logo

Abdulla Qahhor hikoyalarida an`anaviy folklor janrlarining hozirgi yashash shakllari

Yuklangan vaqt:

10.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

2099.5 KB
Abdulla Qahhor hikoyalarida an`anaviy folklor janrlarining hozirgi yashash shakllari Adabiyotimizda xalq og`zaki badiiy tafakkurining g`oyaviy-estetik an`analaridan foydalanish keng rusum darajasiga ko`tarilgan. Xalq ijodidan o`rganish ijodkorning dunyoqarashi, shaxsiyati va ijodiy prinsiplari bilan chambarchas bog`liq bo`lganligi uchun ham har bir so`z san`atkori folklordan o`ziga xos ravishda foydalanadi. Birida uning ta`sir kuchi samaraliroq, birida ozroq, birida keng ko`lamda, birida esa muayyan bir yo`nalishda. Masalan, G`afur G`ulom, Oybek, Hamid Olimjonlar ijodida Uyg`un, Maqsud Shayxzodalarga nisbatan folklor ta`siri kuchliroq. Atoqli adibimiz Abdulla Qahhor ham o`zbek xalqining sodiqu solih farzandi sifatida ajdodlarining ma`naviy va madaniy merosini, millatining urf-odatlarini chuqur anglab, o`z ijodida xalq badiiy tafakkurining yutuqlarini keng qo`llab, an`anaviy folklor janrlarining hayotbaxsh ta`siridan unumli foydalandi. Abdulla Qahhor ijodida folklorga xos syujet, motiv hamda obrazlar deyarli uchramasa-da, biroq xalq ijodiga xos xalqchillik va demokratizmning ko`lami keng. Folklorshunos olima, filologiya fanlari doktori S.Mirzayeva to`g`ri qayd etganidek: "A.Qahhorning "Raqib", "Olam yasharadir", "Gumroh", "Aflotun muhabbati" kabi ilk hikoyalaridan boshlab, 30-yillarda yozilgan va kitobxonlar orasida katta shov-shuvlarga sabab bo`lgan barcha asarlarida folklorona ruh yorqin sezilib turadi. Bu o`rinda shuni ham alohida ta`kidlab o`tish zarurki, ana shu hikoyalarda folklorga xos syujet va motivlardan adib foydalanmagan. Ammo o`tmishning mudhish lavhalari xalqning mashaqqatli hayotini jonli tasvirlarda aks ettirish uchun u folklorga xos shartli tasvir usullaridan, xalq ertaklariga xos vaziyatlardan o`rinli foydalanishga harakat qilgan". Darhaqiqat, hunarmand otasi bilan qishloqma-qishloq ko`chib yurib, voyaga yetgan Abdulla Qahhor xalq tili jozibasining barcha serqirra fazilatlarini chuqur o`rganib, xalq tili boyligidan foydalanishning klassik namunasini ko`rsatdi. Yozuvchi xalq xarakteri va psixologiyasi hamda idealini chuqur bilganligi uchun ham uning asarlari tili, shu bilan birga qahramonlarning nutqi shu qadar o`tkir, shirali, ta`sirli va ixchamki, bu borada o`zbek adabiyotida Qahhorning tengi yo`q. Abdulla Qahhor uslubidagi ijobiy qahramonni ideallashtirib, salbiy qahramonni o`ta xunuk qilib tasvirlash prinsipi ham xalq ijodiyoti hayotbaxsh an`analarining samarali ta`siri bilan bog`liq. Atoqli adibning jonli xalq tilida xarakterli bo`lgan tasvirlash vositalarini, ya`ni maqol, hikmatli so`zlarni tanlab olib ishlatish sohasidagi mahorati alohida diqqatga sazovordir. U tomonidan qo`llangan har bir hikmatli so`z, maqol hamda matal asarning chuqur mazmunidan kelib chiqadi. Bu xususiyat, ayniqsa, personajlarning xarakteri, qaysi ijtimoiy qatlamga taalluqli ekanini nazarga olib, yozuvchi ularga mos keladigan maqol va iboralarni ishlatishida ko`zga tashlanadi. Masalan, yozuvchi chor amaldorlari, mahalliy mulkdorlarning ochko`zligi, poraxo`rligini ochish uchun "O`g`ri" hikoyasida, "Quruq qoshiq og`iz yirtadi" maqolidan o`rinli foydalanib, asarda ifodalangan voqeaning mag`ziga ustalik bilan singdirib yuboradi. «Kechqurun Qobil bobo aminning oldiga boradigan bo`ldi. Quruq qoshiq og`iz yirtadi, aminga qancha pul olib borsa bo`ladi? Berganga bitta ham ko`p, olganga o`nta ham oz». Yozuvchining hikoyalarida ishlatilgan maqollar, iboralar, o`xshatishlar, kinoya va majozlar voqealar yo`nalishiga mos ravishda istifoda etiladi. "Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi", "O`ynashmagil arbob bilan - seni urar har bob bilan" ("O`g`ri"), "Go`sht suyaksiz bo`lmaydi" ("Munofiq"), "Bir balosi bo`lmasa, shudgorda quyruq na qilar" ("Oshiq"), "Boshim kal bo`lsa ham, ko`nglim nozik" ("Qanotsiz chittak") kabi ko`plab maqol va matallar o`z o`rnida, g`oyaviy-estetik talab va maqsadga muvofiq ishlatiladi. Yozuvchi asar syujeti va shaxslarning xarakteridan kelib chiqib epigraflardan mahorat bilan foydalanish namunasini ko`rsatib, ularni ustalik bilan qo`llaydi. U qo`llagan barcha epigraflari, deyarli maqollardan iborat. Adibning bu sohadagi mahorati hikoyalarga yanada aniqlik va tiniqlik kiritib, ular yordamida asar g`oyasi kitobxonga tez va ta`sirchan yetib boradi. "Ola qarg`a g`aq etadi, o`z vaqtini chog` etadi" ("Bashorat"), "Osmon yiroq, yer qattiq" ("Bemor"), "Otning o`limi- itning bayrami" ("O`g`ri") kabi epigraflar asar mazmuni bilan uzviy bog`lanib ketadi, asar g`oyasiga batamom mos tushadi. "Otning o`limi-itning bayrami" epigrafida yozuvchi Qobil boboning amaldor, mulkdorlar tomonidan talanishini, xarob bo`lishini otning o`limiga, amaldorlarning talashlari, shu yo`l bilan boyishlarini itning bayramiga o`xshatib, muhim sotsial xulosalar chiqaradi, chuqur umumlashmalar qiladi. Bu hol Abdulla Qahhorning maqollarni juda o`rinli ishlatishda o`ziga xos mahoratga ega ekanligini tasdiqlaydi. Yozuvchi xalq maqollarini o`z asarlarida qo`llash bilan kifoyalanib qolmay, ularga novatorona munosabatda bo`lib, ular asosida yangi aforizmlar ham qo`llaydi. Mazkur aforizmlar, aksariyat hollarda maqollarning davomi va rivoji sifatida maydonga keladi. Natijada maqollar bilan yozuvchi tomonidan qo`llangan iboralar bir-birlarini to`ldirib, bir butunlikni tashkil qiladi. Masalan, "O`roqda yo`q, mashoqda yo`q-xirmonda hozir bo`lganlar boshlaringni aylantirganlar" ("Ko`r ko`zning ochilishi"). Bu jumlaning avvalgi qismi xalq maqoli bo`lib, davomi esa maqol asosida tuzilgan avtor iborasi edi. Abdulla Qahhor ijodida bunday misollar ko`p uchraydi. Hozirgi kunga kelib folklorshunos mutaxassislar ayrim an`anaviy folklor janrlarining ta`siri juda susayib, bora-bora ular tarix mulkiga aylanadi, degan fikrlarni bildirmoqda. Bunga muayyan asoslar ham yo`q emas. Hozirda tadqiqotchilar o`zbek folklori epik janrlarini yangidan yaratilmaydigan va faqat jonli ijroda yashaydigan hamda yangidan yaratiladigan va doimo yashashda davom etadigan janrlar guruhiga ajratib tadqiq qilish fikrini ilgari surmoqdalar. Abdulla Qahhor asarlari jumladan, hikoyalariga shu nuqtai nazardan yondashilsa, ularda folklorning doimiy yashash shakllaridan unumli foydalanilganligiga amin bo`lamiz. Mana shu holatning o`zi ham an`anaviy folklorga e`tibor susaygan payt, bugungi kunga kelib, yozuvchi hikoyalari xalqimiz og`zaki badiiy tafakkuri hayotiy an`analarining hamisha uzoq saqlanib qolishiga xizmat qiladi, degan xulosaga kelishga imkon beradi.