logo

Sport psixologiyasi fanini yuzaga kelishi, tarixiy rivojlanishi hamda o‘quv va ilmiy fan sifatida o‘qitilishi

Yuklangan vaqt:

01.05.2023

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

63 KB
Sport psixologiyasi fanini yuzaga kelishi, tarixiy rivojlanishi hamda o‘quv va ilmiy fan sifatida o‘qitilishi Reja: 1. Sport psixologiyasi 2. Sportchining shaxs sifatida rivojlanishi 3. O‘rta asr sharoitida buyuk mutafakkirning jismoniy madaniyat sohasidagi qarashlari Sport fani bo‘lajak jismoniy madaniyat fani o‘qituvchilari va murabbiylarga har bir sport turi bo‘yicha psixologik ta’lim bcrishcln hamda jismoniy madaniyat va sport tadbirlarini tashkil qilishning tashkiliy va tarkibiy tizilmalarini ishlab chiqishda yordam beradi, Bu fan jismoniy madaniyat mutaxassislari tayyorlash o‘quv yurtlarida o‘qitiladi. Sport psixologiyasi fani psixologiyaning yangi sohasi bo‘lib bu soha 1913 yilda Pe’r de Kubertenning Olimpiada qo‘mitasi tashkil qilinishi munosabati bilan shakllana boshladi. 1920—40-yillarda Germaniya, Amerika va boshqa davlatlarda Sport psixologiyasi fani ommaviylashdi. Umuman olganda, ikkinchi jahon urushidan keyin Sport psixologiyasi fani tez rivojlandi. Jahon rekordlarining o‘sishi bu fanning rivojlanishiga asos bo‘ldi. Jahon birinchiligi, olimpiada o‘yinlarida kuzatilgan natijalar sportchining psixologik tayyorgarligi ularning yaxshi ko‘rsatkichlarga erishishida asosiy omillardan biri ekanligi o‘z natijasini ko‘rsatdi. 1965-yil Rimda birinchi sport psixologiyasi kongressi o‘tkazildi. Bunda doimiy rahbarlik organi va jamiyat prezidenti saylandi. Sport psixologiyasi bo‘yicha keyingi kongresslar 1973-yil Madridda, 1977-yil Pragada, 1986-yil Vashingtonda o‘tkazildi. Madriddagi kongresda chexoslavakiyalik professor Miroslov Vanek jamiyat prezidenti etib saylandi. 1970-yildan boshlab maxsus Xalqaro sport psixologiyasi jurnali chiqarila boshlandi. 1967-yilda Shimoliy Amerikada, 1969-yilda Yevropa davlatlarida sport psixologiyasi tashkilotlari tuzildi. Sportchining shaxs sifatida rivojlanishi murakkab va uzoq davom etadigan jarayondir. Chunki, bir avlod sportchilar tomonidan o‘zlashtirilgan xususiyatlar ikkinchi avlod sportchilariga o‘tadi va ular tomonidan o‘zlashtiriladi. Shuning uchun har kungi tarbiyaviy faoliyat kelajakni nazarda tutgan holda olib borilishi kerak. Sportchi o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayonida o‘zini-o‘zi nazorat qiladi, o‘zini- o‘zi kuzatadi va o‘ziga o‘zi baho berib boradi. O‘ziga-o‘zi baho berish jarayoni sportchining «o‘z imkoniyatlarini hisobga olgan holda u yoki bu maqsadni qo‘yish bilan bog‘liq. O‘ziga-o‘zi to‘g‘ri baho berish sportchida ma’naviy qoniqish hissini tarbiyalaydi va o‘z qadr-qimmatini anglash hissini kamol toptiradi. Murabbiy sportchiga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish jarayonida uning emotsiya va his-tuyg‘ularini hisobga olishi kerak. Chunki ularning o‘zgarish sabablari tashqi ta’sir bilan bir qatorda sportchining o‘ziga ham bog‘liqdir. Affektiv reaksiyalarning paydo bo‘lish qonuniyatlarini va ularni yechish uslublarini bilish, sportchi xulq-atvorini, axloqiyligini ta’minlabgina qolmay, uni turli qiyin va munozarali vaziyatlardan chiqishiga yordam beradi va shu bilan bir qatorda, o‘z ruhiy sog‘lig‘ini saqlab qolishga ham imkon yaratadi. Sport psixologiyasi fani Sobiq Ittifoq davrida biror-bir respublikada, shu jumladan, O‘zbekistonda ham bir tekisda rivojlanmagan edi. Sobiq Ittifoq rahbarlari milliy respublika vakillarini bu fanni jahon miqyosida ham nazariy, ham amaliy jihatdan o‘zlashtirib olishlari uchun chet davlatlarga malaka oshirishga yoki tajriba almashishga yubormas edilar. O‘sha davrlarda Sport psixologiyasi fani Rossiya davlati olimlari tomonidan o‘rganildi, xolos. Bu borada 1925-26-yillarda P.A. Rudik tomonidan Moskva jismoniy tarbiya institutining psixologiya kafedrasida bir talay ijobiy ishlar bajarildi. A.S. Puni Leningrad jismoniy tarbiya institutida sport psixologiyasiga doir ilmiy izlanishlar olib bordi. Gruziya, Armaniston, Latviyada va boshqa respublikalarda, jumladan, 1960-yillarda O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutida sport psixologiyasi kafedralari tashkil qilindi. 1946-yilda Lesgaft nomidagi Leningrad jismoniy tarbiya instituti kafedrasida A.I. Puni rahbarligida sport psixologiyasi bo‘yicha aspirantura ochildi. 1952-yilda A.I. Puni birinchi bo‘lib, Sport psixologiyasi fanidan doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Undan keyin birin-ketin mazkur fan bo‘yicha adabiyotlar chiqa boshladi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ham Sport psixologiyasi faniga katta e’tibor berilmoqda, ko‘plab ilmiy ishlar chop qilinmoqda, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari yozilib, himoya qilinmoqda. Mazkur ilmiy tadqiqotlar sportchi ruhiyatining turli qirralarini o‘rganishga, tadqiq etishga qaratilgan bo‘lib, inson ruhiyatining xilma-xil jihatlariga tavsif beradi. Binobarin, sportchi faoliyatining har bir sohasi o‘ziga xos •xususiyatlarga ega. Bu faoliyat turlari sportchi ruhiyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, uni rivojlantiradi, shaxs sifatida kamolga yetkazadi. Sport psixologiyasi fani o‘z predmetini o‘rganish jarayonida jismoniy madaniyat va sport faoliyatining amaliy ahamiyatini o‘zida ifoda etgan quyidagi jihatlariga alohida e’tibor beradi: 1. Insonning o‘zi predmet faoliyati sifatida, ya’ni faqat subyekt emas, balki obyekt sifatida ham qatnashadi. Demak, faqat boshqa kishilar (jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, murabbiy, hakam va sportchi) emas, o‘zi uchun ham tadqiqot obyekti hisoblanishini e’tiborga olish. 2. Jismoniy madaniyat va sport faoliyatining maqsadi tarbiya masalasi bilan shug‘ullanish, ya’ni yoshlarga, talabalarga, sportchilarga jismoniy va ma’naviy tarbiya berish ekanligini hisobga olish. 3. Jismoniy madaniyat va sport insondan jismoniy hamda psixologik kuchlanishni talab qiladigan mehnat sohasi ekanligiga ham diqqat qaratish. 4. Sport faoliyatining hamma sohasini musobaqa tashkil etishini nazarda tutish. 5. Jismoniy tarbiya faoliyatining natijasini sog‘lomlashtirish ta’lim-tarbiya turlarini tashkil etadi. Kishilarni har tomonlama rivojlangan, psixologik soglom yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga yordam berish. 6. Sport psixologiyasi fani sport nazariyasi va amaliyoti bilan birgalikda ish yuritadi. Bu fan nazariy bilim berish bilan birga, amaliy bilimlar berishga ham yo‘naltirilgan. Ibn Sino o‘z davridagi barcha fanlar jumladan, inson ruhiyatini o‘rganuvchi fanlar, shuningdek, jismoniy mashqlar psixologiyasi sohasida ham ahamiyatga molik tadqiqotlar olib bordi. Ibn Sinodan ilgari o‘tgan bir qancha olimlar: Yaqub bin Isaak al-Kindi, Abu Nasr al-Forobiy, Abu Bakr al-Roziy va boshqalar psixologiya masalalariga qiziqqanlar. Ular psixologiyaga doir maxsus asarlar yozgan bo‘lmasalar ham o‘zlarining falsafaga oid asarlarida inson ruhiyatiga oid turli xil masalalarni hal qilishga harakat qilganlar. Ibn Sinoning ilmiy merosini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, buyuk mutafakkir psixologiyaga doir masalalar bilan ko‘proq qiziqqan va maxsus asarlar yozib qoldirgan. Jon to‘g‘risida risola, Psixologiya to‘g‘risida risola, Jon-ruh haqida kitob va boshqalar shular jumlasidandir. Bulardan tashqari, Ibn Sinoning ko‘pgina yirik falsafiy, tibbiy asarlarida («Tib qonunlari», «Shifo beruvchi kitob» va «Donishnoma» kabi) psixologiyaga doir alohida bo‘limlar mavjuddir. Psixologiya muammolariga taalluqli masalalarni yaxlit tizimga solib birinchi marta maxsus asar yozgan olim Arastudir. Shuning uchun uni qadimgi Yunonistonda psixologiyaning asoschisi deb ataydilar. Ibn Sino esa o‘rta asr sharoitida Sharqda psixologiyaga doir masalalarni bir tizimga soldi va maxsus asarlar yozdi. Shuning uchun ham Ibn Sinoni Sharqda psixologiyaga asos solgan olim deb ayta olamiz. Ibn Sinoni psixologiya masalalarini yoritishga qiziqtirgan omil, birinchidan, O‘rta Osiyo, Xitoy, Eron va Hindistonda o‘zidan ilgari yashab o‘tgan olimlar tomonidan yozib qoldirilgan asarlarni o‘rganganligi bo‘lsa, ikkinchidan, antik dunyo olim va faylasuflarining ta’siri hamdir. Chunki, Arastu Ibn Sinoning falsafada «Birinchi o‘qituvchi» sidir. U Arastuning «Jon haqida» gi asari bilan yaxshi tanish edi. Uchinchidan, Ibn Sinoning tibbiyot sohasida olib borgan tadqiqotlari har tomonlama kuzatish, odam anatomiyasi, fiziologiyasini, shuningdek, odamning asab tizimini yaxshi o‘rganishni talab etardi. Shuning uchun ham turli xil kasalliklarni davolash jarayonida kishilarning ruhiy xususiyatlarini amaliy tajribalar orqali bilish zaruratga aylangan edi. To‘rtinchidan, Ibn Sino yosh avlodni o‘qitish va tarbiya masalalarini samarali hal qilishga katta yordam berishini anglagan edi. Arastu kabi Ibn Sino ham odam tanasi va «ruhiy quvvatlar» materiya bilan forma tariqasida bir-biridan ajralmagan holda mavjud ekanligini ta’kidlaydi. Shuning uchun olim ruhiy faoliyat bilan odam salomatligining bir-biriga ta’sir etish kuchi qanchalik katta ekanligini isbot qilishga harakat qildi. Ibn Sino bu sohada mavhum fikr yuritish bilan chegaralanib qolmadi, balki kuzatishlariga tayanib, hayvonlar ustida oddiygina, ammo asosli tajribalar o‘tkazdi. Kishi ruhiy holatlarining organizmga ta’siri har qanday ruhiy jarayonning fiziologik asoslari bilan bog‘liq ekanligini, organizmga tashqi muhitning ta’siri katta bo‘lishini isbotlash uchun Ibn Sino ikkita qo‘zi olib, ulardan birini och bo‘ri yaqiniga bog‘lagan, ikkinchisini esa oddiy tinch sharoitda saqlagan. Har ikkalasiga ham tarozida o‘lchab bir xil miqdorda ovqat bergan. Ko‘p o‘tmay bo‘riga yaqin bog‘langan qo‘zi bo‘rining hamlalaridan qo‘rqib juda ham ozib ketgan va yaxshi boqilishiga qaramay, qo‘rquvdan kasallanib o‘lgan. Oddiy sharoitda saqlangan qo‘zi esa kundan kunga semirib, tetik yashagan. Ibn Sino Arastu an’anasini davom ettirib, u ham Arastudek uch xil «quvvat» bor ekanligini ta’kidladi. Bular: 1) o‘simlik quvvati, olimning fikricha, oziqlanishda, o‘sishda, urchib ko‘payishda; 2) hayvonlardagi ruhiy quvvat ixtiyoriy harakat, istak va sezgilarda; 3) insondagi ruhiy quvvat fikrlash va bilish jarayonida namoyon bo‘ladi. Ibn Sino o‘simlik, hayvonot va insonlardagi uch xil diqqatning o‘ziga xos xossalarga ega ekanligini ilmiy dalillar asosida isbot qilib berdi. Shuningdek, u psixiki hayvonlar bilan insonlarga xosligini ta’kidlab, hayvonlar psixikasining instinktiv xarakterga ega ekanligini ko‘rsatdi. «Instinkt, — deydi Ibn Sino, — shunday quvvatdirki, u hayvon ongida mantiqsiz vujudga keladi, insonga esa ongli, mantiqiy fikrlash xosdir. Miya kishining fikrlovchi organidir». Shuning uchun ham Ibn Sino: «Miya seziluvchi suratlarni idrok qiladi yoki saqlaydi, xayolda saqlangan suratlarni birlashtirib yoki bo‘lib ish yuritadi va shu bilan birga, sezgi orqali kelgan suratlarga o‘xshagan turli suratlarni vujudga keltiradi», — degan xulosaga keladi. Bu jarayonlar Ibn Sinoning fikricha, asablar vositasi bilan sodir bo‘ladi. Uning asablar haqidagi fikrlari, ya’ni asablarning xizmati, asosan, miyaning sezgi va harakatlarni boshqa organlarga berishda vositachi bo‘lishdan iborat, degan fikrlari ilmiy jihatdan g‘oyat qiziqarlidir. Ibn Sino kishidagi asab tizimining tuzilishi haqida fikr yuritar ekan, tibbiyot sohasidagi tasavvurlariga asoslanadi. U asablarning boshlanish joyi bosh miya ekanligini, signal bosh miyadan organizmning barcha tomonlariga tarqalishi va shu tufayli odam tashqi olamdan bo‘ladigan ta’sirga javob qaytarish qobiliyatiga ega bo‘lishini yaxshi tushunadi. Shu bois ulug‘ olim kishi organizmini chiniqtirish va taraqqiy ettirishda tabiat kuchlaridan (quyosh, havo, suv) foydalanish katta ahamiyatga ega ekanligini, jismoniy mashqning kishidagi sezgi organlarini taraqqiy etishida muhim o‘rin tutishini isbot qilib bergan. Ibn Sino kishining anatomik va fiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda jismoniy mashq kishini ketma-ket chuqur nafas olishga majbur qiladigan ixtiyoriy harakat ekanligini qayd etadi. Jismoniy mashq bilan muttasil shug‘ullanadigan kishining ruhi sog‘lom, organizmi juda mustahkam bo‘lib, har qanday kasalliklarni yengib o‘tishga qodir bo‘lishini isbot qilishga harakat qildi. Uning «O‘rtacha suratda va o‘z vaqtida jismoniy mashq bilan shug‘ullanuvchi odam buzilgan xiltlar tufayli kelgan kasalliklarning davosiga muhtoj bo‘lmaydi», - deyishi diqqatga sazovordir. Olim jismoniy mashq bilan shug‘ullanib yurgan kishi birdaniga yashash tartibini buzsa, salomatligiga zarar yetishini ham uqtirib o‘tgan. Bulardan tashqari, u jismoniy mashq bilan muntazam shug‘ullanadigan odamning organizmida keraksiz moddalar to‘planib qolmasligini, badandagi tabiiy issiqlikni oshirishini isbot qilib berdi. Ibn Sino o‘zining mashhur asari «Tib qonunlari»ning birinchi kitobida jismoniy mashg‘ulotni kishining yoshiga, sog‘lomligi yoki kasalligiga qarab, turlicha shakl va usullarda o‘tkazish kerakligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, bolalik, o‘smirlik, yigitlik va qarilik chog‘larida kishi jismoniy mashg‘ulotga turlicha munosabatda bo‘lishi kerakligi masalasini ko‘tarib chiqishi Ibn Sinoning odam anatomiyasi va fiziologiyasini mukammal bilganligidan, kishi organizmining doimo taraqqiy etib borishini ilmiy asosda tushunganligidan dalolat beradi. Buyuk olim uyquning kishi ish faoliyatida sarf qilgan kuchni qayta tiklashda va organizmning to‘la dam olishida juda katta ahamiyatga ega ekanligini alohida uqtiradi. Shuning uchun sog‘lom kishilarga maslahat berib, uyqudan o‘z vaqtida foydalanish, ya’ni keragidan ortiqcha uxlamaslik yoki kishi o‘zini uyqusizlikdan saqlashi kerakligi haqidagi fikrlari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Chunki bularning har ikkalasi ham miya va quvvatni bo‘shashtirib yuborishga sababchi bo‘ladi va natijada, kishi har xil kasalliklarga duchor bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keladi. Ibn Sino keragidan ortiq uxlashning xosiyati yo‘q ekanligini uqtirar ekan, ayniqsa, kunduz kuni uxlash kishining rangini buzishi, taloq kasalini paydo qilishi, asablarni ishdan chiqarishi va turli xil shish, isitma kasalliklariga sabab bo‘lishini ta’kidlaydi. Uyqudan uyg‘ongandan keyin o‘z o‘rnida u yondan bu yoqqa ag‘darilib yotaverish zararli ekanligini, u kishining yalqov bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishini, irodasini bo‘shashtirib yuborishi mumkinligini, xususan, yosh bolalarning xulqiga salbiy ta’sir etib, ularning o‘jar bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini alohida ko‘rsatib o‘tadi. Kishining mehnat yoki jismoniy mashq va sport mashg‘uloti jarayonida sarf qilgan kuchini qayta tiklash va organizmning yaxshi hordiq chiqarishi uchun miriqib, davomli uxlash juda foydali ekanligiga hozirgi zamon tibbiyot fani ham alohida ahamiyat beradi. Ibn Sino ham bu masalani juda to‘g‘ri tushungan va asosan, u kechki, davomli uyquning fazilatini yuqori baholagan. Ibn Sino bolaning ruhiy va jismoniy jihatdan taraqqiy etishida, uni emizuvchi, boquvchi ayolning roli katta ekanligini ta’kidlab, ularning oldiga qator talablar qo‘yadi. Bu talablardan biri shuki, bolani emizuvchi, boquvchi, tarbiyalovchi ona mehribon, yumshoq tabiatli, muloyim so‘z bo‘lishi kerak. U g‘azablanish, achchiqlanish, qo‘rqish kabi salbiy ruhiy hissiyotlarga tez berilib ketadigan bo‘lmasligi kerak. Aks holda, bunday salbiy xislatlar bolani emizuvchi onaning mijozini buzadi, bu esa bolaning fe’l-atvori buzilishiga sabab bo‘ladi. Ibn Sino onaning mo‘tadil sifatlarga ega bo‘lishini, jismoniy baquvvat va ruhiy sog‘lom bo‘lishini maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Olimning ruhiy jihatdan kasal bo‘lgan xotinlarga bolani emizishni taqiqlash kerak, degan fikri ham diqqatga sazovor. Haqiqatan ham, bunday talab bolaning har tomonlama kamol topishida juda katta ahamiyatga egadir. Ibn Sino shaxs kamolotida jismoniy madaniyatning beqiyos ahamiyatga molik ekanligini ta’kidlar ekan, faqat jismoniy mashqqa ta’rif beribgina qolmasdan, uning har xil turlari borligini va ulardan qanday foydalanish kerakligini ham ko‘rsatib o‘tadi. U jismoniy mashg‘ulotning kishi organizmi uchun foydasi katta ekanligini, mashg‘ulotlarga shaxsning ish jarayonida bajaradigan harakatlari va maxsus jismoniy mashq harakatlari ham kirishini uqtirib o‘tadi. Ibn Sino maxsus jismoniy mashqlarni kichik yoki katta, juda tez yoki sekin, ya’ni yengil bajariladigan mashqlarga bo‘ladi. Shulardan tez bajariladigan mashqlarga: tortishish, mushtlashish, tez yurish, nayza otish, qilichbozlik, nayzabozlik, otda yurish, biror narsaga osilish, bir oyoqlab sakrash, ikki qo‘lni silkitish, arqonda yurish, oyoq uchlarida tik turib qo‘llarni oldga va orqaga cho‘zish kabilarni kiritadi. Juda sekin va yengil bajariladigan mashqlarga: arg‘imchoqlarda uchish, qayiq yoki kemalarda sayr qilishni; kuchli mashqlarga esa tosh ko‘tarish, otga yoki tuyaga minish va aravalarda yurishni kiritadi. O‘rta Osiyo xalqlari orasida boshqa ko‘pgina xalqlardagi kabi qadim zamonlardan buyon kurash keng tarqalib kelgan. Kurash kishi organiz-mini chiniqtirishda juda katta o‘rin tutadi. Ibn Sino shuning uchun ham sportning bu sohasiga juda katta ahamiyat berib, uning har xil turlarini yozib qoldirgan. Masalan, kurashning bir turini Ibn Sino quyidagicha tasvirlaydi: «Kurashayotgan kishilardan biri raqibini o‘ng qo‘l tagidan o‘ng qo‘lni, chap qo‘l tagidan chap qo‘lni o‘tkazib, uni quchoqlaydi. Keyinchalik raqibni o‘ziga tortadi va uni o‘ng yoki chap tomon-dan tovlay boshlaydi. Shu kishi yo bukiladi, yo qaddini rostlaydi». Ibn Sino kurashning yana boshqa ko‘pgina turlarini ko‘rsatish bilan cheklanib qolmay, xalq orasida mavjud bo‘lgan kurash turlarini umumlashtirib, targ‘ib ham qiladi. Ibn Sino ko‘rsatgan kurash usullari O‘rta Osiyo xalqlari orasida hozirgacha saqlanib kelmoqda va ular klassik kurash turi bilan xalq orasida e’tiborga sazovordir. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘zbek kurashi bo‘yicha jahon birinchiligi musobaqalari o‘tkazilmoqda. Bu kurash musobaqalari jahon xalqlari bilan do‘stlashish imkoniyatini berish bilan birga, o‘zbek xalqining ichki ruhiy imkoniyatining cheksizligini ham ko‘rsatadi. Ibn Sino kishi organizmidagi har bir organ o‘ziga xos xususiyatga egaligi, shuning uchun ham bir organni chiniqtirishda alohida-alohida mashqlar tanlash va ulardan foydalanish zarurligini ko‘rsatadi. Jumladan, ko‘krak qafasi muskullari va nafas olish organlarini chiniqtirish uchun past, gohida baland tovush chiqarish zarur. Bu mashqlar bilan faqat ko‘krak qafasi yoki nafas organlarigina emas, balki og‘iz va til ham harakatga keladi, ular ham mashq natijasida taraqqiy etib boradi. Bulardan tashqari, nafas olish va nafas chiqarish jarayonida kishining barcha organlari harakat qiladi, qon tomirlari kengayadi. Ibn Sino jismoniy mashg‘ulotlarning ahamiyati va turlari to‘g‘risida fikr yuritibgina qolmasdan, balki u jismoniy mashg‘ulotni kishi organizmi qanday holatda bo‘lganida boshlash kerakligi haqida ham qimmatli maslahatlar beradi. Olimning fikricha, birinchidan, jismoniy mashqni boshlashdan ilgari kishi tanasi toza bo‘lishi, ikkinchidan, iste’mol qilingan ovqat hazm bo‘lgan bo‘lishi kerak. Lekin ovqat hazm bo‘lib oradan ko‘p vaqt o‘tgandan keyin, ya’ni och qoringa jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish yaramasligi, agar kishi katta kuch talab qiladigan jismoniy mashq qiladigan bo‘lsa, bundan faqat zarar ko‘rishi mumkinligi, jismoniy mashqlar bajarishda aniq qoidalarga rioya qilish kerakligini ta’kidlab, quyidagi uch holatga alohida e’tibor berish shart, deb hisoblaydi: 1) «... agar terining rangi yaxshilana borsa, harakatlarni davom ettiraverish mumkin, agar ter chiqa boshlasa, harakatni to‘xtatish kerak; 2) jismoniy mashg‘ulot davomida kishi yengillik sezsa, mashqni davom ettiraverishi mumkin; 3) agar organlar, a’zolar bo‘rtishda davom etsa, mashqni davom ettiraverish mumkin. Agar shu ko‘rsatilgan belgilar, — deydi olim, — yo‘qola borsa, mashqni darhol to‘xtatish kerak». Buyuk olim faqat sog‘lom kishilarning o‘z organizmini chiniqtirish uchun bajaradigan jismoniy mashq turlari va ahamiyatini ko‘rsatibgina qolmasdan, balki kasal, kamquvvat kishilarning ham jismoniy mashq qilishi natijasida kasallikdan qutulish yo‘llarini ko‘rsatishga harakat qiladi. Olim, shu o‘rinda, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanuvchi kishi o‘zining kamquvvat organlarini ortiqcha harakat qildirishdan saqlashi lozimligini alohida ta’kidlaydi. Jumladan, «Harakatlar, — deb izohlaydi Ibn Sino, — organlarning holiga qarab turlicha bo‘ladi. Masalan, oyoq tomirlarining kengayishi kasalligi bilan og‘rigan kishi oyoqning ko‘p harakat qilishini talab qiluvchi mashqlar bilan shug‘ullanmasdan, balki harakatning ko‘pini gavdaning yuqori qismiga, masalan, bo‘yin, bosh va qo‘llarga ko‘chirishi kerak. Gavdaning yuqori qismida qilinadigan harakatlar oyoqlarga kam ta’sir qiladi». Olim jismoniy mashqlarning hamma turlari bilan barcha odamlarning bir xil shug‘ullanishlari yaramaydi, deb uqtiradi. Uningcha, albatta, o‘zining sog‘lig‘iga jismoniy imkoniyatiga qarab mashqni tanlab olishi kerak. «Har bir odam, — deydi Ibn Sino, — o‘ziga mos harakatlarni tanlashi kerak. Arg‘amchilarda uchish kabi yengil mashq isitmadan holsizlangan kishilar uchun, harakat qilish va o‘tirishga qurbi yetmaydigan kishilar uchun muvofiq». Shuningdek, Ibn Sino yana bir qancha kasalliklarni davolashda yengil mashqlardan foydalanish kerakligi to‘g‘risida aniq maslahatlar beradi. Masalan, agar odam ohista tebratilsa, uyquga kiradi va bu harakatdan atrofga yel tarqaladi. Bu harakat, Ibn Sino fikricha, miya kasalliklari natijasida kelib chiqqan parishonxotirlik holatidan xalos bo‘lish hamda ishtahani ochish, tabiatini uyg‘otish uchun foydalidir. So‘rida yotqizib tebratish isitma, qorin ko‘pchishi, buyrak kasalliklariga duchor bo‘lgan kishilar uchun foydali ekanligini ta’kidladi. «Tib qonunlari» birinchi kitobining yakuniy qismida Ibn Sino quyidagi yettita omildan to‘g‘ri foydalanish sog‘liqni saqlaydi va mustahkamlaydi, degan xulosaga keladi. Bular: 1) mizojni mo‘tadil tutish; 2) yeyiladigan va ichiladigan ichimlik va ovqatlarni tanlay bilish (parhez saqlash); 3) badanni tuklardan tozalash; 4) burunga tortiladigan havoning tozaligi va yetarliligiga e’tibor berish; 5) qaddiqomatni to‘g‘ri tutish; 6) qulay va ixcham kiyinish; 7) jismoniy va ruhiy harakatlarni me’yorida bajarish. Ibn Sinoning jismoniy madaniyat sohasidagi fikrlarining xarakterli tomoni shundaki, bu masalani u kishi faoliyatining boshqa tomonlaridan ajralgan holda emas, balki insonning barcha faoiiyati bilan chambarchas bog‘liq holda olib qaradi. Chunki Ibn Sino jismoniy madaniyatni bolaning yoshiga, kuchiga va hayotiy tajribasiga yarasha olib borish kerakligini, jismoniy mashqlar kishi organizmini mustahkamlash bilan bir qatorda, u kishining ruhini tetiklashtirishga, aqliy qobiliyatining o‘sishiga ham katta yordam berishini uqtirdi. Shu nuqtai nazardan Ibn Sinoning kishilar kundalik jismoniy hayoti masalalariga qiziqqanligi va unga o‘z vaqtida bergan ilmiy va amaliy javoblari Sport psixologiyasi fanining vujudga kelishida muhim o‘rin egallaydi. O‘rta asr sharoitida buyuk mutafakkirning jismoniy madaniyat sohasidagi qarashlarni tabiiy-ilmiy jihatdan asoslab berishi o‘sha davrga nisbatan juda katta ijobiy ahamiyatga ega bo‘lib, uning jismoniy madaniyat to‘g‘risidagi ko‘pgina fikrlari hozirgi davrda ham o‘z kuchini yo‘qotgan emas. Ota-onalar, tarbiyachilar, jismoniy madaniyat o‘qituvchilari, murabbiylar bu fikrlardan sharoit va vaziyatga mos ravishda o‘z amaliy faoliyatlarida foydalanishlari maqsadga muvofiq. Temuriylar hukmronligi davrida o‘zbek feodal davlati hayotida harbiy san’at hamda jismoniy mashqlarning xilma-xil turlari yanada rivoj topdi, xalqning o‘zligini anglash darajasi o‘sdi. Temur va uning lashkarboshilari harbiy yurishlarida jangchilarning jismoniy chiniqqan, baquvvat va epchil bo‘lishi, ularning mahorati va jasorati ayovsiz janglarning taqdirini hal qilishini chuqur anglagan. Shu bois lashkarning harbiy san’atni ham ruhan, ham jismonan puxta egallashiga jiddiy e’tibor berishgan. Temur saroyiga kelgan ispan sayyohi Rui Gonsales de Klavixo egniga yengsiz kalta kamzulga o‘xshatib tikilgan charm libos kiyib olgan ikki polvon tik turib olishishini, bir-birini yiqitishga astoydil harakat qilishini, nihoyat, ulardan biri ustun chiqib, raqibini yerga ag‘darib, ancha vaqtgacha uning turib olishiga yo‘l qo‘ymay bosib yotishini, agar yiqilgan polvon o‘rnidan turib ketsa, yiqilgan hisoblanmasligini o‘z kitobida g‘oyat qiziqarli bayon qilgan. Bizningcha, bu qimmatli ma’lumotlar o‘zbekcha kurashning yana bir turi — hozirgi erkin kurash uslubiga juda o‘xshash Buxorocha kurash to‘g‘risida bo‘lsa kerak. Ancha vaqtgacha uning turib ketishiga yo‘l qo‘ymay bosib yotganligi haqidagi qaydlar hozirgi kurashda raqibni yiqitish, uni muayyan vaqtga qadar shu holatda ushlab turish qoidasiga o‘xshaydi. Urush oqibatini ko‘pincha ikki jangchi-pahlavonning bevosita olishuvi hal etgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham e’tiborga sazovordir. Tarixiy manbalar bizga bu haqda bir qator qimmatli ma’lumotlarni yetkazib kelgan. Masalan, Sharafutdin al-Yazdiy o‘zining «Zafarnoma» kitobida Temurning Xorazm xoni Husayn So‘fiyga ikki o‘rtadagi nizoni urush bilan emas, balki yakkama-yakka olishuv yo‘li bilan hal etishni taklif qilganligi to‘g‘risida ma’lumot beradi. O‘zbek xalqining turmushida turli xil jismoniy mashqlar, ayniqsa, chavandozlik poygalari va kurash keng tarqalganligini tasdiqlovchi boshqa dalillar ham bor. Masalan, «Boburnoma» da temuriylar sulolasidan bo‘lgan mashhur sarkarda va davlat arbobi Muhammad Bobur (1483—1530) o‘zining harbiy yurishlaridan birini bayon qilib, manzilgohda polvonlar kurashga tushgani, qayiqchi pahlavon Lohuriy Do‘st Yosin Xayr degan polvon bilan olishgani, ikkalasi uzoq kurashgani, Do‘st Yosinni juda qiynalib yiqitganini yozgan. Safarlarning birida Odampur orolida Sodiq bilan Kulolni kurashga tushirmoqchi bo‘lganini Bobur quyidagicha ta’riflaydi: «Ushbu kun Sodiq bila Kulolni kushtiga solduk. Kulol da’vo bila kelib edi, Ograda kushti tutmoqqa yo‘l kuftini uzr aytib, yigirma kun muhlat tiladi. Qirq-ellik kun muhlatidan o‘tdi. Bugun zarur bo‘ldi, kushti tutti. Sodiq yaxshi kushti tutti, xili oson yiqti. Sodiqqa o‘n ming tanga va egarlik ot va bosh-oyog‘ va tugmalik chakman in’om bo‘ldi. Bovujudki, Kulol yiqilib edi, mayus qilmay, anga ham sarupo va uch ming tanga in’om bo‘ldi...». «Safarlarning yana birida, payshanba kuni pahlavon Sodiq bilan Ulug‘ Udiy kushtigir kushti tuttilar. Sodiq chikora yiqti. Xili tashvish tortti...». «Yigitlar bir pora sho‘xluq qildilar, bir pora kushtigirlik qildilar. Soki Muhsin da’vo qildiki, to‘rt-besh kishini miyon-girlik qilurmen. Bir kishi bila tutti, yiqilayozdi. Ikkinchisi Shodmon edi, Muhsinni yiqti. Hijil va munfail bo‘ldi. Kushtigirlar ham kelib, kushti tuttilar». Ularning hammasi bu polvondan yengilgan. Bobur o‘sha davrning mashhur polvoni Muhammad Abu Saidga yuksak baho berib, uni «tengi yo‘q pahlavon» deb atagan edi. Bobur o‘z xotiralarida mushtlashish musobaqalarini ham tilga oladi va bir joyda o‘shlik «urushqoqlar» birinchilikni olganini yozadi. «Boburnoma» da keltirilgan dalillar shuni tasdiqlaydiki, bu davrda sport jangovar xarakterga ega bo‘lgan. Masalan, Boburning yozishicha, uning zamondoshlari orasida bir zarb bilan otni qulata oladigan odamlar ham bo‘lgan. Bu esa hozirgi boks uzoq o‘tmishdagi mushtlashish janglaridan kelib chiqqanini ko‘rsatadigan yana bir dalildir. Bobur zamonida shaxmat o‘yini ham keng rivojlangan. Zunnun degan bir shaxs shatranjga shunday qiziqar ekan: «Agar odamlar bir qo‘l bilan o‘ynasalar, u ikki qo‘li bilan o‘ynar edi» — deydi Bobur. Mir Murtoz ismli boshqa bir odam esa shaxmatga shu darajada qiziqar ekanki, agar u ikki muxolif bilan uchrashgudek bo‘lsa, biri bilan o‘ynab, ikkinchisining ketib qolmasligi uchun etagidan ushlab turar ekan. Yoshligidan merganlik, mushtlashish, qilichbozlikni ko‘p mashq qilgan, uchar qushning ko‘zidan uradigan darajada mergan bo‘lib yetishgan Bobur otasi vafotidan keyin, o‘n ikki yoshida taxtga o‘tiradi. U yosh bo‘lishiga qaramasdan turli harbiy va jismoniy mashqlar bilan bek akalari rahbarligida muntazam shug‘ullangan. Masalan, chavandozlikka juda qiziqqan yosh podshohning chorbog‘ ichida chavandozlarni mashq qilishi P. Qodirovning «Bobur» romanida quyidagicha tasvirlanadi: "Otni choptirib borib birdan jilovini qo‘yib yuborar, kamonga chapdastlik bilan o‘q o‘rnatib, chopib borayotgan ot ustidan nishonga olar edi. Mazidbek sopiga sadaf qadalgan yoy o‘qini nishondan avaylab sug‘urib oldida, qanchalik chuqur botganini barmog‘i bilan o‘lchab ko‘rdi: «Bilagingizda kuch ko‘p, amirzodam! SHerpanjasiz...». Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan «Bobur» («SHer») laqabini olgan Bobur maqtovni o‘ziga olgisi kelmadi: «SHerpanja deb otamni aytsinlar. Men ko‘rganmen, zarblari bundan o‘n hissa ortiq. Musht ursalar, eng zo‘r yigitni ham yiqiturlar». Adabiyotlar: 1. I.A. Karimov. O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li. —T.: O‘zbekiston, 1992. 2. I.A. Karimov. O‘zbekiston XXI asrbo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari. —T.: O‘zbekiston, 1997. - 326-bet. 3. I.A. Karimov. O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda. — T.: O‘zbekiston, 2000, 352-bet. 4. I.A. Karimov. Xavfsizlik va tinchlik uchun kurashmoq kerak. - T.: O‘zbekiston, 2002. 5. I.A. Karimov. Tinchlik va xavfsizligimiz o‘z kuch-qudratimizga, hamjihatligimiz va qat’iy irodamizga bog‘liq. — T.: O‘zbekiston, 2004. 6.1.A. Karimov. Yuksak ma’naviyat - engilmas kuch. - T.: Ma’naviyat, 2008, 176-bet. 6. O‘zbekiston Respuu’ikasining ta’lim to‘g‘risidagi qonuni. — T.: O‘zbekiston, 1997. 8. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi. — T.: O‘zbekiston, 1997. 9. O‘zbekiston Respublikasida Oliy ta’limning me’yoriy hujjatlari. - T.: 2001. 7. Oliy ta’lim. Me’yoriy hujjatlar to‘plami. I qism. — T.: 2001. II qism. - T.: 2003. 8. Oliy ta’limning davlat ta’iim standartlari, asosiy qoidalar. Oliy ta’lim to‘plami. - T.: 2001.