logo

Iqtisodiy fanlarni o’rganishda aniqlashtirilgan maqsadli texnologiyalarni qo’llash, dasturlashtirilgan ta’lim va muommoli ta’lim texnologiyalari.

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

111 KB
Iqtisodiy fanlarni o’rganishda aniqlashtirilgan maqsadli texnologiyalarni qo’llash, dasturlashtirilgan ta’lim va muommoli ta’lim texnologiyalari. Reja: 1. Aniqlashtirilgan maqsadli texnologiyalar haqida tushuncha. 2. Aniq tushunchalardan foydalanish va ularning ahamiyati. 3. Dasturlashtirilgan ta’lim tecxnologiyalarni qo’llash mahorati. 4. Ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishning barqaror suratlarini ta’minlashga erishish jarayonida ta’lim samaradorligini oshirishning muhimligi. Tayanch iboralar: Aniqlashtirilgan maqsadli texnologiyalar, pedagogik prognostika, ta’lim jarayonining tashxis qilish, pedagogik prognostika, didaktik ishlanma, pedagogik nazariyalar; 1. Aniqlashtirilgan maqsadli texnologiyalar haqida tushuncha. Jamiyat hayotining jadal tarzda rivojlanishi, taraqqiyot ehtiyojlari va imkoniyatlarining kengayishi, turli-tuman axborotlar oqimining tezlashishini hisobga olib, Pedagogik texnologiyar fani pedagogik prognostikaning yangi shakl, vosita va usullaridan foydalanish mexanizmini yaratishni o‘z zimmasiga olmog‘i talab etiladi. Bugungi kunda turli tipdagi ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ta’limning o‘rni va darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan tadqiqotlarda pedagogik prognostikaning imkoniyatlaridan keng foydalanishni taqozo qiladi. Shundagina ta’lim jarayonining natijalari fan, ishlab chiqarish, madaniyat, iqtisod hamda jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga xizmat qila oladi. Pedagogik prognostikaga tayangan holda yaratilgan nazariyalargina uzluksiz ta’lim jarayonini uning bosqichlari va komponentlarining mazmuni, shakli va vositalarini, ta’lim natijalarining jamiyat hayotiga ko‘rsatadigan ta’sir darajasini oldindan loyihalashtirishga asos bo‘la oladi. Demak, shundagina o‘quv-tarbiya jarayonini yangi prinsiplar va yangi mafkuraviy negizda qayta qurish, ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish mumkin. Shuningdek, pedagogik texnologiyalar ta’lim jarayonini tashxis qilish va yaratilgan nazariyalar, o‘quv - metodik majmualar tajriba - sinov asosida amaliyotga joriy qilishning metodologik asoslari, aniq mexanizmlari, usul va vositalarini ishlab chiqishi kerak. Ta’lim jarayonining tashxis qilish mexanizmi shu jarayonning yutuq va kamchiliklari, ta’lim natijasining sifat ko‘rsatkichlari, ta’lim jarayoniga tatbiq qilinadigan pedagogik nazariyalar, zamonaviy texnologiyalarning ta’lim amaliyotini rivojlantira olish yoki ta’limning taraqqiyotiga to‘sqinlik qilish darajasini aniqlashga yo‘naltirilishi kerak.  Pedagogik tajriba-sinov esa amalga oshirilgan tadqiqot natijalarining samaradorlik darajasini aniqlashda alohida ahamiyatga ega. O‘tkazilayotgan tajriba - sinovning xarakteri bilan bog‘liq tarzda o‘quv dasturlari, darslik va dars ishlanmalari, metodik qo‘llanmalar, didaktik ishlanmalarning yaratilishi va tajriba - sinov jarayoniga taqdim etilishi zarur. Agar o‘quv dasturi tajribadan o‘tkazilayotgan bo‘lsa, kuzatilayotgan ta’lim jarayonini, ya’ni darslik yoki dars ishlanmalari, texnik vositalar, ko‘rgazmali qurollar, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashga erishish talab etiladi. Bunda asosiy e’tibor o‘qituvchining qaysi metod yoki pedagogik texnologiyani qo‘llaganligiga emas, balki o‘quv dasturi doirasida taqdim etilayotgan o‘quv materiallarining samaradorligini aniqlashga qaratiladi. Chunonchi, tajriba - sinov jarayoniga jalb etilgan nazariyalar hamda tajriba sinflaridan olingan natijalar statistik jihatdan ishlanishi talab etiladi. Amalga oshiriladigan tajriba - sinov jarayoni va ularning natijasi ekspertizasiga nufuzli ilmiy - pedagogik jamoalar hamda yetakchi mutaxassislar jalb etilishi talab qilinadi. Keng ko‘lamli tajriba - sinovlarning amalga oshirilish jarayoni va natijalarining ekspertizasi ilmiy - pedagogik jamoalar tomonidan oldindan tasdiqlangan nizom talablari asosida amalga oshirilishi kerak. Bugungi kunda jamiyatimiz rivojlanishida pedagogik prognostika o‘zining aniq belgilab olingan maqsad va vazifalari, obyekti va predmeti, tadqiq etayotgan muammolarning mantiqiy asoslari, rivojlanish qonuniyatlari, o‘zining tayanch metodologiyasiga ega bo‘lgan pedagogika fanining muhim tarmog‘i sifatida namoyon bo‘ladi. Pedagogik prognostika ilmning ustuvor sohasi sifatida davlat va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan uzluksiz ta’lim tizimini yangidan - yangi pedagogik nazariyalar negizida vujudga kelgan ta’lim modellari va texnologiyalari bilan qurollantirish asosida kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga yo‘naltirilgandir. Pedagogik prognostika o‘quvchi shaxsining yosh xususiyatlari va rivojlanish dinamikasini hisobga olgan holda ta’lim texnologiyalarini tanlaydi. Tanlab olingan muayyan ta’lim texnologiyalari doirasida o‘quvchi-talabalarga turli darajadagi tushunchalarni hamda mujassamlashgan bilimlarni taqdim etish yo‘llarini, shakl va vositalarini taklif qiladi. Muayyan bir pedagogik texnologiyani nazariy jihatdan asoslaganda pedagogik prognostika o‘quvchi hamda o‘qituvchining jonli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga, uning erkin fikrlash, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ta’lim jarayonini tashkil etishni nazarda tutmog‘i lozim. Ta’lim jarayoniga tatbiq qilinadigan har qanday pedagogik texnologiya, uning komponentlarining ta’lim mazmuni, o‘quv dasturi yoki darslik, o‘qituvchi faoliyati orqali o‘tishidan qat’iy nazar, o‘quvchining jonli tarzdagi erkin va ijodiy faoliyatini jadal rivojlantirishga xizmat qilishiga erishish talab qilinadi. Bunda pedagogik texnologiyalar, birinchi navbatda, har bir o‘quvchi - talabaning boshqa o‘quvchi - talabalar, dars materiallari hamda o‘qituvchi (pedagog) bilan erkin tarzda muloqot qilishini, fikr almashishini ta’minlaydi. Pedagogik texnologiyalar pedagogik amaliyotning o‘quvchi yoki talaba shaxsiga qonunlar majmuini, tabiat va jamiyat hodisalarini, kishilik madaniyati va axloq - odobini, muayyan fan asoslarini tanituvchi shakli sifatida namoyon bo‘lishi lozim. Bu sohada nazariy jihatdan asoslangan, har tomonlama sinovdan o‘tgan hamda aniq amal qiluvchi qonuniyatlarga tayanish maqsadga muvofiqdir. Pedagogik texnologiyaning asosiy mohiyati har bir shaxsda mavjud bo‘lgan uning ehtiyoji, qiziqishi, iqtidori va imkoniyatlari asosida ularda ijobiy xislat va fazilatlarni shakllantirish, rivojlantirish sanaladi. Bu o‘rinda ta’lim mazmuni shaxsning shakllanishi va rivojlanishi uchun muhit sanaladi. Shuning uchun ta’lim mazmuni insonparvarlikka yo‘naltirilgan gumanistik g‘oya va me’yorlarni o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lishi lozim. Pedagogik munosabatlarni rivojlantirish va demokratlashtirish asosidagi pedagogik texnologiya yakka hokimlik texnologiyasiga tubdan qarshi bo‘lib, pedagogik jarayonda hamkorlik, g‘amxo‘rlik, o‘quvchi - talabalar shaxsini hurmat qilish, e’zozlash orqali shaxsni rivojlantirish va ijod qilishga qulay muhit yaratadi. An’anaviy ta’limda o‘qituvchi (pedagog) ta’lim mazmunining subyekti, o‘quvchi- talabalar pedagogik jarayonning obyekti deb qaralsa, hamkorlik pedagogikasida o‘quvchi-talaba o‘z o‘quv faoliyatining subyekti sanaladi. Shu sababli hamkorlik pedagogikasida yagona ta’lim jarayonining ikkita subyekti hamkorlikda o‘quv- tarbiya vazifalarini hal etadi. Ushbu pedagogik texnologiyada ta’lim tizimi markazida barkamol inson shaxsini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan insonparvarlik g‘oyasi muhim o‘rin tutadi. Bu g‘oya qay darajada amalga oshirilganligi ta’lim jarayonining asosiy natijasi pedagogik jamoa mehnatining sifatiga berilgan baho asosida aniqlanadi. Pedagogik munosabatlarni rivojlantirish va demokratlashtirishda o‘quv-tarbiyaviy jarayonning asosiy natijasini aniqlovchi muhim omil shaxsga bo‘lgan munosabat hisoblanadi. Insonning boshqa mavjudotlardan farqi – o‘z oldiga ma’lum bir maqsad qo‘yib, so‘ng unga tomon harakat qilishidadir. Kishi maqsadi sari qiladigan harakati, ya’ni faoliyati jarayonida muayyan tabiiy va sun’iy to‘siqlarni yengib o‘tadi. Bu to‘siqlarni bartaraf etish uchun u bir qator tadbir va choralardan foydalanadi. Maqsadga yetishda muayyan to‘siqni yengib o‘tish uchun qo‘llanadigan tadbir va choralar majmui usul deb ataladi. Inson maqsadga yetishda bir necha, ba’zan esa o‘nlab-yuzlab to‘siqlarni yengishiga to‘g‘ri keladi. Bu to‘siqlarni yengish uchun tegishli usullar ma’lum bir tizimda qo‘llaniladi. Maqsadga yetishda qo‘llaniladigan usullar tizimini uslub deb ataladi.Usullarni ma’lum bir uslubda qo‘llash jarayonida har bir harakat maqomi muayyan maqsad ko‘rsatkichlariga bo‘ysundiriladi. Undan tashqari, inson maqsadga yetishi jarayonida bir qator qonuniyatlarga ham tamoyil sifatida amal qiladi. Ta’lim uslubi – o‘qituvchi (pedagog) bilan o‘quvchi - talabalar orasida bilim berish va uni olish maqsadida amalga oshiriladigan o‘zaro aloqalarni tizimga soluvchi pedagogik tadbirdir. O‘qitish uslublari o‘quv jarayonining asosiy qismi hisoblanadi. Tegishli uslublarsiz pedagogik faoliyatni amalga oshirib bo‘lmaydi. Uslublar bilimlarni uzatish va qabul qilish xarakteriga qarab so‘z orqali ifodalash, ko‘rgazmali va amaliyga bo‘linadi. Ta’lim mazmunini o‘zlashtirishda o‘quvchi- talabalarning ta’lim faoliyatiga munosib ravishda quyidagi uslublar: tushuntirish – illustrativ, reproduktiv, muammoli bayon, xususiy qidirish yoki evristik hamda yarim tadqiqot uslublari qo‘llaniladi. Ta’limning og‘zaki uslublariga: hikoya, ma’ruza, suhbat va boshqalar kiradi. Bu uslublarni qo‘llashda o‘qituvchi (pedagog) so‘z vositasida o‘quv materialini bayon qiladi, tushuntiradi, o‘quvchi - talabalar esa tinglash, eslab qolish orqali uni faol qabul qiladilar. Hikoya uslubida o‘quvchi - talabalarga beriladigan ta’lim mazmunini og‘zaki bayon qilish ko‘zda tutiladi. Bu uslubni qo‘llashda muayyan pedagogik usullardan foydalaniladi. Masalan, diqqatni faollashtirish, bayon qilish, taqqoslash, asosiylarini ajratish, yakunlash kabi mantiqiy tadbirlar shular jumlasidandir. Hikoya samaradorligining shartlari: rejani qunt bilan o‘ylab tuzish, mavzuning izchil yoritilishini ta’minlash, ko‘rgazmalarni muvaffaqiyatli tanlash, bayonda kerakli emotsionallikka erishish. Ma’ruza – bilimni so‘z bilan ifodalash uslublaridan biri sifatida beriladigan bilimlarni og‘zaki bayon qilishni ko‘zda tutib, o‘z hajmining kattaligi, mantiqiy qurilishi, obrazli isbotlash va umumlashtirishning murakkabligi bilan hikoyadan ajralib turadi. Ma’ruza davomida beriladigan bilimni og‘zaki bayon qilish, uzoq vaqt davomida o‘quvchi - talabalarning diqqatini tutib turish hamda ularning fikrlarini faollashtirish, isbotlash, ta’rif berish, bir tizimga keltirish, umumlashtirish kabi pedagogik usullardan foydalaniladi. Suhbat uslubi atroflicha o‘ylangan savollar yordamida o‘qituvchi (pedagog) bilan o‘quvchi - talabalar orasidagi suhbatni ko‘zda tutib, u o‘quvchi - talabalarning fikrlash tizimini, yangi tushunchalar va qonuniyatlarni o‘zlashtirishga olib keladi. Suhbat uslubini qo‘llashda savollarni qo‘yish (asosiy, qo‘shimcha, yo‘lovchi va boshqalar), o‘quvchi-talabalarning javob va mulohazalarini muhokama qilish, suhbatdan xulosalarni shakllantirish, javoblarni tuzatish usullaridan foydalaniladi. Ta’limning ko‘rgazmali uslubini shartli ravishda ikki katta guruhga bo‘lish mumkin: ko‘rgazmali va namoyish qilish uslublari. Ko‘rgazmali uslubi o‘quvchi - talabalarga namoyish etiladigan qo‘llanmalar, jumladan, xarita, plakat, doskadagi chizma va rasmlar, suratlar va boshqalarni ko‘rsatishni ko‘zda tutadi. Namoyish qilish uslubi, odatda, qurilma, asboblar, tajribalar, turli preparatlarni namoyish qilish bilan bog‘liq. Ta’limning ko‘rgazmali uslublarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular so‘z bilan ifodalash uslubi bilan u yoki bu darajada uyg‘unlashib ketadi. So‘z va ko‘rgazmalilikning chambarchas bog‘liqligi shundaki, obyektiv borliqdagi qonuniyatlar amaliyotda birgalikda qo‘llanishni taqozo etadi. Demak, so‘z va ko‘rgazmalilik aloqasining xilma - xil shakllari mavjud. Ta’lim vazifasining o‘ziga xos xususiyati, mavzuning mazmuni, mavjud ko‘rgazmali vositalarning xarakteri, o‘quvchi - talabalar tayyorgarligi darajasidan kelib chiqib, aniq bir holatda ular oqilona uyg‘unlashtiriladi. Amaliy uslublar tarbiya faoliyatining xilma - xil turlari keng doirasini qamrab oladi. Amalda quyidagi usullar qo‘llaniladi: vazifa (maqsad)ni qo‘yish, uni bajarish uslubini rejalashtirish, bajarish jarayonini boshqarish, tahlil qilish, kamchiliklar sababini aniqlash, maqsadga to‘liq erishish uchun ta’lim jarayoniga tuzatish kiritish. Amaliy mashqlarning aniq turlaridan biri mashqni sharhlash hisoblanadi. Uni bajarishda o‘quvchi - talaba bo‘lajak xatti - harakatini faol mushohada qiladi, o‘ziga o‘zi eshittirib gapiradi hamda bo‘lajak voqeani sharhlaydi. Harakatni sharhlash o‘quvchi - talabaga o‘zining xatosini anglashga va harakatiga tuzatishlar kiritishiga ko‘maklashadi. Amaliy tarbiya uslublarining ikkinchi guruhini laboratoriya tajribalari tashkil qiladi. Keyingi yillarda maktab, o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida frontal laboratoriya ishlari mustahkam o‘rin oldi. Amaliy uslublar tarbiyani so‘z orqali ifodalash va uni ko‘rgazmali uslublar bilan mustahkamlash jarayoni bilan chambarchas bog‘liqlikda qo‘llaniladi, mashq, tarbiya, mehnat operatsiyasini bajarishdan oldin o‘qituvchi (pedagog) tushuntirish beradi, ko‘rsatadi. Og‘zaki tushuntirish va ko‘rgazmali namoyish, odatda, mashqni bajarish jarayonining o‘zi bilan bir vaqtda olib boriladi. Muammoli-qidiruv uslublari muammoli ta’lim jarayonida qo‘llanadi. Bu uslublardan foydalanishda o‘qituvchi (pedagog) avvalo muammoli vaziyat yaratadi, savollar qo‘yadi, masala va topshiriqlarni taklif qiladi, muammoli vaziyatni yechishga qaratilgan muhokamani uyushtiradi, xulosalarining to‘g‘riligini tasdiqlaydi. O‘quvchi - talabalar oldingi bilim va tajribalariga asoslanib muammoli vaziyatni hal qilish yo‘llari to‘g‘risidagi takliflarini aytadi va oldin olgan bilimlarini umumlashtiradi, muammoli vaziyatni yechishning eng oqilona variantini tanlaydi. Bu uslub o‘quvchi - talabalarning bilimga qiziqishlarini oshiribgina qolmay, ularda fikrlash qobiliyatini ham rivojlantiradi. O‘quv materialini muammoli uslub yordamida o‘tish muammoli tuzilgan ma’ruza uslubi orqali bilim bayoni davomida mulohaza yuritish, isbotlash, umumlashtirish, faktlarni tahlil qilish, o‘quvchi-talaba fikrini o‘z ortidan ergashtirish, uni faolroq qilish kabi usullardan foydalanishni ko‘zda tutadi. Muammoli-qidiruv uslublari ko‘proq ijodiy bilim faoliyati ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida qo‘llanadi. Ular o‘quvchi-talabalarning bilimni chuqur anglashiga, mustaqil egallashiga yordam beradi. Bu uslublar ta’lim jarayonida tushuncha, qonun va nazariya kabilarni shakllantirish ko‘zda tutilganda, faktik axborotni ma’lum qilish, mehnat faoliyatining laboratoriya tajriba o‘quv ko‘nikmalarini hosil qilishda, o‘quv materialining mazmuni prinsipial jihatdan yangi bo‘lmasdan, ilgari o‘rganilganining mantiqiy davomi bo‘lsa, uning asosida o‘quvchi-talabalar yangi bilimni qidirish uchun mustaqil qadam tashlasa, mazmun hodisadagi sabab-oqibat va boshqalarga olib kelsa, samarali qo‘llanadi. Muammoli-qidiruv uslublari ko‘proq o‘qituvchi (pedagog)lar o‘quvchi - talabalarni muammoli vaziyatni yechish faoliyatiga tayyorlagan hollarda qo‘llanadi. Shuning uchun bu uslub o‘zini ilmiy-tadqiqot ishlariga bag‘ishlagan talaba yoshlarga asqotadi.  Pedagog odatda o‘z oldiga talabalar materialning mazmunini tushunib, o‘zlashtirib olishsin, ma’lum bilimlarni egallab amaliyotda qo‘llashga o‘rgansin degan maqsadni qo‘yadi. Lekin o‘zlashtirish, tushunish, qo‘llash nimani anglatadi? Pedagog o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishganligini qanday biladi? Pedagogik maqsadlarga erishganlik yoki erishmaganlikni bilishning aniq vositalari bo‘lgandagina, pedagog o‘zining mehnati samarali ekanligiga va tanlagan metodlari maqsadga muvofiqligiga yoki, aksincha, samarasiz ekanligiga ishonch hosil qilishi mumkin. O‘qitish uslubini tadqiq qilishda pedagogik texnologiya tarafdorlari aynan shu narsani nazarda tutishgan edi. Pedagog jamiyatdan buyurtmani umumiy ko‘rinishda oladi. Hattoki, o‘quv dasturlarida belgilangan maqsadlar ham bir nechta tushuntirishlar bilan cheklangan. Bu yerda maqsadlarni aniqlashtirishning o‘ziga xos pillapoyasini tuzish mumkin: jamiyatning umumiy talablaridan – ta’lim tizimi vazifalariga, ma’lum o‘quv yurti, o‘quv predmeti, uning mavzuli bo‘limlari va alohida o‘quv maqsadlariga o‘tish mumkin. M.V.Klarin ta’limoti bo‘yicha pedagoglar tomonidan maqsadlarni belgilashning an’anaviy usullari quyidagilar: 1. O‘quv materiali rejasidan kelib chiqib, maqsadni belgilash. 2. Maqsadni pedagog faoliyati orqali ifodalash. 3. Talabaning intellektual, emotsional, shaxsiy rivojlanishi ichki jarayonlari va qonununiyatlari orqali o‘quv maqsadini qo‘yish. 4. O‘quv maqsadlarini talabalar faoliyati orqali qo‘yish. Shu munosabat bilan o‘qitishning maqsadlarini ta’lim mazmuni, pedagog yoki talabaning faoliyati orqali belgilash ta’limda kutilayotgan natijalar haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishga imkon bermaydi. Bu natijalar haqida talabalar faoliyatining faqat tashqi namoyon bo‘lishidan xulosa chiqarish mumkin. Pedagog o‘qitish natijasini aniqlashtira borib, uning kuzatish mumkin bo‘lgan tashqi belgilarini, ya’ni so‘zlashish, harakatlanish jarayonini to‘la tasvirlashga intiladi. Ba’zida, tasvirlash jarayoni tashqi belgilarini sanab chiqishga olib keladi va ushbu jarayon orqali natijani sezilarli darajada soddalashtirish mumkin. Pedagogik texnologiyar da nazarda tutiladigan maqsadlarni qo‘yish uslubi o‘zining ashyoviy xususiyatiga ega. Bu shundan iboratki, o‘qitish maqsadlari talabalar harakatida ifodalanadigan, aniq ko‘rinadigan va o‘lchanadigan natijalar orqali belgilanadi. Demak, an’anaviy o‘quv jarayonida asosiy omil bu pedagogning faoliyati hisoblansa, pedagogik texnologiyada birinchi o‘ringa ta’lim jarayonidagi talabalarning faoliyati qo‘yiladi. 2. Aniq tushunchalardan foydalanish va ularning ahamiyati. Ilg‘or ijodkor pedagoglar, an’anaviy ta’lim texnologiyasidagi kamchiliklarga javob topish, talabaning aqliy mehnatini amalga oshirish usullarini izlanishlari natijasida o‘ziga xos ta’lim usuli vositalarini yaratdilarki, buning oqibatida yangicha pedagogik fikrlash tarzi vujudga keldi. Mana shu izlanishlar zamirida Pedagogik texnologiyar ga asos solgan pedagogik texnologiyalar yaratila boshlandi. Qo‘llaniladigan pedagogik texnologiyalarni bir tizimga solish, unga maqsadli yo‘nalish berish ta’limni amalga oshirishdagi shakl va mazmun yaxlitligi ta’minlagan holdagina kutilgan zarur natijani olish mumkin. Ta’limga testlar, tashxis va tashxisiy tahlilning olib kirilishi, bilimlarni ko‘p balli baholash tizimida aniqlashga o‘tish, bo‘lim mazmunini yaxlit holda o‘zlashtirishni modellashtirish, tizimga solingan nazorat turlarida, talabalarning ishlashi va an’anaviy dars shakllarining vujudga kelishi, biz shu paytgacha o‘rganib qolgan an’anaviy ta’lim o‘rniga vujudga kelgan pedagogik texnologiyalar bo‘lib, ular yangicha fikrlash tizimidagi ta’limga o‘tishni taqozo qiladi. Ta’limni amalga oshirish jarayoniga Pedagogik texnologiyar larni kiritish quyidagilarga asoslanadi: - ta’lim jarayonida ishtirok etuvchi talaba shaxsi ustuvorligini ta’minlash; - ta’lim maqsadining natijaga erishuvini amalga oshirish;  - ta’lim jarayoni boshqariluvchi jarayon ekanligidan kelib chiqqan holda uning maqsadli boshqariluviga erishish; - ta’lim mazmunini ta’minlovchi vosita, usul shakllari texnologiyasini yagona bir tizimga keltirish. Hozirgi vaqtda Pedagogik texnologiyar larning asosiy tamoyillari quyidagilardir: - muntazam tahlil qilib borish; - loyihalashtiruvchi vositalarning eng zarurini tanlash; - metod va usullarning maqsadga muvofiqligini aniqlay olish; - olinishi zarur bo‘lgan natijani oldindan taxmin qilish, ya’ni maqsadlarning amalga oshishiga erishish; - ta’lim jarayonining yaxlitligini ta’minlash. Pedagogik texnologiyar ta’lim jarayoniga bir qator yangi elementlarni olib kirishni taqozo qiladi. Bular quyidagilar: 1. Tashxis. 2. O‘quv birliklarini (mezonlarini) belgilash. 3. Tashxisiy tahlil. 4. Tuzatish kiritish (korreksiya). 5. Qayta to‘latish (ketma-ketlikni yo‘qotish). 6. Kutilishi lozim bo‘lgan natijani olish. 7. Reyting. Yuqorida keltirilgan tamoyil va elementlarga asoslangan holda Pedagogik texnologiyar larni ta’lim jarayoniga joriy qilish, xorijiy hamda hamdo‘stlik davlatlaridagi pedagogik texnologiyalardan foydalanib, Pedagogik texnologiyar tizimini vujudga keltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni umumlashtirish va qo‘llash uchun quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi:  1. Ta’lim jarayonining ishtirokchilari pedagog va talaba o‘rtasida o‘quv mehnati rejasini ishlab chiqish, ya’ni pedagog bo‘lim yoki bobni o‘rganish rejasini tuzar ekan, ushbu rejada talaba faoliyati o‘z aksini topmog‘i lozim. 2. Fanning ichki bog‘lanishi yoki fanlararo bog‘lanish imkoniyatlaridan maqsadli foydalanish. Ma’lumki, har bir o‘rganiladigan kichik yoki yirik o‘quv birliklari oldin o‘rganilganlariga tayanadi. Demak, talabani yangi bo‘lim, bobni o‘rganishga olib kirishda undagi mavjud bilimlarga tayanish, agar mavjud bilimlari yetarli bo‘lmasa, oraliq tayyorgarlik olib borish va shundan keyingina navbatdagi bosqichiga olib kirish lozim. Bunday ishlash Pedagogik texnologiyar ning asosiy elementlaridan biri tashxis hisoblanib, talabalarning yangi yangi bilimlarni o‘zlashtirishga qanchalik darajada tayyor ekanliklarini aniqlashdan iborat. 3. O‘quv birliklari mezonlarini belgilash. O‘quv birliklari talaba tomonidan o‘rganilishi lozim bo‘lgan tushuncha, ta’rif, qoida, qonunlar, hodisa va voqealardan iborat bo‘lib, ular orasidagi mantiqiy bog‘lanishning ta’minlanishini shu bob yoki bo‘limning o‘zlashtirilishiga olib keladi. Pedagog bob, bo‘lim uchun ajratilgan soatlarda talabalar o‘rganishi kerak bo‘lgan o‘quv birliklarini aniqlaydi, va ajratilgan vaqtni ham belgilaydi. O‘quv birliklari o‘zlashtirilishi zarur bo‘lgan mezonlar hisoblanib, talabalar bilimini baholashning chegaraviy qiymati bilan o‘lchanadi, ya’ni talaba ushbu ko‘rsatilgan mezonlarni bilsagina baholanadi. Pedagog shu paytda guruhga nisbatan o‘rtacha baho bilan ishlamaydi, balki aniq o‘lchovlarga asoslangan holda ish olib boradi. Shuning uchun zarur topshiriqqa aylantiradi. O‘quv rejasini tuzishda pedagog talabalar bilishi lozim bo‘lgan o‘quv birliklarini bo‘lim, bob va semestrlar bo‘yicha aniqlaydi hamda talabalarga topshiriq sifatida bo‘limni o‘rganishdan oldin vazifa beradi. Berilgan topshiriqlar o‘zlashtirish reytingini aniqlashda nazorat topshirig‘iga o‘tkaziladi. 4. Tashxisiy tahlil. Bilim, ko‘nikma va malakadagi kamchilikni aniqlash, ularni to‘ldirish va navbatdagi o‘zlashtirish bosqichiga ko‘tarilish maqsadida quyidagi tashxisiy tadbirlar amalga oshiriladi: - o‘quvchi-talabalar o‘zlashtirish darajasini tashxislash;  - bo‘limlardagi yetishmovchiliklarning oldini olish; - aniqlangan yetishmovchiliklarni to‘ldirish maqsadida maxsus topshiriqlar ishlab chiqish; - maxsus topshiriqlar bilan ishlash soatlarini belgilash; - yakuniy tashxisiy tahlil qilish. Tashxislash ta’lim texnologiyasining navbatdagi bosqichi bo‘lib, uning asosiy elementlaridan hisoblanadi. O‘zlashtirishdagi kamchiliklar sababini aniqlash, har bir talabaning bilim darajasini aniqlash, rejaning borishida tuzatishlar kiritish yo‘li bilan ta’lim jarayonining kafolatlanganligi ta’minlanadi. Tashxisiy tahlilda nazorat test orqali amalga oshiriladi. 5. Qayta to‘ldirish (nuqsonlarni yo‘qotish). Qayta tuzatish kiritishdan maqsad, olingan bilimlardagi kamchiliklarni bartaraf etishdan iborat. Kamchiliklarni bartaraf etish to‘ldirish asosida amalga oshiriladi. Qayta to‘ldirish asosan amaliy-tatbiqiy mashg‘ulotlarda amalga oshiriladi. Shu maqsadda pedagog talabalar o‘zlashtirish darajasidagi to‘ldirishni amalga oshirmog‘i lozim. Bunda pedagog tanlayotgan o‘quv vazifasining darajasini talabalarda mavjud bo‘lgan aniq bilimlarga moslashtirish zarur. 6. Kutilishi lozim bo‘lgan natijalarni olish. Bu element pedagogik texnologiyaning markaziy g‘oyasi hisoblanadi. Pedagogik texnologiya ta’lim jarayoni natijasida kafolatli bo‘lishini talab qilar ekan, pedagog oldiga jarayonning borishini ko‘zda tutilgan maqsadda amalga oshirish va aniq natijani mo‘ljallab rejalashtirishni maqsad qilib qo‘yadi. Jarayon borishi davomida tahlil qilib boriladi, tuzatishlar kiritiladi, qayta to‘ldirishlar amalga oshiriladi va oldindan rejalashtirilgan natija olinishiga erishiladi. Demak, Pedagogik texnologiyar ilgari surgan g‘oyaning maqsadi hisoblanadi. Jahon pedagogika fani ilmiy-texnika taraqqiyoti ta’sirini boshidan kechirib, psixologiya, kibernetika, tizimlar nazariyasi, boshqaruv nazariyasi va boshqa fanlar yutuqlarini birlashtirib, bugungi kunda faol yangilanish jarayonlari bosqichiga o‘tdi va inson imkoniyatlarini samarali rivojlantirish amaliyotida o‘z natijasini bermoqda. Pedagogik texnologiya uslublari dastlab ta’lim berishning harakatni namunaviy vaziyatda o‘zlashtirilishi talab etiladigan mahsuldor, ya’ni reproduktiv darajasi uchun ishlab chiqilgandi. Reproduktiv ta’lim har qanday ta’limning zarur tarkibiy qismi hisoblanadi, u insoniyat jamg‘argan tajribani aniq o‘quv fani doirasida o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq. Ta’lim oluvchilarda bilim va ko‘nikmalarning ma’lum «poydevori» hosil qilingandan keyingina, ta’limning natijali, ya’ni produktiv va ijodiy yondashish uslublariga o‘tish mumkin. 3. Dasturlashtirilgan ta’lim tecxnologiyalarni qo’llash mahorati. «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» asosida ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan tub islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini anglab olmoq lozim. Ular quyidagi yo‘nalishlardir: - ta’lim mazmuni va tizimini isloh qilish; - ta’lim-tarbiya boshqaruvini isloh qilish; - ta’limning bozor iqtisodiyotiga asoslangan mexanizmini yaratish; -ota-ona, o‘qituvchi-o‘quvchining ta’lim jarayoniga bo‘lgan yangicha qarashlarini shakllantirish; -bu tub islohotlarning bosh harakatlantiruvchi kuchi-yangi pedagogik texnologiyani amaliyotga tatbiq etishdan iborat. Hozirgi davr ta’lim taraqqiyoti yangi yo‘nalish-innovatsiya pedagogikasini maydonga olib chiqdi. «Innovatsiya pedagogikasi» termini va unga xos bo‘lgan tadqiqotlar G‘arbiy Yevropa va AQShda 60-yillarda paydo bo‘ldi. Innovatsiya faoliyati F.N.Gonobolin, S.M.Godnin, V.I.Zagvyazinskiy, V.A.Kan-Kalik, N.V.Kuzmina, V.A.Slastenin, A.I.Shcherbakov ishlarida tadqiq etilgan. Bu tadqiqotlarda innovatsiya faoliyatining amaliyoti va ilg‘or pedagogik tajribalarni keng yoyish nuqtai nazardan yoritilgan. X.Barnet, Dj.Basset, D.Gamilton, N.Gross, R.Karlson, M.Mayyez, A.Xeyvlok, D.Chen, R.Edem ishlarida innovatsiya jarayonlarini boshqarish, ta’limdagi o‘zgarishlarni tashkil etish, innovatsiyaning «hayoti va faoliyati» uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar masalalari tahlil qilingan. Yangilik kiritishning ijtimoiy-psixologik aspekti amerikalik innovator E.Rodjers tomonidan ishlab chiqilgan. U yangilik kiritish jarayoni qatnashchilarining toifalari tasnifini, uning yangilikka bo‘lgan munosabatini va idrok qilishga shayligini tadqiq etadi. Oliy maktab o‘qituvchisining innovatsiya faoliyati oliy maktab pedagogikasining bosh muammolaridan biridir. Innovatsiya (inglizcha innovation) – yangilik kiritish, yangilikdir. A.I.Prigojin innovatsiya deganda, muayyan ijtimoiy birlikka-tashkilot, aholi, jamiyat, guruhga yangi, nisbatan turg‘un unsurlarni kiritib boruvchi maqsadga muvofiq o‘zgarishlarni tushunadi. Bu innovator faoliyatidir. Tadqiqotchilar (A.I.Prigojin, B.V.Sazonov, V.S.Tolstoy, A.G.Kruglikov, A.S.Aksiyezer, N.P.Stepanov va boshqalar) innovatsiya jarayonlari tarkibiy qismlarini o‘rganishning ikki yondashuvini ajratadilar: yangilikning individual mikrosathi va alohida-alohida kiritilgan yangiliklarni o‘zaro ta’sirining mikrosathi. Birinchi yondashuvda hayotga joriy etilgan qandaydir yangi g‘oya yoritiladi. Ikkinchi yondashuvda alohida-alohida kiritilgan yangiliklarning o‘zaro ta’siri, ularning birligi, raqobati va natijada birining o‘rnini ikkinchisi egallashidir. Bu konsepsiya yangilik kiritishga nisbatan o‘lchanadigan jarayon ekanligidan kelib chiqadi. Pedagogikaga oid adabiyotlarda innovatsiya jarayonining sxemasi beriladi. U quyidagi bosqichlarni qamrab oladi: 1. Yangi g‘oya tug‘ilishi yoki yangilik konsepsiyasini paydo qilish bosqichi yoki kashfiyot bosqichi hamdir. 2. Ixtiro qilish, ya’ni yangilik yaratish bosqichi. 3. Yaratilgan yangilikni amalda qo‘llay bilish bosqichi. 4. Yangilikni yoyish, uni keng tatbiq etish bosqichi.  5. Muayyan sohada yangilikning hukmronlik qilish bosqichi. Bu bosqichda yangilik o‘zining yangiligini yo‘qotadi, uning samara beradigan muqobili paydo bo‘ladi. 6. Yangi muqobillik asosida, almashtirish orqali yangilikning qo‘llanish doirasini qisqartirish bosqichi. 7. V.A.Slastenin yangilik kiritishni maqsadga muvofiq yo‘naltirilgan yangilik yaratish, keng yoyish va foydalanish jarayoni majmui, uning maqsadi insonlarning ehtiyoji va intilishlarini yangi vositalari bilan qondirish deb biladi. Yangilik kiritishning tizimli konsepsiyasi mualliflari (A.I.Prigojin, B.V.Sazonov, V.S.Tolstoy) innovatsiya jarayonlarining ikki muhim shaklini farqlaydilar. Birinchi shaklga, yangilik kiritishning oddiy ishlab chiqishi kiritiladi. Bu ilk bor mahsulotni o‘zlashtirgan tashkilotlarga taalluqlidir. Ikkinchi shaklga, yangilikni keng ko‘lamda ishlab chiqishga taalluqlidir. Yangilik kiritish ham, ichki mantiq ham vaqtga nisbatan qonuniy rivojlangan va uning atrof-muhitga o‘zaro ta’sirini ifodalaydigan dinamik tizimdir. Pedagogik innovatsiyada «yangi» tushunchasi markaziy o‘rin tutadi. Shuningdek, pedagogik fanda xususiy, shartli, mahalliy va subyektiv yangilikka qiziqish uyg‘otadi. Xususiy yangilik V.A.Slasteninning aniqlashicha, joriy zamonaviylashtirishda muayyan tizim mahsuloti unsurlaridan birini yangilashni ko‘zda tutadi. Murakkab va progressiv yangilanishga olib keluvchi ma’lum unsurlarning yig‘indisi shartli yangilik hisoblanadi. Mahalliy yangilik aniq obyektda yangilikning foydalanishi bilan belgilanadi. Ilmiy yo‘nalishlarda yangilik va innovatsiya tushunchalari farqlanadi. Yangilik - bu vosita: yangi metod, metodika, texnologiya va boshqalar. «Innovatsiya» - bu ta’lim: ma’lum bosqichlar bo‘yicha rivojlanadigan jarayon.  V.I.Zagvyazinskiy «yangi» tushunchasiga ta’rif berib, pedagogikadagi «yangi» faqatgina bu g‘oya emas, balki hali foydalanilmagan yondashuvlar, metodlar, texnologiyalardir, lekin bu pedagogik jarayonning unsurlari majmua yoki alohida olingan unsurlar bo‘lib, o‘zgarib turuvchi vaziyatda va sharoitda ta’lim va tarbiya vazifalarini samarali hal etishning ilg‘or boshlanmalarini o‘zida aks ettiradi. R.N.Yusufbekova pedagogik yangilikka o‘qitish va tarbiya berishda avval ma’lum bo‘lmagan va avval qayd qilinmagan holat, natija, rivojlanib boruvchi nazariya va amaliyotga eltuvchi pedagogik voqelikning o‘zgarib turishi mumkin bo‘lgan mazmuni sifatida qaraydi. Pedagogik innovatsiyada R.N.Yusufbekova innovatsiya jarayoni tuzilmasining uch blokini farqlaydi: Birinchi blok - pedagogikadagi yangini ajratish bloki. Bunga pedagogikadagi yangi, pedagogik yangilikning tasnifi, yangini yaratish shart-sharoiti, yangilikning me’yorlari, uni o‘zlashtirish va foydalanishga tayyorligi, an’ana va novatorlik, pedagogikadagi yangini yaratish bosqichlari kiradi . Ikkinchi blok - yangini idrok qilish, o‘zlashtirish va baholash bloki: pedagogik hamjamiyatlar, yangini baholash va uni o‘zlashtirish jarayonlarining rang-barangligi, pedagogikadagi konservatorlik va novatorlik, innovatsiya muhiti, pedagogik jamiyatlarning yangini idrok etish va baholashga tayyorligi. Uchinchi blok – yangidan foydalanish va uni joriy etish bloki, ya’ni yangini tadbiq etish, foydalanish va keng joriy etish qonuniyatlari va turlaridir. M.M.Potashnikning innovatsiya jarayonlari talqinlari kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. U innovatsiya jarayonining quyidagi tuzilmasini beradi: - faoliyat tuzilmasi-motiv-maqsad-vazifa-mazmun-shakl-metodlar-metodika komponentlari yig‘indisi; - subyektiv tuzilma-innovatsiya faoliyati subyektlarining xalqaro, mintaqaviy, tuman, shahar va boshqa sathlari;  - mazmun tuzilmasi – o‘quv-tarbiyaviy ishlar, boshqaruvda yangilikning paydo bo‘lishi, ishlab chiqilishi va o‘zlashtirilishi; - bosqichlikka asoslangan hayot davriylik tuzilmasi-yangilikning paydo bo‘lishi-ildam-o‘sish-yetuklik-o‘zlashtirish-diffuziya (singib ketish, tarqalish) – zamonaviylashtirish; - boshqaruv tuzilmasi – boshqaruv harakatlarining 4ta turining o‘zaro aloqasi: rejalashtirish, tashkil etish, rahbarlik qilish, nazorat qilish: - tashkiliy tuzilma – tashxisiy, oldindan ko‘ra bilish, sof tashkiliy, amaliy, umumlashtiruvchi, tatbiq etuvchi. Innovatsiya jarayoni, tarkibiy tuzilmalar va qonuniyatlarni qamrab olgan tizimdan iboratdir. Pedagogikaga oid adabiyotlarda innovatsiya jarayoni kechishining qonuniyati quyidagilardir: - pedagogik innovatsiya muhitining ayovsiz bemaromlik qonuni; - nihoyat amalga oshish qonuni; - pedagogik innovatsiyaning davriy takrorlanishi va qaytishi qonuni; - qoliplashtirish (streotiplashtirish) qonuni; 4. Ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishning barqaror suratlarini ta’minlashga erishish jarayonida ta’lim samaradorligini oshirishning muhimligi. Hozirgi kunda ta’lim jarayonida interfaol metodlar, innovatsiya texnologiyalari, pedagogik va axborot texnologiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llashga bo‘lgan qiziqish, e’tibor kundan-kunga kuchayib bormoqda, bunday bo‘lishining sabablaridan biri, shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda o‘quvchi- talabalarni faqat tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatilgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar ularni egallayotgan bilimlarini o‘zlari qidirib topishlariga, mustaqil o‘rganib, tahlil qilishlariga, hatto xulosalarni ham o‘zlari keltirib chiqarishlariga o‘rgatadi. O‘qituvchi bu jarayonda shaxsni rivojlanishi, shakllanishi, bilim olishi va tarbiyalanishiga sharoit yaratadi va shu bilan bir qatorda boshqaruvchilik, yo‘naltiruvchilik funksiyasini bajaradi. Ta’lim jarayonida o‘quvchi–talaba asosiy shaklga aylanadi. Shuning uchun oliy o‘quv yurtlari va fakultetlarida malakali kasb egalarini tayyorlashda zamonaviy o‘qitish metodlari-interfaol metodlar, innovatsiya texnologiyalarining o‘rni benihoya kattadir. Pedagogik texnologiya va pedagog mahoratiga oid bilim, tajriba va interfaol metodlar o‘quvchi-talabalarni bilimli, yetuk malakaga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi. Innovatsiya texnologiyalari pedagogik jarayon hamda o‘qituvchi va talaba faoliyatiga yangilik, o‘zgarishlar kiritish bo‘lib, uni amalga oshirishda asosan interfaol metodlardan to‘liq foydalaniladi. Interfaol metodlar - bu jamoa bo‘lib fikrlash deb yuritiladi, ya’ni pedagogik ta’sir etish usullari bo‘lib, ta’lim mazmunining tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu metodlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular faqat pedagog va o‘quvchi-talabalarning birgalikda faoliyat ko‘rsatishi orqali amalga oshiriladi. Bunday pedagogik hamkorlik jarayoni o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ularga quyidagilar kiradi: - o‘quvchi-talabalarni dars davomida befarq bo‘lmaslikka, mustaqil fikrlash, ijod qilish va izlanishga majbur etish; - o‘quvchi-talabalarni o‘quv jarayonida bilimga bo‘lgan qiziqishlarini doimiy ravishda bo‘lishini ta’minlash; - o‘quvchi-talabalarning bilimga bo‘lgan qiziqishini mustaqil ravishda har bir masalaga ijodiy yondashgan holda kuchaytirish; - pedagog va o‘quvchi-talabalarning hamisha hamkorlikdagi faoliyatini tashkillashtirish. Pedagogik texnologiyalar masalalari, muammolarini o‘rganayotgan o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar, amaliyotchilarning fikricha, pedagogik texnologiya – bu faqat axborot texnologiyasi bilan bog‘liq, hamda o‘qitish jarayonida qo‘llanishi zarur bo‘lgan TSO, kompyuter, masofali o‘qish, yoki turli xil texnikalardan foydalanish deb hisoblanadi. Bizning fikrimizcha, pedagogik texnologiyaning eng asosiy negizi - bu o‘qituvchi va o‘quvchi-talabaning belgilangan maqsaddan kafolatlangan natijaga hamkorlikda erishishlari uchun tanlagan texnologiyalariga bog‘liq deb hisoblaymiz, ya’ni o‘qitish jarayonida, maqsad bo‘yicha kafolatlangan natijaga erishishda qo‘llaniladigan har bir ta’lim texnologiyasi o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida hamkorlik faoliyatini tashkil eta olsa, har ikkalasi ijobiy natijaga erisha olsa, o‘quv jarayonida o‘quvchi-talabalar mustaqil fikrlay va ijodiy ishlay olsalar, izlansalar, tahlil va xulosa qila olsalar, o‘zlariga, guruhga, guruh esa ularga baho bera olsa, o‘qituvchi ularning bunday faoliyatlari uchun imkoniyat va sharoit yarata olsa, bizning fikrimizcha, o‘qitish jarayonining asosi hisoblanadi. Har bir dars, mavzu va o‘quv predmetining o‘ziga xos texnologiyasi bor, ya’ni o‘quv jarayonidagi pedagogik texnologiya – yakka tartibdagi jarayon bo‘lib, u o‘quvchi-talabaning ehtiyojidan kelib chiqqan holda bir maqsadga yo‘naltirilgan, oldindan loyihalashtirilgan va kafolatlangan natija berishiga qaratilgan pedagogik jarayondir. O‘qituvchi va o‘quvchi-talabaning maqsaddan natijaga erishishda qanday texnologiyani tanlashlari ular ixtiyorida, chunki har ikkala tomonning asosiy maqsadi aniq natijaga erishishga qaratilgan. Bunda o‘quvchi-talabalarning bilim saviyasi, guruh xarakteri, sharoitga qarab ishlatiladigan texnologiya tanlanadi, masalan, natijaga erishish uchun kompyuter, film, tarqatma material, chizma va plakatlar, turli adabiyotlar, axborot texnologiyasi kerak bo‘ladi, bular o‘qituvchi va o‘quvchi-talabaga bog‘liq. Shu bilan bir qatorda o‘qitish jarayonini oldindan loyihalashtirish zarur, bu jarayonda o‘qituvchi o‘quv predmetining o‘ziga xos tomonini, joy va sharoitni, TSOni, eng asosiysi, o‘quvchi-talabaning imkoniyati va ehtiyojini hamda hamkorlikdagi faoliyatni tashkil eta olishini hisobga olishi kerak, shundagina kerakli kafolatlangan natijaga erishish mumkitn. Qisqa qilib aytganda, o‘quvchi- talabani ta’limning markaziga olib chiqish kerak.  O‘qituvchi tomonidan har bir darsni yaxlit holatda ko‘ra bilish va uni tasavvur etish uchun bo‘lajak dars jarayonini loyihalashtirib olish kerak. Bunda o‘qituvchiga u tomonidan bo‘lajak darsni texnologik xaritasini tuzib olishi katta ahamiyatga egadir, chunki darsning texnologik xaritasi har bir mavzu, har bir dars uchun o‘qitilayotgan predmet, fanning xususiyatidan, o‘quvchi-talabalarning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda tuziladi. Bunday texnologik xaritani tuzish oson emas, chunki buning uchun o‘qituvchi pedagogika, psixologiya, xususiy metodika, pedagogik va axborot texnologiyalaridan xabardor bo‘lishi, shuningdek, juda ko‘p metod va usullarni bilish kerak bo‘ladi. Har bir darsni qiziqarli bo‘lishi avvaldan puxta o‘ylab tuzilgan darsning loyihalashtirilgan texnologik xaritasiga bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunining qoidalariga muvofiq tayyorlangan «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda xalqning boy intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlari asosida zamonaviy madaniyat va iqtisodiyotning pedagogik shakl va vositalarini ishlab chiqish, amaliyotga joriy etishga alohida ahamiyat berilgan. Shu jihatdan ham umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat ta’lim standartlari bo‘yicha ko‘zda tutilgan iqtisodiy ta’lim va tarbiyani takomillashtirish, uni o‘quvchilar ongiga singdirib borib, iqtisodiy tafakkurni shakllantirish muammosi dolzarbdir. Chunki har bir o‘quvchi-talaba bozor munosabatlari rivojlanib borayotgan bir davrda – uni o‘rab turgan iqtisodiy voqelikni, unda kechayotgan jarayonni anglashi, tadqiq va tahlil qilib, xulosalar chiqarish imkoniga ega bo‘lishi lozim. Bu esa har bir fuqarodan iqtisodiyot nazariyasining asoslaridan xabardor bo‘lishini, uni amalda joriy qilish yo‘l va vositalarini talab darajasida o‘zlashtirishini taqozo etadi. Bu masalalar asosan, o‘quv muassasalarida amalga oshiriladi. Iqtisodiy tarbiyaning bosh maqsadi – yoshlarda iqtisodiy savodxonlikni, ongni va madaniyatni yuksaltirishdan iboratdir. Iqtisodiy bilim, ko‘nikma va malakalar majmuasi, o‘rganuvchining iqtisodiy ongiga bevosita ta’sir etishga imkon beruvchi bosqichlarini amalga oshirishdir.  O‘quvchi-talabalar bosqichma-bosqich uzluksiz ta’lim jarayonida iqtisodiy bilim asoslarini o‘rganish mobaynida ularning tafakkurlari ham shakllana boradi. Ular quyidagi bilimlar majmui bo‘lib xizmat qiladi: shaxsning ehtiyoj imkoniyatlarini hisobga olib, aniq reja va dasturlar tuzib, o‘ziga xos uslub va metodlar asosida amalga oshirishda; shaxsning mustaqil faoliyatida samarali o‘rin tutadigan aniq iqtisodiy tushunchalarni; iqtisodning siyosiy va bozor munosabatlari bilan bog‘liq qonuniyat asoslari va ulardan amalda foydalanish yo‘l-yo‘riqlarini; mustaqil faoliyat ko‘rsatishda zarur bo‘ladigan barcha iqtisodiy bilim, ko‘nikma va malakalar majmuini o‘zlashtirishni; hayotda qaysi sohani tanlashidan qat’iy nazar, ehtiyoj darajasida iqtisodiy tayyorgarlikni o‘zida shakllantirishni; iqtisodiy bilim asoslaridan to‘g‘ri maqsadda foydalana olish, shaxs barkamolligini belgilovchi axloqiy sifatlaridan biri deb qarashni; iqtisodiy bilim asosidan xabardorlikni o‘z faoliyati davomida jamiyat va davlat iqtisodiy, huquqiy siyosati asosida namoyon etadi. Bugungi kundagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot ishlab chiqarishning ko‘p sonli tarmoqlari bilan bir qatorda, ma’rifat va madaniyat hamda iqtisodiy sohalarda, shu jumladan, ijtimoiy-gumanitar, iqtisodiy bilimlar doirasida ham Pedagogik texnologiyar larni joriy etishni taqozo etmoqda. Pedagogik texnologiyar larni ishlab chiqish va amalga oshirish ilmiy muammo sifatida iqtisodiy yo‘nalishdagi o‘quv yurtlarida maxsus ilmiy tadqiqotlar olib borishni ko‘zda tutadi. Bunda eng avvalo, quyidagilarni aniqlash lozim: - Pedagogik texnologiyar larni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish uchun ijtimoiy-pedagogik asoslar mavjudligini aniqlash; - ta’lim majmui sifatida nimani anglatishi va qanday tarkibiy qismlardan tashkil topganligini belgilash; - pedagogik texnologiyaning funksional majmui jarayon sifatida nimalardan iboratligini aniqlash; - Pedagogik texnologiyalar «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» maqsadlariga qay darajada to‘g‘ri kelishi va uni baholash mumkinligini ko‘rsatib berish;  - pedagogik texnologiyaning majmualar nazariyasining asosiy qonuniyatlariga mosligini nazorat qilish yo‘l-yo‘rig‘ini ishlab chiqish. Shuni aytish lozimki, Pedagogik texnologiyar lar, pedagogika ilmining tadqiqot obyekti sifatida, aniq fanlarni o‘qitish uslubi bo‘libgina qolmay, balki ijtimoiy-iqtisodiy fanlarni o‘qitishga ham yangicha yondashuv sifatida qayd qilinishi kerak. Hozirgi kunda jamiyatimiz jadallik bilan taraqqiy etib, iqtisodiy va siyosiy mavqei kundan-kunga ortib bormoqda. Biroq ijtimoiy sohada va ayniqsa, ta’lim-tarbiya jarayonida umumiy taraqqiyotdan biroz orqada qolish sezilmoqda. Bunday noxush vaziyatdan chiqib ketish yo‘llaridan biri ta’lim-tarbiya jarayonini qabul qilingan davlat standartlari asosida texnologiyalashtirishdir. Rivojlangan bir qator mamlakatlarda muvaffaqiyat bilan qo‘llanib kelayotgan ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganib, xalqimizning milliy pedagogika an’analaridan hamda ta’lim sohasining shu kundagi holatidan kelib chiqqan holda respublikamizning milliy pedagogik texnologiyasini yaratish bugungi kunning talabidir. Hozirgi vaqtda ta’limni axborotlashtirishda asosiy yo‘nalish turli o‘quv fanlari bo‘yicha pedagogik dastur vositalarini yaratishdan iborat bo‘lib qoldi. Biroq mavjud va ishlab chiqilayotgan kompyuter texnikasi bazasidagi pedagogik dastur vositalari o‘qitish nuqtai nazaridan ta’lim sifatida muhim siljishlarga olib kelishi mumkin emas. Buning sabablaridan biri kompyuter texnologiyalarini an’anaviy tashkil etilgan o‘qitish jarayoniga joriy etila boshlanganligida bo‘lib, o‘z mazmuni va metodi bo‘yicha bu texnologiya aniq maqsadga yo‘naltirilmagan. Shu munosabat bilan iqtisodiy ta’lim tizimiga axborot texnologiyalarini joriy qilish muammo va istiqbollarini ko‘rib chiqish muhimdir. Iqtisodiy fanlarni o‘qitishda innovatsiya pedagogik texnologiyalarini qo‘llash orqali uzluksiz ta’lim samaradorligini oshirishga alohida e’tibor berilayapti. Pedagogik texnologiyalar – ta’lim berish va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash yordamida talabalarning shaxsiy sifatlarini rivojlantirish va takomillashtirish imkoniyatini beruvchi o‘quv vositalari bo‘lib, u o‘ziga xos didaktik va uslubiy asosga ega. Shuningdek, Pedagogik texnologiyar ning eng asosiy negizi – o‘qituvchi va o‘quvchi-talabaning belgilangan maqsaddan kafolatlangan natijaga hamkorlikda erishishlari uchun tanlangan texnologiyalariga bog‘liqdir. Ta’lim jarayonida maqsad bo‘yicha kafolatlangan natijaga erishishda qo‘llanadigan har bir ta’lim texnologiyasi o‘qituvchi (pedagog) va o‘quvchi-talaba o‘rtasida hamkorlik faoliyatini tashkil etib, ijobiy natijaga erisha olsa, o‘quv jarayonida o‘quvchi-talabalar mustaqil fikrlab, ijodiy ishlay olsalar – bu ta’lim jarayonining asosi hisoblanadi. Iqtisodiy fanlarning o‘qitilish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida, pedagogik texnologiyalarni zamonaviy axborot texnologiyalar imkoniyatlari asosida uch turdagi o‘quv mashg‘ulotlariga, ya’ni ma’ruza, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda kompleks holda qo‘llash tavsiya etiladi. Iqtisodiy fanlardan o‘rganilayotgan materiallarning o‘quv soatlari miqdori hisobga olingan holda mavzu bloklariga ajratiladi, har bir ma’ruza mavzu blokiga 2-8 o‘quv soati oralig‘ida vaqt ajratiladi hamda ushbu mavzu blokiga mos amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari mazmuni va hajmi belgilanadi. Bu usulda har bir mavzuni o‘rganishdagi ichki izchillik va uzviylik to‘la saqlanadi va talabalarda mavzuga oid malaka va ko‘nikmalarni to‘laroq va maqsadliroq shakllantirish imkoniyati kuchayadi. Innovatsiya texnologiyalarini o‘qitish jarayonida yuqori malakali, raqobatbardosh o‘qituvchi kadrlar tayyorlash, ularning kasbiy omilkorliklarini shakllantirish, metodik mahoratini ko‘tarish, o‘qituvchi-pedagoglarni Pedagogik texnologiyalar bilan qurollantirish omili bo‘lib qolmoqda. Innovatsiya texnologiyalari pedagogik jarayon hamda o‘qituvchi (pedagog) va talaba faoliyatiga yangilik, o‘zgartirishlar kiritish bo‘lib, uni amalga oshirishda asosan interfaol metodlardan to‘liq foydalaniladi. Interfaol metodlar – jamoa bo‘lib fikrlashdir, ya’ni pedagogik ta’sir etish usullari bo‘lib ta’lim mazmunining tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu metodlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular faqat o‘qituvchi (pedagog) va o‘quvchi-talabalarning birgalikda faoliyat ko‘rsatishi orqali amalga oshiriladi. Bunday pedagogik hamkorlik jarayoni o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ularga quyidagilar kiradi: - o‘quvchi-talabalarning mashg‘ulot davomida befarq bo‘lmaslikka, mustaqil fikrlash, ijod qilish va izlanishga majbur etish; - o‘quvchi-talabalarni ta’lim jarayonida bilimga bo‘lgan qiziqishlarini doimiy ravishda bo‘lishini ta’minlash; - o‘quvchi-talabalarning bilimga bo‘lgan qiziqishini mustaqil ravishda har bir masalaga ijodiy yondashgan holda kuchaytirish; - o‘qituvchi (pedagog) va o‘quvchi-talabalarning doimiy hamkorlikdagi faoliyatini rivojlantirish. Shuningdek, iqtisodiy fanlarni o‘qitish jarayonida turli xil innovatsiya texnologiyalaridan foydalaniladi. Quyida o‘qitish jarayonida qo‘llash mumkin bo‘lgan treninglar (texnologiyalar) berilib, ba’zilarining o‘tkazish tartibi to‘g‘risida metodik tavsifnoma berib o‘tilgan: «TARMOQLAR» metodi - o‘quvchi-talabani mantiqiy fikrlash, umumiy fikr doirasini kengaytirish, mustaqil ravishda adabiyotlardan foydalanishni o‘rgatishga qaratilgan. «INTERVYU» texnikasi - o‘quvchi-talaba savol berish, eshita olish, to‘g‘ri javob berish, savolni to‘g‘ri tuzishni o‘rgatishga qaratilgan. «IYERARXIYA» texnikasi – oddiydan murakkabga, murakkabdan oddiyga o‘tish usullarini qo‘llash orqali ularni mantiqiy, tanqidiy, ijodiy fikrlashga o‘rgatishga qaratilgan. «BUMERANG» texnikasi - o‘quvchi-talabalarni dars jarayonida, darsdan tashqarida turli adabiyotlar, matnlar bilan ishlash, o‘rganilgan materialni yodida saqlab qolish, so‘zlab bera olish, fikrini erkin holda bayon eta olish hamda bir dars davomida barcha o‘quvchi-talabalarni baholay olishga qaratilgan.  «TALABA» treningi - o‘quvchi-talabalar bilan yakka holda ishlash o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi to‘siqni yo‘q qilish, hamkorlikda ishlash yo‘llarini o‘rgatishga qaratilgan, «O‘QITUVCHI SHAXSI» treningi – o‘qituvchining innovatsiya faoliyatini ochib beruvchi «O‘qituvchi shaxsiga qo‘yiladigan talablar» mavzusidagi mustaqil fikrlashga, ijodiy insho yozish orqali fikrlarni bayon qilishga qaratilgan. «MULOQOT» texnikasi o‘qituvchilarni auditoriya diqqatini o‘ziga jalb etish, dars jarayonida hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishga, uni tashkil etishni o‘rgatishga qaratilgan. «BOSHQARUV» texnikasi o‘qituvchilarni auditoriyani boshqarishdagi usullari hamda o‘quvchi-talabalarni ish jarayonida boshqarish usullari bilan tanishtirish va o‘rgatishga qaratilgan. Shunday qilib, muammoli ta’lim o‘quvchi-talabalarning bilim tizimlari va aqliy hamda amaliy faoliyatlarida samarali o‘zlashtirishga yordam beradi, o‘zlashtirgan yangi bilimlaridan kelajakdagi vaziyatlarda unumli foydalana olish, ta’lim muammolarini yecha olish, mustaqil izlanishga o‘rgatish, ijodiy tajribaga ega bo‘lish va uni rivojlantirish, ta’lim jarayonining vazifalarini tahlil qilish, muammoli ta’limni aniqlash imkoniyatlarini ochib beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni. Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: Sharq, 1997. 2. Karimov I.A. Yuksak malakali mutaxassislar taraqqiyot omili. – T.: O‘zbekiston, 1995. 3. Karimov I.A. O‘zbekiston buyuk kelajak sari. – T.: O‘zbekiston, 1998. 4. Og‘ayev S. Yangi pedagogik texnologiya-hayotiy ehtiyoj. Xalq ta’limi jurnali, 2001, №3, 69-71 b. 5. Педагогика . Педагогические теории системы, технологии. Под.ред. С.А.Смирнова. – M.: Академия, 2004. 6. Roziqov O., Og‘ayev S., Mahmudov M., Adizov B. Ta’lim texnologiyasi. – T.: O‘qituvchi, 1999.