logo

Ko`ngil va ishq qudrati talqini (Alisher Navoiy ijodiga nazar)

Yuklangan vaqt:

08.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

2055.5 KB
Ko`ngil va ishq qudrati talqini (Alisher Navoiy ijodiga nazar) Adabiyotshunos olim Alibek Rustamov «Faroyib us-sig`ar»ning 1- g`azalini «Alisher Navoiy ijodining dasturi» deydi1. Shoir ta`biriga ko`ra ham, bu g`azal "uslub xaysiyati"ni anglamasdan turib, devondagi boshqa g`azallarning g`oyalar olamini tushunish behad mushkuldir. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida ushbu g`azalga murojaat etishni lozim topdik. Aslida devondagi «avvalgi g`azal» (shoir ta`kidiga ko`ra) Allohga hamd bilan boshlanishi lozim. Biroq devonlarning majmuasidagi o`rniga binoan birinchi g`azal komil inson madhiga bag`ishlangan. Zehnidagi Qur`oniy ma`noyu maqsad va g`oyalar to`laligi bois, Mir Alisher butun umrini, ijodini «risolat durining maxzani», «gulshani ishq», «jahoni sug`ro, xujasta tug`ro», «xok–nuri pok», «bog`i rizvon guli», «maxzani irfon»–«barchadin ashraf inson» ning «sharif ul-kavnayn» ekanligini eng kichik asardan-farddan dostongacha isbotlashga, madh etishga bag`ishladi. Shuning uchun ulug` shoir devonni Haqning sifatlari hamdi bilan emas, balki Haq san`atining eng yuksak namunasi vasfi bilan boshlab, insoni komilning asl timsoli Muhammad payg`ambarga bag`ishlangan na`t-g`azal bilan tugatadi. Sening madoyihi na`tingda, yo Rasululloh, Tamom bo`ldi Navoiy takallumi poki. Bu to`rt daftarida hamdu na`t aro xalali, Gar etmish o`lsa ayon tab`u kilki beboki. Irfon, ishq, ko`ngil kabi insonni mumtoz etgan tushunchalarning asl mohiyatini hayotiy tajribalar orqali chuqur anglab o`tgan hassos shoir ko`r-ko`rona toat-ibodatni qoralaydi va «Kuntu kanzan» ning siru sinoatini bilish uchun avvalo Uning mazhariyatiga daxldor yagona markaz (Inson)ni o`rganish, tadqiq etish, mo`jizaviy mukammal san`at namunasi ekanligini anglash natijasidagina Haqqa sidqidil hamd aytish muddaosi bilan ijod qiladi. Ma`lumki, ulug` shoirning har bir g`azali o`z mazmun silsilasiga, tizimiga ega. Uning har bir g`azali inson ruhiyatining muayyan bir holati tavsifiga bag`ishlanadi. «Xazoyin ul-maoniy» tug`rosining har bir baytida esa kamolotga yetishning yetti ruhiy-ma`naviy riyozat maqomoti va uning amaliy-nazariy bosqichi, solik qalb holining har maqomda o`zgarib, Haqqa tobora yaqinlashib borishi ruhiy taraqqiyotning natijasi ekanligiga ishora qilinadi. Inson o`zining ilohiyot mazhari ekanligini Ishq va Ko`ngil orqali anglaydi. Devondagi g`azalda tasavvuf ta`limotining markaziy masalasi-kamolotga yetishning shartlari (oshiq qalbi va ruhini yetti darajada kamolga erishtirish) kuchli ramziyat tizimi asosida talqin etilgan. Shuning uchun har bir baytda jomu may so`zi takrorlanadi. Ashraqat min aksi shamsil ka`si anvor-ul hudo «Yor aksin mayda ko`r» deb, jomdin chiqdi sado1. «May kosasining quyoshi aksidan haqiqat yo`lining nurlari porladi». May kosasi–ishqu muhabbat tufayli yaratilgan butun borliq. Quyosh–Olloh, aksi– tajalliy timsoli. Tasavvufiy adabiyotlarda yozilishicha, inson yaratilgunga qadar jamiki borliq ruhsiz qorong`ulik shaklida bo`lgan, uni jilolantirish uchun Inson yaratilgan. Shoir «haqiqat yo`lining nurlari porladi» deyish orqali Olloh Komil inson vositasida tajalliy aylashiga va ikkinchi misrada moddiy olamning javhari(ko`ngil ilohiy ismlar mazhari markazi ekanligiga ishora qilgan. Hazrat Jomiyda bu ulug` muddao quyidagicha talqin etilgan: Shud dar qadahi sahbo akse zi ruxat paydo. Qad ashraqat ad-dunyo min ka`si muhayyono. «Sahbo»da (qizil mayda) yuzing aksi paydo, Dunyo bizning qadahimizdan yoridi». YA`ni, buning botiniy ma`nosi quyidagicha: Sahbo qadahi–butun borliq va yaratilmishlar mazhari. Dunyo, ya`ni ishq mahsuli olam siru sinoati faqat Inson ko`nglida yuz ochadi va butun borliqqa jilo beradi. Mazkur g`azalda sayrilloh (Olloh tomonga sayr) qalb maqomi va uning darajalari tadrijiy taraqqiyoti solik ma`naviy-ruhiy kamolotining birlamchi sharti sifatida tasvirlangan. G`azalda ana shu darajalarga ishoralar bor. «Yor aksin mayda ko`r» deb, jomdin chiqdi sado. Bu talab maqomi va ishqqa ehtiyoj sezgan ko`ngilning SADR darajasidagi holi. Ko`ngil ishq orqaligina yuksak darajotlarga erishadi va ishq kaliti vositasida ko`ngil tilsimi sirlari ochiladi. Chunki ko`ngil «ma`rifat dunyosining sayyohi», haq nazargohi, uning ilmi va ishqining xazinasidir. G`ayr naqshidin ko`ngil jomida belsa zangi g`am, Yo`qdur, ey soqiy, mayi vahdat masallik g`amzudo. «G`ayr naqshi» (dunyo g`ami, nafsiy ehtiyojlar) ko`ngil jomini zanglatadi, g`amxonaga aylantiradi. Ilohiy ishqqa mubtalo kishining ko`ziga dunyo talablari foniy, qadr-qimmatsiz bo`lib ko`rinadi. Kamolot sari qadam esa komillarga ergashish va ularni sevishdan boshlanadi. Ishq maqomining birinchi sharti ham do`stlik. Baytda soqiy (orif, piri mug`on) ga murojaatdan murod Olloh do`stlariga yaqinlashishdir. Piri mug`on oshiqning ma`naviy poklanishga belgan ishonchi (ishq)ni yanada tezlashtiradi. Chunki orifning maqsadi faqat Haqqa yo`nalgandir, u ilmu ilohiyda barchadan bilimdon. Oshiq vahdat mayining «g`amzudo»ligiga havas qilyapti. Havas esa haqiqiy ishqning birinchi bosqichi. Ilohiy ishq ehtiyojigina oshiqni ikkilik o`rtadan ko`tarilgan birlik, ya`ni «g`amzudo» (g`amdan pok qilguvchi, qayg`uni ketkazuvchi) vahdat maqomiga erishtiradi. «g`ayr naqshi» dan nafsni tiyish, qanoat, muhabbat kabi tuyg`ular ko`ngilning q a l b darajasi holi va Ishq maqomi sifatlaridandir. Ey xush ul maykim, anga zarf elsa bir sing`on safol, Jom o`lur getiynamo, Jamshid ani ichkan gado. «Singan safol» ga vahdat mayi muyassar bo`lsa, u Jamshidning sehrli jomi singari «getiynamo» (jahonnamo)ga aylanadi va uni ichgan gado o`zini Jamshiddek his qiladi. Jamshid Eronning eng ulug` martabali va oliy darajada aysh-ishrat qilgan afsonaviy podshohlaridan biri. U ikki jom kashf etib qoldirgan. O`shalardan biri–Jomi Jam va ikkinchisi – Jomi getiynamo. Jamshidning o`sha sehrli jomidagi may ichgan bilan tugamagan (Jomi Jam) va dunyoda sodir bo`layotgan barcha voqea-hodisalarni ikkinchisidan (Jomi getiynamo) kuzatish mumkin bo`lgan. Shoir o`z muddaosini talmeh san`ati orqali mohirlik bilan yuzaga chiqarishga muyassar bo`lgan. «Singan safol»-boylik hirsidan yuz o`girib, ishq dardida pora-pora bo`lgan ko`ngilning sh i g o f darajasi holi va Ma`rifat bosqichidir. Ishq(kamolot kaliti. Hatto gado ko`ngliga ilohiy ishqdan fayz yetsa, u o`zini shohdek his qiladi, saltanat shohlariga bo`yin egmaydi. Aksincha dunyo g`amidan ozod eranlarga shohlar ehtiyoj sezganlar. Hikmat, ma`rifat sirlaridan ogoh ko`ngil–shohdir. Chunki endi Ma`shuqi azal–Ko`ngil hokimi. Jomu may gar buyladir, ul jom uchun qilmoq bo`lur Yuz jahon har dam nisor, ul may uchun ming jon fido. Jomu may shunday qudratga ega bo`lsa, u zarf uchun (Jomi Jam uchun) yuz jahonni nisor, o`shanday ko`ngil uchun esa ming jonni fido qilsang arziydi. Haq hikmatidan bahramand ko`ngilga yuz jahonni nisor etishdan murod komil insonning beqiyos qadr-qimmati va kamyobligiga ishoradir. Qisqasi, ishq va ko`ngilning haqiqiy qudrati namoyon bo`lgach, ma`rifat sirlari ochiladi. Bu esa qalbning f u o d darajasi holi, Istig`no maqomining belgilaridir. Dayr aro hush ahli rasvo bo`lg`ali, ey mug`bacha, Jomi may tutsang, meni devonadin qil ibtido. «Dayr» so`zi mayxona ma`nosida ishlatilgan. Hush ahli –ishq mayidan bexabarlar. Ishqdan bexabarlar hamisha haqiqiy oshiqlarni aqldan ozgan deb, devonalikda ayblaydilar. Aqlu hushdan begona bo`lmasdan vahdat mayining sirini anglab bo`lmaydi. Mazkur g`azal yuqorida ta`kidlaganimizdek, shoir ijodining dasturi bo`lgani uchun mavzular, g`oyalar ko`lami jihatidan kengdir. Hazrat Navoiy ijodining ma`lum qismini malomatiylik g`oyalari tashkil etadi. Baytda shunga ham ishora bor. «Devona»–ishq behushligi, ko`ngilning g`aybiy haqiqatlari siridan ogohlik, sezgirlikning oliy martabasi. Faqat ogoh ko`ngilgina Haq tajalliygohiga aylanadi. Ilohiy ishq Ruhning aql va vujud ustidan chinakam g`olibligidir. Shoir so`zlarning ham haqiqiy, ham majoziy ma`nosidan mahorat bilan foydalangan. «Dayr»ning haqiqiy ma`nosi g`ayri-islomiy, otashparastlarning ibodatxonasi. Ishq–insonni nafsiy sifatlardan poklovchi olov. Ishq o`tida yongan oshiq dunyoviy hoyu havaslardan butunlay qutuladi. Ishq o`ti ko`ngilni o`tkinchi o`yu tashvishlardan mosivo aylaydi. Shuning uchun oshiq (misli o`tsevar Samandar) ishq o`tidan boshqa o`tga sig`inmaydi. Bu o`tda kuygan oshiq haqiqiy isho` maqomiga erishadi. Yuqoridagi baytda ishq o`ti o`zlikdan kechish, ruhiy– ma`naviy poklanish asosi sifatida (otashparastlikda olov qanday ulug`lansa) ta`kidlanmoqda. O`zlikdan kechmay, Haq vasliga yetib bo`lmaydi. Shoir «dayr» (mayxona) va «mug`bacha» (may quyuvchi bola) kabi otashparastlik e`tiqodi bilan bog`liq so`z ma`nolarining nozik qirralaridan mahorat bilan foydalanadi. Ishq o`tida poklangach, ko`ngil g`ayb ilmi xazinasiga aylanadi. Bu Tavhid maqomi va qalbning ilmi laduniyga yetishish, asl mohiyat markaziga yaqinlashish–suvaydo darajasi sifatlaridir. Toki ul maydin ko`ngul jomida bo`lg`ach jilvagar Chehrayi maqsud, mahv o`lg`ay hamul dam moado. Ilohiy ishqning ko`ngilni tamoman fath (zabt) etishi «moado»-o`zga narsalar, o`tkinchi mayda-chuyda ehtiyojlarning mahv bo`lishi bilan yakunlanadi. Ruhiy(ma`naviy sathi beqiyos keng ko`ngilda olam va odamni birlashtirib turuvchi ilohiy mo`jizalarning tub mohiyati ( «chehrayi maqsad» jilvalanadi. Bu qalbning ilohiy nurlar tajalliy aylaydigan joyi (darajasi)( m u h j a t ul- qalb va Hayrat maqomi sifatlaridir. Vahdate bo`lg`ay muyassar may bila jom ichrakim, Jomu may lafzin degan bir ism ila qilg`ay ado. Vahdat–birlik, yagonalik. Jom may bilan limmo-lim to`lgach, may idishning muayyan shaklini oladi, natijada birlik hosil bo`ladi. Bu Vujudi mutlaq bilan birlashish, ilohiy ruhga qo`shilib ketish ( F a q r u f a n o maqomi. Ishq ko`ngilni haqiqat nurlari mazhariyatiga aylantiradi. Inson o`zining ilohiy ruhdan iborat ekanligini fattoh ishq orqali anglab yetadi. Bu asliyatni, o`zlikni anglash, tavhid nurining manbai ko`ngilning l u b b martabasidir. Sen gumon qilg`andin o`zga jomu may mavjud erur Bilmayin nafi etma bu mayxona ahlin, zohido! Mazkur bayt orqali shoir ishqning mohiyati, haqiqati va qudratini keng miqyosda isbotlashga erishgan tasavvuf ta`limotining tarbiyaviy ahamiyatiga, mahdud qarashlardan xoli ekanligiga ishora qilgan. Ishq kalimasi Qur`oni karimda uchramasligi uchun zohidlar bu so`zni qo`llamagan. Bu tushunchani qo`llagan zotlar esa doimiy ravishda qarshilikka duch kelishgan. Ilohiy ishq oshiqni ma`lum din va diniy mushohadalardan behad baland ko`taradi. Dinlar, mazhablar, tariqatlar-Ollohga eltadigan yo`llar. Ollohga eltuvchi yo`llar Najmiddin Kubro ta`biri bilan aytganda, yaratiqlarning nafaslari hisobichadir. Manzil, mohiyat esa bitta. Shuning uchun shoir mohiyat qarshisida ularning barchasi bir xilligini e`tirof etadi. «Ey zohid, sen faqat toat-ibodat bilan jannatga yetmoqchi bo`lasan va Ollohga yetishning o`zga yo`llarini inkor etasan»,- deydi shoir. Tasavvufni tor ma`noda tushunish, qolipga solish o`zni kulgi o`qilishdir,-deydi Amir Xusrav Dehlaviy: Dar tasavvuf rasm justan xanda kardan bar xud ast, Dar tayammum mash kardan xok kardan bar sar ast1. Hazrat Navoiy matla`da boshlangan fikrni shunday xulosalaydi: Tashnalab o`lma Navoiy, chun azal soqiysidin «Ishrabu yo ayyuha-l-atshon» kelur har dam nido. «Azal soqiysi»–Olloh. «Ishrabu yo ayyuhal-atshon»-«ichingiz, ey tashnalar». Insonni yaratishdan maqsad Ko`ngilning qudratini ko`rsatish edi. May (ishq)–ilohiy tajalliy, Ko`ngil tashnaligini qondirib, ilohiy mohiyatga eltuvchi vosita. Qur`oni karimning «Ahzob» surasi 72-oyatida shunday deyiladi: "Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog`u toshlarga ko`ndalang qilgan edik, ular uni ko`tarishdan bosh tortdilar va undan qo`rqdilar. Inson esa uni o`z zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (o`ziga zulm qilguvchi va nodon edi), ya`ni bu omonatning naqadar vazmin yuk ekanligini butun koinot bildi va uni ko`tarishga qurbi yetmasligini sezdi, ammo inson o`zi bilmagan holda o`sha mushkul vazifasini o`z zimmasiga oldi"2. Oriflar "omonat" so`zini "ishq" deb sharhlaganlar. Ishq esa faqat insonga xos bo`lib, boshqa mavjudotlar undan bebahradir. Inson jamiki mavjudotning sirini bilishga tashna. Ma`rifatga shaydo insonning azaliy va abadiy Vahdatga tashnaligini i sh q qondiradi. Insonni nodonlik, gumrohlikdan qutqarib, ilohiy zotning bir bo`lagi ekanligini anglatib, baqo olamiga olib boradi. Shuning uchun har dam «azal soqiysi»dan nido kelur: «Ey tashnalar, ishq mayidan qonib ichingiz». Bu nido esa insonga Ko`ngil orqali ogoh bo`ladi. Matla`da «jom sado»si bilan boshlangan fikrni shoir maqta`da «azal soqiy»si «nido»si bilan yakunlaydi. Bu insonning Ilohga va Ilohning «har dam» insonga (hadis: «Agar Menga tomon bir qadam qo`ysang, Men yuz qadam yaqin boraman») intilishiga ishoradir. Mazkur g`azal ko`ngilning Ishq bilan o`tkazgan sirli hollari, olami g`ayb sari parvozi va Vahdat maqomiga erishishi–Komillikka yetishning tadrijiy taraqqiyoti talqiniga bag`ishlangan. Komillik tariqining asosi esa Yer yuzida murosayu madora orqali tinch, osuda hayot zavqini surishni targ`ib qilishdir. Ulug` shoir esa butun umri va ijodini xuddi shu buyuk maqsad talqinu targ`ibiga bag`ishladi. Bu fikrni shoirning hayotiy faoliyati–saroy va xalq o`rtasida iliq muhit o`rnatishi, ota-o`g`il o`rtasida (Sulton Husayn Boyqaro va uning tojparast o`g`illari) toju taxt nizolarini, mamlakat ichkari va tashqarisidagi turli notinch, tahlikali vaziyatlarni o`zaro kelishuv, sulh orqali hal etishi, ilmu irfon ahliga rahnamoligi tasdiqlaydi. Shuning uchun Hazrat Jomiy Mir Alisherning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi nufuzini: «Muhib va mo`taqidi darveshon, balki mahbub va mo`taqidi eshon Nizom ul-millati vaddin-Amir Alisher» («darveshlar do`sti va muxlisi, balki ular do`st tutgan va ixlos qo`ygan millat va din qoidalarining bilimdoni–Amir Alisher»),-deya faxr bilan e`tirof etgan1. Ulug` Navoiy o`z davrining ijtimoiy-siyosiy muammolariga befarq qarab turolmasdi. Qolaversa, u ayni turli mazhablar, shariat va tariqat ahli o`rtasida nizoyu kelishmovchiliklar tez-tez sodir bo`lib turgan davrda yashab ijod o`ildi. Shoir tasavvufning turli oqimlari, tariqat namoyandalarini so`z iqlimida sohibqiron bo`lishga va shariat ahlini esa quruq, soxta toat-ibodatdan, zohirbinlikdan, kaltabinlikdan qaytarishga intilgan, tariqat shariatning yuqori bosqichi, ularni ayrim-ayrim tushunish esa jamiyat hayoti uchun xavfli ekanligini qayta-qayta uqtirgan. Chunki «Haq va inson» munosabatlari shariat va tariqatda turlicha talqin etilgan. Shoir bu nizolarning asosiy sababini mohiyatni tushunmaslikda, ma`rifiy saviyaning pastligida deb biladi. Alisher Navoiy devonida hamd, na`t va mav`iza yo`nalishidagi ma`rifiy- badiiy g`azallardan keyin badiiy-ma`rifiy g`azallar joylashtirilgan. Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul ta`kidlaganidek: «Alisher Navoiy o`zbek adabiyotining qaysi joyida bo`shliq yoki yetishmovchilik sezgan bo`lsa, ijod tajribasi bilan o`sha bo`shliqni to`ldirib, kamchiliklarga chek qo`ygan»1 . Shoirning Sharq mumtoz adabiyotida hamd she`rlar takomili va taraqqiyotidagi xizmatlari (jumladan, hamd g`azallari ham) shu tomondan tahsinga loyiq. Murakkab ramziy tizimlar orqali ifodalangan g`azallar botiniy mohiyatini ko`pchilik tushunmagan. Yoki aksincha, yuzaki tushunish oqibatida turli ixtiloflarga sabab bo`lgan. Hamd g`azallar esa murakkab ramziy tizimda yozilgan g`azallar uchun ma`naviy-ruhiy poydevor vazifasini o`taydi. Shuning uchun Alisher Navoiy san`atning mohiyatini xalqqa xizmat qilishida deb bilgan va amaliy faoliyatini ham shu asosda o`tagan. Elga nafi tegmagan badiiy ijodning hech qanday qimmati yo`qligi haqida shoir «Lison ut-tayr» ning xotimasida shunday yozadi: Qush tili birla takallum qilmog`i, Ortug` Osafdin, Sulaymondin dog`i. Kim alar gar angladilar bu maqol, Lekin elga qilmadi naf` intiqol2. Shariat va tariqatning komil jamiyat qurish hamda komil inson tarbiyasi uchun bir-birini taqozo etadigan tadrijiy, uzviy, uzluksiz bosqichli mantiqiy jarayondan iborat ekanligini asoslab borish, ulug` shoir hamd g`azallarini birlashtirib turuvchi umumiy g`oyadir.