichki va tashqi jihatlarga ajraladi. Aytilganlar asosida, lison, nutq birliklari sifatida quyidagilarni ajratamiz va lison va nutq birliklari ham lison va nutq kabi UMIS va YHVO munosabatida bo‘ladi: Fonema va tovush . Eng kichik lisoniy birlik fonemalardir. Fonema muayyan til egalarining ma’lum tovushlar tipi haqidagi umumiy tasavvurlaridir. Har bir fonema so‘zlovchilar ongida o‘z tipini farqlovchi belgilari majmui asosida vujudga kelgan maxsus «akustik-artikulyatsion portret» yoki «tovushlar obrazi» sifatida saqlanadi. Muayyan fonemaning farqlovchi belgilari uning artikulyatsion va akustik xususiyatlari asosida shakllanadi. Artikulyatsion belgilar muayyan tovushlarni talaffuz qilish uchun nutq a’zolarining bir xildagi harakatga moslashgan avtomatik, standart holatlari haqidagi tasavvur bo‘lsa, akustik belgilar sifatida bir turdagi tovushlarga xos talaffuz sifati va miqdori tushuniladi. Ma’lumki, inson narsalarni ularning umumlashtiruvchi va farqlovchi belgilari asosida esda saqlaydi. Esda saqlanishi lozim bo‘lgan narsa miqdor jihatdan ko‘p bo‘lsa, eslab qolishning asosiy yo‘li tasniflash, ya’ni guruhlarga ajratishdir. Tasnif esa o‘xshash va noo‘xshash, umumiy va farqlovchi belgilarini aniqlash asosida kechadi. Bu tamoyil barcha lisoniy birliklar, xususan, fonemalar tasnifida ham to‘la amal qiladi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida 30 ta fonema so‘zlovchi ongida, avvalo ikki guruh - unlilar va undoshlarga bo‘lingan holda mavjud bo‘ladi. Bu guruhlar tovushlar talaffuzidagi ovoz va shovqinning ishtiroki darajasiga qarab belgilanadi. Bo‘linish shu tarzda alohida fonemagacha davom etib boradi. Unlilar ham, undoshlar ham qarama-qarshi belgilari asosida kichik guruhchalarga bo‘linib boraveradi. Masalan, o‘zbek tilidagi 6 ta unli bir tizim bo‘lib, ular shovqinsizligi bilan undoshlardan ajraladi. Biroq bu tizimchaning o‘zi ham unsurlarning qarama- qarshi belgilari asosida bo‘linadi. Unlilarning qarama-qarshi qo‘yilishi quyidagicha: i  u - e  o’ - a  o Fonemalarning ma’no farqlash xossasi mavjud bo‘lib, bir fonemaning turli ko‘rinishlari bo‘lgan tovushlarda bu hodisa kuzatilmaydi. Bir fonemaning nutqiy varianti bo‘lmish tovush boshqa fonemaning varianti bo‘lgan tovush bilan almash- tirilsa, so‘z ma’nosi yangilanadi, ya’ni boshqa so‘zga aylanadi. Qiyoslang: [ qora ] va [ qara ], [ ota ] va [ ata ], [ ona ] va [ ana ]. Shu boisdan ham fonemaga tilning ma’no farqlovchi eng kichik birligi deb ta’rif beriladi. Bir fonemaning turli variantlari ma’no farqlamaydi. Masalan, til oldi va til orqa ( o‘ ) unlilari quyidagi so‘zlarda ma’no farqlamagan: o‘l-o‘l. Leksema va so‘z . Lisonning borliq hodisalarini nomlash, ifodalash, ko‘rsatish uchun xizmat qiluvchi birligi leksemadir. Lisoniy birlik sifatidagi leksema biri ikkinchisisiz mavjud bo‘la olmaydigan ikkita psixofizik tomon - akustik struktura (tovush qobig‘i) ya’ni nomema hamda ma’lum bir tushuncha asosida vujudga kelgan mazmuniy struktura, ya’ni sememaning birligidan iborat. Lisoniy birlik sifatidagi leksemalarning tovush strukturasi fonetik birliklar ko‘rinishlar (variant) larining turlicha kombinatsiyalari asosida vujudga kelgan. O‘zbek tilida mavjud leksemalarning barchasining shakliy tomoni tilimizda mavjud 30 ta fonema asosida, xolos. Shu boisdan tashqi fonetik strukturasi asosida leksemalarni kuchli va kuchsiz ziddiyatlarga qo‘yish mumkin. Kuchli oppozitsiyalar bittadan ( u - olmosh, e - undosh), ikkitadan ( ot - ish ), uchtadan ( bor - kel ), to‘rttadan ( qunt-band ) fonema variantining zidlanishi asosida hosil bo‘lgan bo‘lsa, kuchsiz ziddiyatlar, leksemalarning tarkibidagi ayrim fonema variantlari asosida bo‘ladi: besh-bosh, qur-qo‘r kabi. Har bir leksema lisoniy birlik sifatida mazmun mundarijasiga ham ega. Leksemalarning mazmun rejasi denotatlar yoki referentlar deb ataladigan borliqdagi narsa, harakat, belgi, miqdor kabilarni bildiradigan tushunchalarni ifodalaydi. Masalan, borliqda yuz deb ataluvchi kishi burnining ikki tomonidagi peshonadan iyakkacha bo‘lgan qismi mavjud. Shu asosda kishilar ongida yuz tushunchasi vujudga kelgan. Mazkur tushuncha asosida esa semema (leksema ma’nosi) shakllanadi. Tushuncha bilan ma’no bitta narsa emas, ular farqli xususiyat-larga ega. Masalan, ingliz, rus, nemis tillarida so‘zlashuvchi kishilarning ongida aka va uka tushunchalari mavjud. Biroq bu tushunchalar brother (ingliz), brat (rus) va bruder (nemis) leksemalarida bitta ma’no (semema)da birlashgan. Yoki [ yuz ], [ bet ], [ bashara ], [ chehra ], [ oraz ] leksemalari bitta tushunchani ifodalaydi, lekin ularning ma’nolari o‘zaro farqlanadi. Leksemalarning mazmun silsilasi bo‘lgan sememani tashkil etuvchi uzvlar - semalardir. Nomema tovushlarning turlicha kombinatsiyalari asosida tashkil topganligi kabi, ana shu semalarning turlicha birikuvi va ba’zilarining o‘rin almashinuvi asosida turli mazmundagi semema vujudga keladi. Masalan: [ yuz ] - «odamga xos», «boshning old qismi», «burunning ikki tomoni», «peshonadan iyakkacha», «burundan quloqqacha», «qo‘llanilishi chegaralanmagan», «uslubiy betaraf», «turkiy qatlamga oid», «umumiste’mol». [ jamol ] - «odamga xos», «boshning old qismi», «burunning ikki tomoni», «peshonadan iyakkacha», «burundan quloqqacha», «qo‘llanilishi chegaralangan», «badiiy uslubga xos», «arabiy qatlamga xos», Har ikkala leksema ham bir tushunchani ifodalaydi. Ularning mazmun rejasi - sememalarining semik tarkibi farqlanadi. Leksemalar sememalarining atash semalari denotatning ongdagi in’ikosi - tushunchani ifodalaydi. Har bir leksema sememasi o‘xshash va farqlovchi semalarga ega. O‘xshash semalar ularni guruhlarga birlashtirish farqli semalar esa ajratish uchun xizmat qiladi. Leksemaning nutqiy qo‘llanilishidagi varianti so‘zlar bo‘lib, ular turlicha matniy qurshovlar asosida har xil xususiyatlar kasb etadi. Leksemalar tub yoki yasama bo‘lishi mumkin. Masalan, [ kitob ], [ savdogar ], ( nonchi ) birliklarini olaylik. Qatordagi [ kitob ] va [ savdogar ] birliklari tayyorlik, umumiylik, ijtimoiylik xossalariga ega. Savdogar leksemasi yasama bo‘lsa-da, tayyorlik belgisiga ega. Biroq tilimizda ( nonchi ) degan lisoniy birlik yo‘q. U nutq jarayonidagina hosil qilinishi mumkin va yuqoridagi birliklar ega bo‘lgan xususiyatlardan xoli. [ nonchi ] birligining nutq jarayonigagina xosligi uning tayyorlik belgisiga ega emasligini ko‘rsatadi. Morfema va qo‘shimcha . Morfema leksemadan ajralgan xolda o‘z mohiyatini namoyon qila olmaydigan, shakl va denotativ bo‘lmagan mazmunning birligidan iborat bo‘lgan kichik lisoniy birlikdir. Qo‘shimcha esa ana shu psixofizik mohiyatning nutqda namoyon bo‘lishidir. Morfema ham tashqi (moddiy) va ichki (ma’no, vazifa) jihatlar yaxlitligidan iborat. Atov mustaqilligiga, mustaqil sintaktik mavqega ega bo‘lmagan bu birliklar o‘zida leksik va gramatik mohiyatlarni uyg‘unlash-tirgan bo‘ladi: a)yangi so‘zlar hosil qiladi; b)so‘zlarga qo‘shimcha leksik-semantik qiymat beradi. Har bir tilga xos birliklar boshqa tillarnikidan o‘zaro farqlanadi. Masalan, aloqasiz (amorf), yelimlovchi (agglyuti-nativ) va egiluvchan (flektiv) tillardagi leksemalar mohiyatan o‘ziga xosdir. Qolip va hosila . Lisoniy birliklarning navbatdagi turi qurilma - qoliplardir. Qolip deganda yasama so‘z, so‘z birikmasi va gaplar hosil qilish sxemalari tushuniladi. Qoliplar ikki xil bo‘ladi: a) so‘z yasash qoliplari; b) sintaktik (so‘z birikmasi va gap) qoliplar. Qoliplar ham boshqa lisoniy birliklar kabi UMIS tabiatli bo‘ladi. Masalan, nutqimizdagi cheksiz yasama so‘zlar (( nonchi ), ( sutchi ), ( uzumchi ), ( nisholdachi ) kabi) bitta bevosita kuzatishda berilmagan lisoniy birlik (masalan, [ narsa/buyum oti+chi=shu narsa buyum bilan shug‘ullanuvchi kishi ] ya’ni co‘z yasash qolipining nutqiy hosilalaridir. kitobni o‘qimoq nutqiy hosilasi boshqa o‘ziga o‘xshash cheksiz so‘z birikmalari ( qog‘ozni yirtmoq, uyni sotmoq va h.k.) bilan birgalikda [ ot t.k .+ fe’l ] = vositasiz to‘ldiruvchili fe’lli birikma ] lisoniy sintaktik qolipidan chiqqan nutqiy hosilalardir. Shunday qilib fonema, morfema, leksema va qolip lisoniy birliklar bo‘lib, tovush, qo‘shimcha, so‘z, so‘z birikmasi va gaplar nutqiy birliklar sanaladi. Ularning o‘zaro munosabati va o‘ziga xos belgilariga doir fikrlarni jadvalda quyidagicha xulosalash mumkin: Lisoniy paradigma. Lisoniy birliklar bir-birini eslatib turish xossasiga ega. Shu boisdan ular jamiyat a’zolari ongida bir tizimga birlashgan holda yashaydi. Masalan, [ a ] fonemasi [ o ]fonemasini, [ u ] fonemaci [ o‘ ] fonemasini, [ i ] fonemasi [ e ] fonemasini eslatadi. Lekin [ a ] fonemasi dabdurustdan [ q ] yoki [ h ] fonemasini eslatmaydi. Chunki ular ikki tizim - unli va undoshlar tizimiga kiradi. Unlilar bir- birini unlilar tizimida, undoshlar esa undoshlar tizimida eslata oladi. Hatto [ u ] fonemasining [ a ]ni eslatishi o‘z tizimdoshlari bilan birgalikda amalga oshiriladi. Masalan, [ a ], [ o ] fonemalari kichik, ichki tizim hosil qilib, ular birgalikda qolgan fonemalar juftliklarini eslatadi. Eslatish ikki tomonlama bo‘lishi ham mumkin. Masalan, [ yuz ] leksemasi bir tomondan [bet], [ chehra ], [ jamol ], [ oraz ] kabi birliklarni, ikkinchi tomondan [ burun ], [ ko‘z ], [ quloq ], [ qosh ], [ lab ] leksemalarini eslatadi va bunda u ikki tizimning a’zosi hisoblanadi. Bir-birini eslatuvchi birliklar umumiy, o‘xshash belgi-xususiyatlarga ega bo‘ladi. Ana shu o‘xshashlik va umumiylik ularning birlashtiruvchi, bog‘lab, bir tizimda ushlab turuvchi belgilari sanaladi. Masalan, unlilar «sof ovozga egalik» umumiy belgisi ostida birlashadi. Ammo ular farqli belgilarga ham ega bo‘lishi shart. Masalan, [ a ] «ablanmaganlik», [ o ] «lablanganlik» farqlovchi belgilarga ega, «kenglik» belgilari esa ularni birlashtiradi. Umumiy belgilari asosida birlashgan va bir-birini taqozo etadigan, ammo har biri o‘ziga xos belgilari bilan boshqasiga qarama-qarshi turuvchi lisoniy birliklar tizimi paradigma deyiladi ( paradigma grekcha paradeigma - misol, namuna degan ma’noni bildiradi). Paradigmani tashkil etuvchi birliklar paradigma a’zolari deb yuritiladi. Paradigma kamida ikkita a’zoli va ular bir lisoniy sathga mansub bo‘lishi shart. Bir paradigma a’zolari orasidagi o‘zaro munosabat paradigmatik munosabat deyiladi. F.Sossyur lisoniy mikrosistema va umuman lisoniy birliklar orasidagi paradigmatik (assotsiativ, bir-birini eslatib turish, o‘xshashlik) munosabatlarini lisoniy birliklar uchun eng asosiy munosabat sifatida baholagan edi. Bir paradigma tarkibiga kiradigan birliklar quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak. 1.Paradigmadagi bitta birlik eslanganda, shu paradigmaga kiruvchi boshqa a’zolar ham xotirlanishi (esga olinishi) zarur. 2.Har bir konkret nutq sharoitida o‘zaro paradigmatik munosabatlarda turgan birliklardan, ya’ni paradigma a’zolaridan bitta tanlanishi lozim. 3.Bir paradigmaning a’zolari o‘zaro o‘xshashlik bilan birga, har bir a’zo ikkinchisidan qaysidir bir xususiy belgisi bilan farqlanib turishi lozim. 4.Paradigma a’zolari nutqda bir pozitsiyada (mavqeda) kela olib, bir-birini ma’lum holatlarda almashtira olishi, o‘rnini egallashi mumkin. Lisoniy paradigma va uning a’zolariga nisbatan F.Sossyur tomonidan qo‘yilgan bu talablar keyingi qariyb yuz yildan beri deyarli o‘zgarishsiz saqlanib kelmoqda. Paradigmalar, qamroviga ko‘ra, katta va kichik yoki tashqi va ichki paradigmalarga bo‘linadi. Bu paradigmalar bir-biriga nisbatan olinadi. Masalan, undoshlar jarangli va jarangsizlarga bo‘linadi. Demak, paradigmatik munosabat atamasining muqobillari sifatida o‘xshashlik munosabati, assotsiativ munosabat atamalari ham ishlatiladi. Tizim atamasi ham ko‘p hollarda paradigma atamasi o‘rnida ishlatiladi: unlilar tizimi, kelishik tizimi kabi. Jarangli va jarangsizlar alohida kichik yoki ichki paradigmalar bo‘lib, undoshlar tizimi bir butun holda ularga nisbatan katta yoki tashqi paradigma deyiladi. Lisoniy birliklar tizimining qaysi lisoniy sathga mansubligiga ko‘ra, fonetik, leksik, morfologik, sintaktik paradigmalar farqlanadi. Aytilganidek, fonemalar tizimi va ularning ichki bo‘linishlari fonologik paradigmalar deyiladi. Fonologik paradigmalarning xususiyatlari, uni tashkil etuvchi birliklarning paradigmatik munosabatlari xususida «Fonetika-fonologiya» bo‘limida bahs yuritiladi. Semantik-grammatik umumiylikka ega bo‘lgan leksik birliklar lug‘aviy paradigmani tashkil etadi. Sinonimik, partonimik, giponimik, iyerarxionimik, graduonimik, funktsionimik qatorlarga birlashgan leksemalar tizimi, alohida lug‘aviy guruhlar, lug‘aviy-mavzuviy to‘da, so‘z turkumlari ham yirik (makro) paradigmalarni tashkil etadi. Leksik paradigma va ularda amal qiluvchi paradigmatik munosabatlar haqida «Leksikologiya-semasiologiya» bo‘limida bahs yuritiladi. Morfologik kategoriyalar (morfologik shakllar tizimi) morfologik paradigmalardir. Morfologik shakllarning paradigmatik munosabatlari haqida tilshunoslikning «Morfologiya-morfemika» bo‘limida batafsil to‘xtalinadi. Sintaktik qoliplar tizimi sintaktik paradigmani tashkil etadi. Sintaktik paradigma ikkiga - gap paradigmasi va so‘z birikmasi paradigmasiga bo‘linadi. Gap paradigmasining o‘zi ikki - sodda gap qoliplari va qo‘shimcha gap qoliplari kabi ichki (mikro) paradigmalarga bo‘linadi. Bu bilan «Sintaksis» bo‘limida tanishasiz. Lisoniy munosabat va uning asosiy turlari. Munosabat keng qamrovli tushuncha bo‘lib, bir butunlikning tarkibiy qismlari - birliklari orasidagi o‘zaro aloqa va bog‘lanishlarni anglatadi. Bunday aloqalar turlicha bo‘lishi mumkin. Quyidagi gapga diqqat qilaylik: Ularning ismlari - Salim va Halim. Bundagi nutqiy birliklar turlicha munosabatlar bilan bog‘langan. Ular so‘zi ism so‘zi, -lar qo‘shimchasi bilan ketma-ket, zanjirsimon bog‘langan. Yoki ism so‘zi uchta tovushning ketma- ketligidan iborat. Bunday chiziqsimon, liniyaviy ketma-ketlik aloqasi, sintagmatik aloqa deyiladi. Sintagmatik aloqa lisonda ham, nutqda ham mavjud bo‘ladi. Masalan, [ kitob ] leksemasi beshta tovushning birikuvidan iborat nomemaga ega bo‘lib, u lisoniy birlik sanaladi. Shuningdek, yasama so‘z (( suvchi ), ( ertapishar )), so‘z birikmasi ( kitobni o‘qimoq ) da ham birikuvchi a’zolar sintagmatik aloqada bo‘ladi. Sintagmatik aloqani sintaktik aloqadan farqlash lozim. Sintagmatik aloqa barcha til birliklariga xos ketma-ket bog‘lanish bo‘lsa, sintaktik aloqa so‘z va gaplarning hokim-tobelik munosabatidir. Demak, sintagmatik aloqa va sintaktik aloqani butunlay boshqa-boshqa hodisalar ham, shuningdek, ularni bir-biriga aynan tenglashtirish, bir-birini qoplovchi tushunchalar sifatida qarash ham mumkin emas. Sintagmatik va sintaktik aloqa butun-bo‘lak munosabatidadir. Boshqacha aytganda, sintaktik aloqa sintagmatik aloqaning bir ko‘rinishidir. Ko‘pincha sintagmatik aloqani nutqqagina xos deb tushunish hollari ham uchraydi. Bu hodisani biryoqlama, tor tushunish oqibatidir. Yuqoridagi gapda ishtirok etayotgan birliklar orasida pog‘onali munosabat ham mavjuddir. Pog‘onali munosabat deganda birliklarning boshqasi tomonidan qamrab olinishi tushuniladi. Masalan, Salim va Karim so‘zlari erkak kishilarning ismi bo‘lib, ayollarning ismi bo‘lgan Halima so‘ziga qarama qarshi turadi. Lekin ularning barchasini [ ism ] lekse-masi qamrab oladi. [ ism ] leksemasi esa, [ nom ] leksemasi bilan birgalikda, [ ot ] leksemasi tomonidan qamrab olinadi. Bu pog‘ona yuqoriga va quyiga qarab yana davom ettirilishi mumkin. Demak, [ Salim ], [ ism ], [ ot ] leksemalari pog‘onali munosabatga kirishgan. Lisoniy birliklarning pog‘onali munosabatlari ikki xildir. Masalan, [ daraxt ] va [ tana ], [ ildiz ], [ barg ], [ shox ] birliklarining o‘zaro munosabati [ daraxt ] va [ olma ], [ o‘rik ], [ nok ], [ gilos ] leksemalarining o‘zaro munosabatlaridan farq qiladi. Avvalgi pog‘onali munosabatda [ daraxt ] butunni va qolganlari qismni ifodalab, keyingisida [ daraxt ] turni ifodalasa, mevaning muayyan nomlarini ifodalovchi birliklar turning ko‘rinishlari - jinslar sifatida namoyon bo‘ladi. Ikkinchi munosabatdagi birliklar [ daraxt ] leksemasining xususiy ko‘rinishlari - juziylashishidir. Birinchisida esa bunday munosabat mavjud emas. Shu boisdan « Gilos daraxtdir » tarzidagi hukmni aytish mantiqiydir. Biroq « Ildiz daraxtdir » deyish mumkin emas. Tilshunoslikda lisoniy birliklarning butun-bo‘lak munosabati partonimik ( part - qicm, bo‘lak), tur-jins munosabatlari giponimik (tur-jins) munosabatlar deyiladi. Partonimik munosabatlarga kirishuvchi qismni ifodalovchi birliklar partonimlar , giponimik munosabatga kirishuvchi jins nomlari giponimlar deyiladi. Butunlik totonim va tur nomi giperonim deyiladi. O‘xshashlik (paradigmatik) munosabatlari o‘zaro teng (pog‘onali munosabatdagi [ daraxt ] va [ tana ], [ daraxt ] va [ gilos ] birliklari semantik qamrovi jihatdan teng emas edi), bir umumiy belgi asosida birlashib, qator hosil qiluvchi, ammo o‘ziga xos belgilarga ko‘ra farqlanib turuvchi birliklarning o‘zaro muno- sabatini ifodalaydi. Yuqorida aytilganidek, paradigma a’zolari o‘zaro teng bo‘lib, nutqda bir xil o‘rinni egallaydi va bir xil xususiyatlarga ega bo‘ladi. Berilgan misoldagi [ Salim ], [ Karim ], [Halima] so‘zlari o‘zaro teng, bir xil o‘rinda kela oladi, biroq o‘zaro farqlarga ham ega. O‘zaro o‘xshashlik munosabatlarida bo‘lgan birliklarning bir-biri bilan farqli xususiyatlari asosida qarama-qarshi qo‘yilishi ziddiyat ( oppozitsiya ), ziddiyatga kirishayotgan paradigma a’zolari ziddiyat a’zolari deyiladi. Ziddiyatdagi birliklar o‘zaro ma’lum bir belgi asosida qarama-qarshi qo‘yiladi. Bu belgi ziddiyat belgisi deb yuritiladi. Lisoniy ziddiyat va uning asosiy turlari . Lisoniy paradigmaga birlashuvchi birliklar, paradigma a’zolari orasidagi munosabatlar lisoniy ziddiyat deyiladi. Ziddiyat (ar. qarama-qarshilik : var. oppozitsiya . lat. oppositio-qarama-qarshi qo‘yish ) lisoniy birliklarning ifodalanmi-shidagi farqlarga muvofiq ifodalovchilarining va, aksincha, ifodalovchilardagi farqlarga muvofiq ifodalanmishlarining muhim lisoniy farqlanishidir. Masalan, [ b ] va [ t ] fonemalari orasida ziddiyat mavjud bo‘lib, shunga muvofiq, ( bosh ) va ( tosh ) birliklari orasida shakliy-mazmuniy qarama-qarshilik munosabati amal qiladi. Yoki «birlik son», «ko‘plik son» orasidagi semantik ziddiyat ( kitob ) va ( kitoblar ) birliklarida ham shakliy (formal), ham mazmuniy (semantik) farqlarni keltirib chiqaradi. Tabiat, jamiyat va tafakkurdagi mavjudlik va taraqqiyotning asosiy omili qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni bo‘lganligi kabi lisoniy paradigmalarda birliklarni bir-biriga bog‘lab turuvchi, paradigmalarning yashovchanligini ta’minlovchi omil lisoniy ziddiyatlardir. Demak, lisoniy ziddiyatlar falsafiy qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonunning tildagi xususiylashmasi, voqelanishidir. Lisoniy ziddiyatlarni aniqlash yoki ziddiyatlarga bunday yondashish ziddiyatli va ziddiyatsiz munosabatlarni farqlashni taqozo qiladi. Chunki turli lisoniy birliklar va bir birlikning turli variantlari orasidagi munosabatlar turli tabiatli vohidlar, a’zolar orasidagi munosabatlar sifatida muayyanlashtirilmog‘i lozim. Masalan, shaxs-son shakli bo‘lmish [ -miz ] va [ -siz ] ( o‘qiymiz-o‘qiysiz ) har xil lisoniy morfologik birliklar bo‘lib, bir paradigmaning turli a’zolari sifatida ziddiyatli munosabatda bo‘ladi. Biroq turli farqli xossalarga ega bo‘lgan til oldi va til orqa ( o‘ ) unlilari bitta ( o‘ ) fonemasining variantlari sifatida fonetik jihatdan farqlanishsa-da, funktsional jihatdan tafovutga ega emas. Chunki o‘zbek adabiy tilida bitta ( o‘ ) fonemasi mavjud bo‘lib, uning variantlari ma’no farqlash tabiatiga ega emas. Ba’zilar [ o‘y ] so‘zini ayt-ganda, ( o‘ )ni til oldi, boshqalar esa til orqa unlisi sifatida talaffuz qilishadi. Baribir, ( o‘ ) tovushlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu so‘z «fikr», «xayol» ma’nolarini beradi. Lisoniy birlikning variantlari orasidagi bunday munosabat ziddiyatsiz munosabat deyiladi. Ziddiyatlar paradigmatik munosabatlarning xos ko‘rinishi va xossalari sifatida sintagmatik munosabatlarga qarama-qarshi qo‘yiladi. Ma’lum bir lisoniy birliklar mansub ziddiyatlar majmui bu birlikning paradigmatik sifatini aniqlashda, paradigmatik muayyanlash-tirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Paradigmatik muayyanlashtirish birlikning boshqa birlikdan farqlanuvchi zotiy tabiatini oydinlashtirish demakdir. Tilshunoslar lisoniy ziddiyatlarni bir necha tomondan tasniflaydilar: 1.Ziddiyatlar tizimida tutgan o‘rniga ko‘ra. 2.Ziddiyat a’zolarining o‘zaro munosabatiga ko‘ra. 3.Turli vaziyatlarda ziddiyatlarning amal qilishiga ko‘ra. Lisoniy ziddiyat ziddiyatlar tizimiga munosabatiga ko‘ra o‘lchami va uchrovchanlik belgilari bilan farqlanadi. Lisoniy ziddiyatlar o‘lchoviga ko‘ra, bir o‘lchamli va ko‘p o‘lchamli turlarga bo‘linadi. Agar belgilar majmui tizimda zidlanuvchi ikki a’zo uchungina amal qilib, boshqa a’zolarga tegishli bo‘lmasa, bir o‘lchamli ziddiyat deyiladi. Masalan, o‘zbek tilidagi [ l ] va [ h ] fonemalari hosil bo‘lish o‘rniga ko‘ra «yon» va «bo‘g‘iz» belgilari asosida zidlanib, bu belgi undoshlar tizimining boshqa a’zolarida uchramaydi. Chunki bu undoshlar o‘zbek tili fonologik tizimida yagona yon va yagona bo‘g‘iz undoshlaridir. Ko‘p o‘lchamli ziddiyatda zidlanuvchi birlikdagi belgi boshqa a’zoda ham uchraydi. Masalan, til oldi undoshlari bo‘lgan [ m ] - [ d ] zidlanar ekan, [ m ]dagi «til oldi»lik belgisi [ d ] fonemasida ham mavjud. Bunda a’zolar boshqa belgi asosida zidlanadi. «Uchrovchanlik» belgisiga ko‘ra ziddiyatlar «ajralgan» va muntazam ziddiyatlarga bo‘linadi. Ajralgan ziddiyatda shunday belgi asos qilib olinadiki, bu belgi boshqa ziddiyatlarga asos bo‘la olmaydi. Masalan, unlilarning lablangan- lablanmaganlik belgisi faqat teng qiymatli ziddiyat uchun asos bo‘ladi. Bunday ziddiyat «ajralgan» ziddiyat deyiladi. Lekin tilning ko‘tarilish darajasiga ko‘ra belgisi teng qiymatli ziddiyatga ham asos bo‘lib xizmat qiladi. Bir belgi turli a’zolarni juftlab zidlash uchun xizmat qilsa, muntazam ziddiyat deyiladi. Masalan, erlik, ayollik jinsi asosidagi ziddiyat [ ota ]-[ ona ], [ o‘g‘il ]-[ qiz ], [ aka ]-[ singil ], [ chol ]-[ kampir ] ziddiyatlarida uchrayveradi. A’zolari orasidagi munosabatlarga ko‘ra ziddiyatlar: A) noto‘liq (privativ); B) darajali (gradual); V) teng qiymatli (ekvipolent) kabi turlarga bo‘linadi. Noto ‘ liq ziddiyatda qarshilanuvchi a ’ zolardan biri ziddiyat belgisiga ijobiy , boshqasi esa betaraf munosabatda bo ‘ ladi . Masalan, [ bola ] va [ o‘g‘il ] leksemalarini olaylik. Ular «erkak jinsli» deb atalgan ziddiyat belgisiga ikki xil munosabat bildiradi. Bu belgi [ o‘g‘il ] leksemasi semantik tarkibida aniq berilgan, shu boisdan uning munosabati ijobiy yoki belgilangan deyiladi va shartli ravishda [+] belgisi bilan beriladi. [ bola ] leksemasida esa jins belgisi aniq emas. Chunki uning semantik tarkibida «er» yoki «ayol» (ya’ni jins) semasi yo‘q. Boshqacha aytganda, bola o‘g‘il ham qiz ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu leksemaning ziddiyat ko‘rsatkichiga ishorasi belgilanmagan (noma’lum, majhul) deyiladi va shartli ravishda +/- yoki O (nol) belgisi bilan beriladi. Buni chizmada quyidagicha beramiz. Noto‘liq ziddiyat tilning barcha sathlarida amal qiluvchi muhim qonuniyatdir. Masalan, morfologiyada leksemalarni umumiy grammatik ma’nolariga ko‘ra, mustaqil va nomustaqil leksemalarga bo‘lish privativlik asosida amalga oshiriladi. Bunda «lug‘aviy ma’no ifodalay olmaslik» noto‘liq ziddiyatning belgisi bo‘lib, ziddiyatda mustaqil leksemalar belgilanmagan, kuchsiz a’zo bo‘lsa, nomustaqil leksemalar belgili, kuchli a’zo sifatida namoyon bo‘ladi: Chunki mustaqil leksemalar lug‘aviy ma’no ifodalashi ham, nomustaqil leksemalar vazifasida kelishi ham mumkin. Masalan, ko‘makchilar, fe’l ko‘makchilar, ko‘makchi fe’llar va h.lar nomustaqil leksemalar kabi lug‘aviy ma’noga ega bo‘la olmaydi. Noto‘liq ziddiyatda belgi tanlash ixtiyoriy emas. Masalan, bir qarashda yuqoridagi ziddiyatda belgini «lug‘aviy ma’no ifodalash» deb ham, «lug‘aviy ma’no ifodalay olmaslik» deb ham qo‘yish mumkindek tuyuladi. Keling, ziddiyat belgisini yuqorida qo‘yilganidek emas, balki «lug‘aviy ma’no ifodalay olish» deb o‘zgartirib ko‘raylik: Bu to‘g‘rimi? Birinchidan, noto‘liq ziddiyatda qaysidir bir a’zo O (nol) belgisini olishi kerak. Oldingi ziddiyatda mustaqil leksemalar ushbu belgiga ega edi. Bunda endi nomustaqil leksemalar olishi kerakka o‘xshaydi. Yo‘q, mutlaqo bunday emas. Chunki nomustaqil leksemalar goh lug‘aviy ma’no ifodalash, goh ifodalamaslik xossasiga ega emas. Ziddiyatning ikkinchi a’zosi [+] belgisiga egami? Yo‘q, u, yuqorida aytilganidek, [-] belgisiga ham, qisqasi [O] belgiga ega. Demak, keyingi «ziddiyat» ziddiyat emas. Ziddiyat lisoniy birliklarining mohiyatini, zotiy tabiatini o‘zida aks ettirmog‘i lozim. Aks holda «sun’iy» ziddiyatlar kelib chiqadi. Boshqa ziddiyatlar kabi noto‘liq ziddiyat ham ob’ektiv va bizning xohish-irodamizga bog‘liq emas. Darajali ziddiyat a’zolari kamida uchta bo‘lib, bir belgi (ziddiyat belgisi)ning o‘sib yoki kamayib borishiga ko‘ra a’zolar qator hosil qiladi. Masalan, tilning ko‘tarilish darajasiga ko‘ra, unli fonemalar darajalanishi quyidagicha: [ a ] - [ e ] - [ i ] yoki [ o ]-[ o‘ ]-[ u ]. Bunda belgi birinchi a’zoda kuchsiz, ikkinchi a’zoda o‘rtacha va keyingi a’zoda kuchli yoki aksincha bo‘lishi mumkin. Darajali ziddiyat ham barcha sath birliklarida uchraydi. Masalan, leksikada ninni-chaqaloq-go‘dak- bola..., turq-bashara-bet-yuz-chehra..., morfologiyada harakat nomi-sifatdosh- ravishdosh («fe’lni o‘zgalash darajasiga ko‘ra» belgisi asosida) kabi. Ekvipolent (teng qiymatli) ziddiyatda ikki a’zo qarshilantirilib, har biri o‘ziga xos, ikkinchisiga xos bo‘lmagan belgiga ega bo‘ladi. Masalan, ovoz va shovqinga ko‘ra jarangli va jarangsiz undoshlar teng qiymatli (o‘ziga xos belgiga ega bo‘lgan a’zoli) ziddiyatni hosil qiladi. Muntazam (proportsional) ziddiyatda bir ziddiyat belgisi turli juftlangan birliklar uchun oppozitiv ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi. «jins» belgisi ota-ona, aka-opa, singil-uka, tog‘a-xola lug‘aviy zidlanishlari uchun umumiydir. Ziddiyatlar a’zolari miqdoriga ko‘ra ikki a’zoli (binar) va uch (ko‘p) a’zoli (ternar) ziddiyatlarga bo‘linadi. Noto‘liq, teng qiymatli ziddiyatlar binar va darajali ziddiyat ternar ziddiyat deyiladi. Uchinchi belgisiga ko‘ra ziddiyatlar doimiy va mo‘’tadillashgan ziddiyatlarga bo‘linadi. Mo‘’tadillashish jarayonida munosabatga kirishayotgan birliklar o‘rtasidagi ziddiyat kuchsizlanadi. Masalan, yot-yod zidlanishda so‘z oxiridagi [ t ], [ d ] tovushlari jarangli-jarangsizlik bilan farqlanmaydi. [ d ] fonemasining nutqdagi vaziyatidan kelib chiqqan holda unda jarangsizlik belgisi kuchsizlanadi. Ammo bu sof nutqiy hodisadir. Mo‘‘tadillashish lisoniy birliklarning nutqiy voqelanishlarida yuz beradi. Leksemalar va morfemalar ham nutqiy voqelanganda, ularning lisonda boshqa birliklar bilan ziddiyatli munosabatlarini belgilaydigan xossalari, belgilari kuchsizlanishi mumkin. Yuqorida keltirilgan [ t ] va [ d ] undoshlarining jarangli-jarangsizlilik belgisiga ko‘ra zidlanishini yorqin namoyon qiladigan vaziyat [ d ] fonemasining so‘z boshi va so‘z o‘rtasida voqelanishidir. Ziddiyatni voqelantiradigan pozitsiya kuchli va uni so‘ndiradigan nutqiy xolat kuchsiz pozitsiya deyiladi. Lisoniy tasnif va uning turlari haqida tushuncha . Tasnif (arabcha «saralash», «tartibga solish») narsa va predmetlarni aniq va doimiy o‘ringa ega bo‘lgan guruh (sinf) larga bo‘lishdir. Agar tasnif ilmiy asosga ega bo‘lsa, u uzoq davr mobaynida amal qiladi. Masalan, ximiyaviy elementlar soni 200 dan oshib ketayotgan bo‘lsa-da, ularning tasnifi bugungi kunda ham o‘zgarmasdan amal qilmoqda. Tasnif oddiy bo‘laklashdan barqaror tabiatliligi bilan ajralib turadi. To‘g‘ri, tasniflashda ham oddiy bo‘lishda amal qiladigan barcha tamoyillar asos bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni tasnifda ham bo‘lishdagi kabi: 1) tasniflangan bo‘laklar hajmi tasniflanayotgan butunlik hajmiga teng bo‘lishi; 2) tasnif bir asosda amalga oshirilishi; 3) tasniflangan guruhlar bir-birini inkor qilishi; 4) tasnif uzluksiz bo‘lishi, ya’ni unda «sakrash» bo‘lmasligi lozim. Tasnif dixotomik, politomik yoki dixopolitomik bo‘lishi mumkin. Dixotomik tasnifda birliklar ikki guruxga ajratiladi: «fonemalar unli va undoshlarga ajraladi» kabi. Politomik tasnifda guruhlar soni ikkidan ortiq bo‘ladi: «Gramatik qo‘shimchalar lug‘aviy shakl hosil qiluvchilar, sintaktik shakl hosil qiluvchilar va lug‘aviy sintaktik shakl hosil qiluvchilarga bo‘linadi», Yoki fe’llar nutq fe’llari, ruhiy-holat fe’llari va h. Dixopolitomik tasnifda tasniflanuvchi butunlik dastlabki bosqichda ikkiga, keyingi bosqichda ikkidan ortiq sinfga ajraladi. Masalan: Tasnifda tasnif asosini tanlash muhimdir. Chunki biror narsalar tizimini turli asoslarda tasnif qilish turli natijalarni beradi. Masalan, undosh fonemalarni ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra jarangli va jarangsizlarga, hosil bo‘lish o‘rniga ko‘ra lab, til, bo‘g‘iz undoshlariga tasniflash mumkin.  Lisoniy tasnif tasniflanayotgan birliklarning ichki, zotiy belgilariga ko‘ra yoki muhim bo‘lmagan zohiriy xossalariga asoslangan bo‘lishi mumkin. Shu boisdan tabiiy yoki yordamchi tasniflar farqlanadi. Tabiiy tasnifda lisoniy birliklarning ichki, barqaror belgilariga tayaniladi. Biz yuqorida tabiiy tasnifga misollar keltirdik. Yordamchi tasnifda birliklarning ontologik bo‘lmagan xossalarini bildiruvchi belgilariga tayaniladi. Masalan, «so‘zlarning bo‘g‘in sonlariga ko‘ra» (tasnifi bir bo‘g‘inli, ikki bo‘g‘inli va ko‘p bo‘g‘inli so‘zlar), «unlilarning tilning gorizontal holatiga ko‘ra tasnifi» va h. Adabiyotlar 1. Mengliyev B.R. Hozirgi o’zbek adabiy tili. Fonetika-fonologiya. Grafika. Imlo. Leksikologiya-semasiologiya. Leksikografiya. I qism Qarshi. 2004. 2. SH.SHoabdura h monov va b. H ozirgi o ’zbek adabiy tili. I qism . 1980. 3. E. Qilichev. H ozirgi o ’zbek adabiy tili. Buxoro . 19 99 4. Abduazizоv A.A. Fоnоlоgichеskaya sistеma sоvrеmеnnоgо uzbеkskоgо yazika. Rеfеrativniy sbоrnik //Prоblеmi fоnоlоgii i mоrfо nolo lоgii. Rеfеrati. Оbzоri. 5. Bоndarkо L.V. Fоnеtichеskое оpisaniе yazika i filоlоgichеskое оpisaniе rеchi. - L .:Izd. LGU, L., 1981. Lоmtеv T.P. Prinsip i binarnоsti v fоnоlоgii // Nauchniy dоkladi visshеy shkоli. Filоlоgichеskiе nauki. –M., 1965.