logo

Shayboniylar davlati va huquqi O‘zbek xonliklarining davlat tuzumi va huquqi

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

93.5 KB
Shayboniylar davlati va huquqi O‘zbek xonliklarining davlat tuzumi va huquqi Reja: 1. Shayboniylar davlati tuzumi 2. Ashtarxoniylar davlati. 3. Mustaqil o‘zbek xonliklarining vujudga kelishi va ularning davlat tuzumi 4. Xiva xonligi. 5. Qo‘qon xonligi. Shayboniylar davlati tuzumi Temuriylar va Oltin O‘rda davlatida feodal tarqoqlik, o‘zaro nizo va janglar oqibatida XV asrning 20-yillarida Dashti Qipchoqning sharqiy hududlarida, ya’ni Oltin O‘rdaning Oq O‘rda qismida Volga bo‘ylaridan to Sirdaryo shimoligacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga olgan ko‘chmanchi o‘zbeklar davlati tashkil topadi. XV asr o‘rtalariga kelib o‘zbeklar davlati hozirgi Qozog‘iston va janubiy- g‘arbiy Sibirning juda katta hududlarini o‘z ichiga olgan. Xususan, ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatining chegaralari shimoldan Turkiyagacha, janubdan Xorazmning g‘arbiy qismi bilan Orol dengizi va Sirdaryoning quyi oqimigacha yetib borgan. Sharqiy chegara esa Sabron (Savron)dan o‘tgan. G‘arbdan Topol va Yoyiq (Urol) daryolari chegara bo‘lgan. Bu davlat Qozog‘iston, G‘arbiy Sibirning ko‘p qismi va Xorazmning janubiy- g‘arbiy hududlarini o‘z ichiga olgan. Unga Volga daryosining o‘ng qirg‘og‘idan (Buyuk Bulg‘ordan) to Darbandgacha bo‘lgan yerlar ham bo‘ysungan. Ushbu davlatning asoschisi temuriylar saltanatiga barham bergan Muhammad Shayboniyxonning (1450–1510-y.) bobosi Abulxayrxon (1428/29–1468/69-y.) hisoblanadi. Mazkur davlat 40 yildan ziyodroq vaqt hukm surgan. Temuriy shahzodalarning o‘zaro taxt talashishi davrida Abulxayrxon tez orada Movarounnahr ijtimoiy-siyosiy hayotida hal qiluvchi o‘rin egallaydi. Chunonchi, Shayboniylar sulolasi vakillari Oltin O‘rda namoyandalari sifatida Movarounnahrni sobiq Chig‘atoy ulusining tarkibi deya, unga o‘z da’volarini haqli hisoblaydilar. Abulxayrxonning nevarasi Muhammad Shayboniyxon tomonidan 1499–1510-yillar oralig‘ida Temuriylar mulki to‘la egallanadi. Yangi davlatning poytaxti dastlab Samarqand deb topildi. XVI asrning 60- yillarida Buxoro ma’muriy-siyosiy markaz mavqeini oladi. XVI asrda Rossiyada «Buxariya», «Velikaya Buxariya», Sharqiy Turkiston esa «Kichik Buxoro» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Ko‘chmanchi o‘zbeklar davlati tashkil topishi bilan bu hudud huquqiy tizimida yangi o‘zgarishlar joriy qilinishiga ehtiyoj tug‘ildi. Chingizxon va Temur davrida qo‘shinda joriy qilingan harbiy tartibqoidalar saqlanib qoldi. Shayboniyxon hokimiyatni mustahkamlab olgach, bir qator islohotlar o‘tkazdi. Bular yer-suv va pul islohotlaridir. Shayboniyxon 1505-yilda yirik qonunshunoslarning kengashini chaqirib unda bundan avvalgi o‘n yil ichida soliqlarning og‘irligidan, amaldorlar zulmidan qochib yersuvlarini tashlab ketganlar mulklarining taqdiri muhokama qilindi. Kengash egasiz yer-suv, mulklar podsho tasarrufiga o‘tkazilishi, egalari qaytib kelgach davlat xazinasidan ularning mol-mulklari qaytarib berishi va ushbu mol-mulkdan foydalanganlik uchun tegishli haq to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 1507-yilda pul islohoti o‘tkazilib, mamlakatning barcha yirik shaharlarida vazni bir xil bo‘lgan kumush tangalar, mis chaqalar zarb etilib, muomalaga kiritildi. Abdullaxon I ning qisqa vaqt hukmdorligidan (1539–1540-y.) so‘ng mamlakatda qo‘sh hokimiyatchilik yuzaga keldi. Buxoroda Ubaydulloxon o‘g‘li Abdulaziz (1540–1550-y.), Samarqandda esa Ko‘chkunjixon o‘g‘li Abdulatif (1540–1551-y.) hokimiyatni boshqaradi. Abdullaxon II (1583– 1598-y.) davriga kelib mamlakat yana markazlashtiriladi. Mamlakat poytaxti Buxoroga ko‘chiriladi va shu davrdan boshlab Buxoro xonligi deb atala boshlandi. Pul islohotini o‘tkazilib, bir xildagi oltin va kumush tanga hamda mis chaqa muomalaga kiritiladi. Ichki va tashqi savdo rivojlanadi. O‘zbek davlatchiligining Rossiya bosqinidan oldingi bosqichi XVI asrdan, ya’ni hokimiyat shayboniylar qo‘liga o‘tishi bilan boshlanadi. Aynan mazkur asrdan boshlab davlat boshqaruvida shu davrgacha shakllanib kelgan an’analardan chekinish holati ko‘zga tashlanadi. Xususan, dargoh va undagi turli lavozimlar mavqei kuchayib, ijroiya hokimiyati markaziy mansabdor shaxslar qo‘lida mujassamlashadi. Natijada devonlar tizimi chegaralangan. Buning sababi shayboniylar o‘zlari bilan davlat boshqaruvining ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchilarga xos shaklini olib kirganligidadir. Shu davrga xos yana bir holat sifatida mansabdor shaxsning o‘z doimiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha vazifalarga ham jalb etilganligini ko‘rish mumkin. Jumladan, dargohda faoliyat yurituvchi ko‘pgina amaldorlar qo‘shimcha ravishda harbiy ishlar yoki elchilik vazifalari bilan ham shug‘ullanib kelganligini ko‘rsatish mumkin. Oliy davlat idorasi – dargoh (saroy) hisoblangan. Markaziy boshqaruv faoliyati yuqorida ta’kidlanganidek, saroy devoni va dargoh amaldorlari tomonidan amalga oshirilgan. Oliy hokimiyat egasi xon bo‘lgan. Dastlabki davrlarda oliy hokimiyat hukmron sulolaning eng ulug‘ yoshdagi namoyandasiga o‘tgan. XVI asrning 40- yillaridan boshlab sulola ichidagi oilaviy an’ana ustun chiqa boshlaydi. Dargohdagi xondan keyingi muhim mansabdor shaxs naqib hisoblangan. Tarjimada «sardor», «boshliq», «yetakchi» ma’nosini beruvchi naqiblik mansabi amalda ancha keng vakolatga ega bo‘lgan. U ichki va tashqi siyosat hamda harbiy masalalarda oliy hukmdorning birinchi maslahatchisi hisoblangan. Uning maslahati bilan qaror qabul qilingan. Harbiy yurishlarni uyushtirish, davom ettirish, dushman harbiy imkoniyatlarini o‘rganish va elchilik vazifalari ham naqibga yuklangan. Odatda, ushbu lavozimga asosan Muhammad S.A.V. payg‘ambarimiz avlodlari hisoblanadigan sayyidlar xonadoniga mansub kishilar tayinlangan. Rasmiy qabul marosimlarida uning oliy hukmdordan chap tarafi tomonidan birinchi bo‘lib joy olishi naqibning dargohda tutgan yuksak maqomidan dalolatdir (masalan, 1570-yili Buxoroda Abdullaxon II yana o‘z hokimiyatini tiklarkan, buxoroliklar tomonidan o‘rtaga solingan mashhur Qosim shayx Azizxon (vafoti 1578-yil) bilan muzokaraga o‘z naqibini yuboradi). Yuqori mansabdor shaxs hisoblangan devonbegi saroy devoniga boshchilik qilgan. U devon faoliyati haqida xonga kunlik hisobot berib borgan. Saroy devonining asosiy vazifasi mamlakatning muhim ishlaridavlat ya’ni davlat mulki, moliya, soliq, yer-suv boshqaruvi, joylardagi amaldorlarga ish taqsimlash, mansablarga tayinlash ishlarini yuritish bo‘lgan. Dargohdagi ko‘kaldosh ilgarigi davrlardagi Devoni mushrifning faoliyatini amalga oshirgan. U umumiy davlat nazoratini olib borgan. U oliy hukmdor va rasmiy sulolaga eng yaqin kishilardan tayinlangan. Odatda, ko‘kaldoshning ijtimoiy mohiyati sulolaning biror bir vakili bilan bir onani emganlik bilan tushuntiriladi. Demak, ko‘kaldosh dargohning eng ishonchli kishilaridan hisoblanib, unga topshiriladigan vazifalar vazifalar nozik qadar nozik va mas’uliyatli bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur maqom vazifasi mamlakatda oliy hukmdor olib borayotgan siyosat daxlsizligi, unga kishilarning munosabatlari bilan bog‘liq yumushlardan iborat edi. Masalan, Abdullaxon II va Abdulmo‘min o‘rtasidagi qarama-qarshilikni bartaraf etishda Abdulmo‘min harakatlari va maqsadlarini oldindan oldindan, xonga to‘g‘ri ma’lumot berishda asosiy o‘rinni Qulbobo ko‘kaldosh tutgani ma’lum. Devoni sarkori xossa hukmron sulolaga tegishli yer-suv va mol-mulk boshqaruvi, nazorati hamda soliq ishlariga mas’ul hisoblangan. Boshqa devonlar nomlari esa manbalarda uchramaydi. Dargohda katta mavqega ega bo‘lgan lavozimlardan biri Shayx ulislom bo‘lib, u davlat va jamiyatdagi mafkuraviy hayotda asosiy o‘rinda turgan. U shariat qoidalarining to‘g‘ri tatbiq etilishi va ularga rioya etilishining umumiy nazoratini yuritgan va doimo xabardor bo‘lib turgan. Joylarda axloqiy normalarga rioya qilinishi, amaldorlar va ruhoniylarning bu masalaga munosabatini bilib borish bilan muxtasib shug‘ullangan. Joylarga muxtasibga bo‘ysunuvchi raislar tayinlangan. Bosh sadr diniy muassasalar ta’minoti uchun ajratilgan vaqf mulklarini boshqargan. Joylarda esa unga bo‘ysunuvchi sadrlar faoliyat ko‘rsatgan. Qozi kalon (bosh qozi, katta qozi) mamlakatda shariat sud ishlariga yetakchilik qilgan. Harbiylar hayotida yuz beradigan huquqiy masalalarni qozi askar hal qilgan. Unga qozi askar va mahalliy qozilar bo‘ysungan. Qozi kalonga viloyat qozilari ustidan shikoyat qilish mumkin bo‘lgan. Agar qozi fisq yo‘liga kirsa, masalan pora olsa, zino qilsa yoki xamr ichsa ishdan chetlatilgan. Davlat ahamiyatiga molik mansablardan yana biri otaliqdir. «Otaliq qilmoq», «otasining o‘rnini bosmoq» mazmunini beruvchi mazkur amaldor markaziy hokimiyatning joylardagi vakili bo‘lgan. Oliy hukmdor viloyatlar boshqaruviga shahzodalarni tayinlash barobarida ularga otaliq, ya’ni o‘z nazoratchisini, ishongan shaxsini biriktirgan. Ayniqsa, balog‘at yoshiga yetmagan shahzodalar viloyatlarga tayinlangan hollarda, ular to ulg‘ayib mustaqil faoliyat ko‘rsatish darajasiga yetguniga qadar davlat ishlarini boshqarish shu otaliqlar zimmasiga yuklatilgan. Bunday hollarda otaliqlar amalda viloyat boshqaruvini, markaz bilan munosabatlar holatini hal etib kelgan. Bundan kelib chiqadiki, otaliqlarning asosiy vazifasi joylar – viloyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Yasovullar oliy hukmdor va shahzodalar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish ishlarini olib borgan. Shahzodalarni xon tomonidan qabul qilish, ularning arzi va iltimoslarini yetkazish kabi tadbirlar shular jumlasidandir. Oliy hukmdor chiqargan hukmlar, yorliqlar va boshqa rasmiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish ishlariga parvonachi javobgar bo‘lgan. Urush paytlarida esa ular harbiy yetakchilik vazifalari bilan ham shug‘ullangan. Dargohga tushgan arzlarni qabul qilish, javobini berish hamda mamlakatdagi ijtimoiy adolat tartiblariga rioya qilishning nazorati kabi yumushlarga dodhoh mutasaddi edi. Dargohdagi xavfsizlik, tartib-intizom, kirish-chiqishdan xabardorlik kabi tadbirlar eshikog‘aboshi boshchiligida olib borilgan. Uning bo‘ysunuvida chap eshikog‘asi , o‘ng eshikog‘asi , eshikog‘asi bo‘lgan. Ular urush paytlarida oliy hukmdorning eng muhim harbiy topshiriqlarini ham bajarib borgan. Bundan tashqari, yana dargohda quyidagi lavozimlar ta’sis etilgan: Mirzaboshi (uning bo‘ysunuvida mirzalar bo‘lgan); shig‘ovul (elchilarni qabul qiluvchi); qo‘rchiboshi (qurol-aslaha xizmati boshlig‘i, uning amaldori jibochi); chuhraboshi (maxsus qullardan iborat harbiy qism boshlig‘i); miroxur (oliy hukmdorga tegishli yilqi, ot-ulov, ularning ta’minotiga mas’ul); qushbegi (podshohona ov todbirlarini uyushtiruvchi); qorovulbegi; tug‘begi ; kitobdor; munshiy; muhrdor; xazinachi; tavochi; bakovulboshi; dasturxonchi; jarchi va boshqalar. Mahalliy boshqaruv. Ma’muriy jihatdan Shayboniylar davlati, yoinki XVI asrning ikkinchi yarmidan Buxoro xonligi deb ataluvchi bu davlat ilk davrlardayoq viloyat va tumanlarga taqsimlangan. Viloyatlarni hokimlar boshqargan, ular bevosita xon tomonidan tayinlangan. Dastlabki davrlarda viloyatlar asosan hukmdor sulola namoyandalari orasida mulk o‘rnida taqsimlab berilgan. Shuningdek, viloyatlarga yirik amaldorlarni tayinlashning alohida tartibi bo‘lib, joylarda dargohlar faoliyat ko‘rsatgan. Yuqorida keltirilgan lavozimlar mahalliy boshqaruv tizimida joriy etilgan. Shayboniylar zamonida qal’a boshlig‘i qutvol deyilgan bo‘lsa-da, shu bilan birga u shahar hokimi maqomiga ega bo‘lgan. Mamlakatda eng yirik yer egasi xon hisoblangan. U davlat yerlarining oliy mulkdori bo‘lgan. Umumdavlat yerlari ijaraga berilgan, lekin ularni sotish, tuhfa qilish va vasiyat qilib qoldirish mumkin bo‘lmagan. Xonning mulk yerlari ham mavjud bo‘lib, u boshqa mulk egalari singari sotib olish va sotish huquqiga ega bo‘lgan. Mamlakatda yerga bo‘lgan xususiy mulkchilik munosabatlari keng tarqalgan. Yerlarni tortiq etish bo‘yicha alohida «tanho» instituti mavjud bo‘lib, bunday yerlar XVI asrda yuqori tabaqa vakillari va ruhoniylarga davlat oldidagi xizmatlari uchun tuhfa etilgan. Tarxon, suyurg‘ol institutlari ham amal qilgan. Tarxonlik huquqiga nafaqat harbiylar, savdogarlar va boshqa aholi qatlamlari ham ega bo‘lgan. U suyurg‘ol singari davlat oldidagi alohida xizmatlar uchun in’om etilgan. Yersiz ziroatchilar mulkdorlar yerida ishlab, odatda, hosilning 1G‘3 yoki 1G‘5 qismiga egalik qilgan. Eng ko‘p tarqalgan soliq turlaridan zakot (ko‘psur), xiroj, ushrni ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, mavjud yig‘imlarning tanobona, zobitona, madadi-lashkar, peshkash va boshqa turlarini ko‘rsatish mumkin. Ashtarxoniylar davlati. Shayboniy Abdulmo‘minxondan so‘ng taxtga chiqqan Pir Muhammad (1598–1601-y.) hukmronligi ko‘p davom etmaydi. Samarqand hokimi Boqi Muhammad Buxoro taxtini qo‘lga kiritib, xon deb e’lon qilinadi. Shu tariqa shayboniylarning bir asrlik hukmronligi tugaydi. Mamlakat boshqaruvi yangi sulola ashtarxoniylar qo‘liga o‘tadi. Ashtarxoniylar sulolasi XV asr 30-yillarida Volga bo‘yida Oltin O‘rda (Jo‘ji ulusi)dan ajralib chiqqan Ashtarxon (Hoji tarxon, Astraxan) xonligini boshqargan mang‘it sulolasi vakillari bo‘lgan. Ular 1556-yilda Rus davlati tomonidan xonlik tugatilishi natijasida Movarounnahrga kelgan. Movarounnahrdagi ashtarxoniylar namoyandasi Yor Muhammadxon bilan shayboniylar o‘rtasida dastlab do‘stlik, so‘ngra quda-qarindoshlik munosabati o‘rnatilgan. Xususan, Boqi Muhammad ota tomondan ashtarxoniylarga, ona tomondan shayboniylarga mansubdir. Bora-bora ashtarxoniylarning mavqei oshgan. Mamlakatda e’tiborli viloyatlardan Samarqandni boshqarishga erishgan Boqi Muhammadxon oliy taxtni shayboniylardan tortib oladi. Shu bilan mamlakatda ashtarxoniylar sulolasining bir yarim asrlik faoliyati boshlanadi. Oliy va mahalliy boshqaruvda ko‘chmanchi o‘zbek qabilalari boshliqlari bo‘lgan amirlarning ta’siri kuchli bo‘lgan. Viloyat hokimligiga asosan u yerda o‘rnashgan qabila amirlari hokim etib tayinlangan. Bu esa keyingi davrlarda davlatning parchalanib ketishiga olib kelgan. Hattoki, Buxoroda amirlar hukmronligiga asos solingan. Ashtarxoniylar davlati 1740–1747-yillarda Eron shohi Nodirshoh ta’siri ostida bo‘ladi. Shu davrdan boshlab ashtarxoniy xonlarining mavqei rasmiy jihatdangina tan olinadi. Amalda hokimiyat boshqa bir mahalliy sulola mang‘itlar namoyandasi Muhammad Hakimbiy otaliq ixtiyoriga o‘tadi. 1753-yilda uning o‘g‘li Muhammad Rahim otaliq o‘zini Buxoro amiri deb e’lon qiladi. Shu tariqa Ashtarxoniylar xonligi tugatiladi. Ashtarxoniylar hukmronligi davrida davlat boshqaruvida jiddiy o‘zgarish kuzatilmaydi. Oliy, markaziy va mahalliy hokimiyat dargohda mujassamlangan. Aniq ravishdagi dargoh va ijroiya (devonlar) taqsimotini bu davrda ham ko‘rmaymiz. Shuningdek, biror lavozimdagi amaldorga ijtimoiy mavqei va xon bilan munosabatiga qarab boshqa vakolatlar ham yuklatilgan. Davlat boshlig‘i xon sulola vakillari – sultonlar tomonidan saylangan. Otaliq bu vaqtga kelib xondan keyingi birinchi o‘rinda turgan. U birinchi vazir vazifasini bajargan. Otaliqdan keyingi mansab devonbegi lavozimi bo‘lgan. U soliqlar ro‘yxatini tuzish va to‘plash, boshqa davlatlar elchilarining yorliqlarini qabul qilish va uni xonga topshirish bilan shug‘ullangan. XVIII asr boshlariga kelib qushbegiboshining mavqei kuchaygan. Unga amaldorlarni mansabga tayinlash va unvon berish, xon yorlig‘isiz shaxsan yozma ko‘rsatmalar tarqatish, oliy qabullarda o‘z xohishiga ko‘ra ishtirok etish kabi vakolatlar berilgan. Markaziy boshqaruv apparatida parvonachi in’om olganlarga yorliqlarini berish bilan shug‘ullangan. Dodxo xon nomiga kelgan arizalarni qabul qilish va qarorni arizachiga yetkazish ishini yuritgan. Katta inoq o‘zbek qabilalarining boshqaruvini olib borgan. Ko‘kaldosh siyosiy mirshablikni boshqargan. Yasovullar alohida topshiriqlarni bajargan. Bundan tashqari bosh qozi , harbiy qozi , shayxulislom kabi lavozimlar mavjud bo‘lgan. Saroy qutvoli lavozimi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, davlat xazinasi hisobidan amalga oshirilgan qurilish, obodonchilik ishlariga javobgar bo‘lgan. Viloyat va shaharlar xonning harbiy vassallari tomonidan idora etilgan. Buxoro shahri maxsus hokim – dorug‘a tomonidan boshqarilgan. Poytaxtda mirshablik lavozimlari joriy etilgan. Mustaqil o‘zbek xonliklarining vujudga kelishi va ularning davlat tuzumi XVIII–XIX asrlar o‘zbek davlatchiligi tarixidagi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu vaqtga kelib, 2400 yillik ulkan tarixiy taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lgan o‘zbek davlatchiligida tarqoqlik holati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bir vaqtning o‘zida Buxoro, Xiva va Qo‘qonda alohida davlatlar faoliyat ko‘rsatadi. XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib O‘rta Osiyoda boshlangan yangi davr xonliklarning iqtisodiy rivojlanish davri bo‘lib hisoblanadi. Bu davrda Xivada qo‘ng‘irotlar, Buxoroda mang‘itlar va Qo‘qonda minglar hokimiyatni egallaydi. XIX asrning ikkinchi yarmidan esa ular Rus davlati tomonidan mustamlakaga aylantiriladi. Buxoro amirligi XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab oliy hokimiyat vakillari – ashtarxoniy xonlari o‘rnini amirlar egallashi bilan tashkil topadi. Jumladan, Nodirshoh davrida amaldagi hokimiyat egasi Muhammad Hakim amiri kabir buyuk amir unvonini oladi. Uning o‘g‘li Muhammad Rahim otaliq (1747–1758-y.) 1748-yil Eron taxt vorisi Abdulfayzning o‘g‘li Abdulmo’min (chingiziylardan bo‘lgan 9 yoshli bola)ni o‘ldiradi va 1753-yil zodagonlar hamda ruhoniylar roziligi bilan Buxoro taxtiga amir unvoni bilan o‘tiradi. Shu tariqa Buxoro xonligi negizida tashkil topgan bu davlat oliy hukmdor unvonidan kelib chiqib amirlik nomi bilan yuritila boshladi. Hokimiyat tepasiga mang‘itlar sulolasi keladi va bu sulola 1920-yili inqilob natijasida hokimiyatdan chetlashtiriladi. Buxoro amirligida dastlabki davrda Muhammad Rahim tomonidan mamlakatni markazlashtirishga qaratilgan ma’muriy-siyosiy islohotlar amalga oshiriladi. Shoh Murod (1785–1800-y.) soxta xonlik an’anasiga chek qo‘yilib, amir unvoni bilan rasman taxtga o‘tiradi. U mamlakatda qattiq tartib intizom o‘rnatadi. Soliq islohotini amalga oshirib, ayrim soliqlarni bekor qiladi. Oliy hokimiyat egasi amir hisoblangan. Uning huzurida yirik yer egalari, ruhoniylar va davlat xizmatchilaridan iborat maslahat kengashi mavjud bo‘lgan. Davlat boshqaruvida ko‘chmanchi aholi qabila boshliqlari, ya’ni inoqlar (katta inoq, kichik inoq) ham faol ishtirok etishgan. Ular ko‘proq qo‘shimcha topshiriqlarni ijro etishgan. Xususan, kichik inoqda oliy hukmdor muhri saqlangan. Buxoro amirligida markaziy boshqaruv dargohda mujassamlangan. Qushbegi amirdan keyingi oliy mansabdor shaxsga aylangan. U mamlakat boshqaruvi, xazina va poytaxtdagi ahvolni nazorat qilgan. Shuningdek, unga barcha viloyatlar bo‘ysungan. Devonbegi oliy mansabdor shaxslardan hisoblangan. U xazina kirim- chiqimi, saroy xo‘jaligi va zakot yig‘ish ishlarini boshqargan. Odatda, u quyi qushbegi deb atalgan. Otaliq asosan Samarqand va Buxoro, ya’ni amirlikning markaziy hududlarining suv taqsimotiga bosh bo‘lgan. Saroyda shig‘ovul amirning shaxsiy yordamchisi bo‘lgan. U elchilar qabulini ham uyushtirgan. Udaychilar amirga joylardagi ahvol to‘g‘risida axborot berib turuvchilar bo‘lgan. Mirza (munshiy) amirning shaxsiy kotibi va amir qabulxonasi boshlig‘i hisoblangan. Pavronachi oliy hukmdor yorliqlarini tegishli kishilarga yetkazish va arablar aholisi bilan shug‘ullanishni amalga oshirgan. Dodxoh amir nomiga kelgan arzlarini amirga va uning javobini manfaatdorlarga yetkazishga mas’ul bo‘lgan. To‘qsabo dastlab hukmdor oldiga taom tortish ishini bajargan. XIX asrga kelib esa harbiy mansabdor shaxs darajasiga ko‘tarilgan. Ko‘kaldosh mamlakat miqyosida xavfsizlik xizmatini boshqargan. Yuqorida ko‘rsatilgan mansabdorlardan tashqari qo‘shimcha lavozimlar ham joriy etilgan. Ular zimmasiga ayrim hollarda boshqaruvga oid ishlar ham yuklatilgan. Qo‘shinga to‘pchilar qismining qo‘mondoni va Buxoro harbiy qarorgohi boshlig‘i rahbarlik qilgan. Qo‘rchiboshi qurol-aslahaga mas’ul hisoblangan. Udaychi urush paytida harbiylarni taqsimlovchi amaldor bo‘lgan. Shayxulislom mafkuraviy munosabatlar va din ishlarini boshqargan. Unga muxtasib, raislar, sadr (vaqf mulklari hisobi va nazorati bilan shug‘ullanuvchi)lar bo‘ysungan. Qozi Kalon umumiy sudlov va fuqarolik ishlarini yuritishga boshchilik qilgan. Unga qozi askar, joylardagi qozilar va muftiy (rivoyat va fatvo bilan ta’minlovchi)lar bo‘ysungan. Amir Shoh Murod davrida sud tizimi islohotlari natijasida amir huzurida 40 nafar faqihdan iborat oliy mahkama ta’sis etiladi. XIX asr ikkinchi yarmiga kelib alohida ishlar va 2000 so‘mdan ortiq nizoli ishlar Qozi Kalon tomonidan ko‘rib chiqilgan. Xiva xonligi. Xorazm dastlab temuriy Sulton Husaynga, XVI asr boshlarida Muhammad Shayboniyxon hukmronligi ostida bo‘lib, Samarqand siyosiy doirasida edi. So‘ngra qisqa muddat Eron shohi Ismoil safaviy noiblari tomonidan boshqarilgan. 1511–1514-yillarda Xorazmda mahalliy namoyandalar harakati bilan Dashti qipchoqlik ko‘chmanchi o‘zbeklar vakili Elbarsxon hokimiyatni egallaydi. Shu tariqa 1505–1770yillarda Xorazmni asosan shayboniylar sulolasi namoyandalari boshqargan. 1770-yili esa Xorazmda hokimiyat amalda qo‘ng‘irot sulolasidan Muhammad Amin inoq qo‘lida mujassamlashadi. Shu tariqa mazkur hududda yangi sulola – qo‘ng‘irotlar faoliyati boshlangan. 1763–1806yillarda ular umumtan olinguncha rasmiy davlat boshlig‘i sifatida tan olingan chingiziy xonlarni taxtga o‘tqazib kelganlar. Bu sulolaning vakillari Xorazmda 1920- yilgacha hukmronlik qilganlar. Dastlab siyosiy markaziy Urganch hisoblangan. Arabxon (1602– 1621) davrida poytaxt Xivaga ko‘chirilgan. Shunga ko‘ra xonlikni Xiva xonligi deyish odat tusiga kirgan. Mamlakat 1873-yildan boshlab Rossiya imperiyasiga yarim qaram holatida bo‘lib kelgan. Xiva xonligining boshqaruvi Buxoro amirligi boshqaruvidan ko‘p farq qilmagan. Bu davlatda ham boshqa xonliklarda ko‘rganimizdek, saroy lavozimlari va mansablar mavjud. Davlat hokimiyatining o‘ziga xos tizimi mavjud bo‘lgan. Siyosiy boshqaruvda xonlik tashkil topgan ilk davrlardan boshlab yuz berayotgan o‘zgarishlar jarayonida yangi lavozimlar joriy etilib, ba’zi lavozimlarning mavqei va vakolat doirasi nisbatan o‘zgarib borgan bo‘lsa-da, siyosiy tuzumda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermagan. Xiva xonligi uncha kuchli bo‘lmagan tarqoq davlat bo‘lgan. XVI asrda xonlik hududi xon xonadoniga mansub bo‘lgan sultonlar o‘rtasida taqsimlangan bo‘lib, ular o‘zlariga tegishli yerlarni mustaqil boshqarganlar. Shunga ko‘ra xon mamlakatda mutlaq hokimiyatga ega bo‘lmagan. Xon hokimiyati uning yoshlikdagi otalig‘i tomonidan bamaslahat holda kelishib olib borilgan. Oila a’zolari maslahati bilan xon majburan taxtdan chetlashtirilishi mumkin bo‘lgan. Umumiy boshqaruvni kelishuv asosida amalga oshirgan. Mamlakat boshqaruvida ko‘chmanchi o‘zbek qabilalarining boshliqlari inoqlar katta ta’sirga ega bo‘lishgan. Ular xon saylash tadbirida ishtirok etishgan. O‘z qabilasi va uning hududini boshqarishgan. Bir vaqtning o‘zida xonning maslahatchilar hisoblanishgan. Oliy hokimiyat deyarli barcha davrlarda vasiyat asosida sulolaning yoshi katta vakiliga meros tariqasida o‘tgan. Odatda, taxt otadan o‘g‘ilga meros qolgan. Yangi xonning taxtga o‘tirishi munosabati bilan xonni ko‘tarish, ya’ni saylash tadbiri o‘tkazilgan. Oliy hokimiyat xon qo‘lida bo‘lib, u davlat, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati boshlig‘i hisoblangan. Xonlikdagi eng oliy mansabdor shaxs va oliy hokimiyat egasi bo‘lib, o‘z navbatida oliy qo‘mondon sifatida harbiy sohaga boshchilik qilgan. Shuningdek, ko‘chmanchi aholi vakillarining yer, suv, soliq va harbiy munosabatlarini hal etgan. Ayrim hollarda aholi murojaatiga ko‘ra ichki munosabatlarga xon tomonidan aniqlik kiritilgan. Xon davlat boshlig‘i sifatida mamlakat ichki va tashqi siyosatda uzilkesil qaror qabul qilish, xalq safarbarligini e’lon etish, bosh qo‘mondon sifatida qo‘shinga rahbarlikni qo‘lga olish vakolatiga ega bo‘lgan. Xon sudi saroy markaziy harbiy sudi hamda siyosiy, o‘ta og‘ir va mansabdor shaxslarga oid jinoyatlarni ko‘ruvchi oliy suddan tashkil topgan. Xonlar o‘z vakolati doirasida islom qonunchiligi usuli va yassa aqidalariga tayangan holda nishon, yorliq, farmon va hukmlar chiqargan. Xonlar odatda, aholining mansabdor shaxslar ustidan shikoyati bor paytda saroyda arz so‘raganlar. Saroyda arz so‘rashning ma’lum kunlari tayin etilgan. Zaruriy suratlarda xon mamlakatdan uzoqda payti arzni Kengash a’zolari tinglashgan. Bundan tashqari, xonlar muayyan vaqtlarda xalq oldiga chiqib turgan. Davlat boshlig‘i uchun ham farz ham qarz hisoblangan bu an’ana «ko‘rinush» deb atalgan. Rus podsholigi mustamlakachiligi davrida xon vakolatlari bir muncha o‘zgaradi. Mamlakat ichki boshqaruvida vakolatlar deyarli bekor qilinmaydi. Balki, rus davlati manfaati nuqtai nazaridan majburiyatlar yuklanib, tashqi faoliyat bilan bog‘liq vakolatlari qisqaradi. Saroyda oliy maslahat kengashi mavjud edi. U yuqori qonun chiqaruvchi, ma’muriy va sud hokimiyatini amalga oshirgan. Uning yig‘ilishlari «mashvarat», «majlis» deya nomlangan. Tarkibi turli davrlarda mahalliy miqyosiga ko‘ra turlicha bo‘lgan. Unda asosan siyosiy, moliyaviy va harbiy ishlar muhokama qilingan. Xonlik aholisining muqim yashashiga ko‘ra, davlat hududi ikki qismga, ya’ni ko‘chmanchi aholi istiqomat qiladigan shimoliy hudud va o‘troq aholi yashaydigan janubiy hududga bo‘lingan holda boshqarilgan. Har bir oliy va markaziy mansabdor shaxslar xon tomonidan lavozimga tayinlangan va lavozimdan ozod etilgan. Odatda, lavozimlar xon tasdig‘idan so‘ng meros tariqasida o‘tgan. Ularning huzurida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi mahkamalar joriy etilgan. XIX asrning birinchi yarmida xondan keyin oliy lavozim qushbegi mansabi hisoblangan. U vaziri a’zam maqomida bo‘lgan. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib vaziri a’zamlik mehtarga o‘tadi. Keyinchalik esa devonbegining mavqei kuchayadi. U asosan boshqaruv, saroy kotibiyati va davlat devonini boshqarish, soliq, moliya ishlari, balki harbiy yurishlarga bosh bo‘lish, qo‘shin ta’minoti va dushman bilan muzokara ishlarini ham olib borgan. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ta’sis etilgan vaziri jumlat ulmuluk, bosh vazir xondan keyingi ikkinchi o‘ringa chiqqan. XX asr boshida esa devonbegining ayrim vakolatlari ham unga o‘tgan. Ular bevosita xonga bo‘ysunishgan va bir vaqtning o‘zida xon maslahatchisi ham hisoblanishgan. Ular xon ruxsati bilan xonlik nomidan ish ko‘rish, xususan qo‘shni xalqlar va davlatlar bilan sulh tuzish huquqiga ega bo‘lgan. Ba’zi hollarda oliy mansabdor shaxslardan iborat tor tarkibli majlis ishlagan. Unda ularning hisobotlari, taklif va e’tirozlari eshitilgan. Qushbegi mamlakatning janubiy qismini, mehtar esa shimoliy qismini idora qilgan. Xonlikdagi diniy ishlar nazorati shayxulislom zimmasida bo‘lgan. U diniy sohaga oid barcha huquqiy, fatvo chiqarish, axloqiy-tarbiyaviy, madaniy-ma’naviy ishlar va amaldorlar ustidan nazoratni amalga oshirgan. Ular turli siyosiy-diniy marosimlardan tashqari, harbiy yurishlarda ham fatvo beruvchi muftilar boshlig‘i, harbiy sharoitda shariat me’yorlarini bajarish yuzasidan mas’ul va qo‘shin shaxsiy tarkibini ma’naviy-ruhiy rag‘batlantiruvchi ruhoniy, qozi askar nazoratchisi va gohida biror harbiy bo‘linma boshlig‘i sifatida qatnashgan. Joylardagi shariat bo‘yicha axloqiy normalar bajarilishini raislar bajargan. Ular qozilar bilan sheriklikda ish olib borishgan. Bosh mutavalliy xonlikdagi katta lavozim sanalgan. Mutavalli vaqf bo‘yicha masjid, madrasalar faoliyatini boshqargan va nazorat qilgan. A’lam muftilar boshlig‘i, tabiblar boshlig‘i (sarvari atibbo, tabiblar sarvari) ham markaziy boshqaruv amaldorlari hisoblanadi. Amir ul-umaroga xonlikning chegara viloyatlarida qo‘shinni qurollantirish va saflash, o‘q-dori va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash vazifalari yuklatiladi. Asosan u harbiy ta’minotni amalga oshiruvchi amaldor bo‘lgan. Ushbu lavozim 1763–1770, 1855–1873-yillardagina mavjud edi. Davlatdagi shariatga asoslangan sud-jazo normalarini tartibga solish, ijrosini nazorat etish ishlarini qozikalon boshqargan. U qozilar ishlari nazorati, ular chiqargan ayrim hukmlarni bekor qilish ishlarini bajargan. Qozilarni mansabga tayinlash ishlarini xon tasdig‘idan o‘tkazib olgan. Yer-mulk, qarz tilxati kabilarga muhr bosgan. Aytish lozimki, joylardagi qozilar qozikalon tavsiyasi, ammo, xon hukmi bilan mansabga tayinlanib, ozod qilinganlar. Qozi askar yoki qozi urdu harbiy sud ishlarini amalga oshirgan. Harbiy safarlarda xon bilan birga ishtirok etishi shart bo‘lgan. Tasodifiy yoki baxtsiz hodisalar to‘g‘risida hukm chiqarish uning zimmasida bo‘lgan. Suv xo‘jaligi sohasi mirobboshi tomonidan boshqarilgan. Naqib ruhoniylar va ta’lim-tarbiya sohasidagi mutasaddilar boshlig‘i, saroydagi diniy-siyosiy, xarajat ishlarni nazorat etuvchi va urush oldidan harbiy ishlarning moliyaviy tomonlarini tartibga solish bilan shug‘ullangan. Yasovulboshi shaxsan xon muhofazasi, saroy qo‘riqchiligi, maxfiy mahkama va harbiy ishlarda rahbarlik faoliyatini amalga oshirgan. Unga yasovullar, mirshablar, mahallalardagi militsiya xizmatini o‘tovchi dorug‘alar, urug‘lar ichidagi bahodurlar, shotirlar, saroydagi eshikog‘alari bo‘ysungan. XX asr boshlarida saroyda yasovulboshi lavozimining mavqei oshadi. Saroyda doimiy majburiyat yuklatilmagan, lekin davlat ishlarida muhim rol o‘ynovchi, xususan xon topshiriqlari ijrosini amalga oshiruvchi, xon tomonidan berilgan vaqtinchalik vakolatlardan foydalanuvchi va meros tariqasida o‘tuvchi yordamchi mansabdor shaxs lavozimlari toifasi va saroy xo‘jalik mansablari (xon chuhralari) joriy etilgan. Jumladan, saroyda mahrambegi va mahramlar (xonning bevosita xizmatchisi yoki shaxsiy yordamchisi), mirzaboshi (kotiblar boshlig‘i), mirza (lar), maxfiy kotib (maxfiy hujjatlarni tayyorlovchi), xazinachi , xudaychi (davlat boshqaruviga oid barcha hujjatlarni saqlovchi), muftilar , mushriflar , eshikog‘asi , ikki eshikog‘asi , munodargon (xon farmonlarini xalqqa yetkazuvchi), devon (she’riy devon tartib qiluvchi), poshshob (jallod) va boshqa shaxslar faoliyat ko‘rsatgan. Qo‘shin boshqaruvida naqib bosh qo‘mondon hisoblangan. Yasovulboshidan keyin mingboshi mansabi turgan. Mingboshi shamxolchi, ya’ni, mergan o‘qchilar dastasiga boshchilik qilgan. Yuzboshi ham o‘qchilar boshlig‘i hisoblanadi. Yuzboshilar qo‘l ostidagi sipohi (qurollangan harbiy)lar, sarhanglar (harbiy istehkom quruvchilar) va qutvollar qazuv va grajdanlik qurilish ishlariga ham jalb etib turilganlar. Mamlakatda huquq-tartibot ishlari yasovullik, mirshablik, poshshoblik, dorug‘alik, kalontarlik, tunqotarlik xizmatlari va qozixonalar zimmasida bo‘lib, eshikog‘alari, oqsoqollar, miroblar, o‘nboshi va yuzboshi, navkarlar, dorug‘alar, kadxudo, kalontarlar tomonidan amalga oshirilgan. Butun xonlik miqyosida joylarda asosan shaharlarda mirshablar xavfsizlik, jamoat tartibi va intizomni saqlash faoliyat bilan shug‘ullangan. Shuningdek, shariat normalarining buzilishini oldini olish, qamoq joyi, ya’ni zindonda hukm qilinganlarni saqlash va qo‘riqlash ishlarini ham amalga oshirganlar. Ular yuzboshi va yasovulboshiga bo‘ysungan. Xonlik ma’muriy-hududiy jihatdan viloyatlarga taqsimlangan va hokimlar tomonidan boshqarilgan. Quyi boshqaruv oqsoqollar tomonidan yuritilgan. Ko‘chmanchi o‘zbek qabilalari boshliqlari, ya’ni oliy mansabdor shaxslari «inoq» (jami 4 ta ) deb atalgan. Qoraqalpoq aholisi va turkman xalqlarida oliy mansabdor shaxslar «biy» deb yuritilgan. Qo‘qon xonligi . Ashtarxoniylar hukmronligi yillarining so‘nggi bosqichida markaziy hokimiyati zaiflashib, viloyatlardagi mahalliy namoyandalarning mavqei kuchaygan. XVIII asr boshlarida mahalliy ruhoniylarning ta’siri hamda o‘zbeklarning minglar urug‘i vakili Shohruxbiy sa’y-harakati samarasida Farg‘onada mustaqil hokimiyatga asos solinadi. Ho‘qand qishlog‘i o‘rnida Shohruxbiy bino qilgan Qo‘qand shahri yangi davlat poytaxti bo‘lgan. O‘zini Chingiziylar avlodidan deb hisoblagan Shohruxbiy asos solgan sulola XIX asrning birinchi yarmida deyarli butun Sirdaryo havzasini va Yettisuvning bir qismini o‘z qo‘liga oldi. Ushbu davlat 1709–1876-yillarda Qo‘qon xonligi nomi bilan yashaydi. Davlatda oliy hokimiyat xon qo‘lida to‘plangan. Hokimiyat meros tariqasida o‘tgan bo‘lsa-da, odatga ko‘ra xon saylangan (ko‘tarilgan). Uning vakolati asosan poytaxt va uning atrofi doirasidagina amal qilgan. Mahalliy hududlarda xon hokimiyatining ta’siri kuchli bo‘lmagan. Xon o‘zining shaxsiy qo‘riqchilariga ega bo‘lgan. U urush vaqtlarida farmoyish berish orqali viloyat va shaharlardan qo‘shin to‘plagan hamda unga qo‘mondonlik qilgan. Keyingi davrlarda doimiy qo‘shin tashkil etilib, uning ta’minotini shaxsan xon yuritgan. Qo‘qon xonligi boshqaruvi tizimi ko‘p jihatdan Buxoro va Xiva boshqaruviga o‘xshash bo‘lsa-da, o‘ziga xos tomonlari mavjud bo‘lgan. Harbiy lavozim egasi mingboshining mavqei ayrim davrlarda juda yuqori bo‘lgan. Qushbegi va parvonachiga mingboshi harbiy unvoni berilishi ham shuni ko‘rsatadi. Mamlakatda oliy va markaziy boshqaruvi saroy tomonidan amalga oshirilgan. Saroyda faoliyat ko‘rsatuvchi mingboshi unvoniga ega qushbegi bosh vazir hisoblangan. U xon maslahatchisi bo‘lib, biror shaharning hokimligini amalga oshirgan. Otabek harbiy qo‘shin qo‘mondonligini bajargan. Shig‘ovul shariat va odil sudlovga tegishli mansablarga tayinlash va ular faoliyatini nazorat etish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, parvonachi , lashkar amiri yuqori mansablardan sanalgan. Saroyda shu bilan qatorda hudaychi xon yordamchisi bo‘lib, xon nomiga kelgan arizalarni qabul qilgan. Tunqator xon yostig‘i posboni va tunda xon topshiriqlarini bajaruvchi hisoblanadi. Noyib sarbozlar boshlig‘i bo‘lgan. Kotiblarga ularning boshlig‘i risolachi rahbarlik qilgan. Davlat xazinasi dasturxonchi tomonidan boshqarilgan. Bundan tashqari, boshqa xonliklardagi singari otaliq , dodxoh , mehtarboshi , mahramboshi , eshikog‘aboshi , miroxo‘rboshi , bakovulboshi , yuzboshi va boshqa mansablar joriy etilgan. Sud hokimiyati tepasida joylardagi qozilar bo‘ysunuvchi qozikalon turgan. U quyi qozi sudlar ustidan apellatsiya instansiyasi tartibida ish ko‘rgan. Shayx ul- islom musulmonlar jamoasi diniy ishlarining oliy boshlig‘i bo‘lgan. Shayxulmashoyix muqaddas joylarning mutasaddisi bo‘lgan. Mamlakat ma’muriy-hududiy jihatdan viloyat (beklik) va shaharlarga bo‘lingan. Mahalliy hokimiyat xon tomonidan tayinlanadigan hokimlar tomonidan deyarli mustaqil amalga oshirilgan. Hokimlar bek, beklar begi va qushbegi unvonlariga ega bo‘lishgan. Ko‘chmanchi aholi hududlari biylar tomonidan boshqarilgan. Jumladan, siyosiy tizimda Toshkent shahri boshqaruvi alohida ahamiyat kasb etib, u erkin shahar hisoblangan. Uning hokimiyati tepasidagi shaharning boylari va zodagonlari (xojalar) xonga katta ta’sir ko‘rsata olgan. Ichki boshqaruv va sud ishlari mustaqil olib borilgan. Tashqi shahar tevarak hududlari bilan to‘rt dahaga (Beshyog‘och, Ko‘kcha, Shayxontohur, Sebzor), dahalar esa mahallalarga taqsimlangan. XV asrning 80-yillarida ko‘chmanchi o‘zbeklarning bir qismi hozirgi Qozog‘iston yerlarida qolgach, turk-mo‘g‘ul qabila va urug‘lari bilan birlashib, qozoq xonligiga asos soldi. Boshqa bir qismi XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Shayboniyxon rahbarligida Movarounnahr, Xorazmga bostirib keldi va temuriylar hukmronligiga barham berdi. Shayboniyxon boshliq ko‘chmanchi o‘zbeklar qisqa muddat (1501– 1506-y.) ichida Movarounnahr va Xorazm ustidan o‘z hukmronliklarini o‘rnatdilar. Ammo Shayboniyxon o‘ldirilgandan keyin ko‘p vaqt o‘tmay mamlakatda o‘zaro kurashlar, nizolar avj oldi, natijada Xuroson safaviylar qo‘liga o‘tdi, Movarounnahr esa Shayboniylarning mayda mulklariga bo‘linib ketdi. Abdullaxon II (1583–1598-y.) uzoq davom etgan va ko‘p qon to‘kilgan kurashlardan so‘ng mamlakatni birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo uning vafotidan so‘ng mamlakat yana bo‘linib ketdi. Keyinchalik xonlikda kuchli mang‘it qabilasi boshliqlari hokimiyat tepasiga keldi. Mang‘itlar hukmronligi ostida Buxoro va qo‘ng‘irotlar rahbarligidagi Xiva xonligi vujudga keldi. XVIII asr boshlarida (1709-y.) Farg‘onada, markazi Qo‘qon hisoblangan uchinchi xonlik tashkil topdi. Bu xonlik tepasida ming qabilasi boshliqlari turgan. Xulosa qilib aytganda, ko‘chmanchi o‘zbeklar XVI–XVIII asrlarda O‘rta Osiyoning siyosiy hayotida ham muhim o‘rin tutganlar. Buxoro, Xiva va Qo‘qon davlatlarining ijtimoiy-siyosiy tuzumi haqida ko‘plab qo‘lyozma asarlarda ma’lumot beriladi. Shulardan eng muhimlari hozirga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Adabiyotlar rо`yxati : 1. Boboyev X.B. va Odilqoriyev X. T. Umumiy tahriri ostida. “Davlat va huquq nazariyasi”. “Iqtisodiyot va huquq dunyosi”, 2000. 34-bet. 2. “O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy huquqi”. Mualliflar jamoasi. Toshkent, “Moliya”, 2002. 72-73 bet. 3. Odilqoriyev X.T. va G‘oyibnazarov Sh.G‘. hammuallifligida. “Siyosiy madaniyat”. Toshkent, IIV Akademiyasi nashryoti, 2004 42-43 bet. 4. Odiqoriyev X.T. Konstitutsiya va fuqorolik jamiyati. – T., 2002. 75-bet. 5. Saidov A. va Tojixonov U. hammuallifligida. “Islom Karimov Konstitutsiya to‘g‘risida”. Toshkent, “Akademiya”, 2001. 52-bet. 6. Sharifxodjayev M. Formirovaniye otkritogo grajdanskogo obshestva v Uzbe kistane. – T., 2002 101-bet 7. Rukavishnikov V. O.Politicheskiy kulturi i sotsialniye izmeneniya. Mujdunarodniye otnosheniye. – M., 1998..82-bet. 8. Ochilov B. E. Konstitutsiya Respubliki Uzbekistan i Vseobshaya deklaratsiya prav cheloveka kak osnova zashiti prav lichnosti // Pravo. 2001. - №3.