logo

Yosh oilalarning ijtimoiy va psixologik muammolari. Yosh oila. Yosh oila va sog‘lom turmush tarzini barqarorlashtirish

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

56.5 KB
Yosh oilalarning ijtimoiy va psixologik muammolari. Yosh oila. Yosh oila va sog‘lom turmush tarzini barqarorlashtirish Reja:  Yosh oila: munosabatlar modeli va xususiyatlari  Yosh oila va sog‘lom turmush tarzini barqarorlashtirish  Yosh oilalarning ijtimoiy va psixologik muammolari  Yoshlarni nikoholdi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nikohning mustahkamligi  Yosh oila deb, avvalo, er va xotinning ikkalasi ham 30 yoshdan oshmagan yoki oilaviy turmush qurish tajribasi 10 yildan oshmagan yoshlar oilasi nazarda tutiladi. Birinchi yondashuv, ya’ni, er va xotinning pasport yoshini inobatga olib, oilaga maqom berish to‘g‘riroq bo‘lib, qachon turmush qurganligidan qat’iy nazar, albatta, shu muddat orasida xali yigit ham qiz ham tom ma’noda katta mehnat stajiga ega bo‘lmaydi, va ko‘p hollarda ayol-ona aynan shu davrda farzandli bo‘lib, uy bekasi bo‘lib o‘tirib qolishi ehtimoli katta. Agar ikkinchi yondashuv bo‘yicha yosh oilani oilada yashash muddatiga ko‘ra tabaqalashtirilsa, unda u yoki bu jamiyatda nikoh yoshining o‘rtacha ko‘rsatgichi ortib yoki kamayib borishini nazarda tutish lozim. Chunki ayrim davlatda va ayrim milliy-madaniy muhitda yoshlarni juda erta turmush qurishi rag‘batlantirilsa, boshqalarida, ayniqsa, oxirgi yillarda aksincha, yigit va qizlarning kasb-hunar orttirish bo‘yicha professional malakaga erishish asosiy qadriyat hisoblangan sharoitlarda 30 yoshdan oshgan odam endi oila qurgan yoki xali ham turmush qurmagan bo‘lishi ham mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya kabi rivojlangan Yevropa va Amerika davlatlarida, Sharqiy Osiyoning rivojlangan mamlakatlarida (Yaponiya, Koreya kabi) nikoh yoshi yil sayin ortib, ayrim mamlakatlarda bu raqam 30 yoshdan ham o‘tib ketmoqda. Juda erta turmush qrish qanchalik oila va uning barqarorligi bilan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lsa, kech turmush qurish ham qator salbiy asoratlar va moddiy-ma’naviy qiyinchiliklar bilan, eng muhim er va xotinning salomatligi holati, tug‘ilajak zurriyodning sog‘lom tug‘ilishi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi.  Umuman, fanda yosh oilani tavsiflaganda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:  juda yosh oila – nikohga kirgan vaqtdan toki 4 yilgacha;  yosh oila – 5 yildan 9 yilgacha;  o‘rta oilaviy hayot muddati – 10 yildan 19 yilgacha; katta oilaviy hayot muddati – 20 yil va undan ortiq muddat turmush kechirganlar oilasi. Ko‘plab olimlarning ta’kidlashlaricha, yosh oilaning mustahkamlanib, oyoqqa turib ketishi, turli maishiy muammolarni o‘zi mustaqil xal qilishi uchun zarur bo‘lgan muddat aslida turmush qurgan ikki shaxsning bir-biriga bo‘lgan samimiy munosabatiga, oila va uning atrofidagi turli qadriyatlarga nisbatan uyg‘un qarashlariga, ota-ona oilasida ibrat sifatida ko‘rgan-kechirganlarini uchun o‘z oilasida qo‘llay bilish mahoratiga bevosita bog‘liqdir. Lekin baribir har bir oila aynan yoshlik davrida muaytsyan qiyinchiliklarni boshdan kechiradiki, bu muammolar quyidagi holatlarga bog‘liq tarzda namoyon bo‘ladi: oilaviy hayotni bir maromda kechishini ta’minlash, ishlash, o‘qish yoki boshqa masalalarni xal qilish uchun vaqtning yetishmasligi; vaqtni yaxshi o‘tkazish, ko‘ngilxushliklarning cheklanganligi; yangi sharoitda erkakning ham ayolning jismonan toliqishi, asablarning charchashi; iqtisodiy qiyinchiliklar. Oxirgi holat bir tomondan, ayni paytda yoshlardagi orzu-havasning ko‘payib ketishi bilan izohlansa, boshqa tomondan, ota-onalarning orzu-qavaslariyu, bordi- keldi bilan bog‘liq sarf-xarajatlarning ortib borishi bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘zbekistonda kundan-kunga hayot va yashash sharoitimiz yaxshilanib, oila farovonligi uchun yetarli shart-sharoitlarning bo‘lishiga qaramay, tashqaridan barcha maishiy muammolari xal bo‘lgan yosh oilada ham nimalardir yetishmayotganday tuyulaveradi. Bu – o‘sha orzu-havaslar, ijtimoiy ehtiyojlarning tobora ortib borayotganligi bilan izohlanadi. Shu bois ham yurtimizda yosh oila manfaatlarini ijtimoiy jihatdan muxofaza qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Buning yorqin isboti 2007 yilning “Ijtimoiy himoya yili” deb e’lon qilinganligi, ushbu yilda qabul qilingan davlat dasturida yosh oila manfaatini himoya qilish alohida bandda aks etganligi va nihoyat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 18 may kuni imzolagan “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashna doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonidir. Farmonning ijtimoiy hamda tarixiy ahamiyati shundaki, unda yosh oila mustahkam va unda tarbiyalanayotgan farzandlarning sog‘-salomat uylag‘ishlariga oid barcha eng muhim vazifalar belgilab berilgan. Xususan, ko‘p bo‘g‘inli va ko‘p farznadli oilalar soni nisbatan ko‘p bo‘lgan bizning sharoitimizda Prezident Farmoni bo‘yicha yosh oilalarning maishiy turmush sharoitini yaxshilash, kam ta’minlangan oila farzandlarining nikohdan o‘tishi va to‘y marosimlarini o‘tkazishda qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni xohlaganlar uchun, uy-joy qurilishi, ta’mirlash va sotib olish uchun, uy ho‘jaligini yo‘lga qo‘yish, mebel va boshqa uzoq muddat foydalaniladigan hayotiy zarur tovarlar uchun ipoteka, iste’mol kreditlarining imtiyozli tarzda berilishi kabi tadbirlar oila mustahkam va baxtli hayot kechirishini kafolatlovchi muo‘im masalalardir. Oxiri statistik ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 175-180 mingdan ortiq nikohlar qayd etiladi. Umumiy oilalar miqdoriga nisyubatan qaralganda yosh oilalar salkam 40 foizni tashkil etadi. Demak, oila sonining ko‘pligi ular orasida moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga muhtojlari ham bo‘lishi tabiiy ekanligini ko‘ratstadi va xukumatimiz va shaxsan Prezidentimizning bu boradagi siyosati aynan yosh oilaning manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi say’i- harakatlardan biridir. Albatta, yosh oila borasidagi eng muhim masalalardan biri – yoshlarning o‘zaro munosabatlari va ularning yangicha munosabatlar tizimiga ko‘nikishi masalasidir. Chunki romantik sevgi, bir-birini yoqtirish bosqichidan o‘tgan yoshlarning endi yangi oilaviy hayot tamoyillari asosida kundalik hayotni boshdan kechirishiga muayyan qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Yigit-ku o‘z uyida, ota-onasi yaratib bergan sharoitda yashaydi. Moslashuv jarayonidagi qiyinchiliklarning eng og‘iri kelinchakning bo‘yniga tushadi. U boshdan kechiradigan muammolardan biri esa – yangi oila a’zolari bilan muomala maromlarini to‘g‘ri o‘rnatishdir. To‘g‘ri, to‘ydan keyin turkona, o‘zbekoana urq-odatga ko‘ra qizning onasi va uning yaqin qarindoshlari kelinchakni “yo‘qlaydi”, ya’ni, pishir-kuydir qilib, qiz o‘z xonadonida suygan taomini pishirib, yangi kelin tushgan xonadonda dasturxon yuboriladi. Albatta, bu kabi azaliy urf-odatni asosida yotgan muhim sabablar bo‘lib, birinchisi, yangi muhitga tushib qolgan qiz bu yerdagi issiq-sovuqqa tez ko‘nikib ketolmasligi, taom tanavvul qilishda keskin o‘zgarish bo‘lmasligi uchun to ko‘nikkuncha, bir necha kun o‘z xonadonidan ovqat yuborish va shu orqali uni “yupatish” bo‘lsa, ikkinchi ma’nosi – ota-ona qizini unutmaganligi, hanuz unga mehrli munosabatda ekanliklarini izhor qilishdir. Bu kabi munosabatlarning saqlanishi qisman bizning hozirgi sharoitimizda ham o‘zini oqlaydi, lekin yo‘qlov bahonasida tog‘oralarda ovqat-oziqning xadeb kuyov uyiga jo‘natilishi, ortiqcha dabdabalarga yo‘l qo‘yilishida umuman mantiq yo‘q. Chunki hozir ko‘pchilik onalar oila yumushidan tashqari davlat va jamoat muassasalarida xizmat qiladilar. Ular uchun bunday tashvishlar ortiqcha, ikkinchidan, qizlar ilgarigiday juda erta turmush qurmaydigan va o‘qish, ish bahonasida turli taomlarni yeyishga yoshlikdan o‘rgangan sharoitda ularning oshqozonlari yangi xonadonda ham birday ishlayveradi. YA’ni, yosh oilaning mustahkam bo‘lishiga rahna soluvchi omillardan biri hisoblanmish ortiqcha ovoragarchiliklar, dabdabali tushliklarning ikkinchi xonadonga yuborilishi bugshungi taraqqiyot bosqichida biroz erish tuyulishi tabiiy. O‘tkazilgan tadqiqotlardan yana shu narsa ma’lum bo‘lmoqdaki, yosh oilaning tinchlik-totuvchilikda yashashiga halaqit berayotgan sabablardan biri – qaynonalar bilan yangi kelinchakning tez kirishib, til topishib keta olmayotganligi. Bu ham oilaviy munosabatlar borasidagi muammolardir. Chunki ayniqsa, shahar sharoitida bitta yoki ikkitagina o‘g‘il o‘stirgan ona ko‘pincha yangicha munosabatlar tizimiga o‘zi ko‘nika olmaydi va kelinchakni ham tezroq ko‘nikib ketishiga yordam berish choralarini bilmaydi. YA’ni, qaynona bilan kelin o‘rtasida o‘ziga xos rashkka o‘xshash munosabatlar paydo bo‘ladiki, bu holat qaynonaning kelinga nisbatan adolatli, bag‘rikeng inson sifatida ish tutishiga halaqit beradi. Toshkent shahrida sodir bo‘layotgan nikoh ajrimlarining sabablari orasida aynan qaynona bilan kelin o‘rtasidagi nizolarning qayd etilishi yuqoridagi fikrlarning dalilidir. Shuning uchun bunday holatlarning oldini olishning yo‘llaridan birinchisi – bu yoshlarni (yigit va qizlarni) oilaviy munosabatlarga psixologik jihatdan tayyorlash bo‘lsa, ikkinchi yo‘li – jamoatchilikni keng jalb qilgan holda mahallalarda “Oila saboqlari”, “Ota-onalar universiteti” kabi ma’rifiy institutlarni joriy etish orqali ota-onalarni ham kelin va kuyov bilan munosabatga, muloqotga o‘rgatishdir. Bunda OAV va ommabop nashr etilgan risolalarning ham ahamiyati katta. Yosh oila va sog‘lom turmush tarzini barqarorlashtirish Yosh oilaning mustahkamligi, undagi ma’naviy muhitning barqarorligi yoshlarning salomatligiga, sog‘lom turmush tarzi malakalariga ega ekanligiga ham bog‘liq. Bunda ota-onaning, yaqin qarindosh-urug‘larning umuman sog‘lom turmush tarzi haqidagi tasavvurlari qanchalik aniq va ularning kundalik turmushda salomatlikni asrash ko‘rikmalariga ega ekanliklari katta ahamiyat kasb etadi. Gap eng katta boyligimiz – salomatlik haqida borar ekan, qulog‘imizga tez- tez chalinayotgan “sog‘lom turmush tarzi” tushunchasining o‘zi xususida olimlar fikrlarini tahlil etish lozim. Olimlar hamda mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, sog‘lom turmush tarzining beshta asosiy sharti bo‘lib, bular eng avvalo to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlardan saqlanish, mehnat qilish va faol dam olishni to‘g‘ri tashkillashtirish hamda gigiyenik ko‘nikmalarga amal qilishdir. Mana shu shartlarga rioya qilgan kishining salomatligi shubhasiz o‘z qo‘lida bo‘ladi. Lekin ko‘pincha bu shartlarga amal qilish yoshlarga ko‘pincha erish tuyuladi. Hozirgi kunda ko‘pchilik o‘rtasida uchrayotgan kasalliklar va bevaqt o‘limning asosiy sabablaridan biri oila a’zolarining sog‘lom bo‘lish uchun o‘zlari harakat qilmayotganliklari, hali ham biron bir mo‘jizaviy hayot baxsh etuvchi dori yoki shifokor bo‘lishiga ishonib, yashayotganliklaridir. Albatta, zamonaviy tibbiyot fani O‘zbekistonda ham rivojlanish ketdi, tibbiyot xodimlari orasida o‘z kasbining ustasi bo‘lgan oliyjanob insonlar ham ko‘p. Lekin agar inson o‘z turmush tarzini ongli tashkil etib, kasal bo‘lib qolganda ham unga qarshi o‘sha shifokor bilan tengma-teng ongli ravishda turmasa, dardni yengish mushukul bo‘lishini bugun ko‘pchilik yaxshi biladi. Lekin yoshlar o‘rtasida shu oddiy haqiqatni bilmaganlar ham ko‘p. Salomatlikni o‘z vaqtida o‘z uyimiz, o‘zimiz o‘rganib qolgan muhitda saqlay olmaganligimizning, farzandlarimizni ilk yoshligidan sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalariga o‘rgatmaganligimizning sabablari ham bor. Buning obyektiv sabablaridan biri sobiq sovet davrida tibbiy xizmatning bepulligi, tibbiyot xodimlari malakasiga nisbatan talabchanlikning past bo‘lganligidir. Bu siyosat eski tuzumning boshlang‘ich davrlarida aholi o‘rtasida uchragan ko‘pgina kasalliklarni kamaytirishga xizmat qilgan bo‘lsa-da, shu bilan birga, bunday siyosat kishilarda o‘z sog‘liqlariga befarqlik, boqimandalik kayfiyatini ham shakllantirdi. Yana bitta sabablaridan biri kasallikni sababi bilan emas, uning oqibati bilan kurashib kelindi. Natijada kasalxonalar qurish, ularda koykalar soni oshirishga ko‘proq e’tibor berilib, targ‘ibot sohasiga ikkinchi darajali sifatida qaraldi. Oqibatda aholi orasida tibbiy madaniyatning pastligi tufayli kasallanishning ko‘payib borishi davom etdi. Bu o‘z – o‘zidan ma’lumki, har bir oilaning budjetiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Oqibatda bu nafaqat budjetga, balki oilaning mustahkamligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi va hozir ham shunday. Shuni alohida mas’uliyat bilan ta’kidlash joizki, davlatimiz asosini tashkil etgan yosh oilalar ravnaqi kelajagimiz poydevorini sog‘lomlashtirish uchun targ‘ibotni eng avvallo oiladan, qolaversa, barchamiz uchun “vatan ichra vatan bo‘lgan” mahalladan boshlash kerak. Chunki, sog‘lom turmushi tarzini oilada to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, shu oila azosi salomatlik eng birinchi darajali ekanligini tushunib yetadi. Bir oila tushunib yetgan narsani shu oilaning boshqa yaqinlari – qarindosh-urug‘lar, keyinchalik yoru-birodarlar, nihoyat qo‘ni-qo‘shnilar tushunib yetadi. Olimlarning fikricha, inson salomatligining 51,6% sog‘lom turmush tarziga, 20,5 % irsiyatga, 19,3 % tashqi ekologik muhitga, 8,6% sog‘liqni saqlash tizimiga bog‘liq ekan. Ko‘rinib turibdiki, salomatlik har bir insonning qanday hayot kechirishi, nima yeyishi, kimlar bilan muomala qilishi, o‘zi uchun munosib, qulay hayot tarzini ishda ham, dam olishda ham tashkil eta olishiga bevosita aloqador ekan. Salomatlik – bu nafaqat sog‘-salomat yurish degani, balki uzoq umr ko‘rish garovi hamdir. Tug‘ilish, o‘sib ulg‘ayish, voyaga yetib shaxsiy va umuminsoniy manfaatlar yo‘lida faoliyat ko‘rsatish, qarish-qartayish va o‘lim – bular inson hayot yo‘lining qonuniy bekatlaridir. Bu hayot uchun kurash – salomatlik uchun kurash ekanligini anglashni taqozo etadi. Demak, sog‘lom turmush tarzi bu – har bir insonning ma’naviy, aqliy, ruhiy va jismoniy xususiyatlarga ega bo‘lishga harakat qilishidir. Agar inson o‘z hayotini faol harakatlanish rejimiga sola olsa, kun tartibini ongli belgilay olsa, ovqatlanish, mehnat qilish yoki dam olish tartiblarini to‘g‘ri tashkil eta olsa, gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda zararli odatlardan o‘zini tiya bilsa, atrof-muhitga ehtiyotlik va sarishtalik bilan qarab, oilada va yonidagi qo‘ni-qo‘shni, yaqin qarindoshlar bilan tinch-totuv yashashga imkon beruvchi muomala madaniyatiga ega bo‘lsa va sog‘lom farzandning tug‘ilishiga eng avvalo o‘zi mas’ul ekanligini tushunsa, unda sog‘lom turmush tarzi haqida tasavvurlar mavjud, deyish mumkin. Bugungi kunda butun dunyoda salomatlik va sog‘lom turmush tarziga katta e’tibor berilmoqda. Masalan, amerikalik olimlar bu narsaga panja ortida qarash nimaga olib keladi, degan savolga ko‘proq ularni agressiv xulq-atvor bilan bog‘lamoqdalar. Y a ’ni, odam urushqoq, salga tajang bo‘ladigan, sabrsiz bo‘lib qoladi. Bu narsa oxir oqibat giyohvandikka berilish, ichkilikka ruju qo‘yish, oilada er-xotin o‘rtasida nosog‘lom munosabatlarning kelib chiqishi, ayolga nisbatan zug‘umning ortishi, sportga nisbatan befarqlik, shaxslararo ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi olimlari 2000 yillarning boshida O‘zbekiston xududidagi qishloq oilalari a’zolarining sog‘lom turmush tarzi borasidagi savodxonligini maxsus tadqiqot doirasida o‘rgandi. Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 600 dan ziyod xotin-qizlar bilan suhbat va so‘rovlar o‘tkazildi. So‘raluvchilarning aksariyati tug‘ish yoshidagi ayollar bo‘lib, ularning fikrlarini umumlashtirib tahlil qilinganda, oilali ayollarning 21%i va erkaklarning 9,9% surunkali kasalliklarga chalingan ekan. So‘raluvchilardan 53,3%i faqat kasal bo‘lgandagina vrachga murojaat qiladi, qolganlari vaqti-vaqti bilan murojaat qiluvchilardir. Demak, ko‘pchilik betob bo‘lib qolganlagina vrachga murojaat qiladi, hattoki, kasal o‘tib ketgandan keyin vaqt topadiganlar ham kam emas. Demak, sog‘lom turmush tarziga aloqador tibbiy madaniyatimiz borasida o‘ylashga arziydigan muammo bor. Shu bois ham, sog‘lom turmush tarzi kategoriyasi ko‘proq ijtimoiy kategoriya bo‘lgani Markaz olimlari so‘raluvchilarning tibbiy-gigiyenik ma’lumoti darajasini o‘rgandilar. Masalan, “O‘z farzandlaringiz bilan tibbiy-gigiyenik mavzuda suhbatlashib turasizmi?” degan savolga barcha so‘rluvchilarning 62,6% ijobiy javob bergan bo‘lsalar, umuman gaplashmaydiganlar 19,8%ni tashkil etdi. Bu o‘ylantiradigan holat, albatta. Lekin tibbiy bilimning zaruratini anglaydiganlar qishloq aholisi o‘rtasida ortib bormoqda. Masalan, so‘raganlarimizning 82% “Har bir kishi tibbiy bilimga ega bo‘lishi kerak” deb hisoblaydi. Shunisi e’tiborga molikki, o‘rganilgan guruhdagilarning 87,7 foizida birinchi farzandlari qolgan keyingilariga nisbatan ko‘proq xastalangan. Demak, yosh ona bolasini parvarish etish malakasiga, tajribasiga ega bo‘lmaganidan tez-tez kasal qilib qo‘yadi. Aynan o‘shalar tibbiy savodxonlikka muhtojdir. Albatta, sog‘lom turmush tarzi tushunchasi har insonda o‘ziga xos tarzda shakllanar ekan. Respondentlarga “Sog‘lom turmush tarzini qanday tushunasiz?” deb savol bilan murojaat qilinganda, ko‘pchilik, ya’ni so‘ralganlarning salkam 41%i uni “atrof-muhit tozaligi” bilan, 37,3% i “to‘g‘ri, ratsion bo‘yicha ovqatlanish” bilan, qolganlar – “o‘z vaqtida uxlash”, “sport bilan shug‘ullanish” (28,4%), “chekmaslik, ichmaslik” kabilar bilan bog‘lashdi. Albatta, bu kabi sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq tasavvurlar shakllanadi, kerak bo‘lsa, tarbiyalanadi. Sog‘lom turmush tarzi haqidagi tushunchalarni qayerdan olish mumkinligini o‘rganilganda, tabiiy, OAVning o‘rni va roli katta ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ayniqsa, xotin-qizlarning fikricha, televideniyening roli katta (72,6%), gazetalar – ikkinchi o‘rinda – 57,5%, jurnallar – 46,3% va radio – 31,2%. Demak, bu manbalardagi axborot va ma’lumotlarning xalqbop, ommabop bo‘lishiga alohida e’tibor berish, mahalla guzarlarda radio eshittirishlari va davriy gazeta, jurnallarning vaqtida berilishiga alohida e’tibor berish lozim. Demak, sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risida har bir yosh avlodda shakllanadigan bilimlar, tasavvurlar va ularning amaliy turmush tarkibida ongli xatti-harakatga aylanishi ko‘plab ijtimoiy muammolarni yechishga imkon beradi. Shuning uchun ham bugun xalq o‘rtasida amalga oshiriladigan targ‘ibot va tashviqot ishlarining samaradorligini oshirish, buni mafkuraviy va ma’naviy ishlarning tarkibiy qismiga aylantirish lozim. Mustaqil yurtimizda keng quloch yozayotgan bolalar sportini rivojlantirish, oilaviy sportni milliy mentalitetimiz xususiyatlariga mos tarzda hayotga joriy etish, mustahkam oilada sog‘lom turmush tarzini barqarorlashtirishga qaratilgan barcha sa’y-haraktalarimiz islohotlarimiz strategiyasiga mos bo‘lib, yurtimizda tinchlik, totuvlik hamda rivojlanishga, yosh oilalarning mustahkamligiga xissa bo‘ladi. Bunda mamlakatimzda amalga oshirilayotgan qator hayrli tadbirlar, jumladan nikoholdi tibbiy ko‘rikdan kelin va kuyovlarni o‘tkazish amaliyoti o‘zining juda katta ijobiy samarasini berishi tabiiy. Yoshlarni nikoholdi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nikohning mustahkamligi Oila Kodeksining 17-moddasida yosh kelin-kuyovlar nikohgacha ixtiyoriy tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlangan. Bu modda kiritilishining mohiyati shundaki, imonli, insofli va yaxshi niyatli inson uchun oila qurish, uning mustahkam poydevorda bo‘lishiga qayg‘urish qanchalik muhim va majburiy bo‘lsa, yoki ota-ona bo‘lish mas’uliyati kuchli bo‘lsa, o‘zidan sog‘lom zurriyot qoldirish, uni sog‘-salomat katta qilib voyaga yetkazish, to‘g‘ri tarbiya berish shunchalik mas’uliyatli va majburiy ishdir. Shuning uchun ham har bir yigit va qiz, yoki ularning ota-onalari yangi oila qurish ishini savob va mas’uliyatli deb anglasalar, nikohga kiruvchilarning pushti va nasli nuqtai nazaridan sog‘- salomatligiga ishonch hosil qilish shunchalik zururdir. Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan har ikki yosh eng avvalo o‘z vijdoni oldida toza bo‘lishi masalaning bir tomoni bo‘lsa, hali oilani qurmay turib, uning salomatligi haqida qayg‘urayotganligi ulardagi ana shu nikohday muqaddas narsaga bo‘lgan jiddiy va mas’uliyatli munosabatining namoyon bo‘lishidir. Ayniqsa, bugungi bozor munosabatlari sharoitida oila har bir a’zosining sog‘lom bo‘lishi, yangi tug‘ilgan farzandning sog‘ va salomat katta bo‘lishi qanchalik muhim iqtisodiy hamda ma’naviy masala ekanligini bugun hamma tushunib qoldi. Jamiyatda sog‘lom oilalar sonini oshirish maqsadida qabul qilingan qarorlardan biri bu – “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomdir. Bu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustda qabul qilgan 365 sonli qarori bilan tasdiqlangan. Ushbu Nizomga ko‘ra, barcha barcha fuqarolar nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari zarur. Bunda bo‘lajak kelin-kuyovlar beshta asosiy xastalik – sil, teri-tanosil, giyohvandlik, OITS, ruhiy kasalliklar bo‘yicha tekshiriladi. Sababi, bu beshta kasallik bevosita naslga ta’sir qiladi. Kuzatishlar va amaliyot shuni tasdiqlamoqdaki, nikoholdi tibbiy ko‘rikdan ongli ravishda o‘tish, salomatlikni asrashning aynan o‘zimizga, oilamizga bog‘liq jihatlarini bilish, bolalar sporti, oilaviy, ommaviy sportni rivojlantirish, oilada sog‘lom yashash tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish millatni jisplashtiruvchi, naslni poklovchi, davlatni kuchli qiluvchi omil sifatida baholanmoqda. O‘tkazilgan tadqiqotlar yurtdoshlarimizda “salomatlik” qadriyatiga munosabatlari ijobiy tomonga o‘zgarayotganligini isbotlamoqda. Xususan, Respublika “Oila” ilmiy- amaliy hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish “Ijtimoiy fikr” Markazlarining tadqiqot natijalariga e’tibor beradigan bo‘lsak, agar 2003 yilda aholining faqat 42,7 foizigina nikoholdi tibbiy ko‘rikdan o‘tishga ongli munosabatni ifoda etgan bo‘lsa, 2005 yilda bunday ijobiy ko‘rsatgich 84,4 foizni tashkil etdi. Oxirgi yillarda bu borada yanada sezilarli ijobiy o‘zgarishlarning sababi ham eng avvalo yosh onaning, kelinchakning salomatligini muhofaza qilish istagi yetakchi omil bo‘layotganligidir. Olimlarning kuzatishlari va tadqiqotlar yurtdoshlarimizda, ayniqsa, yosh kelin- kuyovlarda xastaliklarni oldini olish yoki bemor bo‘lib qolganda dori-darmonlarni iste’mol qilishga munosabati keskin o‘zgarib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Yurtdoshlarimiz bunda eng avvalo profilaktik tibbiyot, ya’ni xastalikni oldini olish uchun sog‘lom turmush tarzi qonun-qoidalariga rioya etish, bunda sog‘lom fikr va ruhiy quvvatdan foydalanish, bo‘lgan-bo‘lmagan dorilarni iste’mol qilavermaslik ko‘nikmalarini egallab borayotganligi tasdiqladi. Bu ham ma’lum ma’noda mamlkatimizda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” ijtimoiy harakatining, samarali targ‘ibot-tashviqot ishlarining natijasidir. Qishloq xududlarida aholining toza ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena shart-sharoitlarini yaratish, xususan, ota- bobolarimizdan qolgan har bir mahallada sharqona yuvinish maskanlari bo‘lmish hammomlar qurilishiga e’tiborning ortayotganligi ham yurtdoshlarimiz psixologiyasining muhim o‘zgarishlaridandir. Oxirgi yillarda ommaviy sportga, oilaviy hamda bolalar, ayollar sportiga e’tibor yanada kuchaydi. “Barkamol avlod” sport o‘yinlari, “Universiada”, “Umid nihollari” musobaqalari, Respublika ayollar spartakiadasi, badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro bellashuvlar va boshqalar o‘z ko‘lami va xalqchilligi bilan xalq e’tirofini qozondi. Ushbu sa’yi harakatlar davlatimizning bu boradagi strategik rejalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda xalq bilan hamjihat ekanligini isbotlamoqda. Yurtimiz ayollari va bolalar sport bilan faqat o‘zining jismoniy quvvatini tiklash va bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazish uchun emas, balki u orqali sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ibot qilish, ma’naviy va jismoniy kamolga intilish, turli salbiy ta’sirlar va zararli odatlardan halos bo‘lish, kuchli xarakterni shakllantirish uchun shug‘ullanayotganliklari har qanday taxsinga loyiqdir. Bularning barchasi strategik maqsadimiz – milliy genofondni yaxshilash, barkamol va sog‘lom avlod tarbiyasi borasida amalga oshirayotgan ishlarni yanada takomillashtirish orqali yosh oilalarning barqarorligiga erishishdan iboratdir.