logo

Fe'llarning shaxs-son qo'shimchalari bilan tuslanishi. Fe'l zamonlari

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

51 KB
Fe'llarning shaxs-son qo'shimchalari bilan tuslanishi. Fe'l zamonlari Reja: 1. Fe'llarda shaxs va son tushunchalari haqida ma'lumot 2. Fe'llarning shaxs-son qo'shimchalari bilan o'zgarishi-tuslanishi 3. Tuslovchi affikslar, ularning turlari (guruhlari) 4. Zamon tushunchasi, uning fe'l formalarida shakllanishi. 5. Zamon turlarining o'zaro munosabati. 6. O'tgan zamon fe'l formalari, ularning ma'no va grammatik xususiyatlariga ko'ra bo'linishi. 7. Hozirgi zamon fe'l formalari, ularning ichki ma'no turlari. 8. Kelasi zamon fe'l formalari, ularning ma'no va grammatik xususiyatlari. 9. Fe'l zamonlarining shakllanishida funksional formalarning, to'liqsiz fe'llarning roli. 10. Fe'l zamonlarining mayl bilan munosabati. Quyidagi berilgan misollardagi ajratib ko'rsatilgan fe'l formalariga e'tibor bering: 1.Onajon, men o'qib ulg'aymoqdaman (T. Saydaliyev). 2. Sen uning azob chekayotganini sezmading (J.Abdullayev) 3. Bolam, kim bilan gaplashayapsan? (Said Ahmad). 4. Ular hazil-mutoyiba bilan ovqatlandilar. (F.Musajonov). Ulg'aymoqdaman fe'li tarkibidagi -man, sezmading fe'lidagi -ng, gaplashayapsan fe'li tarkibidagi – san, ovqatlandilar fe'lidagi (-di) -lar qo'shimchalari harakat qaysi shaxs (yoki shaxslar) tomonidan bajarilganini ko'rsatadi. Shuning uchun ham ular shaxs-son affikslari (qo'shimchalari) deb nomlanadi. Tilshunoslikda ular tuslovchi qo'shimchalar deb ham yuritiladi. Ular ish-harakatni bajaruvchisi 3 shaxs (I shaxs-so'zlovchi; II-shaxs tinglovchi; III shaxs o'zga) va 2 son (birlik-yakka shaxs, ko'plik 2 va undan ortiq shaxs) tushunchalarini aks ettiruvchi qo'shimchalarni o'z ichiga oladi. Tuslovchi qo'shimchalar 3 guruhga bo'linadi: 1-guruhda: -m, -k, -ng, -ngiz, nol-nol (-lar); 2-guruhda: -man, -miz; -san, -siz; -di (yoki nol)-di (lar) yoki nol (lar); 3-guruhda: -ay (-in), -y (in), -aylik, -ylik; -nol (-gin) – ingiz, -ngiz (lar); -sin, - sinlar shaxs -son qo'shimchalari kiradi. Birinchi guruh tuslovchilar – di, -sa affiksli fe'l formalariga (aniqlik va shart- istak maylidagi fe'llarga); qo'shma (sostavli) fe'l tarkibidagi qo'shiladi (m: o'yladim, o'ylasam, o'ylab edim kabi). Ikkinchi guruh tuslovchilar -b (-ib), -a (-y) affiksli ravishdoshlarga (m: boramiz, ishlabsan,) sifatdoshlarga (m: kelgansiz, ko'rarman, ishlaydigansan...), ekan, emish to'liqsiz fe'llar mavjud bo'lgan sostavli fe'llarga (borar emishsan, aytgan ekanmiz, kabi) qo'shiladi. Demak ikkinchi guruh tuslovchilar aniqlik mayli formalarini hosil qiladi. Uchinchi guruh tuslovchilar faqat buyruq mayliga (buyruq-istak mayliga) xos affikslar sanaladi. Fe'l zamonlari. 1. Zamon tushunchasi, uning fe'l formalarida shakllanishi. 2. Zamon turlarining o'zaro munosabati. 3. O'tgan zamon fe'l formalari, ularning ma'no va grammatik xususiyatlariga ko'ra bo'linishi. 4. Hozirgi zamon fe'l formalari, ularning ichki ma'no turlari. 5. Kelasi zamon fe'l formalari, ularning ma'no va grammatik xususiyatlari. 6. Fe'l zamonlarining shakllanishida funksional formalarning, to'liqsiz fe'llarning roli. 7. Fe'l zamonlarining mayl bilan munosabati. Ma'lumki, harakat (yo holat) ning voqe bo'lish (yoki bo'lmaslik) tushunchasi mantiqan zamon bilan bog'liq bo'ladi, ya'ni ma'lum bir harakat ma'lum bir zamon (payt, vaqt)da bajarilish yoki bajarilmaslik xususiyatiga ega. Fe'llardagi zamon tushunchasi nisbiy bo'lib, u nutq so'zlanib turgan paytga nisbatan qiyoslangan holda aniqlanadi. Shunga ko'ra, fe'llarda dastlab uch zamon, tushunchasi belgilanadi (o'tgan zamon, hozirgi zamon, kelasi zamon). Zamon ma'nosi esa fe'l tarkibida qo'llangan grammatik ko'rsatkichlar orqali reallashadi. Masalan: 1. Ro'paramizda uncha katta bo'lmagan qishloq ko'rinadi. (G'. Tojiboyev.). 2. Kech kuzda... Oltiariqdan Marg'ilonga ko'chganmiz (E.Vohidov.). 3. Hozirgi yoshlarning she'rlarida poeziyamizning eng ilg'or an'analari davom etmoqda (V.V.). 4. Vaqt uchqur qushday uchib o'tyapti (E.V.). 5. Yoshlar uchun ko'nglimda tugib yurgan ba'zi fikrlarni aytmoqchiman (E.V.). Keltirilgan misollarning birinchi va ikkinchisida o'tgan zamon; uchinchi va to'rtinchisida hozirgi zamon; beshinchisida esa kelasi zamon fe'l formalari qo'llangan. Bu fe'llar tarkibidagi -di, -gan qo'shimchalari o'tgan zamon; - moqda, -yap qo'shimchalari hozirgi zamon; -affiksi esa kelasi zamon ko'rsatkichi sanaladi. Bu misollardagi ajratib ko'rsatilgan (aniqlik yoki ijro mayliga) birlashadi. O'tgan zamon, ish-harakatning nutq so'zlanib turgan paytdan oldin bajarilgan (bo'lishli shaklda) yoki bajarilmagan (bo'lishsiz shaklda) ini ifodalaydi. O'tgan zamon fe'l formalari nutqda o'zaro xususiy modal ma'nolariga ko'ra farqlanadi. Bu esa ularni ichki ma'no turlariga ajratishni taqazo etadi. O'zbek tilshunosligida o'tgan zamon fe'llarining asosan, quyidagi turlari ajratiladi: 1) yaqin o'tgan zamon; 2) uzoq o'tgan zamon; 3) o'tgan zamon hikoya; 4) o'tgan zamon davom; 5) o'tgan zamon maqsad fe'llari. Yaqin o'tgan zamon fe'li -di affiksli sof fe'lni tuslash orqali shakllanadi va u ish-harakatning nutq so'zlanib turgan paytdan bir oz oldin, ammo so'zlovchining ko'z oldida (yoki uning faol ishtiroki bilan) bajarilgan yoki bajarilmaganligini ifodalaydi. Uzoq o'tgan zamon fe'li nutq so'zlanib turgan paytdan ancha ilgari bajarilgan yoki bajarilmagan, ammo bu haqda nutq so'zlanib turgan paytda xabar qilingan ish- harakatni ifodalaydi. O'tgan zamonning bu turi nutqda aniq eslash (yoki eslatish), eshitilganlik, kutilmaganda eslash kabi qo'shimcha ma'nolarga ham ega bo'la oladi. Uzoq o'tgan zamon fe'li, birinchidan, -gan affiksli o'tgan zamon sifatdoshini tuslash orqali; ikkinchidan, o'tgan zamon sifatdoshiga edi (-di), ekan (-kap), emish (-mish) to'liqsiz fe'llarini tuslash orqali ifodalanadi. Masalan: Mirhaydarni kimdir majlisga olib ketgan ekan. (Oybek.) O'tgan zamon hikoya fe'li -b(-ib) affiksli o'tgan zamon ravishdoshini tuslash bilan shakllanib, u kutilmaganda, qisqa vaqt ichida bajarilgan (yoki bajarilmagan) ish-harakatni hikoya qilish, tasvirlash ma'nosini ifodalaydi. Masalan: Arava bo'lsa alimsoqdan qolgan, yana sinibdi (O). O'tgan zamon davom fe'li nutq so'zlanib turgan paytdan ilgari ma'lum bir muddat davomli yoki takrorlanib turgan ish-harakatni ifodalaydi. Bunda davomlilik tushunchasi «doimiy» yoki nisbiy bo'lishi mumkin; unda ma'lum bir muddat davom etgan konkret jarayon tushunchasi ham aks eta oladi. O'tgan zamonning bu turi birinchidan, -r(-ar) to'liqsiz fe'lini biriktirib tuslash orqali; ikkinchidan, -yotgan affiksli hozirgi zamon sifatdoshiga edi to'liqsiz fe'lini biriktirib tuslash orqali; uchinchidan, -moqda affiksli fe'l formasiga edi to'liqsiz fe'lini biriktirib tuslash orqali shakllanadi. O'tgan zamon maqsad fe'li, birinchidan, -moqchi affiksli fe'l formasidan so'ng edi to'liqsiz fe'lini biriktirib tuslash orqali shakllanadi. Bunday fe'l formalari. Asosan, nutq so'zlanib turgan paytdan ilgari bajarilishi maqsad qilingan ish-harakat tushunchasini ifodalaydi, ammo gap mazmunidan uning voqe bo'lgan-bo'lmaganligi aniq ifodalanmaydi. Ish-harakatning nutq so'zlanib turgan paytda bajarilayotgan (yoki bajarilmayotgan)ini ifodalaydigan fe'llar hozirgi zamon fe'li sanaladi. Ular, birinchidan, -a(-y) affiksli ravishdoshlarni tuslash orqali; ikkinchidan, tarkibida -yap, -moqda, -yotib, -yotir affikslari qo'llangan fe'l formalarini tuslash orqali shakllanadi. Murakkab fe'l tarkibida qo'llangan yot, o'tir, tur, yur ko'makchi fe'llarini tuslash orqali ham hozirgi zamon fe'li hosil bo'ladi. Masalan: Dehqonni yer davolaydi. U urug' bilan birga orzu dard-hasrat, quvonchlarini ham yerga to'kadi (S.Nurov.). Ketma-ket uzatilgan chelak va savatlarni keksalar yerga ag'darayotirlar. (O.). Men mustaqillik haqidagi qo'shiqni kuylamoqdaman. Kelasi zamon fe'li, birinchidan, ish-harakatning nutq so'zlangandan so'ng bajarilish-bajarilmasligi mo'ljallanishi, tahmin qilinish ma'nosini ifodalab, -r(- ar) affiksli kelasi zamon sifatdashini tuslash orqali shakllanadi (kel-ar-man, ishla-r-san kabi). Bunday forma kelasi zamon gumon fe'lini hosil qiladi. Kelasi zamonning maqsad ifodalash shakli ham mavjud bo'lib, u-moqchi affiksli fe'l formasini, shuningdek, -digan, -jak (-ajak) affiksli sifatdoshlarni tuslash orqali shakllanadi. Buyruq-istak va shart mayllari formasidagi fe'llar ham, asosan kelasi zamon tushunchasini ifodalaydi. Masalan: Bilaman, u sizni poylamoqchi (N.Fozilov.). Oltin yerimizni ko'z qorachig'iday sanlanglar. (H.G'.). Dilimizdagi gaplarni so'zlab bersam. Tekshirish savollari: 1. Fe'l zamonlari nima? 2. Fe'l zamonlari o'zaro qanday munosabatda? 3. O'tgan zamon fe'l formalarining qanday ko'rinishlari bor? Ular qanday yasaladi? 4. Hozirgi zamon fe'l formalarining qanday ko'rinishlari bor? Ular qanday yasaladi? 5. Kelasi zamon fe'l formalarining qanday ko'rinishlari bor? Ular qanday yasaladi? 6. Fe'l zamonlarining shakllanishida funksional formalar va to'liqsiz fe'llar qanday rol o'ynaydi? 7. Fe'l zamonlari mayl bilan o'zaro qanday munosabatda? Adabiyotlar ro'yxati 1. I.A.Karimov. Barkamol avlod-O'zbekiston taraqqiyotining poydevori. Toshkent , 1997 yil 2. U . Tursunov , N . Muxtorov , SH . Rahmatullayev . « Hozirgi o ' zbek adabiy tili » 1992 yil 3. A . Abduazizov . « O ' zbek tili fonologiyasi va morfologiyasi » Toshkent , 1992 yil 4. S . Rahimov , B . Umurqulov , « Hozirgi o ' zbek - adabiy tili » Toshkent , 2001 y 5. S . Rahimov , B . Umurqulov , « Hozirgi o ' zbek adabiy tili » Toshkent , 2003 y 6. SH . Shoabdurahmonov , M . Asqarova , A . Hojiyev . « Hozirgi o ' zbek adabiy tili » II qism . Toshkent, «O'qituvchi» nashriyoti, 1980 yil 7. A.G'ulomov, A.N. Tixonov, R. Kungurov. «O'zbek tilimorfem lug'ati» Toshkent, 1977 yil 8. www.ziyonet.uz