logo

Qadimgi dunyo estetikasi va o`rta asrlar mutafakkirlarining estetik ta'limotlari

Yuklangan vaqt:

04.03.2024

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

211 KB
Qadimgi dunyo estetikasi va o`rta asrlar mutafakkirlarining estetik ta`limotlari Reja: 1. Qadimgi yunon mumtoz falsafasi 2. Arastuning san`at haqidagi fikrlari 3. O`rta asrlar mutafakkirlarining estetik ta`limotlari Qadimgi yunon mumtoz falsafasi haqida gap ketganda ko`pgina adabiyotlarda uni g`o`yo Yunonistonda o`z-o`zidan paydo bo`lib qolgan aqliy yuksaklik, ya`ni yunonlarning (ovro`paliklarning) boshqa irqlarga nisbatan buyukligida dalolat beruvchi hodisa sifatida talqin etiladi. Lekin, aslida qadimgi Yunoniston fani va madaniyati Eron, Bobilon, qadimgi Misr va qadimgi Hindiston singari Sharq mamlakatlari erishgan yutuqlardan foydlanib, shu darajaga ko`tarildi. Qadimgi Sharq yunonlar uchun ulkan maktab vazifasini o`tadi. Chunonchi, Fales, Pifagor, Demokrit, Geraklit, Suqrot, Aflotun singari allomalar ana shu maktab ta`limotidan bahramand bo`lib, buyuklikka erishganlar. Buning isbotini deyarli barcha qadimgi manbalarda, xususan, yunonlardan qolgan falsafiy, adabiy va tarixiy manbalarda ko`rish mumkin. Suqrot (miloddan avvalgi 469-399-yillar). U jahon falsafasida birinchi bo`lib antropologik yondoshuvga asos slogan mutafakkir, ungacha falsafaga faqat kosmologik yondoshuv hukmron edi. U diqqatni kosmos-fazoga emas, balki insonga qaratdi, insonni amaliy xatti-harakati, axloqiyligi nuqtayi nazarida o`rganishga kirishdi. Suqrot axloqshunoslik va estetikaning, axloq va go`zallikning uzviy aloqasini ta`kidlab ko`rsatadi. Uning ideali-ma`nan va jisman go`zal inson. U insonni san`atning asosiy obekti sifatida olib qaraydi, san`atning estetika va axloqiy me`zonlari masalasini o`rtaga tashlaydi hamda shular orqali ijodiy jarayonni ochib berishga urinadi. San`at, Suqrotning fikriga ko`ra, taqlid orqali hayotni in`ikos ettirishdir. Lekin bundy taqlid aslo nusxa ko`chirish emas. Haykaltarosh Pirrasiy bilan suhbati mutafakkir, san`atkor insonni, voqelikni umumlashtirish orqali qaytadan jonlantiradi. Haykal ham, ya`ni, tosh ham, boshqa san`at turlaridagi kabi “qalbning holatini», insonning ruhiy-ma`naviy qiyofasini aks ettirishi kerak. Axloqiy ideallargina in`ikos etilishga loyiq. Aflotun (milodgacha 427-347). Uning estetika borasidagi fikr- mulohazalari asosan “Ion”, “Fedr”, “Bazm”, “Qonunlar”, “Davlat” singari asarlarida o`z ifodasini topgan. Aflotunning fikriga ko`ra, asl go`zallik his etilguvchi narsalar dunyosida bo`lmaydi, u g`oyalar olamiga taalluqli. Davlat asarida faylasuf Suqrot va Glaukon suhbati asnosida g`or haqidagi mashhur masal-afsonani keltirar ekan, bizga ko`rinib turgan, biz yashayotgan dunyo bor-yo`g`i soyalar o`yini, haqiqiy dunyoni ko`rish uchun esa inson ojizlik qiladi. Inson g`or devoriga kishandband qilingan tutqunga o`xshaydi, u faqat haqiqiy borlikning soyasini kuzata oladi, xolos, haqiqiy borliq esa ana shu soya ortida ko`rinmay qolaveradi. Go`zallik ham haqiqiy borliqqa taalluqli. Unga hissiyotlar yordamida yetishish mumkin emas, faqat aql orqaligina uni anglash mumkin; u-o`zgarmas, zamon va makondan tashqarida. Bu o`rinda Aflotunning haqiqiy go`zallik sifatida Xudoni nazarda tutayotganini ilg`ash qiyin emas. Ana shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan holda, Aflotun, san`atkorni o`ziga xos nusxa ko`chiruvchi sifatida talqin etadi; u his etiladigan narsalar olamini aks ettiradi, bu olam esa o`z navbatida, g`oyalarning nushalaridir. Demak, san`at asari - nusxadan olingan nusxa, taqlidga taqlid, soyaning soyasi. Shu bois in`ikosning in`ikosi sifatida san`at birinchidan, bilish quroli bo`la olmaydi, aksincha, u aldamchi ro`yo asl olamning mohiyatiga yetib borish yo`lidagi to`siqdir. Ikkinchidan, u axloqqa nisbatan betaraf turadi, hatto axloqning buzilishiga ham sabab bo`lishi mumkin. Uchinchidan, tomoshabinni ma`naviy yuksaklikka emas, balki ruhiy kasallikka olib keladi. Chunki u his etilguvchi narsalar olamini turli vositalar orqali in`ikos ettirar ekan, ko`p hollarda go`zallikka taalluqli bo`lmagan, xunuklik, sharmandalik va behayolikni ham tasvirlaydi. SHu sababli ideal davlatdan san`atning o`rin olishi shart emas. Lekin ma`budlarga alqovlar, mardlik, vatanparvarlik tuyg`ularini uyg`otadigan qo`shiqlar bundan mustasno. Aflotun ilhomning ikki xilini keltiradi, biri, - “tartibga soluvchi”, ikkinchisi - “lazzat beruvchi”. Birinchisi odamlarning “yaxshilanishiga” xizmat qilsa, ikkinchisi- “yomonlashtiriladi”. Xo`sh, shuning uchun nima qilish kerak? Faylasuf o`ziga xos senzurani taklif etadi; yoshi ellikdan oshgan odamlar orasidan maxsus «baholovchi» kishilarni belgilash lozim, ular davlat miqyosida badiiy ijodni va shu asosidagi estetik tarbiyani nazorat qilishni doimiy amalga oshirib turadilar. Ideal davlatda kulgilikka doir asarlarni (komediyalarni) sahnalashtirish mumkin, faqat ularda rollarni muhojirlar va qullar o`ynashi kerak bo`ladi. Fojiani esa qat`iy senzura asosidagina sahnalashtirishga ruxsat beriladi. Aflotun san`atning asl manbaini bilimda emas, ilhomda deb hisoblaydi. Uning nazdida shoir «faqat ilhomlangan va jazavaga tushga paytida, es- hushi yo`qolgan paytda she`r yozadi, toki es- hushi joyida ekan, u ijod va karomat qobiliyatidan mahrum; U, o`zi anglamagan holda telbavor, savdoyi bir holatda ijod qiladi. SHu bois haqiqiy ijodkor uchun san`at qonun- qoidalarini bilishning o`zigina yetarli emas: san`atkor bo`lib tug`lish lozim. Arastu (milodgacha 384-322). Uning asosan “Xitoba” (“Ritorika”), “Siyosat”, ayniqsa “SHe`ruyat san`ati” (“Poetika”) asarlarida estetika muammolari o`rtaga tashlangan. Arastu go`zallik masalasini o`z tadqiqotlari markaziga qo`yadi. U go`zallikni tartib, mutanosiblik va aniqlikda ko`radi. Go`zallikning nisbatan yuksak ifodasi esa, tirik jonzotlarda, ayniqsa insonda namoyon bo`ladi. Go`zallikning yana bir belgisi, Arastu fikriga ko`ra, miqdorning cheklanganligi. “Jonsiz narsalar kabi jonli mavjudotlar ham hajman oson ilgab olinadigan bo`lishlari kerak, deydi faylasuf. Go`zallikning eng muhim belgisini esa, Arastu uzviy yaxlitlik deb ataydi. Arastugacha go`zallik va ezgulik aynanlashtirilar edi. Arastu esa birinchi bo`lib ularni farqlaydi; ezgulik faqat harakat orqali, go`zallik harakatsiz ham voqe bo`ladi, degan fikrni o`rtaga tashlaydi. Arastuning san`at haqidagi fikrlari ustozi Aflotun qarashlaridan jiddiy farq qiladi. Uning fikriga ko`ra, san`at asari, tabiat san`ati singari shakl va material (modda) birligidan iborat. San`atkor ongida Olamiy Aqlda mabjud narsalardan boshqa biror narsaning mavjud bo`lishi mumkin emas. Zero, tabiat va inson faoliyatining manbai Olamiy Aqldagi g`oyalar yig`indisidir. Ular yo “tabiatdagi” jarayon, yoki “san`at” orqali o`zligini namoyon qiladi. San`at tabiat o`z maqsadini amalga oshiradigan shakllardan biri, xolos lekin eng etik, mukammal shakli. San`at tabiat oxiriga etkaza olmagan narsani oxiriga etkazadi. San`at tabiatga taqlid qiladi deganida, Arastu, san`at tabiatning faoliyat usulini in`ikos ettirishini nazarda tutadi. San`at ana shu taqlid natijasida tabiatgao`xshab organism yaratadi. Mazkur organism yaratgan san`atkor faoliyat san`at qonun- qoidalariga bo`y so`nadi, u haqiqiy aql-idrokka e`tiqod qiluvchi “ijodiy odatdir”. Ma`lumki , Pifagor birinch bo`lib “forig`lanish”- “katarsis” tushunchasini mohiyatan diniy ma`noda qo`llagan edi. Arastu esa uni san`atga nisbatan ishlatdi. Forig`lanish, Arastu talqiniga ko`ra, san`at o`z oldiga qo`ygan maqsad, xususan fojiya (tragediya) ning maqsadi. U mohiyatan qo`rquv yoki achinish tufayli inson qalbini salbiy hissiyotlardan forig`lantiradai. Natijada inson, bir tomondan, taqdir ko`rgiliklariga xotirjam qaray boshlasa, ikkinchi tomondan, baxtsizlik girdobiga tushganlarga o`zida hamdardlik hissini tuyadi. Ya`ni, san`at insonni olijanob qilish, yaxshilash, go`zallashtirish xususiyatiga ega. Masalan, sizdan oshnangiz tez kunda qaytib beraman, deb pul qarz oldi-yu, lekin biro y bo`lsa ham pulni qaytargani yo`q Siz g`azabdasiz. Oshnangizni bir boplab sharmanda qilish niyatida yuribsiz. SHu orada teatrga tushdingiz. “Qirol Lir” spektakli ketayotgan ekan. Lirning fojiasi, otasini joni-dilidan sevgan Kordeliyaning fojiasi- bo`g`ib o`dirilgan g`o`zal qiz,egilgan, lekin sinmagan haqiqat, adolat sizni larzaga soladi.Sizda pokizalik, halollik, xulqiy g`o`zallik timsoli bo`lmish bu odamlar qismatida achinish, ularga hamdardlik hissi uyg`onadi,odatiy turmushning ikir-chikirlari, tashvishlari sizga sahnadagi buyuk insonlar jasorati va fojiasi oldida juda mayday ko`rinadi; qarz olgan oshnangiz haqidagi o`ylaringiz e`tiborsiz bir narsa bo`lib tuyuladi, kechagi xayollaringizdan o`zingiz uyalasiz.. Arastu aytgan “forig`lanish”-“katarsis” mana shu. San`at ana shu forig`lanish vositasida insonni tarbiyalaydi. Forig`lanishning estetik mohiyati ana shunda. Inson tabiatan bo`sh vaqtga intilib yashaydi. Chunki bo`sh vaqt mobaynida inson jisman va ruhan dam olishi, kundalik mehnat-qorin to`ydirish tashvishidan forig` bo`lish imkoniga ega. Bo`sh vaqt insonda o`yin hissi o`yg`onishining asosiy omilidir. San`atning vujudga kelishida o`yinning ahamiyati katta ekanligi hammaga ma`lum. Demak, nafosatli anglash va nafosatli faoliyatning tadrijiy rivojida mehnat bilan birga bo`sh vaqt ham asosiy omil hisoblanadi. Ichki osoyishtalikni, mehnat va bo`sh vaqtga asoslangan muayyan tartibni jamiyatda qonun darajasiga ko`tarish esa davlat paydo bo`lganda ro`y berishi mumkin. Davlat qanchalik o`z vazifasini adolatli va mukammal bajarsa, bu jamiyat farovonligiga olib keladi. Farovon jamiyat esa o`z a`zolarining bo`sh vaqtini ta`minlay oladi va pirovard natijada nafosatli anglash va nafosatli faoliyat taraqqiyoti uchun yetarli imkoniyat yaratib beradi. SHunday qilib, davlatchilik tizimi paydo bo`lishi bilan insonning badiiy-nafosatli taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Ana shu davr ibtidosini biz Mesopotamiya-qo`sh daryo (Dajla va Frot daryolari) mintaqasida, xususan, Somir davlatida ko`rishimiz mumkin. Somir insoniyat tarixidagi hozirgacha bizga ma`lum bo`lgan ilk qudratli davlat bo`lgan. Shubhasizki, miloddan avvalgi IV ming yillikda bu davlatning qudrati uning madaniyatida, fuqarolarning badiiy nafosatli ongida hamda badiiy-nafosatli faoliyatida namoyon bo`lgan. Somirliklar birinchi bo`lib yozuvni kashf etdilar va gil taxtachalarga qamish qalamlar bilan ilk rivoyat va ilk nasihatlarni yozib qoldirdilar. Shuni alohida ta`kidlash joizki, hech bir qadimgi madaniyatdan bizning davrimizgacha bu qadar ko`p sonli yozma hujjatlar yetib kelgan emas. San`at namunalarining ko`pligi jihatidan Somirni orqada qoldiradigan Misr madaniyati ham yozma yodgorliklar borasida Somirga yon beradi. Qadimgi Somir tasviriy san`ati asosan muhrlar, idish-tovoqlardagi rasmlar va releflardagi tasvirlardan iborat. Bular orasidagi eng qadimiysi va bizgacha ko`p miqdorda yetib kelgani muhrlardir. Ilk sulolalar davridayoq Somirda tosh o`ymakorligining badiiy-nafosatli tamoyillari ishlab chiqilgan va mustahkamlangan, sayqal berish texnikasi mukammallasha boshlagan. Shuning uchun ularga faqat moddiy madaniyat namunalari emas, balki san`at yodgorliklari sifatida ham qarash maqsadga muvofiq. Somir muhrlariga razm solgan har bir kishi ularda asotir yoki xalq og`zaki ijodiga doir syujetning ifodasini ko`radi: qanotli ajdaholarning ustida turgan erkak bilan ayol, yetti boshli ajdahoni o`ldirayotgan pahlavon, xayoliy mavjudotlar-qush-odam va odam-arslon ustidan olib borilayotgan sud va boshqa tasvirlar shular jumlasidandir. Bu davrdagi sarg`ish va ko`kimtir rangdagi yupqa sopol idishlar bezakli hoshiyalar bilan qoplanib, ularda hayvonlar, qushlar va odamlar tasvirlangan. Me`morlik sohasida ham somir san`atining ajralib turuvchi tomoni-uning ulkan monumentalligi, asosiy qurilish materiali sifatida g`ishtning qo`llanishi, bino ichidagi xonalarning nomutanosib va ko`ndalang joylashuvi, Shuningdek, devorlarni ornament bilan bezalishidadir. Bu borada ibodatxonalarning qoldiqlari yaxshi tasavvur beradi. Unda sirkorlik usuli qo`llanilgan, ibodatxona minorasi zinapoyali. Shuningdek, Somir haykaltaroshligining eng qadimgi namunalari anchayin qo`pol va ibtidoiy. Haykaltarosh hali tosh bo`lagiga inson qiyofasini singdirish mahoratiga erishmagan, shu sababli odam harakatsiz, qotib qolgan qiyofada aks ettiriladi. Faqat uning yuzidagina san`atkorning bir oz erkin harakat qilganini sezish mumkin. Ayniqsa, bu doimo ifodaviylik bilan ajralib turadigan ko`zlar tasvirida yaqqol seziladi. Releflarda aks ettirilgan odamlar va hayvonlarning ifodasi ham ana shu harakatsiz va ibtidoiy tasvir usulida yaratilgan. Somir san`atida badiiy adabiyot eng katta o`rin egallagan san`at turi hisoblanadi. Somir adabiyoti namunalarining ko`p qismini dostonlar tashkil etadi. Ular badiiy jihatdan puxta ishlangan, ohangga, she`riy usullarga boy. Ko`pchiligi bahsga o`xshash, o`ziga xos dialog tarzida yaratilgan. Ularda go`zallik tushunchasi foydalilik bilan bog`liq holda tasavvur etilgan: nimaiki foydali bo`lsa, o`sha go`zaldir deb tan olingan. Buni, ayniqsa, «Yoz va qish yoki Enlil dehqonlar homiysi bo`lmish ma`budani tanlagani» deb atalgan dostonda yoxud «Inannaning o`ziga er tanlashi» degan shaklan bir necha qatnashuvchilarni o`z ichiga olgan she`riy p ь esaga o`xshash dostonda yaqqol ko`rish mumkin. Birinchi dostonda ko`proq farovonlik keltiruvchi daryolar va anhorlar nazoratchisi Enten, ikkinchi dostonda esa, cho`pon Dumuzi go`zalroq-foydaliroq deb baholanadi. Somirliklarda va umuman, nafosatli tafakkurning kelib chiqishi asotirnomaga (mifologiyaga) borib taqaladi. Ma`lumki, qadimgi odam oldida turgan turli xil masalalardan biri nafosatli tabiatga ega bo`lish edi. Bu masalani o`ziga xos hal etish uchun u dastlabki usul–mifologiyadan foydalandi. SHu bois asotirlarni inson yaratgan ilk nafosat kontseptsiyasi, umumlashma deb atash mumkin; faqat u nazariy emas, balki badiiy, timsoliy shaklda ifodalangan. Zero asotirlardagi badiiy ong o`zi haqida, o`zining real borliq go`zalligi bilan bog`liqligi haqida fikr yuritishga ilk bor intiladi. Boshqacharoq qilib aytganda, asotir qadimgi tarixda birinchi bor olamni badiiy borliq, sifatida taqdim etadi. Somir adabiyotidagi yana bir xususiyat, unda epik dostonlarning vujudga kelishidir. Hozirgacha 100 misradan tortib 600 dan ortiq misrani o`z ichiga olgan to`qqizta ana shunday doston mavjud. Ular hajmidan qat`iy nazar, muayyan bir qahramonlik, muayyan bir xolatni o`z ichiga oladi. Biroq, bunday epizodlar bir-biri bilan bog`lanmagan. Sababi Somir shoirlari bu alohida epizodlarga birlashtirib yaxlit asar haqida o`ylamaganlar. Buni esa birinchi marta Bobilon shoirlari amalga oshirganlar. Zero, Gilgamesh haqidagi doston bunga misol bo`la oladi. Gilgamesh haqida somirliklardan bizgacha besh doston-qo`shiq yetib kelgan. Somir eposlarini aytuvchi baxshilarda qahramonlik ruhiyatiga juda jo`n yondoshuv mavjud, ular individual o`ziga xosligidan xoli va juda umumiy qilib tasvirlangan. Syujetlar esa, shartlilik ko`p, harakat kam bo`lgan an`anaviy uslubda bayon etilgan. Qadimgi Somirda sayyor aktyorlar truppasi bo`lganini bundan taxminan 3700 yil avval yozilgan, tomoshaga ishqiboz bo`lgan bolasiga tanbeh berayotgan otaning so`zlaridan bilib olish qiyin emas; Sening ko`ngil xushliginig bo`g`zimga keldi! Masharabozlarga, daydi qo`shiqchilarga Ilashib, ular atrofida o`ralashasan, Bor qilar ishing sening-dikanglash, sakrash. Somirlarning falsafiy-nafosatli qarashlariga kelsak, ulardan falsafiy- kosmologik yoxud ilohiyotga, yoxud nafosatshunoslikka bag`ishlangan risolalarga mos keladigan mahsus adabiy shakllar bo`lgan emas. Bunday qarashlarni (albatta ibtidoiy holda) bizgacha to`liq yoki qisman yetib kelgan asotirlarda uchratish mumkin. Somirliklarda va, umuman, nafosatli tafakkurning kelib chiqishi asotirnomaga (mifologiyaga) borib taqaladi. Ma`lumki, qadimgi odam oldida turgan turli xil masalalardan biri nafosatli tabiatga ega edi. Bu masalani o`ziga xos tarzda hal etish uchun u dastlabki usul-mifologiyadan foydalandi. SHu bois asotirlarni inson yaratgan ilk nafosat kontseptsiyasi, umumlashma deb atash mumkin; faqat u nazariy emas, balki badiiy, timsoliy shaklda ifodalangan. Zotan asotirlardagi badiiy ong o`zi haqida, o`zining real borliq go`zalligi bilan bog`liqligi haqida fikr yuritishga ilk bor intiladi. Boshqacharoq qilib aytganda, asotir qadimgi tarixda birinchi bor olamni badiiy borliq sifatida taqdim etadi. Dastlabki faylasuflar, agar shunday deyish mumkin bo`lsa, mirza-hattotlar va shoirlar ekanini ilg`ash qiyin emas. Mirza-hattot va shoirlar asotirlarni yozib olishar hamda yozar ekanlar, ular uchun asosiy maqsad ma`budlar va ma`budlar a`mollarini ulug`lash bo`lgan. Keyingi davrlar faylasuflari kabi ularni muayyan kosmologik yoki ilohiyotga oid haqiqatlar qiziqtirgan emas. Asotirlarni tadqiq etish shuni ko`rsatadiki, somirliklar insoniyat jamiyatining tadrijiy va izchil rivojlanishi haqida muayyan tasavvurga ega bo`lganlar. Somir ma`budlari antropomorf (odam qiyofali). Ular ichida eng donishmand va eng qudratlisi ham o`z qiyofasi, orzu-o`ylari va a`mollari bilan odamlarga o`xshaydi. Ma`budlar ham odamlarga o`xshab rejalar tuzadi, harakat qiladi, ichadi, yeydi, uylanadi, oila quradi, katta xo`jalikni boshqaradi, ilohiy zaifliklar va kasalliklarga ham duchor bo`ladi, hatto o`ladilar ham. Qadimgi Somirliklarda «Me» tushunchasini uchratish mumkin. «Me» ilohiy qonun va ko`rsatmalar bo`lib, somir faylasuflari fikricha, ular olam yaratilgan kundan boshlab uni boshqarganlar va olamning abadiy harakatini ta`minlab kelganlar. Unda «ulug`vor va abadiy» toj, ulug`vor ramz, «ulug`vor ibodatxona», «san`at», «musiqa», «yog`ochni ishlash san`ati», «metalni ishlash san`ati» «mirzalik (hattotlik) san`ati» singari nafosatshunoslik tushunchalarini anglatuvchi iboralar ham mavjud. SHunisi e`tiborga sazovorki, qadimgi shoir-faylasuf san`at bilan hunarni qat`iy ajratishga harakat qiladi. Chunonchi, yog`ochsozlik san`ati bilan yonma-yon «quruvchilik hunari va savatchilik hunari», «temirsozlik san`ati» bilan yonma-yon «temirchilik hunari» iboralari keladi. Bundan tashqari unda besh xil musiqa asbobining nomi ham qayd etilgan. Shunday qilib, Somir san`ati va adabiyoti insoniyat tarixidagi dastlabki nafosatli g`oyalardan va iboralardan bizni xabardor qiladi, bizga ba`zi adabiy janrlarning kelib chiqishi bilan tanishish imkonini beradi. Somirliklarning shimoliy qo`shnisi bo`lmish akkadlar bilan asrlar mobaynida olib borgan janglari oqibatida akkadlar podshosi Sergon 1 (milodgacha 2369-2314 yillar) Somirni Akkadistonga bo`ysindirdi. Dastlab akkadlar somir tilini ham, yozuvini ham qabul qiladilar va birgalikda somir-akkad madaniyatini yaratadilar. Keyinchalik bu ikki xalq qo`shilib Bobilon davlatini tashkil etadi, akkad tili esa asosiy tilga aylanadi. SHunda ham somir tili maktablarda o`qitiladigan o`lik til, ovro`paliklar uchun lotin tili qanday bo`lsa shunday til bo`lib qoladi. Umuman olganda, qadimgi Sharq madaniyati ko`ptillilik yohud ikki tillilik asosida bunyodga kelgan. Bobilon so`z san`atida «Enuma elish» («Osmonda qachonki...») dostoni, Agushayya, Gilgamesh, Adan, Etana, «Ishtorning qa`rga tushishi» haqidagi epik dostonlar, «Iztirobda qolgan haqgo`y», «Xo`jayinning qul bilan suhbati» singari diniy- falsafiy dostonlar muhim ahamiyatga ega. Ularning hammasidagi asosiy g`oya- hayot va mamot o`rtasidagi kurashdan iborat. «Xo`jayinning qul bilan suhbati», «Tushkunlik haqidagi suhbat» deb atalgan doston ular orasida kulgulilik tabiatiga ega ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Unda xo`jayinning har bir buyrug`i oqil ekanini maqollar va matallar bilan asoslashga intilgan qul-oqil, quv xizmatkor obrazi tasvirlangan. Bu suhbat-aytishuv deyarli oxirigacha kulgililk bilan yo`g`rilgan. Faqat uning nihoyasidagina hayot joniga tekkan xo`jayin «Endi nima yaxshi? » deb so`raganida qul: «Bo`ynimni mening sindirmoq va bo`yningni sening sindirmoq va daryoga tashlamoq ana bu yaxshi. Kim shuncha balandki, osmonga yetsa, kim shuncha ulkanki, yerni to`ldirsa! », — deydi. o`azablangan xo`jasi qulga o`ldiraman, deb do`q uradi. Doston-suhbatda so`nggi so`z qulga beriladi va u: »Unda mening ho`jam mendan uch kun ortiq yashasin», deb o`zini qutqaradi. Na faqat Gilgamesh kabi eposlarda hatto mana shu kulgi bilan sug`orilgan doston-suhbatda ham hayot va o`lim muammosi ko`tarilgan. Qadimgi Bobilon shoirlari ijodida insonning abadiy shaxsiy o`lmaslikka intilishi yuksak badiiy shakllarda o`z ifodasini topgan. SHunday qilib, Somir-Bobilon san`ati insoniyat tarixida dastlabki nafosatli g`oyalar paydo bo`lganidan guvohlik beradi. Umumjahon nafosatshunosligi taraqqiyotiga qadimgi Misr madaniyati juda katta hissa qo`shgan. Barcha qadimgi xalqlar qatori misrliklar ham go`zallikni hayotda deb bilganlar va uni foydalilik mezoni bilan o`lchaganlar. Chunonchi, quyosh ma`budi Atonga (milodgacha XV asr) bag`ishlangan alqovlardan birida shunday deyiladi; Sening go `zalliging o`zi hayotdir, Umr bag`ishlaydi har bir yurakka. Ma`lumki, Nil toshqini qadimgi Misr farovonligining asosi bo`lgan. Farovonlik esa, ular fikricha, go`zallikdir. SHuning uchun misrliklar Nilni ilohiy daryo sifatida talqin etadilar. Unga atalgan alqovlarning birida u barcha go`zallliklarning «bunyodkori»deb ta`rif etiladi; Er yayraydi u yoyilgan chog`ida quvonadi bor jonzot Barcha tishlar ochilar Yaraqlaydi har bir tish. To`kin rizq-u non keltirib, u butun- Go`zallikni yaratar. Qadimgi Misr san`atining juda ko`p turlari ana shu manfaatli go`zallik asosida vujudga kelgan. Chunonchi, ma`budlar uchun qurilgan ibodatxonalar, ma`budlarning va o`limidan keyin ma`budga aylangan fir`avnlarning haykallari ulardan shafqat, mo`l-hosil, rizqu-ro`z so`rash maqsadida bunyod etilgan bo`lsa, xalq amaliy san`ati buyumlari esa kundalik hayotning go`zallashtirish uchun xizmat qilgan. Ayni paytda ba`zi san`at turlari manfaatsiz go`zallikning namunasi sifatida diqqatni tortadi. Ayollarning go`zal bezaklari, taqinchoqlari, diniy-badiiy qissalar, ertaklar shular jumlasidan. Misrdagi eng qadimgi badiiy ijod yodgorliklari V-IV ming yilliklarga borib taqaladi. Ular sopol idishlardir. Ularning qo`lda ishlanganligini sezish qiyin emas; shakllari va yuzasi notekis. Ba`zan oddiy handasaviy naqsh bilan bezatilgan. Keyinchalik ular kulolchilik dastgohida ishlanib murakkab suvratlar va chizmalar bilan bezalgan. Qadimgi Misrda me`morlik yuksak taraqqiyot va texnik mukammallikka erishgan. Qadimgi podsholar davrida Misr me`morchiligining o`ziga xos ajralib turuvchi ulkan monumentalligi ishlab chiqilgan. Bu borada ehromlar alohida o`rin tutadi. Ular orasida Xufu ehromi o`zining mahobati bilan ajralib turadi; balandligi 146,6 to`rt tomoni enining uzunligi (asosi) 233 metr. Ehrom deyarli yaxlit tosh inshoot sifatida shunday aniq hisob-kitoblar bilan qurilganki, u qadimgi Misrda matematika yuksak darajada rivojlanganligidan dalolat beradi. Qadimgi Misr haykaltaroshlari ham xuddi me`morchiligidek, badiiy ijodning haqiqiy noyob asarlari hisoblanadi. Ayniqsa, Luvr muzeyida saqlanayotgan mirza Kanning haykali o`zining realizmi bilan kishini hayratga soladi. Mirza chordana qurib o`tiribdi. U tizzalarida yozish uchun tayyorlangan papirus varag`i, o`ng qo`lida qamish qalam. Uning kata quloqlari ding, u eshitib bajo keltirishga o`rgangan. Ko`zlari alohida diqqatga sazovor-ular bir necha xil materialdan yasalgan; kosasi-birinch, unga ko`z oqini anglatuvchi ganch bo`lagi va tagiga silliqlangan yog`och qo`yilgan, billur qorachiq joylashtirilgan. Natijada ular tamomila tirik odam ko`zlaridek tasavvur uyg`otadi. Me`mor Raxotep va uning xotini Nefret haykali ham o`zining yumshoq tasviri, ranglari, inja nafosati bilan har bir tomoshabinga nafosat zavqini beradi. Bu haykallarning ko`pchiligi qadimgi Yunon mumtoz haykaltaroshligi namunalaridan qolishmaydi, balki ko`z ifodasini berilishi bilan ulardan ko`ra jonli ko`rinish kasb etadi. Yana bir ajoyib haykal, bu-Axatetondagi xaykaltarosh Tutmosning ustaxonasidan topilgan Nefertiti boshining tasviri. SHohoyim qiyofasida nazokat, shohona g`urur va nafislik beqiyos. Neferteti boshi xuddi noyob gulga o`xshaydi, u nozik bandga-bo`yinga nisbatan bir oz og`irroqday tuyuladi. SHohoyim qiyofasida tengsiz bir ayollik latofatini ko`rish mumkin. Qadimgi Misr madaniyati taraqqiyotida faqat nafosatli g`oyalargina emas, balki nafosat mezonlari ham muhim o`rin egallaganligi shubhasiz. Bu qonun- qoidalar yig`indisini biz ma`lum ma`noda nafosatshunoslik risolalar deb atashimiz mumkin. Afsuski, ular bizgacha yetib kelmagan. Faqat bir risolaning nomigina saqlanib qolgan: ibodatxona kutubxonasi ro`yxatida «Devoriy rangtasvir va mutanosiblik qonuni bo`yicha tavsiya» degan nom uchraydi. Qadimgi Misr so`z san`ati taraqqiyotida mirzalarning xizmati buyukdir. Biz so`z san`ati degan iborani ishlatdik. Zero qo`yidagi parcha qadimgi misrliklar badiiy adabiyotni boshqa san`atlar qatoriga kiritib fikr yuritganliklaridan dalolat beradi. Chunonchi, «Pxatotep pandnomasi» deb atalgan qadimiy she`riy matnda (bundan to`rt ming yillar avval) qo`yidagi satrlarni uchratish mumkin; San`at sir a bilmas chegara, Mahoratning cho`qqisiga chiqolgaymi biror san`atkor! Gavhar kabi yashirindir oqilona so`z, Lekin uni topish mumkin don tuygan huv, cho`ridan. Demak, so`z-san`at materiali, lekin u san`atga aylanishi uchun uni ishlata oladigan iste`dod lozim, iste`dod esa cho`rida ham bo`lishi mumkin. Bu o`rinda nafosatshunoslikning ko`p jihatlarini ko`ramiz; avvalo, san`atdagi yuksak mahorat doimo nisbiy; ikkinchidan so`z qo`llash ham san`at; uchinchidan, badiiy adabiyotni, umuman, san`atni xalqning hamma qatlamlari, ya`ni oliy zotlar ham, xizmatkor cho`rilar ham yaratadi, zero san`at mohiyatan demokratik xususiyatga ega; u hammaga birdek taalluqli. Qadimgi Misrda mirzalar muayyan ma`noda ziyolilarning yetakchilari hisoblanganlar. Qadimgi shoirlar ham ana shu mirzalardir. Ularning xizmati qadrlangan, ular ijodkor sifatida olqishga sazovor bo`lganlar. Chunonchi, «Mirzalarni sharaflash» deb atalgan she`rda noma`lum mirza bundan deyarli uch yarim ming yil avval, fir`avn Ramzes II davrida shunday deb yozgan edi: Donishmand mirzalar... Ular qurmadilar o`zlari uchun Birinchidan qabrtosh, Va misdan ehrom. qoldirmadi ular va na merosho`r, — Nomlarin saqlagan zurriyotini. Biroq qoldirdilar meroslarini- Hzlari bitgan xat, pandnomalarda... O`sha asrlardagi mana bu satrlar qadimgi Rumo shoiri Horatsiydan salkam ikki ming yil, Pushkindan salkam to`rt ming yil avval yozilgan: Xaykal qo`ydim o`zimga u misdan boqiyroqdir, SHohona ehromlardan balandroqdir u. Qadimgi Misrda yaratilgan qissalar va ertaklar o`zining badiiy puxtaligi bilan kishining diqqatini tortadi. «Sinuxe qissasi», «SHirinsuhan dehqon haqida ertak», «Kema halokatiga uchragan kishi haqida ertak», «Nefertitining karomati», «Aka- uka haqida ertak» singari asarlar shular jumlasidandir. «Kema halokatiga uchragan kishi» ertagida qahramonning sehrli orolda ko`rgan-kechirganlari Sindbod dengizchi haqidagi ertakni va «Odisseya»ning ba`zi epizodlarini eslatadi. Shuningdek, qadimgi Misrda masal janri ham rasmona rivojlangan. «Unamunaning sargardonligi» qissasi esa qadimgi Misr realistik nasrining ajoyib namunasidir. Qadimgi Misr she`riyati shakllarining turli-tumanligi, qabul qilingan muayyan uslub, she`r tuzilishi san`ati, ba`zan ma`lum darajadagi balandparvozlik undagi bizning nigohimizdan yiroq bo`lgan uzoq taraqqiyot yo`lini ko`rsatib turadi. Qadimgi Misr muhabbat lirikasi orasida birinchi shoir ayol hisoblangan, qadimgi Yunon shoirasi Safoda juda ko`p asrlar avval yaratilgan ayol shoir qalamiga mansub she`rlar bor. Qadimgi Misrda teatr tomoshalarining mavjud bo`lganligiga hozir hech qanday shubha bo`lishi mumkin emas. Qadimgi Misr teatri dastlab dafn marosimidagi ma`budlarning o`zaro dialoglari, Shuningdek, turli ma`budlar sharafiga o`tkaziladigan xalq sayllari va bayramlarida o`sha ma`budlar hayotidan olingan lavhalarni sahnalashtirish natijasida bunyodga kelgan. Ma`budlar rolini kohinlar o`ynagan. Bunday sahnalar qadimgi podsholik davridayoq, ya`ni bundan 4,5-4 ming yillar avval ijro etilgan. O`shanday sahna-pьesalardan bizgacha birginasi saqlanib qolgan. Uni fanda «Memfis ilohiyoti yodgorligi» deb atashadi. Kohinlar tasavvuridagi kosmologiya bayoni bo`lmish bu matnda Memfis ma`budi Pta tomonidan olamning yaratilishi va Osiris hamda uning o`g`li ma`bud Gor haqidagi juda qadimgi mifologik syujetlar, parchalar keltirilgan. Keyingi davrlardagi matnlar ham mifologik mazmunda bo`lib, ularda ko`proq ma`bud Gor ishtirok etadi. Bu tasodifiy emas. Qadimgi Misrda hukmron bo`lgan tasavvurga ko`ra, Gor taxtda o`tirgan har bir fir`avnning timsoli sifatida qabul qilingan, u har bir hukmdor uchun namuna, ideal hisoblangan. Misrshunoslikdagi bebaho bitiklardan biri-Ixernofret degan a`yonning tarjimai holidir. Unda bu a`yon o`zini fir`avn Senusert III (miloddan avvalgi XIX asr) hukmronligining 19-yilida Abidosdagi ibodatxonani taftish qilish va har yili ko`p sonli tomoshabinlar ishtirokida sahnaga qo`yiladigan Osiris misteriyasini kuzatish uchun yuborilganini yozadi. Ixernofret bitigidan mazkur misteriya qo`yidagi epizodlardan tuzilganligini bilish mumkin: 1) Ma`bud Upuat (yo`l ochuvchi), Osirisning birinchi jangchisining kirib kelishi; 2) Osirisning qayiqda suzib kelishi va unga dushmanlarning hujum qilishi; 3) Makkor akasi Set tomonidan Osirisning o`ldirilishi; 4) Ma`bud Tot tomonidan jasadning qayiqda olib ketilishi; 5) Osirisning o`ldirilgan joyi-Neditda ko`milishi; 6) Tirilgan Osirisning Abidosdagi o`z ibodatxonasiga qaytishi va umumxalq tantanasi. Ko`rinishlarning hammasida bosh rolni Osirisning o`g`li-ma`bud Gor o`ynagan. Gor rolini esa a`yon Ixornefretning o`zi ijro etgan. Heradot yunonlarning Dionisiy misteriyalarini Misr xalq diniy bayramlari bilan solishtirib, ular orasida shunchalik ko`p umumiylik topadiki, natijada yunonlar misrliklarning bayramlari va urf-odatlarini qabul qilganlar, degan xulosaga keladi. Dramatik matnlarni o`rganish misrshunoslarni qadimgi Misr teatri o`zining diniy-ilohiy mohiyatiga qaramay, faqat tor doiradagi diniy mavzular bilan cheklanib qolgan emas. Chunonchi, «Tobutlar matnlari»da, undan keyin «Mayyitlar kitobi»ning 78-bobida Gor va boshqa mifologik personajlar ishtirok etgan komediyadan parchalar saqlanib qolgan. Unda ma`bud Gorning elchisi qator holatlarda kulgili ahvolga tushib qoladi. «Mayyitlar kitobi»ning 39-bobida ham Misr iblisi-ilon Appop ishtirok etgan kulgili stsenariydan parcha berilgan. Mazmunan dunyoviy bo`lgan teatrni qadimgi Misrda mavjud ekani g`oyatda qiziqarli. Undagi rollarni kohinlar emas mutaxassis aktyorlar bajargan. Edfulik Enxeb degan kimsaning tarjimai holi yozilgan bitikdan uning sayyor artist va musiqachi bo`lganligini anglash mumkin. Hozirgacha bu bizga yetib kelgan shu xildagi yagona matndir. U qadimgi Misrda professional teatrlarning, ya`ni dunyoviy teatrlarning mavjudligini isbotlashi bilan qimmatli. Demak, qadimgi Yunon va qadimgi hind teatridan ancha avval ham Sharqda mavjud bo`lgan ekan. Qadimgi Misrda musiqa va musiqachilar hurmat-e`tiborga sazovor bo`lishgan. Qadimgi misrliklarning musiqaga katta qiziqishi bilan qaraganliklarini bizgacha yetib kelgan yodgorliklar to`la isbotlab beradi. Qadimgi cholg`u asboblaridan tashqari, bizgacha cholg`u chalayotgan musiqachilarning nomlari ham saqlanib qolgan. Mirza-hattotga nasihatlardan birida uning nay va sibirg`a chalishi, chiltorga jo`r bo`lishni bilish, next deb atalgan musiqiy asbob yordamida qo`shiq ayta olishi kerak, deyiladi. Unda qo`shiqchilar va musiqachilar ham erkaklardan, ham ayollardan bo`lgan. Demak, musiqa qadimgi Misr maktablari dasturidan o`rin olgan. Etnografik ma`lumotlar, shuncha uzoq tarixiy davr o`tishiga qaramay, Yuqori Misr fallohlari, qadimgi Misrdagi musiqiy unsurlar saqlanib qolganliklarini ko`rsatadi. Mushuk va sichqon haqidagi qo`shiq buning dalilidir. Shunday qilib, qadimgi Misrda vujudga kelgan nafosatli g`oyalar, ijodiy tamoyillar, janrlar keyingi davrlar nafosat ilmi rivojiga harakatlantiruvchi ma`naviy kuch sifatida ta`sir ko`rsatganiga shubha yo`q. Sharqda vujudga kelgan boshqa qadimgi davlatlarda yashagan xalqlar ilgari surgan nafosatli g`oyalar ham katta ahamiyatga ega. Chunonchi, muqaddas «Bibliyo» kitobining avvalgi qismi bo`lmish «Ahd ul-qadim»ni qadimgi yaxudiylar dini bilan bog`liq Falastin so`z san`atining ulkan yodgorligi deb atash mumkin. Unda va keyinchalik qo`shilgan boshqa qismlarda qadimgi adabiyotning diniy asotirlar, tarixiy afsonalar, qahramonlik eposi shakllarida aks etganini ko`rish mumkin. Ularda go`zallik haqidagi tasavvur o`z o`zini diniy-mifologik shaklda namoyon qiladi. Bibliyodan o`rin olgan asarlarning ko`pchiligida Somir-Bobilon va Misrda ilgari surilgan g`oyalar ta`sirini ko`rish mumkin. Sharq xalqlari taraqqiyoti tarixida qadimgi Eronzamin va Turonzamin aholisi yaratgan madaniyat katta o`rin tutadi. Eronliklar va Turonliklar o`rtasidagi aloqalar ko`pincha tinchlik-totuvlikka asoslangan emas. To`maris, SHiroq haqidagi qadimgi voqelikka asoslangan afsonalar, keyinchalik Firdavsiy «SHohnoma»sidan o`rin olgan buyuk turk hoqoni Alp Er To`nga-Afrosiyobning Siyovush, Kaykovus, Kayxusrav bilan bo`lgan munosabatlari buning dalilidir. Ayni paytda, bu qadimgi ikki mintaqa orasida madaniy, ma`rifiy aloqalar yo`lga qo`yilganligi shubhasizdir. Hususan, mashhur zardushtiylikning muqaddas kitobi «Avesto»ning taqdiri bunga misol bo`la oladi. Bundan 3 ming yil avval qadimgi Xorazmda Spitoma urug`idan dunyoga kelgan Zardusht dastlab o`z o`lkasida Axura Mazda dinini targ`ib etishda ko`p qiyinchiliklarga duch kelgach, o`zga yurtlarga bosh olib ketadi. Sakastana yurtida Kaviy Vishtaspa saroyida panoh va uzlat topadi. «Avesto» gotlarini Zardo`sht badiha yo`li bilan omma orasida qo`shiq qilib aytgan. Bu turkum she`rlar-»got»larda o`sha hayotiy lavhalar o`z aksini topgan. «Got» so`zi aslida «goh» ya`ni «kuy», «qo`shiq» degan ma`noni anglatadi. Bu so`z mumtoz musiqa merosimizda «Dugoh», Segoh», CHorgoh» kabi atamalar tarkibida saqlanib qolgan. Qadimgi «Avesto»dan bizgacha yetib kelgan qismlar «Yasna», «Vedevdat», «Yasht», «Visparat» kitoblaridir. Zardo`sht ijod qilgan «Goh» lardan 17 tasi «Yasna» kitobiga kirgan. Ayrim parchalar «Yasht»lar ichida ham uchraydi. Aynan ana shu «Got»lar orasida qadimgi turonliklar va eronliklarda nafosatli tasavvurlarning qanday shakllanganligini ko`rish mumkin. Qadimgi turonliklar va eronliklarda ham atrof-muhitdagi go`zallikni anglab yetish boshqa qadimiy madaniy xalqlardagi kabi insonning o`z-o`zini anglash va o`zligini barqaror etish jarayonlarida ro`y berdi. Ma`lumki, qadimgi Sharqda go`zallik axloqiy yuksaklik bilan mohiyatan bir tushuncha sifatida olib qaraladi. Bu jihatdan «Avesto» ham istisno emas; undagi «go`zal», «chiroyli», «qoyilmaqom» so`zlari «yaxshi», «ezgu», «beg`ubor» so`zlari bilan ma`nodosh tarzida keladi; «go`zal» degani «yaxshi», «odamga foydali» degan ma`noni anglatadi. «Avesto»da odatda «go`zal» sifatlashi «adl», «bug`ubor», «qudratli», «qo`rqmas», «dovyurak», «ezgu», zarur», singari ijobiy baholar bilan yonma-yon keladi. Ma`lumki ko`pchilik qadimgi xalqlarda nafosatli g`oyalarning ibtidosi «go`zallik va ezgulik»ning, «go`zallik va zaruriylik»ning yaxlitligi bilan bog`lanadi. «Got»lardagi go`zallik haqidagi tasavvur ilohiy nuqtai-nazardan adllikka, mezoniylikka, mutanosiblikka, ya`ni uyg`unlik tushunchasining ilk ibtidoiy ko`rinishlariga borib taqaladi. Zardusht «Got»larda o`z ilohi Ahura Mazdani sharaflagani va bu sharaflash «mezonsiz emas, balki mezoniy so`zlar bilan» amalga oshuvini alohida ta`kidlaydi. So`zni muqaddaslashtirish avvalo, «Got»lar shaklida badiiylashgan so`zni e`tiqod ramzi sifatida talqin etish qadimgi Eron va Turon xalqlari madaniyatida, ma`naviyatida muhim rol o`ynay boshlaydi. Shuningdek, «Avesto»da ham boshqa yuksak madaniyat sohibi bo`lgan qadimgi Sharq mintaqalaridagi an`anaviy nafosatli tushuncha bo`lmish nur alohida o`rin egallaydi. Unda quyosh, oy, yulduzlar nuri insonning ichki axloqiy qiyosi bilan qo`shilib ketgandek tuyuladi, nur nafosati o`zining yuksak darajasiga ko`tariladi. «Avesto»da fikr-so`z-a`mol uchligi yaxlitlikni tashkil etadi va bu yaxlitlikda so`z alohida o`rin egallaydi. Zardusht uchun Ahura Mazdani chiroyli so`zlar bilan ifoda etish-yovuz so`zlarni yanchish, ya`ni ezgulik vositasida yovuzlikni yanchish demakdir. Gotlarda go`zallik, ko`rkamlik, chiroylilik, ulug`, ulug`vor, viqor singari so`zlar alohida tilga olinmasa-da, ular haqiqat, ezgulik, yaxshilik shaklida ifodalanadi. Yashtlarda ular to`g`ridan-to`g`ri qo`llaniladi. Suv va hosildorlik ma`budasi Amudaryo Tangrisi Ardvisura-Anaxita madhiga bag`ishlangan «Ardvisura-Yasht»da shunday misralarni uchratish mumkin: Go`zalligi, ulug`ligi haqqi-hurmati Tinglaguvchi duo bilan sharaflagumdir Arta qutlug`lagan Ardvisurani. Huddi ana shu yashtdagi Ardvisura-Anaxita tasvirini go`zallik va ulug`vorlikning go`zal va ulug`vor tasviri sifatida boy, rang-barang nafosatli in`ikos tarzida idrok etilishi tabiiydir. Mana, o`sha tasvir va ta`rif: Har kim uni ko`rgay, — Ardvisura-Anaxitani Bir parivash timsolida, — Sarvqomat va shamshodvash, Kamarbasta va shoista, Bashmoqlari yarqiragan to`piqqacha, Tillodandir shokilasi. Qo`llarida barsman uning bir me`yordir Baldoqlari yaraqlagan, — To`rt qirrali oltin suvi yurgizilgan. SHafqatpesha Ardvisura-Anaxita Gardaniga chirmashgandir Go`zal shoda. U qomatin tarang tutar Bo`rtib chiqsin uchun so`lim siynalari Va odamlar nigohini qaratmoqqa O`zi tomon. Peshonasin zebo etmish Ardvisura Anaxita Jozibali gardish bilan. Yuz tusdagi ranglar uni bezatishdi. Tilla suvi yurg`izilgan Sakkiz qism aravadek. SHokilalar hilpiragan afsunnamo O`rtasida go`zal xalqa, Mohirona yasatilgan. Anahitaning so`zlar vositasidagi bu tasviri shu qadar muayyanlashtirilganki, uni jonli mavjudotga yoki haykalga qarab so`z bilan chizilgan surat deyish mumkin. Keyinchalik ana shu tasvirdagi bezaklarni, peshonagardishni SHimoliy Baqtriyada, asosan Surxondaryo viloyati hududida topilgan haykallarda va boshqa qadimshunoslik topilmalarida ko`rish mumkin. Ayrtom, Dalvarzintepa, Fayoztepa, SHahrinav, Balx singari hududlarda topilgan san`at namunalari haykallar, me`moriy qoldiqlar, Shuningdek, persopoldagi Doro saroyi, CHoshtepa, Oqtepa, Varaxsha, Afrosiyob yodgorliklari, devoriy suratlar-bularning hammasi Turonzaminda va Eronzaminda san`atning har-xil turlari rivojlanganidan dalolat beradi. Qadimgi hind xalq dostoni «Mahabxarat»da tasvirlanishicha, Yudhishtxir tomonidan ruhlarga atab o`tkazilgan qurbonliq bayramida turli mamlakatlardan, jumladan Turondan shaklar, tohar va qonqalar-davlatining elchilari qatnashadilar. Bu elchilar keltirgan sovg`a-salomlar ichida jundan, paxtadan, ipakdan to`qilgan matolar, nafis kiyim-boshlar, temir uchli nayzalar, oyboltalar, kesgir bolta va teshalar bo`lgani aytiladi. Milodning davstlabki asrlarida bitilgan qadimgi Xitoy manbalaridan birida Markaziy Osiyodan, xususan, Toshkent vohasidan Xitoyga borgan artistlarning kiyimlari va bezaklari ta`riflanadi. Unda yozilishicha, raqqos- artistlar yengi tor ko`ylak, boshlariga cho`ng`oq (baland) telpak kiyganlar. Telpak tevaragi tepaga qayrilgan, chetlariga mayda qo`ng`iroqchalar taqilgan. Bundan tashqari, ular gulnusha, durlar bilan bezalgan do`ppi ham kiyganlar. Solnomachi bu kiyimlar qadimdan mavjudligini, hanuzgacha o`zgarmaganligini ta`kidlanadi. Toshkentlik raqqos bolaning o`yinini madh etishga bag`ishlangan she`rlardan birida ham mazkur engillar tilga olinadi. SHe`rda raqqos bolaning ko`ylagi nafis jun-matodan to`qilgani, boshida cho`ng`oq telpak, belida kumush kamar va oyog`ida naqshin etigi bo`lgani tasvirlanadi. Milodiy IV-V asrlarga oid xitoy musiqiy risolalarida Buxoro (Ango), Samarqand (Kongo) va qang`lishjo yoki qang`li (Sirdaryoning o`rta oqimi, Toshkent vohasi) nomli maqomlar mavjud bo`lganini ko`rish mumkin. Xitoyda mashhur bo`lgan xusyunsu Movarounnahrda keng tarqalgan raqslardan bo`lgan, uni Samarqand va Kitobning SHahrisabz mintaqalaridan chiqqan qiz-juvonlar ijro etganlar. Xusyunsu raqsida kichik, yumaloq koptokni tepaga otib, gir aylanib, mohirlik bilan ilib olib, oyoq tagiga tashlab, ustiga oyoq qo`yib, sirg`alib ketmasdan aylanib o`ynaganlar; sirg`alib ketmaslik o`yinchining mahoratini bildirgan. Qadimgi Xitoyda shuhrat qozongan raqslardan yana biri CHjechji- Toshkent nomi bilan atalgan, uni 24 nafar raqqosa ijro qilgan bu raqs davra olib o`ynalgan. O`yin milliy musiqa, maqom va xonanda ijrosi bilan jo`rlikda davom etgan. Raqqosalardan biri davra markazida o`ynab, o`yinni boshqarib borgan. Kuzatuvchi raqqosa «xuasin» («gulning markazi») deb atalgan. Raqqosalarning barchasi qimmatbaho nafis matolardan tikilgan, dur-javohirlar hamda go`zal kashtalar bilan bezalgan kiyim-boshlarda sahnaga chiqqanlar. O`sha davrlardagi xitoylik shoirlar bu Toshkent raqsining maftuni bo`lib, unga o`nlab she`ru qasidalar bag`ishlaganlar. Mashhur san`atshunos akademik L.I. Rempel qadimgi dunyo Sharq san`ati haqida so`zlab: «O`rta Osiyoning Axmoniylargacha bo`lgan va Axmoniylar xukmronlik qilgan davrdagi qadimiy madaniyat va san`at o`chog`i sifatidagi roli aniq. Biroq qadimgi O`rta Osiyo mahalliy madaniyatining eng yuksalgan payti antik davrga to`g`ri keladi. Ellinizm O`rta Osiyo san`atida yangi davrni boshlab berdi... u san`atkorni plastik chizgilar va shakllari musaffoligi dunyosiga yetakladi. Ellinizm ana shu dunyoga tabiatdan olingan uyg`unlikni ato qildi, san`atkorga inson tanasi chiroyini ifodalash uchun vosita baxsh etdi uni go`zallikni bilish mezoniga aylantirdi», deganida tamomila haq edi. Bunday manbalar «Avesto» yaratilgan ikki ulug` daryo sohillaridagi va Xuroson, Forsiston mintaqalaridagi nafosatli tasavvurlar, g`oyalar va san`at turlari qo`shni mintaqalar xalqlari nafosatli taraqqiyotiga katta ta`sir ko`rsatganligini isbotlaydi. Ayniqsa «Avesto»ning qadimgi Hindistonda nafosatli tasavvurlar va g`oyalarning shakllanishida alohida o`rin tutishi diqqatga sazovordir. Taxminan milodgacha bo`lgan II ming yillik o`rtalarida shimoliy g`arbiy Hindistonga, hozirgi Panjob mintaqasiga g`arbdan Hindukush dovonlari orqali o`zlarini oriylar deb atagan jangovar qabilalar kirib kela boshladilar. Ular na faqat harbiy iste`dodga, balki shoirlik qobiliyatiga, dunyoning qandayligi-uning qanday bo`lishi kerakligi haqidagi o`z qarashlariga ham ega edilar. Ularning alqovlari, Sharqiyalari eng qadimgi hind yodgorligi «Rigveda»ga asos bo`ldi. «Veda»- muqaddas bilim, «Rigveda»-alqovlar vedasi demakdir. «Rigveda» o`sha davr kishisining o`zi va atrof muhit: ma`budlar, iblislar, devlar, fazo, ijtimoiy turmush axloqiy va nafosatli qadriyatlar haqidagi bilimlarni o`z ichiga oladi. Eng keng yoyilgan nuqtai nazarga ko`ra, Hindistonga bostirib kirgunlariga qadar oriylar O`rta Osiyoning Amudaryo va Sirdaryo bo`ylab Orol hamda Kasbiy dengizigacha bo`lgan mintaqalarda yashaganlar. Zero «Rigveda» va «Avesto»ning tili bir-biriga nihoyatda yaqin. Yaqinlik ba`zan shu darajadaki, ichki matn bir qadimiy matnning ikki xil variantiga o`xshaydi: faqat tovushlar mosligi qonun- qoidalarigina har xil. Buning ustiga «Rigveda» tili keyingi davrda sanskritda yozilgan she`rlar va mumtoz eposlar tilidan ko`ra, «Avesto» tiliga yaqin. «Rigveda»dagi qator mifologik personajlarning «Avesto»da o`xshashi mavjudligini ham aytib o`tish lozim; nomlar o`xshashligidan tortib syujetlar o`xshashligigacha uchratish mumkin. Bundan tashqari har ikki diniy tizimda sig`inish ob`ekti umumiy; «Rigveda»da ham, «Avesto»da ham olovga sig`inish e`tiqodiy asos sifatida namoyon bo`ladi. Bunday o`xshashliklar juda ko`p. «Rigveda»da so`zning ahamiyati alohida o`rin tutadi. Ma`budlarni e`zozlashda so`z-ibodat qurbonliqdan kam hisoblangan emas. So`z- poklovchi, muqaddas omil hisoblangan, «Rigveda»da u ma`buda Voch («voc»-»so`z», «nutq» degani) timsolida jonlantirilgan. Sharqiya-alqovlarni shoir-kohinlar rishilar yaratganlar. Rishilar san`ati bizning hozirgi baxshi-shoirlarimiz san`atiga o`xshash otadan o`g`ilga o`tgan. Oriylarning Hindiston ichkarisiga kirib boraverishi bilan tabaqaviy to`siqlar yo`qola borgan; rishilar uchun zot emas, iste`dod birinchi o`ringa chiqqan. «Rigveda»da oriylar jamiyatidagi shoir ilohiy karomatga dahldor, ma`budlar alqagan donishmand tarzida namoyon bo`ladi. Shoir ma`buddan ana shu karomatli onlarni baxshida etishni so`raydi. Donishmandlik, bu bir zum namoyon bo`luvchi manzara. Unga erishishning usuli-ko`rishdir. Shoir ichki nigoh, intuitsiya (fahm) bilan, uning haqiqatning ilohiy manzarasini nogoh yoritib yuboradigan nuri orqali ko`radi. Bir manzara o`rnini ikkinchisi egallaydi va bu manzaralar-karomatlar almashinuvida dhi deb nomlangan vedaga xos dunyoni bilish yotadi. Dhi-»fikr, tasavvur, qarash, tushuncha; intuitsiya (fahm), bilish, aql; bilim, san`at, ibodat», Shuningdek, «ko`z o`ngiga keltirish, fikrlash» ma`nolariga uyqash. SHoir dhira» dhi» egasi, donishmand, iste`dod egasi» deb atalgan. SHoirlar ma`budlardan dhi ato etishlarini so`raganlar. Dhi tufayli shoirlar ma`budlar odamlar orasidagi vositachiga aylanganlar. Zero shoir-»doimo ma`budlar olami bilan uchrashuv» timsolidir. Veda olamidagi tasavvurga ko`ra, shoirlar o`zlari yangi manzaralar yaratmaydilar, balki oddiy bandalar ko`rolmaydigan ma`budlar dunyosiga tegishli manzaralarni so`zga aylantiradilar. Bunda ilhomning o`rni muhim: ilhomgina shoirga Ilohiy So`zga hukmronlik qilish imkonini beradi. SHu bois shoirning muvaffaqiyati Voch bilan bog`liq. Voch deydi: «Kimni suysam o`shani-qudratli, o`shani-brahman, o`shani-rishi, o`shani-donishmand qilaman. Zero shoir- baxshining «So`z bilan ko`rmoqchiman iloh Agni siyratini», deyishi bejiz emas. «Rigveda»-she`riy matn. Uning she`riy o`lchovi hijolarning muayyan soniga asoslangan. Ayni paytda uzun va qisqa hijolar farqlanadi. «Rigveda»da 1028 Sharqiya-alqovlar mavjud. Uzoq zamonlardan buyon Hindistonda bu Sharqiyalar musiqa jo`rligida ijro etilishi odat tusiga kirgan. Chunonchi, «Samoveda»-butunasicha musiqaga solingan «Rigveda» Sharqiyalaridan iborat. «Avesto»dagi kabi «Rigveda»da ham nur nafosati alohida o`rin tutadi. Juda ko`p Sharqiya-alqovlar muqaddas olov ma`budi Agniga bag`ishlangan. Qadimiy yodgorlikning birinchi alqovi-Sharqiyasidayoq Agni «shoirona zakiy, haqiqiy charaqlagan sharaf sohibi» deb ta`riflanadi. Agniga nisbatan «go`zal yoqilgan», «go`zal qiyofali» «charaqlagan» singari sifatlashlar qo`llaniladi; go`zallik haqidagi tasavvur nur bilan bog`liq tarzda namoyon bo`ladi. Go`zallik «suvga to`la bodiyadek ezgulik to`la» ma`bud Indrning ham asosiy sifati tarzida talqin etiladi; uni Sharqiyalardan birida «qudratning go`zal harakat qiluvchi o`g`li», deyilsa, boshqa birida u: Seni, ey go`zal qiyofa sohibi Madh etmoq istaymiz, ey sahiy, — deb ulug`lanadi. Boshqa Sharq badiiy yodgorliklardek, «Rigveda»da ham asosan go`zallik-ezgulik va yaxshilik tarzida talqin etiladi. Ayni paytda shunday o`rinlar borki, unda go`zallik bilan ezgulik ajratib ko`rsatiladi Ma`bud Indrga bag`ishlangan alqovlardan birida ezgulik, qahramonlik va go`zallik ham sifat, ham tushuncha sifatida bir-birini to`ldirib keladi: Botirliging, ey qahramon, kuylangay go`zal, Ruh kuchi-la ezgulikni sen topgan mahal Qadimgi Hindiston falsafiy-nafosatli, diniy-axloqiy tafakkurida upanishadlarning ahamiyati beqiyos. «Uponishad» so`zi to`g`ridan-to`g`ri «davra», «davra olmoq» (ustoz atrofida) degan ma`noni anglatadi. Lekin uning ikkinchi botiniy ma`nosi-»sirli bilim», «yashirin bilim». Upanishadlar vedalarga borib taqaladigan, ularni sirlarini tushuntiradigan diniy-falsafiy tabiatga ega ta`limotlar. Aynan milodgacha bo`lgan VII asrlarda vujudga kela boshlagan ana shu upanishadlarda qadimgi xindlarning nafosatli tasavvur va qarashlari shakllangan. Upanishadlardagi nafosatli tasavvurlar ham axloqiy qarashlar bilan mustahkam bog`liq. Upanishadlar yaratilgan davrga kelib, qadimiy Hindistonda musiqa san`ati, qo`shiq, raqs, me`morlik va tasviriy san`at taraqqiy topgan edi. Biroq, upanishadlarda ko`p hollarda bezaklar moddiy yoki ma`naviy bo`lishidan qat`iy nazar ular qoralanmasa-da, umuman olganda, san`at o`tkinchi hissiy lazzat, moddiy hodisa tarzida talqin etiladi. Asl donishmand abadiy haqiqatga intilishi, har qanday san`atdan yuz o`girishi lozim. Zero san`at, xususan, tasviriy va musiqiy san`at «aldamchi lazzat» beradi; kimki unga o`rganib qolsa, «oliy holatni yodidan chiqaradi». Qadimgi Hind nafosatshunosligida, xususan, upanishadlarda nur nafosati bilan birga so`zlarda in`ikos etgan rang nafosatiga ham duch kelish mumkin. Ranglar muqoyasa-zidlashtirish usulida nafosatli xususiyat kasb etadi. Upanishadlar aslida «Braxman haqidagi ta`limot» degan ma`noni anglatadi. Braxman so`zining o`zi ko`pma`nolilikdir. Upanishadlar Braxmanni universum, mavjudlikning yagona ibtidosi, o`z-o`ziga asoslangan, olamdagi bor narsaga va olamning o`ziga tayanch bo`luvchi qandaydir ulug`lik tarzida tushuntiradi. Donishmand uchun esa Braxman «intilish ob`ekti», ya`ni muayyan ma`noda ma`naviy ideal har qanday go`zallikdan go`zalroq go`zallikdir. Oliy va pok braxmanga yetishish buyuk quvonch, baxt bag`ishlaydi, u- insonning charaqlab turgan haqiqatni ko`ra bilishi. Braxmanni bilish-»insondagi nurni» bevosita mushohada etish. Bu eng go`zal va eng ilohiy mushohadadir. SHunday qilib, upanishadlarda haqiqat, nur-ezgulik va oliy go`zallik ramzi tarzida talqin etiladi. Nur ramzi, nur nafosati, umuman vedalar va upanishadlardagi nafosatli ibtidolar, g`oyalar qadimgi hind dostonlari «Mahobxarat» va «Ramayana» badiiyati hamda nafosatiga sezilarli ta`sir ko`rsatdi. Chunonchi, «Ramayana»da hilol, oy eng yuksak go`zallik tarzida tasvirlanadi: oy so`zsiz go`zal nur to`kib, tungi zaminni sirli chiroyga burkaydi. Sitaning jamoli ham to`lin oyga o`xshatiladi, go`zalligi yulduzlarni tong qoldiradi. Bunday «charaqlash», «porlash, Shuningdek, oltin, qimmatbaho toshlarga, saroylarning tasviriga ham xos. Turlash va charaqlash erkaklar chiroyiga ham nisbat beriladi: dovyurak bahodir Dasharatxa va uning o`g`illari «ulug`vor porlaguvchi (charaqlaguvchi)» sifatlari bilan tasvirlanadi. Ram haqida «uning yuzi to`lin oydan go`zal», deyiladi, dostonda. Uni ko`proq «quyoshdek charaqlab turgan yaxshiligi» uchun sevishadi. Qadimgi hind estetikasi so`nggi davrlari-milodning dastlabki asrlari nazariy risolalarning yuzaga kelishi bilan alohida ahamiyatga ega Ana shunday qimmatli asarlardan biri «Nat`yashastra»-»Teatr san`atiga doir o`gitlar (I-II asrlar) risolasi hisoblanadi. Odatda afsonaviy donishmand Bxaratga nisbatan beriladigan bu asarda asosan aktyorning ijro texnikasi va tarbiyasiga doir turli maslahatlar hamda o`gitlar keng o`rin olgan. Unda dramatik syujet asosida tuzilgan ishtirok etuvchilarning ehtirosli holatlari aktyorning barcha harakatini-qadam tashlashi, imo-ishorasi, o`zini tutishi va h. k. ni belgilaydigan omil, degan fikr ilgari suriladi. Ifodalanayotgan hissiyotning tabiati, Shuningdek, musiqiy jo`rlikni, grim va qisman libos tanlashni ham taqazo etadi. SHunday qilib, ehtiros na faqat aktyor harakatini, balki, umuman spektakl shaklini uyushtiruvchi ibtidodir. Sahnada badiiy qiyofa yaratish vazifasidan kelib chiqib, qadimgi hindlarning teatr haqidagi ilmi inson ruhiy holatlarini alohida tahlil etuvchi «bhava» deb atalgan tizimni yaratdi. Unda bir tomondan, ruhiy holatlarning tug`ilishiga olib keladigan sabablar («uyg`otuvchilar»-»vibkava»), ikkinchi tomondan esa, ularning tashqarida namoyon bo`lishi («onubxava»)-imo- ishora, so`z ohangi vh. k ko`rinishi hisobga olingan. Bundan tashqari «bxava»larni sakkiz guruhga bo`luvchi murakkab tasniflash yaratiladi. O`zida bir asosiy tasniflash turi va bir necha shunga yaqin ikkinchi darajali holatlarni mujassam etgan ana shunday har bir guruh muayyan ehtiros tushunchasi tarzida olib qaralgan. Barcha tushunchalar, ya`ni sakkiz tushuncha yagona «rasa» («did») degan ibora bilan ifodalangan. Keyinchalik «rasa» badiiy ehtirosni anglatadigan, nafosatni anglatadigan nafosat tushunchasi maqomini oldi va shu tarzda hind san`atshunosligida keng tarqaldi. «Rasa» tushunchasi musiqa nazariyasida pardalar tovush qatorlari bosqichlar va ohanglar turlarida, tasviriy san`at nazariyasida esa moybuyoq va haykaltaroshlik tasvirlarida qo`llanib kelindi. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, «Nat`yashastra»ning 16-bobi va kashmirlik alloma Bxamaxi (IV-VI asrlar) qalamiga mansub «Kav`yalankara» («She`riy bezaklar») risolasi she`r san`ati uchun muhim ahamiyatga ega. She`riy yo`l bilan yozilgan, 6 qismdan iborat bu risolada turli xil xitobiy (ritorik) shakllar-tazod (o`xshatish), allitsratsiya va boshqalar bayon etiladi, she`riy nutq fazilatlari (guna) va uslubiy (rito) fazilatlar tahlil qilinadi. Mazkur ikki risola she`riyat nazariyasi alohida ilm sifatida qadimgi hind estetikasida milodning boshlarida shakllangan va uning asosiy tadqiqot ob`ekti dastavval she`riy nutq uslubi bo`lgan, deyishga asos bo`ladi. Qadimgi Hindistondagi uslub nazariyasi taraqqiyotiga nazar tashlasak, milodning II asriga kelib, «bezaklar» deb nom olgan badiiy ifoda usullari haqidagi ta`limot shakllanganini ko`rish mumkin. IV-V asrlarga kelib u uslub nazariyasining katta va muhim qismini tashkil etadi. Masalan, «Nat`yashastra»da 4 xil bezak haqida gap ketsa, «Kav`yalankara»da ularning soni 39 ta. Nihoyat, IV-V asrlarga kelib, qadimgi uslubiyatning uchinchi qismini tashkil etuvchi fazilatlar yoki sifatlar haqidagi ta`limot yuzaga keldi. Ana shu davrlarda nuqsonlar haqidagi ta`limot ham paydo bo`ldi. SHunday qilib, ko`rib turibmizki, Qadimgi Hind estetikasida she`riy nutq uslubga doir boy materiallar yig`ilgan va ularni uch ruknga-bezaklar, fazilatlar va nuqsonlarga bo`lib o`rganish tamoyillari ishlab chiqilgan. Qadimgi Xitoy nafosatshunosligi deganda, biz odatda, miloddan avvalgi VII asrda milodning V asrigacha bo`lgan davrni nazarda tutamiz. Mana shu davrda Xitoyda garchand nafosatli tafakkur mustaqil fan maqomiga ega bo`lmasa-da, lekin asosiy falsafiy-nafosatli tushunchalar shakllangan edi. Biroq, dastlabki nafosatga doir tasavvurlar, g`oyalar, tushunchalar bundan ancha avval, «SHutszin» («Tarixlar kitobi»-miloddan avvalgi XII asr), «SHitszin («qo`shiqlar kitobi»- miloddan avvalgi XI-VI), «Itszi» («Hzgarishlar kitobi»-VIII-VII) miloddan avvalgi asrlar) deb nomlangan yodgorliklarida uchraydi. Ularni eng avvalo mazkur kitoblardan joy olgan asotirlar-miflarda va she`riy eposlarda ko`rish mumkin. Bular orasida «SHitszin» («Qo`shiqlar kitobi») alohida o`rin tutadi. Zero u qadimgi Xitoy xalqi tarixini ko`pgina tarixiy, etnografik va boshqa yodgorliklarga nisbatan to`laroq, chuqurroq aks ettiradi, desak yanglishmaymiz. «SHitszin» 305 she`riy asarni o`z ichiga oladi. Ular to`rt qismga bo`lingan: «Gofo`n» («Saltanatlar odatlari»), «Syao ya» («Kichik qasidalar»), «Da ya» («Ulkan qasidalar») va «Sun» («Alqovlar»), «SHitszin» she`riy asarlari asosan xalq og`zaki ijodining yozib olingan nusxalaridir, to`g`rirog`i musiqaga solingan she`rlardir. Agar qadimda musiqa va raqs ajralib chiqmagan holda bo`lganini nazarda tutsak, bu yodgorlikda ham so`z san`ati, ham musiqa san`ati, ham raqs san`ati ruhini, unsurlarini ko`rish mumkin. Chunonchi, «yuetszin» («Musiqa haqida kitob») deb atalgan qadimgi yodgorliklardan bizgacha yetib kelgan bir parchada shunday deb yoziladi: «SHe`riyat-bu so`zga aylangan intilish» qo`shiq uni tovush orqali ifodalaydi; raqs obrazni (jun) harakat orqali yetkazadi. Har uchchala tur yurakda ildiz otadi, keyin ularga musiqiy asboblar ergashadi». Bu parchadan o`sha paytlarda so`z san`ati kuy va raqs talablariga bo`ysindirilgani ko`rinib turibdi. «SHitszin»dagi folklor qo`shiqlarida muhabbat va do`stlik tuyg`ulari o`ziga xos, rang-barang ifoda topgan. Bu tuyg`ular bejamalikdan, balandparvozlikdan, soxtalikdan yiroq. Ana shu xalq qo`shiqlari xitoy yozma adabiyotining asosi bo`ldi-uch yarim ming yil avval xitoy yozuvi ierogliflari yaratildi. SHuni aytish kerakki, ieroglif yozuv rangbarang, bazo`r ilg`anadigan nozik ishoralarni tasvirlashda mavhum va ko`pyoqlamali tushunchalarni, turli ma`no urg`ularini va qirralarini ifodalash uchun cheksiz imkoniyatlarga ega. SHu munosabat bilan bir necha ierogliflar etimologiyasini ko`rib chiqaylik. Masalan, mey ieroglifi (go`zal, badiiy, nafosatli) degan ma`nolarni anglatadi. U ikki piktogramadan-rasmlashgan yozuvdan iborat; yan (qo`chqor, qo`y) va da (katta, ulkan). Dastlab bularning qo`shiluvi «katta qo`chqor» degan jo`n tushunchani, ya`ni, «tengi kam» go`shti lazzatli, juni kamyob, go`zal tashqi ko`rinishga ega bo`lgan hayvonlarning g`ayri odatiy nusxasini anglatgan. Go`zallik haqidagi tushunchaning keyinchalik rivojlanib borishi bilan «mey» ieroglifining nisbatan murakkab va mavhum ifodasi bo`lishi go`zal, badiiy, nafosatli degan ma`nolar yuzaga keladi. SHu tarzda muayyan timsol shakllana borish jarayonida umumlashgan, tipiklashgan va mavhumlashgan tushunchaning yuzaga kelishida hizmat qilgan. Ieroglif-belgilar odamlarning reallikka nafosatli munosabati taraqqiyotini, badiiy ijod umumiy qonunlari shakllanishini manzarali belgisi sifatida namoyon bo`ladi. SHu bois so`zning she`riy ma`nosi ko`p hollarda aniq va cheklangan doiralarda emas, balki o`xshashligiga, yaqinligiga qarab ochiladi. SHuning uchun ko`pgina she`riy satrlarda tugallangan obraz emas, balki faqat ishora, adabiy asosgina aks etadi; atayin qilingan nim ifoda, notugallik, ko`pma`nolilik, birchizgi, homaki matn tarzida belgida aks etgan ishora ba`zan asl ma`nodan muhimroq ahamiyat kasb etadi. Natijada ijodiy hamkorlik tug`iladi, o`quvchi san`atkorning asosiy fikriga bo`ysinuvchi, uni inkor etmaydigan rang-barang bo`yoqlarni tasavvur qiladi. Bunda muallif qancha kam so`z ishlatgan bo`lsa, shuncha ko`p ifoda vositalari iqtisod qilinadi, fikrlashiga, tasavvurga, manzara yaratishni tugallashga shuncha katta imkon tug`iladi. SHu bois kamso`zlik, qisqalik, nozik ishora qimmatli hisoblanadi. Qadimgi Xitoy shoirlarining o`zini cheklashga, iloji boricha kam so`z ishlatishga, ifodaviy vositalarga xasislik qilishiga intilishlari shundan. Qadimgi Xitoy nafosatshunosligida ikki yo`nalish alohida ajralib turadi. Bular- daochilik va konfutsiychilik. Daochilik yo`nalishining muhim belgisi, bu-fazo (kosmos) va tabiatning azaliy va abadiy go`zalligi; jamiyat va inson go`zalligi darajasi esa ana shu borliq go`zalligiga qanchalik o`xshash, yaqin ekanligi bilan belgilanadi. Konfutsiychilik xulqiy go`zallik muammosini o`rtaga tashlaydi; axloqiy-nafosatli ideal uning eng muhim belgisi sanaladi. Daochilikning («Dao»-yo`l degani) asoschisi Lao-tszi (miloddan avvalgi VI-V asrlar) fikriga ko`ra «uyg`unlik» (xe), «tinchlik», «kelishuv», «yumshoqlik», «kelishtirish» ma`nolarini anglatadi. «Me`yor» so`zini esa u yetarlilik ma`nosida qo`llaydi. CHjuantszo` (IV-III asrlar) uyg`unlikning ta`sir doirasini Laotsziga nisbatan kengaytiradi; u nafaqat ibtidoni vujudga keltiruvchi hodisa, balki butun kosmosning asosidir; u olamning bir butun yaxlitligini tashkil etgan unsurlar va qismlarning jo`r bo`lib chiqargan uyg`unlik tarzida tushuniladi. Bu anglash CHjuansizo`da badiiy shaklda ro`y beradi: Koinotni u har bir parchasi alohida ohang chiqaruvchi va birgalikda hamroz kuyni tashkil etuvchi nayga o`xshatadi. CHjuantszo`ning go`zallik haqidagi tasavvuri tabiatga uyg`un va mukammal yaxlitlik tarzidagi munosabat bilan bog`liq: «Osmon va Yer ulug` go`zallikka ega», deydi u. Donishmand asl go`zallik bo`lib tuyuluvchi hodisalarni farqlaydi. Laotszo` izidan borib, CHjuanutszo` san`atni bir odamdan ikkinchi odamga o`tkazib bo`lmaydigan, ya`ni o`rganib bo`lmaydigan oliy hodisa sifatida talqin etadi. San`at o`z ichki niyatiga tabiatdagi o`xshashlikni (aynanlik) ilg`ab olish; «tutib qolish» qobiliyatidir. Niyatning o`zi san`atkor qalbida biror-bir ma`suliyatsiz, hech qanday shakl-u shamoyilsiz tug`iladi, shaklni esa u o`ziga yaqin (qardosh) bo`lgan tabiat bilan uyqashib (xe) ketgan lahzada oladi. Ijodiy jarayon barcha botiniy kuchlarning oliy darajada jamlangan onida vujudga keladigan nogahoniy «bashorat» («karomat») tarzida tushuniladi. Go`zallik haqida «Dao va De» kitobida («Dao de tszin») ham diqqatga sazovor fikrlar bayon etilgan. Jumladan unda shunday deyiladi; «Butun osmonosti go`zallikning go`zal ekanini bilib olganlarida o`sha payt hunuklik ham paydo bo`ladi. qachonki hamma ezgulik ezgulik ekanini bilib olganlarida o`sha payt yovuzlik ham tug`iladi. «Xuaynanьtszo`» («Xuaynanlik faylasuflar») deb atalgan qadimgi Xitoy matni ham nafosatli g`oyalar taraqqiyotini ko`rsatuvchi asar sifatida muhimdir. Asar mualliflari go`zallikni me`yor bilan belgilanishini ta`kidlaydilar. Me`yor bilan belgilangan go`zallik va nuqs bo`lgani uchun ham bu dunyoda yaxlitlik mavjud; «Go`zallik me`yor bilan belgilanadi, nuqs o`zini foydalanish jarayonida namoyon etadi. SHu tufayli to`rt bahri muhit oralig`idagi makon birlashishi mumkin». «Xuaynantszo`»da san`atni uch xil darajasini ko`rsa bo`ladi. Birinchisi, Daoga asoslangan san`at, bu-donishmandlik. U eng yuksak darajadagi narsalar bilan bog`liq; bular yaxlitlik, yo`qlik, dao, olam (kosmos). Bunday san`atning maqsadi «oliy uyg`unlikka» (toy xe) erishish va oxir-oqibatda tabiat bilan barobar darajada narsalar ijod qilish. Ikkinchi darajadagi san`at, hisob-kitobga, ya`ni me`yorga asoslanadi. Bu-»boshqarish» (odamlarnimi, narsalarnimi-baribir) san`ati. Uchinchi xil san`at esa tushunchamizdagi hunarga to`g`ri keladi; u yuzaki mohirlik oqibati bo`lmish tashqi bezak sifatida talqin etiladi. Xuaynanlik faylasuflar yuqoridagi san`at xillarining, ayniqsa, ikkinchisiga alohida e`tibor qiladilar va shu munosabat bilan nafosatli muammolarni yangicha talqin etadilar. Bu xil san`at darajasi haqida fikr yuritar ekan, ular «o`rinlilikka», «joyizlilikka» (i, byan ь , shi). Bu tushuncha mualliflarning go`zallik haqidagi tasavvurlari bilan mustahkam bog`liq. «Yuzdagi kulgichlar go`zal, — deyiladi risolada, — agar ular manglayda bo`lsa-xunuk; kiyimdagi kashta-go`zal, qalpoqdagisi esa- xunuk» O`rinlilik o`z vaqtidalik tarzida ham talqin etiladi. San`at «lahzaga munosabatdan» (in shi) «vaqtga ergashishdan» (inь shi) tashkil topadi. Mualliflar san`at texnika bilan, mahorat qurolini egallash bilan bog`liqligini alohida ta`kidlaydilar, san`at va uning vositasini qat`iy farqlaydilar. Mahorat umuman olganda, daochilar fikriga ko`ra, botiniy ma`naviy ma`noni moddiy shakl orqali ifodalash qobiliyatidan iborat. Ayni paytda faqat «shakl deb atalgan xojani bo`ysindirmay turib», birgina tashqi shaklga shunchaki taqlid qilish odamlarda istehzo uyg`otadi. Har bir san`at asari ruh bilan sug`orilgani va u orqali san`atkor qalbi tilga kirgani uchun go`zaldir. Ana shu ruh mazmundan holi bo`lgan shakl o`likdir, o`likning esa go`zal bo`lishi mumkin emas. Daochilar uchun ibtido nuqtasi olam (kosmos) bo`lsa, Konfutsiy (miloddan avvalgi 551-479 yillar) va uning izdoshlari nafosatli munosabatlarini ijtimoiy- siyosiy qarashlardan kelib chiqib shakllantiradilar. Konfutsiy «jo`mard o`g`lon» tushunchasini kiritadi. Jo`mard o`g`il eng avvalo axloqiy va fuqarolik burchlarini chin dildan namunali bajaruvchi jamiyatning ideal a`zosi. Jo`mard o`g`lon tarbiyasining asosini Konfutsiy uch narsada-»qo`shiq», «udum» va «musiqa»da ko`radi. Demak, donishmand nuqtai nazaridan tarbiya nafosatli asosda olib borilishi lozim. Qo`shiq va musiqada Konfutsiy hammadan avval ezgu fikrlilikni qadrlaydi. Qo`shiqchilar haqida, «ularning fikrida kufr yo`q», deydi. Musiqa to`g`risida ham shunaqa fikrlar bildiradi. Van`van musiqasini «go`zal va ezgu» deb ataydi. Hamma narsada, xususan, musiqa va qo`shiqda u mo``tadillikni yoqlaydi. «Go`zal» (mey) atamasi Konfutsiy tomonidan «ezgu» (shan ь ) so`zining sinonimi tarzida qo`llaniladi. Umuman olganda Konfutsiy va uning izdoshlari Mentszo` va Syunьtszo` singari faylasuflarning nafosatli ideali go`zallik, ezgulik va manfaatlilikning omuxtaligidan iboratdir. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Qadimgi Xitoy estetikasi o`rta asrlarga kelib na faqat Xitoyning yuksak pog`onaga ko`tarilgan, balki Yaponiya, Quriya, Vьetnam kabi mintaqalarning nafosatshunosligiga ham asos bo`ldi. Qadimgi yunon mumtoz falsafasi haqida gap ketganda shu paytgacha e`lon qilangan adabiyotlarda uni go`yo Yunonistonda o`z-o`zidan paydo bo`lib qolgan aqliy yuksaklik, ya`ni, yunonlarning (ovro`paliklarning) boshqa irqlarga nisbatan buyukligidan dalolat beruvchi hodisa sifatida talqin etiladi. Lekin, aslida qadimgi Yunoniston fani va madaniyati Eron, Bobilon, qadimgi Misr va qadimgi Hindiston singari Sharq mamlakatlari erishgan yutuqlardan foydalanib, shu darajaga ko`tarilgan. Qadimgi Sharq yunonlar uchun ulkan maktab vazifasini o`tagan. Chunonchi, Fales, Pifagor, Demokrit, Heraklit, Suqrot, Aflotun singari allomalar ana shu maktab ta`limotidan bahramand bo`lib, buyuklikka erishganlar. Buning isbotini deyarli barcha qadimgi manbalarda, xususan, yunonlardan qolgan falsafiy, adabiy, tarixiy manbalarda ko`rish mumkin. Qadimgi yunon mumtoz nafosatshunosligi deganda biz, asosan, uch buyuk siymoni nazarda tutamiz. Bular-Suqrot, Aflotun va Arastu. Suqrot (miloddan avvalgi 469-399 yillar) jahon falsafasida birinchi bo`lib antropologik yondoshuvga asos solgan mutafakkir, ungacha falsafaga faqat kosmologik yondoshuv hukmron edi. U diqqatni kosmos-fazoga emas, balki insonga qaratdi, insonni amaliy xatti-harakati, axloqiyligi nuqtai nazaridan o`rganishga kirishdi. Suqrot axloqshunoslik va nafosatshunoslikning, axloq va go`zallikning uzviy aloqasini ta`kidlab ko`rsatadi. Uning ideali-ma`nan va jisman go`zal inson. U insonni san`atning asosiy obьekti sifatida olib qaraydi, san`atning nafosatli va axloqiy me`zonlari masalasini o`rtaga tashlaydi hamda shular orqali ijodiy jarayonni ochib berishga urinadi. San`at Suqrotning fikriga ko`ra, taqlid orqali hayotni in`ikos ettirishdir. Lekin bunday taqlid aslo nusxa ko`chirish emas. Haykaltarosh Porrasiy bilan suhbatida mutafakkir san`atkor insonni, tabiatni, voqelikni umumlashtirish orqali qaytadan jonlantiradi. Haykal ham, ya`ni, tosh ham, boshqa san`at turlaridagi kabi «qalbning holatini», insonning ruhiy- ma`naviy qiyofasini aks ettirishi kerak. Axloqiy idealargina in`kor etilishga loyiq. Qadimgi Yunon nafosatshunosligida Aflotunning (milodgacha 427-347) qarashlari diqqatga sazovordir. Uning nafosat borasidagi fikr-mulohazalari asosan «Ion», «Fedr», «Bazm», qonunlar», «Davlat» singari asarlarida o`z ifodasini topgan. Aflotun Suqrotdan farqli o`laroq, g`oyalar muammosini o`rtaga tashlaydi. Uning nazdida asl borliq ana shu g`oyalardan iborat. Umumiy tushunchalar qancha bo`lsa, g`oyalar ham shuncha. o`oyalarning o`rni narsalarga nisbatan birlamchi; avvalo g`oyalar, undan keyin narsalar. Atrof-tevarakdagi his etiluvchi narsalar hissiyotdan yuksak turuvchi g`oyalarning in`ikosidir. Aflotunning fikriga ko`ra, asl go`zallik his etilguvchi narsalar dunyosida bo`lmaydi, u g`oyalar olamiga taalluqli. «Davlat» asarida faylasuf Suqrot va Glaukon suhbati asnosida g`or haqidagi mashhur masal-afsonani keltirar ekan, bizga ko`rinib turgan, biz yashayotgan dunyo bor-yo`g`i soyalar o`yini haqiqiy dunyoni ko`rish uchun esa inson ojizlik qiladi. Inson g`or devoriga kishanband qilingan tutqunga o`xshaydi, u faqat haqiqiy borliqning soyasini kuzata oladi, xolos, haqiqiy borliq esa ana shu soya ortida ko`rinmay qolaveradi. Go`zallik ham haqiqiy borliqqa taalluqli. Unga hissiyotlar yordamida yetishish mumkin emas, faqat aql orqaligina uni anglash mumkin; u-o`zgarmas, zamon va makondan tashqarida. Bu o`rinda Aflotunning haqiqiy go`zallik sifatida Xudoni nazarda tutayotganini ilg`ash qiyin emas. Ana shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, Aflotun, san`atkorni o`ziga xos nusxa ko`chiruvchi sifatida talqin etadi; u his etiladigan narsalar olamini aks ettiradi, bu olam esa o`z navbatida, g`oyalarning nusxalaridir. Demak, san`at asari-nusxadan olingan nusxa, taqlidga taqlid soyaning soyasi. SHu bois in`ikosning in`ikosi sifatida san`at, birinchidan, bilish quroli bo`la olmaydi, aksincha, u aldamchi ro`yo, asl olamning mohiyatiga yetib borish yo`lidagi to`siqdir. Ikkinchidin, u axloqqa nisbatan betaraf turadi, hatto axloqning buzilishiga ham sabab bo`lishi mumkin. Uchinchidan, tomoshabinni ma`naviy yuksaklikka emas, balki ruhiy kasallikka olib keladi. Chunki u his etilguvchi narsalar olamini turli vositalar orqali in`ikos ettirar ekan, ko`p hollarda go`zallikka taalluqli bo`lmagan, hunuklik, sharmandalik va behayolikni ham tasvirlaydi. SHu sababli ideal davlatdan san`atning o`rin olishi shart emas. Lekin ma`budlarga alqovlar, mardlik, vatanparvarlik tuyg`ularini uyg`otadigan qo`shiqlar bundan mustasno. Aflotun ilhomning ikki xilini keltiradi, biri, — «tartibga soluvchi», ikkinchisi-»lazzat beruvchi». Birinchisi odamlarning «yaxshilanishiga» xizmat qilsa, ikkinchisi, «yomonlashtiradi». Xo`sh, shuning uchun nima qilish kerak? Faylasuf o`ziga xos tsenzurani taklif etadi; yoshi ellikdan oshgan odamlar orasidan maxsus «baholovchi» kishilarni belgilash lozim, ular davlat miqyosida badiiy ijodni nazorat qilishni doimiy amalga oshirib turadilar. Ideal davlatda kulgili asarlarni (komediyalarni) sahnalashtirish mumkin, faqat ularda rollarni muhojirlar va qullar o`ynashi kerak bo`ladi. Fojiani esa qat`iy tsenzura asosidagina sahnalashtirishga ruxsat beriladi. Aflotun san`atning asl manbaini bilimda emas, ilhomda deb hisoblaydi. Uning nazdida shoir «faqat ilhomlangan va jazavaga tushgan paytida, unda es-hush yo`qolganida ijod qiladi; toki es-hushi joyida ekan, u ijod va karomat qobiliyatidan mahrum». SHoir o`zi anglamagan holda, telbavor, savdoyi bir holatda ijod qiladi. SHu bois san`at qonun-qoidalarini bilishning o`zigina yetarli emas: san`atkor bo`lib tug`ilishi lozim. Qadimgi Yunon nafosatshunosligining yuksak cho`qqisi Arastu (milodgacha 384-322) ijodidir. Uning «xitob» («Ritorika»), «Siyosat», ayniqsa «SHe`riyat san`ati» («Poetika») asarlarida nafosatshunoslik muammolari o`rtaga tashlangan. Arastu go`zallik masalasini o`z tadqiqotlari markaziga qo`yadi. U go`zallikni tartib, mutanosiblik va aniqlikda ko`radi. Go`zallikning nisbatan yuksak ifodasi esa, tirik jonzotlarda, ayniqsa, insonda namoyon bo`ladi. Go`zallikning yana bir belgisi, Arastu fikriga ko`ra, miqdorning cheklanganligi. «Jonsiz narsalar kabi jonli mavjudotlar ham hajman oson ilg`ab olinadigan bo`lishlari kerak, deydi faylasuf- SHunga o`xshash fabula ham oson esda qoladigan cho`ziqlikka ega bo`lishi shart». Go`zallikning eng muhim belgisini esa, Arastu uzviy yaxlitlik deb ataydi. Uning talqiniga ko`ra, yaxlitlik ibtido, markaz va intihodan iborat bo`ladi. Arastugacha go`zallik va ezgulik aynanlashtirilar edi. Arastu esa birinchi bo`lib ularni farqlaydi; ezgulik faqat harakat orqali, go`zallik harakatsiz ham voqe bo`ladi, degan fikrni o`rtaga tashlaydi. Arastuning san`at haqidagi fikrlari ustozi Aflotun qarashlaridan jiddiy farq qiladi. Uning fikriga ko`ra, san`at asari, tabiat asari singari shakl va materiya (modda) birligidan iborat. San`atkor ongida Olamiy Aqlda mavjud bo`lgan narsalardan boshqa biror narsaning mavjud bo`lishi mumkin emas. Zero tabiat va inson faoliyatining manbai Olamiy Aqldagi g`oyalar yig`indisidir. Ular yo «tabiatdagi» jarayon, yoki «san`at» orqali o`zligini namoyon qiladi. San`at tabiat o`z maqsadini amalga oshiradigan shakllardan biri, xolos. Lekin eng yetuk, mukammal shakli. San`at tabiat oxiriga yetkaza olmagan narsani oxiriga yetkazadi. Chunki bunda unga insoniy zehn-idrok ko`maklashadi. San`at tabiatga taqlid qiladi deganida, Arastu, san`at tabiatnig faoliyat usulini in`ikos ettirishini nazarda tutadi. San`at ana shu taqlid natijasida, tabiatga o`xshab organizm yaratadi. Mazkur organizm yaratgan san`atkor faoliyati san`at qonun- qoidalariga bo`ysinadi, u haqiqiy aql-idrokka e`tiqod qilguvchi «ijodiy odatdir». Umuman olib qaraganda, san`atning taqlid obьekti odamlarning xatti-harakati, xatti-harakat bo`lganda ham, shunchaki emas, balki ularning axloqiy tabiati aks etadigan qilmishlaridir. Qisqacha qilib aytganda, nafis san`atning vazifasi insoniy tabiatni ifodalash, ya`ni unga taqlid qilish. Lekin bu taqlid bu in`ikos voqelikdan shunchaki nusxa ko`chirish emas, balki ijodiy yondoshuv asosidagi in`ikosdir. SHu munosabat bilan Arastu she`riyat va tarixan solishtirib, shunday deydi; «SHoirning vazifasi haqiqatan bo`lib o`tgan voqea haqida emas, balki ehtimol yoki zaruriyat yuzasidan ro`y berishi mumkin bo`lgan voqea haqida so`zlashdir. Arastu san`atning bilish tabiati borligini, u bilishning o`ziga xos turi ekanini ta`kidlaydi va bu bilan ustozi aflotunga raddiya bildiradi. Birinchi muallimning fikriga ko`ra, badiiy asar mazmuni aniq-ravshan, aks ettirilgan narsa esa bilib olinishi oson bo`lishi kerak. huddi hayotdagidek, idrok qilinishi lozim. Biroq, badiiy idrok etish uchun nafosatli masofa zarur. Ana shu masofa tufayli badiiy reallik alohida muxtor tarzda, amaliy hayotdagiga aynan bo`lmagan ravishda idrok etiladi. Bunday masofa badiiy til, musiqiy kompozitsiya v. h. vositasida yaratiladi. Boshqacha aytganda, badiiyat olamining o`z zamoni, o`z makoni, o`z tili mavjud. Faqat undagi mantiq haqiqiy hayot mantiqini aks ettiradi. SHu bois badiiy asar inson tomonidan qandaydir yaqin, tanish hodisa sifatida idrok etiladi va masofa tufayli unda mushohada qilish erki saqlanib qoladi. U hayajonlanadi, qalbi ravshan tortadi. Ma`lumki, Pifagor birinchi bo`lib «forig`lanish»-»katarsis» tushunchasini mohiyatan diniy ma`noda qo`llagan edi. Arastu esa uni san`atga nisbatan ishlatadi. Forig`lanish Arastu talqiniga ko`ra, san`at o`z oldiga qo`ygan maqsad, xususan, fojeaning (tragediyaning) maqsadi. U mohiyatan qo`rquv yo achinish tufayli inson qalbini salbiy hissiyotlardan forig`lantiradi. Natijada inson, bir tomondan, taqdir ko`rgiliklariga xotirjam qaray boshlasa, ikkinchi tomondan, baxtsizlik girdobiga tushganlarga o`zida hamdardlik tuyadi. Ya`ni, san`at insonni olijanoblashtirish, yaxshilash xususiyatiga ega Masalan, sizdan oshnangiz tez kunda qaytib beraman deb qarz oldi-yu, lekin bir oy bo`lsa ham qaytargani yo`q. Siz g`azabdasiz. Oshnangizni endi bir boplab sharmanda qilmoqchi bo`lib yuribsiz. SHu orada teatrga tushdingiz. «Qirol Lir» spektakli ketayotgan ekan. Lirning fojiasi, otasini joni dilidan sevgan Kordeliyaning fojeasi-bo`g`ib o`ldirilgan go`zal qiz egilgan, lekin sinmagan haqiqat, adolat sizni larzaga soladi. Sizda pokizalik, halollik, timsoli bo`lmish bu odamlar qismatiga achinish, ularga hamdardlik hissi uyg`onadi, odatiy turmushning ikir-chikirlari, tashvishlari sizga sahnadagi buyuk insonlar jasorati va fojiasi oldida juda mayda ko`rinadi; qarz olgan oshnangiz haqidagi o`ylaringiz e`tiborsiz bir narsa bo`lib tuyuladi, kechagi xayollaringizdan o`zingiz uyalasiz, qisqasi siz san`at asarini idrok etganinigizdan so`ng mayda hislardan forig`lanasiz, ma`naviy jihatdan kechagiga qaraganda bir bosh yuksakka ko`tarilasiz. Arastu aytgan katarsis-forig`lanish mana shu. San`at ana shu forig`lanish vositasida insonni tarbiyalaydi. SHunday qilib, antik davr nafosatshunosligining yuksak nuqtasi sifatida Arastu ijodi hanuzgacha kishilik tafakkurida o`z ahamiyatini yo`qotgan emas. Qadimgi dunyoning mumtoz nafosatshunosligida qadimgi Rumo mutafakkirlarining ham o`z o`rni bor. Chunonchi Tit Lukretsiy Kar (milodgacha 99-55 yillar), Kvint Horatsiy Flakk (milodgacha 165-8 yillar) qarashlari diqqatga sazovor. Tit Lukretsiy Kar o`zining «Narsalarning tabiati» asarida san`atning kelib chiqishini tabiatga taqlid deb izohlaydi. Ya`ni, san`at insonlarning real ehtiyojlaridan kelib chiqqan. Uning nazdida san`at faqat lazzat, orom bermaydi, balki, foydalilik xususiyatiga ham ega: u Chunonchi, narsalarning tabiati haqida bilim beradi. Qadimgi Rumo shoiri Horatsiy esa nafosatshunoslik borasidagi o`z qarashlarini «Pizonlarga maktub» yoki keyinchalik «SHe`riyat san`ati» deb atalgan asarida bayon etadi. U ham Lukretsiy Kar asari kabi she`riy shaklda yozilgan. U me`yoriy tabiatga ega. SHoir uchun u izchillik, yaxlitlik, birlik, qamrovlilik kerakligini ta`kidlaydi. Asarda mazmun hal qiluvchi ahamiyatga molik deb hisoblanadi. Horatsiy shoirdan, avvalo, falsafiy bilim egasi bo`lishni, ikkinchidan samimiyatni talab qiladi. Bundan tashqari Horatsiy she`riyatning xil va turlariga ta`rif beradi, asosiy diqqatni bunda u fojeaga (tragediyaga qaratadi. Rangtasvirni she`riyat bilan ko`p jihatdan o`xshashligini alohida ta`kidlab o`tadi. Har qanday nomutanosiblikni, uyg`unlikning buzilishini, soxtalikni qoralaydi. Qadimgi Rumo nafosatshunosligi, muayyan yutuqlariga qaramay, Arastu darajasidan yuqori ko`tarila olmadi, ko`proq qadimgi Yunon mutafakkirlariga taqlidiy yondoshuvdan nariga o`ta olmadi. Umuman olganda, qadimgi dunyo nafosatshunosligi, xususan, uning mumtoz davri keyingi davrlar nafosatli tafakkur taraqqiyotiga katta ta`sir ko`rsatdi va bu ta`sirni hozir ham ma`lum ma`noda his qilish mumkin. O`rta asrlar mutafakkirlarining estetik ta`limotlari Antik dunyo mumtoz estetikasi yo`nalishlari va g`oyalarini o`rta asrlar Musulmon Sharqi mutafakkirlari davom ettirdilar. Ular qadimgi Yunon faylasuflari va olimlari asarlarini sharhladilar, tanqidiy o`rgandilar, tarjima qildilar. Arastuni esa ular “Birinchi muallim” deb atadilar. Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn O`zluq ibn Tarxon Forobiy (873- 950). Arastudan keyingi ustoz “Muallimi soniy”- “Ikkinchi muallim” nomini olgan buyuk faylasuf. Uning qarashlarida ezgulik bilan go`zallik ma`lum ma`noda aynanlashtiradi, biri ikkinchisida yashovchi hodisalar sifatida talqin etadi. SHuning uchun uning asarlari “Go`zal xatti- harakatlar”, “Go`zal qilmishlar” degan iboralarni uchratish mumkin. Go`zallikka yetishishni u falsafa tufayli ro`y beradi, deb hisoblaydi. Har bir narsa hodisaning go`zalligi uning o`z borlig`ini to`la namoyon etishi va mukammallikka erishuvi bilan bog`liq. Alloma faylasuf insonda ikki xil go`zallikni farqlaydi-ichki va tashqi. U ichki go`zallikni yuqori qo`yadi va bu “Boyning boyligini bezab, kambag`alning kambag`alligini yashiradigan ”go`zallikni “adab”deb ataydi. Bunday go`zallik yuksak axloqiy xatti-harakatlar va insoniy komillikda o`zini namoyon etadi. Tashqi go`zallikka kelganda, faylasuf tabiiy go`zallikni har qanday bezanish, yasanishlardan yuqori qo`yadi. Abu Homid Muhammad ibn Muhammad al-G`azzoliy (1058- 1111), O`rta asrlar musulmon Sharqi nafosatshunosligida mashshoiyyo`nlik yo`nalishi bilan birga tasavvufiy yo`nalish ham vujudga keldi. Uning buyuk vakili tasavvuf falsafasi asoschisi tengi kam ilohiyotchi Imom G`zzoliydir.Uning “Ihlo ulum ad din” (‘Din haqidagi ilmlarning tirilishi”) va “Kimyoi saodat” asarlarida estetikaga keng o`rin berilgan. G`azzoliy zohiriy va botiniy go`zallik xususida fikr yuritar ekan, tug`ma nafosat tuyg`usining mavjudligi haqidagi g`oyani go`daklar va hayvonlarning ham nafosat tuyg`usiga egaligi bilan isbotlashga intiladi. Go`zallikni idrok etish tuyg`usining tug`maligi, tabiiyligi va uni anglab yetish orqali his qilish borasida hozir ham baxsli qarashlarning mavjudligi G`azzoliy o`rtaga tashlagan estetika muammolari hanuz dolzarb ekanini tasdiqlaydi. XII asrga kelib, Markaziy Osiyo mintaqasi hamma sohada yuksaklikka erishgan edi. Afsuski, mug`ul bosqini Turkiston, Movoraunnahr, Rum, Xuroson singari gullab-yashnab turgan o`lkalarni vayron qildi. Ilm-fan, madaniyat tanazulga yuz burdi, ne-ne shaharlar yer yuzidan izsiz yo`qoldi, musulmon Sharqi zulmat ichida qoldi. Faqat tarix sahnasiga Amir Temur chiqqanidan keyingina Uyg`onish boshlandi. Sohibqiron bobomiz yurtidan oqilona siyosat butun mintaqa va`naviy yuksalishga olib keldi. SHu bois Temur va temuriylar davri ilm-fan va san`atning oltin davri hisoblanadi. Bu davr nafosatshunosligida buyuk o`zbek shoiri Alisher Navoiyning o`rni o`ziga xos. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy (1441-1501) Alloma o`z asarlarida ichki va tashqi g`o`zallik g`oyasini ilgari suradi. Allomaning” Hamsa” sidagi bosh qahramonlar ana shunday komil g`o`zallik egalari. Umuman, Navoiy ham, boshqa ko`pgina Sharq mutafakkirlari kabi insoniy go`zallikni ichki go`zallikda, xulqiy go`zallikda ko`radi. “Majolis un-nafolis”, “Me`zon ul-avzon” asarlarida Navoiy ana shu mohiyatan muqaddas bo`lgan so`zdan foydalanish san`ati haqida fikr yuritadi. “Me`zon ul-avzon” aruz nazariyasi sifatida diqqatga sazovor bo`lsa, “Me`zon ul- avzon” tengi kam tazkira sifatida estetikaga aloqadordir. Ayni paytda, tazkirada din, shakl va mazmun singari estetika muammolari ham o`z aksini topgan. Chunonchi, tazkiraning temuriy shahzoda shoirlarga bag`ishlangan yettinchi majlisida Amir Temur didi haqida fikr yuritar ekan, shunday deydi: ”…agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqeda o`qubdurlarkim, aningdek bir bayt o`qug`onni ming yaxshi bayt aytgancha bor.” Bu parchadagi andak mubolag`adan qat`i nazar, Navoiy shoirona, estetik did tom ma`nodagi estetikidrok egasi bo`lishini, to`g`ri kelgan gapni vaznga solib, she`r deb taqdim etuvchi ba`zi nazmbozlardan yuqori qo`yganin fahmlab olish qiyin emas. Buyuk Navoiyning fikriga ko`ra, badiiy asar faqat go`zallikni kuylashi bilangina cheklanishi kerak emas, balki o`zi ham shaklan go`zal bo`lishi lozim. Lekin, shuni ham aytish kerakki, Temuriylar davri estetikasida nafosat ilminimg Forobiy yoki G`azzoliy darajasidagi nazariy yaxlitligi ko`zga tashlanmaydi. Bu davr nafosatshunosligining o`ziga xos xususiyati shunda ediki, unda har bir san`at turi alohida-alohida tadqiq etildi, risolalar ko`proq aruz nazariyasi va musiqa san`ati tahliliga bag`ishlanadi. Biroq, shunga qaramay, Temur va Temuriylar davri estetikasi keyingi davrlar uchun ma`lum ma`noda namuna bo`lib xizmat qiladi. O`rta asrlar Budda mutafakkirlarining estetik qarashlari. O`rta asrlar Budda Sharqi nafosatshunosligida Xitoy va Yaponiya mutafakkirlarining qarashlari diqqatga sazovor. Van Vey ( 699-701-759-761). Xitoyda VI asrdan boshlab buddachilikning chan mazhabi keng yoyildi. CHan (yaponchasi dzen) O`rta asrlar Xitoy san`atiga katta ta`sir ko`rsatdi. CHan – buddachilik san`atining dastlabki namoyandalaridan biri shoir, rassom va nafosatshunos Van Veydir. U va uning davrasi ijod jarayonini ziyolanishga, nurlanishga o`xshatadilar va san`atning vazifasini insonni poklash, forig`lash, qutqarishdan iborat deb biladilar. Chan aql bilan mulohaza yuritishdan ko`ra, bir lahzalik nogahoniy nurafshonlikni, ratsional o`rganishdan ko`ra, mushohada va mediatsiyani ma`qul ko`radi. CHan- buddachilik nuqtayi nazaridan fikrni so`z bilan ifodalash mumkin emas, butun haqiqat esa ana shu haqiqat jarayonini o`zida mujassamlashgan. So`zdan ko`ra- sukunat, chizmadan ko`ra- oppoq bo`shliq, rang- baranglikdan ko`ra -qora tush muhim. “Rassom uchun oddiy tush hammasidan afzal, u tabiatni ochib beradi”, - deb boshlanadi, Van Veyning “Rangtasvir sirlari “risolasi. Tan Syanszu (1550-1616). O`rta asrlardagi Xitoyda teatr estetikasi alohida mavqega ega. Bu paytga kelib, teatrga professional yondashuv to`liq g`alaba qozongan edi. Mashhur dramaturg, nafosatshunos va adabiy tanqidchi Tan Syanszu o`zining adabiy ijod tamoyilini shunday ifodalaydi: “Har bir adabiy asarda to`rt unsur muhim. Bular: ( goya, mazmun), syuy (qiziqtirish, o`ziga tortish), shen (ilohiylik, ilhom); se (rang, go`zallik). Mana shu to`rt hodisa tayyor bo`lganda latif so`zlar va chiroyli tovushlar topish mumkin bo`ladi. U teatrning ahamiyatini, uning nafosat tarbiyasidagi rolini alohida ta`kidlaydi. Uning obrazli fikrlashi bo`yicha teatrda ko`r yayragisi, kar eshitgisi, gung hayratdan xo`rsingisi,cho`loq o`rnidan turgisi keladi. Hissiyotdan mahrum kishining, hislari uyg`onadi, ovozsiz odam ovozini topadi, sukut hayqiriqqa, hayqiriq sukutga aylanadi. Pandavaqi- nazokat sohibi, to`pos - ma`naviyat egasi bo`lib qayta tug`iladi. Teatr, Shuningdek, shoh bilan amaldorlar, ota bilan farzandlar orasida samimiy mehribonlikka yo`g`rilgan munosabat uyg`otadi. Lyu Yuy (1611- 1679). Teatr san`atining forig`lantirish xususiyati haqida yana bir nafosatshunoslik teatr nazariyarchisi Lyu Yuy ajoyib fikrlar bildiradi. U o`zining “Bekorchining tasodifiy qaydlari” risolasida kulgililik mezoniy tushunchasiga o`ziga xos yondashadi. Uning nazdida kulgi kishidagi har qanday niqobni ochib tashlaydi, uni ich-ichidan qiynayotgan narsadan, salbiy ehtiroslar va ishga solinmagan quvvatning ortiqchligidan ozod qiladi. Inson kulishi barobarida o`zidagi kechmish bilan xo`shlashadi, yangilanadi va qalban yosharadi. SHu bois kulgi inson qalbi va jismining tabibi, fojiadagi forig`lanishiga nisbatan yoqimli hamda yengil forig`lanish, inson zoti hayotini davom ettirishning oson vositasi. O`rta asrlar tarixida umumjahoniy dinlarning vujudga kelishi va mustahkamlanishi bilan muhim o`rin egallaydi. Insoniyatning nisbatan afkor qismi bu davrda tavhidni anglab yetdi. Natijada jahonning juda katta qismida-Osiyo, Ovro`pa va Afrikada uch din hukmronlik mavqeini egalladi. Arabiston, Eron va Turon mintaqalarida musulmonlik, hindi-xitoy mintaqasida buddhachilik, Ovro`pada nasroniylik umumjahoniy dinlar sifatida maydonga chiqdi. Ma`lumki, har bir diniy e`tiqod da`vatsiz, targ`ibot tashviqotsiz keng omma orasiga kirib borolmaydi. Faqat muqaddas kitoblar va ibodatxonalar orqaligina ko`zlangan maqsadga erishishi qiyin. SHu bois da`vatning yanada kengroq, boshqa ma`naviy hodisalar ko`magida olib borishni tabiiy zarurat sifatida yuzaga chiqdi. Ana shunday vosita vazifasini o`tash uchun din san`atni tanladi. Zero san`at ifoda shakllari ichida bir varakayiga rang-baranglik, mukammallik va jonlilik xususiyatlariga ega. SHunday qilib, umumjahoniy dinlar san`at bilan hamkorlik qila boshladi. Ana shu hamkorlik mahsuli bo`lgan asarlarni biz diniy-badiiy asar deymiz. Diniy-badiiy asarda ramz alohida o`ringa ega. Ramzning o`ziga xos xususiyati shundaki, u o`z mazmuniga emas, butunlay boshqa mazmunni anglatadigan shakl, o`z mohiyatini emas, butunlay boshqa mohiyatni ifodalaydigan hodisa, qisqasi, butunlay boshqa botinni ifodolovchi zohirdir. SHu bois ham u sirli, yashirin hodisa: uni muayyan bilimga ega bo`lmay turib anglash mumkin emas. Chunonchi, nur, olov Allohning mohiyati, doimiy yorug`lik sochuvchi va shu bilan mavjudotga jon baxsh etuvchi abadiy hamda mutlaq ziyoning ramzi. Yoki nasroniylar havoriylari boshidagi nurli gardish (nimba) ularning avliyoligini, Xudoga yaqinligini anglatadi. Yoki birinchi ma`ruzada aytib o`tganimiz musulmon me`morchiligidagi gumbaz-Xudo jamolining, go`zalligining, mikora-Xudo qudratining, peshtoqlardagi oyatlar-Xudo sifatining ramzi ekanini eslaylik. Buddhachilikda g`ildirak yoki olovli doira Buddha ta`limotining ba`zan esa Buddhaning o`zini anglatadi. Ideal muammosi ham diniy-badiiy janrda o`ziga xos tarzda talqin etiladi. Umuman olganda, idealni ma`lum ma`noda, antiqa holat-paradoks deyish mumkin: Unda bor narsa yo`q narsani mezoni bilan o`lchanadi, ya`ni mavjud narsaga yoki hadisni o`sha paytda mavjud bo`lmagan narsa yoki voqelik talablari bilan yondoshiladi. Masalan, axloqiy idealni olaylik. U, shubhasiz, insonni kelajakda erishilishi lozim bo`lgan axloqiy yuksaklikka, ya`ni, olg`a chorlaydi. Lekin uning uchun o`tmishdagi, ya`ni ortdagi axloqiy qiyofa xizmat qiladi. Buning ustiga diniy- badiiy ideal hayotiy idealdan keskin farq qiladi-u hech qachon o`zgarmaydi: hech qachon biz uchun-Muhammad alayhisalomdan, nasroniylar uchun-hazrati Isodan, yahudiylar uchun-hazrati Musodan o`zga ikkinchi payg`ambar paydo bo`lmaydi. Hayotiy ideal esa, o`zimiz hayotimiz davomida shohid bo`lganimizdek, vaqt mafkura, davlat tuzumi, milliy ozodlikni yo`qotish yoki unga erishish va shu singari omillar tufayli o`zgarib turadi. Barcha diniy-badiiy asarlar muayyan qat`iy qonunlar asosida yaratiladi. Qonunlar yillar yoki asrlar mobaynida ishlab chiqilgan mustahkam, ya`ni qonunlashtirilgan tizimga asoslanadi. So`z san`atidagi diniy-badiiy qonunni avliyolar hayotiga bag`ishlangan qissalar, dostonlarda ko`rish mumkin. Ularda bo`lajak avliyo yoshligida boshqa bolalardan ajralib turadi, o`yin-kulgilarga qo`shilavermaydi, kattarganida Allohga suyukli banda bo`lib, mo``jizalar ko`rsatadi va umrining oxirida noqis, kaltabin ulamolar yoki hukmdorlar tomonidan qatl etiladi. Masalan, «SHoh Mashrab qissasi»ni olaylik: avliyo-go`dak ona qornida gapirib yuboradi, maktabga borganida, hammani hayratda qoldirib, ilohiy she`r o`qib, darsxonadan chiqib ketadi, keyinchalik olisdagi teri murshidining o`limi unga ayon bo`ladi va mo``jiza ko`rsatib, tezda yetib keladi hamda terining imonini shayton changalida qutqarib qoladi. Umri esa- qatl qilinish bilan nihoya topadi. Nasroniylarning «Avliyolar hayoti» («Jitie svyato`x») turkumidagi qissalari ham shunday qonun asosida yaratilgan. Diniy-badiiy qonun me`morchilikda ham yaqqol ko`zga tashlanadi. Masalan, yirik masjid-jomening tashqi va ichki ko`rinishiga e`tibor qilaylik: kiraverishdagi peshtoqda Kalomullodan oyatlar, bir yonda mezona-minora, tomda gumbaz, hovlida tahorat uchun hovuz, ichkarida diniy va dunyoviy rahbarlarga atalgan maxsus joy maqsura, fatvolar o`qiladigan, va`z aytiladigan minbar, qibla tomonda mehrob va hokazo. Bularsiz jome-masjidni tasavvur qilish qiyin. Yoki nasroniylar cherkovida mehrob (yaltar ь ), devor-ishoratlarda Bibi Maryam, Iso alayhissalomni tasvirlari, gumbazlar, qo`ng`iroqxona singari unsurlar albatta bo`lishi kerak. Ma`lumki, diniy marosimlarda fotiha o`qilganda, ayniqsa ibodat paytida inson qalbida forig`lanish, tozarish ro`y beradi. Inson kundalik tashvishlar, g`azab, gina singari maydakashlikdan forig` bo`ladi, ularning o`rnini ilohiy orzular, ezgu-amallar qilish fikri egallaydi. Diniy-baliiy asarni nafosatli idrok etish jarayonida ham xuddi shunday holat ro`y beradi. Lekin bu forig`lanish ibodat jarayonidagiga nisbatan ancha uzoq davom qiladi; diniy-badiiy asarni ta`siri hatto bir necha kunga cho`zilishi mumkin. Diniy forig`lanishni qalbda tutib turish uchun esa ibodat har kuni takrorlanadi. Buning sababi shundaki ibodat faqat ruhiy holatning o`zi, san`at esa, ya`ni badiiy yoki diniy-badiiy asar ruhiy holat bilan moddiylikning omuxtaliligiga ruh va vujud baholigidir. SHu bois u insonga yaqinroq, zero inson ham ruh va vujud birligidan tashkil topgan. Barcha umumjahoniy dinlar, yuqorida aytganimizdek, san`at bilan aloqador. SHu sababli ba`zi bir aqidaparastlarning islom dini san`at bilan sig`ishmaydi, degan gaplari butunlay noto`g`ri. Zero, Qur`oni karimning o`zi har jihatdan mutlaq ilohiy san`atdir. Undagi ohang, qofiyalar, uslub, qissalar hammasi mo`minlar qalbida Allohning buyuk, qudratli va go`zal zot ekaniga ishonch tuyg`usini, Uning go`zalligidan hayratlanish hissini uyg`otadi. Chunonchi, «Yusuf» surasidagi Yusuf alayhissalom qissasi badiiy asar sifatida ham kishini tong qoldiradi. Suraning 3- oyatida Alloh shunday marhamat qiladi: «(Ey Muhammad) Biz Sizga ushbu Qur`on surasini vahiy qilish bilan qissalarning eng go`zalini so`ylab berurmiz». Taniqli islomshunos, Qur`onga sovuq tadqiqotchi nigohi bilan emas, balki ulkan hayajon va ehtirom ila murojaat qilib, uni bosh harflar bilan yoziladigan «Kitob» deb atagan Mixail Borisovich Piotrovskiy Yusuf qissasi haqida so`z yuritar ekan, uni bir umumiy ohangga ega, deyarli bir qofiyadagi yaxlit badiiy asar deb ta`riflaydi; uning boshqa qur`oniy hikoyatlardan farqli o`laroq, tinglovchilarga shakliy-badiiy jihatdan ham lazzat baxsh etishga mo`ljallanganini ta`kidlaydi. Darhaqiqat, Qur`oni karimdagi Yusuf qissasi Allohning o`zi tomonidan so`ylangan ilk islomiy diniy-badiiy asardir, islomiy san`atning ilk va go`zal namunasidir. Demak, san`atning, xususan, so`z san`atining ibtidosi Allohdandir. Shu o`rinda yana bir narsani alohida ta`kidlash joiz. Ba`zi ovro`palik Sharqshunoslar va san`atshunoslar islomiy san`atga jiddiy e`tibor qilmasdan, mensimasdan munosabatda bo`ladilar. Buning asosiy sabablaridan birini, bizningcha, islomiy san`atning mohiyatini, o`ziga xos uslubiy sirlarini tushunib yetmaslikdan, ikkinchisini- ovro`palikdan va uchinchisini islomni nasroniylikka nisbatan quyi darajadagi din deb qarashdan izlamoq lozim. Ularning fikriga ko`ra, go`yoki islomiy diniy-badiiy asarlar chuqur falsafiy mohiyatdan yiroq, olam haqida bir butun, yaxlit tasavvur bera olmaydigan nisbatan mavhum san`at. J. Dyuamelь, X. Gibb, L. Massinьon, A. Myuller, N. Xanikov singari ovro`palik olimlar ana shunday fikr bildiradilar. Xo`sh aslida ham shundaymi? Bu savolga javob berish uchun mavlaviya tariqatining zikriga murojaat qilib ko`raylik. Ma`lumki, bu sulukning zikri o`zining nihoyatda badiiylashtirilgani bilan ajralib turadi: unda ham she`r, ham musiqa, ham qo`shiq, ham teatr san`ati unsurlari mujassam. Alloma, Ye.E. Bertelьs mavlaviya tariqati darveshlari zikri tushadigan asrimiz boshlaridagi Takyani teatrga o`xshash sahnali bino ekanini, unga kirayotganda besh piastrga chipta olish, soyabon, qalin ust- boshlarini topshirish kerakligini aytadi. Nafaqat bino va unga kirish usuli, balki zikrning o`zi ham teatrni eslatadi; tomoshabinlar joylashib bo`lgan zalga to`qqiz, o`n bir yoki o`n uch darvish va ularning ketidan shayx kiradi. Darvishlar bir-biridan ma`lum masofada tashlab qo`yilgan po`staklar ustiga o`tiradilar, uzoq muddat jim qoladilar. Jimlikni shayx buzadi: dastlab fotiha o`qiladi, so`ng nay ohista qayg`uli ohangda yangrab, bemavrid hayotdan ko`z yumgan Shamsiddini Tabriziy haqida nola qiladi. Undan keyin xofiz darvishlik hayotni madh etuvchi g`azalni nayga jo`r tarzda kuylaydi. Qo`shiq ohanglari ostida darvishlar o`rinlaridan turib, mehrobga yaqinlashadilar va Jaloliddin Rumiy nomi bitilgan lavh-taxtaga ta`zim bajo keltirib, zal bo`ylab aylanma harakat boshlaydilar. Musiqa kuchayadi. Tanbur jo`r bo`ladi. Darvishlar moviy yopinchilarini yechib, konus shaklidagi oq ko`ylaklarida qoladilar. Ular birma-bir shayx etagiga yukinib, so`ng qo`llariga yozib, aylana boshlaydilar, oq ko`ylaklar shishib ulkan qo`ng`iroq shaklini oladi; harakatlar qat`iy qonun asosida davom etadi: har bir darvish katta yoki kichik doirada aylanadi. Harakatlar musiqaga mos ravishda tezlashib boradi. Nihoyat, tanbur so`nggi zarbda keskin jaranglaydi va darvishlar yana po`staklar ustiga o`tiradilar. Yana qo`shiq yangraydi: Ko`ngil hayron o`libdir ishq alindin ishq alindin... Jigar biryon o`libdir ish alindin, ishq alindin Yana qo`shiq ohanglar ostida zikr boshlanadi. Albatta bu zikrni oddiy e`tiqodiy manzara, islomiy ibodatning bir jon sifatida mensimasdan kuzatgan odam unda yaxlitlik ko`rmaydi. Lekin kimda-kim unga muayyan bilim va oqilona nigoh bilan qarasa, u albatta yaxlit olamni ilg`ab oladi: o`rtadagi shayx-Allohga bo`lgan muxabbat ramzi, atrofdagi darvishlar esa-o`sha muxabbat o`qi tegrasida aylanayotgan sayyoralar. Inson ham, tashqi dunyo ham- hammasi bir butun olamdan iborat, hammasini Xudoga bo`lgan muhabbat harakatga keltiradi. Bu zikr teatr san`atining ajoyib namunasi sifatida ham e`tiqodiy-falsafiy, ham badiiy-nafosatli yaxlitlikka, teranlikka ega. Shunday qilib, umumjahoniy dinlar vujudga kelgach san`at bilan hamkorlik qila boshladilar, san`atdan vosita sifatida foydalanish barobarida uning ravnaqiga o`ziga xos hissa qo`shdilar, nafosatshunoslik taraqqiyotiga ham katta ta`sir ko`rsatdilar. Qadimgi dunyo mumtoz nafosatshunosligi yo`nalishlari va g`oyalarini O`rta asrlar Musulmon Sharqi mutafakkirlari davom ettirdilar. Ular qadimgi Yunon faylasuflar va olimlari asarlarini sharhladilar, tanqidiy o`rgandilar, tarjima qildilar. Arastuni esa ular «Birinchi muallim» deb atadilar. Shu o`rinda tabiiy savol tug`iladi: nima uchun ajdodlarimiz o`zimizning Sharqqa, deylik, qadimgi hayotga emas, Ovro`paga-yunonlarga murojaat qildilar? Buning asosiy sababi shundaki, musulmonchilik talablariga qadimgi Yunon falsafasi ma`lum darajada javob berar edi. Ma`lumki, musulmonchilikning asosi tavhidda-yakkaxudolikda. Alloh yagona, uning sherigi yo`q va bo`lishi mumkin emas. Qadimgi Yunon mutafakkirlari esa ana shu yo`ldan bordilar. Birinchi bo`lib bu masalani Suqrot o`rtaga tashladi. U o`limga mahkum etilganda unga yunonlar ma`budlarini hurmat qilmaganligi, yoshlarni yo`ldan ozdirganligi (aslida tavhid yo`liga boshlaganligi) ayb qilib qo`yiladi. Suqrotning o`limi oldidagi so`nggi so`zlari ham shuni tasdiqlab turadi, tsikuta ichgach, «Men Uning (ularning emas-A. SH.) yoniga ketyapman», deydi u. Shuningdek, Aflotunning g`oyalar, olamiy ruh, emanatsiya haqidagi fikrlari ham to`g`ridan-to`g`ri yakkaxudolik masalasiga borib taqaladi. Lekin, Suqrot va Aflotun tavhidni falsafiy-nazariy jihatdan alohida isbotlashni o`z oldilariga vazifa qilib qo`ymaydilar, bunga urinmaydilar. Bu ishni Arastu uddaladi. U o`zining mashhur «Metafizika» asarida Xudoning yakkaligi, jismsiz, hech narsa tomonidan harakatga kelmaydigan, aksincha, birinchi harakatga keltiruvchi kuch ekanini nazariy ta`riflab berdi. Uni «Oliy shakl» deb atadi. Arastu talqinida Xudo olam va barcha olamiy jarayonlarning maqsadi hisoblanadi, u Oliy tafakkur, tafakkur haqidagi Tafakkurdir. Aynan mana shuning uchun ham Arastu hakim bizning Sharqda «Birinchi muallim» nomini oldi, uning izdoshlari o`zlarini ustozlariga taqlidan mashshoiyunlar (perepatetchilar) deb atadilar. O`rta asrlar Musulmon Sharqida Arastudan so`ng eng ulug` ustoz sifatida Abu Nasr al Farobiy (873-950) mashhur bo`ldi. U Arastudan keyingi «Ikkinchi muallim» nomini oldi. Forobiyning qarashlarida ezgulik bilan go`zallik ma`lum ma`noda aynanlashtiriladi, biri ikkinchisidan yashovchi hodisalar sifatida talqin etiladi. SHuning uchun uning asarlarida «Go`zal hatti-harakatlar», «Go`zal qilmishlar» degan iboralarni uchratish mumkin. Go`zallikka yetishishni u falsafa tufayli ro`y beradi, deb hisoblaydi. Har bir narsa hodisaning go`zalligi uning o`z borlig`ini to`la namoyon etishi va mukammallikka erishuvi bilan bog`liq. Alloma faylasuf insonda ikki xil go`zallikni farqlaydi-ichki va tashqi. U ichki go`zallikni yuqori qo`yadi va bu «Boyning boyligini bezab, kambag`alning kambag`alligini yashiradigan» go`zallikni «adab» deb ataydi. Bunday go`zallik yuksak axloqiy hatti-harakatlar va insoniy komillikda o`zini namoyon etadi. Tashqi go`zallikka kelganda, faylasuf tabiiy go`zallikni har qanday bezanish, yasanishlardan yuqori qo`yadi. Farobiy sa`atning taqlidiylik hususiyatiga egaligini ta`kidlaydi. Ana shu taqlidiylik idrok ejtuvchida hissiyot va tasavvur uyg`otadi. San`atkor o`z hayolot kuchi, ijodiy qudrati bilan umumiy g`oyalarni yakka qiyofalarda in`ikos ettiradi. U nutqni turlarini mantiqiy nuqtai nazardan tadqiq etar ekan, she`riy nutqni-mutloq yolg`on, sofistik nutqni asosan yolg`on, xitobiy nutqni bir xilda ham yolg`on, ham rost, dialektik nutqni asosan rost, isbotiy (apodiktik) nutqni mutlaq rost deydi. SHe`riy nutqning mutloq yolg`on deb atalishi kishiga dastlab erish tuyuladi. Lekin aslida Farobiy haq. Masalan, Oybekning mana bu ikki satrini olib ko`raylik: Bir o`lkaki, tuprog`ida oltin gullaydi, Bir o`lkaki qishlarida shivirlar bahor... Oddiy mantiq nuqtai nazardan qarasak, haqiqatan ham Oybek yolg`on gapiryapti: oltin- rangli metal, u hech qachon o`simlikka o`xshab gullamaydi, bahor esa odam emas, u- fasl, hech qachon shivirlab gapirmaydi. Farobiy bu o`rinda san`at asari oddiy mantiq ilmi qonun qoidalariga bo`ysunmaydigan o`ziga xos mantiqqa, badiiy mantiqqa ega bo`lishini ta`kidlamoqda. Boshqa bir o`rinda, «SHe`r san`ati» risolasida yuqoridagi fikrlarini davom ettirib, shunday deb yozadi: «... isbotda ilm, tortishuvda ikkilanish, xitobada ishontirish qancha ahamiyatli bo`lsa, she`riyatda ham hayol va tasavvur shunchalik zarur bo`ladi». Farobiy san`atkorning qobiliyati tug`ma bo`lishini alohida ta`kidlab o`tadi: «... shoirlar chindan tug`ma qobiliyatli va she`r bitimga tayyor tabiatli kishilar bo`ladi...» Ayni paytda faylasuf birgina iste`dod bilan yetuk shoir bo`lish mumkin emasligini ham aytib o`tadi. SHu bois «shoirlarning she`r ijod qilish borasidagi ahvoli kamolatga yetishgani va yetishmagani jihatidan turlicha bo`ladi». Arastu izidan borib, muallimi soniy she`riyatni tasviriy san`at bilan qiyoslaydi va har ikkala san`at turi ham mohiyatan bir xil asosga- taqlidga borib taqalishini aytadi». Bu shundayki, — deb yozadi u, — «she`r san`atini bezaydigan narsalar- so`z mulohazalar bo`lsa, rassomlar san`atini bezaydigan narsa bo`yoqlar sanaladi. Bularning ikkovi o`rtasida farq bor, ammo ikkalasi ham odamlar tasavvuri va sezgilarida bor maqsadga- taqlid qilishga yo`nalgan bo`ladi». Farobiy ko`p jildlik «Musiqa haqidagi katta kitob» asarida musiqiy bilimni ijro san`ati bilan bog`liq bo`lgan musiqiy amaliyotga va musiqaning «sof o`zini», ijrochilikka bog`lanmagan holda o`rganadigan nazariyaga ajratadi. Kitobda ohang tazimidagi uyg`unlik, zarb singari hodisalar tahlil etiladi. SHu munosabat bilan nafosatshunos tovushlar bilan emas, balki tovushlar tasavvurini beruvchi raqqoslarning musiqiy g`oyaga bo`ysungan ohangiy harakatini anglatuvchi ritmik mimika- ohangiy harakat tushunchasini kiritadi. Shuningdek, kitobdan Yaqin va O`rta Sharqdan ma`lum bo`lgan musiqiy asboblar, ularni ijro etish yo`llari, usullari haqida, umuman musiqa tarixi to`g`risida atroflicha ma`lumot olish mumkin. Yana bir buyuk qomusiy olim, bobokalonimiz Ibn Sino (980-1037) Farobiy qarashlarini davom ettirib, musiqadan olinadigan lazzat musiqiy uyg`unlikning makonda yoyilishidan, pardalarning navbatma-navbat kelishidan deb biladi. Musiqada gap tovushining o`zida emasligini, balki uni qanday chiqarish muhim ekanini aytadi, ya`ni bizda yoqimli yoki yoqimsiz sezgini tovushning o`zi emas, balki uni paydo qilish usuli uyg`otadi. Musiqaning kelib chiqishini na inson nutqining boyligi bilan bog`laydi: xushomad qilayotganda ovoz pasayadi, mag`rur so`zlayotganda qat`iy jaranglaydi va h. k. Musiqa inson kayfiyatiga taqliddir, deydi Ibn Sino. Shuningdek, alloma go`zallik borasida ham Farobiy izidan boradi. Uning fikriga ko`ra, jismoniy go`zallik bevosita qalb go`zalligi bilan belgilanadi. «Ishq risolasi» asarida muhabbatning asosida go`zallik yotishini «aslida muxabbat go`zallikni ma`qullashdir», degan fikr bilan ifodalaydi. O`rta asrlar nafosatshunosligida Ibn Sinoning «She`r san`ati» asari o`ziga xos o`rin egallaydi. Unda qomusiy alloma, Arastu «Poetika»sini sharhlar ekan, o`ziga xos yangiliklar kiritadi va she`rning keyinchalik mashhur bo`lib ketgan mana bu qoidasini keltiradi: «SHe`r deb obrazli so`zlardan iborat bo`lgan ritmli, bir-biriga muvofiq iboralardan tarkib topgan hamda misralar bir-biriga teng, vaznlari qaytariladigan, oxirgi tovushlari bir-biriga o`xshash satrlarga aytiladi». Uning fikriga ko`ra, she`r taqlidiy fikr natijasi o`laroq uch xil yo`l bilan yuzaga keladi. Birinchisi laqn- uyg`unlik, undan keyin kalom- so`z keladi (bunda albatta timsolli obrazli so`z nazarda tutiladi). Uchinchisi vazn. Mana shu uch yo`lning bir-birga mos kelishi natijasida she`r paydo bo`ladi. Yo`qsa ko`ngildagidek she`r yaratish mumkin emas. Ibn Sino haqiqiy she`riyat bilan nazmiy tizmalarning farqi borasida fikr yuritar ekan, fizika haqida asar yozgan Empedokl o`z kitobini vaznga solganini, lekin Empedokl bilan Homer asarlari o`rtasida vazndan boshqa hech qanday umumiylik yo`q ekanini ta`kidlagan ustozi Arastu qarashlarini to`la quvvatlaydi: «Empedoklning yozganlari, vaznning paydo bo`lishiga qaramay, tabiiy gaplardan iborat bo`lib qolgan xolos. Homerning vaznli gaplari esa she`riy so`zlar tusini olgan. SHuning uchun Empedoklning so`zlari hech qachon she`r bo`lolmaydi», - deydi alloma. Shuningdek, Ibn Sino o`z risolasida, Yunon she`riyati bilan arab she`riyatini solishtirib, she`riyatning vazifasi haqida fikr yuritadi va bu boradagi yunonlardagi ba`zi ustunliklarga ishora qiladi. Uning aytishicha, yunonlar she`riyatda fe`l- atvorga qarab taqlid ishlatishni ko`zlaganlar. Arablar esa, ikki vajdan she`r yozganlar. Bir tomondan, ular she`r orqali odamlar ruhiga ta`sir etmoqchi bo`lganlar. Zero she`r idrok etuvchida hayajonli hissiyot, to`lqinlanish uyg`otishi shubhasizdir. SHe`r yozishning ikkinchi sababi- odamlarning taajubga solish bo`lgan. Arablar har bir narsaga tashbeh ishlataverganlar, ular bu tashbehlari bilan odamlarni hayratga solishni maqsad qilib qo`yganlar. Yunonlar esa she`r vositasida odamlar fe`l-atvoriga ta`sir etishni, yo bo`lmasa, she`r orqali odamlarni o`zlari ko`zlagan hatti-harakatlaridan tiymoqchi bo`lganlar. Bunday nazariy fikrlarni Ibn Sino, eng avvalo, o`z amaliyoti orqali tasdiqlaydi. Allomaning «Salomon va Ibsol», «Hayy ibn Yaqzon», «Yusuf qissasi», «Qush risolasi» singari nasrda yozilgan falsafiy-badiiy va majoziy asarlari bilan birga, bizgacha yetib kelgan she`riy asarlari ham katta ahamiyatga molik. Lekin alloma o`zining o`nga yaqin nazmda tizilgan ilmiy urjuza dostonlarini she`riy asar deb bilgan emas. O`rta asrlar musulmon Sharq nafosatshunosligida mashshoiyyo`nlik yo`nalishi bilan birga tasavvufiy yo`nalish ham vujudga keldi. Uning buyuk vakili tasavvuf falsafasi asoschisi tengi kam ilohiyotchi Imom o`azzoliydir (1058-1111). Uning «Ihyo ulum ad din» («Din haqidagi ilmlarning tirilishi») asarida nafosatshunoslikka keng o`rin berilgan. G`azzoliy nafosat borasidagi qarashlarida o`simlik, hayvon hamda insonning tashqi muhitga munosabatiga, ulardagi nafis did, nafosat hissining bor yo`qligi muammolariga, shaxsning go`zallikka munosabati, uning komil insonga aylanishi, nisbiy va mutlaq go`zallik, ibodat bilan san`atning farqi singari masalalarga to`xtalib o`tadi. G`azzoliy ibodat bilan san`atning farqi xususida so`zlar ekan, zikr va raqsni aralashtirmaslikka, jazaba paytidagi murid harakatlarida o`yin alomatlariga yo`l qo`ymaslikka chaqiradi. SHunday alomatlardan biri tepinish ekanini ta`kidlab: «Bu harakatlar ko`p hollarda ko`ngil ochish va o`yin bilan bog`liq», deydi. U musiqani, o`yin kulgini tilovatga aralashtirmaslikni, qiroatni qo`shiq yoki she`r bilan chalkashtirmaslik lozim ekanligini ta`kidlaydi. Bu borada, ayniqsa, uning Qur`on bilan she`riyatni oyatlar bilan baytlarni taqqoslashi diqqatga sazovordir. Bu taqqoslash na faqat diniy-tasavvufiy, balki nafosatshunoslik nuqtai nazaridan ham biz uchun muhim; u she`rning (qo`shiqning) Qur`on oyatlariga nisbatan oddiy kishini ko`proq junbushga keltirishga qodir ekanini yetti nuqtai nazardan isbotlab beradi. Birinchisi-Qur`onning hamma oyatlari ham tinglovchining o`sha paytdagi ruhiy holatiga to`g`ri kelavermaydi. Masalan, o`z farzandini yo`qotib g`am-anduhga botgan yoki pushaymonlik olovida qovurilayotgan kishiga meros, mahr, taloq haqidagi qoidalar bitilgan oyatlar ta`sir qilmaydi. She`r esa, qalb holatining in`ikosi, u muayyan ruhiy holatning imtihosi sifatida Qur`ondan ta`sirchanroq. Ikkinchisi- oyatlar ilk marta eshitayotgan kishi yuragida kuchli iz qoldiradi, keyingi tinglashlar jarayonida bu iz xiralashib, yo`qolib boradi, Chunki Qur`onni qori o`zgartirib o`qiy olmaydi, she`r esa doimiy originalligi, yangilanib turishi bilan kuchli ta`sirga ega. Uchinchisi-oyatlarga isbatan she`rning ohangi rang-barang. To`rtinchisi-she`r vaznga egaligi bilan ham oyatlarga qaraganda kuchliroq ta`sir ko`rsatadi. Beshinchisi-she`rni musiqa asboblari jo`rligida qo`shiq qilib aytish mumkin, oyatlarni esa bunday qilib bo`lmaydi. Oltinchisi-maddoh (deklomator) tinglovchiga yoqmagan bayt o`rniga boshqasini o`qishi mumkin, oyatlarga esa bu tariqa munosabatda bo`lish mumkin emas. Yettinchisi-inson she`rdan lazzatlanadi, Chunki uning o`zi she`r yarata oladi, yaratilgan narsa yaratilganga o`xshash bo`ladi. Qur`on Allohning so`zi, inson yaratishga qodir bo`lmagan haqiqat, Allohning sifati tarzida yaratilish jarayonini boshidan kechirmagan. SHe`r insonga yaqinroq, zaminiy ekani, hissiyot bayoni bo`lgani uchun ham unga odam Qur`onga nisbatan ko`proq mayl bildiradi. Shunday qilib, o`azzoliy Qur`onni she`riyat bilan solishtirar ekan, masalaga ratsional yondoshadi., Qur`onga nisbatan she`riyatning oddiy insonga yaqinligini inkor etmaydi, balki tasdiqlaydi. Ayni paytda uning bu fikrlari inson tabiatida san`atga intilish borligini, san`atsiz insoniy hayotning bo`lishi mumkin emasligini botinan ta`kidlashi bilan nihoyatda muhim. «Ihyo ulum-din» asarida muallif go`zallik tushunchasiga alohida to`htaladi, manfaatsiz go`zallik, oltinchi sezgi vositasida his etiladigan go`zallik haqida o`ziga hos nazariyalarni o`rtaga tashlaydi. Bularning hammasi muhabbat tushunchasi bilan bog`liq holda tadqiq etiladi. Zero g`azzoliy muhabbatni besh turga bo`ladi. Uning dastlabki uch turi asosan ahloqshunoslikka, so`nggi ikki turi esa nafosatshunoslikka taalluqli. Muhabbatning uchinchi turi haqida yozar ekan, g`azzoliy go`zallikka yondoshuv, nafosat tuyg`usining beg`arazlagi to`g`risida fikr yuritadi. «Uchinchi xil muhabbat, — deydi faylasuf, — biror narsani shu turishicha sevish, uning o`zidan olinadigan zavqdan boshqa zavq olmagan xolda sevishdir. U- o`zining qoimligi bilan poyidor bo`lgan ulkan, haqiqiy muhabbat». U, Chunonchi, go`zallik va yoqimlilikka bo`lgan muhabbat. Axir, go`zallik go`zallikni anglab yetgan odam uchungina muhabbat obьektidir. Go`zallikni anglab yetishning o`zi yoqimli, o`z- o`zicha muhabbat obьekti bo`lishi mumkin. Modomiki, ko`kat va Sharqirab oqayotgan suv, faqat ularni yeyishimiz va ichishimiz mumkinligi uchun emas, balki, bor-yo`g`i ularni ko`rib, zavqlanganimiz sababli, faqat shu sababligina muhabbat obьekti ekan, yuqoridagi fikrni inkor qilish mushkul. Imom g`azzoliy muhabbatning to`rtinchi turi haqida fikr yuritgan chog`ida nisbiy go`zallikka alohida to`htaladi. Faqat o`z kamolotining barcha qirralariga to`liq ega bo`lgan narsanigina u oliy darajadagi go`zallik deb ataydi. Bunday komillikni faylasuf faqat Allohda ko`radi va payg`ambarimiz Muhammad alahissalomning «Allox go`zal va u go`zallikni sevadi» degan so`zlarini keltiradi. SHunday qilib, faylasuf mutlaq go`zallik faqat Allohga taalluqli bo`lishini, boshqa go`zalliklarning hammasi nisbiy ekanini aniq-ravshan bayon etadi. Darhaqiqat, otning peshonasidagi qashqasi otga nisbatangina go`zal, odamning peshonasi qashqa bo`lsa, u hech qanday go`zallikka kirmaydi. Ana shunday nisbiy go`zallik haqida fikr yuritib, faylasuf ko`z bilan ko`rib, qo`l bilan ushlab bo`lmaydigan narsalarda ham go`zallik mavjudligini aytadi. haqiqatan ham, biz «go`zal ovoz» deganimizda, faqat quloq orqali, «yoqimli hid» deginimizda dimoq orqali go`zallikni ajratamiz. Demak, go`zallikni his etishda besh sezgining hammasi baravar ishtirork etishi shart emas. Ayni paytda, Imom g`azzoliy ba`zan go`zallikni besh sezgining birortasi ham ishtirok qilmagan xolda xis etish mumkinligini alohida ta`kidlaydi. Darhaqiqat, agar biz «go`zal hulq», «go`zal hayot» v. h. deganimizda besh sezgining birortasi ham ishtirok etmaydi. Uni biz oltinchi, botiniy sezgi bilan his qilamiz, g`azzoliy aytganidek, ichki ziyo yordamida ko`ramiz. G`azzoliy zohiriy va botiniy go`zallik hususida fikr yuritar ekan, tug`ma nafosat tuyg`usining mavjudligi haqidagi g`oyani go`daklar va hayvonlarning ham nafosat tuyg`usiga egaligi bilan isbotlashga intiladi. Go`zzallikni idrok etish tuyg`usining tug`maligi, tabiiyligi va uni anglab yetish orqali xis qilish borasida hozir ham baxsli qarashlarning mavjudligi g`azzoliy o`rtaga tashlagan nafosatshunoslik muammolari hanuz dolzarb ekanini tasdiqlaydi. XIII asrga kelib, Markaziy Osiyo mintaqasi hamma sohada yuksaklikka erishgan edi. Afsuski, mug`ul bosqini Turkiston, Mavorounnahr, Rum, huroson singari gullab-yashnab turgan o`lkalarni vayron qildi. Ilm-fan, madaniyat tanazzulga yuz burdi, ne-ne shaharlar Yer yuzidan izsiz yo`qoldi, musulmon Sharqi zulmat ichida qoldi. Faqat tarix sahnasiga Amir Temur chiqqanidan keyingina Uyg`onish boshlandi. Sohibqiron bobomiz yuritgan oqilona siyosat butun mintaqada ma`naviy yuksalishga olib keldi. SHu bois Temur va Temuriylar davri ilm-fan va san`atning oltin davri hisoblanadi. Bu davr nafosatshunosligida buyuk o`zbek shoiri Alisher Navoiyning o`rni o`ziga xos. Alisher Navoiy o`z asarlarida ichki va tashqi go`zallik g`oyasini ilgari suradi. Uning «hamsa»sidagi bosh qahramonlar ana shunday komil go`zallik egalari. Umuman, Navoiy ham, boshqa ko`pgina Sharq mutafakkirlari kabi, insoniy go`zallikni ichki go`zallikda, hulqiy go`zallikda ko`radi. Navoiy so`zga alohida e`tibor beradi, uni ko`ngil qutisi ichidagini gavhar deb ataydi, hatto falak jismining joni deydi: Ko`ngul durji ichra guhar so`zdurur, Bashar gulshanida samar so`zdurur. Erur so`z falak jismining joni ham, Bu zulumotning obi hayvoni ham. «Majolis un-nafois», «Me`zon ul-avzon» asarlarida Navoiy ana shu mohiyatan muqaddas bo`lgan so`zdan foydalanish san`ati haqida fikr yuritadi. «Me`zon ul-avzon» aruz nazariyasi sifatida diqqatga sazovor bo`lsa, «Majolis un- nafois» tengi kam tazkira sifatida nafosatshunoslikka aloqadordir. Unda Navoiy 450 nafardan ortiq shoir ijodiga to`htalib o`tadi va ular ijodi uchun xarakterli bo`lgan misollarni keltiradi. Ayni paytda, tazkirada din, shakl va mazmun singari nafosatshunoslik muammolari ham o`z aksini topgan. Chunonchi, tazkiraning temuriy shahzoda shoirlarga bag`ishlangan yetinchi majlisida Amir Temur didi haqida fikr yuritar ekan, shunday deydi». agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqeda o`qubdurlarkim, aningdek bir bayt o`qug`oni ming yaxshi bayt aytgancha bor». Bu parchadagi andak mubolag`adan qat`iy nazar Navoiy shoirona, nafosatli did egasi bo`lishni ba`zi to`g`ri kelgan gapni vaznga solib, she`r deb taqdim etuvchi nazmbozlardan yuqori qo`yganini fahsmlab olish qiyin emas. Buyuk Navoiyning fikriga ko`ra, badiiy asar faqat go`zallikni kuylashi bilangina cheklanishi kerak emas, balki o`zi ham shaklan go`zal bo`lishi lozim. SHaklga ikkinchi darajali, bir qadar ahamiyatsiz hodisa sifatida qarashni qattiq qoralaydi. hatto Atoiydek buyuk shoirning qofiyaga biroz e`tiborsizlik bilan munosabat qilganini ham nazardan qochirmaydi, ochiqchasiga, ammo ehtirom bilan tanqid qilib o`tadi: «Ul sanamkim suv qirog`inda paridek o`lturur, g`oyati nozukligidin suv bila yutsa bo`lur». qofiyasida aybg`inasi bor. Ammo Mavlono ko`p turkona aytur erdi. qofiya ehtiyotig`a muqayyad emas erdi». Temuriylar davri san`atida, u hox miniatyura, hox me`morlik, hox she`riyat bo`lsin, shakliy go`zallikning ajoyib namunalarini uchratish mumkin. SHe`riyatda buni kam so`z ishlatib, ko`p ma`noni anglatishga, qofiyaning bir bo`g`inli so`zdan, radiflarni esa bir necha so`zlardan iborat tarzida vaznga joylashda ko`rsa bo`ladi. Buning mumtoz namunasini, avvalo, Navoiyning o`zidan topish mumkin. Mana bu ruboiyga diqqat qiling: Jondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz, Sondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz. har neniki sevmak ondin ortiq bo`lmas, Ondin seni ko`p sevarmen ey umri aziz. Yoki ikkinchi bir buyuk o`zbek shoiri, «Muhtasar» nomli aruz vazniga bag`ishlangan mukammal nazariy risola muallifi, temuriyzoda Zahiriddin Boburning mana bu ruboiysini olaylik: Tuz oh Zahiri Dini Muhammad Bobur, Yuz oh Zahiri Dini Muhammad Bobur. Sarishtai ayshdin ko`ngulni zinhor, Uz oh Zahiri Dini Muhammad Bobur. Temuriylar davri musulmon Sharqida musiqa amaliyoti va musiqa nazariyasiga katta e`tibor berilgan. Fitrat «qari navo» kuyini Navoiy bastalaganini aytadi. Bundan tashqari, musiqaga oid risola bitgan degan fikrni ham bildiradi. Umuman o`sha davrda yozilgan san`at turlariga doir risola va tazkiralarni o`nlab emas, yuzlab sanash mumkin. Tasviriy san`at o`zining Sharqona ko`rinishi- miniatyura janrida yuksak darajaga ko`tarldi. hirotda «Nigoriston» miniatyura maktabi vujudga keldi. Uning yetakchi rassomi Kamoliddin Behzod Sharq Rafaeli nomini oldi. Navoiy zamonasida barcha hirot ahli kasbi-koridan qat`iy nazar biror san`at turidan habardor edi. Nafis majlislarda yangi asar muhokamasi nihoyatda nozik didlilik bilan o`tgan. Zayniddin Vosifiy o`zining «Badoe` ul-vaqoe`» asarida ana shunday nafis majlislardan birini keltiradi. Unda Behzod chizgan Alisher Navoiy suratining muhokamasi tasvirlanadi. Muhokamada Navoiy portreti fondagi bog`, qushlar-hammasining tabiiy chiqqanligi, surat ulkan iste`dod mahsuli ekani o`sha davrga xos nafokat bilan aytiladi. Mana, o`sha majlisning tasviri: SHunday bir hodisa mashhurki, ustoz Behzod (Suvrat chizilgan) sahifani buyuk Amir Alisherning firdavsmonand, osmon ziynatli majlisiga keltirdi. Suvratda tasvirlanishicha, orasta bog`cha-u turli-tuman daraxtlar bilan qoplangan va daraxt shoxlarida xushsuvrat turli-tuman qushlar, har tarafda ariqchalar shildirab oqib yotibdi. Ochilgan zangori gul tuplari va uning orasida Mir (Alisher) ning yoqimli xushsurati. U asosga tayangan holda turibdi. Yonida sochqi (odatini ijro etmoq uchun) zar to`la taboqlarni qo`ygan. hazrati Mir ul suratni mushohada va mulohaza qildi... Mir (Alisher) ning ustozi va huroson ahlining mashhur kishilaridan bo`lgan Mavlono Fasihiddin bunday deydi: — Mahdumlar! Ko`z oldimdagi bu ochilgan ra`no gullarni qo`l cho`zib uzsam-u, dastorimga sanchisam?! Mir (Alisher) ning do`sti, ulfati sohib Doro bo`lsa: — Menda ham shunday istak bor edi. Ammo qo`l cho`zsam, daraxtlar ustidagi qushlar ho`rkib uchib ketmasin, deb andisha qildim, — deydi. hurosonning xushta`b ahlidan va peshvolaridan bo`lgan, Mir (Alisher) bilan doimo hazil mutoyiba qilib yuradigan Mavlono Burhon: — Men mulohaza bilan qo`limni tortib, tilimni tiymoqchiman: agar so`z qotsam, mabodo hazrati Mir (Alisher) arazlaydilar va yuzlarini burushtirib qoshlarini chimiradilar, — deydi. Nozik tabiatli va Mir (Alisher) unga «Latifatarosh» deb laqabqo`ygan xurosonlik xushomadgo`y (kishshilardan) Mavlon Badaxshiy bo`lsa: — Ey, Mavloni Burhon, agar beodoblik va gustohlik bo`lmaganda, suratdagi Mir (Alisher) ning qo`llaridagi asoni olib boshingga solar edim, — deydi. hazrati Mir (Alisher) suhbatni yakunlab: — Azizlar yaxshi so`zlar aytishdi va ma`no durlarini (juda) ma`qul sochishdi. Agar Mavlono Burhon o`sha noma`qul ishni ravo ko`rmaganlarida va dag`allik qilmaganlarida, men (suratda tasvirlangan) taboqlardagi oltinlarni boshlaridan somoqchi edim, — deydi. SHundan so`ng Alisher Behzodga egar-jabduqli ot va munosib to`n, majlis ahlining har biriga (esa) hashamatli libos in`om qiladi. Lekin, shuni ham aytish kerakki, Temuriylar davri nafosatshunosligida nafosat ilmining Farobiy yoki g`azzoliy darajasidagi yaxlitligi ko`zga tashlanmaydi. Bu davr nafosatshunosligining o`ziga xos xususiyati shunda ediki, unda har bir san`at turi alohida-alohida tadqiq etildi, risolalar ko`proq aruz ilmi va musiqa san`ati tahliliga bag`ishlanadi. Biroq, shunga qaramay, Temur va Temuriylar davri nafosatshunosligi keyingi davrlar uchun ma`lum ma`noda namuna bo`lib xizmat qildi: O`rta asrlar Buddha Sharqi nafosatshunosligida Xitoy va Yaponiya mutafakkirlarining qarashlari diqqati sazovor. Xitoyda, bu davrga kelib, badiiyatning darajalarini belgilaydigan bir necha nafosatshunoslik tasniflari ishlab chiqildi. Ulardan biri- bosqichli tasnif hozir ham o`z ahamiyatini yo`qotgani yo`q. Bu to`rt bosqichkomillikning to`rt darajasini; u mohiyatan inson takomilining to`rt davriga to`g`ri keladi: 1texnika borasidagi mahorat; 2. bilim; 3. donishmandlik; 4. ma`naviy uyg`onish. Eng quyi daraja, birinchisi, nen-pins atalib, unda san`atkor uslub qoidalari va o`quvga ega bo`lib, hunarmand sifatida ish ko`radi. Bu darajaning eng yuksak yutug`i go`zallikning yoqimli shakliga erishish. Ikkinchi daraja- myao-pin, unda san`atkor mahorat egasi sifatida namoyon bo`ladi; o`z san`ati haqidagi bilimlarni egallab, endilikda qobiliyatini ifodaning individual kuchi bilan birlashtirishga o`tadi. Uchinchi daraja- shen-pen ь , unda san`atkor «Osmon va yer oralig`idagi barcha mavjdlikning tabiatini anglab yetadi; uning asari buyuk iste`dod tomonidan yaratilgan ilohiy bunyodkorlik. To`rtinchisi- i-pen, unda san`atkor daho sifatida o`zini ko`rsatadi. Uning mahoratini ta`riflash qiyin, asarlari tabiatning o`zi qadar tabiiy, zo`rakilikdan yiroq; u hech kim anglamagan narsani anglaydi, hech kim ko`rmagan narsani ko`radi. Takomilning bu bosqichi karomat va avliyolikka qiyoslangan. Mazkur tasnif, garchand, rassomlik san`atini nazarda tutgan bo`lsada, uni hech bir ikkilanishsiz barcha san`at turlari uchun qo`llash mumkin. Xitoyda VI asrdan boshlab buddhachilikning chand mazhabi keng yoyildi. Chan (yaponchasi dzen) O`rta asrlar Xitoy san`atiga katta ta`sir ko`rsatdi. Chan buddhachilik san`atining dastlabki namoyondalaridan biri shoir, rassom va nafosatshunos Van Veydir (699|701-759|761). Van Vey va uning davrasi ijod jarayonining ziyolanishga, nurlanishga o`xshatadilar va san`atning vazifasini insonni poklashap, forig`lash, qutqarishdan iborat deb bilganlar. Chan aql bilan mulohaza yuritishdan ko`ra- bir lahzalik nogahoniy nurafshonlikni, ratsional o`rganishdan ko`ra-mushohada va meditatsiyani ma`qul ko`radi. CHan` buddhachilik nuqtai nazaridan fikrni so`z bilan ifodalash mumkin emas, butun haqiqat esa ana shu haqiqat lahzasini o`zida mujassamlashgan. So`zdan ko`ra sukunat, chizmadan ko`ra oq bo`shliq, rang-baranglikdan ko`ra-qora tushь muhim. «Rassom uchun oddiy tushь hammasidan afzal, u tabiatning tabiatini ochib beradi, »- deb boshlanadi. Van Veyning «Rangtasvir sirlari» risolasi. Chan shoiri o`quvchini hamkorlikka chaqiradi. SHe`riy tasvirlar ustida to`xtalib, o`z qalbining qa`riga qarash kerak va unda «Suv», «qamish», «Tog`lar», «Kimsasiz kechuv», «qush», «Tund shaharcha» singari xasis so`z-harflarining aks- sadosini tinglash lozim. Hquvchi oldidagi vazifa oson emas: uning o`zi bir vaqt ichida ham shoir, ham rassom bo`lib, ichki nigoh-fahm bilan so`zlarni jonli, dinamik voqelikka aylantirish shart. Suv shildirab og`qishi, qamish silkinishi, shaharcha tomlari uzra tutun burqsishi kerak. Ya`ni, shoir boshlagan ishni o`quvchi so`ngiga yetkazishi lozim. Ana o`shandagina jajjigina she`rning ulkan ma`nosi yuz ochadi. O`rta asrlardagi Xitoyda teatr nafosatshunosligi alohida mavqega ega. Bu paytga kelib, teatrda professional yondoshuv to`liq g`alaba qozongan edi. Mashhur drammaturg, nafosatshunos va va adabiy tanqidchi Tan Syanьtszu (1550-1616) o`zining adabiy ijod tamoyilini shunday ifodalaydi: «har bir adabiy asarda to`rt unsur muhim-i (g`oya, mazmun), tsyuy (qiziqtirish, o`ziga tortish), shen` (ilohiylik, ilhom); se (rang, go`zallik). Mana shu to`rt hodisa tayyor bo`lganda latif so`zlar va chiroyli tovushlar topish mumkin bo`ladi. Teatrning ahamiyatini, uning nafosat tarbiyasidagi rolini alohida ta`kidlaydi. Uning obrazli fikrlashi bo`yicha teatrda ko`r-yayragisi, kar-eshitgisi, gung-hayratdan xo`rsingisi, cho`loq o`rnidan turgisi keladi. Kimki hissiyotdan mahrum bo`lsa, hislari uyg`onadi, ovozsiz odam ovozga ega bo`ladi, sukut hayqiriqqa aylanadi, hayqiriq sukut bo`lib evriladi, pandavaqi- nazokat sohibi, to`pos-ma`naviyat egasi bo`lib qayta tiriladi. Teatr, Shuningdek, shoh bilan amaldorlar, ota bilan farzandlar orasida samimiy mehribonlikka yo`g`rilgan munosabat uyg`otadi. Teatr san`atining forig`lantirish hususiyati haqida yana bir teatr nazariyotchisi Lyu Yuy (1611-1679) ajoyib fikrlar bildiradi. U o`zining «Bekorchining tasodifiy qaydlari» risolasida kulgililik mezoniy tushunchasiga o`ziga xos yondoshadi. Uning fikriga ko`ra, kulgi kishidagi har qanday niqobni ochib tashlaydi, uni ich- ichidan qiynayotgan narsadan, salbiy ehtiroslar va ishga solinmagan quvvatning ortiqchaligidan ozod qiladi. Inson kulishi barobarida o`zidagi kechmish bilan xo`shlashadi, yangilanadi va qalban yosharadi. SHu bois kulgi inson qalbi va jismining tabibi, fojiadagi forig`lanishiga nisbatan yoqimli hamda hamda yengil forig`lanish, inson zoti hayotini davom ettirishning oson vositasi. Li Yuy dramadagi yumor asosiy nafosatli mezonini ajratib ko`rsatadi. Uing ta`kidlashicha, yumorning asosiy qimmati hazilning tabiiyligi, emin- erkinligi; aynan shu hususiyatlar hazilni latofat va nazokat (myao) tushunchalari bilan bir qatorga olib chiqadi. hazilda andak dag`allik (su) nafislik (ya) bilan, havoiylik (tsi) zalvorlilik bilan omuhtalashib ketmog`I lozim. Satirani esa nafosatshunos har qanday qilichdan o`tkir qurol deb ta`riflaydi. U bilan insonni qilichdan ko`ra tezroq halok etish mumkin. U sahnada ulkan ta`sir maydoniga ega bo`ladi: odamlarni davolaydi, ularni falokatlardan halos etadi, qisqasi tarbiyalaydi. Li Yuy, shunday qilib, qadimgi Yunon nafosatshunoslaridan farqla o`laroq, fojia emas, balki kulgi orqali forig`lanish hodisasini birinchi o`ringa olib chiqadi. Qadimgi Xitoy nafosatshunosligi asosida yuzaga kelgan O`rta asrlar yapon nafosatshunosligi o`ziga xos milliy yo`nalishdan ketdi. O`rta asrlardagi yapon nafosatshunosligida go`zallik ideali bir necha obraz-tushunchalarda o`z aksini topgan. Bular; «mono-no avare»-narsalarning qayg`uli maftunkorligi, «yugen»- yashirin go`zallik, «sabi»-tanholik qayg`usining go`zalligi. Monon-no avare dastlab qalb qa`ridan otilib chiqqan ihtiyorsiz hayrat tarzida vujudga kelgan. Masalan; «Ah, qanday go`zal gul! Xare! » degan jumladagi hayratni anglatuvchi ikki so`z «Ah va Xare» keyinchalik «avare»ga aylangan. «Avare» vositasida «mono»ning moxiyatiga yetib borilgan. «Mono» esa — narsa yoki hodisa, lekin qiyofamiz narsaning mohiyati, «Mono-no avare» narsalarning mangu ibtidosiga qalb intilishi, ularning sirg`aluvchan ma`nosini ilg`ab olish demak. U tabiat va insonning o`zaro bog`liqligiga, o`zaro shartlanishiga, barcha mavjudlikning taqdir qonuniga ichki bo`ysunishiga nogahoniy erishuvidan iborat. O`rta asrlar yapon she`riyatida tashqaridan qaraganda bir-biridan juda uzoq bo`lgan narsalar orasida bog`liqlik topishga, olamning yashirin birligi majmuini ko`ra bilishga intilish ana shundan kelib chiqadi. Go`zallikni anglab yetishda eng muhim o`rinni «yugen» tushunchasi egalaydi. Yugen-bu, yashirin, sirli, qora, qa`rdagi go`zallik. U asli xitoycha so`z bo`lib, ikki qismdan iborat: «yu»-qora-qa`r», «gen»-qorong`ulik, zulmat ma`nolarini anglatadi. U zulmatni yorib chiquvchi ziyo: zulmatni inkor etmaydi, lekin zulmatni ichdan yorib chiqish orqali faqat o`sha zulmatning o`zida mavjud. qisqasi, yugen- qorong`ulik qamrab ololmaydigan nur. Yugen nafosatshunoslik tushunchasi sifatida Xeyyan davri (IX-XII asrlar) she`riyat nazariyasida qo`llanilgan. Hsha davr sherlaridan biri Akara Komonaga yugentay-yugen ruhidagi uslubni shunday ta`riflaydi: «Bu so`zda o`zini kashf etolmaydigan hissiyotning aks-sadosi, dunyoga kelmagankayfiyatning sharpasi». Xullas, Xeyyan davri oirlarida yugen tushunchasi teran ichki tuyg`u va qayg`u bilan yo`g`rilgan degan umumiy ma`noni anglashgan. O`rta asrlar yapon teatr san`atida Noo teatri alohida o`rin tutadi. Noo spektakllari «alo tuyg`uni» uyg`otuvchi «a`lo vazifani» bajarishlari kerak edi. Unda hamdardlik, dahshat, shavq-hammasi go`zallikdan lazzatlanishni alohida his etish barobarida hal etiladi. Bu go`zallik o`zida ko`rinishdan xunuklikni, dahshatni mujassam etishi mumkin; ular Noo teatrida o`zlarining aksi bulmish go`zallikka aylanadilar. Buning uchun har bir sahna obrazida go`zal bo`la olishning imkonini yashirin topa bilish lozim. Bunday mo`jiza faqat yuksak san`atga xos. Noo teatrining eng muhim vazifasi-sirli olamiy qudrat bo`lishi yugen muhitidagi ijodiy tasavvur yordamida, mistik tajribalar va amaliy mahorat orqali kirib borish hamda yugenga namoyon bo`lish va tinchlanish xususiyatin baxsh etish; undan keyin yugen ishtirok qilgan mukammal sahnaviy ijod vositasida moddiylashgan go`zallikni kosmosga-falakka qaytarish. Buni boshqacharoq qilib tushuntirsak quyidagicha bo`ladi: 1) Falakdagi go`zallikni ilg`ab olish va unga kirib borish; 2) Bu oxirigacha ilg`ab va ifodalab bo`lmaydigan mistik go`zallikni teatr san`ati qiyofalariga (obrazlariga) tadbiq etish; 3) uni sahna asaridan nurlangan go`zallik sifatida falakka qaytarish. (Spektaklь ibodat kabi, ma`budlar ko`nglini yumshatadi.) Shu o`rinda yapon budhachiligidagi dzen mazhabi haqida to`htalib o`tish joiz. Dzenь (chan ь ) XII asr ohirlarida Xitoydan kirib keldi va keng tarqaldi. Dzen ta`limotiga ko`ra, har qanday san`at, agar u hodisalarning, moddiy dunyoning, ma`naviy mohiyatiga erishishi uchun ko`maklashsa, u mangu haqiqat tomon o`tadigan ko`prikdir. Dzen nafosatshunosligi badiiy ijodda shaxs va obьekt orasidagi aloqani ushlab turish uchungina yetarli bo`lgan eng kam so`z, eng kam ifoda vositalariga asoslanadi. Dzen-buddhachilik ta`siri ostida butunlay yangi san`at turi-tosh bog`lar san`ati vujudga keldi. Tosh bog`larning asosiy g`oyasi bog`-mikrokosm kompozitsiyasi orqali cheksiz olam hissini berish va insonning o`zligiga sho`ng`ib ketishi uchun sharoit yaratishdir. har bir tosh bog` ikki asosiy unsurga ega, ular-suv va tosh. Suv tabiiy yoki qumdan iborat ramziy suv bo`lishi mumkin. Tosh doim tabiiy tarzda qo`llaniladi. toshlarni joylashtirish san`ati-sutensi bog`dagi san`atkor ishining asosiysi hisoblanadi. Tosh shakliga, rangiga, salmog`iga qarab tanlanadi. San`atkorning vazifasi har bir toshning plastik imkoniyatini ilg`ab, ularni boricha ifodaliroq qilib guruhlashtirishdan iborat. Yapon tosh bog`lar san`atining o`ziga xosligi shundaki, siz qaysi tomondan qaramang butun bog`ni nigohan qamrab ololmaysiz, qaysidir qismida latofat nazardan qolib ketadi. Bunday san`atning kamyob namunalarini kiotodagi Riyoandzi va Daysenin tosh bog`larida ko`rish mumkin. Yaponlar-davlat ramzi sifatida xrizantema gulini tanlagan, o`z qalbi tabiatini gullagan olcha timsolida ko`radigan halq. Yaponiya alohida gulchilik, guldastalar tizimi san`ati-ikebana san`ati bilan ham mashhur. Ikebana-sirlarga to`la yurak va qo`llarning nozik harakatlari san`ati. Bunda muhimi-gullarning ko`pligi, o`simliklarning turli-tumanligi emas, balki harbir gulning o`zigaxosligi, ko`rinishining takrorlanmasligi, rangi, shaklidadir. har bir gulda, yaproqda, ko`katda ma`no va ifoda, tabiatdagi va obamlardagi go`zallikka ramziy tarzda anglatuvchi o`z tili bo`lishi kerak. Xuddi sukunat va ohista, mayin musiqa ohangidek insonni o`rab turgan gullardagi ranglar majmui asab torlarini taranglashganini yumshatishi lozim. O`rta asrlarda va hozir ham Yaponiyada choy taomili paytida choyxona tokchasida ham to`la ochilib turmagan birgina gul turadi. Gul fasllarga monand tanlanadi. Gulga monand guldonlar qo`llaniladi. Yaponiyada chinni guldonlar orasida XV-XII asrlarga oid iga deb atalganlari alohida qimmatli hisoblanadi. Igaga suv sepsa u xuddi harakatga kelgandek, jonlangandek buladi. Ikebana san`atining mumtoz ustasi Ikenobo Sen-O (XV) gulni tushunishida yangilik kiritdi: siniq guldonda ham, qurib qolgan butoqdagi gul ham qalbda nurafshonlik uyg`otadi. qadimgilar gullarni joylashtirish orqali oliy donishmandlikka erishganlar. CHoy taomili nafosatshunosligi ham yaponlarning tom ma`noda nafosat farzandlari ekanini anglatadi. «Tyado»-»choy yo`li», «busido»-»Samuray yo`li»ga qarama qarshi o`laroq, atrof-olam bilan uyg`un yaxlitlikka erishish yo`li. qadimdan yaponlar choy taomili o`tkaziladigan sharoitga katta e`tibor berganlar. Nim qorong`u uncha katta bo`lmagan xona. Unda bezakni eslatuvchi hech narsa yo`q. CHoy taomili ashyolari qadimiyat hissini ufurib turadi. Tokchada, boya aytganimizdek, qadimiy guldonda ikebana-birgina dona gulsafsar yoki boshqa tan gul. Ana shu inja soddalik, nafis did kambag`allik, bevosita tashqaridan «kirib turgan» atrof-tabiat bilan birga uyg`unlashib ketgan, «vabisabi» («odatiyliknining qayg`uli kafforati») deb ataladigan nafosat muhitini yaratadi. CHoyxona ostonasidan hatlab kirgan odam, shunday qilib, turmush tashvishlari loyqalatmagan ibtidoga qaytgandek bo`ladi, zamon va makondan mustaqil, erkin bir holatni his etadi. Dzen san`atini, umuman, nafosatshunoslik mohiyatiri donishmand shoir Myoening (1173-1232) quyidagi tonka-besh misra she`ridan ilg`ab olish mumkin: Oh, qanday nurafshon, nurafshon Oh, qanday nurafshon, nurafshon, nurafshon Ox, qanday nurafshon, nurafshon Oh, qanday nurafshon, nurafshon, nurafshon hilol! She`r to`lqinlangan hayajondan bir ovozga qurilgan; «Men hilolga tikilib, hilolga aylanaman. Men tikilayotgan hilol menga aylanadi. Men tabiatga singiyman, u bilan birikib ketaman». Umuman olib qaraganda, O`rta asrlar Sharq nafosatshunosligi o`zining go`zallikka bo`lgan Sharqona munosabati bilan, nazokatliligi bilan katta ahamiyat kasb etadi. hozir ham u o`z ahamiyatini yo`qotgan emas. Xulosa: Xulosa qilib shuni ta’kidlash kerakki, har bir inson jamiyatda o’z o’rnini bilishi, o’zini jamiyatning ajralmas qismi deb his qilishi lozim. Zero, bugungi kunning talabi ana shundan iborat. Mazkur talabga javob berish esa insondan har tomonlama tarbiyalanganlikni talab qiladi. Tarbiyaning nafosatli shakli esa mazkur jarayonlarda insonni go’zallik haqidagi tuyg’ularini, tabiatga bo’lgan munosabatini, badiiy adabiyotga qiziqishini, jamiyatga bo’lgan qarashlarini go’zallik va ulug’vorlik asosida tarbiya qilishi bilan diqqatga sazovordir. Milliy ma’naviyatga ta’sir o’tkazuvchi tashqi tahdidlar ayni paytda estetik tarbiya jarayoniga ham sezilarli ta’sir ko’rsatmoqda. Ta’kidlash o’rinliki, estetik niqobi ostida turli xil ko’rinishdagi “sog’lom turmush tarzi targ’ibotchilari”, “ko’ngilochar” va “musaffo tuyg’u” baxsh etuvchi saytlar talaygina. Eng dahshatlisi keyingi paytlarda internet tarmog’i vampirizm estetikasi va uning targ’iboti bilan bog’liq saytlarning ko’payib borayotganligi tashvishlanarli holdir. Bu targ’ibot saytlarni oddiygina qidiruv buyrug’i orqali topish mushkul emas. Bunday tahdidlarga qarshi go’zal qadriyatlarni dunyoga tanitish, xalqimizning boy va betakror estetik dunyosini aks ettiradigan personajlarni yaratish orqali kurashishni zamon talab etmoqdaki, bu yoshlarni ma’naviy jihatdan yuksaltirishda estetik tarbiyaga zaruriyat mavjudligidan dalolat beradi. Bugungi kunda milliy g’oya va milliy mafkura hayotiy ehtiyoj darajasiga ko’tarildi. Shunday ekan, har bir inson jamiyatda o’z o’rnini bilishi, o’zini jamiyatning ajralmas qismi deb his qilishi lozim. Endilikda mafkura dunyosida paydo bo’ladigan bo’shliq pirovardida jamiyat, inson va mamlakat uchun naqadar katta xavf solishini anglamoqdamiz. Tarbiyaning nafosatli shakli esa mazkur jarayonlarda yosh avlodni go’zallik haqidagi tuyg’ularini, tabiatga bo’lgan munosabatini, badiiy adabiyotga qiziqishini, jamiyat ma’naviy rivojidagi yangicha qarashlarni go’zallik va ulug’vorlik asosida tarbiyalashdek dolzarb vazifani amalga oshirishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Adabiyotlar: 1. Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. -T.: O‘zbekiston, 2016. -53 b. 2. Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan quramiz. -T.: O’zbekiston, 2017. -484 b. 3. Mirziyoyev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash- yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. -T.: 2017. - 28 b. 4. Mirziyoyev Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlariga Murojaati.// Xalq so‘zi -2017 yil 22 dekabr. 5. Mirziyoyev Sh . M . Tanqidiy tahlil , qat ’ iy tartib intizom va shaxsiy javobgarlik - har bir rahbar faoliyatininig kundalik qoidasi bo ‘ lishi kerak . -T.: O ‘ zbekiston , 2017. - 104 b . 6. Mirziyoyev Sh . M . Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz . - Toshkent : - O ’ zbekiston , 2018. -488 b . 7. Mirziyoyev Sh . M . Milliy taraqqiyot yo ’ limizni qat ’ iyat bilan davom ettirib yangi bosqichga kutaramiz . 1-tom. -Toshkent: “O’zbekiston” NMIU, 2018.-592b 8. Karimov I.A. Asarlar to’plami. 1-24 jildlar. -T.: O‘zbekiston, 1996-2016.