logo

Magnoliyasimonlar ajdodi - magnoliopsida, dicotyledones. Magnoliyakabilar kichik ajdodi – magnoliidae

Yuklangan vaqt:

15.12.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

364.505859375 KB
Magnoliyasimonlar ajdodi - magnoliopsida, dicotyledones. Magnoliyakabilar kichik ajdodi – magnoliidae Reja: Magnoliyanamolar qabilasi – Magnoliales Magnoliyadoshlar oilasi – Magnoliaceae Lavrnamolar qabilasi – Laurales Lavrdoshlar oilasi - Lauraceae Nilufarnamolar qabilasi – Nymphacales Nilufardoshlar oilasi - Nymphaeaceae Bu ajdodning muhim va o’ziga xos xususiyati murtagining ikki urug’pallali bo’lishidir. Ammo kamdan - kam hollarda urug’pallalar 1 ta yoki 3 - 4 ta bo’lishi ham mumkin. Barglari bandli, ba’zan o’troq; asosan patsimon, to’rsimon, panjasimon, ba’zi hollardagina parallel yoki yoysimon (chinnigul, zubturum) tomirlangan. Poyada kambiy halqasi mavjud. Shu sababdan ikkilamchi yo’g’onlashishga ega. Po’stlog’i va o’zagi aniq shakllangan. Murtak ildizidan bosh ildiz hosil bo’ladi va u o’q ildiz sifatida o’simlik umrining oxirigacha saqlanadi. Vakillari o’t va qisman daraxtlar. Gullari aksariyat 5 qismda 4 a’zoli (jag’-jag’, qurttana, zubturum) bo’lib, ba’zi turlaridagina 3 a’zoli (magnoliya, lavr, otquloq, rovoch va boshqalar), changlari asosan 3 egatchali, ba’zan bir egatchali (sodda oilalar vakillarida). Keyingi klassifikatsiyalarga binoan (A. Taxtadjyan, 1987) Magnoliyasimonlar ajdodi 8 kichik ajdod, 429 oila, 10000 ga yaqin turkum va 190000 dan ko’proq turlarni birlashtiradi. Shu jumladan, Markaziy Osiyoda 125 oilaga mansub 8130 tur, O’zbekistonda esa 138 oila, 1023 turkumga birlashgan 4500 ga yaqin turlar bor. MAGNOLIYAKABILAR KICHIK AJDODI – MAGNOLIIDAE Vakillarining ko’pchiligi daraxt o’simliklar, parenxima to’qimalarida efir moylari ajratuvchi hujayralari borligi bilan xarakterlanadi. Ayrimlarining yog’ochlik qismida o’tkazuvchi naylari yo’q. Gullari ikki jinsli, ayrim turlarida bir jinsli. Gul qismlari gulo’rniga asosan spiral, ba’zan yarim spiral yoki doira hosil qilib o’rnashgan, changlari 1-2 (5-6) egatchali. Ginetsey (urug’chi) asosan apokarp, ayrimlarida sinkarp yoki parakarp. Urug’laridagi murtagi juda mayda, endosperm yaxshi rivojlangan. Magnoliyakabilar gulli o’simliklarning ancha qadimiy guruhlarini o’z ichiga oladi, ammo ko’pchilik turlarida ham qadimiylik va ikkilamchi murakkablashuv belgilarini ko’rish mumkin. Hozirgi magnoliyakabilar qachonlardir juda rivojlangan qadimgi sodda gulli o’simliklarning fragmentlari hisoblanadi. Shu sababdan ular orasida „tirik qazilma" sanaluvchi turlar ancha. Magnoliyakabilar kichik ajdodi 18 qabilani o’z ichiga oladi. Quyida shulardan Magnoliyanamolar (Magnoliales), Vinteranamolar (Vinterales), Lavrnamolar (Laurales) va Nilufarnamolar (Nymphaeales) kabi 4 qabila haqida ma’lumotlar keltiriladi. Magnoliyanamolar qabilasi – Magnoliales Daraxt yoki butalardan iborat, barglari navbat bilan joylashgan, butun, yon bargchali va ular odatda qo’shilib o’sgan, ba’zan yon bargchasiz, patsimon tomirlangan. Yog’ochligida traxeidlardan tashqari narvonsimon yoki oddiy perforatsiyali naylar ham mavjud (ba’zi magnoliyalarda). Gullari bittadan yoki to’pgulda o’rnashgan, yirik, antomofil, ikki jinsli. Changchilari ko’p, yassi tasmasimon ipchali. Urug’chi (ginetsey) odatda ko’p, apokarp-mevachibarglari (karpellalari) ning asosi qisman tutash. Mevalari turlicha, ammo asosan to’p bargak. Urug’larida endosperm asosiy qismni egallagan, murtagi esa juda mayda. Magnoliyanamolar (Magnoliales) qabilasining ajdodlari gullarida strobila tuzilishining belgilari saqlangan. Gul qismlarining soni noaniq, ko’p va spiralsimon, erkin joylashgan, shu bois unga qadimgi gulli o’simlikning vakili deb qaraladi. Hozirgi sistemaga ko’ra magnoliyanamolar qabilasiga uchta oila birlashtiriladi: Degeneriyadoshlar (Degeneriaceae), Gimantandradoshlar (Himantandraceae) va Magnoliyadoshlar (Magnoliaceae). Magnoliyadoshlar oilasi – Magnoliaceae Oilaning 12 turkumga mansub 240 turi mavjud. Asosan Janubi - Sharqiy Osiyo va Shimoliy Amerikaning tropik va subtropik iqlimli qadimiy daraxtlarga boy hududlarida tarqalgan. Ular doim yashil yoki barglarini to’kuvchi daraxt va butalardan iborat. Barglari navbatlashib joylashgan, to’kiluvchan yonbargli, bandli, oddiy, chetlari tekis yoki bo’lakli, efir moylar ishlab chiqaruvchi ichki bezchalari bor. Ba’zi turkumlari ( Drimys ) ning yog’ochligida o’tkazuvchi naylar bo’lmaydi. Xuddi ochiq urug’lilardagidek faqat hoshiyador teshikchali traxeidlardan iborat. Gullari cho’ziq gulo’rinli, aktinomorf, ikki jinsli, 3 a’zoli, entomofil, gulqo’rg’on bo’laklari 8-12 ta, oq, sariq, pushtirang: spiral, ba’zan doira hosil qilib o’rnashgan. Changchilari va urug’chilari ko’p. Ginetsey apokarp, ba’zan qisman asosidan qo’shilgan, tugunchasi ustki. Gul formulasi: Ca 3 Co 3+3 A ∞ G ∞ . Mevasi qanotchali urug’li to’p bargak, ninabarglilarning qubbasini eslatadi (magnoliyalarda) yoki qanotli yong’oqchalar to’plami ko’rinishida (lola daraxtida). Magnoliyadoshlar oilasi turlarining tuzilishiga qarab 2 kichik oilaga ajratiladi: 1. Magnoliyadoshchalar - Magnolioideae 2. Liriodendrondoshchalar - Liriodendroideae. Magnoliyadoshlar kichik oilasi 13 turkumdan iborat bo’lib, oilaning markaziy qismini tashkil etadi. Magnoliyadoshchalar (Magnolioideae) ning keng tarqalgan turkumlaridan biri Magnoliya - Magnolia turkumidir. Uning 78 turi mavjud bo’lib, asosan Shimoliy Amerikaning Atlantika okeani bo’yi hududlarida, qisman Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan. Bargchasi yirik bargli, keng shox-shabbali daraxtlardir. Ularning bir nechta turlari manzarali daraxtlar sifatida o’stiriladi. Shu jumladan yirik guli magnoliya ( Magnolia grandiflora ) diqqatga sazovordir. Vatani Florida, Qrimda, Kavkazda ko’plab ekiladi, qisman O’zbekistonda ham o’stiriladigan bo’yi 30 m gacha yctadigan daraxt. Barglari qisqa bandli, yirik, terisimon, silliq, chetlari tekis, yonbargchali. Gullari sarg’ish oq, uzunligi 10 sm cha, nafis hidli, 6-12 gultojibargchali, changchilari va urug’chilari ko’p. Gul qismlari gulo’miga spiral shaklda joylashgan. Ginetseyning tumshuqchasi yo’q, changni urug’chibargning ustki qismi orqali ushlaydi. Mevalari bargak, to’pmevasi yirik, 6-7 (10) sm cha keladi va tashqi ko’rinishi qisman qarag’aylarning qubbasini eslatadi (23-rasm). Dastlab O’zbekistonga 1870-yillarda keltirilgan. Ajoyib manzarali daraxt. Bundan tashqari, O’zbekistonda yulan magnoliya ( M. yulan ) o’stiriladi, vatani- Xitoy, kuzda bargini to’kadi, bahorda barg chiqarmasdan oldin gullaydi, guli oq pushti, hidsiz, Toshkent ko’chalarida, gulzorlarda o’stiriladi. Magnoliyalarning yog’ochidan pardozlovchi materiallar, M.hypoleuca turining yog’ochidan Xitoy va Yaponiyada rasm solish uchun ishlatiladigan ko’mir tayyorlanadi. Liriodendrondoshlar oilachasi (kichik oila) bitta turkumdan ( Liriodendron ) iborat. Uning Lola daraxti ( L. tulipifera ) va Xitoy liriodendroni ( L.sinessis ) kabi 2 ta turi bor. Lola daraxtining vatani Shimoliy Amerika, bo’yi 60 metrgacha yetadigan, barglari 4 bo’lakli, uchi yirik, o’yilgan, guli to’q sariq, gultojining asosi qora dog’li va shaklan lola guliga o’xshash chiroyli manzarali daraxt. O’zbekistonda (Samarqand, Toshkent, Farg’ona) 1876-yillarda ekilgan. Yog’ochipardozlovchi material sifatida ishlatiladi. Xitoy liriodendroni yovvoyi holda Xitoyning Kiangsi viloyatida o’sadi va lola daraxtiga juda o’xshaydi. 23-rasm. Uchtojbargli magnoliya ( M. tripelata ). 1. Mevali novdasi, 2. Guli, 3. Changchisi (orqadan ko’rinishi ), 4. Changchisi (olddan ko’rinishi) 5. Ginetsiyning ko’ndalang kesimi, 6. Mevachibargning ochilishi  Lavrnamolar qabilasi – Laurales Qabilaning 11 oilaga mansub 68 turkumi, 1100 ga yaqin turi mavjud. Ular Janubi-Sharqiy Osiyo, Avstraliya va Braziliyada tarqalgan. Ko’pchiligi daraxt va butalar, qisman daraxtsimon lianalardir. Lavrnamolarning markaz.iy va turlarga ancha boy oilasi Lavrdoshlar (Lauraceae) dir, u 2500-3000 gacha turni o’z ichiga oladi. Barcha turlari Janubi- Sharqiy Osiyo va Amerikaning tropik hududlarida, ayrim turkumlari esa ikkala yarimshaming mo’tadil iqlimli mintaqalarida ham tarqalgan. Mevasi danak meva yoki rezavor. Oilaning ko’pchilik turlari oziq - ovqat, dorivor, xushbo’y ta’mli, texnikaviy, qimmatli yog’och beradigan, manzarali daraxtlardir. Lavrdoshlar filogenetik jihatdan magnoliyanamolarning ancha sodda turkumlaridan kelib chiqqan, deb taxmin qilinadi. Lavrdoshlar uchlamchi davrda Yer yuzida, hatto hozirgi mo’tadil va sovuq iqlimli mintaqalarda ham keng tarqalgan. Ba’zi turlarining qoldiqlari Shimoliy yarimshaming Neogen va Paleogen davri qatlamlaridan topilgan. Lavrdoshlar oilasi - Lauraceae Oila 45 turkum, 2500-3000 turni uz ichiga oladi. Lavrlar doim yashil daraxt, buta, ba’zan xlorofillsiz, parazitlik bilan hayot kechiruvchi turlardan iborat. Lavrlar asosan tropik va subtropik hududlarda usadi. Barglari oddiy yoki murakkab, ketma-ket yoki qarama-qarshi joylashgan. Gullari barg qo’ltig’idagi ro’vaksimon yoki shingilsimon to’pgulda joylashgan, aktinomorf, bir jinsli yoki ikki jinsli, mayda, gulqo’rg’oni oddiy, changchilari 12 ta, 3 qator bo’lib joylashgan, urug’chisi bitta mevachi bargdan iborat. Mevasi danakcha yoki rezavor meva. Bargida efir moylari bor. Ziravor (bargi) sifatida ovqatga ishlatiladi. Madaniy sharoitda oilaning Laurus nobilis nomli turi ekiladi (24-rasm).  Nilufarnamolar qabilasi – Nymphacales Suvda, botqoqliklarda o’suvchi ildizpoyasi yirik bargli ko’p yillik o’tlar. Suvda yashagani uchun poyalari reduksiyalangan. O’tkazuvchi naychalari yo’q. Ildiz tukchalari po’stlog’ining eng tashqi hujayralaridan hosil bo’ladi. Gullari yirik, bittadan, ikki jinsli, gul qismlari spiral yoki doira ko’rinishida o’rnashgan. Gulqo’rg’oni ikki qavat, changchilari ko’p. Ginetsey apokarp yoki ko’pincha sinkarp va 2-35 mevachibargdan hosil bo’lgan, tumshuqchasi o’troq nursimon ( Nympha ) yoki bitta konussimon. Urug’kurtaklari 1-3 ta. Mevalari ko’p bargak, ba’zan ko’p yong’oqeha. Murtaklari juda kichik, perispermli, endosperm kam. 24-rasm. Lavrdoshlar: Saxiy lavr ( Laurus nobilis ). 1. Urug’chi guli va mevali novdasi, 2. Changchili guli, 3. Urug’chili guli, 4. Avokado mevasi, 5. Gulli va bargli novdasi. 6. mevasi  Nilufarnamolar qabilasi (Nymphaeales) morfologik xususiyatlari, ekologiyasi va Yer yuzida tarqalish areallariga ko’ra 3 oilaga bo’linadi: 1) Kabombadoshlar (Cabombaceae); 2) Nilufardoshlar (Nymphaeaceae); 3) Barklaydoshlar (Barclayaceae). Nilufardoshlar oilasi - Nymphaeaceae Oila tarkibiga 3 oilacha, 5 turkumga mansub 60-80 tur kiradi. Barcha turlari ildizpoyali, ko’llarda, botqoqliklarda o’sadigan, barglari yirik va uzun bandli o’simliklar. Gullari yirik, aktinomorf, qismlari spiral joylashgan va noaniq ko’p sonda, tugunchasi ustki yoki ostki. Gul formulasi: Ca 3+5 Co ∞ A ∞ G ∞ . Mevalari yong’oqcha, rezavor. Asosan manzarali, qisman oziq-ovqatga ishlatiladigan o’simliklar, ildizpoya va urug’lari kraxmal hamda oshlovchi moddalarga boy. Nilufardoshlar 3 kichik oilaga bo’linadi: Nilufardoshchalar (Nymphaeoideae), Nufardoshchalar (Nupharoideae), Evraliyadoshchalar (Euryaloideae). Nilufardoshchalardan O’zbekistonda 1 turi Nilufar ( Nymphaea candida ) tarqalgan. Nilufar turkumning 40 turi biri bo’lib, Amudaryo quyidagi ko’llarning qirg’oqlarida va botqoqlarda o’sadi. Barglari yuraksimon yoki doirasimon, oval, uzun bandli. Gullari oq, hidsiz, tojlari 3,5-5,5 sm, kosachabarglari yashil, asosi to’rtburchakli, tojiga teng. Mevasi tuxumsimon. lldizpoyasida 20 %, urug’larida 47 % gacha kraxmal bor. Chiroyli manzarali o’simlik, hovuzlarda ko’paytirish mumkin. Nufardoshchalardan esa faqat Nufar ( Nuphar luteum ) (turkumining 10-12 turi bor) tarqalgan. Amudaryo quyidagi ko’llarda o’sadi. Suvosti barglari qisqa bandli, yaprog’ining cheti tekis, to’lqinsimon, suzuvchi barglari uzun bandli, bandining uchi uch qirrali, yaprog’ining asosi yuraksimon. Gullari sariq, hidli, tojbarglari 1,0- 1,2 sm, kosachabarglaridan 3 marta kalta. Mevasi cho’ziq, tuxumsimon (25, 26- rasmlar). Evraliyadoshchalardan Amazonka daryosi havzasida keng tarqalgan Viktoriya ( Victoria ) turkumining 2 turi mavjud. Eng ajoyib chetlari yuqoriga egilgan, yirik bargli (diametri 2 m cha) turi shohona viktoriyadir ( Victoria regia ). Barg tomirlari ancha yo’g’on va bargi 50 kgdan ko’proq yukni ko’tara oladi, gullari nilfiyaning guliga o’xshash, ichidagi harorat muhit haroratidan 10-15 °C yuqoriroq bo’lishi kuzatilgan. Guli yirik, xushbo’y, nihovatda chiroyli bo’lib, diametri 40 sm ga yetadi va 3 kecha-kunduz davomida ochilib turadi. Ammo gulining rangi har kuni o’zgarib har xil tusga kiradi. G’unchaligida gultojlari oq, ochilishidanoq pushti; ikkinchi kuni to’qqizil, uchinchi kuni esa tiniq och qizil rangga bo’yaladi. Mevasi nilfiyaning mevasiga o’xshash, ammo ycyilmaydi. Uning boshqa turi butsimon viktoriya ( V. cruciana ) kabi shohona viktoriya ham yirik oranjereyalarda manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. O’simlikning ildizpoyasida nimfain va nufarin alkaloidi, oshlovchi moddalar, 20 % kraxmal, 5-6 % glyukoza, urug’ida 45-47 % kraxmal bo’ladi. Guli qaynatmasi surgi sifatida, sariq kasalligida, uyqusizlikda, ildizi qaynatmasi (qandsiz) ich ketishga qarshi, ildizpoyasi qaynatmasi buyrak va siydik pufagi kasalligida ishlatiladi. 25-rasm. Oq nilufar ( Nymphaea candida ). 1. Gulining tuzilishi, 2. Mevasi, 3-5. Changchilarini tojibargga aylanishi 26-rasm. Nilufardoshlarning vegetativ ko’payishi : 1. Sariq nilufarning ildizpoyasi, 2. Tugunakli nilufarning ildizpoyasi, 3. Oq nilufar tugunagi, 4. Meksika nilufarining banansimon tugunagi, 5. Tiriktug’ar maydagulli nilufar  Nilufarnamolar qabilasi evolutsion jihatdan magnoliyanamolarga yaqin va ularning ayrim qadimiyroq guruhlaridan kelib chiqqan bo’lishi mumkin. O’tkazuvchi naylarining yo’qligi, gul qismlarining joylashuvi, changchilarining bir egatchali bo’lishi ularning umumiy belgilaridir. Suv muhitida evolutsion jarayon natijasida esa nilufarnamolarning vegetativ a’zolari kuchli degeneratsiyaga uchragan va shunisi bilan magnoliyanamolardan keskin farq qiladi. Nilufarnamolarning qadimiylik alomatlari ularning guli o’simliklar evolutsiyasining dastlabki bo’g’inlaridan biri ekanligidan dalolat beradi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YXATI: 1. Pratov O`., Shamsuvaliyeva l., Sulaymonov E., Axunov X., Ibodov K., Mahmudov V. Botanika . Darslik. Toshkent “Таълим нашриёти” 2010, 285 bet. 2. Pratov O`., Nabiyev M. O`zbekiston yuksak o`simliklarining zamonaviy tizimi. Toshkent “O`qituvchi”, 2007. 62 bet. 3. Жизнь растений I-VI том. Москва, 1974-1982. 4. Czerepanov S.K. Vascular plants of Russia adjacent states (the former USSR) Cambridge University press, 1995. 516 p. 5. Takhtajan A. Flowering Plants. New York, 2009. 381 p. 6. Тадтаджян А. Система магнолиофитов. Ленинград, Изд. “Наука”, 1987. 439 с. 7. Пратов У., Тажетдинова Д. “Определитель растений Средний Азии” нинг I-X томларида келтирилган ўсимлик оилалари, туркумларининг лотинча, русча, ва маҳаллий номлари (қўлланма). Тошкент, 2010. 35 бет.