logo

Moddalar almashinuvi buzilishi kasalliklari (raxit, spazmofiliya, gipotrofiya, ekssudativ diatez). allergiya. Terining zamburug`li va qichima kasalliklari. Gelmintozlar

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

51 KB
M oddalar almashinuvi buzilishi kasalliklari (raxit, spazmofiliya, gipotrofiya, ekssudativ diatez). allergiya . T erining zamburug`li va qichima kasalliklari . G elmintozlar Reja: 1.Moddalar almashinuvi kasalliklari: - raxit; - spazmofiliya; - gipotrofiya; - ekssudativ diatez. 2.Allergiya. 3.Terining zamburug`li kasalliklari. 4.Terining qichima (qo`tir) kasalligi. 5.Gelmintozlar. Moddalar almashinuvi buzilishi kasalliklari. Bola organizmida oqsil, yog`, uglevod, mineral tuzlar, vitaminlar almashinuvi buzilishi tufayli bir qator kasalliklar va kasallikka yaqin holatlar yuzaga kelishi mumkin.Shulardan eng ko`p uchraydiganlari quyidagilar: raxit, spazmofiliya, gipotrofiya, ekssudativ diatez. Raxit - organizmda vitamin “D” yetishmasligi tufayli kalsiy va fosfor almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadigan kasallik. Sababi.Onaning homiladorlik davrida ovqat ratsionining buzilishi, bolaning chala tug‘ilishi, sun`iy ovqatlantirish, quyosh nuridan to‘liq foydalanmaslik va hokazo. Belgilari. Kasallikning ilk belgilari bola 1-2 oylik bo‘lganda, chala tug‘ilgan bolalarda 2-3 haftalik davridayoq paydo bo‘la boshlaydi. Bola bezovtalanadi, uyqusi notinch, injiq bo‘lib qoladi, ko‘p terlaydi. Boshini yostiqqa ishqalashi tufayli, ensa sohasidagi sochlari to‘kiladi. Tishlarining chiqishi kechikadi. Odatda sut tishlari 6-7 oylikda chiqa boshlashi kerak: 1 yoshlik bolada 8 ta, 2 yoshda 20 ta sut tishi bo‘lishi kerak. Raxit bo`lgan bolaning bosh suyaklarining shakli o‘zgaradi. Peshonasi do‘ng, tepa suyaklari bo‘rtib chiqadi, ensa sohasi yassilanadi, liqildoqlarning bitishi kechikadi. Sog‘lom bolada kichik liqildoqlar 2-3 oylikda, katta liqildoq 1 yoshda suyaklanib bitadi. Suyaklar yumshashi tufayli ko‘krak qafasi, umurtqa pog‘onasi, oyoq-chanoq suyaklarida egrilanishlar yuzaga keladi. O‘z vaqtida davolanmasa, suyaklardagi egrilanishlar doimiy bo‘lib qolishi mumkin. Qovurg‘alarning suyak va tog‘aysimon qismi birlashgan joyda bo‘rtiqlar paydo bo‘ladi («raxit tasbehlari»), ko‘krak qafasi yon tomonlari botiq bo‘lib qoladi, old tomoni to‘sh suyagi bilan birgalikda tovuq ko‘kragiga o‘xshab bo‘rtib chiqadi, yoki aksincha ichiga botadi (yapaloqlashadi). Umurtqa pog‘onasi ko‘krak qismini orqaga egrilanishi «raxitik kifoz», oldinga egrilanishi raxitik «lordoz», yon tomonga egrilanishi raxitik «skolioz», holatlarini yuzaga keltiradi. Oyoq suyaklari, xususan boldir suyaklari egrilanishi oyoqlarini “O” simon yoki “X” simon shaklda bo‘lib qolishiga olib keladi. Chanoq suyaklaridagi o‘zgarishlar «tor chanoq» hosil bo‘lishiga, bu holat esa bo‘lajak onalarda tug‘ish jarayonida qiyinchiliklarga sabab bo‘ladi. Raxit kasalligida oyoq tovon - kaft suyaklari shakli o‘zgarishi tufayli yassioyoqlik vujudga kelishi mumkin. Qorin old devori va ichak muskullarining tarangligi pasayib, bolaning qorni kattalashadi («qurbaqa qorin»). Ko‘krak qafasi suyaklarining egrilanishi va diafragma muskuli tonusining pasayishi natijasida bolaning nafas olishi qiyinlashadi, u hansirab nafas oladi. Shu bois bunday bolalarda o‘pkaning yallig‘lanish kasalliklari ko‘p uchraydi.Yurak-tomir faoliyati kuchsizlanadi, jigar va taloq kattalashadi, kamqonlik yuzaga keladi. Yuqoridagi belgilarning rivojlanganligiga qarab, raxit kasalligining kechishi 3 darajaga bo‘linadi: I daraja (engil), II daraja (o‘rtacha og‘ir), III daraja (og‘ir). Suyak-muskul to‘qimasi va ichki a`zolarning yuqorida bayon etilgan o‘zgarishlari kelajakda bolaning jisminiy rivojlanishiga salbiy ta`sir ko‘rsatadi. Bu uchinchi darajali raxit bilan xastalangan bolalarda ayniqsa sezilarli bo‘ladi. Raxit tufayli suyak - muskul tizimida yuzaga kelgan o`zgarishlar kelajakda bola qad-qomatini buzilishiga ham sabab bo`ladi. Tibbiy yordam . Raxitni davolash uning og‘irlik darajasiga, kasallikning kechishiga asoslangan bo‘lishi kerak. Bola ovqatining tarkibida kalsiy, fosfor moddalari yetarli bo‘lishi kerak. Buning uchun bolaga qirilgan olma, sabzi, ilitilgan tuxum, tvorog, kefir berilishi lozim. Toza havoda sayr qilish, massaj va gimnastika muolijalari muhim ahamiyatga ega. Raxit asosan “D” vitamini bilan davolanadi. - I darajali raxitni davolash kursiga 500000-600000 TB vitamin “D” tavsiya qilinadi. - II darajali raxitni davolash kursiga 600000-800000 TB. - III darajali raxitni davolash kursiga 800000-1200000 TB vitamin “D” berish tavsiya qilinadi. Vitamin “D” bilan davolash tugagandan so‘ng ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish (1 kursiga 10 seans). Sitratli aralashma bir choy qoshiqdan 3 mahal ichiriladi. Vitamin B 2 , B 6 , B 15 , askorbin kislota qo‘llaniladi. Izoh: Raxitning 1,2,3 darajalarini davolash uchun D vitaminning moyli yoki spirtli eritmasining bir tomchisida qancha TB da vitamin bo`lishi va har kuni necha tomchidan, necha kun davomida berilishi, flakonga taqalgan instruksiyasida batafsil yozilgan bo‘ladi. Oldini olish. Raxitning oldini olish 2 davrda amalga oshiriladi. 1.Antinatal davr (bola tug‘ilmasdan oldin). Homilador ayol oqsilga boy mahsulotlar: sut, qatiq, tvorog, tuxum, go`sht, shuningdek, vitaminlarga boy meva sabzavotlarni ko`proq iste`mol qilishi lozim. Homiladorlikning 32-34 haftaligidan to chaqaloq tug‘ilguncha kuniga 500 TB vitamin “D” qabul qilishi tavsiya etiladi. 2. Bola tug‘ilgandan keyin raxitning oldini olish, umumiy va maxsus tadbirlardan iborat bo‘ladi: - bolani ona suti bilan oziqlantirish; - bir oyligidan boshlab meva sharbatlari, uch oylikdan olma pyuresi, to‘rt oylikdan yarimta ilitilgan tuxum berish muhimdir.Toza havoda sayr qildirish; - gavda, qo`l-oyoq muskullarini massaj qilish; - gimnastika bilan shug`ullantirish; Raxitning oldini olishning maxsus tadbirlari: 1.Bolaga bir oylikdan (chala tug‘ilganlarga ikki haftalikdan) vitamin “D” ning moyli eritmasi kuniga 500 TB (1 tomchi) dan 1 yoshga to‘lguncha berib boriladi; 2.Kuz va qish faslida 10-15 seans ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish tavsiya etiladi. Spazmofiliya-(shaytonlash). Bola organizmida kalsiy-fosfor tuzlari almashuvining buzilishi va qonda kalsiy miqdorining kamayishi natijasida yuzaga keladi. Sababi.1. Sun’iy ovqatlantirish. 2. Raxit bilan kasallanishi. Belgilari. Spazmofiliya yashirin va oshkora turlarda namoyon bo‘ladi. Yashirin turida bola salgina shovqindan uchib tushadi, qotib-qotib yig‘laydi va yig‘lagan paytda, nafasi qisqa muddatga to‘xtashi, lablari ko`karishi mumkin. Spazmofiliyaning oshkora turida vaqt-vaqti bilan bolada tirishish yuzaga keladi. Tirishish xuruji paytida bola boshini orqaga tashlab, ko‘zlari olayadi, rangi ko‘karadi, nafas olishi qiyinlashadi, og‘zidan ko‘pikli so‘lak oqadi, qo‘l-oyoqlari tarashadek qotadi, hushini yo‘qotadi. Tirishish bir necha minut davom etadi, so‘ng bolaning hushi joyiga kelib, nafas olishi tiklanadi, tirishish belgilari yo‘qoladi. Kasallik og‘ir kechganda tirishish holati nafas a’zolari va yurak muskullariga tarqalishi, bir necha soatgacha davom etishi va bir necha kun davomida tez-tez takrorlanib turishi mumkin. Tirishish paytida shoshilinch yordam ko‘rsatilmasa bolaning tili orqaga tortilib, nafas yo‘llariga so`lak tiqilib qolishi, nafas olish qiyinlashuvi tufayli, yoki yurak muskullari tirishishi natijasida bola halok bo‘lishi mumkin. Tibbiy yordam. Spazmofiliyaning yaqqol turi belgilarining yuzaga kelishi favqulotda holat bo‘lib, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni talab etadi. Tirishish holatida. 1. Bolaning yoqa tugmalari yechilib, boshi baland qilib yotqiziladi, og‘zi, burni rezina balloncha yordamida ko‘pikdan tozalanadi. 2.Boshi yonbosh qilinib, jag‘lari orasiga doka o‘ralgan temir qoshiq dastasi qo‘yiladi va u bilan tili bosib turiladi. 3. Iloji bo‘lsa, magniy sulfatning 25 % li eritmasidan (bolaning har kg vazniga 0,2 ml dan), 0,5 %-1-2 ml novokain qo‘shib, dumbaning tashqi yuqori sohasiga muskul orasiga yuboriladi. 4. Xloralgidratning 1-2 % li eritmasidan 10-20 ml rezina ballonchaga olinib, klizma qilinadi. Tirishish to‘xtagandan so‘ng, uni yana takrorlanishining oldini olish uchun: 1.Tinchlantiruvchi dorilar: natriy bromidning 1% eritmasi bir choy qoshiq kuniga 2 marta, fenobarbitol (lyu - minal, yoshiga qarab 0,001-0,005-0,01) kuniga 2 mahal uxlatish oldidan peshin va kechda ichirish. 2.Kalsiy xloridning 5 % li eritmasidan 1 choy qoshiqdan kuniga 3 mahal ichiriladi yoki 10 % li eritmasidan 2-3 ml kuniga 1 marta vena tomiriga yuboriladi (5 kun davomida). 3.Bolada raxitning belgilari bo‘lsa raxit mavzusida ko‘rsatilgan tartibda davolanadi. Gipotrofiya – bola tana vaznining kamayishi (oriqlanishi), jismoniy rivojlanishining normadan orqada qolishi. Sababi. Onaning homiladorlik davrida turli kasalliklarga chalinishi tufayli homilaning chala, yaxshi rivojlanmagan holatda tug`ilishi; - bola ovqatining miqdori kam, sifat jihati past bo`lishi; - bolaning uzoq davom etgan kasalliklari, ayniqsa, ichak kasalliklari. Belgilari. Gipotrofiyada bolaning tana vazni kamayib, jismoniy rivojlanishi orqada qoladi. Gipotropiya 3 darajada kechishi mumkin: I-daraja - yengil turi. Tana vazni normaga nisbatan 10-20 foiz kamayadi, teri osti yog‘ qatlami tananing gavda qismida (qorin, orqa, bel) kamayadi. Bolaning rangi siniqadi, injiq bo‘ladi; II- daraja - o‘rta og‘ir turi. Tana vazni normaga nisbatan 20-30 foiz kamayib, bo‘yi normaga nisbatan 1-3 sm orqada qoladi. Teri osti yog‘ to‘qimasi tananing orqa-bel, qorin, ko‘krak qismlaridan tashqari qo‘l-oyoqlarda yo‘qoladi. Son, qorin oldi sohasi terisida burmalar hosil bo‘ladi. Bola injiq, uyqusi notinch, lanj, ruhiy jihatdan rivojlanishi ham pasayadi; III-daraja - og‘ir turi. Tana vazni normaga nisbatan 30-50 foiz kamayadi, bo‘y o‘sishi normaga nisbatan 3-6 sm orqada qoladi. Teri osti yog‘ to‘qimasi tananing hamma qismida va yuz sohasida ham yo‘qoladi. Bolaning yuz terisida keksalarnikiga o‘xshash tirish (ajin)lar paydo bo‘ladi, umumiy ahvoli og‘ir, jismoniy va ruhiy rivojlanishi keskin ortda qoladi, barcha a’zolarning faoliyati buziladi, teri, og‘iz shilliq pardalarida yiringli yaralar paydo bo‘ladi, qabziyat va ich ketishi kuzatiladi. Bola turli xil kasalliklar tez chalinadi, ular og‘ir kechadi. Tibbiy yordam. 1.Kasallikni keltirib chiqargan sabablarini aniqlash va bartaraf etish. 2.Bolaning ovqatlanishini to‘g‘ri tashkil etish. 3.Ovqat hazm qilishda ishtirok etadigan fermentlarni qo‘llash (panzinorm, atsedin-pepsin, mezim, festal kabilar). 4.Vitaminlar: A, B 1 , B 2 ,B 6 , B 12 , PP, C, foliy kislota. 5.Gipotrofiyaning I-II - darajalarida bola uyda mahalliy pediatr-shifokor nazoratida davolanadi. Gipotrofiyaning III - darajasida esa bemor bola shifoxonada davolanadi. Oldini olish. 1.Gipotrofiyaning profilaktikasi ayolning homiladorlik paytidan boshlanishi kerak. Bo‘lajak ona to‘g‘ri va sifatli ovqatlanishi, hamda kun tartibiga amal qilishi va toza havoda ko‘proq bo‘lishi lozim.Uning ovqatida sifatli oqsil, (go‘sht, tuxum, sut, qatiq, baliq, pishloq kabilar) yetarli miqdorda bo‘lishi kerak. 2.Bola tug‘ilgandan so‘ng, uni ona suti bilan ovqatlantirish yoshiga mos ravishda qo‘shimcha ovqat va meva-sabzavot sharbatlarini o‘z vaqtida berish, parvarishini to‘g‘ri tashkil etish. 3.Bolada, ayniqsa, ichak kasalliklarining oldini olish katta ahamiyatga ega. 4.Gipotrofiya holatidagi bolalar mahalliy pediatr-shifokor nazoratida davolanishlari lozim. Ekssudativ-kataral diatez. Bola organizmining allergiyaga tug‘ma moyilligi tufayli yuzaga keladigan kasallik holatidir. Sababi. Onaning homiladorlik paytida allergiyani yuzaga keltiradigan shokolad, asal, limon, apelsin, mandarin, xurmo, yong‘oq, sho‘r taomlar, rangli shirin ichimliklarni meyoridan ortiqcha iste’mol qilishi. Belgilari. Bolaning boshini terisida yog‘li kepak va qazg‘oqlar paydo bo‘lishi; - qo`ltiq osti, yuz, bo‘yin, chov sohasi terisining qizarishi, achishishi, mayda qizil toshmalarning paydo bo‘lishi. Tibbiy yordam. 1.Emizadigan ona sho‘r taomlar, shirinliklar, rangli ichimliklar, yong‘oq, asal, sitrus mevalarni iste’mol qilmasligi lozim. 2.Agar bola sun’iy ovqatlantiriladigan bo‘lsa, nordon aralashmalar (biolakt, kefir) beriladi. 2-3 oylikdan meva sharbatlari, 4 oylikdan sabzavot pyuresi, 5-6 oylikdan mol go‘shtidan qiyma qilib dimlab beriladi. 3. Ekssudativ diatezning teridagi ko‘rinishlarini davolash uchun moychechak (romashka), ittikan (chereda) qaynatmasi, permanganat kaliy qo‘shilgan och binafsha rangli suvda cho‘miltiriladi. 4.Terining qizargan sohalariga chuchitilgan o‘simlik moyi, gioksizon, sintomitsin, sinaflan, oksolin, flyutsinar, prednizolon malhamlaridan 2 mahal surtiladi; 5.Bemorning allergik sezuvchanligini kamaytirish maqsadida: demidrol, suprastin, tavegil, pipolfen, (bittasi) – ј, 1/3, Ѕ tabletka 2 marta, bir hafta, kalsiy glyukonat 1/3-1/2 tabletka kuniga 2 marta, bir hafta. 6.Polivitamin (revit, pikovit), askorbin kislota, askorutin kabilar bolaning yoshiga qarab beriladi. Oldini olish.1.Homilador ayol ratsional ovqatlanish qoidasiga amal qilishi lozim. 2.Bola tug‘ilgandan keyin esa ona suti bilan bovqatlantirish chorasini ko`rish. 3.Gigiyenik rejimga amal qilish, toza havodan ko‘proq foydalanish, terisini parvarishlash, chiniqtirish, massaj, gimnastika mashqlari tavsiya qilinadi. Allergiya. Atrof muhitning allergenlar, deb ataluvchi ba’zi omillari ta’siriga bola organizmi sezgirligining oshishi tufayli yuzaga keladigan kasallik holatidir. Sababi. Allergenlarning ta`siri. Allergenlarga quyidagilar kiradi: 1.Turli xil bo‘yoqlar hidi, o‘simliklar va gul changlari, hayvon mo‘ynalari, hashoratlar (zambur, bingak, chivin); 2.Oziq-ovqat mahsulotlari: yong`oq, asal, shokolad, xurmo, ikra, sitrus mevalari, rangli ichimliklar, dorilar (antibiotiklar, zardoblar, gammaglobulin, sulfanilamidlar). Belgilari. Yuqorida ko‘rsatilgan allergenlar ta`sir qilganda allergiyaning quyidagi belgilari yuzaga keladi: teri qizarib shishishi, toshma paydo bo`lishi, qichishi, yo‘talish, nafas qisish. Tibbiy yordam. 1.Parhez taomlar: sut, qatiq, qaynatilgan va qiymalangan mol go‘shti, mevalar, sabzavotlar, shirguruch, shovla, mastava. 2.Allergiyani yazaga keltiruvchi taomlar (tuxum, baliq, asal, tuzlangan sabzavotlar), rangli ichimliklar, dorilar man etiladi. 3.Tavsiya etiladigan dorilar: antigistamin preparatlar (demidrol, diazolin, suprastin, tavegil), kalsiy xlorid 10 % li eritmasi 2-3 ml vena tomiriga yuboriladi, yoki 5% li eritmasi bir choy qoshiqdan kuniga 2-3 mahal ichiriladi; yoki kalsiy glukanat 10%-1 choy qoshiqdan kuniga 2-3 marta ichishga yoki 10%- 2-3 ml, 0,5%-2 ml novokain qo‘shib muskul orasiga, adrenalin 0,1% li - 0,2-0,5 ml teri ostiga, (muskul orasiga) askorbin kislota poroshogi 0,1-0,2-0,3 ichishga yoki 5% li -1-3 ml muskul orasiga. Oldini olish. Yuqorida bayon etilgan sabablarni bartaraf etish. Bolalarda gijja kasalliklari (gelmintozlar). Odamda va hayvonlarda tekinxo‘rlik qilib yashaydigan gijjalarning 250 dan ortiq turi mavjud. Gijjalar asosan ichaklarda tekinxo‘rlik qiladi. Ularning ayrim turlari odam tanasining muskullar ida , jigar, o‘pka, miya va boshqa a’zolar i da ham yasha b, parazitlik qila di. Gelmintozlar 3 guruhga bo‘linadi: 1. Biogelmintozlar (opistorxoz, diorillobotrioz, exinokokkoz, teniarinxoz). 2. Geogelmintozlar (askaridoz, gimenolepidoz). 3. Kontagioz gelmintozlar (enterobioz). Gijjalarning tuxumlari yaxshi yuvilmagan meva-sabzavotlar, qaynatilmagan suv, bemor foydalangan buyumlardan, yaxshi pishirilmagan baliq, qoramol va cho‘chqa go‘shtidan yuqadi. Exinokokkoz-surunkali kechadigan gijja kasalligi bo‘lib, asosan jigar, o‘pka to‘qimalarining zararlanishi bilan kechadi. Kasallikni mayda, uzunligi 2-6 mm bo`lgan tasmasimon gijjalar yuzaga keltiradi. Yetuk exinokokning uzunligi 0,5 sm. Hayvonlar axlati bilan ajralgan exinokokk tuxumlari tuproq, suv, o‘t, sabzavotlarga tushib, bir necha oy saqlanadi.Ifloslangan oziq-ovqatlar va suv orqali odamga yuqadi.Odam me`dasiga tushgan exinokokk tuxumining qobig‘i erib, ichidagi lichinka ichak devorlarini teshib, qonga o‘tadi, u orqali jigar, o‘pka, charvi, bosh miya hamda boshqa to`qima a’zolarga tarqaladi va o`rnashib olgan to`qima-a`zoda exinokokk pufakchalarini hosil qiladi.Bu pufakcha kattalashib, a’zolar va to‘qimalarni siqib, ular faoliyatini buzadi.Ba‘zan pufakchalar yorilib, ichidagi gijjalari atrofdagi a’zolarga tarqalishi mumkin. Exinokokk pufakchalarining ayniqsa miyaga va yurak muskuli orasiga joylashuvi bemor hayoti uchun o‘ta xavflidir. Belgilari. Exinokokkning qaysi a’zoda joylashishi, pufakchalarining katta- kichikligi, to‘qimalarning zararlanish darajasiga ko‘ra, kasallik belgilari turlicha bo‘ladi. Jigar exinokokkozida bemor holsizlanib ozadi, o‘ng qovurg‘a ostida og‘irlik sezadi, jigar kattalashadi, ba’zan teri sarg‘ayadi. Agar exinokokk o‘pkada rivojlansa, bemorni yo‘tal, nafas qisishi bezovta qiladi. Kasallikni aniqlash va tashxis qo‘yish uchun teri orasiga sinama qo‘yiladi, rentgen va ultratovush tekshiruvlaridan o`tkaziladi. Tibbiy yordam.Kasallik jarrohlik usuli bilan davolanadi. Oldini olish.Uy hayvonlari, itlarni veterenariya nazoratidan o‘tkazish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, go‘shtni yaxshi pishirib iste‘mol qilish, bolalarga it, mushuk bilan o‘ynashga ruxsat bermaslik. Askaridoz. Surunkali kechadigan kasallik bo‘lib, askarida gijjalari tarqatadi. Askaridalar ingichka ichakda parazitlik qilib yashaydi, tuxumi najas bilan tashqi muhitga ajraladi.Gijja tuxumlari meva va sabzavotlar, suv, oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadi. Belgilari. Bemorda darmonsizlik, yo‘tal, ba`zan isitma ko‘tarilishi, badan terisining qichishi, uyqu buzilishi, toshma toshishi, ishtaha pasayishi, ko‘ngil aynish, qayt qilish, bosh aylanishi, nafas qisishi, qorinda og‘riq bo‘lishi, ozish kuzatiladi. Asoratlari. Mexanik sarg`ayish, ichak tugilishi, enterokolit, xoletsistit, peritonit, kamqonlik. Aniqlash. Najasni laboratoriya usulida tekshirilganda askarida tuxumlarining topilishi. Tibbiy yordam. 1.Askarida gijjasiga qarshi dekaris, vermoks, kombantrin, piperazin, medamin kabi dorilar qo‘llanadi. 2.Allergiya yuzaga kelsa demidrol, tavegil, shuningdek, polivitaminlar (revit, pikovit, oligovit va boshqalar) qo‘llanadi. Oldini olish. Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish. Entrerobioz. Surunkali kechadigan kasallik bo‘lib, uni yumaloq gijjalar- ostritsalar qo`zg`atadi. Ko‘proq bolalar kasallanadi. Ostritsalar yo‘g‘on ichakda parazitlik qiladi. Yuqish yo‘llari. O‘yinchoqlar, idishlar, yaxshi yuvilmagan meva-sabzavotlar, ifloslangan suv orqali. Belgilari. Asosiy belgisi orqa chiqaruv teshigi atrofida qichishish, uyqu buzilishi, uyqusida bolaning siyib qo`yishi (enurez) kuzatiladi. Aniqlash. Najasni laboratoriyada tekshirish, shuningdek, orqa chiqaruv teshigi atrofidan surtma olib mikroskopda tekshirish orqali gijja tuxumlari borligi aniqlanadi. Tibbiy yordam. 1.Dekaris, vermoks, medamin, piperazin kabi dorilar qo‘llanadi. 2.Ichimlik sodasi (1 stakan suvga 1/2 choy qoshiq soda) bilan tozalovchi klizma qilinadi. Oldini olish. Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, bolalar orasida tushuntirish ishlarini olib borish. Lyamblioz - lyambliyalar, ya’ni sodda tekinxo`r jonivorlar paydo qiladigan kasallikdir. Ular ingichka ichakda, o‘t pufagida joylashib, parazitlik qiladi. Lyambliya sistalari tashqi muhitga bemor najasi bilan tushadi va zararlangan suv, oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabsazavotlar, ifloslangan qo‘l va ro‘zg‘or buyumlari orqali odamlarga (bolalarga) yuqadi. Belgilari. Kasallik belgilari asta-sekin boshlanadi, ko‘pincha me’da-ichak faoliyati buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Lyambliya quyidagi turlarda kechishi mumkin: 1) lyambliya tashuvchilik, 2) ichak turi, 3) jigar turi. Lyamblioz tashuvchilarda kasallik alomatlari bo‘lmaydi, lekin ularning najasi laboratoriyada tekshirilganda lyambliyalar topiladi. Lyambliozning ichak turi ko‘proq uchraydi. Bemorning ichi ketadi. Najasi shilliq va qon aralash bo‘ladi. Ishtaha buzilishi, ko‘ngil aynish, qorinda g‘o‘ldirash bo`ladi. Lyambliozning jigar turida o`ng qovurg`a ostida, xurujsimon og`riq bo`ladi, ko`ngil ayniydi, kekirish, qayt qilish kuzatiladi.Jigar kattalashadi, og`riydi, ba`zan ko`zning oq pardasi va teri sarg`ayadi. Aniqlash. Najasni laboratoriya tekshiruvida lyambliya yoki uning sistalari topiladi. Tibbiy yordam. 1. Dorilardan aminoxinol, metronidazol, furazolidon, vitaminlar, pankreatin, festal qo‘llanadi. 2. Parhez taomlar: qatiq, suzma, qaynatilgan go‘sht, mastava, yog‘siz sho‘rva tavsiya qilinadi. Bemorga xamirli ovqatlar, shirinliklar berilmaydi. Oldini olish. Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish. Asosiy adabiyotlar: 1. Bemorlarni uyda va shifoxonada parvarish qilish. F.G`. Nazirov. Toshkent- 2003. 2. Odam anatomiyasi. E.Qodirov. Toshkent-2003. 3. Anatomiya. A.S.Gusev. Moskva-1970. 4. Hamshiralik ishi asoslari. Q.Inomov. Toshkent-2007. 5. Xirurgiya. A.J.Hamrayev. Toshkent-2002. 6. Xirurgiya va reanimatsiya asoslari. A.J. Hamrayev. Toshkent-2002. 7. Bolalar kasalliklari. A.N.Buraya. Toshkent-1988. 8. Sog`lom va kasal bola parvarishi. A.N.Buraya. Toshkent-1988. 9. Klinikagacha bo`lgan xirurgiya. R.M.Axmedov. Toshkent-2001. 10. Инфекционные болезни. К.В. Бунин. Москва-1980. 11. Первая медицинская помощь в чрезвычайных ситуациях. Э.Икрамов 44 Тошкент – 2003. 12. Курс гражданской защиты. В.Ф.Зубков Тошкент-2004