logo

Ishlovchilarni faoliyat xavfsizligi talablariga amal qilishga o`qitish tizimi. Ishlab chiqarishda faoliyat jarayoni vaqtida yuzaga keladigan jarohatlanishlar va kasb kasalliklari, ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari

Загружено в:

06.09.2022

Скачано:

0

Размер:

23.68359375 KB
Ishlovchilarni faoliyat xavfsizligi talablariga amal qilishga o`qitish tizimi. Ishlab chiqarishda faoliyat jarayoni vaqtida yuzaga keladigan jarohatlanishlar va kasb kasalliklari, ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari Reja: 1. Yo`riqnomalar o`tkazish va bilimlarni tekshirish 2. Baxtsiz hodisalar va ularni oldini olish 1. Yo`riqnomalar o`tkazish va bilimlarni tekshirish Mehnat muhofazasiga o`qitishni tashkil qilish va bilimlarni tekshirish bo`yicha namunaviy nizomda (№ 272, 14.08.1996) barcha korxona, tashkilot, muassasa, institut, ilmiy-tadqikot tashkilotlari, birlashma, assosiatsiya, korpooratsiya, xolding, tarmoq, vazirlik va boshqa mulk shaklidan qat`iy nazar malaka talablari hajmida ishchilar, rahbarlar, mutaxassislar, muhandis-texnik xodimlar uchun mehnat muhofazasidan bilimlarni majburiy nazorat qilish tartibi belgilangan. Korxonaga ishga kirayotgan har bir xodimga xavfli ish usullari bo`yicha yo`riqnoma, maxsus malaka olgandan va bilimi tekshirilgandan keyin mustaqil ishlashga ro`xsat beriladi. Bug’ va issiqlik qozonlari, yuk ko`tarish kranlari, bosim ostida ishlovchi idishlar, elektr uskunalari, maxsus uskunalar kabi xavfli ishlarda ishlovchilarga maxsus o`kuv kurslarini bitirganlari xaqida hujjatlari bo`lsagina ishlashga ruxsat beriladi. Xodimlarni xavfsiz ish usullariga o`qitish va ularni to`g’ri tashkil qilish bo`yicha umumiy rahbarlik hamda javobgarlik korxona rahbarlariga va boshqaruv tashkilotlariga yuklanadi. TSexlarda, bo`limlarda ishchilarni va ustalarni xavfsiz ish usullariga o`rgatish shu tsex hamda bo`lim rahbarlariga, shuningdek, o`z vaqtida va sifatli o`qitishni nazorat qilish esa mehnat muhofazasi bo`limlari zimmasiga yuklatiladi. Ishchilar bilan yo`riqnoma o`tkazish. Yo`riqnomalar ikki xil bo`ladi: kirish va ish joyida o`tkaziladigan yo`riqnoma. O`z navbatida ish joyida o`tkaziladigan yo`riqnoma 3 xil bo`ladi: dastlabki, davriy va navbatdan tashqari. Kirish yo`riqnomasi. Barcha ishga yangi kiruvchilar, boshqa korxonalardan xizmat safariga jo`natilganlar (ish malakasi va stajidan qat`iy nazar) amaliyot o`tayotganlar va o`quvchilar kirish yo`riqnomasini o`tadilar. Uni korxonaning mehnat muhofazasi bo`yicha mas`ul xodimi yoki shu vazifa yuklatilgan boshqa rahbar xodim o`tkazadi. Agar ishga qabul qilish bevosita tsexlarda amalga oshirilsa, kirish yo`riqnomasini shu tsexning boshlig’i o`tkazishi kerak. Shikastlanganlarga dastlabki yordam ko`rsatish, yong’in xavfsizligi va boshqa maxsus masalalar bo`yicha yo`riqnomalarni tegishli mutaxassislar olib boradilar. Kirish yo`riqnomasi maxsus adabiyot, ko`rgazmali qurollar bilan jihozlangan mehnat muhofazasi xonasida, zamonaviy texnik vositalardan foydalangan holda o`tkaziladi. Kirish yo`riqnomasi guruh bilan va yakka tartibda o`tkazilishi mumkin. Guruh bilan o`tkazilganda eshituvchilar soni 10 kishidan oshmasligi kerak. Kirish yo`riqnomasi o`tkazilganligi haqida maxsus jurnalga va ishchi qo`liga topshiriladigan ishga kirish varaqasiga yozib qo`yiladi. Kirish yo`riqnomasining dasturi: 1. Korxona to`g’risida umumiy ma`lumot. 2. Mehnat muhofazasi. Havfsizlik standartlari tizimlari hakida umumiy ma`lumot. Ish vaqti va dam olish vaqti. Ayollar va balog’atga etmaganlar mehnatini muhofaza qilish. Davlat, tarmoq va jamoat nazorati. Korxonada baxtsiz hodisalarni taftish qilish. Ichki mehnat tartibi qoidalari. 3. Xavfsizlik texnikasi. Xavfli, zararli ishlab chiqarish omillari va ulardan himoyalanish. Ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarning va kasb kasalliklarining asosiy sabablari. Xavfsizlik standartlari tizimlarida ishlab chiqarish jarayonlariga va uskunalariga qo`yiladigan talablar. Uskunalarning asosiy xavfsizlik qoidalari. Ogohlantiruvchi, to`suvchi va signal beruvchi vositalar. Xavfsizlik ranglari va belgilari. elektr toki bilan jarohatlanish xavfini oshiruvchi sharoitlar. Jarohatlarning oldini olish tartiblari. Ish joyini xavfsiz tashkil qilish va saqlashga qo`yiladigan talablar. YUk ko`tarish va tashish mexanizmlari, ichki transport vositalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari. 4. Ishlab chiqarish sanitariyasi. Ishlab chiqarish muhitining asosiy sanitariya-gigienik omillari. Mehnat sharoitini yaxshilash bo`yicha asosiy tadbirlar (texnik va tashkiliy, sanitariyagigienik, davolash-profilaktik). Ish joylari havosini almashtirishning zarurati va tuzilishi. YOrug’likni to`g’ri tashkil qilish. SHovqinga qarshi tadbirlar. 5. SHaxsiy himoya vositalari, ulardan foydalanish me`yor va qoidalari. Himoya vositalariga qo`yiladigan talablar. Korjomalar maxsus poyafzallar. Qo`l, bosh, yuz, ko`z, nafas a`zolari, quloqni himoya qilish. Ogohlantiruvchi moslamalar. 6. SHaxsiy gigiyena qoidalari. Sanitariya kiyimlari, poyafzallari va vositalariga qo`yiladigan talablar. 7. Korxonada yong’in xavfsizligiga qo`yiladigan talablar. 8. Mexaniq jarohat olganda, kuyganda, kislota va ishqorlar bilan kuyganda zaharlanishda, elektr va ko`z jarohatlari olgandagi dastlabki yordam. 9. Xavfsizlik texnikasi yo`riqnomalari buzilganda qo`llanadigan javobgarlik. Ish joyida o`tkaziladigan yo`riqnoma. Barcha ishchilar kirish yo`riqnomasidan tashqari ish joyida o`tkaziladigan yo`riqnomalarni ham bilishlari lozim. Ish joyida o`tkaziladigan yo`riqnomadan maqsad - har bir ishchini to`g’ri va xavfsiz ish usullariga o`rgatish hisoblanadi. Yo`riqnomani o`tkazish jarayonida ishchiga u ishlaydigan uskunada bajariladigan texnologik jarayon, uning harakat uzatish mexanizmlari, xavfli joylari, konstruktiv xususiyatlari, paydo bo`lishi mumkin bo`lgan xavflar, ishni xavfsiz bajarish usullari, ish joyini to`g’ri tashkil qilish va shu kabi masalalar tushuniladi. Yo`riqnoma o`tkazish ishchining bevosita rahbari bo`lgan ustaga yuklatiladi. Ayrim zarur hollarda bu yo`riqnoma tegishli mutaxassislar (mexaniq, energetik, texnolog) ishtirokida o`tkaziladi. Xodimlarga elektr xavfsizligi bo`yicha yo`riqnoma o`tkazish va malaka guruhi berish korxona bosh energetigi zimmasiga yuklatiladi. Ish joyida o`tkaziladigan yo`riqnoma ishni xavfsiz olib borish qoidalari asosida tsex boshliqlari tomonidan tuzilgan va korxona bosh muhandisi tasdiqlagan dastur bo`yicha olib boriladi. Bu yo`riqnomalar ruyxatini korxona bosh muhandisi kasaba uyushmasi raisi bilan birgalikda tasdiqlaydi. Ish joyida o`tkaziladigan dastlabki yo`riqnoma ishchini mustaqil ishlashga qo`yishdan oldin yoki ish xarakteri o`zgargan hollarda o`tkaziladi. Korxonaga ishga kirayotgan shaxs kasbiy malakasini malakali va tajribali ishchiga biriktirib qo`yish orqali oshiradi. Bunday biriktirib qo`yish tsex boshlig’ining vazifasi hisoblanadi. Dastlabki yo`riqnoma o`tkazish yo`riqnomalarni rasmiylashtirish jurnaliga yozib qo`yish orqali mustahkamlanadi. Barcha ishchilar o`ta xavfli ishlarni bajarishga vazifa olishlaridan avval javobgar rahbar tomonidan yo`riqnoma olishlari va bu haqda jurnalga xavfsizlik choralari ko`rsatilgan holda rasmiylashtirilishi kerak. Ish joylarida o`tkaziladigan yo`riqnomaning dasturi. 1. texnologik jarayon va uskuna haqida umumiy ma`lumotlar. Asosiy xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari. 2. Ish joyiga qo`yiladigan xavfsizlik talablari. 3. Uskunaning (mashina, dastgoh, mexanizm) tuzilishi. Xavfli joylari, to`siqlari, ogohlantiruvchi moslamalari, blokirovka va signal berish tizimlari. 4. Ishga tayyorgarlik tartibi (uning sozligini, kerakli asbob-uskunalarning mavjudligini, erga ulash va boshqa himoya vositalarining mavjudligini tekshirish). 5. Xavfsiz ishlash usullari, xavfli vaziyatlar paydo bo`lganda qilinadigan ishlar. 6. Korjomalar, shaxsiy himoya vositalari va ulardan foydalanish. 7. Ishchilarni elektr xavfsizligini taminlashiga qo`yiladigan asosiy talablar. 8. Tsexda xavfsiz harakatlanish sxemasi. 9. Yuk ortish-tushurish va tashish ishlarida xavfsizlik talablari. YUk ko`tarish, tashish uskunalari va mexanizmlarini xavfsiz ishlatish. Davriy yo`riqnoma. Ishchining malakasi va ish stajidan qat`iy nazar har 6 oydan ko`p bo`lmagan muddatda xavfsiz ishlash usullari bo`yicha davriy yo`riqnoma o`tkazib turiladi. Bundan asosiy maqsad-ishchining asosiy va doimiy bajarib turadigan ishida xavfsizlik qoidalari bo`yicha bilimlarini yangilab va to`ldirib turishdir. Davriy yo`riqnoma yakka tartibda va guruh (bir xil kasbdagi ishchilar) bilan o`tkazilishi mumkin, bunda tsex yoki korxonada bo`lib o`tgan noxush hodisalarni talqin qilgan holda suhbat o`tkaziladi. Turli sabablar bilan (ta`til, kasallik, mehnat safari va x.k) o`z muddatida ishchilarga o`tkazilmagan yo`riqnoma keyinchalik o`tkaziladi. Davriy yo`riqnoma o`tkazilganligi haqida jurnalga yozib rasmiylashtirilib qo`yiladi. Navbatdan tashqari yo`riqnoma quyidagi hollarda o`tkaziladi: -texnologik jarayon o`zgarganda, bir uskuna o`rniga boshqa uskuna o`rnatilganda va mehnat sharoiti o`zgartirilganda; -tsex bo`limi yoki brigadada baxtsiz hodisa yoki avariya ro`y berganda; -ishlarni xavfsiz bajarish bo`yicha yangi qoida va yo`riqnomalarni ishchilar diqqatiga yetkazish zarurati to`g’ilgan hollarda; -ishlab chiqarish intizomi qoida va yo`riqnomalarni talablari buzilishi aniqlangan hollarda. Navbatdan tashqari yo`riqnomada dastlabki yo`riqnomaning shu yo`riqnoma o`tilishiga sabab bo`lgan qismigina ko`rib chiqiladi. Bu yo`riqnoma ham dastlabki va davriy yo`riqnoma singari bevosita rahbar (usta) tomonidan o`tkaziladi va jurnalga yozib rasmiylashtiriladi va sababi ko`rsatiladi. Ishchilarni bilimini tekshirish. Dastlabki yo`riqnomadan va malaka oshirishdan keyin (mustaqil ishlashga ruxsat berishdan yoki boshqa ishga o`tkazishdan avval) ishchilarning xavfsiz ishlash usullari bo`yicha bilimlarini tekshirish kerak bo`ladi. Buning uchun korxona ma`muriyati tomonidan maxsus komissiya tuziladi va unga rais qilib tsex boshliqlaridan biri belgilanadi. Zarurat bo`lganda, aniq sharoitdan kelib chiqib komissiya tarkibiga mexaniqlar, energetiklar va boshqa mutaxassislar kiritilishi mumkin. Ishchiga dastlabki tekshiruvdan keyin ma`lum nusxada rasmiylashtirilgan shahodotnoma beriladi. Bilimlarni tekshirish yo`riqnoma dasturi asosida tsex boshliqlari tomonidan tuzilgan savollar yuzasidan o`tkazilib, dastlabki, davriy va navbatdan tashqari turlarga bo`linadi. Davriy tekshiruvdan ishchilarning bilimlarini maxsus tartibda tekshirib turiladi. Bu tartib jadvali usta tomonidan tuziladi va tsex boshlig’i tomonidan tasdiqlanadi. Navbatdan tashqari tekshiruv texnologik jarayon o`zgarganda, yangi mexanizm va uskunalar o`rnatilganda, yangi qoida, yo`riqnomalar tadbiq qilingan hollarda hamda qoida yo`riqnomalar bo`yicha bilim etarli bo`lmagan hollarda davlat nazorat tashkilotlari, korxona rahbarlari talabi bilan o`tkaziladi. Bilimlarni tekshirish natijalari jurnalga qayd qilinadi va ishchining shahadotnomasiga yozib qo`yiladi. Tekshiriluvchining bilimiga baho qo`yishdan (yaxshi, qoniqarli, qoniqarsiz) tashqari uni mustaqil ishlashga ruxsat berish haqida jurnalga ham qayd qilishi kerak. Agar tekshiruv paytida ishchi bilimining qoniqarsizligi aniqlansa unga mustaqil ishlashga ruxsat berilmaydi va ikki haftadan oshmagan muddat ichida qayta tekshiruvdan o`tishi kerak. Qayta tekshiruvga kelmaslik yoki sababsiz tayyorlanmasdan kelish mehnat intizomini buzish deb qaraladi. Ushbu kamchiliklarga yo`l qo`ygan ishchiga ichki mehnat intizomi qoidalarida belgilanganidek intizomiy choralar qo`llaniladi. Mutaxassis va rahbar xodimlarni o`qitish va bilimlarini tekshirish. Mutaxassis va rahbar xodimlarning mehnat muhofazasi bo`yicha bilimlarini oshirish uchun korxona, boshqaruv bo`limlarida davlat nazorat tashkilotlari ilmiy tadqiqot institutlari va tarmoq mutaxassislarini jalb qilgan holda kurslar, semenarlar, ma`ruzalar hamda maslahatlar tashkil qilinadi. Xodimlar rahbarlik lavozimiga tayinlanishidan avval quyidagilar bilan tanishishlari kerak: -ularga ishonib topshirilayotgan tashkilotda (bo`lim, tsex, korxona) mehnat muhofazasi va sharoiti holati; -xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan ishchi hamda xizmatchilarni himoyalash vositalari; -jarohatlanish va kasb kasalliklarining tahlili; -mexnat sharoitlarini yaxshilashning kerakli tadbirlari hamda mehnat muhofazasi bo`yicha qshllanma va lavozim vazifalari ruyxati. Mutaxassis va rahbar xodimlarning mehnat muhofazasidan bilimlarini tekshirish yuqori tashkilot mehnat muhofazasi bo`limlarining doimiy imtihon komissiyalari tomonidan bajariladi. Komissiya tarkibi yuqori tashkilot rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi. Imtihon komissiyalarini boshqaruv tashkilotlarining rahbarlari boshqaradi. Yirik korxonalarda imtihon topshiruvchi xodimlar soni ko`p bo`lsa, bir necha imtihon komissiyalari tashkil qilinishi mumkin. Bunday hollarda komissiya raisi qilib mehnat muhofazasi bosh mutaxassislari va korxona rahbarining muovinlari tayinlanadi. Imtihonlarni tashkil qilish va o`tkazish korxona ma`muriyatiga hamda imtihon komissiyalari raislari zimmasiga yuklatiladi. Imtihonlar tasdiqlangan reja bo`yicha o`tkaziladi. Bu reja imtihon komissiyasining barcha a`zolariga bir oy oldin tarqatiladi. Tekshiruvchi esa imtihon kuni va o`tkazilish joyi haqida kamida 15 kun oldin ogohlantiriladi. Komissiya a`zolari uch kishidan kam bo`lsa imtihon o`tkazishga ruxsat berilmaydi. Imtihon komissiyasi tarkibiga kiritilgan rahbarlar va mutaxassislar boshqaruv tashkilotlari komissiyalariga imtihon topshirgan bo`lishlari kerak. Imtihon komissiyasi quyidagilar bo`yicha rahbarlarning bilimlarini tekshiradi: -O`zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to`g’risida”gi qonuni, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, boshqa qonun va me`yoriy hujjatlar; -mehnat xavfsizligi standartlar tizimlari; -halokatlarni cheklash va ogohlantirish tizimlari; -elektr jarohatlaridan ogohlantirish; -yong’in xavfsizligi, halokat, portlash hamda yong’inlarni bartaraf qilish usul va vositalari; - ko`ngilsiz hodisalar ro`y berganda xodimlarning harakatlari; -ishlab chiqarish sanitariyasi va mehnat gigiyenasining asosiy talablari; -mehnat muhofazasi holatini nazorat qilishda davlat, tarmoq va jamoat nazoratlari to`g’risidagi nizomlar; -baxtsiz hodisalarni taftish qilish, hisobga olish va rasmiylashtirish; -texnologik tizimning xavfsizligini ta`minlovchi pasport, sxemalar, texnologik reglamentlar va lavozim yo`riqnomalari; -SHHV ni tarqatish tartibi va me`yorlari, ishlatish muddatlari; -mehnat bitimlari, ish vaqti, dam olish vaqti, ayollar mehnatini muhofaza qilish va balog’at yoshiga etmaganlar mehnatini muhofaza qilish. Imtiyozlar va to`lovlar; -jabrlanganlarga dastlabki yordam ko`rsatish usullari. Imtihon savollari texnologik jarayonning o`ziga xos tomonlarini, mutaxassis rahbarlarga qo`yiladigan malaka talablari va mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda tuzilib, komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi. Mehnat muhofazasi bo`yicha bilimlarni tekshirishning quyidagi turlari belgilangan: dastlabki, davriy, navbatdan tashqari . Lavozimlarga ishga tushgan kundan boshlab bir oy o`tkazmay tegishli imtihon komissiyasi bilimlarini tekshiruvdan o`tkazishi kerak. Davriy bilimlarni tekshirish kamida uch yilda bir marta o`tkaziladi. Quyidagi holatlarda ushbu nizomda qayd qilingan rahbarlar va mutaxassislarning bilimlari navbatdan tashqari tekshiriladi: -mehnat muhofazasi bo`yicha yangi yoki qayta ko`rib chiqilgan me`yoriy hujjatlar amalga kiritilganda; -yangi texnologik jarayonlar yoki yangi uskunalar o`rnatilganda; -xodim bilimini mehnat muhofazasidan boyitish talab qilinadigan yangi ish joyiga o`tkazilganda; -guruhiy o`lim yoki nogironlik bilan tugagan baxtsiz hodisalar sodir bo`lganda hamda halokat, portlash, yong’in va zaharlanish hollari ro`y berganda; - ishda bir yillik uzilish sodir bo`lganda; -Davlat nazorat tashkilotlari talablariga ko`ra. Bilimlarni navbatdan tashqari nazorat qilish ayrim hujjatlar chegarasida o`tkazilishi mumkin. Bu hujjatlarning ruyxatlari yuqori tashkilot tomonidan belgilanadi. Bilimlarni tekshirish natijalari bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi va imtihon komissiyasi raisi hamda a`zolari tomonidan imzo chekiladi. Bu bayonnoma olti yildan kam bo`lmagan muddatda korxonaning mehnat muhofazasi yoki kadrlar bo`limida saqlanadi. Ishlab chiqarish o`ta xavfli bo`lgan korxona mutaxassis va rahbarlari mehnat muhofazasidan imtihon topshirganlarida ularga maxsus shahadotnoma beriladi. SHahadotnomaga komissiya raisi (yoki uning muovini va a`zosi bo`lgan Mehnat muhofazasi Davlat texnik inspektsiyasining nazoratchisi imzo chekadi). Bunday shahadotnomaning mavjudligi rahbar yoki mutaxassisni ushbu Nizomning 28-bandida keltirilgan masalalar bo`yicha tekshiruvdan ozod qilmaydi. Imtihonda qoniqarsiz baho olgan rahbar shaxs bir oy ichida imtihonni qayta topshirish sharti bilan o`z lavozimida qoldirilishi mumkin. Imtihonni qayta topshira olmagan rahbar haqidagi materiallar korxonaning attestatsiya komissiyasiga, uning lavozimiga mos emasligini ko`rib chiqish uchun yuboriladi. Imtihon komissiyasining qarori yuzasidan nizolar Mehnat muhofazasi Davlat texnik inspeksiyasi yoki sud tomonidan ko`rib chiqiladi. Mehnat muhofazasi bo`yicha bilimlarni tekshirishni tashkil qilish va o`tkazish korxona rahbarlari hamda yuqori tashkilot mehnatni muhofaza qilish bo`limlari zimmasiga yuklanadi. Nazorat huquqi mehnat muhofazasi Davlat texnik inspektsiyasiga yuklanadi. Mehnat muhofazasi bo`yicha bilimlari tekshirilishidan bo`yin tovlagan mutaxassis va rahbarlar lavozimlaridan chetlashtiriladi. 2. Baxtsiz hodisalar va ularni oldini olish Ma`lumki, jarohatlanish oqibati o`z vaqtida ko`rsatilgan yordamga ko`p jihatdan bog’liq bo`ladi. SHuning uchun har bir ishlovchi bevosita baxtsiz hodisa sodir bo`lgan joyda vrachga birinchi yordam ko`rsatishni bilishi kerak. Ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlarida tsexlarda, bo`limlarda, brigadalarda, dala shiyponlarida, fermalarda, ustaxonalar va boshqa ishlab chiqarish uchastkalarida birinchi yordam ko`rsatishga maxsus o`qitilgan 3-4 kishidan iborat sanitar postlar tashkil etiladi. Sanitar postlari zarur meditsina dorilar va bog’lash materiallari mavjud bo`lgan aptechkalar bilan ta`minlanadi. Ishlab chiqarishda jarahotlanish uni keltirib chiqarish sabablariga ko`ra shartli ravishda tashkiliy va texnik turlarga bo`linadi. Tashkiliy xarakterga ega bo`lgan ishlab chiqarish jarohatlarining sabablariga quyidagilar kiradi: 1) bevosita kunlik ishlarni yoki ishlayotgan odamlarni sog’ligi uchun yuqori darajada xavfli bo`lgan ishlarni bajarish oldidan xavfsizlik texnikasi bo`yicha yo`riqnomalarni o`tilmasligi; 2) xavfsizlik texnikasi bo`yicha yo`riqnomalarni o`tilishi, lekin ishni bajarish jarayonida unga rioya qilinishini etarlicha nazorat qilmaslik; 3) ishni (har xil ishlab chiqarish topshiriqlarini) bajarish vaqtida zarur himoya (ko`zoynak, niqob, respirator, to`siq va boshqa) vositalardan foydalanmaslik; 4) ishchi zonada ishni bajarish uchun keraksiz bo`lgan buyum va narsalarni mavjudligi; 5) murakkab va mas`uliyatli ishlarda maxorati etarlicha bo`lmagan ishchilar mehnatidan foydalanish; 6) jarohatlash ehtimoli mavjud joylarda o`rab turuvchi shitlar, to`siqlar va kojuxlarni yo`qligi; 7) odam sog’ligi uchun xavf yuqori bo`lgan ish joylarini etarlicha yoritilmasligi; 8) xavf haqida «To`xta! Yuqori kuchlanish», yoki «Ehtiyot bo`ling! Rabotlar avtomatik rejimda ishlamoqda», «Yo`l yo`q, xavfli zona» va boshqa kabi ogohlantiruvchi belgilarning yo`qligi; 9) texnologik rejimdan chalg’ish, texnologik jarayonlarni ko`pol buzilishi va boshqalar; 10) u yoki bu sabablarga ko`ra ishchiga ish vaqti davomida tanaffus va dam olish vaqtini berilmasligi; Texnik xarakterga ega bo`lgan ishlab chiqarish jarohatlarining sabablariga quyidagilar misol bo`ladi: 1) ishchining aybisiz texnologik uskuna yoki stanokning biror bir qismini avariya sabab ishdan chiqishi; 2) murakkab operatsiyalarni bajarayotgan biror bir mexanizmni ogohlantirilmasdan elektr energiyasidan ajratish; 3) yuk ko`tarish mexanizmining yuk ko`tarish vaqtida kutilmaganda po`lat arqonini uzilishi; 4) har xil o`zgaruvchan tebranma yuk ostida elektr uzatish simini o`zilishi; 5) qisilgan gaz ballonini quyosh nuridan yoki boshqa issiqlik manbai ta`sirida qizib ketishi natijasida portlashi; 6) gazogeneratorli qurilmalarni ximiyaviy reaktsiyalar jarayonida iki kuchli qizishidan portlashi; 7) ishlab chiqarishni ichki sistemalarini ta`minlovchi gaz, issiq suv yoki bug’ quvurlarini o`zilishi; 8) yuqori bosim ostida ishlovchi idishlarni portlashi; 9) har xil meteorologik omillar (kuchli jala, kalin kor, dovul va boshqa) ta`sirida binolar tomi va konstruktsiyalarini qo`lashi; Yuqorida qayd etilganlardan ishlab chiqarishda jarohatlarni oldini olishning eng samaralisi tashkiliy xarakterdagi tadbirlar deb xulosa chiqarish mumkin. Bu tadbirlar quyidagi ishlarni o`z ichiga oladi: 1) korxona ma`muriyati, texnika xavfsizligi bo`yicha mutaxassis hamda usta va brigadirlarni ishchilar tomonidan texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini, mehnatni to`g’ri tashkil etilishini doimiy nazorat qilish va tekshiruv ishlarini olib borilishi; 2) narkotik modda yoki alkogol ta`siri ostida xushyorlikni yo`qotgan, texnika xavfsizligi qoidalarini bo`zgan ishchilarni zudlik bilan ishdan ozod etish; 3) funktsional rejimi buzilgan yoki nosoz mexanizm va uskunalarda ishlashni to`xtatish; 4) murakkab, ko`p diqqat talab etadigan ishlar bilan band bo`lgan ishchilarni doimiy tibbiy ko`rikdan o`tkazish; 5) ishchilarni xavfsizlik texnikasi bo`yicha asosiy ma`lumotlarni o`z ichiga olgan texnik o`kishga doimiy va davriy jalb etish ishlarini tashkil etish; 6) ishga qabul qilingan har bir ishchini texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirish, ularga sanitar-texnik yo`riqnomalar o`tish; 7) ishchini qo`shimcha ishga yoki asosiy mutaxassisligidan (kasbidan) boshqa ishda ishlashiga yo`l qo`ymaslik. Nazorat savollari 1. Kirish yo’riqnomasining dasturida nimalardan iborat? 2. Navbatdan tashqari yo’riqnoma qachon o’tkaziladi? 3. Baxtsiz hodisalarni oldini olish uchun qanday tadbirlar o’tkazilishi kerak? FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. –T.: "O’zbekiston", 2008. 2. “Mehnat Kodeksi”. O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari to’plami. – T.: 2005 y., 37-38 - son. 3. “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida”gi qonun. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi. –T.: 2002 y., 1-son. 4. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to’g’risidagi Nizom. Vazirlar Mahkamasining qarori № 286, 06.06.1997, –T.: 1997. 5. “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug’urtasi to’g’risida”gi qonun. O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2008 y., 37-38-son. 6. “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish to’g’risida”gi qonun. O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, – T.: 2009 y., 16-son.