logo

Kasb odobi va xizmat ko‘rsatish madaniyati kursining qisqacha mazmuni

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

19.9990234375 KB
Kasb odobi va xizmat ko‘rsatish madaniyati kursining qisqacha mazmuni Reja: 1. «Kasb odobi va xizmat ko‘rsatish madaniyati» o‘quv kursining maqsad va vazifalari 2. Etika. Umumiy tushunchalar 1. «Kasb odobi va xizmat ko‘rsatish madaniyati» o‘quv kursining maqsad va vazifalari Kasb odobi (etikasi) bu insonlarning kasbiy faoliyatidan kelib chiqadigan o‘zaro munosabatlarining axloqiy xarakterini ta’minlaydigan qonuniyatlardan biridir. Kasb odobi – jamiyat tomonidan qabul qilingan axloq qoidalarini kishilarning ixtisoslariga nisbatan amalda tatbiq qiluvchi aniq kasbiy burch, sha’n, or-nomus, qadr-qimmat kabi xatti-harakatlarning majmui, umumiy axloqning kishilar kasb-koridagi o‘ziga xos ko‘rinishidir. Jamiyatda mutlaq, abadiy va o‘zgarmas odob-axloq yo‘q. Odobaxloq tarixan o‘zgaruvchan va nisbiy mustaqillikka ega bo‘lgan ijtimoiy hodisadir. Yillar o‘tishi bilan ishlabchiqarish, fan va texnika rivojlanib, ijtimoiy mehnat taqsimoti yanada chuqurlashadi. Bu jarayonning uzluksiz davom etishi esa o‘z navbatida, har biri muayyan ijtimoiy funksiyani bajaradigan yangidan yangi faoliyat sohalari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ularning sohiblari esa shunga ko‘ra muayyan ijtimoiy burchlarni bajara boshlaganlar. Mazkur burch va majburiyatlar muayyan odob-axloq qoidalari va xulq-atvor normalarida o‘z aksini topadi. Shunday qilib, kasb odobining paydo bo‘lishi uzluksiz mehnat taqsimotining mahsuli, uning axloqiy dasturi, axloqiy bahosi sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi. Jamiyatning har bir kasb-hunarga, ixtisosga beradigan odob-axloq bahosi ikki asosiy omil bilan: birinchidan, mazkur kasb-hunar vakillarining jamiyat rivojlanishi uchun nimalar berishi bilan; ikkinchidan, jamiyatning ma’naviy ta’sir ko‘rsatish ma’nosida ularga nimalar berishi bilan belgilanadi. Ana shu odob-axloq baho omillariga ko‘ra, kasb odobini har bir kasb-hunarning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va vazifalariga qarab bir necha turga ajratish mumkin: ● o‘qituvchilik ixtisosiga qarab – pedagog axloqi; ● tibbiyot ixtisosiga qarab – shifokor axloqi; ● huquqni muhofaza qilish ixtisosiga qarab – yurist axloqi; ● xizmat ko‘rsatish ixtisosligiga qarab – xizmat ko‘rsatish odobi va hokazo. Kasb odobi talablari umumiy bo‘lishiga qaramay ba’zi bir kasbiy faoliyatlarni olib borishda alohida xulq-atvor me’yorlarini ham e’tiborga olish kerak. Masalan, tibbiyot xodimi o‘z amaliyotidagi qiyinchiliklarga qaramay, insonning jismoniy va ma’naviy sog‘lig‘i uchun kurashishi va kerak bo‘lsa bunda o‘zini ham ayamasligi lozim, ya’ni shifokorning qasamyod burchi unga har qanday vaziyatda ham qiyinchiliklarga qaramasdan, ba’zi hollarda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham bemorga yordam berishga undaydi. Huquq vakillaridan kasb odobida sodiqlik, hammaning qonun oldida teng ekanligi tamoyiliga rioya qilishlari talab etiladi. Xizmat ko‘rsatish sohasi vakillaridagi odob-axloq me’yorlari, avvalambor, muomala madaniyati va mijozlarning ehtiyojini qondirishga, diqqat-e’tiborning kuchli bo‘lishiga qaratilgan bo‘ladi. «Kasb odobi va xizmat ko‘rsatish madaniyati» o‘quv kursining maqsad va vazifalari avvalambor xizmat ko‘rsatish xodimlarining kasb odobi umuminsoniy axloq qonunlarini, tamoyillari va me’yorlarini, estetik qadriyatlarini aholiga xizmat ko‘rsatish, muomala qilish hamda ularga axloqiy tarbiya berish, estetik madaniyatini shakllantirish yo‘llarini o‘z ichiga oladi. Odob-axloq me’yorlari axloqiy munosabatlarning tarkibiy qismi va axloqiy ong shakllarida mavjud bo‘ladi. Odob-axloq tamoyillari – umumlashgan axloqiy tushunchalar bo‘lsa, odob- axloq me’yorlari axloqiy tamoyillarga rioya qilish uchun qanday axloqiy xislatlar zarurligini ko‘rsatadi. Xizmat ko‘rsatish xodimlarining kasb axloqi me’yorlariga quyidagilar kiradi: xushmuomalalilik va odoblilik, oddiylik va kamtarlik, halollik va rostgo‘ylik, sobitqadamlik, ochiq ko‘ngilillik, saxiylik va muruvvatlilik, o‘zaro hurmat, do‘stona munosabat, samimiy, sipolik, kattalarni hurmat qilish va boshqalar. Xushmuomalalilik – ko‘ngildagi ardoqli fikrlarni, eng noyob histuygularni, eng ezgu niyatlarni odamlar bilan baham ko‘rish, osoyishtalik, vazminlik, xotirjamlik bilan ish tutishdir. Uning o‘nta belgisi bor. Ular quyidagilar: insof, aql, ilm, oliyjanoblik, ko‘rkam fe’l, yaxshilik, sabr, shukur, muloyimlik. Odoblilik – yaxshi tarbiya ko‘rganlikning namoyon bo‘lishi, xatti-harakatlarda, so‘zlashuvda me’yorni, chegarani, muvofiqlilik va nomuvofiqlikni bilishdir. Odoblilikning asosiy belgisi – o‘zini tuta bilish, hukm chiqarishda shoshilmaslik, kishilarning orqasidan g‘iybat qilmaslik, o‘zgalar fikrini tinglay bilish, shirinso‘zlik hisoblanadi. Halollik har bir insonning o‘z kuchi bilan mehnat qilishi, shuning evaziga topgan mol-mulki, obro‘si, jamiyatda tutgan o‘rni, xulqi ning to‘g‘riligi, so‘zida qat’iylik va sadoqatlilikning majmuasidir. Sobitqadamlik – niyat qilingan ishga jiddiy kirishish va oxiriga yetkazmaguncha undan chekinmaslik, boshlangan ishni oxiriga yetkazishdir. Sabr-qanoat – boshga tushgan qiyinchiliklarni chidam bilan yengishdir. Kamtarlik deb kishining o‘zini tabiiy holda qanday bo‘lsa shundayligicha hamma bilan teng bab-barobar tutishiga aytiladi. Rostgo‘ylik – halollikning bir ko‘rinishi bo‘lib, haqiqatni gapirish, o‘zining ham, o‘zgalarning ham qadr-qimmatini to‘g‘ri baholash, yaxshini yaxshi, yomonni yomon deb ochiqchasiga aytishdir. Shijoat – botirlik, jasorat, dovyuraklik, mardlik degani. Pokizalik – bu tozalik va soflik degani. Tozalik – inson salomatligining garovi. U kasb axloqining me’yori sifatida har bir xodimdan kiyim-kechagining ko‘rinishini, ish joyining pokiza bo‘lishini hamda qalbining pok bo‘lishini, iste’mol qilinadigan taomlariga harom aralashmasligini, halol bo‘lishini talab qiladi. 2. Etika. Umumiy tushunchalar Etika – inson faoliyatining urf-odatlarga mos kelishi yoki mos kelmasligi, xulq-atvor qoidalariga rioya qilishni o‘rgatadi. Insonning axloqiy sifatini tahlil qiladi, ya’ni uning bevosita faoliyatini kuzatadi. Kasbiy etika – har bir kasb-hunarga xos axloqiy norma, prinsip va sifatlarni o‘rganadi va hayotga tatbiq etadi. Kasbiy etika qonun-qoidalari kabinetlarda emas, balki, ish jarayonida shakllanadi. Kasbiy-axloqiy etiket normalarini ishdagi ijodkorlikdan ajratib bo‘lmaydi, ayniqsa pedagogik ish jarayonida. Shuning uchun kasbiy omilkorlik, o‘z ishini yaxshi bilish, qaysi kasbdan qat’i nazar axloqiy normalarning boshlanishidir. Xizmat ko‘rsatish xodimlarining kasb etikasi va etiketi umuminsoniy axloq qonunlari, prinsiplari va normalarini, estetik qadriyatlarini aholiga xizmat ko‘rsatish, muomala qilish hamda ularga axloqiy tarbiya berish, estetik madaniyatini shakllantirish yo‘llarini o‘rganadigan va o‘rgatadigan nazariy- falsafiy fandir. Kasb etikasi (yoki kasbiy axloq) bu odamlarning kasb faoliyatidan kelib chiqadigan o‘zaro munosabatlarining axloqiy xarakterini ta’minlaydigan qonuniyatdir. Bunday qonuniyatlarning kelib chiqishi va rivojlanishi inson axloqiy yo‘nalishlaridan birini aks ettiradi, chunki ular shaxs qadrini va shaxslararo munosabatlarda odamiylikning yuzaga kelishiga yordam beradi. Axloqiy talablar umumiy bo‘lishiga qaramay, ba’zi bir kasbiy faoliyatlarni olib borishida alohida o‘zgacha yondashuv talab etiladi. Xizmat ko‘rsatish sohasidagi xodimlarga, avvalambor, muomala madaniyati, mijozlarning ehtiyojini qondirishga qaratilgan diqqate’tibor alohida rol o‘ynaydi. Xizmat ko‘rsatish sohasidagi xodimlar munosabatlari ularning bilim taktikasi va strategiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Insonga ta’sir o‘tkazish samaradorligining belgilari: Birinchidan – ishonch uyg‘otuvchi inson obrazining yaratilishi. Buning uchun o‘z imidji (qiyofasi) bilan ishlash kerak. Ikkinchidan – muloqot jarayonida mijozning ehtiyojini maksimal darajada o‘rganib borish kerak. Har bir inson qandaydir maqsad bilan muloqotda bo‘ladi. Uchinchidan – mijoz bilan muloqotda bo‘lganda uni qiziqtirgan, u eshitishni xohlagan gaplarni aytish kerak, lekin fikrlarini ifodalaganda aniq axborotlarni berish kerak. Mijozga xizmat ko‘rsatish jarayonida idrok etish asoslaridan foydalanish tavsiya etiladi, ya’ni: audial, vizual, kinestetik. Audial – asosiy ta’sirotni eshitish orqali oladi. Vizual – asosiy ta’sirotni ko‘rish orqali oladi. Kinestetik – asosiy ta’sirotni sezish (his etish) orqali oladi. Xizmat ko‘rsatish sohasidagi xodimlar muloqot davomida mijozning so‘zlaridan, uning qaysi turga mansubligini aniqlab, xizmat ko‘rsatadi. Masalan: Xizmat ko‘rsatish sohasidagi xodim biror-bir dasturli mahsulotni bozorga olib chiqdi. U mijozlar e’tiborini tortdi, lekin bu yetarli emas, ko‘rsatayotgan xizmatida u mijozni nima qiziqtirishi mumkinligini aniqlab olishi kerak: qulaylik, oddiylik, axborot olishning tezligi yoki ma’lumot berishi, rasmiylashtiruv yoki ovozli yangilik eshitishlari muhimligi. Bunda avval kinestetika, keyin vizual, audial ta’sir qilish qoidalaridan foydalanib xizmat ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘ladi, ya’ni mijoz o‘z ehtiyojini qondiradi, servis bo‘yicha mutaxassis ma’lumot berib, tovarni sotadi, ish samaradorligi oshadi. Bugungi kunda mijozga xizmat ko‘rsatish jarayonida ularning temperament, psixogeometrik xususiyatlariga qarab, xizmat ko‘rsatish taktikasi, texnologiyalari tanlanadi. Mijoz bilan samarali aloqa o‘rnatish uchun, xizmat ko‘rsatish sohasidagi xodim o‘zining xulqini unga moslashtirishi kerak. Hammamiz mijoz sifatida kichik do‘kon yoki supermarket, qimmatbaho restoran yoki kichik kafe, kinoteatr yoki sartaroshxona larga kirib turamiz. Ba’zilariga tez-tez kiramiz, ba’zilariga esa umuman kirmay o‘tib ketamiz. Nimaga? Axir mollar har birida deyarli bir xil-ku? Chunki biz xizmat qiluvchi shaxsning qanday munosabatda bo‘lishini, nozik bir tarzda sezib turamiz. Bir joyda savdo xodimi kulib turib muomala qilsa, boshqa joyda uning qo‘pollik bilan javob berishining guvohi bo‘lamiz. G‘arb tadbirkorlarining muvaffaqiyatlari quyidagi formulaga asoslangan: TADBIRKORNING MUVAFFAQIYATI = = MUVAFFAQIYAT + KASBIY MAHORAT + VIJDON Vijdon haqida gapirilganda, xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimi quyidagi axloqiy qadriyatlarga ega bo‘lishi lozim: ● to‘g‘rilik, nazokat, vazminlik; ● xushmuomalalilik, xushfe’llik; ● iltifot; ● g‘amxo‘rlik; ● rostgo‘ylik, to‘g‘rilik va hokazo. Bu axloqiy qadriyatlar nimalarni anglatadi? To‘g‘rilik – odamlar bilan odob-axloq asosiga qurilgan munosabatni, xushfe’llikni, har qanday vaziyatda o‘zini tuta bilishni anglatadi. Muomalada iltifot bu o‘z sha’nini saqlab qolmoq demakdir. Vazminlik deganda, insonni o‘zining xulqi va xatti-harakatlari orqali birovning sha’ni va obro‘siga putur yetkazmaslik, boshqalarning ahvolini tushunish, birovning xarakter xususiyatlarini e’tiborga olish, shaxsning psixologik va milliy alomatlari, ruhiy holati, har bir kishiga nisbatan mavjud vaziyatlardan kelib chiqqan holda munosabat shakllarini va yondashuvini to‘g‘ri tanlay olishini tushunamiz. Xizmat doirasida ham, shaxsiy munosabatlarda ham vazminlik, nazokat, savol berishda javob qaytarish, maslahat berib tanbeh berish, ko‘rsatma berib ijro etishda o‘z aksini topadi. Aks holda suhbatdoshning xafa bo‘lishi, norizolik kuzatilishi mumkin. Vazminlik, xushfe’llik o‘zgalar fikrini hurmat qilish, ularga nisbatan sabr- toqatli bo‘lishni anglatadi. Insonlar bilan to‘g‘ri bosiqlik bilan muomalada bo‘lish ularning bir-birini yaxshi tushuni shlariga va ular orasida to‘g‘ri munosabatlarning shakllanishiga olib keladi. Vazminlik, xushfe’llik barcha xizmat ko‘rsatish soha xodimlari uchun zarurdir, chunki bu soha xodimlari mehnat jarayoni davomida turli odamlar bilan har xil munosabatga kirishadi. Xushmuomalalilik xulq-atvorning kundalik xususiyati bo‘lib, odamlarga hurmat xushmuomalalik qilishni anglatuvchi axloqiy qadriyatdir. Xushmuomalalilik – bu xulq madaniyatining elementar talabi, odamlar bilan mehr-oqibat asosida qurilgan muloqotning sharti, har qanday kishiga, agar u yordamga muhtoj bo‘lsa, yordam qo‘lini cho‘zish, nazokat doirasida ko‘zga tashlanadigan xislatdir. Kamtarlik yutuqlarini pesh qilmaslik, manmanlikdan xoli bo‘lish, vazminlikni bildiradigan sifatdir. Shu bilan birga o‘ta kamtarlik ham manmanlikka kiradi. Kamtar bo‘lish o‘ziga, fe’l-atvoriga talabchan bo‘lib, o‘ziga tanqidiy nazar bilan qarash demakdir. Kamtarin odam hech qachon o‘z hunarlarini boshqalarnikidan ustun qilib ko‘rsatishga intilmaydi. Kamtarlik – tortinchoqlik degani emas. Tortinchoq odam o‘zini yetarli darajada baholay olmaydi. Bunday odamlarni teztez maqtab turish ularga dadillik beradi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Bu va boshqa axloqiy sifatlar odamlar bilan bo‘lgan munosabatlaringizning axloqiy xarakterini shakllantirishi va ish joyingizdagi xatti-harakatlaringizni aniqlab berishi lozim. Kasbiy etikaning asosiy maqsadi shundan iborat.