logo

Badiiylik Obrazlilik Obraz Umumlashmalik Individuallik Badiiy to`qima Ta`sirdorlik Mubolag`adorlik Xarakter Psixologizm

Yuklangan vaqt:

10.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

110 KB
Badiiylik Obrazlilik Obraz Umumlashmalik Individuallik Badiiy to`qima Ta`sirdorlik Mubolag`adorlik Xarakter Psixologizm Reja: 1. Badiiylik Obrazlilik 2. Obraz Umumlashmalik Individuallik 3. Badiiy to`qima 4. Ta`sirdorlik 5. Mubolag`adorlik 6. Xarakter 7. Psixologizm Nazariyotchi olim Abdurauf Fitrat yozganidek, “adabiyot-fikr, tuyg`ularimizdagi to`lqunlarni so`zlar, gaplar yordami bilan tasvir qilib, boshqalarda ham xuddi shu to`qinlarni yaratmoqdir”. 1 Ha, “Asli, yozuvchilik aytmoqchi bo`lgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashilmovchilik solmaslikdir”. 2 Bu aytilganlarning yana biri (“insonshunoslik” haqida gapirdik)-badiiylikdir. (V.Belinskiy badiiylikni adabiyotning muhim va asosiy xususiyatlaridan biri sifatida talqin qilgani bejiz emas). “Ko`pincha adabiyotshunoslar adabiyotning o`ziga xosligi-obrazlilik, deb hisoblaydilar. Bu-tor talqindir, chunki obrazlilik, umuman inson tafakkurining xususiyatidir (falsafada “obraz” terminidan foydalanish tasodifiy emas.) Badiiylik- obrazlilikdan kengroq tushunchadir. Badiiylik-san`atning hamma turlarining, shu jumladan, adabiyotning eng muhim o`ziga xos xususiyatidir. Badiiylik tushunchasiga obrazlilik kiradi, ammo badiiylik-faqat obrazlilikdan iborat emas. Adabiyotni badiiy qilgan narsa faqat obrazlilik bo`lmay, balki uning vazifalari, mazmuni va shakliga taalluqli ko`pgina xususiyatlardir”. 3 Badiiylik (Arabcha “bada`a” fe`lidan kelib chiqqan bo`lib, yangilik kiritish, ijod qilish ma`nolarini beradi) hayotni jonli va ta`sirli qilib tasvirlashning umumiy belgisi, o`xshash qilib qayta yaratilgan olamning tirikligini, mo`jizakorligini, ta`sirchanligini ta`minlovchi hodisadir. Ya`ni badiiylik-badiiy ijodning hamma unsurlari (obraz, xarakter, tip, syujet, detal, kompozisiya, badiiy til, ifoda tasvir vositalari, poetik sintaksis, janrlar, uslub...)ni o`z ichiga qamrab oladi, ularning har biriga va ayni paytda, turli-tuman tarzda birlashib, yaxlitlashganlarida jon ato etadi. Demak, badiiylik deganda hayotni jonli va ta`sirli qilib qaytadan yaratish san`ati, hayot hodisalari ustidan chiqargan “hukmi”, shu “hukm” ruhida tarbiyalash tushuniladi. 1   A.Fitrat. Adabiyot qoidalari,, “O’qituvchi”, Toshkent, 1995, 22-bet. 2 A.Qodiriy. Ijod mashaqqati,   “O’qituvchi”, Toshkent, 1995, 6-bet. 3 I.Sulton. Adabiyot nazariyasi,   “O’qituvchi”, Toshkent, 1980, 108-bet. Shu mulohazaga suyansak, badiiylikning o`zagi-obrazlilik ekani aniqlashadi u san`atning “tili”-dir. San`atning san`at bo`lishini ta`minlovchi ruh (jon)dir. Obrazlilik badiiylik ichida yashaganidek, obraz obrazlilikning mohiyatini o`zida tashiydi. Shu sabab obraz tushunchasi (demakki, keng ma`noda badiiylik) adabiyot ilmining bosh masalalaridan sanaladi, chunki unda obrazlilikning mohiyati borlig`icha namoyon bo`ladi. Demak, yozuvchi-san`atkorning butun salohiyati (mahorati, ruhshunosligi, kashfiyoti, donishmadligi...) u yaratgan obrazlarda muhrlanadi. “Obraz” atamasi “raz” (“chiziq”) so`zidan olingan bo`lib, “raz” so`zidan “razit” (“chizmoq”, yo`nmoq, o`ymoq) va undan “obrazit” (“chizib, yo`nib, o`yib shakl yasamoq”) so`zi yasalgan. “Obrazit”dan “Obraz” (“umuman olingan tasvir”) vujudga kelgan. Obraz nazariyasi, dastavval, Aristotel (“Poetika”) estetik qarashlarida uchrasa-da, unga birinchi bor nemis faylasufi Gegel ilmiy ta`rif bergan (“San`at obrazlar orqali fikrlashdir”), “tinib-tinchimaydigan” rus tanqidchisi V.Belinskiy tomonidan mukammallashtirilgan. I.Sultonning “Adabiyot nazariyasi” (1939,1980) darsligida, T.Boboyevning “Adabiyotshunoslikka kirish” (1979) qo`llanmasida keng ishlatilgan, badiiy asar mazmuni va shaklining birligini o`zida ifoda etuvchi vosita tarzida tahlil qilingan.       Shuni esdan chaqarmaslik muhimki, obraz faqatgina san`atga tegishli hodisa emas. Buni san`at va tanqid, yozuvchi va tanqidchi o`rtasidagi farqlarda ham yaqqol ko`rish mumkin. Yozuvchi o`z qarashlarini, orzu-istaklarini obrazlar vositasida qalbining “dardi”, his-hayajoni bilan o`quvchilar ommasiga yetkazsa, asosiy maqsad qilib o`quvchilar ruhiy olamiga, tuyg`ulariga ta`sir qilishni nazarda tutsa, adabiy tanqidchi o`z fikr mulohazalarini va qarashlarini izchil mantiq, asos va isbot asosida aniq bayon qilish yo`li bilan ommaga yetakazadi, asosiy maqsad qilib kitobxon aqliga ta`sir qilishni nazarda tutadi. Yozuvchi Oskar Uayld fikricha, munaqqid – go`zallikdan (badiiy asardan) olgan taassurotini yangi shaklga yoki yangi vositalar bilan ifodalab berishga qodir odamdir. To`g`ri, tanqidchi ham badiiy vositalarsiz, his-hayajon va “dard”siz ish ko`rmasligi kerak. Chunki falsafada isbotlanganidek, “kishi emosiyasisiz insonning haqiqatni qidirishi bo`lmagan, bo`lgan emas va bo`lishi ham mumkin emas!” Demak, tanqidchi badiiy asarni baholash jarayonida shu asar tufayli qalbida tug`ilgan hislarni, hayajonni ifodalashi lozim, ya`ni tanqidchi o`z ilmiy tafakkuriga, uning mantiqiga o`z badiiy tafakkurini bo`ysundirgandagina, shu yo`l bilan ularning o`zaro dialektik birligini ta`minlagandagina o`z vazifasini bajarishga qodir bo`ladi. Chunki, his-hayajon va obrazlilik bilan charxlangan fikr sovuqqon, hissiz fikrga nisbatan o`quvchida kuchli ishonch hosil qiladi. Lekin, tanqidning bu xususiyatini ba`zi yozuvchi va tanqidchilar adabiyotdagi obrazlilik tushunchasiga tenglashtiradilar yoki tanqidga xos bo`lgan badiiy tafakkurni ilmiy tafakkurdan ustun qo`yadilar. Masalan, yozuvchi Ye.Vinokurov: “Men adabiy-tanqidiy maqolalar to`plamini roman kabi o`qishni xohlardim” 1 , - deganida, xuddi shu tendensiyani yoqlagandek ko`rinadi. Yoki tanqidchiligimizda o`ziga yarasha o`rinni egallagan iste`dodli tanqidchi Ibrohim G`afurovning “Go`zallikning olmas qirralari” kitobini, dastlabki tadqiqotlaridan birini olib ko`raylik. Unda tanqidchi badiiy asarlarni kuyib-yonib tahlil qiladi. Shu munosabat bilan tanqidchi hayot va adabiyot haqidagi o`z qarashlarini izhor etadi. O`zining orzu-istaklari, fikr va qarashlari bilan o`rtoqlashadi. Lekin, ba`zi o`rinlarda izchil mantiqiy mulohazalar tanqidchining his-hayajoni, lirik chekinishlari soyasida qolib ketganday tuyuladi. San`at va adabiyotdagi obraz jonli harakati, jozibadorligi va yorqinligi bilan o`zida hodisaning qonuniyatini asosli va chuqur mujassam qilgani va hakozo xususiyatlari bilan farq qiladi. 1 Qarang: “Voprosi literaturi” jurnali, 1966 yil, 5-son, 17-bet (Tarjima bizniki-H.U.). Demak, adabiyotga hayotning hamma (inson, narsa-buyum, hayvon, hodisa, predmet, o`simlik; ko`chma ma`no beruvchi so`zlar, iboralar, leksik resurslar, ifoda vositalari kabi) unsurlari kirar ekan, kirganda ham san`atkor ongi va qalbida jilolanib, boyib, kattalashib, eng muhimi insonlashib muhrlanarkan – ularning barchasini obraz deb yuritish qonuniyatdir. Biroq, V.Belinskiy ta`kid etganidek, san`atdagi eng oliy predmet-inson hisoblanarkan, demak, “obraz” atamasi- insonga (badiiy asardagi insonga) nisbatan qo`llanishi ma`quldir. Obraz “badiiy to`qima yordamida yaratilgan, estetik qiymat kasb etgan inson hayotining umumlashma va ayni chog`da, aniq manzarasidir” 2 degan asosli ta`rifga suyansak, uning to`rtta asosiy, har birini alohida tahlil qilish lozim bo`lgan xususiyati borligi va ayni paytda, “obraz fikrni umumlashtirishning tejamli” (M.Gorkiy), qabariqli, mubolag`ali usuli ekanligi ayon bo`ladi. 1. Badiiy obrazning umumlashmaligi. Asalari minglab gullarga qo`nib, uning eng asl sharbatlarini emib, bir yerga yig`ib bol to`plaganidek, yozuvchi ham muayyan obraz (do`kondor)ni yaratish uchun, ko`plab do`kondorlarning qiyofasini belgilovchi xarakterli xususiyatlarini, odatlarini, so`zlash odoblarini, ma`naviyatini va hakozolarini o`rganadi va ularning eng saralarini umumlashtirib, bir obrazda jamlaydi. Shu sababdan birgina obraz mohiyatida yuzlab kishilarga xos hislat va belgilarini ko`rish, “tanish bo`lgan notanish” kishilarni uchratish mumkin bo`ladi. Ya`ni, obraz hayotdagi kishilardan eng muhim, tipik xislatlar asosida umumlashtirilgani, shu asosda yaxlitlashtirilgani bilan farq qiladi. Jumladan, “Sudxo`rning o`limi”dagi Qori Ishkambada bosh xususiyat qilib xasislik, ochko`zlik, sudxo`rlik xislatlari shunchalik umumlashtirilganki, biz hayotda uchratgan o`ta xasis va sudxo`r kishilarni-qori ishkambalar deb atayveramiz. Demak, yozuvchi A.M. Gorkiy haq: “Badiiy adabiyot ayrim faktlarga bo`ysinmaydi, chunki undan yuqoridir. Uning faktlari haqiqatdan ajralmagandir... Adabiy fakt-bir xildagi qator faktlardan sug`irib olingan va tipiklashtirilgandir. Hayot haqiqatida takrorlanuvchi qator 2 L.I.Timofeyev. Osnovi teorii literaturi, Moskva, 1971, str. 62-63. voqyealarni bir voqyeada haqqoniy aks ettirilsa, shu vaqtdagina haqiqiy badiiy asar bo`ladi”. 1 2. Badiiy obrazning aniqligi (individualligi). Hayotda bir-biriga aynan o`xshaydigan odam, barg, qor uchquni bo`lmaganidek, hislatlar ham, fazilatlar ham betakror ekan, badiiy obrazlar olami ham xuddi hayot kabi turfa xildir. Shunga binoan obrazlar rang-barang, boy, ko`p qirralidirki, bu o`z navbatida, har bir obrazning xarakterli aniq qiyofasi, o`ziga xos original qilig`i, odati, o`yi, orzusi, tili, muhokamasi, mushohadasi, ma`naviyati, madaniyati... salohiyati bo`lishligini taqozo qiladi; individualashtirish qonuniyatini ishga tushiradi: o`ziga xoslik kashf etiladi, ta`kidlab ko`rsatiladi, esda qoladigan qilib tasvirlanadi. Ana shundagina-individual obraz jonliligi va tabiiyligi, hayotiyligi va betakrorligi bilan kitobxon qalbidan joy oladi. Chunonchi, “O`tkan kunlar”dagi Otabek, Kumush, Zaynab, O`zbekoyim, Mirzakarim qutidor, Yusufbek hoji, Oftoboyim, Jannat kampir kabi bir-biriga o`xshamaydigan, rang-barang xislatlarni o`zida jamlagan individual shaxslar olami ko`z o`ngimizda jonlanadi. Birgina dalil “Yusuf hojining qiziq bir tabiati bor: xotini bilangina emas, umuman uy ichisi bilan har qanday masala ustida bo`lsin uzoq so`zlashib o`lturmaydir. Otabekmi, onasimi, Hasanalimi, ishqilib uy ichidan birortasining so`zlari yo kengashlari bo`lsa, kelib hojining yuziga qaramasdan so`zlay beradirlar; maqsad aytib bitkandan so`ng sekingina ko`tarilib uning yuziga qaraydirlar. Hoji bir necha vaqt so`zlag`uchini o`z og`ziga tikiltirib o`lturg`andan so`ng, agar ma`qul tushsa “xo`b” deydir, gapka tushunmagan bo`lsa “xo`sh” deydir, noma`qul bo`lsa “durust emas” deydir va juda ham o`ziga noma`qul gap bo`lsa bir iljayib qo`yish bilan kifoyalanib, mundan boshqa so`z aytmaydir va aytsa ham uch-to`rt kalimadan oshmaydir”... 1 Ko`rinayaptiki, yozuvchi Yusufbek hojining fe`lini aniq va kitobxon ishonadigan (uning xarakteriga, yoshiga, salohiyatiga mos) tarzda indivduallashtirmoqda, ayni paytda, uning asosidagi umumlashtirish va ikkala unsurning ham hayotiy yaxlitligi Yusufbek hoji obrazining jozibadorligini 1 M.Gorkiy. O literature, Moskva, 1933, str. 268. 1 A. Qodiriy. O’tkan kunlar. Mehrobdan chayon, Toshkent,   1994, 131-bet ta`minlamoqda. Demak, umumlashmadan individuallik, individuallikdan umumlashmalik tug`ilgandagina, to`g`rirog`i ular bir-birlarining ichlarida mujassamlangandagina-yaxlitlik vujudga kelgandagina obraz betakrorlikka, jonlilikka, ta`sirdorlikka erishadi. Obraz tug`iladi. 3. Obraz yaratishda badiiy to`qima. Obraz umumlashmalik va individuallik qonuniyatlarining birlashuvidan yuzaga kelar ekan, ularni san`atkor dilidan o`tkazib, o`zligini qo`shib tasvirlarkan, albatta, unda badiiy to`qimaning, fantaziyaning qay darajadadir qudrati qo`shilgan bo`ladi. Badiiy to`qima Uellek (AQSh) tushunchasida- “Badiiylikning asosiy determinanti 1 [1] , F.N Golyanskiy (Polsha) tasdig`icha- poeziyaning qalbidir 2 [2] ”“Zotan, butun adabiyot badiiy to`qimalardan iborat, chunki turmush hodisalari zamon va makon ichida sochilib yotadi. Masalan, bir odamni olaylik: u o`zining mohiyatini, tabiatini ochib beradigan bir so`zni bugun aytsa, ikkinchisini bir haftadan, uchinchisini bir yildan keyin aytishi, balki hyech bir aytmay o`tib ketishi ham mumkin. Yozuvchi ana shunday odamni ketma-ket so`zlatadi.     Uning mohiyati va tabiati uchun xarakterli so`zlarning hammasini ayttiradi. Bu esa turmushni badiiy to`qimalar vositasida aks ettirish bo`ladi. Ammo badiiy to`qimadagi hayot oddiy turmushdan ko`ra realroq va to`liqroqdir” (A.Tolstoy). Darvoqye, hayotdagi zamon nuqtai-nazaridan qarasak, “O`tkan kunlar”dagi voqyealar o`n uch yarim yilda bo`lib o`tsa, adabiyot qoidalariga ko`ra bir-ikki kunda (kitobxon o`qishga sarflagan vaqt ichida) bo`lib o`tadi. Bu, birinchidan . Ikkinchidan, ijod jarayoni tajribasida (Aristotelning “Poetika”sidan boshlab) asarda ishtirok etuvchilar qanchalik bir-birlari yoki qarindoshlik iplari bilan bog`langan bo`lsalar ular o`rtasidagi simpatiya yoki antipatiya (syujet voqyealari) keskinlashadi. Jumladan, “O`tgan kunlar”dagi Homid Rahmatning 1 [1] Qarang: G.Markevich. Osnovniye problemi nauki o literature, Moskva, 1980 god, str. 148. 2 [2] Qarang: G. Osnovniye problemi nauki o literature, Moskva, 1980 god, str. 138. (Determinizm. Tabiat va jamiyatdagi hamma hodisalarning, shu jumladan, kishilarning iroda va xulqlarining umumiy obyektiv qonuniyati borligini va ular bir-biriga bog’liq bo’lib, bir-birini taqozo etishini e’tirof etuvchi nazariya: O’zbek tilining izohli lug’ati,   “Rus tili” nashriyoti, Moskva, 1981, 1 tom, 222-bet). tog`asi, Ziyo shohichining qaynisi, Ziyo shohichi-Yusufbek hojining eng yaqin oshnasi va sh.k. Bu usul yovuzlik bilan ezgulikning kurashini keskin va qiziqarli qilganidek, ikkala hodisa (yovuzlik va ezgulik)ning bir makonda, zamonda, hattoki bir urug`da yashashi mumkinligini-hayotiyligini isbotlaydi. Uchinchidan, badiiy to`qima o`ylab chiqarilishidan qat`iy nazar, uning asosi hayotiylikdan mahrum bo`lmasligi lozim. U o`quvchini ishontirishi shart. Shuning uchun ham yozuvchi A.Qodiriy iqror bo`ladi: “Men turmushda ko`rmagan, bilmagan narsam haqida hyech narsa yozmayman, har bir asarimning yozilishiga turmushda uchragan biror hodisa sababchi bo`ladi. Masalan, men kolxozlarda yurganimda, haqiqatdan ham Obid ketmonchining ba`zi xususiyatlariga ega bo`lgan bir tipni ko`rdim”. Demoqchimizki, yozuvchi hayotni “qayta bichib tikkanida” (A.Qahhor) ham uning qa`rida yotgan haqiqatga bo`ysinishi, faqatgina shu haqiqatdan badiiy haqiqat yaratishi lozim bo`ladi. Xuddi A.Qahhorning “Bemor” hikoyasidagi badiiy haqiqat bilan A.Qahhor hayotida ro`y bergan fakt va hodisalar o`rtasidagi mutanosiblikday. 1 Bu qonuniyatga bo`ysunmagan yozuvchi uydirmaga, haqiqiy yolg`onga, suv yuzasidagi ko`pikka e`tibor beradi va hayot haqiqati haqida (Said Ahmadning “Jimjitlik” romanidek) soxta ma`lumotlar bera boshlaydi, unga haqiqiy kitobxon ishonmaydi. “Chiroyli lof-qofdan xunuk haqiqat yaxshiligi” (A.Qahhor) shundandir. 4. Badiiy obrazning estetik ta`sirdorligi. Inson uchun eng go`zal narsa hayot (“Go`zallik-hayot”)dir. Hayot va inson – adabiyot va obrazning asosidir. Demak, adabiyot ham, obraz ham hissiyotimizga, ong-shuurimizga ta`sir etadi, muayyan bir tuyg`u (sevinch, g`azab, g`urur, e`zoz, nafrat, hurmat kabi)ni yoki to`g`rirog`i tuyg`ular silsilasini uyg`otadi. Shu sabab “O`qishli kitob go`zallikdir, lekin go`zallikda ham go`zallik bor. Qorong`i kechada otilgan mushak ham go`zal, quyoshga qarab xandon tashlab turgan gul ham go`zal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va oqish izlar go`zalligi ko`zni qamashtirsa ham puch go`zallik, shuning uchun bebaqodir. Gulning go`zalligi esa to`q go`zallik, chunki uning 1 Qarang: H.Umurov Badiiy ijod mo’’jizalari, , “Zarafshon”, Samarqand, 1992, 25-29 betlar. bag`rida hayot bor, shuning uchun abadiy go`zallikdir. G`uncha guldan ham go`zalroq, chunki uning bag`rida ikki hayot-o`z hayoti va yana gul hayoti bor.” 1 Odamlar (kitobxonlar)ning hislarini qo`zg`atish, “tuyg`ularimizdagi to`lqunlarni” uyg`otmoq orqali hayajonlantirish-estetik ta`sirdorlik ekan, badiiy obraz mag`zi to`q, hayotiy, umriboqiy bo`lgandagina badiiy qimmatga ega bo`ladi; obraz yaratishga o`tadi: undan hayajonlanib o`rnak olamiz yoki nafratlanamiz, his tuyg`ularimizning yaxshilari (ijobiylari)ga “oziq” beramiz, yomonlarini (salbiylari)ni yetti qavat chuqurga ko`mamiz. Chunonchi, Ippolit Ten (1828-1893)ning hikoya qilishicha, amerikalik oddiy soldat teatrga tushib “Otello” spektaklini tomosha qiladi. Sahnada Otello rashk o`tida yonib, sevikli xotini, pok Dezdemonani bo`g`ib o`ldirar ekan, soldat undan g`oyatda nafratlanib ketadi va Otello-aktyorni otib tashlaydi. Yoki Abdulla Qodiriy qahramoni Kumushning o`limi lavhasini tasvirlar ekan, yum-yum yig`laydi. Kumushning iztirobini, og`rig`ini, tuyg`ularini o`z boshidan kechirayotgan shaxs holiga tushadi... Bu misollar obrazning estetik-tarbiyaviy qiymatining g`oyatda ahamiyatli ekaniga dalildir.     Obrazning aytilgan to`rtta xususiyatini mexanik tarzda birlashtirishdan san`at tug`ilmaydi. “Chor darvesh to`g`risida bunday rivoyat bor. Boshqa sheriklari uxlab yotar ekan, bir darvesh yog`ochdan qo`g`irchoq yasaydi,ittifoqo to`quvchi bo`lgan boshqa bir darvesh unga kiyim-bosh tikadi. Uchinchi-zargar darvesh bezaklar tayyorlaydi. To`rtinchi darvesh esa qo`g`irchoq tayyor bo`lganini ko`rib, unga jon bag`ishlashni so`rab, xudoga yolboradi. Shundan so`nggina u barkamol asarga aylanadi” 1 San`at tug`ilishi uchun obrazga yozuvchi Mirtemir domla aytgan darveshlarning hammasining ishini bir o`zi qilishi kerak; aniq g`oyaviy maqsadni ko`zlab jon ato qilishi kerak; ana shu mohiyatni ochib beradigan qilib qismlarning har biri o`ziga kerakli, zarur o`rinni zabt etishi 1 A.Qahhor. Badiiy ijod haqida, Toshkent,   1987, 61-bet. 1 Adabiyot-ruhiyat mulki (adiblarimizning ijod sirlari haqidagi dardona fikrlaridan) Toshkent, 2000, 35-bet. va asardagi bosh maqsadning tirikligini ta`minlash yo`lida (inson tanasi va ruhiyati (joni)dek) beminnat badiiy xizmatini o`tashi lozim. Ayni chog`da, bosh g`oya-yozuvchi aytmoqchi bo`lgan yangi fikr qism-hujayralarning jonliligini ta`minlaydigan qonni yetkazib turishi talab qilinadi. Shu o`rinda adabiyotning, obrazning yana bir qonuniyatini ta`kidlash lozim. Umumlashtirish, individuallashtirish, badiiy to`qima va estetik-ta`sirdorlik adabiy asarning hamma unsurlariga taalluqli-universal prinsip-badiiylikning ko`rsatgichi bo`lganidek, mubolag`asiz bironta san`at asarini yaratish ham mumkin emas. Mubolag`a san`atning barcha komponentlariga xos xususiyatdir. Masalan, “O`tkan kunlar”dagi Kumush portretini ko`raylik: “ . . . uyning to`riga solingan atlas ko`rpa, par yostiq quchog`ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uyg`oq yotqan bir qizni ko`ramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig`a tartibsiz suratda to`zg`ib, quyuq jingila kiprak ostidag`i timqora ko`zlari bir nuqtaga tikilganda, nimadir bir narsani ko`rgan kabi... qopqora kamon, o`tib ketgan nafis qiyiq qoshlari chimirilgan-da,, nimadir bir narsadan cho`chigan kabi... to`lgan oydek g`uborsiz oy yuzi bir oz qizilliqg`a aylangan-da, kimdandir uyalg`an kabi... Shu payt ko`rpani qayirib ushlagan oq nozik qo`llari bilan latif burnining o`ng tomonida, tabiatning nihoyatda usta qo`li bilan qo`ndirilg`an qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o`lturdi. Sariq rupoh atlas ko`ylagining ustidan (Bu so`z aslida “Ostidan” bo`lsa kerak-H.U.) uning o`rtacha ko`kragi bir oz ko`tarilib turmoqda edi. Turib o`lturgach boshini bir silkitdi-da, ijirg`anib qo`ydi. Silkinish orqasida uning yuzini to`zg`ig`an soch tolalari o`rab olib jonso`z 1 bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida ko`ringan malak qutidorning qizi-Kumushbibi edi” (29-bet). Ko`rinadiki, Kumush portreti quyuqlashtirilgan, go`zallashtirilgan tarzda yozuvchi tomonidan kashf qilingan. Uning qiyofasi tasvirida muhim belgilari (qora zulfi, jingila kiprk, timqora ko`zlar, nafis, qiyig` qoshlar, oq yuz, nozik qo`l, qora xol...) harakatlanar ekan, uning xayolidagi kechinmalarini sirli va jozibador qiladi, kitobxonni o`ziga ohanrabodek tortadi; o`ylashga, sabablarini topishga undaydi. 1 Jonso’z-jon o’rtovchi, azob beruvchi Kumush qiyofasini faqatgina “O`tkan kunlar”da uchratish mumkin. Hayotdan uni izlashga hojat yo`q, unday malak yo`q. Shu asosning o`ziyoq, portretning mubolag`ali tarzda yaratilganiga shohidlik beradi. Kumush portretida yuzlab qizlarimizda uchraydigan qiyofa tafsilotlari jamlangani va yorqin tarzda ifodalangani (obrazga xos hamma qonuniyat va xususiyatlar voqye bo`lgani) uchun ham, hayotda Kumush qiyofasining u yoki bu belgilarini yaqqol namoyon etuvchi qizlarni uchratish mumkin. Bu hayotga o`xshash qilib yaratilgan badiiy olamning siru sinoatidir. Demak, yozuvchi-san`atkor hamma vaqt (asarning eng nozik shtrixlarigacha) yaratadi. Chunki, uning vazifasi-tabiat va odamning nusxasini berish emas, balki, o`xshash qilib yaratilgan narsaga jon va harakat ato etishda, uning qalbi, mazmuni, xarakterli ko`rinishi haqida taassurot uyg`otishdadir.   Xarakter. Agar obrazni yong`oqqa qiyoslasak, xarakter (yunoncha charakter-xususiyat, belgi) shu yong`oqning mag`zidir. Chunki mag`izda yong`oqning mohiyati, tirikligi, zaruriyligi, joni jamuljamdir. Shu sabab “xarakter yaratilsagina-badiiy asar yaratiladi” (N.Pogodin) degan qat`iy va asosli xulosani chiqarish mumkin. Xarakter yaratish badiiylikning o`zak masalasi deb qarashimizning boisi shundaki, xarakter badiiy ijodning juda ko`p unsurlari (syujet, kompozisiya, til kabi)ni o`zida jamg`aradi, to`g`risi o`ziga “ishlash”ga majbur qiladi. Ya`ni xarakter asar mazmuniga nisbatan shakl bo`lsa, xarakterga nisbatan syujet, kompozisiya, til (uslubning butun hiyla-nayranglari) shakldir. Izzat Sulton tavsiya etganidek, “asar mazmuni xarakter tasviri tufayli hayotiy aniqlik kasb etadi va shu bilan birga, bizning hislarimizga ta`sir etish xosiyatiga ega bo`ladi”. To`g`ri gap: “har qanday muhim g`oya ham inson qismatiga aylanmasa quruq gap bo`lib qolaveradi” (O`.Hoshimov). Xarakterning mazmunini aniqlaydigan ikkita asosiy xususiyati bor. Birinchisi, “bu bir shaxsni ikkinchi bir shaxsdan ajratib turadigan axloqiy va psixologik belgilar majmuasidan iboratdir . Hayotda shunday kishilarni uchratish mumkin: qilayotgan bir ishiga hamohang qilib biror harakatni odat qilib olgan bo`ladi; gapirayotganda burnining uchini qashib qo`yadi yo o`ylayotganda barmoqlari bilan sochini taraydi va hokazo. Psixologik jihatdan esa har bir shaxsning biror xususiyati bo`rtgan bo`ladi: o`jar yo tajang, og`ir yo yengil, kamgap yo ko`p gapiradigan va hokazo. Psixika xususiyatiga nisbatan tabiiy xususiyatga yaqin turadigan bunday belgilar yozuvchi uchun ko`proq obrazni individuallashtirish uchun zarur bo`ladi. Ikkinchisi, bu individual belgilarni ham o`z ichiga olgan holda ma`lum bir ijtimoiy sharoitda paydo bo`lgan, ijtimoiy ma`no kasb qilgan shaxs iroda yo`nalishi va bu iroda yo`nalishining asardagi badiiy ifodasidan iboratdir. Faqat ijtimoiy sharoit asosida yuzaga chiqqan shaxs irodasi xarakterning asarda badiiy va g`oyaviy negizini ta`min qiladi. Busiz yozuvchi yaratgan xarakter badiiy va estetik qiymatga ega bo`lmaydi” 1 (Ta`kid bizniki-H.U.) Darvoqye, Yo`lchida (“Qutlug` qon”) mehnatkash xalq vakillariga xos bo`lgan umumiy xislatlar-konkret muhit ta`sirida vujudga kelgan o`z-o`zini anglash xususiyati va shu xususiyat natijasida uning ongida yuz bergan olg`a intilishlar; shaxsiy xislatlarini belgilaydigan belgilar-sodda, yuvosh, uyatchan, hushyor, sofdil, mehnatsevar, halol, jasur kabilar o`zaro uyg`unlik kasb etib, yaxlit xarakterni yaratadi. Demak, xarakter-bu aniq iroda yo`nalishiga ega bo`lgan, o`z hatti- harakatlari, intilishlari, uy-xayollari, dunyoqarashi, ma`naviyati, ma`rifati, fe`l- atvori bilan ajralib turadigan to`laqonli shaxslar obrazidir. Shu sabab badiiy asardagi hamma obrazlar xarakter sanalmaydi. Jumladan, “O`g`ri” (A.Qahhor) asaridagi Qobil bobo xarakter sanalsa, qolgan (Qobil boboning kampiri, ellikboshi, pristav, tilmoch, Egamberdi)lar personajlardir. Psixologizm prinsiplari, shakllari. Xarakter va uning psixologiyasi tahlili adabiyotning kamoloti, yozuvchining mahorati darajasini belgilovchi bosh omildir. Darvoqye “Adabiyot-xarakterlar yaratish san`ati” (I.Sulton, 132-b.) va ayni chog`da ana shu xarakterlar “...dilini bilish, uning sirlarini bizga ochib ko`rsatish- asarlarini biz maroq bilan qayta-qayta o`qiydigan yozuvchilarning har biriga 1 M.Qo’shjonov. Oybek mahorati,   “Toshkent” badiiy adabiyot nashriyoti, Toshkent, 1965, 5- 6-betlar beriladigan ta`rifdagi birinchi so`zlar shular-ku, axir” (N.G.Chernishevskiy). Hozirga qadar o`zbek nasrida qahramon psixologiyasini ochishning uch xili yaqqol ko`zga tashlanadi. Abdulla Qodiriy yirik prozasida qahramonlar tuyg`ularini bevosita tahlil etmaydi, balki tashqi qiyofa ko`rinishlarida ruhiy holatlarning aksini beradi. Birgina misol. Otabek oshiq. Lekin hali bu sir. “Otabekning har bir siriga o`zini mahram hisoblaganlikdan” uning “ma`naviy bir padar”i – Hasanali bu sirni ochmoq maqsadida bekni sinamoqda”.     “Hasanali ginalik qiyofada qoshlarini chimirdi va – Mendan yashirib yurgan bir siringiz bor, - dedi. – Sizdan yashirgan bir sirim bor?-Bor, o`g`lim bor, - dedi Hasanali, - agar da`vongiz to`g`ri bo`lsa, menga chindan o`z kishim deb qarasangiz, o`sha sirni yashirmangiz. Otabek to`satdan o`zgarib, boyagi asabiylik holatini yo`qotdi, shundog` bo`lsa ham o`zini yig`ib, kulgan bo`ldi: Hali shunaqa sizdan yashirin sirim bormi? - Bor! - Bo`lsa, marhamat qilib kashfingizni so`zlangiz! Hasanali piyolani og`ziga ko`tarib, choyni ho`pladi, kashfini ochdi: - Marg`ilondan kelgan kunlardan boshlab sizda qiziq bir holat bor edi. – Siz bu holatni “Marg`ilon havosi yoqmadi” deb ta`bir qilsangiz ham, men mundan boshqa narsalar payqayman... Otabek o`ziga qat`iy tikilib turgan Hasanalidan yuzini chetga burishga majbur bo`ldi. Go`yo bu sehrgar chol hamma sirni betdan o`qib olar edi. Hasanalini hamon o`ziga tikilib turganini bilib manglayini qashigan bo`ldi: Xo`sh, davom etingiz... - Bu siringizni mendan yashirmoqchi bo`lasiz, - dedi tamom qanoat bilan Hasanali. – Xayr, yashirmoqqa ham balki haqingiz bordir.. Ammo shu ko`yi sir saqlash bilan biror natijaga yetish mumkinmi?.. Otabek qip-qizil qizarib, gunohkorlardek yerga qaragan edi. Hasanalining yuziga padarona tarahhum tusi kirib keksalarga xos ohangdor bir tovush bilan bekning ustidagi og`ir yukni ola boshladi: - Aybi yo`q, o`g`lim, -dedi, - muhabbat juda oz yigitlarga muyassar bo`ladigan yurak javharidir. Shuning bilan birga ko`p vaqtlar kishiga zararli ham bo`lib chiqadilar. Shuning uchun kuch sarf qilib bo`lsa ham unutish, ko`p o`ylamaslik kerakdir. Bu keyingi gap bilan Otabek ko`tarilib Hasanaliga qaradi va uzoq tin olib yana yerga boqdi. Go`yo buning ila “unutish mumkin emas” degan qat`iy so`zni aytgan edi. Oraga so`zsizlik kirdi. Ikkisi ham fikrga tolgan edi. Hasanalining ortiqcha berilib o`ylagan kezda soqolini qayirib tishlaydigan bir odati bo`lib, hozir soqolini yamlash bilan mashg`ul edi. Uzoq o`ylagandan so`ng ishning ochilmay qolgan qismini yechishni boshqa vaqtga qoldirmoqchi bo`ldi, chunki Otabek, shuning o`ziga ham yaxshigina qizarinib, bo`rtingan edi” 1 . Keltirilgan ushbu parchadan ko`rinadiki, qalb iztirobi va kechinmalarini xatti- harakatlar, yuz tuzilishi, ko`z qarashlari orqali ochadi. Haqiqatdan ham birinchi bor Otabek qalbini tug`yonga solgan Muhabbatning Hasanali tomonidan kashf etilishi Otabekni uyalishga (“...Hasanalidan yuzini chetga burishga majbur bo`ldi”), gunohkorlardek aybiga iqror bo`lishga (“Otabek qip-qizil qizarib, gunohkorlardek yerga qaragan edi”) olib keladi va h.k. A.Qodiriy romanning “Qarshilash” bobida Hasanalining va “Qorong`u kunlar” bobida Otabekning fikr va hislar oqimini (“o`z-o`zini tahlil qilish” vositasi orqali) juda siqiq formada berishga intiladi, xolos. Xullas, romanda yozuvchi uchun ichki dunyoning-ruhning kechinmalarini tashqi qiyofa, holat va hatti-harakatlarda ko`rinishini tasvirlash, ya`ni dinamik prinsip asosiy mezondir. O`zbek romanchiligida birinchi bor Abdulla Qahhorning “Sarob” romanida psixologizmning analitik prinsipi yaqqol ko`zga tashlanadi. Bu prinsipda “voqyealar tafsiloti”ning tasviriga nisbatan “his-tuyg`ular tafsiloti” tasviri birinchi 1 A.Qodiriy. O’tgan kunlar, Toshkent,   1980, 24-25 betlar. o`ringa chiqadi. Qahramonning ruhiy jarayoni, bu jarayonning betinim o`zgaruvchanligi, fikrlar, hislar va kechinmalarning rivoji va oquvchanligi keng tahlil etiladi.   Shuning uchun ham Abdulla Qahhor “Sarob” romanida qahramonning o`z shaxsidagi qarama-qarshi fikrlar jangiga, his-tuyg`ular kurashiga asosiy diqqatni qaratadi. Qahramon qalbi dialektikasining ochilishi-o`sha qahramonni tug`dirigan va o`stirgan muhit ko`p qirrali panoramasining realistik tasviriga olib keladi. Roman Saidiyning universitet dargohida Munisxon bilan tasodifan uchrashuvi va tanishuvidan boshlanadi. “... oldiga qo`yilgan shartlarni eshitib, “unday bo`lsa o`qimayman”degan fikrga kelgan Saidiy Munisxonni ko`rgach, qizning ham universitetda o`qishga xohishi borligini bilgach, tezda bu fikridan tonadi: “Uning endigi fikri qanday bo`lsa ham universitetga kirish, o`qish edi. Vujudi mo`jiza, har bir so`zi, harakati hayotga chaqirib turgan shu qizga hamdard bo`lish uchun u har narsaga tayyor edi” 1 . Ikkinchidan, Saidiy Munisxondan “nima umidvor ekanini o`zi bilmaydi, ammo uning umid qilgan narsasinigina emas, butun olamni berib, hyech narsa talab qilmaydigan holat”ga tushadi. Saidiy Munisxonga shunchalik maftunki, qizning lab tishlab bosh chayqashi ham, mayin tovushi ham uning vujudini egallaydi, qalbini titratadi. Bu hissiyot dinamik ravishda asta-sekin rivojlana boradi. Rivojlangan sayin Saidiy qalbi o`zining borlig`ini namoyon etadi: “Shu qizning boshiga bir falokat tushsa-da, qutqaradigan kishi yagona men bo`lsam...” Boyagi samimiy his-tuyg`ular o`rnini xudbinlik egallaydi, Ana shu xudbinlikning ildiz otishi, gurkirashi uchun to`la imkoniyat beradigan millatchilar muhiti Saidiyni o`z domiga tortadi va bora-bora uni halokatga olib keladi. Ana shu xudbinlikni millatchilar muhiti bilan bog`lashda Munisxon “ko`prik” vazifasini o`taydi. Demak, Saidiyning “butun hayoti, ichki va tashqi olami, qismati ana shu dastlabki his va uning natijasi bo`lgan fikrning oqibatidir”. 1 Abdulla Qahhor. Sarob, Toshkent, 1957, 4-bet. Demak, “Sarob”da analitik prinsip asosiy, hukmron prinsipdir. Psixologizmning dinamik va analitik prinsiplari garchi bir-biriga qarama- qarshidek tuyulsa-da, lekin, ularni o`zaro zid qo`yish ham noo`rindir. Bu prinsiplar ba`zi romanlarda uyg`unlashgan, qo`shaloqlashgan holda ko`zga tashlanadi. Bunday asarlarda qahramonlarning ruhiy dunyosi ularning xatti-harakatlari, qiyofalari orqali yechilishi bilan birga, ayni paytda, shu qahramonlarning fikr va hissiyotlari dialektikasi oqimi va rivoji ham beriladi. Bu xil romanlarda psixologizmning bu ikki prinsipi dialektik birlikda tahlil etiladi. Bu psixologizmning sintetik prinsipidir. Oybekning “Qutlug` qon” romani bu prinsipda yaratilgan o`zbek romanchiligining to`ng`ich, go`zal namunasidir. Fikrimizning isboti uchun romandagi quyidagi lavhaga diqqat qilaylik: “Atrofda odam to`plandi. Ba`zilar achinadi, ba`zilar tomoshabin. Mana, shu guzarning o`spirin baqqoli ham yetib keldi, och itday alanglab qovunlarni ko`zdan kechirdi. - Qani, dehqon aka, savdoni qilaylik, qo`lni bering... otingizning dumi ostidan yulduz ko`rinib qolibdi. Arava bo`lsa almisoqdan qolgan, yana sinibdi. Shu ot, shu arava bilan shaharga yuk olib borarmidingiz? Shahar qayda... o`ylamabsiz-da. Necha pul beray? – baqqol bidirlab, dehqonning qo`lini ushladi. Es-hushini yo`qotib, garanglangan dehqon dastlab indamadi. Yosh baqqol vaysayverganidan so`ng bir uh tortib sekingina dedi: - O`n to`rt so`m berasiz... - E? O`n to`rt so`m? Tushingizni suvga ayting. - Shaharda o`n sakkizga “g`ing” demay oladi. Noilojlikdan deyman-da. Qovunga qarang. Har biri tuyaning kallasiday. Juda saralangan. - Shaharga bora olmaysiz, - bidirladi baqqol, qovunni ham ko`rdim, o`rtacha. Agar yaxshi bo`lsa, xalq yeb, sizni duo qiladi; men o`zim yemayman. Keyin, kim biladi, bir palakdan har xil qovun yetishadi. Dehqon bo`lmasak ham, buni fahmlaymiz. Uch so`lkavoy beraman, xo`p deng. Saksonta qovunga-ya? Uch so`m? – dehqon teskari burildi. - Insof qiling, baqqol aka - qichqirdi Yo`lchi. Yana birmuncha odamlar Yo`lchining so`zini tasdiqladilar: “To`g`ri, insof qiling-da”. Baqqol bu so`zlarni eshitmaganday avrayverdi: Men sizning foydangizni o`ylayman. Arava kishinikimi? Qovunni tushirib olaman shu yerda. Anov yerda usta Toshpo`lat bor, bilarsiz. Arava ishida farang. Qovunning puliga aravani tuzattirasiz. Egasi xafa bo`lmaydi. Iloji bo`lsa, yamatganingizni aytmang, koyib-netib yurmasin tag`in. Tuya ko`rdingmi yo`q, vassalom... Ilojsiz qolgan dehqon bahoni sekin kamaytirib, yetti so`mga tushdi. Boshqa bir Raqib ilmasin degan andisha bilan baqqol ham bir tangalab oshaverdi. So`z bilan dehqonning boshini qotirib, nihoyat, to`rt so`mga ko`nishga majbur qildi... Yo`lchi chopiqqa tushdi. Kunning issig`ida ketmon tashlarkan, fikri-xayoli haligi dehqonda bo`ldi: “Ajab dunyo ekan! Har yerda dehqonning ishi chatoq. Yeri bo`lsa, ulovi yo`q. Ulovi bo`lsa, yeri yo`q. Ko`pida ikkisi ham yo`q. Mana, men... Hozir qayoqqa qarasang, menga o`xshashlar... Haligi dehqon qovun ekibdi. Qancha mehnat, qancha mashaqqat. Yolg`iz o`zi emas, butun uy ichi bilan ishlagan, albatta. Dastlabki sotish bu xilda bo`lib chiqdi. U molni sotmadi-suvga oqizdi. Yo`q, suvga oqizgandan battar bo`ldi. Loaqal o`n besh so`m turadigan qovunni to`rt yarim so`mga sotsin, buni ham birovning aravasini tuzatishga to`lasin. Foydani tulki baqqol urdi. Voy haromi, noinsof! Men bunday mo`ltonini sira ko`rganim yo`q edi... Endi dehqon, o`z otasining shahardan qaytishini to`rt ko`z bilan kutgan bolalari oldiga qanday boradi. Ularga nima deydi? Qipyalang`och bolalar, kiyim qani desa, nimani ko`rsatadi? To`y o`rniga aza...” 1 Mana, kishidan so`rab olgan aravasi singan, qovunlari arzimagan narxda baqqolga ketgan dehqonning, yosh bo`lsa-da, o`z manfaati yo`lida qilni qirq yoradigan, so`zlari bilan dehqonni garanglatgan o`spirin baqqolning, buni ko`rib turgan, baqqolni insofga chaqiruvchi Yo`lchining hatti-harakatlari, holati tasviri. 1 Oybek. Qutlug’ qon. Toshkent, 1980, 39-40-betlar. Agar dehqonning qalbidagi tug`yon uning uh tortishi, sekin gapirishi, teskari qarashi kabi hatti-harakatlari orqali berilsa, bu hayotiy epizod tasviri Yo`lchi tasavvuri, fikrlari oqimi orqali yaqqol gavdalantiriladi. Romanda epik tasvir bilan his-tuyg`ular tasviri o`ziga xos uyg`unlashadi. Asar panoramasi-qahramonlar qalbidagi kechinmalarni reallashtirgani kabi kechinma va fikrlar oqimi tasviri o`z navbatida tasvirlanayotgan hayotning mohiyatini ochadi. Oybek tasvirida voqyea ham, his-tuyg`ular tafsiloti ham o`z badiiy qimmatini yo`qotmaydi, ular bir-birini boyituvchi, bir-birining sir-asrorini ochuvchi yaxlit vosita sifatida ko`zga tashlanadi. Xullas, psixologizm (uning dinamik, analitik, sintetik prinsiplari) hamma realist yozuvchilar uchun umumiydir. Har bir yozuvchining bu boradagi o`ziga xosligi-psixologizmning turli vositalaridan qanday va qay darajada foydalanishiga bog`liqdir. N.G.Chernishevskiy “Psixologik tasvir turli ko`rinishlarga ega bo`lishi mumkinligi” haqida gapirib, uning quyidagi shakllarini ko`rsatgan edi: bir yozuvchini xarakterning qirralari ko`proq qiziqtiradi; ikkinchisini-ijtimoiy munosabatlar va maishiy to`qnashuvlarning xarakterlarga ta`siri;           uchinchisini-hislar bilan faoliyat orasidagi aloqa; to`rtinchisini – ehtiroslar tahlili; beshinchisini esa “qalb dialektikasi” qiziqtiradi. Shuni ta`kidlash lozimki, muayyan yozuvchining ijodini yoki uning ma`lum romanini psixologizmning konkret bir shakli bilan cheklash mutlaqo mumkin emas. Adabiyot tajribasi shuni ko`rsatadiki, har bir yozuvchi o`z ijodida (yoki ma`lum bir romanda) psixologizmning turli shakllaridan keng foydalanadi. Biroq bu formalardan birontasi yetakchilik qilishi tabiiydir. Chunki psixologizmni yuqorida aytganimizdek, san`atkorning shaxsidan ajratib tasavvur qilish mumkin emas. Har qanday asardagi psixologizm tasvirida, o`sha asarni yaratuvchi yozuvchining o`ziga xos psixikasi imkoniyatlari namoyon bo`ladi. “Uslub – bu odam” ekan, o`z navbatida “Yozuvchi ichki dunyosining yorqin ifodasi-uning uslubi” (Gyote)dir. Shu nuqtai nazardan yondoshsak, Abdulla Qodiriyning “O`tgan kunlar” romanida xarakterning qirralarini tahlil etish yetakchi psixologik shakldir. Abdulla Qahhorning “Sarob” romanida esa qalb dialektikasi asosiy shakl hisoblansa, Oybekning “Qutlug` qon” romanida ijtimoiy munosabatlar va maishiy to`qnashuvlarning xarakterlarga ta`sirini tahlil qilish birinchi o`ringa chiqadi... Demak, xarakterlar olamini yaratish yozuvchining o`zligini tanishiga, ruhiyati qatlamlaridagi sirlarni bilishiga, uni tadqiq va tahlil qila olishiga va g`oyaviy-badiiy niyatini ochib beradigan qilib tasvirlash sifatiga bog`liqdir. Adabiyot:     1 .     Qur`oni karim, “Cho`lpon”, Toshkent,1992 . 2.       Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al Buxoriy. Hadis, 4 jild, Qomuslar bosh tahririyati, Toshkent,1991-1995.   3.     Falsafa, “Sharq”, Toshkent, 1999.   4. Milliy istiqlol g`oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar, “O`zbekiston”, 5. Toshkent,2000.   6. I.A. Karimov. Istiqlol va ma`naviyat, “O`zbekiston”, Toshkent,1994. 7.     I.A.Karimov. Barkamol avlod orzusi, “O`zbekiston”, Toshkent,1999.   8.       I.A.Karimov. Olloh qalbimizda, yuragimizda, “O`zbekiston”, Toshkent,1999 . 9. www.ziyonet.uz