logo

Ikkinchi jahon urushi yillarida o’zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shgan hissasi

Yuklangan vaqt:

05.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

39.96875 KB
Ikkinchi jahon urushi yillarida o’zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shgan hissasi Reja 1. Ikkinchi jahon urushining boshlanishi. Respublikada xojalik va ijtimoiy hayotning harbiy izga solinishi. 2. Urush yillarida Oʻzbektston sanoati va qishloq xdjaligi. 3. Urush yillarida fan va madaniyat. Oʻzbekiston jangchilarining frontlardagi jasorati. O’zbekistonning urush girdobiga tortilishi. 1939-yil 1-sentabrda fashistlar Germaniyasi qo’shinlarining Polshaga bostirib kirishi bilan ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. Ikkinchi jahon urushini yirik davlatlar o’rtasidagi ixtiloflar, agressiv davlatlar – fashistlar Germaniyasi, fashistlar Italiyasi va militaristik Yaponiya boshladilar. Ular orasida Germaniya fashistlari uyushtiruvchi, yetakchi rol o’ynadi. Fashistlar bloki davlatlari tomonidan olib berilgan urush bosqinchilik, adolatsizlik urush edi. Fashizmga qarshi urushgan davlatlar adolat uchun kurashdilar. Agressiya qurboni bo’lgan mamlakatlarda vatanparvar kuchlar, xalq tomonidan qarshilik ko’rsatish harakati boshlangach, urushning ozodlik xarakteri yanada ko’chaydi. Angliya va Fransiya hukmron doiralari birinchi jahon urushida qo’lga kiritgan hududlarni o’z tasarrufida saqlab qolishga, Gitler qo’shinlarini Sharqqa, Sovet Ittifoqi tomon yo’naltirishga intildilar. Sovet davlatining tashqi siyosati fashistlar Germaniyasini Angliya va Fransiyaga qarshi qo’yishga va ularning harbiy kuchlari zaiflashgan paytda zarba berishga qaratilgan edi. 1939-yil 23-avgustda sobiq SSSR bilan Germaniya o’rtasida 10-yil muddatga hujum qilmaslik to’g’risida shartnoma imzolanadi. Shartnomaning mahfiy qo’shimcha bayonnomasiga muvofiq Germaniya va SSSR o’zlarining ta’sir doiralarini bo’lib oladilar. German va sovet manfaatlari Polsha davlati hududlari bilan bog’liq edi. Germaniya Boltiqbo’yi mamlakatlariga da’vo qilishdan voz kechadi. Germaniya 1939-yil 1-sentabrda Polshaga bostirib kirgach, Sovet davlati 1939-yil 17-sentabrda o’z qo’shinlarini G’arbiy Ukraina va G’arbiy Belorussiyaga kiritadi va bu hududlarni o’z tasarrufiga oladi. 1940-yil iyunda SSSR Boltiqbo’yi respublikalarini ham egalladi. Ikkinchi jahon urushining dastlabki davridayoq fashistlar Germaniyasi G’arbiy va Markaziy Yevropada hukmronlikni qo’lga kiritdi. Germaniya va Italiya Yevropadagi 10 davlatni – Polsha, Chexoslovakiya, Yugoslaviya, Belgiya, Gollandiya, Lyuksemburg, Daniya, Norvegiya, Avstriya, Fransiyani bosib oldi. Fashistlar Germaniyasi Yevropaning harbiy, iqtisodiy resurslarini qo’lga kiritib bo’lgach, 1941-yil 22-iyun yakshanba kuni tong saharda hujum qilmaslik to’g’risidagi shartnomani buzib, urush e’lon qilmasdan Sovet Ittifoqiga xoinona hujum boshladi. Fashistlarning maqsadi SSSRni bosib olish, boyligini talash, millionlab kishilarni qirish va qolganlarini qul qilishdan iborat edi. Germaniya bilan hamkorlikda uning ittifoqchilari – Italiya, Finlyandiya, Vengriya, Ruminiya, Bolgariya ham Sovet Ittifoqiga qarshi urushga kirishdilar. Sovet xalqining fashizmga qarshi urushi boshlandi. SSSR tarkibidagi barcha respublikalar, shu jumladan, O’zbekiston ham urush girdobiga tortildi. Shu tariqa, ikkinchi jahon urushi jahondagi 61 mamlakatni, yer shari aholisining 80 foizini, ya’ni 1,7 milliard kishini o’z girdobiga tortdi. Harbiy safarbarlik. Urushning dastlabki kunlaridayoq O’zbekistonning moddiy va ma’naviy kuchlarini urushga safarbar etishga kirishildi. Barcha viloyat, shahar va tuman harbiy komissariatlari harbiy xizmat majburiyatida bo’lganlarni safarbar etish bilan shug’ullandilar. Urushning dastlabki oyidayoq yuz minglab vatandoshlarimiz qo’lga qurol olib frontga jo’nab ketdilar. O’rta Osiyo harbiy okrugi front uchun jangchilar va zobitlar tayyorlaydigan o’choqqa aylantirildi. Bu okrug 1941-yil iyunidan 1942-yil oxirigacha bo’lgan muddatda harbiy safarbarlik asosida 109 ta harbiy qo’shilma tuzdi, harakatdagi armiyaga va Oliy Bosh Qo’mondonlik qarorgohi zahirasiga 86 diviziya va brigada jo’natdi. O’zbekiston hukumati va vatanparvar kuchlari milliy harbiy qo’shilmalar tuzish tashabbusi bilan chiqdilar. 1941-yil 13-noyabrdan 1942-yil martigacha bo’lgan davrda 14 ta miliy harbiy qo’shilmalar, jumladan, 9 ta o’qchi brigada, 5 ta otliq askarlar diviziyasi tuzilib frontga jo’natildi. 1941-yilda O’zbekiston aholisi jami 6,5 million kishini tashkil etgan, ularning yarmini bolalar va keksalar tashkil etgan bo’lsa, yaroqli odamlarimizning 50-60 foizi, aniqrog’i 1 mln. 433 ming 230 kishi urushga safarbar bo’lgan. O’zbek xalqi, keksalar, ota-onalar dahshatli sinov paytida o’z farzandlarini frontga jo’natar ekan, ularga mard va botir askar bo’l, qahramonlarcha jang qil, g’alaba bilan qayt, deb nasihat qilib qoldilar. O’zbekiston partiya va sovet tashkilotlari front orqasini mustahkamlash, xo’jalikni harbiy izga tushirish, barcha odamlarni mehnatga safarbar etish, ko’plab jangovar texnika, qurol-aslaha, o’q-dorilar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish bo’yicha shoshilinch tadbirlarni amalga oshirdilar. 1941-yilning oxrigacha 300 ga yaqin korxona harbiy izga solindi, jangovar texnika, qurollar, o’q-dori ishlab chiqarishga moslashtirib qayta qurildi. Bu korxonalarda frontga safarbar etilgan erkaklar o’rnini keksalar, xotin-qizlar egalladilar. Respublika Oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari, fabrika-zavod ta’limi maktablari urush davri talablariga mos kadrlar tayyorlashga yo’naltirildi. Yakka tartibda va brigada tariqasida hunar o’rgatish ishlari yo’lga qo’yildi. Respublikamiz qishloqlarining aholisi front va front orqasini oziq-ovqatlar bilan, sanoatni homashyo bilan ta’minlash uchun oyoqqa turdi. Ko’chirib keltirilgan korxonalarning joylashtirilishi. Urush bo’layotgan va dushman yaqinlanib kelayotgan hudulardan muhim sanoat korxonalarini, kolxoz, sovxoz va MTS larning mulklarini, madaniy boyliklar va o’quv yurtlarini Sharqqa, jumladan, O’zbekistonga zudlik bilan ko’chirib keltirish, joylashtirish ishlari boshlanib ketdi. Fashistlar tomonidan vayron qilingan shaharlar va qishloqlarning aholisi, ota-onalari halok bo’lgan bolalar, million-million kishilar ulkan oqim bo’lib ko’chib kela boshladilar. Kishilik tarixida bunday katta ko’lamli mudhish voqea birinchi marta sodir bo’ldi. O’zbekistonga yuzga yaqin sanoat korxonasi, jumladan, 48 ta mashinasozlik, metall ishlash, kimyo va boshqa harbiy texnika va mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik zavodlarning asbob-uskunalari ko’chirib keltirildi, zudlik bilan barpo etilgan binolarga joylashtirildi va montaj qilindi. Ishchi, xomashyo jihozlari bilan ta’minlandi va front uchun mahsulotlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Toshkentda joylashtirilgan Rostselmash zavodi «Katyusha» va minomet snaryadlari, aviatsiya zavodi jangovar samolyotlar etkazib bera boshladi. O’zbek xalqi urushning dastlabki yillarida Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya, Boltiqbo’yi respublikalaridan ko’chirilib keltirilgan kishilarni, shu jumladan, yetim bolalarni o’z bag’riga oldi. 1941-yil 3-dekabrda O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo’mitasining ko’chirilib keltirilgan fuqarolarni qabul qilish va joylashtirish yuzasidan maxsus qarori chiqdi. Xalq Komissarlari Soveti huzurida 1941-yil 10-iyulda tuzilgan maxsus Respublika komissiyasi va Mahalliy sovetlarning ijroiya qo’mitalari qoshida tuzilgan alohida bo’limlar kishilarni hisobga olish va joylashtirish bilan shug’ullandilar. Ko’chirib keltirilganlar shahar va qishloq tumanlariga joylashtirildi. O’zbekiston bo’yicha 1942-yil bahorigacha ko’chirib keltirilgan 716 ming kishi qabul qilinib olindi, ishga joylashtirildi, ular uchun yashash sharoitlari yaratildi. O’zbeklar ko’chirilib keltirilgan ota-onasiz bolalarga alohida g’amxo’rlik qildilar, 200 ming dan ko’proq yetim bolalarni o’z bag’riga oldilar. O’zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti qoshida bolalarga yordam ko’rsatish bo’yicha maxsus komissiya tuzildi. O’zbekiston xalq maorifi komissarligi tashabbusi bilan bolalarni qabul qilish-taqsimlash markazi tuzildi. Respublikamizning barcha viloyatlari, shahar va tumanlarida bolalarni qabul qilish punktlari ochildi, ularda o’qituvchilar kechayu kunduz navbatchilik qildilar. Militsiya bo’limlari qoshida 30 dan ortiq bolalar xonalari tashkil etildi. 1942-yil 2-yanvarda Toshkent shahrida xotin-qizlarning yig’ilishi bo’lib, unda respublikamizdagi barcha ayollarga qarata murojaat qabul qilindi. Murojaatda yetim bolalarni o’z tarbiyasiga olishga da’vat etildi. Ko’plab oilalar 4000 dan ortiq yetim bolalarni o’zlariga farzandlikka oldilar, topgan-tutganlarini ular bilan baham ko’rdilar. O’zbekistonga G’arbiy viloyatlardagi janglarda yarador bo’lgan minglab askar va zobitlar ham olib kelinardi. Ularni qabul qilib olish, gospitalga joylashtirish, salomatligini tiklash ishlariga alohida mehribonlik qilindi. Respublikamiz sog’lomlashtirish markazlaridan biriga aylandi. 1941-yil 1- oktabrgacha O’zbekiston sog’likni saqlash xalq komissarligi tizimida 14 ming 950 o’ringa ega bo’lgan 47 gospital barpo etildi va zarur uskunalar bilan jihozlandi. Ayni paytda Moskvadan, Kalinin, Rostov-Don va boshqa viloyatlardan 15900 o’ringa (krovatga) ega bo’lgan 48 gospital ko’chirilb keltirildi, joylashtirildi va ishga tushirildi. Jami 39140 o’ringa ega bo’lgan 113 gospital yarador va bemor jangchilarga tibbiy xizmat ko’rsatdilar. Sog’ayganlar frontga yoki korxonalarda ishlashga jo’natib qo’yilardi. Nogiron bo’lib qolganlarga zarur yordam ko’rsatildi, holiga yarasha ish bilan ta’minlash choralari ko’rildi. O’zbekistonliklar orasida mudofaa fondini tashkil etish, front uchun issiq kiyimlar to’plash harakati keng yoyildi. Ishchilar, kolxozchilar va ziyolilar shaxsiy jamg’armalarini, qimmatbaho buyumlarini mudofaa fondiga topshirdilar. Mudofaa fondiga 650 million so’m pul, 22 million so’mlik qimmatbaho buyumlar, 55 kilogramga yaqin oltin, kumush va boshqa qimmatbaho buyumlar to’plandi. Bu jamg’arma hisobiga respublikamizda tank kalonnalari, aviatsiya eskadrilyalari, bronepoyezdlar qurilib frontga jo’natildi. O’zbekistonlik jangchilarga eshelonlab issiq kiyimlar, mevalar jo’natib turdilar. Davlat harbiy zayomlariga yozilish yo’li bilan anchagina mablag’lar to’plandi. Aholidan issiq kiyimlar tayyorlash uchun jun, terilar yig’ib olindi. Aholiga davlat zayomi, pul-buyum lotereyasi sotish hisobiga 4,2 milliard so’m mablag’ yig’ilib g’alaba manfaatlari yo’lida foydalanildi. Xullas, urushning dastlabki yiliyoq O’zbekistonning butun moddiy va ma’naviy kuchlari fashizmga qarshi g’alaba uchun safarbar etildi, hayot harbiy izga tushirildi, xalq Vatan himoyasiga otlandi. O’zbekiston sanoati va qishloq xo’jaligi front xizmatida. Respublika sanoati urush manfaatlariga moslashtirilgan holda jadal rivojlantirildi, yangi tarmoqlar yaratildi. 1941-yil oxirlarida O’zbekistonning 300 sanoat korxonasi faqat harbiy mahsulot bera boshladi. Respublika sanoat korxonalari quvvatlarining kengayishi, yangidan qurilgan zavodlarning ishga tushirilishi elektr energiyasi va yoqilg’i ishlab chiqarishni keskin oshirishni talab qildi. O’zbekiston partiya va hukumati Ittifoq hukumatiga xat yo’llab bu muammoni hal etishda ko’mak so’radi. Tez orada 1942- yil 10noyabrda VKP (b) MQ va SSSR Xalq Komissarlari Soveti «O’zbekiston SSRda beshta gidroelektr-stantsiya qurilishi to’g’risida» qaror qabul qildi. O’zbekistonda metallurgiya zavodi qurish, ko’mir va neft qazib olishni ko’payttirish tadbirlari ham belgilandi. 1943-yilda O’zbekistonda eng yirik gidroelektrstantsiya – Farxod GESi qurilishi boshlandi, qurilish zarur materiallar va ishchi kuchi bilan ta’minlandi. Farxod qurilishi umumxalq qurilishiga aylandi, binokorlik ishlari xashar yo’li bilan bajarildi. 10 oylik fidokorona mehnat natijasida Sirdaryo jilovlandi. Urush yillarida Bo’zsuv daryosi o’zanlarida Tovoqsoy, Oqqovoq, Salar, Quyibo’zsuv, Oqtepa, Qibray GESlari, shaharlar va yirik korxonalar yonida kichik GESlar ishga tushirildi. O’zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish qariyb 2,5 baravarga, ya’ni 1940-yilgi 462 mln kilovatt soatdan 1945-yilda 1187 mln kilovatt soatga ko’paydi. Urush davrida «Angrenugol» ko’mir konida yana uchta shaxta va ochiq usulda ko’mir qazib olinadigan kar’er bunyod etildi. O’zbekiston va Qirg’iziston chegarasida Qizilqiya ko’mir koni foydalanishga topshirildi. 1940-yilda O’zbekistonda atigi 3,4 mln tonna ko’mir qazib olingan bo’lsa, 1945-yili 103 mln tonna, ya’ni 30-marta ko’proq ko’mir qazib olindi. Neft maxsulotlari ishlab chiqarishni keskin ko’paytirish tadbirlari ko’rildi. Neftgeologiya qidiruv tresti, neft tarmog’i qurilish montaj tresti, neft qazib oluvchi 2 ta trest, neft qazib chiqarish asbob-uskunalarini ta’mirlash zavodi, neft mashinasozligi zavodi barpo etildi. Farg’ona vodiysida ishlab turgan «Andijon», «Polvontosh», «Changartosh», «Chimyon» neft konlarida mahsulot ishlab chiqarish kuchaytirildi. Yangi neft konlari, neftni haydash zavodi ishga tushirildi. Urush yillarida Respublikada neft ishlab chiqarish 4-marta ko’paydi va 1945-yilda 478 ming tonnadan ortdi. G’arbdan ko’chirib keltirilgan zavodlar bazasida 16 ta stanoksozlik, to’qimachilik va mashinasozlik korxonalari tashkil etildi. Urushdan oldin qurilgan respublikamizdagi ko’pgina zavodlar ham turli harbiy asbob-uskunalar, mashinalar, jangovar texnika ishlab chiqarishga moslab qayta qurildi. O’zSSR XKS 1942-yil 17-iyunda Bekobodda metallurgiya zavodi qurish to’g’risida qaror qabul qildi. Metallurgiya zavodini qurish butun respublika mehnatkashlarining zarbdor ishiga aylandi. Sanoat korxonalari zarur mutaxasislar bilan, kolxoz va sovxozlar ishchi kuchi bilan ta’minlashdi. Zavod qurilishida 30 mingdan ko’proq kishilar ishtiroq etdilar. O’zbekistonning birinchi metallurgiya zavodi 1944-yil 5-mart kuni dastlabki metall mahsulotlarini bera boshladi va tez kunlarda zavodning birinchi navbati, 1945-yil fevraldan ikkinchi navbati ishga tushirildi. Geologik-qidiruv ishlari natijasida ko’plab qora va rangli metall konlari ochildi. Urush yillaridayoq Langar, Ingichka, Qo’ytosh, Qoratepa, Olmaliq rangli metall konlari, Oqtosh boksit koni o’zlashtirildi. Ulardan qazib olingan volfram, molibden, mis, alyumin va boshqa mahsulotlarni qayta ishlash bilan bog’liq korxonalar qurildi. Urush yillarida kimyo, qurilish materiallari sanoati, to’qimachilik va poyabzal sanoati, oziq-ovqat sanoati, mahalliy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish tadbirlari amalga oshirildi. Faqat 1943-yilda 12 ta yog’ zavodi, 3 ta paxta tozalash zavodi, 4 ta qand va 4 ta konserva zavodlari qurilib ishga tushirildi. Urush yillarida O’zbekistonda hammasi bo’lib 280 ta yangi sanoat korxonalari qurilib ishga tushirildi. Sanoatning yangi tarmoqlari-aviatsiya, stanoksozlik, og’ir mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya va boshqa tarmoqlari vujudga keldi. Sanoatchilarimizning fidokorona mehnati tufayli O ‘zbekiston Sovet Armiyasining qurol aslahaxonasiga aylandi. O’zbekiston frontga 2090 samolyot, 17342 aviamotor, 2318 ming aviabomba, 1,7 mingdan ortiq minomet, 22 mln mina, 560 ming snaryad, milliontacha granata, 330 ming parashyut, harbiy ehtiyojlar uchun 100 ming km dan ortiq maxsus sim, 125 ming km telefon kabellari va boshqa mahsulotlar etkazib berdi. Bu o’zbekistonliklarning fashist bosqinchilarini tor-tor etishga qo’shgan ulkan hissasi sifatida jahon tarixidan munosib o’rin oldi. Transport va aloqa. Respublikamizda transport va aloqa vositalarining to’xtovsiz va samarali ishlashini ta’minlashga e’tibor berildi. 1943-yil 25-yanvarda «Toshkent temir yo’li ishi to’g’risida» maxsus qaror qabul qilindi. Temir yo’l harbiy holatga o’tkazildi, unda ishlovchilar safarbar etilgan deb hisoblandi, harbiy xizmatchilar kabi qattiq intizomga rioya etish majbur qilib quyildi. 1941-1945-yillarda temir yo’llar 2 barobar uzaydi. Toshkent-Angrenugol, Boysun-Otquloq-Turangli, Toshkent tovar stantsiyasi temir yo’llari qurilib ishga tushirildi. Respublika avtotransportida tashilgan yuklar hajmi 1945-yilda 1940yilga nisbatan 2,5 barabar o’sdi va 2116 ming km tonnadan 5139 ming km tonnaga etdi. Aloqa, telefon, telegraf xodimlari ham urush talablariga moslashib ishladilar. Aloqa xodimlari O’zbekistonni Markaz bilan, Respublika rahbariyatini viloyat, shahar, tumanlar, yuzlab sanoat korxonalari bilan aloqasini yo’lga qo’ydilar. Toshkent-Samarqand-Ashxabad, Toshkent-Samarqand-Boku, ToshkentSamarqand-Krasnovodsk Toshkent-Samarqand-Buxoro telefon aloqa yo’llari qurildi. 1943-yilda qurib ishga tushirilgan 500 kilometrlik telefon yo’li Respublika poytaxtini Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston bilan bog’ladi. Yirik korxonalarning o’zlarida ham 50-100 o’rinli telefon stantsiyalari qurildi. Natijada xo’jaliklarga rahbarlik qilish, ularga o’z vaqtida ko’maklashish ishlari yaxshilandi. Qishloq xo’jaligi. Urush respublika qishloq xo’jalik xodimlarini qattiq sinovdan o’tkazdi. Ular oldida sanoatni xomashyo bilan, aholini oziq-ovqat, kiyimkechak bilan uzluksiz ta’minlashdek ulkan, murakkab vazifa turar edi. Vaziyatning murakkabligi shundan iborat ediki, birinchidan, respublika qishloq xo’jaligi asosan paxta yetishtirishga yo’naltirilgan bo’lib, oziq-ovqat mahsulotlari ittifoq fondidan keltirilar edi. Urush boshlangach, oziq-ovqat keltirish to’xtadi, aholini boqish uchun ichki imkoniyatlarni topish zarur bo’lib qoldi. Ikkinchidan, ko’chirilib keltirilgan aholi hisobiga shaharlar aholisining ko’payishi oziq-ovqatga bo’lgan talabni yanada oshirdi. Uchinchidan, kuch-quvvatga to’lgan dehqonlar frontga va harbiy sanoatda ishlashga safarbar etilgan, dehqonchilikning mashaqatli ishlari keksalar, ayollar, o’smirlar zimmasiga tushgan edi. To’rtinchidan, MTS va sovxozlarga G’arbdan yangi traktorlar, qishloq xo’jalik mashinalari va ularga ehtiyot qismlar keltirish to’xtab qoldi. Bugina emas, xo’jaliklardagi traktorlar, otlarning bir qismi Qizil Armiya ehtiyojlari uchun frontga olib ketildi. Urush yillarida respublika dehqonchiligining tarkibiy tuzilishi keskin o’zgardi. Paxtachilikni asosiy tarmoq sifatida saqlab qolgan holda, don, qand lablagi, kanop, pilla, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirishni ko’paytirish tadbirlari ko’rildi. Birinchi navbatda ekin ekiladigan maydonlarni kengaytirish, irrigatsiya quvvatlarini oshirish tadbirlari ko’rildi. O’zKP(b) MQning birinchi kotibi Usmon Yusupov 1941-yil dekabrda bo’lgan MQning V Plenumida O’zbekistonda g’alla masalasini hal qilish, o’zimiznio’zimiz un-non bilan ta’minlashimiz kerak, degan vazifani ilgari surdi. Don ekiladigan, sug’oriladigan yer-maydonlari kengaytirildi. Zarang yerlar, qo’riqlar, lalmikor yerlardan ham foydalanildi. 1942-yilda 1408,1 ming gektar, 1943-yilda 2090,2 ming gektar yerga g’alla va dukkakli ekinlar ekildi. Natijada don mahsulotlarini yetishtirish ko’payib, 1941-yilgi 4,8 mln. s. o’rniga 1943-yilda 5,3 mln. s. don olindi. Qishloq xo’jaligida O’zbekiston uchun yangi tarmoq-qand lavlagi yetishtirish yo’lga qo’yildi. Samarqand, Farg’ona, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari lavlagi yetishtirish bo’yicha ixtisoslashtirilib, 1942-yildayoq 65 ming gektarga, keyingi yillarda 70 ming gektardan ortiqroq hosildor yerlarga qand lavlagi ekildi. Respublika bo’yicha 1944-yilda davlatga 1 mln. 373 ming s., 1945-yilda esa 1 mln. 646 ming s. qand lavlagi topshirildi. Qand lavlagini qayta ishlash, shakar-qand ishlab chiqarish uchun Zirabuloq, Krasnogvardeysk, Qo’qon, Yangiyo’l qand zavodlari qurildi. Urush yillarida O’zbekiston butun Ittifoqda ishlab chiqarilgan qandning to’rtdan bir qismini berdi. Respublikamiz qishloq xo’jaligi xodimlari urush yillarida davlatga 4 mln. 806 ming tonna paxta xomashyosi, 1282 ming tonna don, 54,1 ming tonna pilla, 482 ming tonna kartoshka va sabzavot, 57,5 ming tonna meva va uzum, 36 ming tonna quruq meva, 159 ming tonna go’sht, 22,3 ming tonna jun yetkazib berdilar. Urush yillarida ishchi va dehqonlar o’rtasida o’zaro hamkorlik, yordam yanada mustahkamlandi. Ular mustahkam jipslashib frontni moddiy jihatdan ta’minlash orqali dushman ustidan qozonilgan g’alabaga salmoqli hissa qo’shdilar. O’zbekiston xo’jalik xodimlari urush yillarida dushmandan ozod etilgan viloyat, shahar, tuman, xo’jaliklarini qayta tiklashga ham ko’maklashdilar. Rossiya g’arbiy viloyatlari, Ukraina, Belorussiyada ko’plab korxonalar, temir yo’llar, kolxoz va sovxozlarni tiklashga moddiy jihatdan ham, mutaxasislarni safarbar etish yo’li bilan ham yordam berildi. Urush yillarida fan, maorif va madaniyat. Urushning dastlabki kunlaridayoq Ittifoq Fanlar Akademiyasining o’zbek filiali, respublikada ishlab turgan 75 ta ilmiy muassasalar, shu jumladan, 25 ta ilmiy-tadqiqot institutlari, 23 ta ilmiy stantsiya va boshqalar, barcha olimlar xo’jalikni harbiy izga solish bilan aloqador muammolarni hal etishga jalb etildi. Ularning zavodlar, fabrikalar, temir yo’l, va avtomobil yo’llari, transport korxonalari bilan bevosita aloqalari o’rnatildi. O’zbekistonlik olimlar ko’chib kelgan yirik olimlar bilan yaqin aloqa bog’ladilar. Respublikamizda mavjud bo’lgan va ko’chirilib keltirilgan ilmiy muassasalarning tadqiqot yo’nalishi qayta qo’rib chiqildi, urush talablariga moslab o’zgartirildi. Geolog olim H.M.Abdullayev va boshqalarning tadqiqotlari natijasida qalay, volfram, molibden, o’tga chidamli metalllar, nodir metalllar va boshqa turdagi xomashyo konlari topildi va o’zlashtirildi. A.S.Uklonskiy boshchiligidagi geologlar guruhining Turangli temir konini topish, o’zbek metallurgiya kombinati qurulishini loyihalashtirish va ularni foydalanishga tushirishdagi xizmatlari katta ahamiyatga ega bo’ldi. M.Bogdanov va muhandis G.S.Chikrizovlar Angrenda qidiruv ishlariga boshchilik qildilar va ko’mir konining boy resurslarini topib yangi shaxtalar qurishga ko’maklashdilar. Dori-darmonlar tayyorlash borasidagi tadqiqotlar natijasida aholi ehtiyojlari uchun zarur bo’lgan turli xil dori-darmonlar ishlab chiqish yo’lga qo’yildi. Toshkentda farmatsevtika zavodi qurilib ishga tushirildi. Urush yillarida gumanitar fanlar ham ancha rivojlandi. Toshkentga ko’chib kelgan yirik tarixchi, arxeolog, huquqshunos, sharqshunos, adabiyotshunos olimlar o’zbekistonlik hamkasblari bilan O’zbekiston xalqlari tarixi, madaniyati va adabiyotining muhim masalalarini ishlab chiqdilar. V.V.Struve, V.A.Shishkin, E.E.Bertels, I.K.Dodonov, V.Yu.Zohidov, X.Sh.Inoyatov, A.Yu.Yakubovskiy, M.E.Masson, S.P.Tolstov, Ya.G’.G’ulomov va boshqalar O’zbekistonning eng qadimgi va o’rta asrlar tarixi, moddiy madaniyati va ma’naviyati, O’rta Osiyo xalqlarining etnogenezi bo’yicha qator asarlar tayyorladilar. Ikki tomlik «O’zbekiston SSR tarixi»ning yaratilishi tarix fanining katta yutug’i bo’ldi. Yozuvchi Aleksey Tolstoy rahbarligida rus va o’zbek olimlari birgalikda «O’zbekiston adabiyoti tarixi» asarini yaratdilar. 1943-yil 27-sentabrda SSSR hukumati O’zbekistonda Fanlar Akademiyasini tashkil etish haqida qaror qabul qildi. 1943-yil 4-noyabrda O’zbekiston Fanlari Akademiyasi ochildi, uning birinchi prezidenti etib taniqli olim T.N.Qoriniyozov saylandi. Mahalliy millat vakllaridan fan doktori va nomzodlari tayyorlash yo’lga qo’yildi. 1944-yilda O’zFA Prezidiumida aspirantura tashkil etildi. Ta’lim. Moskva, Leningrad, Kiyev, Xarkov, Voronej, Odessa va boshqa shaharlardan co’chirilib keltirilgan 31 oliy o’quv yurti va 7 harbiy akademiya qabul qilib olindi. Ularning ba’zilari o’zaro yoki O’zbekiston oliy o’quv yurtlari bilan birlashdilar. 1945-yilda oliy o’quv yurtlari soni 1940-yilga nisbatan 3 taga ko’paydi. Ular 33 tani tashkil etdi, talabalar soni esa 19,1 mingdan 21,2 ming kishiga ortdi. Urush yillarida hammasi bo’lib 10 mingdan ko’proq oliy malakali va 3,7 mingga yaqin o’rta maxsus ma’lumotli mutaxassis tayyorlandi. Xalq maorifi tizimida jiddiy qiyinchiliklar ham mavjud bo’ldi. Ko’plab maktablarning binolari gospitallar, yotoqxonalar, harbiy o’quv yurtlariga berildi. Maktablar birlashtirildi, ko’p smenali o’qish joriy qilindi. Respublika maktablarida ishlayotgan o’qituvchilarning 74,6 foizini erkaklar tashkil etardi. Ular frontga, ishlab chiqarish ishlariga safarbar etildi. Darsliklar, uskunalar, daftarlar etishmas edi. O’zbekiston hukumati umumta’lim to’g’risidagi qonunni bajarish, yoshlarni o’qitish va tarbiyalash ishlari bilan muntazam shug’ullandi. Qisqa muddatli o’qishlar tashkil etilib, boshlang’ich sinflar uchun o’qituvchilar tayyorlandi. Maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilash maqsadida o’quvchilar bilimini baholashning besh balli tartibi, boshlang’ich va yetti yillik maktablarni tamomlovchilar uchun bitiruv imtihonlari, o’rta maktabni tamomlovchilar uchun yetuklik attestati – guvohnomasi uchun imtixonlar topshirish majburiyati, maktab o’quv dasturlarini a’lo o’zlashtirgan va a’lo xulqli o’quvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash joriy etildi. Bu dars mashg’ulotlari saviyasini ko’tarishga, o’quvchilar intizomini yaxshilashga olib keldi. Ko’chirilib keltirilgan muassasalar o’z joylariga qaytib keta boshlagach, maktab binolari ham bo’shatila boshlandi, boshqa ishga o’tgan o’qituvchilar, armiya safidagi o’qituvchilar maktabga qaytarildi, o’quvchilar o’z maktablari bag’riga qaytib, o’qishni davom etdirdilar. 1940-41 o’quv yilida 5504 umumta’lim maktablarida 1368,9 ming o’quvchi o’qigan bo’lsa, 1945-46 o’quv yilida 4976 umumta’lim maktablarida 989,2 ming bola ta’lim oldi. Adabiyot va san’at. O’zbekiston madaniyati va san’ati xodimlari o’zlarining qaynoq ijodi bilan xalqni mardona jang qilishga, fidokorona mehnatga ruhlantirib g’alabaga munosib hissa qo’shdilar. O’zbekistonga vaqtincha ko’chirib keltirilgan rus, ukrain, belorus va moldavan, boshqa milllatlarga mansub yozuvchi va shoirlar ham respublikamiz hayotida faol qatnashdilar. O’zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlik qildilar. «Biz yengamiz» degan almanaxlar, «O’zbekiston shoirlari frontga» degan antologiya ana shunday hamkorlik mevasi bo’ldi. Hamid Olimjon, Uyg’un, Sobir Abdulla, Nikolay Pogodinlar birgalikda «O’zbekiston qilichi» musiqali dramasini yaratdilar. Urush yillarida yaratilgan Oybekning «Navoiy» va «Qutlug’ qon» romanlari, Abdulla Qahhorning «Oltin yulduz» qissasi jamoatchilikning yuksak bahosiga sazovor bo’ldi. She’riyatda ulkan yuksalish bo’ldi. Hamid Olimjonning «Qo’lingga qurol ol», «Sharqdan G’arbga ketayotgan do’stga», «Jangchi Tursun» va «Roksananing ko’z yoshlari», G’afor G’ulomning «Sen yetim emassan», «Men-yahudiyman», «Men seni kutaman, o’g’lim» va «Bizning ko’chamizda ham bayram bo’lajak», Uyg’unning «Qasam», «Bir qadam orqaga chekinilmasin» va «Maktub», Maqsud Shayxzodaning «Ona kuzatmoqda» va «Kapitan Gastello» she’rlari fashizm kirdikorlarini fosh etib, g’alaba qozonishga chuqur ishonchni kuylab, xalqning jangovor ruhini ko’tardi. Urush yillarida sahna san’ati rivojlandi. Toshkentda va Andijonda yangi teatrlar ochildi, respublikamizda hammasi bo’lib 36 teatr ishlab turdi. Teatrlarda urush mavzusiga bag’ishlangan «Davron ota», «Sherali», «O’zbekiston qilichi» musiqali dramalari, «Ulug’bek» va «Mahmud Torobiy» operalari, K.Yashinning «Bosqinchilarga o’lim», M.Shayxzodaning «Jaloliddin» pyesalari ko’rsatildi. Toshkent badiiy filmlar studiyasi vaqtincha ko’chib kelgan yirik kinomatograflar bilan hamkorlikda «Ikki jangchi», «Nasriddin Buxoroda», «Vatanga sovg’a» nomli kinofilmlarni yaratdilar. O’zbekiston san’ati xodimlari mehnatkash xalqqa, jangchilarga xizmat qilib, ularning ruhini ko’tarib turdilar. San’atkorlardan tuzilgan 30 dan ortiq brigadalar frontdagi jangovor harbiy qismlarning askar va zobitlari uchun 400 dan ko’proq konsert berdilar. Respublika hududida joylashgan harbiy qismlarda 15 mingta, gospitallarda 10 mingta konsert uyushtirdilar. Ishchilar, paxtakorlar huzurida doimo xizmatda bo’ldilar. Bu tadbirlarda faol qatnashgan atoqli san’atkorlar – Halima Nosirova, Tamara Xonum, Abror Hidoyatov, Lutfixonim Sarimsoqova, Sora Eshonturayeva, Abbos Bakirov va boshqalar xalq hurmatiga sazovor bo’ldilar. O’zbek xalqining badarg’a qilingan xalqlarga g’mxo’rligi. Stalin va uning atrofidagi yugurdaklari tomonidan urush yillarida ham kichik xalqlar, etnik guruhlarga nisbatan adolatsizlik qilindi. Urushning dastlabki yillaridayoq Volgabo’yi nemislari Avtonom respublikasi tugatildi. Uning 300 mingda ortiqroq aholisi, «bosqinchilar ulardan yordam olishi mumkin» degan gumon bilan yashab turgan joylaridan Sibir va Qozog’iston viloyatlariga ko’chirib yuborildi. 1943-yil oxiri, 1944-yil boshlarida qalmoqlar, qorachaylar, chechenlar, ingushlar, bolkarlar, 1944-yil iyunda qrim tatarlari, greklar, keyinroq mesxeti turklari yashab turgan joylaridan O’rta Osiyo va Sibirga badarg’a qilindi. Ular fashistlar bilan «hamkorlik» qilishda ayblanib, ommaviy qatag’on qilindi, yashirin va shoshilinch ravishda ko’chirildi. Ko’pchilik odamlar, bolalar yo’lda halok bo’ldilar. O’zbekistonga 175 mingdan ortiq chechenlar, 157 ming ingushlar, 150 mingdan ortiqroq qrim tatarlari, 4500 bolkarlar, o’n minglab mesxeti turklari, greklar ko’chirilib keltirildi. O’zbek xalqi ularni beg’araz kutib oldi, ta’na toshi otmadi, ularni joylashtirishga, oziq-ovqat bilan ta’minlashga ko’maklashdi. O’zbek xalqi urush yillarida Vatanidan badarg’a qilingan xalqlarga moddiy va ma’naviy madad berdi. Respublika mahalliy hokimiyati ularga hosildor yerlardan tomorqa yer, uy qurish va xo’jalik yuritish uchun kredit mablag’lari ajratdi. Ko’chirib keltirilganlar ming mashaqqatlar bilan yangi joylarga asta-sekin moslashdilar. Stalincha milliy siyosat ko’plab xalqlarning milliy davlatchiligini buzdi, haqhuquqlarini paymol qildi. Eng dahshatlisi shundaki, butun-butun xalqlarning milliy madaniyati, qadriyatlari va an’analari oyoq osti qilindi. Zo’rovonlikning zararli oqibatlari uzoq yillar davomida to’la bartaraf etilganicha yo’q, to’la vaqti- vaqti bilan milliy nizolar, mojarolarning kelib chiqishiga sabab bo’lmoqda. Urushning dastlabki kunlaridayoq G’arbiy chegaralardagi harbiy qo’shilmalar tarkibida xizmat qilayotgan o’zbekistonliklar fashist bosqinchilarga qarshi jangga kirdilar. Chegarada joylashgan Brest qal’asining 50 dan ortiqroq milllatga mansub jangchilari orasida o’zbeklardan Doniyor Abdullayev, Bobohalil Kashanov, Ahmad Aliyev, Nurum Siddiqov, Uzoq O’tayev va boshqalar bor edi. Ular qal’a himoyachilari bilan yelkama-yelka turib dushmanning katta kuchlariga qarshi qariyb bir oy davomida oxirgi tomchi qonlari qolguncha jang qildilar. O’zbekistonlik jangchilar qatnashgan Brest, Smolensk, Kiyev, Odessa, Sevastopol va Leningradning qahramonona himoyasi fashistlar Germaniyasining «Yashindek tez urush» qilish rejasiga dastlabki zarba bo’ldi. O’zbekistonliklar Moskva uchun janglarda. 1941-yil kuz-qish oylarida Moskva ostonolarida hayot-mamot janglari bo’ldi. Moskva ostonalaridagi ana shu dahshatli janglarda O’zbekistonlik jangchilar ham sabot-matonat, yuksak harbiy mahorat ko’rsatdilar. Janubiy-G’arbiy front tarkibidagi 353-tog’-o’qchi polki jangchisi Qo’chqor Turdiyev katta jasorat ko’rsatdi. U 1941-yil 25-oktabrda safdoshlari bilan razvedkaga, so’ngra «til» olib kelishga yuborildi. Otishmada barcha quroldoshlari halok bo’lgan Qo’chqor Turdiyevning bir o’zi dushmanning bir dzotini va askar va zobitini yo’q qilib, 3 tasini asirga olib keldi. Bu jasorati uchun Qo’chqor Turdiyev o’zbekistonlik jangchilar orasida birinchi bo’lib Qahramon unvoniga sazovor bo’ldi. Toshkentda uzoq yillar xizmat qilgan general I.V.Panfilov Almati shahrida turkistonliklardan diviziya tuzdi. Uning komandirlari tarkibida Toshkent piyoda bilim yurti va O’rta Osiyo harbiy okrugining harbiy-siyosiy bilim yurtida ta’lim olgan 180 zobit bor edi. General I.V.Panfilov diviziyasi Moskva ostonalaridagi Volokolamsk yo’nalishida qattiq janglar qildi. Diviziya jang-maydonida dushmanning 114 tankini, 26 ming askar va zobitlarini, 5 samolyot va boshqa ko’plab texnikasini yo’q qildi. O’zbekistonda tuzilgan 258-o’qchi diviziyasi askarlari Moskva ostonalaridagi janglarda 9000 dan ko’proq dushmanning askar va zobitlarini yer tishlatib, 137 aholi yashaydigan punktlarni ozod etib, birinchilardan bo’lib Oka daryosiga chiqib oladi, ko’plab jangovar texnikani qo’lga tushiradilar. Moskva himoyachilari orasida o’zbek qizi Zebo G’aniyeva ham bor edi. 1942yil 21-may kunigacha 23 fashistni yer tishlatdi. 16-marta razvedkaga borib, dushman to’g’risida qimmatli ma’lumotlar olib keldi. Zebo G’anieva jasorati uchun Qizil Bayroq ordeni bilan mukofotlandi. Moskva ostonalarida o’zbekistonlik merganlar – Ishoqov 354 fashistni, Abubekov 229, Yusupov 132, Madaminov 123 fashist askar va zobitlarini yer tishlatdilar. 1753 nafar o’zbekistonlik jangchilar «Moskva mudofaasi uchun» medali bilan mukofotlandilar. O’zbekistonliklar Stalingrad janglarida. O’zbekistonliklar 62-va 64- armiyalar safida turib tarixiy Stalingrad jangida qahramonona jang qildilar. Janglar avjiga chiqqan paytda Stalingradga Samarqand va Farg’onada tuzilgan 90-va 94- o’qchi brigadalari etib kelib jangga kirdilar. Bu brigadalar asosan o’zbek yigitlaridan tuzilgan bo’lib, komandirlari orasida S.Nuritdinov, V.Umarov, A.Murodxo’jayev, F.Norxo’jayev va boshqalar bor edi. 20-otliq askarlar diviziyasining jangovar ruhda jang qilishida diviziya komissari Mullajon Uzoqovning xizmati katta bo’ldi. O’zbekistonlik jangchilardan 2738 kishi «Stalingrad mudofaasi uchun» medali bilan mukofotlandi. O’zbekistonliklarning «Tub burilishga» qo’shgan hissasi . 1942-yil yozida Kursk yonida bo’lgan qattiq janglarda O’zbekistonda tuzilgan 62-va 69- o’qchi diviziya jangchilari jasorat ko’rsatdilar. O’zbekistonliklar 5-va 15-o’qchi diviziyalar hamda 5-gvardiyachi va 62-gvardiyachi o’qchi diviziyalar tarkibida ham jang qildilar. «Oryol» diviziyasi faxriy nomini olgan 5-o’qchi diviziya tarkibida farg’onalik Ahmadjon Shukurov ham bor edi. Zolotoryovka uchun qattiq janglarda Ahmadjon Shukurov matonat ko’rsatdi, dushmanning 110 ta askar va zobitlarini yer tishlatdi va 15 tasini asir oldi. Bu jasorati uchun unga Qahramon unvoni berildi va Zolotoryovka qishlog’i o’sha paytdan boshlab Shukurovka deb ataladigan bo’ldi. Kurskdagi porloq g’alabadan so’ng Qizil Armiyaning 2000 km uzunlikdagi frontda qudratli strategik hujumi boshlanib ketdi. Dneprni birinchi bo’lib kechib o’tganlar orasida G’ijduvon tumanidagi Lavzekaron qishlog’idan chiqqan starshina Vali Nabiyev, andijonlik Qambarali Do’smatov, qoraqalpoqlik Xudoybyergan Shoniyozov, shofrikonlik Sharif Ergashev, Buxorodan chiqqan T.A.Tixonov va boshqalar bor edi. Dneprni kechib o’tishda, uning o’ng qirg’og’idagi istehqomlarni egallashda ko’rsatgan jasorati uchun jami 2348 jangchiga, shu jumladan, 26 o’zbek yigitlariga Qahramonlik unvoni berildi. Kurskdagi g’alaba va dushmanning Dneprdan uloqtirib tashlanishi natijasida jahon urushining borishida tub burilish yasaldi, harbiy strategik tashabbus dushmandan batamom tortib olindi. Stalingraddagi g’alaba Gitler Germaniyasining yengilishi muqarrarligini ko’rsatgan bo’lsa, Kursk va Dneprdagi g’alaba nemis fashist qo’shinlarini halokatga mahkum etdi. O’zbekistonlik jangchilar Leningrad qamalini yo’q qilish, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va Boltiqbo’yi respublikalarini dushmandan ozod qilish uchun bo’lgan janglarda ham qahramonlik namunalarini ko’rsatdilar. 1944-yil kuz oylariga kelganda dushman mamlakatdan butunlay haydab chiqarildi, SSSR chegaralari tiklandi. O’zbekistonlik partizanlar. Dushmanni tor-mor etishda partizanlar harakatining o’rni va roli katta bo’ldi. Urushning dushman ustunlik qilgan dastlabki davrida butun-butun harbiy qismlar dushman qurshovida qolib ketdi, ko’plab askar va zobitlar noilojlikdan asirga tushib qoldilar. Harbiy asirlarning soni 5 mln kishidan ortiqroq bo’lib, ular orasida minglab o’zbekistonliklar ham bor edi. Harbiy asirga olinganlar orasidagi komissarlar, komandirlar birinchilar qatorida otib tashlanar edi. Qolganlari harbiy lagerga tashlanardi, ularga qattiq azob berilar, och-yalong’och ortiqcha yuk, keraksiz xo’randa, deb o’ldirib yuborishar edi. Keyinchalik urush dushman o’ylaganchalik bo’lib chiqmagach, harbiy asirlardan tekin ishchi kuchi sifatida foydalana boshlandi. Dushman bosib olgan shahar va tumanlar aholisi Germaniyaga haydab ketildi. Ba’zi joylarda mehnatga layoqatli bo’lgan fuqarolarni Germaniyaga ishga yollab olib ketishga ham urindilar. Germaniyaga haydab ketilgan sovet fuqarolari soni 4 mln.dan ortiq edi. Harbiy asirlar, haydab ketilgan fuqarolar Osvensim, Mautxauzen, Buxinvald va boshqa o’nlab o’lim lagyerlarida saqlandi, xo’rlandi va ko’plari halok bo’ldi. Dushman ishg’ol qilgan tumanlar aholsining qamalidan chiqib qolgan yoki harbiy asirlikdan qochgan jangchilar tog’larga, o’rmonlarga yashirinib, partizancha kurashga o’tdilar. Partizanlar harakati Rossiyaning g’arbiy hududlarida, Ukraina va Belorussiyada keng tarqaldi. Partizanlar harakati Markaziy shtabi tayyorlab yuborgan harbiy mutaxassislar, razvedkachilar partizanlar orasiga borib, ularni yirik-yirik otryadlarga biriktirib, uyushgan holda dushmanga qarshi kurashga safarbar etdilar. Dushman qurshovidan chiqib olgan o’zbekistonlik jangchilar ham Rossiyaning g’arbi, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya respublikalaridagi partizan qo’shinlarida ishtirok etdilar. «Chekist» partizan otryadining razvedkachisi, qo’rqmas partizan Mamadali Topiboldiyevning nomi Belorussiyada mashhur bo’ldi. U dushmanning 67 askar va zobitlarini yo’q qilib, 180 tasini asirga oldi. M.Topiboldiyev ko’rsatgan jasorati uchun Qahramon unvoniga sazovor bo’ldi. Belorussiyaning Pisarevo qishlog’i o’zbek xalqining jasur o’g’loni nomiga Topiboldiyevka deb ataldi. Gomel atrofidagi «Temir yo’l urushi»da ishtirok etgan Jonibek Otaboyev, Bryansk atroflarida dushmanga to’satdan zarba bergan H.Musayev, A.Hakimov, I.Qosimov va boshqalarning nomlari urush solnomasidan o’chmas o’rin oldi. O’zbekistonliklar Yevropa xaloskorlari. O’zbekistonlik jangchilar Yevropa xalqlarini fashistlardan ozod etishda ham faol qatnashdilar. Yevropa xaloskori, birinchi o’zbek generali, 57-gvardiyachi diviziyasining qo’mondoni Sobir Rahimov Polshada shonli xotira qoldirdi. Uning diviziyasi Kavkazdan Sharqiy Prussiyagacha bo’lgan masofani qattiq janglar bilan bosib o’tdi. Ko’rsatgan harbiy jasorati uchun u to’rt marta Qizil Bayroq ordeni, Suvorov ordeni, Qizil Yulduz ordeni va ko’plab medallar bilan taqdirlandi. 1943-yil martida unga general-mayor unvoni beriladi. 1943-yil may oyidan 1944-yil aprelgacha bo’lgan mudddatda Moskvada oliy Harbiy Akademiyada ta’lim oldi. Sobir Rahimov Akademiyani tamomlab, avval Belorussiyani ozod etishda, so’ngra Polshaning Grudzyandz, Gnev, Starograd, Dzyaddovo shaharlarini ozod etish uchun bo’lgan janglarda sarkardalarga xos harbiy san’atini namoyish etdi. 1945-yil 26-martda Gdansk shahrini ozod etish uchun bo’lgan jangda qahramonlarcha halok bo’ldi. Sobir Rahimovga o’limidan so’ng Qahramon unvoni berildi. Polsha xalqi general Sobir Rahimov nomini e’zozlab kelmoqda. Gdansk shahridagi ko’chalar, maktablarga general Sobir Rahimov nomi berilgan. O’zbekistonliklar Yevropa mamlakatlarida avj olgan Qarshilik ko’rsatish harakatida ham faol qatnashdilar. Ular dushmanning maxsus lagyerlaridan qochib, Chexoslavakiya, Polsha, Yugoslaviya, Gretsiya, Fransiyadagi Qarshilik ko’rsatish harakatiga qo’shilib jang qildilar. samarqandlik G.G.Bulatov otryadi Polshada o’nlab ko’priklarni, temir yo’llarni portlatdi, dushmanning harbiy qismlari va jangovor texnikasi ortilgan eshelonlarni ag’dardi. 1944-yil o’rtalarida Slovakiyada fashistlarga qarshi ko’tarilgan milliy qo’zg’olonda o’zbekistonliklardan partizan otryadi komandiri V.F.Melnikov, R.Allamov, A.Narzullayev, R.Hamroyevlar ishtirok etdi. Yugoslaviyada ko’rsatgan jasorati uchun farg’onalik Uksanboy Xolmatov 3-marta Yugoslaviyaning mukofotlariga sazovor bo’ladi. Fransiyada 37 millat va elatlarga mansub 2200 sovet harbiy asirlaridan tuzilgan partizanlar polki A.A.Kozaryan qo’mondonligida frantsuz partizanlari bilan birgalikda jang qilib, Ales, Vilfor, Sen-Sheli shaharlarini, Gar va Lozer departamentining qishloqlarini fashistlardan ozod qildilar. Bu janglarda samarqandlik Abdulla Rahmatov, Bulung’ur tumanidan Sariboy Shomurodov, toshkentliklar-Rahmon Rahimov, Nasib Amirov va boshqalar faol qatnashdi. Fransiyaning janubini ozod etishda ko’rsatgan jasorati uchun qo’qonlik Hoshim Ismoilov, toshkentlik: Tojiboy Ziyayev Janna d’Ark kresti ordeni bilan muokfotlandi. O’zbekistonliklarning Qarshilik ko’rsatish harakatidagi ishtiroki Yevropa xalqlarining fashistlar asoratidan xalos qilish harakatiga qo’shgan muhim hissa bo’ldi. Dushman o’ta makkor edi. Harbiy asirlar o’rtasida millatlarni bir-biriga qarshi gij-gijlash kelib chiqishi nemislardan bo’lgan sovet fuqarolarini qulayliklar yaratish evaziga o’ziga xizmatkorlikka olish, sovet hokimiyatiga nisbatan norozilik kayfiyatida bo’lgan ayrim musulmon etnik guruhlaridan siyosiy maqsadlarda foydalanishga ham urinib ko’rdi. Rozi bo’lmaganlarni ochlik va o’lim bilan qo’rqitar edi, bu usul asirlarga ko’proq ishlatilardi. Fashistlar Germaniya Vermaxtining 1942-yil dekabr oyidagi buyrug’ig’a binoan harbiy asirlardan «Rus ozodlik armiyasi», «Turkiston legioni», «Volga-Ural legioni» kabi harbiy qo’shilmalar tuzishdi, ulardan partizanlarga qarshi kurashda foydalanishdi ham. Chet el manbalarida bunday tuzilmalarga jalb etilganlar soni oz emas, ko’p emas, qariyb 1 mln. kishiga etganligi ko’rsatiladi. Bunga, ehtimol, Stalinning asirlikka tushib qolganlarni vatan xoinlari deb hisoblagani ham o’z ta’sirini ko’rsatgan bo’lishi mumkin. Haqiqatda esa ko’pgina harbiy askarlar bunday legionlarga majburan kiritilgan edi, ular yashirin guruhlar tuzib partizanlar bilan aloqa bog’lash yo’lini qidirganlar. Masalan, 1944-yil yanvarida Gitlerchilar «Turkiston legioni» otryadini Chernogoriyaga yugoslaviyalik partizanlarga g’arshi jangga soladi. Otryadlarning birida o’zbek yigitlari S.Fayziyev, A.Ahmedov, Z.U.Husanov va boshqalar bor edi. Zobit S.Fayziyev mahalliy aholi bilan aloqa bog’laydi va uning ko’rsatmasi bilan legionchilar fashist komandirlarini otib tashlab, qurol-aslahalari bilan toqqa, partizanlar tomoniga o’tadi. 1944-yil 25-may kuni 28 o’zbekistonlik legionchilar Yugoslaviyada harakat qilayotgan bolgar askarlari bataloniga qo’shilib ketadi. Ular orasida jang qilgan toshkentlik Z.U.Husanovning taqdiri ibratlidir. U 1941-yilda Smolenskda yarador bo’ladi, tuzalib safga qaytadi va 1943-yil 5-iyulda 228-o’qchi polki safida qahramonlarcha jang qilib og’ir yaralanadi. Quroldoshlari u halok bo’ldi, deb hisoblashadi, uyiga bu haqda xabar ham yo’llashadi, unga Qahramon unvoni beriladi. Ammo jangchi o’lmay qoladi, dushman uni og’ir yarador holda asirga oladi, keyin «Turkiston legioni»ga kiritadi. Ziyamat Husanov o’rtoqlari bilan partizanlar tomoniga o’tadi. Priepol shahrida fashistlarga qarshi mardona jang qilib, ko’plarini yer tishlatadi. O’zi ham og’ir yarador bo’ladi, do’stlari uni o’ldi, deb hisoblashgan edi. Yo’q, tirik qolgan ekan, bir mahalliy ayol jangchini o’ziga keltiradi, Italiyadagi harbiy kasalxonaga joylashtirishadi. U to’rt-marta operatsiyani boshidan kechiradi, sog’aygach, o’z yurtiga keladi va Qahramon unvoniga sazovor bo’lganligidan xabar topadi. Gitlerchi fashistlarning sovet harbiy asirlarini o’z vatandoshlariga qarshi urishtirishga qaratilgan siyosiy nayrangi, «Turkiston legioni» tuzishga intilishlari ham barbod bo’ladi. Biroq omon qolgan asirlarning taqdiri ham og’ir kechadi. Ular o’z Vataniga qaytib kelgach, gumon ostida bo’ldilar, ishga jyolashishda, uy-joyli bo’lishda qiynaldilar. O’zbekistonlik harbiy asirlardan 15 mingdan ortiqrog’i yana lagerlarga, endi sovet hukumatining lagerlariga tashlandi va ularga shafqatsizlarcha munosabatda bo’lindi. Bunday hollar Stalin va uning atrofidagilar yaratgan ishonmaslik va gumonsirash vaziyatining oqibati edi. O’zbekistonliklarning urushning so’nggi pallasidagi jasoratlari. Ur ush o’zining so’nggi pallasiga kiradi. Berlin uchun qattiq janglar bo’ldi. Qahramonlar – Botir Boboyev, Tojiali Boboyev, Solih Umarov, Shuhrat ordenining to’liq kavalyerlari Abdulla To’qmoqov va Said Nomozovlar Berlinni zabt etishda qahramonlarcha jang qildilar. «Berlinni olinganligi uchun» medali bilan o’zbekistonlik jangchilardan 1706 kishi taqdirlandi. Fashistlar Germaniyasi tormor etildi. Germaniya ustidan qozonilgan g’alaba uchun medali bilan 109208 o’zbekistonlik jangchi taqdirlandi. O’zbekistonlik jangchilar Yaponiyaga qarshi urushda ham faol qatnashdilar. Ular 20-,79-,275-,388-,221-diviziya va boshqa harbiy qismlarning tarkibida jang qildilar. Seysin port shahrini egallashda 335-o’qchi diviziyasida leytenant Fozil Karimov, razvedkachi Vali Sulaymonov alohida jasorat ko’rsatdilar. Dushman sohiliga tushirilgan desantchilar orasida pulemyotchi Nishon Bozorov chaqqonlik bilan jang qilib yaponlarning 9 ta askari, 2 ta zobitini yer tishlatdi. U «Jasorat uchun» medali bilan mukofotlandi. Shuningdek, leytenant A.A.Karimov, o’qchi vzvod komandiri, kichik leytenant U.Doniyorov, pulemyotchilar qismi komandiri S.Qo’chqorov va boshqalar dushmanga qaqshatqich zarba berdilar. Shimoliy-sharqiy Xitoy va Koreyani egallab turgan bir millionlik kvantun armiyasi tor-mor qilindi, Janubiy Saxalin, Kurill orollari yapon qo’shinlaridan ozod qilindi. Yaponiya tor-mor etildi. O’zbekistonliklarning urushda ko’rsatgan mardligi va jasorati yuqori baholandi. 120 ming o’zbekistonlik jangchilar, jumladan, 70 ming o’zbek yigit va qizlari orden va medallar bilan mukofotlandi. 300 ga yaqin askar va komandirlar Qahramon unvoniga sazovor bo’lishdi, ularning 75 nafari o’zbeklardir. 32 nafar o’zbekistonlik jangchi uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan mukofotlandi. 6 yil davom etgan, butun insoniyotga og’ir kulfatlar solgan urush tamom bo’ldi. Urush insoniyatga juda katta qimmatga tushdi. 50 milliondan ortiq kishi halok bo’ldi, 90 milliondan ortiq kishi yarador va mayib bo’lib qoldi. Moddiy talafotlar qimmati 4 trillion dollardan oshib ketadi. Urush Yevropa, Afiika, Osiyo va Okeaniyada turli frontlarda olib borildi, fashizmni tor-mor etishda ko’p mamlakatlar qatnashdi. Biroq urushning asosiy og’irligi sovet kishilari zimmasiga tushdi. 27 millionga yaqin sovet kishilari urush alangasida halok bo’ldi. 18 milliondan ortiq jangchilar yarador va nogiron bo’lib qoldilar. O’zbekistondan urushga safarbar etilganlardan 263 ming kishi halok bo’ldi, 132 ming 670 kishi bedarak yo’qoldi, 60 ming 452 kishi urushdan nogiron bo’lib qaytdi. Bu urush tufayli eng kamida 400 000 oila bevosita ayriliq azobiga duchor bo’ldi, ularning qarindosh-urug’lari nazarga olinsa, butun respublika aholisi motam libosini kiydi. Urushga bormaganlarga ham oson bo’lmadi. Yuz minglab vatandoshlarimiz mehnat frontida zahmat chekdilar, qish qahratonida diydirab, saraton olovida yonib, o’zi emasdan, o’zi kiymasdan, topgan nasibasini frontga jo’natib azobuqubatlar chekdi. Bir burda non tanqis bo’lgan paytlarda o’zbek xalqi urush tufayli uy-joysiz qolgan yuz minglab oilalarga boshpana berdi, yetim bolalarning boshini siladi. «Ikkinchi jahon urushiga, qanday qaralmasin, bu urush qaysi g’oya ostida va kimning izmi bilan olib borilgan bo’lmasin,-deb ta’kidlaydi O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov, - o’z vatani, el-yurtining yorug’ kelajagi, beg’ubor osmoni uchun jang-maydonlarida halok bo’lganlarni, o’z umrlarini bevaqt xazon qilgan insonlarni doimo yodda saqlaymiz». Fashizm ustidan qozonilgan g’alabaning olamshumul tarixiy ahamiyati shundaki, u ko’plab xalqlarni zo’ravonlikdan, zulmdan ozod etdi, erkin, demokratik rivojlanish uchun, iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyot uchun yo’l ochib berdi. Ikkinchi jahon urushi butun insoniyotga katta tarixiy saboq bo’ldi. Eng muhim saboq shundan iboratki, urush boshlanmasdan oldin unga qarshi kurashmoq, uning oldini olish tadbirlarini ko’rmoq zarur. Shu maqsadda jahondagi ko’pchilik mamlakatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzdilar. Bu xalqaro tashkilot yarim asrdan beri tinchlikni mustahkamlash, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari bilan muttasil shug’ullanib kelmoqda. Fashizm ustidan g’alaba qozonilgan 9-may kuni O’zbekistonda har yili «Xotira va qadrlash» kuni sifatida nishonlanmoqda. Respublika faxriylari uyushmasining tashabbusi bilan janglarda halok bo’lgan vatandoshlarimiz haqida arxiv materiallari to’planib, bu ma’lumotlar asosida «Xotira» turkumida 33 kitob nashr etildi. Har yili urushda qurbon bo’lganlarni xotirlash, biz bilan hozirgi kunlarda yonma-yon yashayotgan urush faxriylarini qadrlash, e’zozlash, hurmat- izzatini joyiga qo’yishdek insoniy ishlar yoshlarni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda, mustaqil O’zbekistonning milliy xavfsizligini mustahkamlashda katta ahamiyatga egadir. F oydalanilgan adabiyotlar : 1. B. Axm е dov. “O`zb е kiston xalqlari tarixi manbalari”. T. O`qituvchi. 1991 yil. 2. A.A. Madraimov. “Manbashunoslikdan ma'ruzalar majmuasi”. T. 2001 yil. 3. A. Habibulla е v. “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik”. T. 2000 yil. 4. O`zbekiston tarixi (qisqacha ma`lumotnoma) T. ”Sharq”, 2000. 5. O`zbekiston tarixi (1-qism), T.”Universitet”, 1997. 6. O`zbekiston tarixi (talabalar uchun qisqacha Ma`ruzalar matni), T., “Universitet”, 1999. 7. www.ziyonet.uz 8. www.arxiv.uz