logo

Kitobxonlarning axborot va kompyuter madaniyatini tarbiyalash va shakllantirishda kutubxonalar faoliyati

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

17.8056640625 KB
Kitobxonlarning axborot va kompyuter madaniyatini tarbiyalash va shakllantirishda kutubxonalar faoliyati Reja: 1. Kitobxonlarning axborot madaniyatini tarbiyalash shakllari 2. Kitobxonlar madaniyatini shakllantirish Kitobxonlarning axborot madaniyatini tarbiyalash shakllari Matbuotda axborot va kompyuter madaniyati haqida fikrlar ko‘plab uchraydi. Avvaldan kutubxonachilik ishida kitobxon madaniyati, o‘qish madaniyati tushunchalari ishlatilgan. Zamonaviy xususiyatlar ta’sirida axborot va kitobxon madaniyati tushunchalari mazmunan bir-biriga yaqin ma’noda qo‘llanilishi ko‘zga tashlanyapti. Bu tushunchalar shunisi bilan dolzarbki, zamon axborotlashib bormoqda, axborot olami kengayib ketdi. Endi har bir kishi vaqtidan unumli foydalangan holda o‘zi uchun zarur axborotni o‘z vaqtida olishga ulgurishi kerak. Axborot olamidan o‘zi uchun kerak axborotni tanlab olish, uni qayta ishlab chiqish dengiz tubidan gavhar qidirish bilan teng. Hozirgi kun ta’lim va tarbiya tizimida kishilarni, ayniqsa, bolalarni kelgusida axborotlashgan jamiyat hayotida faol yashashga tayyorlash muammosi turibdi. Buning uchun maktab o‘qituvchilarini va kutubxonachilarni axborot madaniyatiga o‘qitish zaruriyati tug‘iladi. Axborot madaniyati — axborotni qidirish, axborot resurslari (matbuot nashrlarining barcha turlari) bilan ishlay olish, axborotni qidirish, topish, u bilan ishlash, analitik va sintetik tahlil qilish, shaxsiy hayotida va mehnat faoliyatida qo‘llay olish ko‘nikmasi darajasi. Har bir kishi buni bajarish jarayonida quyidagi savollarga javob bera olishi zarur: — Men nima qilishim kerak? — Axborotni topish uchun qayerga murojaat qilishim kerak? — Axborotni qanday yo‘l bilan olishim kerak? (Axborotni qidirish uchun aniq resurslarni tanlash) — Qaysi resurslardan foydalanishim zarur? —Resurslardan qanday foydalanishim kerak? (Tanqidiy tahlil qila bilish) — Undan nimani yozib olishim kerak? (Axborotni saralash va tanlash) —Zarur axborotni ola bildimmi? (Tahlil, sintez, baho berish) —Uni qanday va qay yo‘l bilan taqdim etish kerak? (Natijaga baho berish) Axborot madaniyatini tarbiyalash maktab va bolalar kutubxonasi xodimlarining asosiy vazifasi. Chunki kitobxon kitobxonlik umrining asosiy vaqtini shu kutubxonalarda o‘tkazadi. Shuning uchun kutubxonachi-pedagog kasbini tayyorlash vazifasi muhim vazifalardan biri. Masalan, Rossiya maktablarida kutubxonachilar kichik sinf o‘qituvchilariga kitobxonlik va axborot madaniyatini shakllantirishda yordam berish bo‘yicha maxsus dasturlar yaratilgan. Axborot bilan ishlash ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida o‘rta sinflarda kutubxonachilik-bibliografik bilimlar targ‘ib qilinadi, o‘rgatiladi. Yuqori sinflarda esa axborot madaniyati asoslaridan darslar o‘tiladi. Bizning xalqimiz avvaldan kitobxon xalq. Ammo kitobxonlik madaniyatini yuqori darajaga ko‘tarish lozim. O‘zbekcha maktab o‘quvchilariga o‘zbek adabiyoti va boshqa xalqlar adabiyoti haqida ko‘proq tasavvur va tushuncha hosil qildirishimiz kerak. Shuningdek, adabiyotni davrlar bo‘yicha, mamlakatlar bo‘yicha, janrlar bo‘yicha ham ajrata olishlari zarur. Bunday tushunchani, bilimni shakllantirish, avvalo, adabiyot fani o‘qituvchilarining ishi bo‘lsa, ikkinchidan, kutubxonachining ham vazifasidir. Kutubxonachilar axborot madaniyatini tarbiyalashda quyidagilarga e’tiborni qaratishlari kerak: — tarixiy va huquqiy madaniyatni rivojlantirish — davlat qonunlarini, rasmiy hujjatlarni bilishga yo‘llash; —estetik va kitob madaniyati, shuningdek, o‘qish madaniyati ko‘nikmalarini tarbiyalash; — bibliografik madaniyat; — zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasini va madaniyatini tarbiyalash; — muloqot madaniyatini shakllantirish. Bu xususiyatlar hamma uchun zarur. Iste’molchilar bilan ish olib borishda quyidagi prinsiðlarga amal qilinadi: rejalilik; ketma-ketlik; bosqichma-bosqich olib borish; alohida-alohida ish olib borish (kitobxonning yoki iste’molchining bilim saviyasi, darajasini hisobga olgan holda yondashish). Buning uchun axborot ko‘rgazmalari, stendlar, turli bibliografik, uslubiy plakatlar, kompyuter dasturlari bo‘yicha bilim berishga oid turli xil qo‘llanmalar, varaqalar, bukletlar, mustaqil ma’lumot yig‘ish va qidirishga oid maslahatlar, savol-javob o‘yinlari, turli videonamoyishlardan foydalaniladi. Kitobxonlar madaniyatini shakllantirish Huquqiy madaniyatni shakllantirib, tarbiyalab borish har bir tarbiya va ta’lim tizimidagi xodimning vazifasi. Ko‘pgina axborot-kutubxona markazlarida huquqiy axborot markazlari tashkil etilgan. Bu markazlar viloyat hududidagi barcha fuqarolar, tashkilot va muassasalar, bilim maskanlari bilan ish olib borish bilan birga boshqa tizimdagi kutubxonalarga shu yo‘nalishda uslubiy yordam beradilar. Huquqiy madaniyat —bu o‘zining Konstitutsiyada belgilangan haq- huquqlarini, burchi va vazifalarini anglab yetish, to‘lato‘kis amalga oshirish, amaliy faoliyatida va shaxsiy hayotida ana shu me’yorlardan unumli va to‘g‘ri foydalana bilish qobiliyati, san’ati va bilimining yig‘indisi. Shuning uchun ta’lim- tarbiya maskanlari, jumladan, axborot-kutubxona markazlari, axborotresurs markazlari faoliyati asosiy yo‘nalishlaridan biri huquqiy madaniyatni tarbiyalash, tarixiy bilimlarni bera olishdan iborat. Buning uchun huquqiy mazmundagi adabiyotlar va bilimlarni targ‘ib qilishning og‘zaki, ko‘rgazmali va kompleks usullaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Masalan: «Siz o‘z huquqingizni bilasizmi?» mavzusida kitob ko‘rgazmasi, mavzuli kartoteka, bibliografik sharh, savol-javob o‘yinlari, suhbatlar, munozara-bahs, huquqshunoslar bilan uchrashuv kechalari o‘tkazish, shu yo‘nalishdagi eng qimmatli asarlar taqdimoti, kitob kechalari va ular tarkibida psixodramatik sahnalar namoyishi turli kitobxonlar guruhining o‘ziga xos xususiyatlariga qarab tashkil etiladi. Kitob o‘qish madaniyati, axborotni qidirish, to‘plash, tahlil qilish, tanlash, undan to‘g‘ri foydalana olish qoidalarini ko‘pchilik kitobxonlar tushunib yetmaydilar. Estetik madaniyat ko‘nikmasi har bir fuqaroga zarur. Chunki estetik tarbiya olgan kishigina yaxshilikka intiladi, ezgulik ko‘rsata oladi, yaxshilikdan, go‘zallikdan bahra olishni va boshqalar bilan uni baham ko‘rishni biladi. Go‘zallikni tushuna olmagan, his qila olmagan kishidan yaxshilik kutib bo‘lmaydi. Shuning uchun barcha adabiyot va san’at asarlaridan, ular asosida yaratilgan audio va video hamda elektron manbalardan unumli foydalanish burchimizdir. O‘qish madaniyati —bu o‘qish, mutolaa uchun hujjatni to‘g‘ri tanlay bilish, eng zarurini ajrata olish, undan o‘z vaqtida to‘g‘ri foydalana olish, amaliyotda unumli foydalanish ko‘nikmasi. O‘qish madaniyati, asosan, yosh kitobxonlar bilan ishlovchi maktab, kollej va litsey qoshida tashkil etilgan axborot-resurs markazlarining vazifasi. Uni tarbiyalashda o‘qituvchilar, ota-onalar va kutubxona xodimlarining hamkorligi zarur. Bibliografik madaniyat. Ko‘p hollarda kutubxona kataloglari, shuningdek, elektron kataloglar, adabiyotlar ro‘yxati, tavsiya qo‘llanmalari, bibliografik ko‘rsatkichlar, sharhlar, yirik bibliografik manbalarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Har qanday ilmiy izlanishlar, tadqiqot ishlari ularning yordamisiz amalga oshmaydi. Ayniqsa, faqatgina bir kutubxonada yaratilgan elektron katalogdan emas, balki boshqa mamlakat kutubxonalarining elektron katalogidan foydalanishda bibliografik elementlarni bilish bibilografik yozuvlarning qaysi tilda bo‘lishidan qat’i nazar katta ahamiyatga ega. Bibliografik manbalardagi yordamchi apparatlar —ismlar, predmet, alifbo ko‘rsatkichi, mundarija, kirish so‘zi va boshqa turli ma’lumotlardan unumli foydalanish ko‘nikmasi kitobxon uchun zarur. Bunday ko‘nikmani shakllantirib borish ham kutubxona xodimining vazifasidir. Axborot texnologiyalari asrida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasi va madaniyatiga ehtiyoj katta. Har bir kutubxona, axborot markazi, o‘quv xonalari, sinfxonalar va auditoriyalar kompyuterlashtirilmoqda. Ana shunday sharoitda kompyuterdan foydalanishning texnik va gigiyenik qoidalarini anglab yetish, texnika xavfsizligiga amal qilish, kompyuterni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, undan unumli foydalanish talab etiladi. AKM va ARMlarda tashkil etilgan axborot texnologiyalari bo‘limlarining asosiy vazifasi ana shu ko‘nikmani va madaniyatni tarbiyalashdan iborat. Buning uchun har bir foydalanuvchi bilan ishlash, turli ko‘rgazmali qurollardan foydalanish, ommaviy tadbirlarning, yakka tartibda olib boriladigan ishlarning sifatini oshirish, maxsus o‘quv kurslari tashkil etishni nazorat qilib borish, maslahatlar uyushtirish kutubxonalar tajribasiga kirib keldi. Muloqot madaniyatini shakllantirish. Alisher Navoiy: «So‘z aytish va so‘z tinglash odobiga alohida e’tiborni qaratish, uni ota-ona tarbiyasining nishonasidur», deydi. Muloqot — ikki va undan ortiq kishi o‘rtasidagi suhbat. Suhbatlashish, muloqotga kirishish odobi har bir inson uchun zarur. Muloqot davomida o‘zaro fikr almashinadi, bir-biridan o‘rganiladi, tarbiyaviy jarayon amalga oshadi, bilim olish, ma’lumot olish, o‘zida mavjud fikr va mulohazadagi xatoni to‘g‘rilash, kamchilikni to‘ldirish, boyitib borish mumkin bo‘ladi. Shuning uchun o‘zaro muloqotda odobni saqlash, o‘zaro hurmat, e’tibor, diqqat talab etiladi. Ammo uni kitob vositasida, kutubxonada o‘tkaziladigan tadbirlar ta’sirida amalga oshirish ko‘proq samara beradi. Hatto kitobxon oilada olmagan bilimini kutubxonadan topadi, oilada berilmagan yaxshi fazilatni boshqalar ta’sirida o‘ziga singdiradi. Bunda kutubxona xodimidan, har bir tarbiya va ta’lim maskani xodimidan shaxsiy namuna talab etiladi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Karimov I. A. Barkamol avlod — O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. 1997. 2. Karimov I.A. Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot— pirovard maqsadimiz. Asarlar . - „ O ‘ zbekiston“, 2000. 3. Karimov I. A. Xavfsizlik va tinchlik uchun kurashmoq kerak. — 10- jild. O’. „O‘zbekiston“, 2000. 4. Milliy istiqlol g‘oyasi. — O’. „O‘zbekiston“, 2001. 5. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi // Barkamol avlod — O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. — O’. 1987. 6. Axborotlashtirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: 1993- yil 7- mayda qabul qilingan // „Xalq so‘zi“, 1993. 7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002- yil 12apreldagi 123- sonli „Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasini tashkil etish to‘g‘risida“gi qarori // „Xalq so‘zi“. 2002. 8. Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkiletish to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidenti qarori // „Xalq so‘zi“, 2006. 9. Mamatraimova H. Bibliografiya // O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi. 2-jild. 2001. 10. Mamatraimova H. Bibliografiyashunoslik// o‘sha joyda. 11. Mamatraimova H. Davlat bibliografiyasi//o‘sha joyda.—3- jild