logo

Yordami so‘zlar – ko‘makchilar bog‘lovchilar yuklamalar stilistikasi

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

148.5 KB
Yordami so‘zlar – ko‘makchilar bog‘lovchilar yuklamalar stilistikasi R e j a : 1. YOrdamchi so‘zlarning grammatik tabiati. 2. Ko‘makchilarning stilistik xususiyatlari. 3. Bog‘lovchilarning stilistik xususiyatlari. 4. YUklamalarning stilistik xususiyatlari. 5. O‘zbek tilida yordamchi so‘zlar sinonimiyasi. O‘zbek tilshunosligida ko‘makchilarning funktsional-stilistik xususiyatlari A.Pardaev tomonidan monografik yo‘nalishda o‘rganilgan va nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Ko‘makchilarning stilistik xususiyatlarini o‘rganishda ana shu tadqiqot materiallaridan foydalanamiz. Ko‘makchilar o‘zbek tilshunosligida ushbu tadqiqotga qadar ham o‘rganish ob`ekti bo‘lgan va buning natijasida katta-kichik maqolalardan tortib, monografik yo‘nalishdagi ishlar yuzaga kelgan. Jumladan, H.Berdiyorovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” mavzuidagi (Samarqand, 1949), X.T.Axtamovaning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida murakkab analitik so‘ngshakllar” nomli nomzodlik dissertatsiyalari (Toshkent,1981), A.N.Kononovning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” (Toshkent, 1951), SH.SHoabdurahmonovning “O‘zbek tilida yordamchi so‘zlar” (Toshkent,1953), R.Rasulovning “O‘zbek tilida yordamchi so‘zlarning semantik-grammatik xususiyatlari” (Toshkent,) T.Rustamovning “O‘zbek tilida ko‘makchilar” (Toshkent,1995), “Sof ko‘makchilar” (Toshkent,1991) monografiyalari bevosita o‘zbek tilidagi ko‘makchilarning lingvistik tabiatini o‘rganishga bag‘ishlangan. “O‘zbek tili grammatikasi, I tom. Morfologiya” (Toshkent, 1975.) akademik nashrida, A.N.Kononovning “Grammatika yazika tyurkskix runicheskix pamyatnikov.VII-IX vv.” (L.,1980), “Grammatika sovremennogo uzbekskogo literaturnogo yazika” (M.-L., 1960), S.Mutallibovning “Morfologiya va leksika tarixidan qisqacha ocherk” (Toshkent,1959), E.Fozilovning “O‘zbek tilining tarixiy morfologiyasi” (Toshkent,1965), A.M.SHerbakning “Grammatika starouzbekskogo yazika” (M.-L.,1962), G‘.Abdurahmonov va SH.SHukurovlarning “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi” (Toshkent, 1973) singari asarlarda ham ko‘makchilar tadqiqiga doir maxsus bo‘limlar mavjud. Bundan tashqari o‘zbek tili tarixi va adabiy til grammatikasini o‘rganishga doir darslik va o‘quv qo‘llanmalarida ham ko‘makchilar borasidagi fikrlar anchagina. U.Tursunov, J.Muxtorov, SH.Rahmatullaevlarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (Toshkent,1992), SH.SHoabdurahmonov, M.Asqarova, A.Hojiev, I.Rasulov, X.Doniyorovlarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (Toshkent, 1980), G‘.Abdurahmonov, A.Rustamovlarning “Qadimgi turkiy til” (Toshkent,1982), J.Hamdamovning “O‘zbek tili tarixi. Ikkinchi qism.Tarixiy morfologiya.Ikkinchi bo‘lim” (Samarqand, 2003) singari darslik va o‘quv qo‘llanmlari shular jumlasidandir. Ko‘makchilarni o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar son jihatdan salmoqli bo‘lganligi uchun ularni ma`lum guruhlarga ajratish mumkin. A.A. Koklyanovaning “O‘zbek tilida so‘ngko‘makchilar va ko‘makchi otlar”, H.G‘.Ne`matovning “XI-XII asr yozma yodgorliklarida ko‘makchilar (“Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘otit turk”, “Hibatul haqoyiq” materiallari asosida)”, G.F.Blagovaning “XV-XVI asrlar eski o‘zbek adabiy tilidagi ko‘makchilar haqida” maqolalari ko‘makchilarni diaxronik, A.G‘ulomovning “Ko‘makchili konstruktsiya haqida”, U.Tursunovning “O‘zbek tilida so‘ng ko‘makchilar” maqolalari sinxronik yo‘nalishda o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lsa, O‘.Saidovning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi ko‘makchilarning o‘rganilishiga doir” maqolasida esa bu borada yaratilgan tadqiqotlarga obzor berilgan. V.Egamovning “O‘zbek shevalarida so‘ng ko‘makchili so‘z birikmalarining semantik-grammatik munosabatlari”, X.Jo‘raevning “Ko‘makchilarni sheva materiallariga taqqoslab o‘rganish”, T.Almamatovning “Xalq shevalarida “tur” ko‘makchi fe`li haqida” maqolalariga sheva materiallari asos bo‘lgan. A.Abdullaevning “Ko‘makchilar yordami bilan tarkib topgan so‘z birikmalarida ifodalangan sintaktik munosabatlar”, O.Amirovaning “Sabab hollarining ko‘makchi konstruktsiyali so‘zlar bilan ifodalanishi” ko‘makchilar sintakik munosabatlar doirasida qaralgan. Biz ularga zaruriyatga qarab kerakli o‘rinlarda murojaat qilamiz. Ammo bu sohada maxsus kuzatishlar olib borgan H.Berdiyorov va T.Rustamovlarning tadqiqotlariga to‘xtalish joizdir. Hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi ko‘makchilarni lingvistik tahlil qilishga bag‘ishlangan dastlabki ishlardan biri H.Berdiyorovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” (Samarqand, 1949) deb atalgan nomzodlik dissertatsiyasi bo‘lib hisoblanadi. Dissertatsion ish ikki qismdan iborat bo‘lib, uning 1-qismida tanlangan mavzuning dolzarbligi, so‘z turkumlarining, jumladan yordamchi so‘zlarning kelib chiqishi, so‘ngko‘makchilarning grammatik va relivatsion ahamiyati hamda ular bilan qo‘shimchalar o‘rtasidagi munosabatlar masalasiga to‘xtalib o‘tilgan. 2- qismida esa bevosita so‘ngko‘makchilarning grammatik tabiati yoritilgan. Ular asl, ravish, ravishdosh, chog‘ishtirma so‘z va affiks so‘ngko‘makchilar tarzida guruhlarga bo‘lib o‘rganilgan. Ko‘makchi otlar keng yoritilgan. Ishning birinchi qismi so‘z turkumlarining, jumladan ko‘makchilarning kelib chiqishini o‘rganishga bag‘ishlangan. Dissertatsiya muallifi ta`kidlaydiki, XIX asrning bir qancha tilshunoslari (L.Nuare, V.Vundt, M.Myuller) so‘z turkumlarining kelib chiqishi to‘g‘risida gapirganda, fe`l turkumini kishilar tomonidan birinchi martaba qo‘llangan so‘zlar deb hisoblaydilar va fe`ldan boshqa so‘z turkumlari ajralib chiqqan deydilar. Demak, bularning fikricha, fe`l boshqa so‘z turkumlarining taraqqiyoti uchun ajralib chiqish imkoniyati bo‘lib xizmat etadi. (BH, 9). H.Berdiyorov N.YA.Marrning “Bir vaqtlar so‘z turkumlari bo‘lmagan edi. Asta-sekin gap bo‘laklaridan harakatni, ya`ni o‘timli fe`l, keyinroq o‘timsiz fe`lni hosil qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi ot ajraladi. Ot – aniqlovchi, sifat funktsiyasini bajaradi, ot (otlarning ma`lum doirasida) olmosh bo‘ladi, so‘ngra bog‘lovchi bo‘ladi va qolgan so‘z turkumlari yuqorida ko‘rsatilgan so‘z turkumlarining birontasidan hosil bo‘ladilar”. ( Marr N.YA. Izbrannie raboti, t.II. – M.,1934, s.417. Tarjima H.Berdiyorovniki). (BH,11), degan fikriga tayanib, “birinchi so‘z, turmushda, ishlab chiqarish protsessida kishilik fikrlashi tomonidan ajratilgan, ya`ni predmetlarning nomini va muhit ko‘rinishlarini, hodisalarini ko‘rsatuvchi ot ekan”, degan xulosaga keladi (BH,12) va yana quyidagilarni aytadi:“Umuman biz ayta olamizki, ot, fe`l va olmosh turkumlari til taraqqiyotida sifat, son, ravish va yordamchi so‘zlarga qaraganda eng avval ajralib chiqqan so‘z turkumlaridir”. (BH,12). Muallif tadqiqotda o‘zbek tilshunosligida birinchi marta hozirgi o‘zbek adabiy tilida mavjud bo‘lgan ko‘makchilarning o‘zi qo‘shilib kelayotgan so‘zning qanday semantik ma`nolari reallishuviga hamda gapda qanday vazifalarda kelishiga oid nazariy qarashlarini bayon qiladi. Bu ko‘makchilarning o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan ma`nodosh variantlari to‘g‘risida esa, buni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ymagani uchun, yo‘l-yo‘lakay mulohaza yuritadi. Tilshunoslikda mavjud bo‘lgan an`anaviy usullardan chiqmagan holda biz hozirda “ko‘makchilar” deb o‘rganib kelayotgan til birliklarini oldko‘makchilar ga qarama-qarshi ravishda so‘ngko‘makchilar tarzida talqin qiladi. Bu qarashlar orasida so‘z turkumlarining, xususan yordamchi so‘zlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi fikrlar muhim o‘rin tutadi. Tadqiqotda o‘rni bilan ayrim faktlarning lingvostitistik tahlili berilganligi xulosalarning ilmiyligini ta`minlashda va amaliy jihatlarini ko‘rsatib berishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Dissertant ish yakunida bugungi kunda ham yordamchi so‘zlar relivatsion tabiatini o‘rganishda ahamiyatli bo‘lgan quyidagi xulosaga keladi: so‘ngko‘makchilar til taraqqiyoti nuqtai nazaridan mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan kelib chiqqandir. Bular hozirgi o‘zbek adabiy tilining gap qurilishida, gaplarning ma`nosini tayinlashda, so‘zlarni o‘zaro munosabatga keltirishda katta rol’ o‘ynaydi.(BH,126). So‘ngko‘makchilar gapda turli sintaksistik munosabatlarni bajarib, gapning biror bo‘lagiga bog‘langan holda qo‘llaniladi. So‘ngko‘makchilar mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan, mustaqil holda qo‘llana olmasligi, sintagmalarni yoki so‘zlarni birlashtirish, kengaytirish qobiliyatiga ega emasligi, morfologik tomondan ayrim semantik morfemalarga bo‘linmasligi, urg‘uni qabul qilmasligi, gapning biror mustaqil bo‘lagi bo‘lib kelolmasligi bilan ajaralib turadi. Ular gapda ishtirok etgan so‘zlarga bog‘lanib kelgandagina atash, sabab, maqsad, fazo kabi qo‘shimcha ma`nolarni ifodalab keladilar. (BH,127). O‘zbek tili, qolaversa turkologiyada ko‘makchilarni o‘rganishga oid ishlar orasida T.Rustamovning tadqiqotlari ham sezilarlidir. U ko‘makchilarni o‘rganishga bag‘ishlangan “O‘zbek tilida ko‘makchilar” (Toshkent,1965), “Sof ko‘makchilar” (Toshkent, 1991) singari monografiyalar hamda o‘nlab maqolalar e`lon qilgan. Jumladan, uning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ko‘makchilar” monografiyasi ko‘makchilarning hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi qo‘llanish xususiyatlari va ularning tasnifiga bag‘ishlangan bo‘lib, yordamchi so‘zlarning ushbu turi tilshunosligimizda qay darajada o‘rganilganilganligi hamda ularning grammatik xususiyatlari boy til materiali asosida tahlil etilgan. Materialni yoritishda E.D.Polivanov, I.A.Batmanov, Q.Ramazon, H.Qayumiy, O.Usmon, A.N.Kononov, SH.SHoabrurahmonov, A.A.Koklyanova, U.Tursunov, H.Berdiyorov, A.Abdullaev, V.V.Reshetov kabi olimlarning qarashlariga tayangan holda ish ko‘radi, ularga munosabat bildiradi va “ko‘makchilar gap bo‘laklarining tobelanish munosabatini yaratuvchi va turli grammatik ma`nolarni ifodalashda xizmat qiluvchi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan leksik-grammatik kategoriya” ekanligi va uning “gap qurilishidagi muhim xususiyati bilan ham boshqa so‘z turkumlaridan tubdan farqlanishi” haqida o‘z nuqtai nazarini bayon etadi (RT.HO‘ATK). Olimning “Sof ko‘makchilar” asari o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilarni diaxronik yo‘nalishda o‘rganishga bag‘ishlangan yirik hajmdagi tadqiqotlardan biridir. Asarning yozilishiga XIII-XX asrlar yozma yodgorliklari manba bo‘lib hisoblangan va ming yilga yaqin davrni o‘z ichiga olgan materiallar uchga bo‘lib o‘rganilgan: XIII-XIV asr yozma yodgorliklari. XV-XVI asr yozma yodgorliklari. XVII-XX asrning boshlari yozma yodgorliklari. SHu asosda turkiy tillar (o‘zbek, turkman, chuvash, qozoq) va dialektolok manbalar qiyosiy o‘rganilgan. Muallif tadqiqotning kirish qismida ko‘makchilarni o‘rganish nafaqat grammatikaning, shu bilan birga, leksikologiya va semasiologiyaning ham ba`zi masalalarini hal etishga ko‘maklashishini va ko‘makchilar mustaqil ma`noli so‘zlardan kelib chiqqanligi haqidagi fikrning to‘g‘ri ekanligini ta`kidlaydi. Muallif ko‘makchilar keyingi paytlarda, asosan, ikkita katta guruhga – sof ko‘makchilar va funktsional ko‘makchilarga bo‘lib o‘rganilayotganlini, sof ko‘makchilar tarkibidagi morfologik qo‘shimchalar o‘zlarining grammatik xususiyatini batamom yoki qisman yo‘qotib, o‘zi birikib kelgan so‘zning ko‘makchi funktsiyasini bajarishi uchun xizmat qilishini, hozirgi nutqimizda ham ko‘makchi, ham mustaqil so‘z sifatida qo‘llanayotgan ko‘makchilar funktsional ko‘makchilar deb atalishini qayd qiladi. Ko‘makchilar so‘zmi, ularda leksik ma`no mavjudmi degan savollarni o‘rtaga qo‘yib, ularga aniq javoblar beradi. Jumladan, T.Rustamov ko‘makchilarning so‘z ekanligini asoslaydi, ko‘makchilarning leksik ma`nosi o‘zi birikib kelayotgan mustaqil ma`noli so‘zning leksik ma`nosiga bog‘liq ekanligini, ularning barchasi uchun umumiy bo‘lgan xususiyat sinonimlik bo‘lib, albatta, har qaysi ko‘makchining o‘ziga xos stilistik ahamiyati ham sezilib turishini misollar asosida dalillaydi. U ko‘makchilarning mustaqil ma`noli so‘zlardan farqi ko‘makchilar mustaqil leksik ma`no yo‘q ekanligidagina emas, balki ko‘makchilardagi leksik ma`no qandaydir o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, ular mustaqil ma`noli so‘zlarga birikkandagina paydo bo‘lishidadir, deb hisoblaydi. T.Rustamovning ko‘makchilarni ham diaxronik, ham sinxronik tarzda o‘rganishga, ularning taraqqiyot darajasi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishga ko‘maklashadi. Muallif yuqorida sanab o‘tilgan ko‘makchilarning turkiy tillarda, jumladan o‘zbek tilidagi amalda bo‘lish va me`yorlashuv bosqichlarini o‘rganar ekan juda katta hajmdagi tarixiy manbalardan material sifatida foydalangan. Olimning xizmatlari shundaki, ko‘makchilarni yordamchi so‘zlar sifatida tahlil etar ekan ularning grammatik ma`nolarini leksik ma`nolari bilan birgalikda kichik sintaktik qurshovda olib o‘rganadi va shu yo‘l bilan ular birikib kelgan so‘zlar va ularning leksik-grammatik ma`nolarining yuzaga kelishidagi xizmatlari, boshqa so‘zlarga birikish xususiyatlari ko‘rsatib beriladi. SHu bilan birga o‘rni bilan ayrim ko‘makchilarlarning boshqa ko‘makchilarga yoki grammatik vositalarga sinonimiyasi, frazeologik birliklar hosil qilish jarayonidagi ishtiroki xususida hamda ularning funktsional imkoniyatlari haqida ham gap boradiki, bu ushbu dissertatsionning ish mavzu e`tibori bilan ahamiyatlidir. Biz ularga o‘rni bilan murojaat qilamiz. Garchi o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilarning grammtik xususiyatlarini diaxronik va sinxronik yo‘nalishda tekshirishga bag‘ishlangan tadqiqotlar etarli darajada bo‘lsa-da, biz qarab chiqqan manbalardan shu narsa ma`lum bo‘ldiki, o‘zbek tilidagi ko‘makchilarning stilistik xususiyatlarini o‘rganishga oid hatto maqola xarakteridagi kuzatishlar ham barmoq bilan sanarlidir. Faqatgina R.Qo‘ng‘urov va T.Qurbonovning “Ko‘makchilar sinonimiyasiga doir”, T.Qurbonov va N.Ernazarovning “YOrdamchi so‘zlar stilistikasiga doir” maqolalarida bevosita ko‘makchilar stilistikasiga doir mulohazalar bayon etilgan bo‘lsa, R.Qo‘ng‘urovning “O‘zbek tili stilistikasidan ocherklar” asarida, R.Rasulovning “Avval”, “keyin” so‘zlarining ba`zi bir stilistik xususiyatlari haqida”, S.Karimovning “YOrdamchi so‘z turkumlarining badiiy uslubdagi ko‘rinishlari” maqolalarida esa o‘rni bilan bu turkum so‘zlarning sinonimiyasi va vazifaviy chegaralanishlari haqida fikrlar bildirilgan, xolos. O‘zbek tilshunosligida XX asrning 80-yillarigacha erishilgan yutuqlarni o‘zida mujassam qilgan “O‘zbek tili stilistikasi” (Toshkent, 1983) asarida yordamchi so‘zlar uslubiyatiga oid hech narsa deyilmaganligining o‘zi ham bu masalani o‘rganishning fanimiz uchun naqadar muhim ekanligini ko‘rsatadi. Ko‘makchilar tarixan mustaqil so‘zlar hisoblanib, o‘z leksik ma`nolariga ega bo‘lgan, ammo davrlar o‘tishi bilan bu leksik ma`nolarni yo‘qotib, ularning ma`lum qismi o‘zgarmas bo‘lib, hech qanday grammatik shakllarni qabul qilmaydigan holiga kelib qolgan, o‘zidan oldin kelgan so‘zlar bilan birgalikda vosita, maqsad, sabab, vaqt, makon, ob`ekt, o‘xshatish, payt, masofa, yo‘nalish singari grammatik ma`nolarni ifoda etadigan va yordamchi vosita sanaladigan til birliklaridir. Ko‘makchilar haqidagi bu fikrdan quyidagi muhim xulosalar kelib chiqadi: -ular nutqda so‘zlarni o‘zaro bog‘lovchi grammatik vositadir; -grammatik vosita bo‘lish jarayonida ularda ma`lum grammatik ma`nolar ham shakllanadi; -bu grammatik ma`nolarni anglatish imkoniyatlari o‘zidan oldin kelgan so‘zlarga bog‘liq bo‘ladi. Buning ustiga ko‘makchilar bo‘lmasa bu oldin kelgan so‘zning o‘zi ham ana shu ma`nolarni bera olmaydi. Faqatgina ularning birikuvigina bu ma`nolarni keltirib chiqarishi mumkin; -so‘zlarning ko‘makchilar bilan birikish yo‘llari va ularning bir xil qolip va mazmunda boshqa ko‘makchilar hamda kelishik ko‘rsatkichlari bilan sinonimlik munosabatlari shu darajada turli-tuman va rang-barangki, ular o‘z-o‘zidan bu turkum so‘zlarning stilistik imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi. SHunday qilib, yuqorida nomlari sanab o‘tilgan va mazkur ishda qisman tahlil qilingan kuzatishlar natijasi o‘laroq o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilar o‘zining nazariy bahosiga ega bo‘ldi, yordamchi so‘zlar tizimidagi o‘rni belgilandi, nutq jarayonidagi grammatik vazifalari aniqlab olindi. Bu o‘rinda shu narsani ta`kidlash zarurki, ular ma`lum ma`noda mustaqil so‘zlar bilan yordamchi so‘zlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, “yordamchi so‘zlar mustaqil so‘zlardan kelib chiqqan” degan fikrni doimo eslatib turadi. Bu nozik munosabatlarni payqagan H.Ne`matov ularga nisbatan “mustaqil-yordamchi so‘zlar” atamasini qo‘llaydi va bu atamaning mohiyatini quyidagicha tushuntirib beradi: “… morfologik qo‘shimchalarga qisman yaqinlashadigan yordamchi so‘zlar bilan mustaqil so‘zlar orasida mustaqil leksik xususiyatini yo‘qotmagan, yordamchi funktsiyada kela oladigan ko‘plab so‘zlar bordir. Bunday so‘zlar sirasiga yordamchi fe`llar, ot ko‘makchilar, ravish ko‘makchilar va boshqalar kiradi. Bu xildagi so‘zlar, birinchidan, mustaqil qo‘llanila olish va mustaqil leksik ma`no anglatishga qodir bo‘lsa, ikkinchidan, ular yordamchi so‘zlar sifatida qo‘llanilib, turli grammatik ma`nolarni ifodalashga ham xizmat qiladi; lekin shunda ham so‘z o‘zgartirish qobiliyatini yo‘qotmaydi (yordamchi fe`llarga nisbat, mayl-zamon, shaxs-son qo‘shimchalari, ot ko‘makchilarga egalik va kelishik affikslari qo‘shila oladi)”. (NH,48). “Mustaqil va sof yordamchi so‘zlardan farqlash maqsadida ham mustaqil, ham yordamchi vazifasida kela oladigan so‘zlarni mustaqil-yordamchi so‘zlar deb ataymiz. Sof ko‘makchilar funktsiyasi, morfologik o‘zgarmasligi, alohida urg‘uga ega emasligi, mustaqil so‘zlarsiz qo‘llana olmasligi bilan, qisman bo‘lsa-da, qo‘shimchalarga (kelishik affikslariga) o‘xshasa, mustaqil-yordamchi so‘zlar morfologik xususiyatlari, yakka holda qo‘llanila olishi bilan mustaqil so‘zlarga yaqin turadi. Demak, mustaqil-yordamchi so‘zlar sof yordamchi so‘zlar va sof mustaqil so‘zlar orasida oraliq o‘rinni egallaydi”.(NH,48-49). “Mustaqil va sof yordamchi so‘zlar orasidagi munosabatlarni oraliq uchinchisiz – mustaqil-yordamchi so‘zlarsiz aniqlash qiyin. SHuning uchun yordamchi so‘zlarni hech qanday mustasnosiz yo qo‘shimchalar, yoyinki so‘zlar sostaviga kiritish bir tomonlama fikrdir; yordamchi so‘z turkumlarida ularni qo‘shichalar bilan yaqinlashtiruvchi elementlar ham, mustaqil so‘zlar bilan ham yaqinlashtiruvchi elementlar mavjud”, deydi va buni til tizimidagi oraliq uchinchi hodisa sifatida belgilaydi. (NH,49-50). Ko‘makchilarning leksik ma`noga ega emasligi, ularning o‘ziga xos lingvistik birlik ekanligi bundan 55 yil muqaddam H.Berdiyorov tomonidan asoslab berilgan edi. Jumladan, olim bu haqda quyidagilarni yozgan edi: “So‘ngko‘makchilar gapda turli sintaksistik munosabatlarni bajarib, gapning biror bo‘lagiga bog‘langan holda qo‘llaniladi. So‘ngko‘makchilar mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan, mustaqil holda qo‘llana olmasligi, sintagmalarni yoki so‘zlarni birlashtirish, kengaytirish qobiliyatiga ega emasligi, morfologik tomondan ayrim semantik morfemalarga bo‘linmasligi, urg‘uni qabul qilmasligi, gapning biror mustaqil bo‘lagi bo‘lib kelolmasligi bilan ajaralib turadi. Ular gapda ishtirok etgan so‘zlarga bog‘lanib kelgandagina atash, sabab, maqsad, fazo kabi qo‘shimcha ma`nolarni ifodalab keladilar”. (BH,127). YAna: “So‘ngko‘makchilar gap ichida mustaqil mavqeni (holat) egallay olmaydilar, shuning uchun ham ular gap bo‘laklari bo‘lolmaydilar. Bu esa ularning qadimgi vaqtda mustaqil leksik ma`noli so‘z ekanligini va mustaqil gap bo‘lagi bo‘lib kelganligini inkor qilmaydi. Bular, o‘tmishda mustaqil so‘zlar bo‘lib, til taraqqiyotining keyingi davrlarida so‘ngko‘makchi holiga kelganligi bizga ma`lum. (BH,31). Ko‘makchilarning leksik-semantik ma`nolari mavjud emasligi haqidagi fikrni asosli deb hisoblar ekanmiz, ular ifoda etayotgan grammatik ma`nolar yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmaganligi, balki bu birliklarning qadimda mavjud bo‘lgan leksik ma`nolariga asoslangan holda vujudga kelishini ta`kidlaymiz. SHunday qilib, yuqorida aytilganlarga asoslangan holda aytishimiz mumkinki, leksik ma`no ko‘makchilar uchun xos xususiyat emas. Ammo bu fikr aytilganda faqat o‘zbek tilidagi sof ko‘makchilar nazarda tutiladi. Funktsional ko‘makchilar esa matniy xususiyatga ega. Ular bir matnda o‘zlarining mavjud leksik ma`nolarini saqlagan bo‘lishi, boshqa bir o‘rinda esa ko‘makchi vazifasini bajarayotgan bo‘lishi mumkin. H.Ne`matov “mustaqil-yordamchi so‘zlar” deb nomlagan oraliq so‘zlarning mavjudligi va ularning ko‘makchi vazifasini bajarishi bu birliklardagi leksik va grammatik ma`nolarning bir-birlariga bog‘liq ekanligidan dalolat beradi. Xullas, ko‘makchilarning nutq jarayonidagi asosiy vazifasi sintaktik munosabatlarni shakllantirishdan iborat bo‘lib qoladi. Ammo shakllangan munosabatlar shunchaki grammatik aloqadangina iborat bo‘lib qolmasdan, ularning har birida matniy holatga qarab alohida uslubiy ottenkalar namoyon bo‘ladi. Bu narsa, ayniqsa, ularni kelishik qo‘shimchalari bilan taqqoslaganda yanada yaqqol seziladi. SHuning uchun ham ular funktsional-stilistik yo‘nalishda o‘rganilishi lozim bo‘ladi. Sof ko‘makchilar stilistikasi. Milliy til rivojlanish jarayonining tarkibiy qismi bo‘lgan ko‘makchilar ham tildagi alohida kategoriya sifatida mazmunan boyib, takomillashib, davrga hamohang tarzda me`yorlashib borgan va ularning o‘zbek tilida uzoq yillar davomida quyidagi arsenali vujudga kelgan: adin, azaq, azin, ayag, ayru/ajru, al, ald/aldïda/aldïnda, alïda/alida/alig‘a/ aldig‘a/alidin/alinda, alt, anshu, ara/aramizda, arqa, aro, art, asno, asnoda, asnosida, asosan, asosida, asra, ast, atraf, atrofida/atrafïda, asha, ashnu, arasïda/ arasïnda/arasïdïn, astïg‘a/ astïda/astïnda/ astïn/astïdïn; babpnda, baka/baqa, baravariga/baravarida, basa, bash, basha, bashadu, bashïda/bashïnda/ bashinta, bashlayu, bashka/bashqa, beri;, birld/ birldn, bikin,bekin/bikin, biki, bilan/bildn/ birlan/birla/ birle /birld,bila/bild/ ilan/ila/ ild/ildn/ la, binoan, bo‘y+i/ig‘a/ida/idan, bo‘yincha, bob/bobda/bobinda/bobidin, bobida, bois+i/dan(din), bola, borasida, burno, burun, burun/burna, burunroq (shevada - burnog‘i); beri/ beri/beru/ bero‘; gird; damana/ damanasïda, deb, doir, degro‘/ tegro‘, degin/ deginchä/ dego‘nchä/ teginchä; j(j)ïxatïdin; iye, ilgari/ ilgeru/ilgeri, ilgarida (shevada –ilgeri, illey), ilgida/ilkida/ilkidin, ich/ichinte/ichidä/ichindä/ ichigä/ichingä, ichra/ichre/ichrä; yavug, yaqa, yan, yanlig‘ yarasha, yir, yo‘z/ yuz, yo‘lida, yo‘sinda, yoqaru/yo‘gero‘, yuzasinde, yinaq (yingaq); kabi/kibi/ kebi/kebi, keyin keyin/kejin/kejinichä, kidin, kidirti, kiz/kez, kin/ki-, kiru/keru, kuyi, kedin, , keru, körä, ko‘ch; maqsadida, mengiz, mobaynida, muvofiq, mukäbiläsïda; naru/nari/narï/ narïg‘a, nisbatan, niyatida; odo‘nte, og‘zida/og‘zig‘a, og‘renta, og‘ur, ozga/özgä, oldida, on (ong), ongaru, oni (ongi), ora/orada/orala/orasi/ orasiga/orasida/orasidan, orqali, orqasida, ornïg‘a, orta/ortasïg‘a/ ortasïng‘a/ortasïda/ ortasïnda/ ortasïdïn, ortu, orunta, otkuru, osha, ornïda/ ornunïg‘a/ ornïg‘a/ ornïna; ravishda, robaro/ro‘para/ ro‘bäro‘jig‘a/ ro‘bäro‘jida; sabab; sajp/sajpn/sayin, sayu, sari/sarï/ sarïg‘a, singari, sifatida, so‘/so‘y/so‘yi, song/ sonïcha/son/sonra/songra/sonraraq, sonïmïzcha, soyasida, surat/ suratiga/g‘a/suratida, sinar (singar); taba/tapa, taban, tabaru, tabug‘ïda, tapuq, taraf, tash, tashqaru/tashqari/ tashkarï/tashg‘aru, teg/deg/dek, tegi, teginch/tegincha, tegri/ tegru/dekru/tekru, tegi/tegin/tekin, timin, togri, tog‘a, tomon/tomonga/tomoniga, tomondan/tomonidan,tomonda/ tomonida, tomonimizda, tono‘, tub, tubindä, tufayli/ tufayligina, tiltaqinta, tegi, tegra/tegru, tegre/tegire/tegräsigd/tegräsidä/ tegräsidin, tepe, to‘g‘ri+dan/da/ga, to‘g‘rimda, to‘g‘risi+dan/da/ga, tog‘rïsïdïn, to‘bida, tegräsingä / tegräsidä/ tog‘rpsïg‘a; uza/ uze/ o‘zä/ uzä, uzala, uzra/uzre/uzrä, ulati, usk, uskinte, ust/o‘stigä / ustinä/o‘stingä/ o‘stidä/ o‘stindä/ o‘sto‘mä/ o‘stidin; utru/otru/otro‘,/o‘tru/ utrusïg‘a, uchun/, o‘cho‘n/-chun; xizmatig‘a/ xizmatida, xusus/ xususda/xususida; chag‘lïg‘; iyin/iyin/ivin, inaru/ineru; etek; yuzasidan, yuzidin; yanglig‘/yanlig‘/ janlïg‘, yarasha/ jarasha, javukcha; o‘zga, o‘ng/o‘ngin,o‘ngdin/o‘ngdun, o‘nginda, o‘ngu, o‘rniga, o‘st, o‘tinte; qadar, qarata, qarshi/karshu, qat/katïda / katïnda/ katïdïn/ katïmïzda, qata, katïg‘a/ katïng‘a/ katïna/ katïda/ katïnda, qatorida, qash/kashïda/ kashïmda /kashig‘a/ kashing‘a/kashinda/ katïmïzg‘a, qodi, quyi, qirg‘aq; haq/haqda/haqina/haqinda/haqig‘a/haqimda, uzur+i/dan(din)/da, ga(g‘a), holda, huzurlariga. Biz ham tadqiqotlarimiz jarayonida ulardan foydalanamiz va bunda asosiy diqqatimizni bu ko‘makchilarni hozirgi adabiy tilimiz nuqtai nazaridan funktsionl- stilistik jihatdan baholashga qaratamiz. Leksik ma`noga ega emasligi va shuning uchun ham nutqda alohida ishlatilmasligi hamda so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalarni qabul qila olmasligi sof yoki asl ko‘makchilarni ajratishda asosiy o‘chlov bo‘lib xizmat qiladi. SHu nuqtai nazardan ushbu bobda asosan bilan, binoan, bo‘yicha, kabi, ora, sayin, sari, uzra, uchun, qadar ko‘makchilari va ularga sinonimik holatda bo‘lgan boshqa ko‘makchilar tahlil qilinadi. Tahlil jarayonida ko‘makchilarga murojaat qilishda takroriylikdan qochish maqsadida ularni iloji boricha bir sinonimik uya doirasida guruhlab o‘rganish maqsadga muvofiq ko‘rinadi. To‘g‘ri, ayrim ko‘makchilar ikkinchi bir ma`nosi bilan boshqa uyadagi ko‘makchilar bilan ham sinonim bo‘lishi mumkin. Bu holat tahlilda hisobga olinadi. BILAN. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida bilan shaklida qo‘llaniladigan ko‘makchi tarixan birla ko‘rinishida bo‘lgan (AG‘., SHSH, 200). H.Ne`matov birle-bile ko‘makchisining eng qadimgi ma`nosi birlikni ifodalash bo‘lsa kerak, degan fikrni bildiradi. (NH,39). Uning boshqa shakllari keyinchalik paydo bo‘lgan. Masalan: birlan, bilan, ila, ilan, -la. H.Berdiyorovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” nomli dissertatsion ishida bilan ko‘makchisi vosita, sabab, birgalik, holat, usul, payt, miqdor, jamlik, holatning nima bilan mavjudligi, fikrning biror muhim voqeaga oidligi, tomon ma`nolarini anglatishi hamda gapda vositali to‘ldiruvchi, ravish, payt, sabab va maqsad holi vazifalarini bajarishga va shu ma`nolarning reallashuviga ko‘maklashishi tahlil qilingan. (BH,36-40). J.Hamdamov ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. (HJ,82). Bu ko‘makchida turli variantlarining yuzaga kelishiga poetik matn va poeziya talablari sabab bo‘lgan, deb o‘ylaymiz . Ilgari ham, hozirda ham she`riy asarlarda, ayniqsa aruz vaznida yozilgan matnda uning -ila, -la, birla, birlan shakllari faol ishlatilib, ular badiiy uslub va ommabop uslubning ba`zi janrlarida xoslangan: Boshim hech chiqmasa mayli, malomat birla bo‘htondan Fido jonimni qildim yo‘lingga, mayli, uvol bo‘lsam (H.Olimjon), Siz birlan biz parda ichra navo qilali (IF.73 ) Bu kulbaga kelganimdan bir necha yil keyin mazkur qalandarlar ila shunosa bo‘ldim. Ul buzruk adib sabablari ilan Muntazir va Gulxaniy borasida ilm paydo bo‘ldi. Ammo shoir va mutafakkir Gulxaniy bori favt bo‘lg‘on ekan (IF,12). Bu fikrni tarixiy-badiiy manbalar va ularga oid olib borilgan tadqiqotlar ham tasdiqlaydi.(RT,31). T.Rustamov bu borada statistik kuzatishlar ham olib borgan: XV-XVI asrlarda qo‘llangan ila ko‘makchisi, asosan, poeziyaga xos bo‘lib, Lutfiyning biz ko‘rib chiqqan asarida 38 marta; Alisher Navoiy asarida 59 marta uchrasa, “Bobirnoma”da ikki martagina uchraydi. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida ila ko‘makchisining qo‘llanishi yanada aktivlashadi. U Muqimiyning ikki tomlik “Tanlangan asarlar”ida 136 marta, Munisning bir tomlik she`rlar to‘plamida esa 69 marta uchraydi. A.Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarida 3 martagina qo‘llanishi uning proza asariga emas, balki poetik asarlargagina xos ekanini bildiradi”. (RT,32). T.Rustamov bilan ko‘makchisining fonetik varianti hisoblangan birlan, birla, ila, -la hozirgi o‘zbek tilida uchrasa ham, uning uchun norma hisoblanmaydi, deydi. (RT,33). Uning fikriga to‘la qo‘shilib bo‘lmaydi. Bu fikr - la ga taalluqli emas. CHunki u hozirgi badiiy nutq uchun ham me`yor sanaladi. So‘zlashuv uslubida asosan bilan hamda sheva variantlari minan va billa qo‘llaniladi: Ukam minan keldim, kinoga billa borovuza kabi. Ilmiy, rasmiy uslublar va ommabop uslubning alohida janrlari uchun faqat adabiy shakl bilan xos. S.Mutallibov, H.Ne`matov tadqiqotlari shundan dalolat beradiki, ayrim ko‘makchilar, jumladan bilan va boshqa grammatik vositalar sinonimiyasi turkiy tillarda qadimdan shakllana boshlagan. “Bu ko‘makchi, -deb yozadi S.Mutallibov.- ba`zan joy, o‘rin kelishigi funktsiyasida qo‘llangan: Jaqruq bila uvut bo‘lmas. (DLT). Bu erda jaqruq bila – kal odamda iborasi o‘rin kelishigi ma`nosidadir. Bularning har xil funktsiyada qo‘llanishiga adabiy tilda ham misol ko‘p: Saroy- qarshi, er-suv birla yo‘q (Saroylar, katta er-suvlar sanda yo‘q. Qut.bilig)”. (MS,119-120). H.Ne`matov: “YOdgorliklar tilida birle ko‘makchili konstruktsiyalar ko‘pincha sintetik qurol-vosita kelishigi formasining (qurol, vosita, birgalik, ba`zan zamon ma`nolarida) analitik sinonimi bo‘lib keladi – tilin yarliqarda ogun birle an (Q-3960)- “(bek) til(i) bilan buyurayotganda, (sen) onging bilan uq”; sozi birle yanluq ag‘ir qildi oz (Q-207)- “odam o‘zini so‘zi bilan hurmat qildi”; chaviqsa ozun bu edgu atin – “(sening) o‘zing bu yaxshi nom bilan shuhrat qozonsang” SHuning uchun bu davr tilida qurol-vosita belishigining iste`moldan chiqa boshlash tendentsiyasi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bu hodisa esa birle k.chisining qo‘llanish doirasining kengayishiga qulay zamin yaratadi”. (NH,39-40). Ko‘makchilarning X asrlardanoq sinonimik holatlarda qo‘llanila boshlaganligi ularni qo‘llashdagi stilistik farqlanishning boshlanganligidan, binobarin turkiy til madaniyatining qay darajada bo‘lganligidan dalolat beradi. Hozirgi o‘zbek tilida bilan ko‘makchisining boshqa til vositalari bilan, jumladan, bog‘lovchilar, ko‘makchilar, kelishik qo‘shimchalari bilan sinonimik munosabatga kirish imkoniyatlari keng. Ularni ko‘rib o‘tamiz. Bilan – va sinonimiyasi. Bu yordamchi so‘zlar quyidagi semantik ma`nolarni ifoda etganda sinonimik munosabatga kirishadi: birgalik ma`nosi: Ahmad bilan SHavkat darsga keldi / Ahmad va SHavkat darsga keldi; tenglik ma`nosi: Doim u bilan men. U o‘xshar senga, Uning ham seningday ko‘zlari xumor (Zulfiya) / Doim u va men. U o‘xshar senga, Uning ham seningday ko‘zlari xumor. Vaziyatga qarab anglashiladigan birlik va tenglik ma`nosidan qat`iy nazar, ularning o‘rnini o‘zaro almashtirib qo‘llash mumkin va bunda uslubiy g‘alizlik payqalmaydi. Lekin bundan ularning o‘rnini hamma vaqt ham almashtirib qo‘llayverish mumkin, degan ma`no kelib chiqmaydi. Masalan: Hikmatillo kechi bilan indinga ertalab o‘z qismida bo‘lishi kerak (O.YOqubov), Ta`na, doshnom, tanqid va boshqa ming turli do‘stona, xayrixohona tovushlarga tahsin aralashsa, quloqqa faqat tahsingina kiradi (A.Qahhor). Matnlardagi bilan hamda va ni o‘zaro o‘rin almashtirib qo‘llab bo‘lmaydi. Quyidagi misol esa bu urinishning qo‘pol xatoga olib kelishi ham mumkinligini ko‘rsatadi: O‘zbek tilida yaxshi fikr va tuyg‘ularni ifoda qilib bo‘lmaydi degan nazariyani Navoiy bundan besh yuz yil burun tor-mor qilgan (A.Qahhor). Bu ko‘makchi kelishik ko‘rsatkichlari bilan sinonimik munosabatga kirishadi: - da bilan. Bunda vosita ottenkasini ifodalaydi: Qishloqdan mashina bilan keldim / Qishloqdan mashinada keldim. Tarz mazmunini bildirganda: Xonaga astagina oyoq uchi bilan kirib keldi / Xonaga astagina oyoq uchida kirib keldi . Holat ma`nosi ustun bo‘lganda: Qiz kutishning zavqi bilan mast, / YAna yuragida o‘t yondi (Zulfiya) // Qiz kutishning zavqida mast, / YAna yuragida o‘t yondi. Birgalik ma`nosi – da yordamida ifodalanganda u bilan ga yaqinlashadi: ertaga nima bo‘lar ekan, degan xayol bilan kun bo‘yi o‘ylanib yurdim / ertaga nima bo‘lar ekan, degan xayolda kun bo‘yi o‘ylanib yurdim. Bu holat “O‘zbek tili grammatikasi”da ham qayd etilgan: ““Birgalik” ob`ekti ma`nosi anglashiladi. Bu ma`noda o‘rin kelishigi bilan ko‘makchisining shunday ma`nosiga sinonim bo‘ladi. Bunda “birgalik” ma`nosi o‘ta mavhum ifodalanadi, chunki o‘rin kelishigi mavhum tushunchani anglatadigan so‘zga qo‘shilib keladi: Saida gap tamom bo‘ldi degan xayolda o‘rnidan turmoqchi edi, Nosirov to‘xtatdi (A.Qahhor)” (O‘tg, 245). -da nafaqat ko‘makchi bilan sinonimik munosabatga kirishadi, balki o‘zi ko‘makchi hosil qiluvchi vositaga aylanishi mumkin. Bu haqda “O‘zbek tili grammatikasi”da quyidagilar yozilgan: “Kelishik formasida ma`lum ma`no taraqqiyotiga uchrab, yangi, mustaqil mundarija va vazifa kashf etish o‘rin kelishigi formasidagi so‘zda ham anchagina uchraydi. Bu kelishik affiksini olgan so‘z o‘z turkumidan ajralib chiqib, quyidagi turkum so‘zga aylanadi: …2. Ko‘makchiga aylanadi: haqida, to‘g‘risida (Bular aktiv), xususida, borasida, tarzida, yo‘sinda, bobida (Bular passiv) kabi: Urushga ketgan o‘g‘li to‘g‘risida qora xat keldi (A.Qahhor)”. (O‘tg,247-248). Ko‘rinadiki, -da qo‘shimchasining imkoniyatlari faqatgina kelishik (o‘rin va payt), yuklama, bog‘lovchilik doirasida chegaralanib qolmaydi. Balki unda so‘z yasash xususiyati ham mavjud. Bu esa “O‘zbek tili morfem lug‘ati”da uning to‘rtinchi belgisi sifatida qayd etilgan va “ un/da/moq, al/da/moq, in/da/moq, hay/da/moq kabilar fe`llar tarkibida uchraydigan yasovchi bo‘lib, -la yasovchisining allomorfidir” deyilgan (G‘A., TA., QR.,410). Demak, uning yangi imkoniyati yuzaga chiqib, ko‘makchi hosil qilishi esa bu maydonni yana ham kengaytiradi: haq/i/da, to‘g‘ri/si/da, xusus/i/da, bora/si/da, tarz/i/da, yo‘sin/i/da, bob/i/da kabi. Ushbu misollar yordamchi so‘z turkumlarining, xususan ko‘makchilarning yasalmasligi haqidagi qarashlarni o‘zgartirishga olib keladi. Negaki, bu so‘zlarning birontasining – da qo‘shimchasisiz qismini ko‘makchi deb ayta olmaymiz va ularning birlashuvi jarayonini leksikalizatsiya hodisasi deb tushunamiz. Ushbu hodisa tufayli tildagi ikki birlik qo‘shilib, ko‘makchi paydo bo‘lmoqda. SHunday qilib, o‘rin kelishigi ko‘rsatkichi - da vosita, holat, birgalik singari ma`nolarni anglatish barobarida bilan ko‘makchisiga sinonimik munosabatda bo‘ladi. Hatto mana bu: Qalandarov bir haftaning ichida hamma rasm-rusumni joyiga qo‘yib, Hurinisoni nikohlab olibdi misolidagi ichida so‘zini ichi bilan ga almashtirish mumkin. Mazmun buzilmaydi va bu erda ham sinonimik munosabat mavjud bo‘ladi. Ammo shunday qilinsa, nutqdagi osonlikka intilish qonuniyatiga putur etadi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, - da ning ham, bilan ning ham qo‘llanishida o‘z uslubiy imkoniyati va chegarasi mavjud. Harqalay, o‘zbek tilida – da qo‘shimchasining grammatik imkoniyatlari keng ko‘rinadi. U bir ma`nosida bilan ko‘makchisiga, boshqa bir ma`nosi bilan va, ham bog‘lovchilariga ham sinonim bo‘la olishi mumkin: keldida ketdi, kirdida yotdi, yotdida uxladi / keldi va ketdi, kirdi va o‘tdi, yotdi va uxladi. Bu qiyoslanayotgan misollar o‘rtasidagi farq grammatik emas, balki uslubiy farq sanaladi. CHunki bu yordamchi so‘zlar jumlalarda bir xil grammatik vazifani - tenglikning ifoda etayotgan bo‘lsa ham, ma`lum uslubiy ayrichaliklarga ega. Birinchi holatda tenglikdan ko‘ra ketma-ketlik va ta`kid ma`nosi kuchliroq. CHunki qo‘shimcha bu erda kelishikka emas, balki yuklamaga daxldor. Ammo A.G‘ulomov va R.Qo‘ng‘urovlar unga bog‘lovchi sifatida qarashadi: “ - da. V bog‘lovchi, bunday vaqtda u va, ham bog‘lovchilari bilan sinonimik munosabatda bo‘ladi (ma`no ottenkasida farq bor): …keldi/ da ketdi // …keldi va ketdi; kelsa/ da ishlamadi // kelsa h am ishlamadi”. (G‘A.QR. O‘tml, 410). -dan bilan. Sinonimik munosabatning bu ko‘rinishida biroz zo‘rama- zo‘rakilik borday tuyuladi. Bu – dan va bilan birgalikda o‘zlari birgalikda kelayotgan so‘z tarkibidagi grammatik o‘zgarishga bog‘liq holda yuz beradi: O‘tirishi bilan gap boshladi / O‘tirgandan gap boshladi: o‘tirishi – o‘tirgan kabi. Quyidagi chiqish o‘rnini bildirgan holatlarda ular o‘rtasida sinonimiyani payqash mumkin: dala bilan keldim / daladan keldim, soy bilan keldim soydan keldim, maktab bilan keldim / maktabdan keldim singari. Bir qaraganda ularni sinonim deb atash qiyin. CHunki –dan ishtirok etgan jumla to‘g‘ridan-to‘g‘rilik ma`nosini anglatmoqda. Agar bilan ishlatilgan holatni birgalik ma`nosida tushunsak, mantiqqa zid bo‘lishi mumkin. SHuning uchun bu erda ma`lum izoh talab etiladi. Bu izoh shundan iboratki, gapda har ikki vosita ham alohida ohang bilan, ya`ni cho‘zib talaffuz etilsagina sinonimik munosabat vujudga kelishi mumkin: maktab bila-a-n keldim / maktabda-a-n keldim kabi. Mana shunday holatda u orqali, tomondan ko‘makchilari bilan ham sinonim bo‘ladi: dala orqali keldim, soy orqali keldim, maktab orqali keldim; dala tomondan keldim, soy tomondan keldim, maktab tomondan keldim singari. Biroq hamma erda ham chiqish o‘rin ma`nosini anglatgan holatlarda ular sinonim bo‘laveradi, deyish to‘g‘ri emas: qishloqdan keldi, yurakdan gapirdi deyiladiyu, ammo qishloq bilan gapirdi, yurak bilan gapridi deyilmaydi. Harakatning bajarilishida vosita bo‘lganda sinonim bo‘ladi: SHu yo‘ldan boradi mening yoshlik ham, O‘sha erdan tilaydi sharaf (Zulfiya), SHu yo‘l bilan boradi mening yoshlik ham, O‘sha erdan tilaydi sharaf; Bir talay sho‘x-shodon talabalar zina bilan ko‘tarilishmoqda edilar / Bir talay sho‘x-shodon talabalar zinadan ko‘tarilishmoqda edilar singari. Matndan sabab ma`nolari anglashilganda ham ular sinonim bo‘ladi: Buncha go‘zal, bu qadar dilbar, / Zafar bilan yangragan bu soz! (Zulfiya) // Buncha go‘zal, bu qadar dilbar, / Zafardan yangragan bu soz! G‘arbdan kelgan zulmat so‘kildi chok-chok, / Sening o‘g‘illaring ochgan o‘t bilan (Zulfiya) // G‘arbdan kelgan zulmat so‘kildi chok-chok, / Sening o‘g‘illaring ochgan o‘tdan. Mana shunday holatlarda ular sababli, tufayli so‘zlari bilan ham sinonim bo‘la olishi ma`lum bo‘lib turadi. So‘zlarni chog‘ishtirish hatto bu ikki so‘z va bilan o‘rtasidagi sinonimik munosabatning – dan ga qaraganda yaqin va tabiiyroq ekanligini ko‘rsatadi: Mehnat bilan zumrad dalalar / Kundan kunga dilbar bo‘ladi (Zulfiya) // Mehnat sababli zumrad dalalar / Kundan kunga dilbar bo‘ladi // Mehnat tufayli zumrad dalalar / Kundan kunga dilbar bo‘ladi. YAna: SHirin ekan farzand, u bilan / Oilaga kirar ekan jon (Zulfiya). -dan va bilan sinonimiyasida nozik holatlar bor. Masalan: Sen bilan ajralishni istamayman gapidagi –ish birgalik darajasini emas, balki harakat nomini ifoda etgan. SHunday ekan, gapda harakatning bajaruvchisi bir kishi va bu erda bilan ning ishlatilishi o‘rinli emas. Gap Sendan ajralishni istamayman tarzida tuzilishi kerak. endi boshqacha holatni tasavvur qilaylik. er-xotin o‘zaro munosabatlarini aniqlashtirib, birga yashash-yashamasliklari haqida gap ketayotgan bo‘lsa, unda har ikki gap: Sen bilan ajralishni istamayman, Sendan ajralishni istamayman ham maqsadga yaqinlashtirmaydi. Buning uchun gapda harakat nomini hosil qiluvchi qo‘shimchadan tashqari yana birgalik nisbatni hosil qiluvchi – ish qo‘shimchasi Sen bilan ajralishishni istamayman tarzida qo‘shilishi zarur. Bunday paytda ham – dan va bilan o‘zaro sinonim bo‘la olmaydi. Masalan: Sendan ajralishishni istamayman deb bo‘lmaydi. Sen bilan ajralishmoqchiman/ Sen bilan ajralmoqchiman, deyish mumkin bo‘lgani holda Sendan ajralishmoqchiman, deb bo‘lmaydi. Sendan ajralmoqchiman gapining ma`nosi esa umuman ikki kishi o‘rtasidagi munosabatni anglatadi. Bilan ko‘makchisining yordamida , ko‘magida, vositasida, davomida singari so‘zlar bilan sinonimik munosabatda bo‘lishi ham uning bu boradagi imkoniyatlari naqadar kengayib ketganligidan dalolat beradi: yordamida – bilan: CHamadonning qulfi yo‘q, qoq belidan tasma bilan chandib qo‘yilgan edi (O.YOqubov) / CHamadonning qulfi yo‘q, qoq belidan tasma yordamida chandib qo‘yilgan edi; ko‘magida – bilan: YAshnab ketdi dilda tilaklar, / Mehnat bilan gulladi turmush (Zulfiya) // YAshnab ketdi dilda tilaklar, / Mehnat ko‘magida gulladi turmush; davomida – bilan: Qishi bilan etilgan tuproq / Qiz qo‘liga ochar ko‘ksini (Zulfiya) // Qish davomida etilgan tuproq / Qiz qo‘liga ochar ko‘ksini kabi. “O‘zbek tili grammatikasi”da “Ravishdosh” mavzusi yoritilish jarayonida – ( i)b qo‘shimchasi haqida aytilgan quyidagi: “Bog‘lovchilik vazifasini o‘taydi va shu bilan birga fe`lning qandaydir bir formasi o‘rnida qo‘llanadi. Buni quyidagi bir misoldayoq ochiq ko‘rish mumkin: Keksa master Kuznetsov o‘z shogirdlaridan faxrlanib , u ham yaxshi bilaklar bilan bir-ikki so‘z aytdi-da, Omonovga o‘rin berdi (Iboxon) . Misoldagi faxrlanib formasi o‘rnida faxrlandi-da formasini va aytdi-da formasi o‘rnida aytib formasini qo‘llash mumkin. Demak faxrlanib formasidagi – (i)b ravishdosh yasovchisi – di affiksi bilan - da bog‘lovchisiga xos tarzda qo‘llanayapti” (O‘tg,516) mulohaza doirasini bilan ko‘makchisi hisobiga kengaytirish mumkin. CHunki ayrim misollar tahlili – lanib va bilan o‘rtasida ham sinonimik munosabat shakllanishini ko‘rsatadi: Dunyo ortiq yorigandi sen tug‘ilganda, / YUragingni sevinch bilan tingladi onang (Zulfiya) // Dunyo ortiq yorigandi sen tug‘ilganda, / YUragingni sevinchlanib tingladi onang; Kunda qizib yotgan qumliklaring ham / Jilva bilan boqdi mehribon (Zulfiya) // Kunda qizib yotgan qumliklaring ham / Jilvalanib boqdi mehribon singari. Payt ma`nosini anglatadigan ko‘makchisi bilan ham sinonimik munosabatga kirishadi: Qora ko‘zlaringning dilbar nigohi / Kun bo‘yi yashaydi aqlu hushimda (Zulfiya) // Qora ko‘zlaringning dilbar nigohi / Kuni bilan yashaydi aqlu hushimda; Goh qiynaysiz, goh yayratasiz / Tuni bo‘yi bo‘lib yo‘ldoshim (Zulfiya) // Goh qiynaysiz, goh yayratasiz / Tuni bilan bo‘lib yo‘ldoshim kabi. O‘rin kelishigi qo‘shimchasi va bilan o‘rtasidagi sinonimik munosabatlar R.Qo‘ng‘urovning “O‘zbek tili stilistikasi” asarida keng ko‘lamda tahlil qilingan va unda o‘zaro almashishlar jarayonidagi ular bilan birga keladigan boshqa so‘zlar tarkibida yuz beradigan o‘zgarishlar, agar matn she`riy shaklda bo‘lsa, vaznning saqlanishiga ta`siri masalalarida ham to‘xtalib o‘tilgan. Ularni sinonim deb qarash mumkin bo‘lmagan holatlar haqida ham fikrlar bildirilgan. (QR, 126-129). SHunday qilib, hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun me`yoriy xarakterda bo‘lgan ko‘makchisining tarixan bir qancha variantlari bo‘lgan va ularning juda oz qisimgina badiiy adabiyot matnlarida saqlanib turibdi. Bu ko‘makchining ayrim kelishik qo‘shimchalari bilan sinonimik imkoniyatlari keng bo‘lib, bu narsa ularning uslublararo vazifaviy chegaralanishlarini ham belgilaydi. A.Pardaevning dissertatsion ishida boshqa sof ko‘makchilar ham ana shu tarzda tahlil qilingan. Hozirgi adabiy tilimizda ham funktsional ko‘makchilarning mavjudligi, birinchidan, ko‘makchilarning tarixan mustaqil so‘zlardan iborat bo‘lganligi va ularning dastlab leksik ma`no anglatganligidan, ikkinchidan esa, bu jarayon tilda hali ham davom etib kelayotganligidan dalolat beradi. Bu toifadagi ko‘makchilar tilimiz tarixi tadqiqotchilarining kuzatsh ob`ekti bo‘lgan va bu tadqiqotlar natijasi ularning asosan fe`l, ot, ravish, ravishdosh singari mustaqil so‘z turkumlaridan kelib chiqqanligidan dalolat beradi. Ana shunday mulohazalarni U.Tursunovning “O‘zbek tilida so‘ng ko‘makchilar”, Kononovning “Poslelogi v sovremennom uzbekskom literaturnom yazike”, A.A. Koklyanovaning “Poslelogi i slujebnie imena v uzbekskom yazike”, G.F. Blagovaning “XV-XVI asrlar eski o‘zbek adabiy tilidagi ko‘makchilar haqida”, S.Mutallibovning “Morfologiya va leksika tarixidan qisqacha ocherk (XI asr yozma yodgorliklari asosida)”, A.M. SHerbakning “Grammatika starouzbekskogo yazika”, G‘.Abdurahmonov va SH. SHukurovning “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi”, H.G‘. Ne`matovning “XI-XII asr yozma yodgorliklarida ko‘makchilar”, T.Rustamovning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ko‘makchilar”, “Sof ko‘makchilar”, e. Fozilovning “O‘zbek tilining tarixiy morfologiyasi”, J.Hamdamovning “O‘zbek tili tarixi. Ikkinchi qism. Tarixiy morfologiya.Ikkinchi bo‘lim” kabi asarlaridan topishimiz mumkin bo‘ladi. Funktsional ko‘makchilarning sof ko‘makchilardan ajralib turadigan xususiyati ularning hozirgi o‘zbek adabiy tilida bir tomondan o‘zning dastlabki leksik ma`nolarini saqlab kelayotganligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan gapning shakllanishida ma`lum grammatik vazifalarni bajarishi bilan bog‘liq. Ulardagi bu xususiyatni H.Ne`matov ravish ko‘makchilar misolida quyidagicha izohlagan: “Ravish ko‘makchilar so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalarni qabul qila olmasligi, o‘ta abstrakt ma`noga ega ekanligi va shuning uchun kelishik formalarini ko‘makchilarga yaqinlash(tir)sa, o‘z grammatik ma`nosining mustaqil so‘z – ravishning lug‘aviy ma`nosi bilan aloqadorligi va nutqda mustaqil qo‘llana olish qobiliyati bilan ot ko‘makchilarga yaqin turadi; ravish ko‘makchilar sof va ot ko‘makchilar orasida oraliq o‘rinni egallaydi. Bu oraliq o‘rin asosida ravish ko‘makchilarda yo sof ko‘makchilarga (ya`ni grammatik ma`nosining leksik ma`nodan batamom uzilishi) yoinki ot ko‘makchilarga o‘tish (ya`ni egalik va kelishik affikslari bilan birikib kelish) tendentsiyasi ko‘zga yaqqol tashlanadi. SHuning uchun uze, otru ravish ko‘makchilar o‘z xususiyati bilan sof ko‘makchilarga yaqinlashsa (mas., anin otru (Q.2562)- “bu tufayli andin otru o‘rnida, senin uze - sende ” ), boshqa bir necha ko‘makchilarda (chunonchi asra, tegre, on, basa va h.k.) ot ko‘makchilarga o‘tishni ko‘rish mumkin”. ( Ne`matov H.G‘. XI-XII asr yozma yodgorliklarida ko‘makchilar, 45). H.G‘.Ne`matov funktsional ko‘makchilarga nisbatan “mustaqil-yordamchi so‘zlar” atamasini qo‘llaydi . Olimning fikri qanchalik ilmiy asosga ega ekanligini anglab olish maqsadida uning bu borada qayod etganlarini batafsil keltirishga to‘g‘ri keladi: “Mustaqil va sof yordamchi so‘zlardan farqlash maqsadida ham mustaqil, ham yordamchi vazifasida kela oladigan so‘zlarni mustaqil-yordamchi so‘zlar deb ataymiz. Sof ko‘makchilar funktsiyasi, morfologik o‘zgarmasligi, alohida urg‘uga ega emasligi, mustaqil so‘zlarsiz qo‘llana olmasligi bilan, qisman bo‘lsa-da, qo‘shimchalarga (kelishik affikslariga) o‘xshasa, mustaqil-yordamchi so‘zlar morfologik xususiyatlari, yakka holda qo‘llanila olishi bilan mustaqil so‘zlarga yaqin turadi. Demak, mustaqil-yordamchi so‘zlar sof yordamchi so‘zlar va sof mustaqil so‘zlar orasida oraliq o‘rinni egallaydi. …dialektik materializm noantogonistik qarama-qarshi tomonlar bir-birini rad etibgina qolmay, ularning birlashishini ham tan olish dialektikaning muhim elementlaridan biri ekanligini uqtiradi. …Ikki qarama-qarshi elementlar (elementlar gruppasi)ning xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtiruvchi element dialektik logikada oraliq uchinchi (vklyuchennioe tret’e) deb ataladi va u dialektik logikaning muhim elementlari sanaladi. Dialekti logika ta`limoticha, ikki o‘zaro qarama-qarshi element orasidagi orliq uchinchi, uning ta’iati ochilmaguncha, elementlarning mohiyati o‘rganilgan hisoblanmaydi. Mustaqil va sof yordamchi so‘zlar orasidagi munosabatlarni oraliq uchinchisiz – mustaqil-yordamchi so‘zlarsiz aniqlash qiyin. SHuning uchun yordamchi so‘zlarni hech qanday mustasnosiz yo qo‘shimchalar, yoyinki so‘zlar sostaviga kiritish bir tomonlama fikr dir; yordamchi so‘z turkumlarida ularni qo‘shichalar bilan yaqinlashtiruvchi elementlar ham, mustaqil so‘zlar bilan ham yaqinlashtiruvchi elementlar mavjud Oraliq uchinchining til sistemasidagi o‘rni juda katta; ular til struktur elementlari taraqqiyotining natijasi bo‘lib, til sistemasining uzluksizligini (tildagi turli xususiyatlarga ega bo‘lgan elementlarning uzluksiz ravishda bir-biri bilan bog‘lanishini) ta`minlaydi”. ( Ne`matov H.G‘. XI-XII asr yozma yodgorliklarida ko‘makchilar, 48-50). Darhaqiqat, ko‘makchilarning funktsional ko‘makchilar deb ataladigan ma`lum qismi mustaqil va yordamchi so‘zlar oralig‘ida ekanligiga hech kim e`tiroz bildirmaydi. SHunday ekan, H.Ne`matovning bu boradagi qarashlari ham chuqur ilmiy asosga egadir. Bizni bu o‘rinda mavzu tadqiqi talabdan kelib chiqib, funktsional ko‘makchilardagi birinchi xususiyatni e`tibordan qochirmagan holda uning ikkinchi xususiyati – ko‘makchilik vazifasini bajarishdagi o‘ziga xosligi qiziqtiradi, albatta. Ularning asosiylari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: avval, avval, asno, asosan, atrofida, baravariga, beri, bo‘yi, bo‘ylab, bo‘lak, bob, boshlab, boshqa, buyon, burun, davomida, deb, dovur, yoq, yon, ilgari, ich, yo‘lida, keyin, ketidan, ko‘ra, misol, muvofiq, nari, nariga, natijasida, nisbatan, oldin, oldida, ora, orasida, ost, osha, ro‘para, sifatida, so‘ng, soyasida, tag, taraf, tashqari, tepa, to‘g‘rida/to‘g‘risida, tomon, tortib, tub, ust, ustida, xususan, xususida, chamasi, yaqin, o‘zga, o‘rniga, o‘rtasida, qarab, qaramay, qaramasdan, qarshi, qatorida, qosh, holda, huzuri (-ga, -da). Ishda hozirgi o‘zbek tilida nisbatan faol hisoblagan ko‘makchilar atrofida mulohaza yuritilgan. AVVAL. “Izohli lug‘at”da avval so‘zining 4 ma`nosi berilgan bo‘lib, u birinchisida ot, ikkinchi va uchinchi ma`nolarida ravish, faqat to‘rtinchi ma`nosidagina ko‘makchidir: “4. ko‘m. (bosh kelishik va chiqish kelishigi bilan) Biror voqea, hodisa yoki harakatning boshqasidan yoki shu haqda so‘z borayotgan vaqtdan oldin bo‘lganligini bildiradi. Uchrashuvdan avval. Bundan to‘rt yil avval ”. (O‘TIL.I,23). “O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati”da bu so‘zning sinonimik qatoriga ilgari, oldin, burun, qadim so‘zlari kiritilgan. A.Hojiev bu birliklarning mustaqil va yordamchi ma`nolarini farqlab, quyidagilarni yozadi: “ Avval, ilgari, oldin, burun so‘zlari chiqish kelishigidagi so‘zni yoki vaqt bildiruvchi so‘zni boshqarib, ko‘makchi so‘z vazifasida qo‘llanadi va harakat-hodisaning chiqish kelishigidagi so‘z bildirgan narsa-hodisagacha bo‘lgan vaqtga oidligini biliradi. Bunda ularga muqaddam so‘zi ham sinonim bo‘ladi”. (HA.O‘TSIL,9). “O‘zbek tili grammatikasi”da esa oldin/avval, burun, ilgari ko‘makchilarining sharhi berilgan. Jumladan quyidagilar qayd etilgan: “ Oldin/avval. Bu ko‘makchilar burun va ilgari ko‘makchilariga sinonim bo‘lib, ular bildirgan ma`nolarni anglatadi: Urushdan oldin (/ avval,/burun / ilgari ) qurilgan”.(I,558). “ Burun. Bu ko‘makchi ish va harakatni o‘zi biga kelgan so‘z anglatgan ish-harakatdan, voqea va bajaruvchi shaxslardan oldin sodir bo‘lgani ma`nosini anglatadi: Tansiq o‘z ishini hammadan burun bajarib uyga qaytdi (Oybek)”.(I,557). “ Ilgari. Bu ko‘makchi payt munosabati bildirib, biror hodisa, ish- harakatning voqe bo‘lishida undan oldin sodir bo‘lgan hodisa yoki vaqt ma`nosini bildirish uchun qo‘llanadi. Quyidagi so‘zlar bilan munosabatga kirishadi: Ot va olmoshlar bilan keladi: Bu korxayr. Sendan ilgari men tarafdorman (Oybek). Vaqt bildiruvchi so‘zlar bilan keladi: Bundan o‘n besh kuncha ilgari Kumush onasiga bir xat yozgan edi (A.Qodiriy). Fe`l formalari bilan keladi: Amrga e`tiroz etishdan ilgari shu to‘g‘rida javob bersangiz (A.Qodiriy)”.(I,558). Ushbu ko‘makchi tadqiqiga bag‘ishlab T.Qurbonov va N.Ernazarovlar “YOrdamchi so‘zlar stilistikasiga doir” nomli maqola e`lon qilishgan (QT., eN. 77- 81). Maqolada avval ko‘makchi sifatida bosh yoki chiqish kelishigidagi ot, otlashgan so‘zlarni boshqarib, ularning hokim bo‘lakka tobelanishini ko‘rsatuvchi, shu ma`noda unga ilgari, burun, muqaddam, oldin, qadim kabi so‘zlar sinonim bo‘lib kela olishi, ular uchun umumiy bo‘lgan ma`no xususiyati – voqea-hodisa yoki ish-harakatning o‘tgan vaqtda, hozirga qadar sodir bo‘lganligini anglatish ekanligi, ammo ular hamma vaqt ham funktsiyadoshlik qilavermasligi haqida gap boradi hamda oldin so‘zi avval ko‘makchisining asosan og‘zaki so‘zlashuv nutqiga xos sinonimi hisoblanishi, o‘zbek fol’klori asarlari tilida esa avval ning sinonimi sifatida qadim so‘zi ko‘plab qo‘llanganligi ta`kidlanadi. SHundan so‘ng maqolada yuqorida keltirilgan sinonimik qatordagi so‘zlar o‘zaro vazifadoshligiga ko‘ra tahlil qilinadi. Birinchi tartib soni ham ayrim holatlarda ko‘makchi vazifasini bajarib kelishi mumkinligi aytilib quyidagi misolni keltiradi: Birinchi o‘zlaring buzasanlar qoidani, deb to‘ng‘illadi (S.Siyoev). (QT., eN. 78-79). Aytilganlarga quyidagilarni qo‘shimcha qilish mumkin: dominantasi avval so‘zi bo‘lgan sinonimik qatordagi so‘zlarning o‘rnini bemalol almashtirib qo‘llash mumkin va bunda deyarli mazmunga putur etmaydi. Ular orasida faqat ilgari so‘zi bo‘g‘inlar soniga ko‘ra ulardan farqlanadi va buning she`riy asarlar uchun ahamiyati bor: Turkman qiz quyoshdan turib ilgari, Ko‘tarma kranda yuksak uylarni… (Zulfiya)- Turkman qiz quyoshdan turib avval, Ko‘tarma kranda yuksak uylarni… Hatto tomchisidan ilgari kelib Terib olajakmiz har ko‘sak durni! (Zulfiya) - Hatto tomchisidan avval kelib Terib olajakmiz har ko‘sak durni! (Zulfiya). Sinonimik qatordagi so‘zlarga uslub talabi nuqtai nazardan qaraganda ham A.Hojievning quyidagi fikrlarini inobatga olish maqsadga muvofiq bo‘ladi: “ Avval, oldin so‘zlari kontekst yoki boshqa biror vosita yordamisiz “o‘tmish” ma`nosini aniq ifodalay olmaydi. Ilgari, burun, qadim so‘zlari esa “o‘tmish” ma`nosini aniq ifodalay oladi. Ilgari so‘zi, ko‘pincha, avval, oldin so‘zlariga nisbatan uzoqroq o‘tmishni ifodalash uchun qo‘llanadi. Oldin ko‘proq oddiy so‘zlashuvga xos. Burun so‘zi ilgari so‘ziga nisbatan ham uzoqroq o‘tmishni bildiradi. Lekin ilgari, avval, oldin so‘zlariga nisbatan kam qo‘llanadi. Qadim so‘zi burun so‘ziga nisbatan ham uzoq o‘tmishni bildiradi” (HA.O‘TSIL,8). Darhaqiqat, mana bu misollarda bayon etilayotgan voqeadangina oldin bo‘lganini ma`lum qilish uchun ishlatiladi: Lekin uni bag‘rimga bosishdan avval, Temir kishanlarini ko‘zimga surtdim! (Zulfiya) . Mavlono Fazliddin devor tepasidagi xatarga Xonzoda begim hammadan avval ro‘baro‘ bo‘lishidan qo‘rqdi-yu, zinapoyaga birinchi bo‘lib qadam qo‘ydi (PQ,YUT,134). Oldin ko‘makchisi orqali esa bo‘lib o‘tgan voqea-hodisaning vaqt nuqtai nazaridan mavhumligi ifoda etilishi ma`lum bo‘ladi: Ular hali biror marta hamsuhbat bo‘lmaslaridan va ruhan yaqinlashishga ulgurmaslaridan oldin boshlangan jismoniy yaqinlik Bobirga uyat ishdek tuyular va uning ilgarigi musaffo tuyg‘ularini poymol qilayotganday bo‘lardi. (PQ,YUT,158). Ular ayvonga chiqar ekanlar, Mavlono Fazliddin bundan salkam uch yil oldin Quvasoy bo‘yida bo‘lib o‘tgan qonli voqealarni yana bir esladi ( PQ,YUT,99). Bu holat uning rasmiy va ilmiy uslublar doirasida ham faol qo‘llanilishiga asos bo‘ladi: Ilmiy unvon berish haqidagi qaror o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin qabul qilingan bo‘lsa, uning qanchalik asoslanganligi xususidagi masalani attestatsiya organlari ko‘rib chiqmaydi. (OAK Nizomi,39). Ilgari so‘zi ham ko‘makchi sifatida kitobiy uslublarda faoldir: Kengash majlisini ochish oldidan “Ilmiy darajalar berish tarkibi to‘g‘risida Nizom”ga muvofiq ilgari tuzilgan komissiya xulosasining loyihalari kengash a`zolariga tarqatiladi. (OAK Nizomi,9). Ammo burun, muqaddam va qadim so‘zlarining hozirgi adabiy tilimizda qo‘llanish doirasi bir qadar chegaralanib qolganligi, asosan badiiy matnlarda ishlatilayotgani kuzatiladi: Bundan uch kun burun naqshbandiy darvishlaridan biri Zuhra begimga SHayboniyxondan maxfiy bir xat keltirib bergan edi (PQ,YUT,168). Lekin bundan o‘n besh kuncha burun Ahmad Tanbal degan yana bir badavlat bek Mulla Fazliddinni so‘roqlab, kechki payt uning uyiga keldi ( PQ,YUT,15). G‘ani Murodov ikki yil muqaddam otpuska olib va shu bilan birga maktabdan ham bo‘shab ketgan edi (P.Tursun) . Nimadir qalbimni uyg‘otib, bahordan ilgari Qo‘zg‘atar vulqonday sevinchbaxsh ilhomlar (Zulfiya). SHu bilan birga huquqshunoslar avval o‘rniga muqaddam ni qo‘llashni afzal ko‘rishadi:… bundan muqaddam sudlanmagan (tergov bayonnomasidan). Qabriston bundan o‘n yillar muqaddam to‘lganligi uchun marhumlar dafn etilmay qo‘yilgandi, shu sababli bu tomonga odamlar kam qatnardi (I.Nishonov. Qabr ichidagi qasr,2). Avval ga boshda so‘zning ham ko‘makchi sifatida sinonim bo‘la olishi mumkinligi uning nutqiy qamrov ko‘lamini yanada kengaytiradi: Kalavalanmasdan boshda shu gapni ayta qolsang bo‘lmaydimi! (So‘zlashuvdan). Xalq tilida avval boshdan degan jumlaning qo‘llanilish ham ularning o‘zaro sinonim bo‘la olishini tasdiqlovchi dalildir. Ishda boshqa funktsional ko‘makchilar ham ana shu tarzda tahlil etilgan. Turkiy tillarda yordamchi so‘zlar tizimida qaraladigan bog‘lovchilar grammatik jihatdan o‘zgarmaydi va mustaqil lug‘aviy ma`noga ega bo‘lmaydi. Ulardan gap bo‘laklari hamda ayrim gaplarning tuzilishi va ma`nolariga ko‘ra bo‘ladigan turli xil munosabatlarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Bog‘lovchilar o‘zlari bog‘lagan ayrim so‘zlar va ayrim sodda gaplarning o‘zaro qanday munosabatda ekanliklarini ko‘rsatish bilan birga, shu munosabatlarining turini, xususiyatlarini ifoda etadi. O‘zbek tilshunosligida bog‘lovchilar grammatik yo‘nalishda atroflicha o‘rganilgan. Prof. A.Muxtorov bog‘lovchilarning grammatik xususiyatlarini o‘rganish sohasida salmoqli ishlarni amalga oshirgan. U “Hozirgi o‘zbek tilida bog‘lovchilar” (1953) mavzuidagi nomzodlik ishini ham himoya qilgan. Prof.M.Asqarova “O‘zbek tilida bog‘lovchi-yuklamalar haqida” nomli maqolasini e`lon qilish bilan yordamchi so‘zlar orasida bir-biriga ko‘chish, birining vazifasini ikkinchisi bajarishdek xususiyat barcha yordamchi so‘zlarga xos ekanligini ilmiy jihatdan asoslashga muvaffaq bo‘lgan edi. ( Asqarova M. O‘zbek tilida bog‘lovchi- yuklamalar haqida // O‘zbek tili va adabiyoti, 1962, 5-son.) O‘zbek tilida ergashtiruvchi bog‘lovchilarning taraqqiyot tarixi esa A.Matg‘oziev tomonidan maxsus tadqiq etilib, nomzodlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilingan edi (1966). Ilmiy adabiyotlarda bog‘lovchilar gapdagi vazifasiga ko‘ra quyidagicha ikki turga ajratib tasnif qilinadi: a) teng bog‘lovchilar, b) ergashtiruvchi bog‘lovchilar. (Hozirgi o‘zbek adabiy tili, ikki tomlik, I tom. – T.: Fan, 1966, 360-bet; O‘zbek tili grammatikasi, I tom, 567-bet; Mirzaev M., Usmonov S., Rasulov I . O‘zbek tili. – T.:O‘qituvchi, 1978, 148-bet; SHoabdurahmonov SH., Asqarova M., Hojiev A., Rasulov I., Doniyorov X. Hozirgi o‘zbek adabiy tili, 1-qism. – T.: O‘qituvchi, 1980, 425-bet; Tursunov U., Muxtorov A., Rahmatullaev SH. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. – T.: O‘zbekiston, 1992, 382-bet). Gap bo‘laklari va ayrim sodda gaplar orasidagi teng munosabatlarni ifodalovchi bog‘lovchilar teng bog‘lovchilar deb yuritiladi. ergashtiruvchi bog‘lovchilar esa qo‘shma gaplar tarkibidagi ergash gaplarni bosh gapga bog‘lash uchun xizmat qiladi. Agar va, hamda, ammo, lekin, biroq, yo, yoki, yohud, dam- dam, bir-bir, goh-goh, goho, ba`zan-ba`zan singari bog‘lovchilar teng bog‘lovchilar tarkibiga mansub bo‘lsa, chunki, shuning uchun, agar, agarda, basharti, agarchi, go‘yo, go‘yoki, -ki, -kim, ya`ni singari bog‘lovchilar esa ergashtiruvchi bog‘lovchilar sirasiga kiradi. Bog‘lovchilarning bunday tasnifi shu kungacha nashr etilgan deyarlik barcha ilmiy adabiyotlarda takrorlanadi. Bog‘lovchilarning nutq jarayonida o‘rinli, maqsadga muvofiq holda qo‘llanishi vujudga kelishi mumkin bo‘lgan uslubiy g‘alizlikning oldini oladi. Ularning nutqdagi qo‘llanishi esa pragmatik (hosila) ma`nolarning vujudga kelishi bilan bog‘liq. Pragmatika tilshunoslikning nazariy va amaliy tarmoqlaridan biri sifatida insonning ijtimoiy faoliyatini o‘zida mujassamlashtirgan nutqiy jarayon, nutqiy vaziyat ta`siri bilan namoyon bo‘luvchi kommunikativ niyat bilan bog‘liq tushunchalarni o‘rganadi. Pragmatika nutqiy aktning bevosita matn bilan munosabatini o‘rganadi. Nutqiy akt bilan matn o‘rtasidagi o‘zaro xilma-xil munosabat pragmatikaning asosiy o‘rganish ob`ekti sanaladi.( Nurmonov A., Hakimov M. Lingvistik pragmatikaning nazariy shakllanishi // O‘zbek tili va adabiyoti, 2001, 4-son, 55-bet). Masalan, shoir Abdulla Oripovning “Yillar armoni” to‘plamidan olingan quyidagi parchaga diqqat qilaylik: Men kuylayman goh dilda qadar , Goh sevinib she`r to‘qiyman men. Tinglamasa o‘zgalar agar O‘z-o‘zimga she`r o‘qiyman men Keltirilgan matnda goh teng bog‘lovchisining ikki misrada ham takror qo‘llanishi lirik qahramonning xatti-harakati ( kuylayman, she`r to‘qiyman va she`r o‘qiyman )ning davomiyligi, bir-biri bilan uzviy bog‘liqligini ifodalashga xizmat qiladi. Endi quyidagi nasriy parchaga diqqatni qarataylik: SHahardagi hamma soatlar besh minut ilgari – noto‘g‘ri bo‘lsa va hamma shunga amal qilsa , sening soating besh minut keyin – to‘g‘ri bo‘lganidan nima foyda?! (A.Qahhor. Hikmatga moyil fikrlar). Keltirilgan bu parchada va biriktiruvchi bog‘lovchi qo‘llanib, uyushiq bo‘laklarni o‘zaro semantik-sintaktik munosabatga kiritishi pragmatik hosila ma`no – ko‘pchilik ozchilikni engadi, oqimga qarshi suzib bo‘lmaydi, degan muhim ijtimoiy-falsafiy fikrning yorqin ifodalanishiga vosita bo‘lgan. Bu esa har qanday gapdan anglashiladigan mazmun bilan fikr sub`ekti o‘rtasidagi munosabatlar pragmatikaga dahldor ekanligini ko‘rsatadi. Nutqiy akt, predikativ bo‘lmagan so‘zlar, kontekst, nutqiy vaziyat, so‘zlovchi shaxsi kabi tushunchalar lingvistik pragmatikaning markaziy tushunchalari qatoriga kiradi. Bunday tushunchalar matn tarkibidagi teng bog‘lovchilar pragmatikasi tadqiqida ham muhim ahamiyatga egadir. Har qanday til birligi, jumladan yordamchi so‘zlar tarkibiga kiruvchi teng bog‘lovchilar ham nutq jarayonida pragmatik, hosila ma`no kasb etadi. Aslida bog‘lovchilar qo‘shma gap tarkibidagi ayrim sodda gaplarni hamda uyushiq bo‘lakli murakkab sodda gaplar orasidagi turli xil munosabatlarni ifodalash uchun qo‘llanuvchi yordamchi so‘zlardir. ( SHoabduraxmanov SH. va bosh. Hozirgi o‘zbek adabiy tili, 1-qism. – T.: O‘qituvchi, 1980, 424-bet). Matn talabi bilan ular xilma-xil pragmatik, hosila ma`nolar ham kasb etishi mumkin. Masalan, quyidagi matnga diqqat qilaylik: Samarqand – o‘zining boy tarixi, buyuk madaniyati, muqaddas obida va koshonalari bilan shuhrat qozongan dunyo taraqqiyotining beshiklaridan biri bo‘lib, bugun ham o‘z salohiyati va betakror qiyofasi bilan jahon miqyosida ming-minglab muxlislarni o‘ziga maftun etib kelayotgani, xalqimizning g‘urur va iftixoriga aylangani haqida gapirish ortiqcha, deb o‘ylayman (I.A.Karimov). Bu matnda va bog‘lovchisi uch marta takror qo‘llangan, birinchi marta ( obida va koshonalari bilan ) va ikkinchi marta qo‘llanish ( salohiyati va betakror qiyofasi bilan ) uyushiq bo‘lakli aniqlovchilarni ta`kidlash, matnga kuchli, ko‘tarinki ruh bag‘ishlash uchun xizmat qilgan. So‘nggi qo‘llanishda esa ( g‘urur va iftixoriga aylangani ) to‘ldiruvchilardan birining tushirib qoldirilgan grammatik ko‘rsatkichlarini ( -iga ) mantiqan tiklanishi uchun vosita vazifasini bajaradi. Ba`zan nasriy matnlarda ortiqcha jimjimadorlikka intilib, ortiqcha, noo‘rin qo‘llangan biriktiruv bog‘lovchilari ham ko‘zga tashlanadi: Muhabbat – g‘ishtlari sog‘inch va hijron olovida pishgan, loylari ko‘z yoshlaridan qorilgan, balandligi umid va orzulardan ko‘tarilgan , mardlik va fidoyilikdan ziynatlangan va sadoqat tufayli abadiyatga yuz tutgan minoradir (Muhammad Ismoil. YOzuvchi yon daftaridan). Bu matnda va bog‘lovchisining to‘rt marta qo‘llanishi, yuqorida keltirilgan matnning ayniqsa oxirgi qismlarini tushunishni, undagi pragmatik ma`noni anglash jarayonini qiyinlashtiradi.  SHe`riy matnlarda biriktiruv bog‘lovchilari turli xil pragmatik imkoniyatlarini ko‘proq namoyon etadi. Masalan, taniqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning “Hakim va Ajal” dostonidan olingan quyidagi parchalarga diqqat qilaylik: 1. Kori xayrga baxsh etardi lahzayu onni, Ortar edi kitobida qayd va sahifa. Matnda –yu yuklamasi bilan va bog‘lovchisi o‘zaro ma`nodoshlik hosil qilgan. Qiyoslang: lahzayu onni // lahza va onni; qayd va sahifa // qaydu sahifa . 2. Uni taftish qilmoqdaydi Malika ayon Va barobar pinxon dilin borardi yorib. Matnda va bog‘lovchisi sodda gaplarni o‘zaro bog‘lash hamda bog‘langan qo‘shma gapni vujudga keltirish vositasi sifatida ko‘rinadi. 3. Va axiyri panoh istab kelmish bu tomon, Dong‘i ketgan ulug‘ Hakim, yurtdosh vazirga Matnda va bog‘lovchisi oldingi gapni keyingi gap bilan bog‘laydi, shu asosda mantiqiy bog‘lanish vujudga keladi. 4. Nogahonda duv yorishdi Hakimning yuzi, Dedi: - Olgil istagancha oltin va kumush, Seni menga parvardigor yo‘lladi o‘zi, Topshiraman senga Mirzo, og‘ir bir yumush. Matnda va bog‘lovchisi uyushiq to‘ldiruvchilarni o‘zaro bog‘lash uchun vosita bo‘lmoqda. 5. Qirqqa etgach jonlanadi marhum mutlaqo, Tilga kirar va oyoqqa turgaydir beshak Bu matnda va bog‘lovchisi so‘zlarni emas, balki iboralarni o‘zaro bog‘lashga xizmat qilmoqda: qiyoslang: tilga kirmoq va oyoqqa turmoq . 6. Bormikin yo tiriklikda o‘zga tartibot, CHeklimikan mavjudotning haddi, sanog‘i? Lekin bunda mantiq qani? Asli ne murod? Barobarmi yaxshi bilan yomonning dog‘i ? Bu matndagi bilan yordamchisi biriktiruv bog‘lovchisi va ga ma`nodosh vazifani bajarmoqda: qiyoslang: yaxshi bilan yomonning // yaxshi va yomonning. 7. Ko‘nikdilar asrlar ham taqdir ishiga, Saltanatlar kelib ketdi takror va takror. Faqat Hakim buyuk CHarxning aylanishiga Sukut ichra quloq tutib yotar bedor.  Bu o‘rinda aynan bir so‘z (takror) ning yonma-yon bog‘lovchi yordamida qo‘llanishi matn orqali ifodalanayotgan chuqur davomiylik, an`anaga sadoqat motivlarining ifodasi uchun xizmat qilmoqda. 8. Badaviy shaklida kelib Azroil Muhammadga dedi: - Joningni olgum. Va lekin hurmatga erursan noil, Tila tilagingni, do‘st bo‘lib qolgum… ; Baharhol ro‘shnolik bo‘lsa bir qo‘y so‘yib yuborishga harakat qilingiz va lekin men aytgan gap yodingizdan ko‘tarilmasin (A.Qodiriy. Obid ketmon) kabilar. Oxirgi parchalarda va lekin bog‘lovchilari yonma-yon kelib, uslubiy ma`no ifodalashga xizmat qilayotir. Bundan ko‘rinadiki, yordamchilar, jumladan biriktiruv bog‘lovchilari matn talabi bilan turlicha pragmatik (hosila) ma`nolarni ifodalashga xizmat qiladi. Biriktiruvchi bog‘lovchilar gapning uyushiq bo‘laklarini, qo‘shma gap tarkibidagi ayrim sodda gaplarni bir-biri bilan munosabatga kiritadi. O‘zbek adabiy tilida bunday bog‘lovchilardan eng faol qo‘llanadigani va bog‘lovchisidir: Oy suzar osmonda oppoq va masrur // Huv, cho‘qqiga chiqqaning zamon (H.Aslanova); Tong tortig‘i sahifa va sahifa nomlar // Bir kungina qo‘shiq tug‘may botmaydi shomlar (M.YUsuf); Oradan bor-yo‘g‘i uch kun o‘tdi va g‘uriylar orasidagi sotqinlar kirdikorlari fosh bo‘ldi (E.Samandar. Sulton Jaloliddin); Ko‘ksi to‘la oppoq, to‘zgan soqoli // Oq yaktak, o q ishton va yalangoyoq (SH.Qurbon); Kunlar shu tariqa mehnatda o‘tar // O‘tar suvday oqib tinmagur va shan (SH.Qurbon); Mulla Muhsin boshida gapga tushunmay tursa ham, so‘ngra payqab olib iljayadi va domlaning “maslahat”larini qabul qilgan vaziyat ko‘rsatadi (A.Qodiriy. Obid ketmon)kabilar. Ba`zan she`riy matnlarda misra va bog‘lovchisi bilan boshlanadi, bu esa ifodalanayotgan pragmatik hosila ma`noning kuchli, emotsional-ekspressiv ohangda ifodalanishini ta`minlashga xizmat qiladi: Qancha diyorlarda sayr etib yurdim // Qancha manzillarda tuzdim oshyon // Va buyuk hikmatga axir yuz burdim // Siylangan joyida azizdir inson (A.Oripov); Uni taftish qilmoqdaydi Malika ayon // Va barobar pinxon dilin borardi yorib (A.Oripov. Hakim va Ajal) kabilar. Va bog‘lovchisi uyushiq sifatlovchi aniqlovchilarni bog‘laganda, ular ifodalayotgan ma`noni kuchaytirish, bo‘rttirish uchun ham xizmat qiladi: Vazir SHamsulmulk hikmat va donish sohibi edi, unga izn berildi (E.Samandar. Sulton Jaloliddin); Odam isi yoqmas emish, tund va badqovoq // Faqat kitob varaqlarmish qarab darchadan (A.Oripov. Hakim va Ajal) kabilar. Hamda bog‘lovchisi va , ham bog‘lovchilari singari gap bo‘laklari va qo‘shma gap tarkibidagi ayrim gaplarni bog‘lashga xizmat qiladi. Bu bog‘lovchi qator uyushgan bo‘laklarning oxirgisidan oldin kelganda, uyushgan bo‘laklar orasidagi tenglikni ko‘rsatish bilan birga oxirgi uyushgan bo‘lakni ajratib, ta`kidlab ko‘rsatish uchun ham xizmat qiladi: Litsey o‘quvchilaridan Qodir Valijonov, Karimjon Akobirov, Nilufar SHomirzaeva hamda Nigoraxon Tursunxo‘jaevalar fan olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlari uchun qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlandilar (“Samarqand” gazetasi) kabilar. Ham bog‘lovchi vazifasida kelganda, va bog‘lovchisi kabi uyushgan bo‘laklarni bog‘laydi va bo‘laklar orasidagi tenglik munosabatini ifodalashga xizmat qiladi: Bu gap albatta shu erda qolishi, Ahmadjonlarga, So‘nagul ham Bahriddinlarning qulog‘iga etib bormasligi kerak (A.Muxtor. Davr mening taqdirimda); U O‘ktam ham O‘sarjonga qarabsalmoqlanib dedi (Oybek. Oltin vodiydadan shabadalar) kabilar. Ham so‘zi uyushgan bo‘laklarning oldida yoki oxirida takrorlanib kelishi mumkin. U faqat uyushgan bo‘laklarning oldida kelgandagina bog‘lovchi sanaladi: O‘z to‘yida ham mehmon // Ham mezbon bo‘lmish bu jon // Kuylar YAhyo, Qahramon // Xandon bo‘lgan Nurullo (YAhyo Tog‘a. Uchsang, burgutday uch…) kabilar. Agar ham bog‘lovchisi uyushiq bo‘laklardan keyin takrorlanib kelsa, bu uyushiq bo‘laklarni alohida, ajratib ko‘rsatish uchun vosita vazifasini bajaradi: … Fotima opam go‘zallikda ham, sho‘xlikda ham, o‘yinga ustalikda ham o‘rtoqlaridan qolishmasdi (O‘.Umarbekov. Fotima va Zuhra) kabi. Bu bog‘lovchi matn tarkibida ish-harakatning bir vaqtda ( gapirdi ham jim turdi, bordi ham qaytdi kabi) yoki ketma-ket bo‘lganini ko‘rsatadi ( keldi ham ketdi; o‘qidi ham yozdi; yig‘ladi ham kuldi; chopdi ham to‘xtadi kabi). Umuman olganda, biriktiruvchi bog‘lovchilar sodda va qo‘shma gaplar tarkibida qo‘llanar ekan, xilma-xil uslubiy xususiyatlarini ham namoyon etadi. Teng bbog‘lovchilar sirasidan o‘rin olgan zidlovchi bog‘lovchilar ham matn tarkibida xilma-xil uslubiy va pragmatik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Zidlovchi bog‘lovchilar sodda gaplar va bog‘langan qo‘shma gaplar tarkibida qo‘llanib, biror hodisa, ish-harakat yoki biror predmetni boshqasiga zid qo‘yish va ular orasidagi qarama-qarshi munosabatni bildirish uchun xizmat qiladi. Bunday bog‘lovchilardan faol qo‘llanuvchilar qatoriga lekin , ammo , biroq , holbuki kabi yordamchilar kiradi: Har qanday qonunga chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib bo‘lmaydi. CHunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning ko‘ksida bo‘ladi (A.Qahhor. Hikmatga moyil fikrlar); YAxshi yozolmaganingni kechirish mumkin, lekin yaxshi yozishni istamaganingni kechirish mumkin emas (A.Qahhor. Hikmatga moyil fikrlar); . SHuhratparast oshnam sen ham bo‘sh kelma… // Biroq nima derdi bunga odamlar (H.Aslanova); Balki yarim yo‘lda tolarman, lekin – // Hech kim qaytarolmas niyatlarimdan (H.Aslanova); Bizni ne vahimalar kutib turibdi // Ammo , qo‘rqinchlarga berurmiz bardosh (H.Aslanova) kabilar. Ba`zan lekin zidlov bog‘lovchisi bilan va biriktiruv bog‘lovchisi yonma- yon holda misralar boshida kelib, murakkab obrazli fikr ifodasi, inkor ma`nosini kuchaytirish uchun xizmat qiladi: Badaviy shaklida kelib Azroil // Muhammadga dedi: - Joningni olgum // Va lekin hurmatga erursan noil // Tila tilagingni, do‘st bo‘lib qolgum (A.Oripov. Hikmat sadolari); B og‘ning qiy-chuviga quloq tutaman // Bu erda turfa xil qushlar aylanar // Sa`vayu qaldirg‘och – o‘zi bir jahon // Va lekin ko‘payib ketmish maynalar (A.Oripov) kabilar. Hozirgi o‘zbek she`riyatida lekin zidlovchisining qisqargan, arxaik shakli lek ning qo‘llanilishi vazn va qofiya talabi bilan yuz beradi: Goho portlar alamdan // Lek, ayrilmas qalamdan // YAngamizga egamdan // ehson bo‘lgan Nurullo (YAhyo Tog‘a. Uchsang, burgutday uch…) kabilar. Ayrim she`riy matnlar tarkibida ammo bog‘lovchisi ikki marta yonma-yon takrorlanadi, bu esa zid ma`noni kuchaytirishning muhim uslubiy vositasi sifatida namoyon bo‘ladi: Ammo, ammo sen ketasan, ma`lum intiho // YUrakda tizilib qoladi izing // Uch oy bu olamga ulashgan Safo – // Mangu iz – bahorga o‘xshaysan o‘zing (M.Hasanova) kabilar. Zidlovchi bog‘lovchilardan ammo , lekin bog‘lovchilari qavat (yonma-yon) kelib, ammo lekin tarzida qo‘llanadi. Bunday qo‘llanish asosan, so‘zlashuv uslubiga xoslangan bo‘lsa-da, u hozirgi kunda badiiy uslubda uchraydi: …bir oy Salomat opa, bir oy Karomatxon muxarrir bo‘ladi. Ammo lekin Salomat opaning gazetasi har safar tanqidga uchraydi (A.Muxtor. Davr mening taqdirimda) kabilar. Balki bog‘lovchisi predmet, shaxs yoki ish-harakat orasidagi zid, qarama- qarshi munosabatni taajjub, gumonsirash semasi yordamida ifodalashga xizmat qiladi: Bu sodiq qul, balki undan ham battar odam edi (Oybek. Qutlug‘ qon); U ikki, balki uch yildan buyon o‘z to‘yini kutar edi (Oybek. Navoiy) kabilar. SHunday qilib, o‘zbek tili morfologik tizimida ammo , lekin , biroq , balki , holbuki kabi zidlovchi bog‘lovchilari o‘z o‘rniga ega, ular gapda mazmunan zid bo‘laklarni bog‘lash, ularni o‘zaro munosabatga kiritish uchun qo‘llanuvchi muhim uslubiy vositalardan biridir. So‘z turkumlari orasida grammatik munosabatlarni yuzaga keltirishdek vazifani ado etishi bilan bog‘lovchilar o‘zbek tilida o‘ziga xos mavqega ega. Ularning funktsional uslublar doirasida qo‘llanilishi ham maxsus kuzatishlarni taqozo etadi. CHunki o‘zbek tilidagi bog‘lovchilarning son jihatdan salmoqli ekanligi, ular o‘rtasidagi sinonimik munosabatlar qo‘llanilishda funktsional chegaralanishlarni ham keltirib chiqargan. Ilmiy va badiiy uslubga doir bir necha bog‘lovchilarni qiyoslash orqali bunga ishonch hosil qilish mumkin. O‘zbek tilining ilmiy uslubi haqida doktorlik dissertatsiyasi yozgan M.Mukarramov “Ilmiy nutqda qo‘llangan bog‘lovchilar funktsional-stilistik nuqtai nazardan tekshirilsa, grammatika kitoblarida ko‘rsatilgan bog‘lovchilarning hammasi teng ishlatilmasligi ko‘rinadi. Ilmiy nutqda ba`zi bog‘lovchilar aktiv, ba`zilari passiv, ayrimlari esa umuman qo‘llanmasligi ma`lum bo‘ladi” degan fikrlarni bayon etgan (Mukarramov M. Hozirgi o‘zbek adabiy tilining ilmiy stili.- Toshkent: Fan, 1984, 102-b.) va ilmiy nutqda faol qo‘llanuvchi bog‘lovchilar sifatida va, ammo, lekin, yoki, ya`ni, agar, chunki, shuning uchun kabi birliklarni ko‘rsatgan. Aksincha, hamda, -u(yu), ham, bilan, bordiyu, deb, balki, biroq, faqat, holbuki, yo, yo-yo, yoinki, yoxud, -kim, go‘yo, go‘yoki, ba`zan-ba`zan, bir-bir, agarda, garchand, basharti, mobodo, zeroki, nainki, ammo lekin, goh-goh, dam- dam, xoh-xoh, kim kabi birliklarning passiv ekanligini qayd etgan. Ayiruv bog‘lovchilari sodda gaplar yoki bog‘langan qo‘shma gaplarda uyushgan bo‘laklarni, shuningdek, qo‘shma gap qismlarini bog‘laydi hamda ulardagi voqea-hodisa, ish-harakat va holatning almashinib turishi yoki bir-birini taqozo qilishini ham ifodalaydi. Hozirgi o‘zbek adabiy tili badiiy va publitsistik uslublarida yo, yoki, yoxud, yoinki, yo… yo, goh… goh, dam… dam, bir… bir, ba`zan… ba`zan, xoh… xoh singari yordamchilar eng faol qo‘llanuvchi ayiruvchi bog‘lovchilar qatoriga kiradi: O‘tdi yoshlik zavq bilan, gohi to‘polon bilan // Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan // Ayri ham tushdim ba`zan qalb bilan, imon bilan // Lekin seni yo‘qotdim, birinchi muhabbatim… (A.Oripov) kabi. Ba`zan va, yo bog‘lovchilari misra boshida yonma-yon qo‘llanib, ifodalanayotgan ritorik so‘roqni kuchaytirishga xizmat qiladi: Men derdim bu qizning qayda go‘shasi // Yo‘llarida uning kimdir zormikan? // O, u sevgisidan baxtiyormikan // Va yo manzilida xazon to‘shagi? (A.Oripov); e shilib, to‘lg‘onib ingranadi kuy // Qaylardan kelmoqda bu ohu faryod // Kim u yig‘layotgan, Navoiymikin // Va yo may kuychisi Xayyommikin, dod! (A.Oripov) kabilar. Ba`zan dam so‘zi ayiruv bog‘lovchisi sifatida bir bandning har satrida takrorlanib keladi hamda u ma`no kuchaytirish vositasi sifatida ko‘rinadi: Dam og‘ir xayolga bo‘lur zanjirband // Dam qo‘shiq to‘qiydi u yona-yona // Intilar yulduzlar tumaniga dam // Dam oyning yonida bo‘lar parvona (A.Oripov) kabilar. Na…, na yordamchisi uyushiq bo‘laklar yoki qo‘shma gap tarkibidagi ayrim sodda gaplar oldida takrorlanib keladi hamda ular ifodalayotgan inkor ma`nosini alohida ta`kidlash, uqdirib ko‘rsatish uchun xizmat qiladi: e nasidan qolgan yodgor buyumday // Har kimga ko‘z-ko‘zlab kerilar ayon // Na oltinga berar, na berar shunday // Allaqanday ochko‘z, nokas olomon (SH.Qurbon); Na bir so‘z dedim senga // Na tun bir so‘z degaydir // Dod solib yo‘llaringga – // Qo‘llarim cho‘zilgaydir (X. Rustamova. Bir shirin so‘z qidirar bashar) kabilar. YOrdamchi so‘zlar orasida, jumladan teng bog‘lovchilar orasida ham ma`nodoshlik (sinonimiya) hodisasi mavjud. Sinonimiya bog‘lovchilar orasida keng tarqalgan. Lekin bog‘lovchilar sinonimiyasi – bu, tenglik, bir xillik degani emas, ya`ni ba`zi o‘rinlarda bog‘lovchilar o‘rnini yuklamalar, yoki aksincha yuklamalar o‘rnini ayrim ko‘makchilar yoki bog‘lovchilar egallashi mumkin. Bu holatlarda esa uslubiy ma`no nozikliklarini to‘la inobatga olish lozim bo‘ladi. Masalan, ba`zan –u, -yu, -da yuklamalari va biriktiruv bog‘lovchisiga semantik jihatdan ma`nodosh bo‘ladi. Bunday ma`nodoshlikni qiyoslash orqali sezish mumkin: -Bechora onamning aybi nimada? – deb o‘yladi u. – Gunohi o‘qimaganligidami? Kechayu kunduz otamning injiqliklarini ko‘tarib, keldi- ketdisiga qaraganimi? (B.O.Surat). qiyoslang: kechayu kunduz // kecha va kunduz; Quyosh ham aylagan o‘lka, chiqadur har kuni yo‘lga // Nurin sochgay bog‘-u cho‘lga , diyori O‘zbekistonda (A.Xishraviy. Diyori O‘zbekistonda). Qiyoslang: bog‘-u cho‘lga // bog‘ va cho‘lga kabilar. SHunday qilib, bog‘lovchilar grammatika doirasida nafaqat so‘z yoki birikmalarning sintaktik munosabatga kirishuviga ko‘maklashadi, shu bilan birga, bu sintaktik munosabatlar jarayonida turli-tuman semantik va stilistik ma`no ottenkalarining yuzaga kelishiga ham xizmat qiladi.