logo

Grammatik ma’no. Umumiy grammatik ma’no (ugm), oraliq grammatik ma’no (ogm) va xususuy grammatik ma’no (xgm)

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

56 KB
Grammatik ma’no. Umumiy grammatik ma’no (ugm), oraliq grammatik ma’no (ogm) va xususuy grammatik ma’no (xgm) Reja: 1.Grammatik ma’noning yangicha talqini xususida. 2.Xususiy ma’nolar lisondagi umumiy ma’nolarning tajallisi, voqelanishi, yuzaga chiqishi. 3.Umumiy ma’noni ochish yo`llari (paradigmatik munosabat). Grammatika, grammatik ma’no (GM), xususiy grammatik ma’no (XGM), umumiy grammatik ma’no (UGM), oraliq grammatik ma’no (OGM), son shakllarining XGM va UGMlari, UGM ni ochish yo‘llari, bo‘lunavchan yoki bo‘linmaslik tushunchalari, aniq miqdor, noaniq miqdor, noaniq miqdoriy ko‘rsatkich (NMK). Grammatik ma’no deganda nima tushuniladi? Grammatik ma’no deganda har bir tilning qurilish tizimi nutqda ifodalanishini zaruruy va majburiy deb talab etadigan va turli xil shakliy ko`rinishlar bilan beriladigan umumlashgan ma’nolar tushuniladi. Chunonchi, "Bolalar qiziqarli kitobni o`qiydilar" gapini olsak, "Bolalar" so`zida 2 xil ma’no ajralib turadi: 1) lug`aviy ma’no, ya’ni bu so`zning borliqdagi odam jinsiga mansub bo`lgan, yosh jihatdan voyaga yetmagan shaxsni yoki voyaga yetgan kimsaning farzandi, avlodini atab kelish; 2) ko`plik sonda, bosh kelishikda, gapda ega vazifasida kelgan turdosh ot. Bu ma’nolardan birinchisi lug`aviy, leksik ma’no bo`lsa, ikkinchisi grammatik umumlashgan ma’nodir. Grammatik ma’nolar har bir til uchun shu til uchun o`ziga xos bo`ladi va rang-barang shakliy usullar bilan (biz bularni navbatdagi mavzuda ko`rib o`tamiz) ifodalanadi. Grammatik ma’noni yangicha talqin qilishda ham til va nutq farqlanishi mezonida yondashiladi. Zohiriy narsa tez - tez yo`qolib, o`zgarib turadi. Lekin u mohiyatning yashash usuli sifatida ahamiyatlidir. Nutq hech qachon til haqida to`liq ma’lumot berolmaydi. Bizning til haqida nutq orqali olgan ma’lumotlarimiz hamisha noto`liq. Nazariyotchi ularni umumlashtirar ekan, til haqida ma’lumotga ega bo`ladi. Grammatik ma’no (GM)ning an’anaviy talqini nutqiy hodisalarga tayanadigan empirik talqindir. An’anaviy talqindagi /GM/ ni /XGM/ desak to`g`ri bo`ladi. UGM XGMga qarama-qarshi turadi. UGM XGM orqali voqelanadi. UGM hamma XGMlarni o`z ichiga oladi. UGM va XGMlar haqida gapirishdan oldin, biz umumiylik va xususiylik nima, umumiy va xususiy ma’noning o`zi nimaligi haqida bahs yuritaylik. Biz ko`ra oladigan, seza oladigan, o`lchay oladigan, kuzata oladigan narsa, belgi, voqea - hodisa xususiylikdir. Masalan; daraxt ni biz ko`ra olamiz, paypaslaymiz, shoxlari va barglarini, mevasini sanay olamiz. Daraxt ning moddiyligi uning ildizi, tanasi, shox-shabbasida. Har bir daraxt takrorlanmas, chunki bir yilda ekilgan 2 ta olma daraxti 2 ta alohidalikdir- mevasi, tanasi bir xil bo`lsa-da, barglar miqdori bilan farqlanishi mumkin. Demak, yer yuzida nechta daraxt bo`lsa, shuncha xususiy daraxt bor. Ularning hisobi nisbiy, chunki sanaguncha nechtasi quriydi, nechtasi yonib ketadi va hokazo... Bir ashulani san’atkor 2 marta aytar ekan, bu bir emas, ikki xususiylikdir. "Men ma’ruza o`qiyapman" gapini 2 marta takrorlasak, bunda ikki xususiylik voqelangan bo`ladi. Chunki bu ikki gap hech bo`lmaganda zamonda farqlanadi. Umumiylik nima? Xohlagan xususiylikda umumiylikning belgisi yotadi. Minglab daraxtlar uchun (olma, anjir, chinor... daraxtlari) umumiy bo`lgan tomon - tanasi, shoxi bor o`simlik. Bizning ongimizda daraxt xuddi shu ma’no bilan yashaydi. "Umumiylik - bevosita kuzatishda berilgan alohida xususiyliklardagi belgilarning ongimizdagi obrazi" [1,8;]. Umumiyliklar mayda - chuyda belgilarni o`z ichiga olmaydi, umumiylik xususiyliklarda takrorlanib turadi. Demak, xulosa shuki, xususiylik - takrorlanmas, chegaralangan; umumiylik - takroriy, chegaralanmagan. Istalgan butunlik shakl va ma’no tomondan iborat bo`ladi. Yana daraxt misoliga qaytamiz. Daraxt ning shakl tomoni bizga ma`lum: qattiq tanali o`simlik. Daraxt nima uchun kerak? a) soya soladi; b) meva beradi; v) yog`och beradi... Mana shu vazifalar daraxt ning mazmun tomonidir, ya’ni vazifasi. Nutqiy hosilalarning mazmuni turli nutqiy sharoitda qanchalik xilma - xil bo`lmasin, ma’lum bir lisoniy umumiylik ma’nosining tajallisidir. Masalan, bir oddiy piyola ham ichish quroli, ham o`lchov andazasi, ham aylana chizish mumkin... Lekin piyola ning umumiy mazmuni-choy yoki boshqa suyuqlik ichish uchun mo`ljallangan o`zbek milliy ro`zg`or buyumi. Ongimizda piyola mana shunday yashaydi. Chunki "nutqdagi xususiy ma’nolar lisondagi umumiy ma'nolarning tajallisi" [1,11;]. Umumiy ma’no ma’lum bir fonema, morfema, leksemaning paradigmadagi o`rni,mavqeidan ochiladi. Masalan, leksemalardagi umumiy ma’no shu leksemaning o`zi munosabatdosh bo`lgan leksemalar qatoridan anglashiladi. "Ota" leksemasi ongimizda quyidagi paradigmada yashaydi va UGMsi o`shandan ochiladi:  /bobo/: /buvi/ /ona/ : /ota/ : /bola/ : /nevara/ : Ushbu paradigmadan "ota" so`zining UGMsi kelib chiqadi: birinchi avlod, bevosita qon-qarindosh, katta, erkak. Leksemalardagi UGM s e m e m a deyiladi. Demak, umumiylikning mohiyati ma’lum bir umumiylikni o`ziga o`xshash va farqli umumiyliklar bilan munosabatidagina ochilishi mumkin. Sh. Shahobiddinova ishida XGM va UGMlar atroflicha talqin qilingan. Jumladan, son kategoriyasi shakllarining XGM va UGMlari. [-lar] ning XGMlari: a) ko`plik - Unda shirin - shirin bananlar bor (Sh. Yul.); b) jamlik - ishchilar sinfi - ishchi sinfi; d) bog`liqlik va o`xshashlik - Avvalgi sarvigullar o`qishni tugatishdi (Sh. Yul.); e) taxmin - Soat beshlarda keldi; f) kuchaytirilgan ma’no - Tillarimga ko`cholmaydi bo`g`zimdagi azobim... (U. Azimov). [ o ] shakl XGM lari: a) jamlik - Gadoning dushmani gado bo`ladi (A.O.); b) ko`plik - Majlisga yigirma kishi keldi (aniq ko`plik); U qishloqda uch - to`rt kun qoldi (noaniq ko`plik);  d) birlik ifodalash - bunda ko`rsatish olmoshlari, "bir" so`zi ko`proq ishtirok etadi: Ushbu yodgorlikka murojaat qilar ekanman, mening maqsadim bitta... (O.Matjon). Demak, son kategoriyasi shakllari uchun quyidagi UGMlarni ko`rsatish mumkin: [-lar] UGMsi─bo`linuvchan/ bo`linmas sifat va noaniq miqdor ifodalash. [ o ] UGMsi ─ bo`linmas va aniq/ noaniq miqdor ifodalash. Bo`linuvchanlik/ bo`linmaslik deganda, quyidagini tushunish kerak: har bir xususiylik alohidalik ekanligini ko`rib o`tdik. "Qovunlar" degan so`zshakli bir necha qovunlarni atab keladi. "Qovunlar" so`zshakli bir to`plamni ifodalaydi va u bir necha alohidaliklarga bo`linadi. "Ahmadlar" deganda Ahmad va unuing o`rtoqlari, oilasi... tushuniladi. Ya’ni Ahmadlar bir to`plamni ifodalaydi va bu to`plam bo`linuvchan. " Suvlarni stolga qo`ydi" deganda kola, mineral suvlar... tishuniladi. "Toshkentlarni kezib chiqdi" so`zshakl Toshkentni bo`lib beryapti, tumanlari hisobga olingan. "Tillarimga ko`cholmaydi bo`g`zimdagi azobim" misrasida til, gap, so`z, og`iz ajratib berilgan. Shuning uchun "ishchi sinfi" va "ishchilar sinfi"; "o`qituvchi odati" va "o`qituvchilar odati" kabi so`z birikmalarida birlik va ko`plik son ma’nolari yaqinlashsa ham, orasida nozik farq bor . "Ishchilar" da sifatiy bo`linuvchanlik sezilib turadi. Birlik sonda yaxlitlik ma’nosi ko`proqdir. Demak, bir jihatdan birlik va ko`plik son ko`plik sonning bo`linuvchanlikni ta’kidlashi, birlik sonning esa yaxlitlikni ko’rsatishi bilan qarama-qarshi turadi. Miqdoriy jihatdan esa birlik son birlik, aniq/noaniq miqdorni ifodalay olishi bilan hamisha noaniq miqdoriy ko`plikni ifodalovchi ko`plik son shakliga qarama - qarshi turadi. Shuning uchun " Bu kitobni ol", "Stol ustida to`rt kitob bor", "Kitob - bilim manbai" gaplarida 3 xil ma’no voqelangan: Kitoblar so`zshakli hech qachon aniq miqdorni ifodalay olmaydi. Quyidagi gaplarni qiyoslang: Uch kun (uch kunlar)dan keyin keldi; O`ninchi yil (yillar)da tug`ildi. Shuning uchun birlik sonning umumiy grammatik ma’nosi quyidagicha ko`rsatilishi mumkin: birlik ─ aniq yo noaniq miqdorni bo`linuvchan/ bo`inmas ma’noda berish. Ko'plik sonning ma'nosi ─ noaniq miqdoriy ko`plikni bo`linuvchan sifatda berish. Mana shu umumiy grammatik ma’nolar bilan birlik va ko`plik morfologik son shakllari til tizimida, ongimizda yashaydi. Bu umumiy ma’nolar nutqda muayyan moddiy shakllarda cheksiz rang-baranglikda voqelanadi. Ko`rib o`tdikki, daraxt umumiyligi o`ta sodda va u "o`simlik + tana + shox"dan iborat, xolos. Lekin borliqdagi milliard daraxt behad rang - barang. Xuddi shunday ko`plik sonning ma’nosi "miqdoriy noaniq ko`plik + sifatiy bo`linuvchanlik" kabi soddadir. Nutqda esa u milliard xususiy ko`rinishlarda voqelanadi. Birlik sonining ma’nosi "miqdoriy aniq/noaniq ko`plik + sifatiy bo`linmas" kabidir. Lekin yuqorida ko`rsatilgan UGM nutqda XGM sifatida voqelanar ekan, u umumiylik bilan xususiylik orasida oraliq ma’nolar yotadi. Oraliq ma’nolar xususiy ma’nolar uchun ma’no tiplari, ya’ni "o`xshash ma’nolar majmuasi", UGM uchun esa "umumiylikning ko`rinishlari", turlari mavqeida bo`ladi. Chunonchi, birlik sonning UGMsi "aniq / noaniq va birlik" kabi ma’nolarni o`z ichiga oladi. Va UGM XGM sifatida voqelanguncha yuqorida ko`rsatilgan aniqlik, noaniqlik, birlik kabi uch OGM ma’noning biridan o`tadi. Chunonchi, XGM OGM UGM Bu kitobda birlik aniq/noaniq Uch kitobda aniq sifatiy bo'linmas Kitobda ko`plik miqdor shunday yozilgan. noaniq OGM hamisha so`zning lug`aviy ma’nosi, matn, qurshov bilan aloqador bo`ladi. Chunonchi, [ -lar ] ko`plik sonning umumiy ma’nosi -"sifatiy bo`linuvchan, miqdoriy noaniq ko`plik" UGMsi bir necha OGMga ega. Bulardan asosiylari: 1. Bir yoki turli jinsdagi predmetlarning NMK(noaniq miqdoriy ko’rsatkichi)ni ifodalash (kitoblar, odamlar...); 2. O`lchanmas moddalarni alohidaliklarga ajratib noaniq miqdoriy ko`plikni ko`rsatish (Toshkent suvlari...) ; 3. Turli tur va jinslardan iborat NMKni ko`rsatish (yog`lar-sariq yog`, paxta yog`i; ichimliklar-aroq, mineral suv, kola) ; 4. Narsani yondoshlari bilan birgalikda NMK sifatida ifodalash (Ahmadlar keldi; Toshkentlarni aylandik.) ; 5. Taxmin ifodalash: 70- yillar; 6. Bo`linmasni bo`linuvchan etib ko`rsatib, ekspressiv ma’no berish (Yuraklarimga to`kildi). Mana shunday har bir morfologik shaklda XGM, OGM va UGMlar mavjud bo`ladi. Siz 1940-80-yillarda nashr etilgan darsliklarda tanishgan grammatik shakllarning ma’nolari asosan XGM va OGMlardir. UGMlarni ochish bosqichiga o`zbek tilshunosligi endi ko`tarilmoqda. Jumladan, ushbu mavzular mana shu UGMlarni ochishga bo`lgan ilk qadamlardan biridir. Shunday xulosaga kelish mumkinki, UGM til birligining minglab turli xil matnlarda yuzaga chiqadigan va bevosita kuzatishda berilgan xususiy grammatik ma’nolari (XGM)ning umumiy yig`indisi emas, XGMlar negizida yotgan, XGMlarga nisbatan umumiylik vazifasini o`taydigan ma’nodir. XGMlar bilan UGMlar orasidagi munosabat bilvositadir. Bu ikki bo`g`inni bog`lovchi ma’no tipi ─ bu OGMdir.