logo

Yosh davrlar psixologiyasi va tarbiya jarayonida ularni hisobga olish masalalari

Yuklangan vaqt:

20.09.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

99 KB
YOSH DAVRLAR PSIXOLOGIYASI VA TARBIYA JARAYONIDA ULARNI HISOBGA OLISH MASALALARI REJA 1. Yosh davrlar psixologiyasi va har bir yosh davrining o`ziga xos belgilari haqida tushuncha. 2. Ma`naviy va insoniy tasavvurlarni to`g`ri shakllantirishda ta`rifiy tadbirlar va bilimdonlikning o`rni. 3. Har bir yoshning o`tish davridagi (krizis) inqirozlarning kelib chiqish sababi va unga ta`sir etuvchi omillar. 4. Bolaning psixik o`sishida o`yinning ahamiyati . 5. Bolaning shaxs xususiyatlari va qobiliyatlarini aniqlash usullari.  O`tgan ajdodlarimiz yosh psixologiyasining muammolarini izchil va atroflicha, muayyan yo`nalishda, ma`lum konstepstiya asosida o`rganmagan bo`lsalar ham, allomalarning asarlarida mazkur holatlarning aks etishi, namoyon bo`lishi, rivojlanishi va o`zgarishlari to`g`risida qimmatli fikrlar bildirilgan. Bular to`rt xil manbalarda uchraydi. Ularning biri – xalq ijodiyoti: rivoyatlar, maqollar, matallar va masallar; ikkinchisi, maxsus ijodkor kishilar ( hatto, hukmdorlar) muayyan shaxsga bag`ishlab yozgan o`git-nasihat va hikoyatlar; uchinchisi, qomusiy. O`rta Osiyo mutafakkirlarining ilmiy-nazariy qarashlari; to`rtinchisi, turli davlatlarda ijod qilgan shoir va yozuvchilar ijodining maxsullari, ya`ni badiy asarlardir. Rus psixologiyasidagi yosh davrlarini tabaqalash muammosi dastlab L.S.Vugotskiy, P.P.Blonskiy, B.G.Ananev singari yirik psixologlarning asarlari bilan shug`ullanuvchilar safi kengayib bordi, shu boisdan tabaqalanish kelib chiqishi, ilmiy manbai, rivojlanish jarayonlariga yondashilishi nuqtai nazaridan o`zaro keskin farqlanadi. Hozir yosh davrlarini tabaqalash yuzasidan mulohaza yuritishda olimlarning ilmiy qarashlarini muayyan guruhlarga ajratish va ularning mohiyatini ochish maqsadga muvofiqdir. L.S.Vugotskiy psixologlarning yosh davrlarini tabaqalash nazariyalarini tanqidiy tahlil qilib, muayyan rivojlanishni vujudga keltiruvchi ruxiy yangilanishlarga tayanib yosh davrlarini quyidagi bosqichlarga ajratadi: 1. Chaqaloqlik davri inqirozi. 2. Go`daklik davri inqirozi –2 oylikdan 1 yoshgacha. Bir yoshdagi inqirozi. 3. Ilk bolalik davri – 1 yoshdan 3 yoshgacha. 3 yoshdagi inqirozi. 4. Maktabgacha davr – 3 yoshdan 7 yoshgacha. 7 yoshdagi inqiroz. 5. Maktab yoshi davr – 6 yoshdan 12 yoshgacha. 12 yoshdagi inqiroz. 6. Pubertat (jinsiy etilish) davri – 14 yoshdan 16 yoshgacha. 17 yoshdagi inqiroz. Olim o`z asarlarida har bir davrning o`ziga xos xususiyatlarini chuqur ilmiy ta`riflay olgan. Eng muhim psixik yangilanishlar haqida ilmiy va amaliy ahamiyatga molik mulohazalar bildirgan. Biroq bu mulohazalarida ancha munozarali, bahsli o`rinlar ham uchraydi. Umuman L.S.Vugotskiyning yosh davrlarini tabaqalash nazariyasi ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega, uning rivojlanishini amalga oshiruvchi inqirozlar roli to`g`risida mulohazalari va olg`a surgan g`oyalari hozirgi kunning talabiga mosdir. L.S.Vugotskiyning shogirdi L.I.Bojovich insonning kamol topishini yosh davrlariga bo`lishda motivlarni asos qilib oldi, shuning uchun bu bo`lishni motivastion yondashish, deb atash mumkin. L.I.Bojovichning mulohazasiga ko`ra yosh davrlari quyidagi bosqichlardan iborat: Birinchi bosqich – chaqaloqlik: tug`ilganidan 1 yoshgacha; Ikkinchi bosqich – motivastion tasavvur: 1 yoshdan 3 yoshgacha; Uchinchi bosqich – “Men”ni anglash davri: 3 yoshdan 7 yoshgacha; To`rtinchi bosqich – ijtimoiy jonzotlikni anglash davri: 7 yoshdan 11 yoshgacha; Beshinchi bosqich – a) o`zini-o`zi anglash davri: 12 yoshdan 14 yoshgacha; b) o`z o`rnini belgilash (topish) davri: 15 yoshdan 17 yoshgacha. L.I.Bojovich har bir bosqichni psixologik tavsiyalarda unda namoyon bo`ladigan o`zgarishlarni, bu o`zgarishlarning sabablarini, omillari, manbalari, turtkilari, mexanizmlarini ham bayon qiladi. D.B.Elkonin yosh davrlarini quyidagi bosqichlarga ajratishni lozim topadi. 1) go`daklik davri – tug`ilganidan 1 yoshgacha: asosiy faoliyat – bevosita emostional muloqot; 2) ilk bolalik davri – 1 yoshdan 3 yoshgacha: asosiy faoliyat – predmet bilan nozik harakatlar qilish; 3) maktabgacha davr – 3 yoshdan 7 yoshgacha: asosiy faoliyat – rolli o`yinlar; 4) kichik maktab yoshi davri – 7 yoshdan 10 yoshgacha: asosiy faoliyat – o`qish; 5) kichik o`smirlik davri – 10 yoshdan 15 yoshgacha: asosiy faoliyat – shaxsning intim muloqoti; 6) katta o`smirlik yoki ilk o`spirinlik davri – 16 yoshdan 17 yoshgacha: asosiy faoliyat – o`qish, kasb tanlash. D.B.Elkonin tasnifini, ko`pchilik psixologlar ma`qullagina qaramay, unda ayrim munozarali jihatlar ham bor. Umuman esa D.B.Elkoninning mazkur nazariyasi psixologiyasi fanida, ayniqsa yosh davrlar psixologiyasida muhim o`rin tutadi. Bolalar psixologiyasi fanining yirik namoyandasi A.A.Lyublyunskaya inson yosh davrlariga ajratishda pedagogik psixologiya, faoliyat nuqtai nazaridan unga yondashib, quyidagi davrlarni atroflicha ifodalaydi: 1. Chaqaloqlik davri – tug`ilganidan bir oylikkacha; 2. Kichik maktabgacha davr – 1 oylikdan 1 yoshgacha; 3. Maktabgacha tarbiyadan oldingi davr – 1 yoshdan 3 yoshgacha; 4. Maktabgacha tarbiya davri – 3 yoshdan 7 yoshgacha; 5. Kichik maktab yoshi davri – 7 yoshdan 11 (12) yoshgacha; 6. O`rta maktab yoshi davri (o`smirlik) – 13 yoshdan 15 yoshgacha; 7. Katta maktab yoshi davri – 15 yoshdan 18 yoshgacha. Pedagogik psixologiyaning taniqli namoyandasi V.A.Krutestkiy insonning ontogenetik kamolotini quyidagi bosqichlardan iboratligini ta`kidlaydi: 1. Chaqaloqlik (tug`ilganidan 10 kunlikkacha); 2. Go`daklik (10 kunlikdan 1 yoshgacha); 3. Ilk bolalik (1 yoshdan 3 yoshgacha); 4. Bog`chagacha yoshi (3 yoshdan 5 yoshgacha); 5. Maktabgacha yosh davri (5 yoshdan 7 yoshgacha); 6. Kichik makta yoshi (7 yoshdan 11 yoshgacha); 7. O`smirlik (11 yoshdan 15 yoshgacha); 8. Ilk o`spirinlik yoki katta maktab yoshi (15-18 yosh). Xar ikkala tasnif ham puxtaligidan, ularga qanday nuqtai nazardan yondashilgandan qat`iy nazar inson kamolotini to`la ifodalab berishga ojizlik qiladi. Mazkur nazariyalar insonning shaxs sifatida shakllanishi bosqichlari haqida ko`proq ma`lumot beradi, xolos. Ularda yoshlik, etuklik, qarilik davrlarining xususiyatlari, qonuniyatlari to`g`risida nazariy va amaliy ma`lumotlar etishmaydi. Shunga qaramay ular o`rta maktab pedagogik psixologiya fani uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Hozirgi psixologiyaning yirik vakili A.V.Petrovskiy inson kamolotiga, shaxsning tarkib topishiga ijtimoiy-psixologik nuqtai-nazardan yondashib, yosh davrlarining o`ziga xos tasnifini yaratdi. A.V.Petrovskiygacha psixologlar shaxsning bir tekis kamol topishini o`rgangan bo`lsalar, u shaxs shakllanishining prosostial (ijtimoiy qoidalariga muvofiq) va asostial (aksil-ijtimoiy) bosqichlari ham bo`lishi mumkinligini isbotlab berishga harakat qiladi: shaxsning kamol topishi uchta makrofazadan iboratligini qayd etib, birinchisi – bolalik davriga to`g`ri kelishini, unda ijtimoiy muhitga moslashish, ko`nikish (adaptastiya) ro`y berishini; ikkinchisi – o`smirlarga xos individuallashish; uchinchisi – o`spirinlikda, ya`ni etuklikka intilish davrida o`ziga xos holatlarni muvofiqlashtirish (birlashtirish) xususiyatlari paydo bo`lishini bayon qiladi, shaxsning shakllanishi quyidagi bosqichlarda amalga oshishini ta`kidlaydi: 1. Ilk bolalik (maktabgacha tarbiya yoshidan oldingi davr) – tug`ilganidan 3 yoshgacha; 2. Bog`cha davri 3 yoshdan 7 yoshgacha; 3. Kichik maktab yoshi davri – 7 yoshdan 11 yoshgacha; 4. O`rta maktab yoshi (o`smirlik) davri – 11 yoshdan to 15 yoshgacha; 5. Yuqori sinf o`quvchisi (ilk o`spirinlik) davri – 15 yoshdan 17 yoshgacha. A.V.Petrovskiyning tasnifi mukammal bo`lsada, kamolotning oraliq bosqichlarini, ularning o`ziga xos xususiyatlarini ifodalamaydi. Vaholanki, o`sish ijtimoiy qoidalarga muvofiqmi yoki aksoijtimoiymi, baribir, har ikki yo`nalishning ham oraliq jabhalari bo`lishi ehtimoldan xoli emas. Lekin bu g`oyani chuqur ifodalab berish joiz. D.I.Feldshteyn tasnifi ham shaxsga ijtimoiy yondashuvga asoslangan bo`lsada, A.V.Petrovskiy tasnifidan keskin farq qiladi. Uning fikricha, inson shaxs sifatida shakllanishida ikkita katta bosqichdan o`tadi, ulardan biri “Men jamiyat bilan” nuqtai nazoratdan bo`lib, quyidagi yosh pallalarini qamrab oladi: 1) ilk bolalik – 1 yoshdan 3 yoshgacha; 2) kichik maktab yoshi davri – 6 yoshdan 1 yoshgacha: 3) kichik maktab yoshi davri – 6 yosh davridan 9 yoshgacha; 4) katta maktab yosh davri – 15 yoshdan 17 yoshgacha. Shaxs kamolotidagi ikkinchi nuqtai nazar – “Men va jamiyat” deb nomlangan va quyidagicha yosh bosqichlaridan iborat: 1) Go`daklik – tug`ilganidan 1 yoshgacha; 2) maktabgacha davr – 3 yoshdan 6 yoshgacha; 3) o`smirlik – 10 yoshdan 15 yoshgacha. D.I.Feldshteyn boshqa tadqiqotlardan farqli ravishda o`smirlik davrini uch bosqichga ajratadi: birinchi bosqich (10-11 yosh) o`ziga munosabatni kashf qilishdan iborat bo`lib, o`zini shaxs sifatida xis qilish va qat`iy qarorga kelish bilan yakunlanadi. Ikkinchi bosqich (12-13 yosh) bir tomondan o`zini shaxs sifatida tan olish, ikkinchi tomondan o`ziga salbiy munosabatda bo`lishdir. Uchinchi bosqich (14-15 yosh ) tezkorlik, o`zini-o`zi baholash moyillik bilan farqlanadi. Bolalarda “Men jamiyat bilan” nuqtai nazari ilk bolalik, kichik maktab yoshi davrlarida faol va keng tus oladi, faoliyatning amaliy-predmetli jihatlari jadal o`sish jarayonida bo`ladi. Ularda “Men va jamiyat” nuqtai nazari vujudga kelishi maktabgacha va o`smirlik davrlariga to`g`ri kelib, ularning ijtimoiy hatti-harakat normalarini, qoidalarini o`zlashtirishlari va boshqa shaxslar bilan munosabat o`rnatishlari, o`zaro muloqotga kirishishlari bilan ifodalanadi. Ana shu murakkab ijtimoiy psixologik harakatlarga asoslangan. D.I.Feldshteyn bolaning ijtimoiy o`sishdagi jamiyatga munosabatini asosiy (bosh) va oraliq munosabatlarga ajratadi. Bolada jamiyatga munosabatning shakllanishi ijtimoiylashuv, individuallashuvning tarkibiy qismlarini egallash va bir davrdan ikkinchi davrga o`tish orqali amalga oshadi. Asosiy (bosh) munosabat – insonning kamol topishida keskin siljish nuqtalari paydo bo`lishi, ichki sifat o`zgarishlari vujudga kelishi va yangi hislatlar tarkib topishining mahsulidir. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, D.I.Feldshteynning yosh davrlariga ajratish nazariyasi ontogenezdiga barcha psixologik holat va fazilatlarni ifodalash imkoniyatiga ega emas, ammo u ta`lim-tarbiyaning sifatini oshirishga ijobiy ta`sir ko`rsatishi bilan amaliy ahamiyat kasb etadi. Umuman psixologlar tomonidan yosh davrlarini tabaqalashtirishning puxta ilmiy-metodologik negiziga, ega bo`lganlar qator nazariyalari ishlab chiqilgan. Ular ontogenetik qonuniyatlarni yoritishga katta xissa bo`lib qo`shildi, amaliy va nazariy muammolarni xal qilishda keng qo`llanmoqda. Ammo hozir ontogenezni to`la yoritishga xizmat qila oladigan nazariyani yaratish zarurati tug`ildi. HAR BIR YOSHNING O`TISH DAVRIDAGI (KRIZIS) IN Q IROZLARNING KELIB CHIQISH SABABI VA UNGA TA`SIR ETUVCHI OMILLAR. Uch yoshli bolalarga to`g`ri tarbiya berish, ta`sir o`tkazish, ularning harakatlarini maqsadga muvofiq yo`naltirish orqali ularda mustaqil holda ovqatlanish, kiyinish, yuvinish, o`z o`rnini yig`ishtirish ko`nikmalarini tarkib toptirishga, ayrim topshiriq va vazifalarni puxta bajarish malakasini shakllantirishga erishish mumkin. Mazkur yosh xususiyatlarini tadqiq qilgan N.M.Shchelovanov, D.B.Elkonin va boshqalarning fikricha, bolaning uch yoshgacha o`sishida erishgan yutuqlari uning xulq-atvorini, bilish jarayonlarini sifat jihatdan ancha o`zgartirib yuboradi. Shunga qaramay, bolaning o`sishiga kattalarning ta`siri, roli etakchiligicha qolaveradi, lekin asta-sekin o`sib borishi mustaqilroq bo`lishini ta`minlaydi. Ammo maktabgacha yoshdagi mustaqillik ko`pincha bolaning amaliy faoliyatida uncha kuchli bo`lmagan shaxsiy imkoniyati doirasida kattalar yordamisiz harakat qilishida, nisbatan oz bo`lsada, tobelikdan qutulish tuyg`usida namoyon bo`ladi. Bolaning mustaqilligi faqat uning jismoniy va aqliy imkoniyatida, kuchi etadigan jarayonga nisbatan o`z munosabatini kattalarning ko`magisiz amalga oshirishida emas, balki o`zining kuch-quvvati, qurbi etmaydigan, muayyan amaliy ko`nikmalarini egallay olmagan turmush muammolarini hal etishida ham ko`rinadi. Mazkur psixologik holatning o`ziga xos jihatlari Elza Keller, N.A.Menchinskaya va S.S.Muxinalarning mamlakatimizda va chet ellarda mashhur ona kundaliklarida yoritilgan va batafsil tahlil qilingan. Maktabgacha yoshga qadar bolalarning psixologik xususiyatlari yuzasidan mulohaza yuritishda kimning ilmiy tadqiqoti va asari bo`lishidan qat`iy nazar, unda vujudga keladigan xohish, istak hamda niyatning qondirilishi individni parvarishlashga (tarbiyalashga) qaror qilgan kattalar tomonidan amalga oshiriladi va boshqariladi. Mana shu yosh davrida namoyon bo`ladigan tarbiya jarayonidagi ayrim qiyinchiliklarning tashqi va ichki alomatlari (belgilari) ham psixologik tadqiqotlarda va ilmiy-psixologik adabiyotlarda ko`p marta ta`kidlangan bo`lib, birinchi navbatda o`jarlik, negativizm, qaysarlik, injiqlik kattalarning bolalar nazarida obro`sizlanishi va qadrsizlanishi kabi illatlar bilan bog`liqdir. qator ilmiy- psixologik manbalarda aytilishicha, shu yoshdagi bolalarning xis-tuyg`ulari va irodasida muhim o`zgarishlar sodir bo`ladi va bularning hammasi boladagi xudbinlik, o`ziga bino qo`yish, aksilijtimoiy mayl, urinish, qaysarlik, rashk kabilarda yaqqol aks etadi. N.A.Menchinskaya, V.S.Muxinalarning oqilona mulohazalariga qaraganda, bolalardagi injiqliklarning bosh omili atrofdagi odamlarning ular shaxsiga adolatsiz, noto`g`ri, mensimay munosabatda bo`lishdan iboratdir. Kichik maktabgacha yoshdagi bolalarning psixologik xususiyatlarini o`rgangan A.N.Golubevaning fikricha, noqulay sharoitda bolaga tarbiyaviy ta`sir ko`rsatish unda o`jarlikni paydo qiladi. Shuningdek, bu yoshdagi bolalarning o`jarligi doimiy bo`lmaydi, masalan, o`z tengdoshlariga nisbatan o`jarlik qilish axyon-axyondagina ro`y beradi, ular asosan katta yoshdagi odamlarga, shunda ham muayyan tarbiyachiga yoki oila a`zolarining birortasiga o`jarlik qiladilar. A.N.Golubeva bolalardagi o`jarlik barqarormasligi sababli uning oldini olish mumkinligini uqtiradi. A.P.Larinning tadqiqotida esa nomaqbul tarbiyaviy shart- sharoitlarda qaysarlik juda erta, xatto uch yoshda ham paydo bo`lishi ifodalangan. Dastlabki o`jarlik ba`zi-ba`zida ro`y beradi, lekin u hech qachon barcha katta yoshdagi kishilarga qaratilgan bo`lmaydi, binobarin, uning ob`ekti alohida shaxs hisoblanadi. Bola xarakterining bu sifati muhitning noto`g`ri tarbiyaviy ta`siri oqibatida biror darajada barqarorlashsa, keyinchalik ko`pchilikka qaratilgan, umumlashgan shaklga kira boshlaydi. O`jarlik bir guruh odamlarga yo`nalganligini ham uchratish mumkin. A.P.Larin to`plagan ma`lumotlar o`jarlikning asosiy sabablari – bolaning mustaqilligini cheklab qo`yish, erkinlik tuyg`usi va tashabbusini so`ndirish va uning ong xususiyatini (anglash sur`atini) kamsitishdan iboratligini ko`rsatadi. Mazkur omillar bolaning kattalarga munosabati negizini tashkil qiladi va uning psixik o`sishi davomida muayyan darajada o`zgarib boradi. Ularning o`zgarishi kattalarning bolaga u erishgan kamolot bosqichini hisobga olib, oqilona munosabatda bo`lishiga bog`liq. Agar maktabgacha davrda bolaga tegishlicha munosabatda bo`linmasa, unda o`jarlik vujudga kelishi mumkin. Bola xulqida muayyan sharoitning ta`siri bilan paydo bo`lgan o`jarlik va nojo`ya qiliqlar mavjudligi, uning psixikasida jiddiy o`zgarish ro`y berganini, endi bolaga uning hozirgi o`sish darajasini hisobga olib, munosabatda bo`lish zarurligini bildiradi. Bolaning psixikasida vujudga keladigan inqirozning sabablari: 1) kattalar bolaning jismoniy va aqliy imkoniyatini; 2) xohish va istagini mustaqil holda turmushda qaror toptirishga intilishini; 3) ayrim ko`zga tashlangan qiyinchiliklarni bartaraf qilishga o`rinishini; 4) o`z holicha ish tutishini cheklashlaridir. Kattalar bolaning ra`yiga, mustaqilligiga qarshi turmasdan, mumkin qadar istagiga, intilishiga yordam bersalar, uning shaxsini shakllantirish jarayonidagi qiyinchilik o`z-o`zidan barxam topadi, nizo yoki ixtilofning oldi olinadi. Oila va bog`chada shaxslararo munosabatlar ilmiy asosga qurilib, oqilona qoidaga suyanilsa va pedagogik odob (nazokat) doirasidan chetga chiqilmasa yuqorida aytilgan ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin emas. O`jarlik, qaysarlik, kattalarga itoatsizlikning vujudga kelishi – bolaning kattalarga qaramlikdan qutulishga urinish va kichik maktabgacha yosh davridan maktabgacha davrga o`tishining tashqi ifodasidir. Mustaqillikka intilish mazkur yosh davridagi o`zgarishlar, ya`ni shaxsiy hatti-harakatni va “men o`zim”ni anglashning mahsuli tariqasida namoyon bo`ladi. D.B.Elkonin fikricha, bolaning xohishi bilan xohishning harakatda ifodalanishi o`zaro mos tushmasligi, kattalar talabiga so`zsiz itoatkorlik uni istagini umumlashtirishga olib keladi, voyaga etganlar talabiga mosligi sababli shunchasi xohish qat`iy shaxsiy xohish darajasiga o`sib o`tadi. Odatda “Men xohlayman”, “O`zim bajaraman” kabi mustaqillikka intilish harakatlari xohishning o`z ifodasini topadi. Ana shu tariqa bola psixikasida xohishlarning o`zaro uzviy bog`lanishi, motivlar va ularning kurashi yuzaga kela boshlaydi. D.B.Elkoninning ta`kidlashicha, mazkur o`zgarishlar bevosita idrok qilinadigan buyumlarga qaratilgan xohishning mantiqi mavhumroq buyumlarga yo`naltirilgan xohishga aylanishidir. Buning asosiy sabablari, bir tomondan, bolada oddiy umumlashtirish o`quvchining paydo bo`lishi hisoblansa, ikkinchidan, unda nutq faoliyatining jadal sur`atlar bilan rivojlanishidir. Shundan so`ng uning faoliyati jozibador, maftunkor, jimjimador, yaltiroq narsalarning tashqi alomatlariga va ularni bevosita egallashga aloqador bo`lmay, balki mazkur narsalarning timsoli, tasavvur obrazlari, kelgusida shularning hammasini o`zlashtirish istagi asosida quriladi. Bolaning orzu-istagi doirasidagi xali foydalanilmagan yangi, yashirin, ammo ro`yobga chiqadigan imkoniyatlar uning kattalar bilan munosabatida, muomalasida, muloqotida, o`zining shaxsiy faoliyatida, xis-tuyg`usining mazmuni va rivojlanishidagi keskin, muhim o`zgarishlar uchun zarur shart-sharoitlar sifatida xizmat qiladi. Undagi tasavvur bilan uzviy bog`liq his-tuyg`ular xohishni qondirishda oldindan taajjublanish jarayoniga keng istiqbollar yaratadi. Boladagi mavjud xis-tuyg`ular xohishni qondirish bevosita aks ettirish bilan kifoyalanib qolmaydi, balki kelgusida amalga oshirish mo`ljallangan faoliyatning ahamiyatini ham o`zida mujassamlashtiradi. Shuning uchun bolaning quvonchi bilan qayg`usi daf`atan qanday maqsadni ko`zlashga (amalga oshirishga) yo`nalganida emas, balki qaysi faoliyatni (ishni) rejalashtirgani bilan uzviy bog`liqdir. Bolaning xohish va istagidagi ayrim o`zgarishlar, ularning tasavvurlar bilan birlashuvi maktabgacha yoshdagi sub`ektlarda faoliyatning yangi ko`rinishlari (rolli o`yinlar, ijodiy, tasviriy va konstruktiv faoliyat, sodda sehnat faoliyati) keng ko`lamda rivojlanishiga qulay imkoniyat yaratuvchi shart-sharoit hisoblanadi. Bola o`zining tfaoliyatida tevarak-atrofdagi narsalar va hodisalar to`g`risidagi tasavvur obrazlaridan amaliy foydalanish bilan chegaralanib qolmay, ularga nisbatan o`zining shaxsiy emostional munosabatini ham bildiradi. Bu xol ko`pincha ularning ijodiy o`yinlarida yaqqol ko`zga tashlanadi. Ijodiy o`yinlarda bolaning kattalar faoliyati haqidagi, ularning o`zaro munosabati to`g`risidagi tasavvuri aks etadi, u o`zini kattalar bilan birga harakat qilayotganidek xis etadi, hatto voqelikning bevosita qatnashchisi vazifasini o`taydi. Shunga o`xshash o`zgarishlar bola atrof-muhit to`g`risidagi m`lumotlarni, axborotlarni, ilmiy bilimlar va ijtimoiy ko`nikmalarni egallash uchun puxta zamin hozirlaydi. Natijada uch yoshlilar psixikasi yangiliklarni aks ettirish va ulardan ta`sirlanishdek murakkab funkstiyani bajara boshlaydi. Shular sababli bu yoshdagi bolalar o`zining ko`rganlarini, eshitganlarini tez idrok qiladilar va eslab qoladilar, hatto ularni tushunishga intiladigan, ular o`z bilimdonliklarini namoyish etishga, o`zlarini shaxs sifatida ko`rsatishga harakat qiladilar. O`zining kattalar orasidagi o`rnini topish istagi, xissi “Men davri”ni vujudga keltiradi. Bolaning yangi ehtiyoj va intilishlari kattalar tomonidan g`ayritabiy qabul qilinishi ular o`rtasida “anglashilmovchilik”ni keltirib chiqaradi. Unda kattalarning ko`rsatmasi tavsiyasi, iltimosi, buyrug`i va tazyiqiga qarshilik ko`rsatish tuyg`usi paydo bo`ladi. Shu tariqa shaxslararo munosabatda ziddiyatlar, ichki nizolar, psixologik inqiroz namoyon bo`ladi. Bularning barchasi “Men davri”ning hosilasi bo`lib, bola shaxs sifatida shakllanayotganidan dalolat beradi. Inqirozning sabablari har xil bo`ladi. Inqiroz davrida bolaning kattalarga qarshilik ko`rsatishi ham turli ko`rinishlariga ega bo`lib, ular o`tkinchi psixologik holat va hodisaga o`xshaydi. Lekin oila va bog`chada qiyinchiliklarni engish jarayonida bolaning shaxsiga uning o`ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda to`g`ri va oqilona yondoshish uni inqirozdan ruhan mutlaqo sog`lom olib chiqish imkonini yaratadi. Quyida ana shu qarshiliklarning ayrim ko`rinishlari haqida qisqacha to`xtalamiz. Ko`pchilik psixologlarning tadqiqotlaridan va o`zimizning kuzatishlarimizdan ma`lumki, bolalar mazkur inqiroz davrida bir necha ko`rinishdagi qaysarlik yoshini bosib o`tadilar. Ana shu ko`rinishlarning bittasi biz nazarda tutgan davrga, ya`ni bolaning 3 yoshiga to`g`ri keladi. Shu davrda uning ruhiy dunyosida sifat va miqdor jihatdan turli o`zgarishlar ro`y beradi. Bu o`zgarishlar uning olami o`zicha kashf qilayotganiga, psixikasi ma`lumot va axborotlar bilan soat sayin boyib borayotganiga bog`liqdir. Ayni shu yoshda bolada o`z irodasiga ishonch xissi tug`iladi, u o`zligini anglay boshlaydi. O`zligini anglash qarama-qarshiliklarni, ziddiyatlarni engish bilan amalga oshadi. Mazkur yoshdagi bola ba`zan o`ziga aytilgan so`zning mohiyatini tushunmasligi, anglab etmasligi, goho o`yinga haddan tashqari berilib ketib, kattalarning ovozini eshitmay qolishi mumkin. Bunday paytda bolada tashqi ta`sirga yoki kuzatuvchiga e`tibor berish qobiliyati etishmasligi, bunga uning ko`tarinki yoki g`oyat tushkin kayfiyati halaqit berishi mumkin. Ba`zan bola o`z o`ylari va kechinmalari bilan bandligi sababli uning tashqi ta`sirga javob qaytarishi biroz kechikishi ham mumkin. Ana shu jarayonga o`zgalarning psixologik qonuniyatlarga rioya qilmay qo`pollik bilan aralashuvi yoqimtoy, odobli bolalarni ham darrov jahli qo`zg`aydigan, gap ko`tara olmaydigan, nozik tabiatli shaxslarga aylantirib qo`yishi mumkin. Bunda kattalarning muloqotdagi qo`polligi bolada qaysarlikning belgilarini yaqqol namoyon eta boshlaydi. U har qanday taklifni, buyruqni, hatto iltimoslarni ham rad qiladi, o`ziga berilgan barcha savollarga bir maromda “yo`q ”, “kerakmas”, “bermayman”, “bilmayman” deb javob qaytaraveradilar. Kattalar bilan bola o`rtasidagi munosabatning buzilishi tufayli uning hatti- harakatida o`jarlik illat paydo bo`ladi. Buning asosiy sababi bolada o`zining ichki kechinmalari, his-tuyg`ulariga bog`liq harakatlarni mustaqil bajarish istagi tug`ilishi, “men” bilan bog`liq butunlay yangi nuqtai nazarning vujudga kelishidir. Katta yoshdagi odamlar, ota-onalar, tarbiyachilar bunday hollarda o`zlarining osoyishta tutishlari sharoitga qarab bolaga biroz yon berishlari, ba`zan ularga aytganlarini qildirishlari, kerakli paytlarda masalani ochiq qoldirishlari lozim, chunki shaxslararo munosabatlarning ba`zan muammoligicha qolishi ham maqsadga muvofiqdir. Yaxshisi asabiylik vaziyatida bolaning diqqatini boshqa narsa (ob`ektga) jalb qilish, uni mashkul holatdan chalg`itish ma`qul. Shaxsiy kuzatishlarimizda ayon bo`ldiki, mazkur holat bolaning ruhiy dunyosiga qattiq ta`sir qiladi, u o`zining nojuya qiliqlari kattalarga aslo yoqmayotganini anglaydi, ichidan chuqur iztirobga tushadi. Shu davrda organizmning tez sur`atlar bilan o`sishi oqibatida bola sho`x, serg`ayrat, tinib- tinchimas, xamma narsaga qiziquvchan, harakatchan bo`lib qoladi. Undagi bu o`zgarishlar tabiiy ekanligini kattalar yaxshi bilishlari, o`zlarining kichkintoylarga muomala va munosabatlarini tubdan o`zgartirishlari lozim. Binobarin, bola oldiga qo`yiladigan talablar muayyan shart va sharoitga muvofiq bo`lishi kerak. Amaliy faoliyatda jismoniy va ruxiy o`zgarishlarni hisobga olmaslik kattalar bilan bolalarning o`zaro munosabatlarida qator qiyinchiliklarni vujudga keltiradi: bola ota-onalar va tarbiyachilarning gapiga quloq solmaydigan, topshiriqlarni bajarmaydigan, qo`rs, hech narsaga ko`nmaydigan bo`lib qoladi. Bunday xatti- harakatni keltirib chiqaruvchi bosh sabab bolalarning mustaqillikka intilishini kattalar tan olmasligidir. Shuning uchun ular goho kattalardan o`rinli hafa bo`ladilar, nizoning sababini to`g`ri payqaydilar. Ayrim kishilar bolaga topshiriq beradilaru, lekin uning qay darajada bajarilishi bilan qiziqmaydilar, bola qanday yutuqqa erishganiga e`tibor bermaydi. Bola o`ziga kattalarning mensimay, hurmatsizlik bilan munosabatda bo`layotganini darrov sezadi. Shaxslararo munosabatda vujudga kelgan anglashilmovchilik va ginaxonlik ana shu holatga oqilona baho berilgunicha davom etadi. Erkalanish bilan vujudga keladigan o`jarlik ham uch yoshlilar ruxiy dunyosida ko`p uchraydi. Bolaga me`yoridan ziyod mehr-muhabbat qo`yish, haddan tashqari erkalatish, har qanday xohishini qondiraverish, talab va ehtiyojini so`zsiz ado etish ham unda erkalik va o`jarlikni paydo qiladi. Shuningdek bolaning xulq-atvorini, qilgan ishini maqtayverish, uni o`rinsiz taltaytirish yoki unga nisbatan befarq munosabatda bo`lish ham o`jarlikni keltirib chiqaradi. Bolani e`tiborsiz qoldirish, nazorat qilmaslik, tekshirmaslik ham noxush oqibatlarga olib keladi. Masalan, e`tiborsizlik bolani qattiq iztirobga soladi, unda tanxolik tuyg`usini, umidsizlik, begonasirash hissini vujudga keltiradi. Bular esa bolada kattalarga nisbatan ichki qarama-qarshilikni, o`zaro ziddiyatni, nizo alomatlarini tug`diradi. Ko`p hollarda bolalarni o`z mayliga, o`z holiga tashlab qo`yiladi, ularga juda barvaqt erkinlik, mustaqillik beriladi, ammo bunday qilish bola shaxsini tezroq takomillashtirishga xizmat qilmaydi. Hayot va faoliyatda har bir bolaning oldiga aniq, yaqqol talab va topshiriqlar qo`ymaslik, unga homiylik qilmaslik bolaning ruhiyatiga qattiq ta`sir qiladi, u o`kinadi va ichidan kuyunadi. O`zining himoyachisi yo`qligini xis qilish ham bolada o`jarlikni yuzaga keltiradi. Boshqacha aytganda, bolaning ruhiy olamida kattalarga nisbatan – paydo bo`lgan gina-adovat uni o`jarlikka etaklaydi. Shaxslararo munosabatda adovat qaror topgunicha, ziddiyatning bosh sababchisi o`z xulqiga iqror bo`lgunicha qarama-qarshilik davom etadi. Bolalarda vujudga keladigan illatlar – o`jarlik, qiyiqlik, qaysarlik va hokazolarning sababini u kamol topayotgan muhitdan, unga ko`rsatilayotgan tarbiyaviy ta`siridan, sharoitdan, shaxsni shakllantirish jarayonidagi kamchiliklardan qilirish lozim. Eng muhimi, ota-onalar ham, tarbiyachilar ham boladagi salbiy ruhiy holat o`tkinchi ekanini bilishlari, uning sabablarini xaqqoniy aniqlashlari bola bilan umumiy til topishlari, unga nisbatan samimiy munosabatda bo`lishlari zarur. Hayot va faoliyatda kattalar bolaning shaxsini hurmat qilishlari, uning ehtiyojlari bilan hisoblashishlari, xis-tuyg`ularini boshqarish imkoniyatlarini aniqlashlari kerak. Bolani sevish, uning yosh xususiyatlarini hisobga olish, qiziqishlariga e`tibor berish – o`jarlikning oldini olishning muhim shartidir. Uch yoshli bolalar jamoat joylarida, ko`pchilik orasida o`zini qay tarzda tutishi kerakligini bilmaydi. Shuning uchun buni kattalar tushuntirishlari, amaliy ko`rsatmalar berishlari shart. Biroq bu ish harakat bilan uzviy bog`lanmasa, ko`zlangan natijaga erishish mumkin emas. O`yin faoliyatida bola shaxsida xulq va odob malakalari asta-sekin shakllantiriladi. Uch yoshlilar shaxsini shakllantirishda ularni boshlagan ishni oxiriga etkazishga, qiyinchiliklarni engishga, sabr-toqatga, asabiylashmaslikka, bardoshlilikka, yig`idan o`zini tiyishga, ortiqcha hatti-harakat qilmaslikka o`rgatish juda katta ahamiyatga ega. Bolada ijobiy axloqiy ko`nikma va malakalar, odatlar mustaqil ishlarni bajarishga intilishda vujudga kela boshlaydi. Shuning uchun kattalar bolani topshiriqni qanday bajarishini nazorat qilib turishlari lozim. Umuman aytganda, bolani o`z holiga tashlab qo`yish pedagogik nazokatga xilofdir. Rolli o`yinlar -maktabgacha yoshdagi bolalarning etakchi faoliyati. Rolli o`yin mazkur yosh davridagi bolalarning eng muhim faoliyati bo`lib, ular bunday o`yinda go`yo katta yoshdagi odamlarning barcha vazifalari va ishlarining amalda bevosita “bajaradilar”. Shu boisdan o`yin faoliyati uchun maxsus yaratiladigan sharoitlarda ijtimoiy muhit voqelari, oilaviy turmush hodisalari, shaxslararo munosabatlarni umumlashtirgan holda aks ettirishga harakat qiladilar. Bolalar kattalarning turmush tarzi, xis-tuyg`usi, o`zaro muomala va muloqotlarining xususiyatlarini, o`ziga va o`zgalarga, atrof-muhitga munosabatini yaqqol voqelik tarzida ijro etish uchun turli o`yinchoqlardan, shuningdek, ularning vazifasini o`tovchi narsalardan ham foydalanadilar. Ammo shuni alohida ta`kidlash lozimki, ijtimoiy va maishiy voqelikning barcha jabhalarini qamrab oladigan rolli o`yin ularda birdaniga emas, balki turmush tajribasining ortishi, tasavvur obrazlarining kengayishi natijasida vujudga keladi vamohiyati va mazmuni jihatdan oddiydan murakkabga qarab takomillashib boradi. Yirik psixologlar A.Vallon, J.Piaje, L.S.Vo`gotskiy, S.L.Rubinshteyn, A.N.Leontev, B.G.Ananev, D.B.Elkonin va boshqalarning fikricha, go`daklik davrida bolaning predmetli faoliyati negizida rolli o`yin uchun eng zarur sharoitlar asta-sekin vujudga kela boshlaydi. Mazkur olimlar va ularning shogirdlari to`plagan ma`lumotlarga asoslanib rolli o`yinlar vujudga keltiruvchi muhim omillar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: 1) go`daklik davridagi predmet bilan uni harakatlantirish orasidagi bog`liqlik o`z ahamiyatini yo`qota boradi, natijada predmet bilan harakat alohida xukm surish imkoniyati tug`iladi va bola ularni alohida umumlashgan tarzda aks ettira boshlaydi; 2) bola haqiqiy o`yinchoqlar o`rniga ularning asl mohiyatini to`la aks ettiraolmaydigan yasama va beo`xshov nusxalaridan keng foydalanadi (fabrikada tayyorlangan qo`g`irchoq yoki avtomobil o`rniga yasab berilgan shunday narsalar bilan qanoatlanish); 3) bolaning o`z hatti-harakatlari kattalarning ishlaridan farqlanishiga intilishi, unda o`ziga xos shaxsiy harakat ko`nikmasining paydo bo`lishi; 4) bolada o`z xatti-harakatini kattalar faoliyati bilan qiyoslash, harakatlarning mohiyatini muvofiqlashtirish va aynan tuzilishi jihatdan bir-biriga yaqinlashtirish istagining tug`ilishi; 5) bola kattalarning hayoti va faoliyatida uchrab turadigan, odatdagi turmush muammolarini o`zida aks ettiruvchi, ma`naviy va maishiy ko`rinishga ega bo`lgan hayot jabhasini o`z xatti-harakatida izchil ravishda tiklashga (ularning rolini bajarishga) o`rinishi. Rolli o`yin faoliyatining vujudga keltiruvchi eng zarur omillardan biri – bolada o`z xatti-harakatini kattalar xatti-harakati bilan solishtirish, undan nusxa olish, aynan unga o`xshatish tuyg`usining mavjudligidir. Xuddi shu sababli kattalar va ularning hatti-harakatlari bolaning ham tashqi, ham ichki ibrat namunasi bo`ladi va kattalar uning xulq-atvori yurish-turishining ham ob`ekti, ham sub`ekti hisoblanadi. Go`daklik davridan maktabgacha yoshga o`tgan bolalarning faoliyati kattalar rahabrligidagi faoliyatidan mustaqil o`z-o`zini nazorat qilish darajasiga o`sib o`tadi. Biroq, yuqorida ta`kidlangan barcha shart-sharoitlar o`zaro uzviy bog`lanmasligi sababli har qanday rolli o`yinning negizi vazifalarini o`tay olmaydi va shunga ko`ra ma`lum davragacha o`yin faoliyati predmetlarga bog`liq tarzda amalga oshadi. O`yin faoliyatini takomillashtiradigan sharoitlarni tadqiq qilgan N.M.askarinaning ta`kidlashicha, o`yin o`z-o`zidan vujudga kelmaydi, buning uchun kamida uchta sharoit mavjud bo`lishi kerak: a) bolaning ongida uni qurshab turgan voqelik to`g`risidagi xilma-xil taassurotlar tarkib topishi; b) har xil ko`rinishdagi o`yinchoqlar va tarbiyaviy ta`sir vositalarining muhayyoligi; v) bolaning kattalar bilan tez-tez muomala va muloqotga kirishuvi. Bunda kattalarning bolaga bevosita ta`sir ko`rsatish uslubi xal qiluvchi rol o`ynaydi. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar asta-sekin kattalarning hayoti va faoliyati dunyosiga kirib boradi, oldin hamkorlikdagi faoliyatda namoyon bo`lgan ijobiy xis-tuyg`ular, shijoat va dadillik sari etaklovchi ruhiy kechinmalar ibrat- namuna darajasiga ko`tarilgan kattalarning ruhiy olamiga ko`chiriladi. Endi bolaning o`zi mustaqil ravishda kattalarning hayoti va faoliyatiga kirishish yo`llarini topa boshlaydilar. U keyinchalik katta kishilarning hayoti va faoliyatining barcha jabhalarida va shaxslararo munosabatlarida qatnashish istagini ko`rsatadigan bo`ladi. Shuning uchun rolli o`yin kattalar bilan bola o`rtasidagi yangicha munosabatlar asosida vujudga keladi, deb xulosa chiqarish mumkin. Rolli o`yin vujudga kelishi jihatidan ijtimoiy xususiyatga ega bo`lib, kattalarning hayoti va faoliyatini qayta tiklash va takrorlashdan boshqa narsa emas, shuningdek, bu o`yin faoliyati o`zining mazmuni va mohiyati bilan ham ijtimoiydir. Rolli o`yin bola mustaqil faoliyatining yorqin namunasi hisoblanib, u o`yinning mazmuni orqali kattalarning hayoti bilan yaqindan tanishadi. Kichik maktabgacha yoshdagi bolalarning rolli o`yinlarda faoliyatini, ana shu o`yin sharoiti va predmetli harakatning o`zaro munosabatini tekshirgan L.S.Slavina rolli o`yinlarda ko`pincha asosiy e`tibor o`yinchoqlar bilan harakat qilishga qaratilishini bunda o`yinchoq harakatining xususiyati sub`ekt uchun etakchi faoliyat vazifasini o`tashini, bu jarayonda rol ikkinchi darajali alomatga aylanib qolishini, ammo bola o`yinlar (“Kubcha”, “Geometrik shakllar”, “Tushki ovqat tayyorlash” kabi ta`limiy mashg`ulotlar)da qandaydir vazifani bajarishini qayd qiladi. Olimaning yozishicha, rol va o`yinning shart-sharoitlari bolaning harakati uchun farqi yo`q narsalar emas, balki bola jismlarga ijtimoiy mazmunini aks ettiruvchi voqelik sifatida yondashadi. D.B.Elkoninning ta`kidlashicha, u maktabgacha yoshdagi bolalarga xos rolli o`yinlarning syujetiga ko`ra uchta guruhga ajratishni tavsiya qiladi: 1) maishiy mavzu syujetiga oid o`yinlar; 2) ishlab chiqarish syujetiga taalluqli o`yinlar; 3) ijtimoiy-siyosiy syujetli o`yinlar . Muallif ayrim o`yin turlari maktabgacha yoshdagi bolalarning barcha bo`g`inlariga mosligini, syujetlar maishiydan ishlab chiqarishga qarab va undan ijtimoiy-siyosiy voqealarni aks ettirishga qarab rivojlanishini alohida uqtiradi. Uning fikricha syujetidagi bunday izchillik bolaning bilim saviyasi, turmush tajribasi kengayishi, uning katta yoshdagi odamlar turmushiga chuqurroq kirib borishi bilan bog`liqdir. Darhaqiqat, o`yin syujetining o`sishi turmushning tobora yangi qirralarini aks ettirish bilan cheklanib qolmay, muayyan syujetning o`ziga xos boshqa ko`rinishlari bilan boyishi sababli ham amalga oshadi. Bolalarga tarbiyaviy ta`sir ko`rsatish jarayonini to`g`ri tashkil qilish orqali o`yin syujetlarining ko`lamini rejali kengaytirish mumkin. Bolalar psixologiyasi fanida qat`iy ifodalanganidek, bola bog`chaga kelganda uning o`yin syujeti faqat oilaviy turmushdagi voqealarni aks ettiradi, sayrlarga olib borish, tabiatni kuzatish natijasida o`yinning turlari ko`payib boradi: bog`cha, hayvonot bog`i, oshxona, poezd, paroxod, sartarosh, sotuvchi kabi o`yin qo`shiladi. Bolaning yoshi ulg`aya borgan sari, o`yinning muddati ham uzayib boradi. Mazkur jarayonni tadqiq qilgan A.P.Usovaning ma`lumotiga ko`ra 3-4 yoshli bolalarning o`yin faoliyati 10-15 daqiqa, 4-5 yoshli bolalarning o`yin faoliyati 40-50 daqiqa, katta maktabgacha yoshidagi bolalarning o`yin vaoliyati bir necha soatgacha cho`zilishi mumkin. Hatto, bir turdagi o`yinlarning syujetlari butun kun bo`yi, qolaversa, undan ham ortiq vaqt davom etadi. Bu hol bola o`yin faoliyati jarayonida hayot-faoliyatning u yoki bu qirrasini, muhim jihatini alohida ifodalab ijro etadi, deyishga hech qanday asos bo`la olmaydi. Chunki psixologiya fanida hozirgacha to`plangan ilmiy ma`lumotlar bunday muammolarga javob bera olmaydi. D.B.Elkoning o`z tadqiqotida rolli o`yinning syujeti bilan bir qatorda uning mazmuni ham mavjud ekanligini yozadi. Uning fikricha, o`yinda bola kattalar faoliyatining asosiy jihati (tomoni)ni aniqroq aks ettirishi o`yinning mazmunini tashkil qiladi. Undan tashqari D.B.Elkonin harakatli o`yinning qoidalari mazmuni o`zaro bog`liqligidan kelib chiqib ularni besh guruhga ajratadi: 1) harakatga taqlid qilish: taqlidiy prostessual o`yinlar; 2) muayyan syujetni dramalashtirgan o`yinlar; 3) syujeti oddiy o`yinlar; 4) syujetsiz qoidali o`yinlar; 5) aniq maqsadga qaratilgan mashqlardan iborat sport o`yinlari . Bolani o`yinga undagan omil uning katta yoshdagi odamlarning borliq to`g`risidagi va shaxslararo munosabati haqidagi tasavvuri va ularni o`z shaxsiy faoliyatida sinab ko`rish istagidir, shuningdek, jamoa bo`lib o`ynayotgan tengqurlari bilan bevosita muloqotga kirishish ishtiyoqidir. Bolalar psixologiyasi fanida to`plangan ma`lumotlar tahliliga asoslanib, mazkur yosh davri bo`yicha quyidagi xulosani chiqarish mumkin: 1) o`yin faoliyatida bola turli harakatlarni to`laligicha namoyish etishga, ularni bajarish usullarini ko`rsatishga intiyoqmand bo`ladi; 2) keyinchalik esa barcha hatti-harakatlarni umumlashtirib aks ettirishga urinadi. Yuqoridagi mulohazalar asosida aytish mumkinki, katta kishilar hayoti va faoliyatining o`rnini bosuvchi ashyolar ularning harakatini umumlashgan holda ifodalashning moddiy tayanchi hisoblanadi. Shunday ekan, o`yin faoliyatida bola harakatining rivojlanishi o`yin mazmuniga ko`proq bog`liqdir. Chunki bolaning hatti-harakati qanchalik ixcham va umumlashgan bo`lmasa, u kattalarning faoliyati mazmunini aks ettirishdan shunchalik yiroqlashadi. Binobarin, u odamlarning narsalarga va bir-biriga munosabatini amalda bajarishga o`tadi va shuning uchun narsalar bilan harakat qilishda kattalarning ijtimoiy munosabatlarini to`g`ri ifodalashga intiladi. Har qanday o`yinning va o`yin faoliyatining va o`zaro munosabatini, muomalasini o`ziga xos tarzda aks ettirishi takrorlashi imkoniyati turadi. Shunga ko`ra o`yin ijtimoiy ahamiyat kasb etib bola insoniyat tomonidan asrlar davomida yaratilgan qimmatli bilimlar, amaliy ko`nikmalar, malakalar va odatlarni o`rganishiga imkon yaratadi, oqibatda uni shaxslararo muloqotning mohiyatiga olib kiradi. FOYDALANILGAN ADABIY O TLAR RO`YXATI. 1. Karimov A. I. Yuksak ma`naviyat –engilmas kuch T. “Manaviyat”, 2008 y. 2. “O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi tizimida psixologik xizmat 3. to`g`risida”gi muvaqqat Nizom –Toshkent, 2002 yil 1 avgust 4. «Bolalar psixologiyasi». T. “O`qituvchi”, 1982 y 5. Davletshin.M.G. Psixologiyada shaxsni o`rganish istiqbollari, №5, 2001. 6. Davletshin.M.G. «Yosh psixologiyasi va pedagogik psixologiya».-T., 1974. 7. /oziev.E./ Psixologiya. –T., 1994. 8. E.S. Romanova, O.F. Potyomkina. «Graficheskie metodi v psixologicheskoy diagnostike». M.:, 1992. 9. N.B.Matmuratova «O`qituvchilarga psixologik yordam beruvchi psixologik o`yin va mashqlar». -T.:, 2006. 10. G.T.Xomentauskas «Semya glazami rebyonka». M.: Pedagogika, 1989. -160 s. 11. Y.M.Asadov, Yu.Burxanov «Olti yoshli bolalarning maktabga psixologik moslashuvi va rivojlanish dinamikasini o`rganish bo`yicha tavsiyalar». “Ma`rifat”, 2001 yil 1 dekabr .