logo

Badiiy asar-betakror olam Mazmun va shaklning uzviy birligi Xarakter – ham mazmun ham shakl hodisasi

Yuklangan vaqt:

08.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

81.5 KB
Badiiy asar-betakror olam Mazmun va shaklning uzviy birligi Xarakter – ham mazmun ham shakl hodisasi Pafos Badiiy pafos O’tkan kunlar haqiqati Reja: 1. К irish 2. Badiiy asar-betakror olam Mazmun va shaklning uzviy birligi 3. Xarakter – ham mazmun ham shakl hodisasi 4. Pafos Badiiy pafos 5. O’tkan kunlar haqiqati Badiiy asar “abadiyatni bezaydigan, umri boqiy va mag’zi to’q go’zallik” (A.Qahhor) ekan, demak, hayot adabiyotga saralanib, tozalanib, poklanib-badiiylashtirib (badiiy haqiqatga aylantirilib) kiritiladi; “ya’ni u qayta bichiladi, qayta tikiladi” va bo’lishi mumkin bo’lgan yangi voqyelik (V.Belinskiy) yaratiladi. Bu voqyelik mazmuni xarakterlar olami orqali harakatda va rivojda ifoda etiladi. Bu hayot to’laligi va boqiyligi bilan kitobxonda kuchli hayajon va zavq uyg’otadi. Badiiy asar hayotning o’ziga xos yaxlit, mustaqil bir parchasini qaytadan jonlantirarkan, juda ko’plab betakror va murakkab jarayonlarni boshidan kechiradi, ayni paytda, har biri yakka olam (asar) bo’lib dunyoga keladi. Mavzu va g’oya, obraz va xarakter, syujet va kompozisiya, badiiy til va uslub, tur va janrlar kabi vositalar asarning mukammalligini, badiiyligini ta’minlashga xizmat qiladilar. Ular har bir asarda betakror tarzda uyg’unlashadilar va jonli bir “vujud”ni – badiyatning aniq bir farzandini dunyoga keltiradilar. Bu jarayonni qismlarga bo’lib tekshirish g’oyatda qiziqarli va dolzarbdir. Demak, adabiyot haqidagi tushuncha va mushohadalar to’liq bo’lishi uchun aniq badiiy asarning tahlilini zaruratga aylantiradi; ana shu asos badiiylikning qonuniyatlarini yanada ravshanlashtiradi, badiiy ijodning biz hozirgacha e’tibor qilmagan mag’izli xususiyatlarini ayonlashtiradi. Bularning birlamchisi badiiy asar (dunyodagi hamma narsa)da tashqi va ichki hayotning mavjudligi va ular o’rtasidagi vobastalikning uzviy aloqasidir. “Adabiy asarning joni-uning mazmuni, lekin bu jonning jon bo’lishi uchun jasad ham kerak. Jonni jasadsiz tasavvur qilish mumkin emas” (A.Qahhor). Badiiy asarning bosh mazmuni yozuvchi ifoda qilmoqchi bo’lgan g’oya bo’lsa, ana shu g’oya badiiy tarzda obrazlarda o’z aksini topadi. Obrazlilik hayotni aks ettirishning usulidir. Obrazlilik (obraz) xarakter tasviri orqali voqye bo’ladi. Xarakter (obraz) badiiy asarda mavzu va g’oya, syujet va kompozisiya, badiiy til kabi vositalar orqali yaratilar ekan, bu unsurlarning hammasi ham shakl sanaladi. Demak, badiiy asar mazmunining “libosi”, qobig’i, jasadi-shakldir. Mazmun shaklga nisbatan doimo yetakchilik qiladi (sifat belgisi unda joylashadi), doimo o’ziga munosib qobig’ni yaratadi. Jumladan, turlar va janrlar (epos, lirika, drama; roman, g’azal, tragediya kabi) o’z mazmun ko’lami, mazmunning keng yoki tor ifoda etish darajasiga ko’ra farqlanadi. “Ijodiy jarayon aslida haqqoniy, ya’ni salmoqdor mazmunni yorqin ifoda etishga qodir shaklni axtarishdan iborat” (I.Sulton), uni topish, kashf etish doimo qiyin kechadi.     Abdulla Qodiriy “O’tkan kunlar” romaniga tegishli manbalarni to’plagan, qo’li qalamga xiyla kelib qolganiga qaramay, g’arb romanchiligi asosida kattaroq bir asar yaratish havasi bo’lsa-da, tinchlik bermayotgan tarixiy voqyealarni bir ipga tizishni, qanday boshlashni aniq tasavvur qila olmaydi. Kunlardan birida otasining qadrdonlaridan biri mehmon bo’lib keladi. Mehmondan otasi “ Andijondagi xotiningizdan necha bolangiz bor?” - deb so’raydi. Ularning suhbatidan yozuvchi bu mehmon toshkentlik bo’lib uyli-joyli, bola-chaqali kishi ekanligini, yoshligida savdo vaji bilan Andijonda uzoq vaqt istiqomat qilganini, uylanganini, bola chaqali bo’lganini va keksaygach, o’z shahriga qaytib kelganini anglaydi. Mehmonning ana shu sodda tarixi “O’tkan kunlar” romanning shaklini chizib beradi. Ijodiy reja o’z shaklu tamoyilini topgandan so’ng roman voqyealari asta-sekin rivojlana boshlagan, 5-6 oy ichidagi ijodiy izlanishlar natijasida roman biz bilgan “O’tkan kunlar” shakliga kelgan va u tug’ilgan. “O’tkan kunlar” romanida tasvirlangan XIX asrning ikkinchi yarmi – tariximizning eng kirlik, qora kunlari” g’oyasi Otabek, Kumush, Yusufbek hoji, Homid, Zaynab, O’zbek oyim, Hasanali, Mirzakarim qutidor kabi obrazlarning umumlashtirilgan tasviri orqali tiriladi. Ularning o’zaro munosabatlaridan syujet yaratiladi, voqyealar xarakter mantig’iga, xarakter voqyealar mantig’iga mos harakatlanadi... Ana shu xususiyatga ko’ra xarakter (obraz) alohida qudratga ega bo’ladi, ya’ni u g’oyaga nisbatan shakl va ayni paytda, boshqa unsurlar (syujet, til, kompozisiya va sh.k.)ga nisbatan mazmun (adabiy asarning bosh vazifasi xarakter yaratish) hodisasi hamdir. Xarakter bir vaqtning o’zida ham shakllanadi, ham mazmunlashadi: u shakldan mazmunga o’tadi, mazmundan shaklga ko’chadi. Mazmun va shaklni jon va jasad kabi yaxlitlashtiradi, tiriltiradi. Biri-birisiz yashay olmasligini yaqqol namoyon etadi. Shuning uchun ham nazariyotchi alloma Izzat Otaxonovich Sultonov haqlar: “Badiiy asar go’yo bir jonli organizmdir: organizm jonsiz yashayolmaganidek, “jon” ham tanasiz o’zini namoyon qilolmaydi. Jonli organizmning eng kichik hujayrasi ham unda aylanib turgan iliq qon tufayli yashagani kabi, kichik qismi ham unga hayot baxsh etib turgan mazmun tufayli yashaydi va shu mazmunning tashqi ifodasi, nishonasi bo’lib xizmat qiladi”. Har qanday yetuk asar yozuvchi qalbining qudratidan, zo’r hayajoni va kuchli ehtirosidan, butun salohiyatining qudratidan yaratiladi. Yozuvchi-san’atkor qalbi-mo’jizakor xazina sanaladi. Shu sabab, har qanday xazinaga kirish uchun, dastavval, uning eshigini ochadigan kalitni topish lozim. Adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilarning fikriga ko’ra, har qanday badiiy xazinani ochuvchi-yozuvchi shaxsini va asarlarini tushunish, kashf etish, baholash kaliti- pafosdir. “Pafossiz shoirni qo’lga qalam olishga nima majbur etganini va unga ba’zan ancha katta asarni boshlash va oxiriga yetkazish uchun kuch va imkoniyat bergan narsa nima ekanini tushunish mumkin emas”, - deydi V. Belinskiy. U davom etib, shunday tushuntiradi: “Pafosda shoir xuddi jonli, go’zal mavjudotga ko’ngil bergandek, g’oyaga maftun bo’lgan zot sifatida namoyon bo’ladi, bu mavjudot ana shu g’oya bilan ehtirosli ravishda to’lib toshgan bo’ladi va san’atkor bu g’oyani ongi, idroki bilan, faqat bir his bilan emas va o’z ruhining birorta qobiliyati bilan emas, balki o’z ma’naviy hayotining butun to’laligi va yaxlitligi bilan mushohada etadi. “Pafos” deganda ham ehtiros ko’zda tutiladi, shu bilan birga boshqa har qanday ehtiros kabi insonning to’lqinlanishi, butun asab sistemasining larzaga kelishi bilan bog’liq bo’lgan ehtiros ko’zda tutiladi; ammo pafos doimo inson qalbida g’oya kuchi bilan alanga oldirilayotgan va doimo g’oyaga intiluvchi “ehtirosdir” 1     Mashhur nazariyotchi olim I.Sulton Abdulla Qodiriy ijodining pafosini - “umum ma’nosini” -“zamonaviylik va badiiylik” deb ta’riflaydi (I. Sulton, , 169-bet). Bizningcha, bunday belgilash unchalik asosli emasga o’xshaydi. Chunki, “yozuvchi ijodining pafosi uning asarlari qaysi konkret tarixiy sharoitda, ne niyat bilan yozilganiga va ijtimoiy hayotda qanday tarbiyaviy estetik rol o’ynayotganiga qarab tayin etilar” ekan, shu nuqtai-nazardan qaraganda, Qodiriy o’zbek xalqining XIX asrdagi hayotini mehnatkash xalq boshiga tushgan “qora kunlar” tariqasida tasvirlaydi va Chor Rusiyasining bu bosqini “qora kunlar”ni ikki bora kuchaytirishi mumkinligiga sha’ma qiladi. Uning ijodiy pafosi o’tmishning va bugunning sarqitlarini fojeiy oqibatlarini realistik tasvirlash va xalqni shu fojealardan tezroq qutilishga chorlashdir. Mana shu pafos – Qodiriy asarlaridagi fikr va hissiyot birligini, asarlarining asosiy g’oyasini, ijodining umumiy yo’nalishini tayin etadi. A.Qodiriy ijodining pafosini to’g’ri tushunmaslik yoki uni sosialistik realizm va kommunistik partiyaviylik nuqtai-nazaridan kelib chiqib belgilash natijasida ba’zi tanqidchilar A.Qodiriy Oktyabr inqilobini tushunmagan, tarixiy o’tmishga murojaatini sovet voqyeligini tasvirlashdan qochish, unga salbiy munosabat natijasi deb da’vo qilgan bo’lsalar, ba’zilari esa A.Qodiriy Oktyabrning kuychisi, sovet voqyeligini madh etgan yozuvchi, deb xulosa chiqardilar. Bu ikkala nuqtai-nazarning bir yoqlamaligi san’atkorga turli bo’hton va kamchiliklarni yopishtirishga sabab bo’ldi. Ushbu ikki xil noo’rin qarashlar-adabiyotning qalbiga siyosatni 1 V.G.Belinskiy. Sobr. Soch., t 3, s.378 joylashtirishga urinish oqibatidir. Bugungi Mustaqillik va istiqlol mafkuramiz, estetik saviyamiz ularni rad qilmoqda. Hayot haqiqatini va ezguliklarni kuylash, insoniylik qadri uchun kurash osongina yuz bermasligini yana bir bor isbotlamoqda. Darvoqye, Abdulla Qodiriy umri davomida buyuk haqiqatni izladi. Bu haqiqatni Oktyabr revolyusiyasi ham kashf eta olmadi, lekin, uni e’tirof etish, baxt-saodat yo’li sifatida qabul qilishga yozuvchi majbur bo’ldi. Kommunistik partiya pozisiyasini yoqlashida ham samimiylikni sezgir kitobxon his qilmaydi, balki “O’tkan kunlar”ni mutoala qilarkan, kofirlarni, o’rislarni – yov sifatidagi (jumladan, “Musulmonqul istibdodiga xotima” bobidagi) tasvirlarda samimiylik balqib turganini ochiq sezadi. Jumladan, romanning uchinchi bo’limidagi “cho’talchi beklarga” qarshi Hojining asabiy va qizg’in monologi buning yaqqol isbotidir: “... Birodarlar! O’ris o’z ichimizdan chiqadurg’an fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qo’r to’kib yotibdir. Shunday mashhar kabi bir kunda biz chin yovg’a beradigan kuchimizni o’z qo’limiz bilan o’ldirsak, sen falon deb qirilishsak holimiz nima bo’ladir. Bu to’g’rida ham fikr qilg’uvchimiz bormi? Kunimizning kofir qo’liga qolishi to’g’risida ham o’ylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik qo’yib qo’yganmizmi?!” 1 “Men yovni (o’ruslarni – H.U.) har zamon o’z yaqinimga yetgan ko’raman” deb ochiq fikr yuritgan Yusufbek hoji asarning “Qipchoqqa qirg’in” bobida jo’shqinlik bilan mushohadalariga yakun yasaydi; asosli bashoratlar qiladi: “ ... Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg’iz o’z manfaati shaxsiyasi yo’lida bir-birini yeb ichgan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog’idan yo’qolmay turib, bizning odam bo’lishimizga aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir- birimizning tegimizga suv quyadirgan bo’lsak yaqindirki, o’rus istibdodi o’zining iflos oyog’i bilan Turkistonimizni bulg’atar va biz bo’lsak o’z qo’limiz bilan kelgusi naslimizning bo’yniga o’rus bo’yindirig’ini kiydirgan bo’lamiz. O’z naslini o’z qo’li bilan kofir qo’liga tutqin qilib topshirg’uvchi – biz ko’r va aqlsiz otalarga Xudoning lan’ati albatta tushar, o’g’lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun (dafn qilingan) Turkistonimizni to’ng’uzxona qilishga hozirlangan biz itlar yaratuvchining qahriga albatta yo’liqarmiz! Temur Ko’ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug’bek va Ali Sino kabi olimlarning o’sib-ungan va nash’u namo qilg’onlari bir o’lkani halokat chuquriga qarab sudraguvchi, albatta tangrining qahriga sazovordir, o’g’lim! Gunohsiz bechoralarni bo’g’izlab, bolalarni yetim, xonalarni vayron qilg’uvchi zolimlar-qurtlar va qushlar, yerdan o’sib chiqqan giyohlar qarg’ishiga nishonadir, o’g’lim!..” (259-bet). Ko’rinyaptiki, A.Qodiriy ulkan san’atkor sifatida turli siyosatlarni emas, balki el baxti uchun kurash yo’lini, bu baxtga qarshi bo’lgan “cho’p- xaslarni supura borish” yo’lini – buyuk haqiqat deb bildi va uni yoqladi, ezgulikni, insoniylikni, mustaqillikni, ozodlikni ulug’ladi, realistik roman tasvirini berdi. Buning isbotini romanning turli unsurlari misolida ham ko’rsa bo’ladi. 1 Abdulla   Qodiriy. O’tkan kunlar. Mehrobdan chayon. Toshkent, 1994, 276-bet. Abdulla Qodiriy va Otabek. Yozuvchi hayotning qaysi sohalarini jonlantirmasin, uni xuddi o’zi ko’rganday, o’zi boshidan o’tkazganday ishonarli va ta’sirchan qilib tasvirlaydi. Shunga asoslangan ko’pgina sodda kitobxonlar asar qahramonini avtorga nisbat beradilar. Ularning tushunchasiga ko’ra, “Bolalik”dagi Musa-Oybek, “Sudxo’rning o’limi”dagi Qori Ishkamba-Sadriddin Ayniy, “Po’lat qanday toblandi?”dagi Pavel Korchagin-Nikolay Ostrovskiy... Chunki, bu asarlardagi qahramonlar shunchalik aniq hissiyotlarga, kechinmalarga, hayotiy tajribalarga egaki, avtorlar bularni bevosita o’z boshlaridan kechirmaganlarida, bunchalik konkret va go’zal qilib yozmagan bo’lar edilar... Bunday tushuncha tamoman noto’g’ridir. Badiiy ijodning qonuniyatlarini tushunmaslik oqibatidir. Avtorni asardagi qahramon (garchi bu qahramon-yozuvchi avtobiografiyasi asosida yaratilgan bo’lsa ham) baravarlashtirish, tenglashtirish yozuvchi haqida, uning turmushi to’g’risida, dunyoqarashi va shaxsiyati borasida ko’pgina anglashilmovchiliklar, noto’g’ri xulosalar, tushunmasdan ayblashlarni, unga nisbatan noo’rin, isboti yo’q, g’arazli subyektiv fikrlarni yuzaga keltirishi mumkin. F.M.Dostoyevskiy “O’lik xonadondan xotiralar” (“Zapiski iz Mertvogo Doma”) asarini o’z xotinini o’ldirgan jinoyatchi, to’qima asosida yaratilgan shaxs nomidan yozgan. O’n besh yildan keyin uni chorizm siyosiy jinoyatchi sifatida surgan qilganligiga qaramay, ko’pchilik kishilar Dostoyevskiy o’z xotinini o’ldirgani uchun surgun qilingan deb o’ylaganlar va tasdiqlaganlar. S.Ayniyning “Sudxo’rning o’limi” asarida o’taketgan xasis obrazi yaratilgan. Lekin, hozirga qadar xasislikni S.Ayniyga nisbat beruvchilarni, S.Ayniyning yashash tarzidan, mehmon kutishidan, bozor qilishidan xasislik alomatlarini topib hikoya qiluvchilarni ko’plab uchratish mumkin. Holbuki, yozuvchi jinoyatchini, xasisni tasvirlar ekan, albatta, o’zi jinoyatchi, xasis bo’lishi shart emas. U yaratayotgan o’sha jinoyatchining, o’sha xasisning qiyofasiga kirib, ularning hayotida bo’lishi mumkin bo’lgan hamma holatlarni tiriltirish qudratiga ega. Chunki, har birimizda bo’lganidek, yozuvchida ham hamma insoniy xususiyatlarning kurtagi mavjud. Ikkinchidan, har qanday badiiy asar umumlashma xarakterda bo’lar ekan, uning asosida hyech vaqt bir shaxs (avtor)ning konkret hayoti, konkret avtobiografiyasi yotmaydi, undan badiiy haqiqat tug’ilmaydi. Shuning uchun ham N.A.Ostrovskiy yoshlar tashkilotining rahbarlaridan biri-Andreyevga yuborgan xatida yozadi: “Sen tushunasan, Seryoja, mening barcha qarshiliklarimga, o’nlab xat va maqolalarimga qaramay, baribir “Po’lat qanday toblandi?” kitobi-mening hayotimning tarixi, boshidan oxirigacha xuddi hujjat tarzida sharhlanayapti. Uni roman sifatida emas, balki hujjat sifatida tan olyaptilar. Bu bilan Pavel Korchagin hayotini menga tirkayaptilar. Bunga qarshi men biron narsa qilolmayman. Men asarni yozgan paytimda bunday deb o’ylamagan edim. Meni faqat bitta orzu yetaklagan-bizning yoshlarimiz ibrat oluvchi obrazni yaratib berish orzusi. Albatta, bu obrazga men o’z hayotimdan ham ozgina qo’shganman”.Ko’rinayaptiki, N.A.Ostrovskiy ham avtobiografik xarakterdagi ijod bilan san’atni to’liq farqlaydi. Avtor obrazi ikkinchi bor reallashganda o’zida tanlashni, umumlashtirishni jamlashini to’g’ri tushunadi, chunki avtobiografik faktlardan kuchsiz nusxa yuzaga keladi, u san’at asari bo’lishi uchun qayta ishlanishi, ijodiy fantaziya bilan boyishi, umumlashtirilishi zarur. Ayni paytda tasvirlanayotgan xotira va kechinmalarni o’z shaxsidan ajratishi, ularni obyektivlashtirishi lozim. U haqiqatan o’z boshidan kechirgan voqyealar, xotiralarni jonlantirganda ham, o’zini bu xotiralar orqali jonlanuvchi voqyealarning ishtirokchisi sifatida emas, balki xolis guvohi sifatida tutishi kerak. O’zining shaxsini emas, umumlashtirilgan, ko’pchilikka xos bo’lgan xususiyat, fazilat, kechinmalarni berishi va kitobxonda bu-avtor turmushining hujjati degan tasavvurni uyg’otmaslikka intilishi kerak. Demak, asarda tasvirlangan qahramon bilan hayotdagi avtor-inson o’rtasida katta farq bor. Garchi, “Bolalik”dagi Musa, “O’tmishdan ertaklar”dagi Abdulla, “Po’lat qanday toblandi?” asaridagi Pavel Korchagin obrazlari asosida Oybek, Qahhor, Ostrovskiylarning ma’lum darajada avtobiografiyalari yotsa ham, ularda ijodkorning shaxsiyati, muhri bosilgan bo’lsa ham (busiz mumkin emasligini yuqorida tahlil etgan edik), ularni Oybek-inson, A.Qahhor-inson, N.Ostrovskiy-inson bilan aralashtirib va baravarlashtirib yubormaslik kerak... Badiiy ijodning ana shu xususiyatlarini to’liq anglamagan yoki e’tibor bermagan ba’zi tanqidchilar ijodida “Ba’zan qahramon nuqtai nazari, pozisiyasidan avtorni izlash, uni avtor nuqtai nazari, hayot haqidagi konsepsiyasi tarzida baholashga intilish ham uchrab turadi. Jumladan, professor B.Imomov “Badiiy tafakkur usuli” maqolasida A.Qodiriyning “O’tgan kunlar” romanidagi avtor pozisiyasini nazarda tutib shunday deydi: “Ayrim tadqiqotchilar Otabek o’limi sababini “dalil” siz yoqlashga intiladi. Menimcha, yozuvchi ijodidagi bu xususiyatni uning dunyoqarashi va pozisiyasidagi noaniq ziddiyatli xususiyatlar bilan izohlash to’g’ri bo’lsa kerak... Bu yerda shunisi noaniq va ishonchsizki, ruhiy iztirob va tushkunliklardan tinkasi qurigan yoki kuch va quvvati qolmagan Otabekni qanday g’oyaviy maslak, ideal, e’tiqod ruslarga qarshi jangga olib keldi. Bunday noaniq pozisiyadan kitobxonda tug’iladigan hayronlik hissi roman xotimasidagi: “Otabek ruslar bilan to’qnashuvda birinchi safdagilar qatorida bo’ldi va “qahramonona urushib shahid bo’ldi” deyishda yanada oshadi... Menimcha, buni (Otabek qismatining so’nggi daqiqasini – O’. N.) O’rta Osiyoning Rossiyaga qo’shib olinishi masalasiga nisbatan yozuvchi tutgan pozisiyasining aniq emasligi, dunyoqarashi ziddiyatliligi, voqyealarni marksistik tushunish darajasiga yetmaganligi bilan izohlamoq darkor. Romanda O’rta Osiyoni qo’shib olish uchun boshlagan harbiy harakatga nisbatan yozuvchi munosabati xira va noaniq qoladi. Otabekning o’sha davr uchun progressiv tarixiy hodisaga qarshi jangga qirishini qoralash o’rniga bu borada A.Qodiriyning loqayd qolishi, hatto unga mayl bilan qarashi yozuvchi pozisiyasi ancha xato ekanini yana bir bor isbotlaydi...” Shu tarzdgi muhokamasini davom ettirib professor O’.Nosirov yozadi: “A.Qodiriyning “O’tgan kunlar” romanida tasvir obyektiga nisbatan avtor pozisiyasi “noaniq, hattoki xato edi” degan fikrni Otabek o’limi bilan bog’liq momentdan izlash, shungagina tayanib qolish tadqiqotchini tor ramkaga solib, chegaralab qo’yishi o’z-o’zidan ma’lum. Otabekning so’nggi qismati haqidagi xabar Yusufbek hojining tanishi tomonidan yozilgan maktubda xabar qilingan. To’g’ri, maktub bir vosita. Uni o’zgartirish ham mumkin edi. Ammo maktub shu o’rinda tarixiy fakt-ishontirish vositasi sifatida qaraladi. Buning ustiga, avtor Otabekning ruslarga qarshi kurashini yoqlash yo yoqlamasligini, shu orqali ruslarga munosabatini belgilashda Otabek qaysi ruslarga qarshi kurashadi degan savolga javob topishga to’g’ri keladi” 1 .   Otabek obrazining ichki rivoji chor askarlari bilan to’qnashuvda fojiaga – “qahramonona urishib shahid” bo’lishga olib keldi. Uning taqdirining bunday xotimalanishi avtorning hoxishi, istagi asosida emas, balki o’sha davr ijtimoiy hayotining rivojidan va qahramon iroda yo’nalishi mantiqidan kelib chiqayotganligidadir. Buni to’g’ri tushunish uchun Otabek obrazidagi asosiy narsani- uning “g’oyaviy maslagi, ideali, e’tiqodi”ni-ijtimoiy pozisiyasini to’g’ri tushunmoq lozim. Otabek rus idoralaridagi tartibni yoqlasa-da, qirg’in urushlarning oqibatidan azoblansa-da, lekin, u o’z davrining bosh haqiqatini anglab yetmaganmidi? To’g’ri, u o’z yurti hayoti, xo’jaligi, siyosatida ilg’or va odilona tartiblar bo’lishini, xonlik va beklik lavozimlarida insoflik hokimlar bo’lishini orzu va tashviq qiladi. Oiladagi eskirgan illat va taomillardan voz kechishni, muhabbatda er va ayol bir-birining ta’biga mos bo’lishi kerakligini yoqlaydi. Shu yo’lda ba’zi harakatlarni qiladi, ayniqsa tuzum illatlari uning shaxsi bilan to’qnash kelganda (“Musulmonqul”, “Dushanba kuni kechasi” boblari) mardlik ham ko’rsatadi. U davrning asosiy haqiqatini Rossiyaning bosqinchiligini anglaydi, lekin, oqibatini to’liq bilmasdi. “Adolatsiz muhitning zarbali turtkilarini yeya berib esankiragan, o’jar, qahri qattiq voqyealikning shiddatli quyuniga duchor bo’lgan Otabekning shaxsiy baxti uzil-kesil chilparchin bo’ladi, umidsizlikka tushadi, uning “pokiza qalbi”ni ezgu tuyg’ular bilan to’ldirgan Kumushning vafotidan keyingi hayot esa yigit uchun ma’nosiz tuyuladi va u rus qo’shinlariga qarshi urushda ishtirok etib, halok bo’ladi” (H.Yoqubov). 1   O’. Nosirov. Ijodkor shaxsi, badiiy uslub, avtor obrazi, “FAN”, Toshkent,1981, 149-151- betlar. Demak, Otabek obrazi A.Qodiriy tomonidan yetarli obyektivlashtirilgan. Uning taqdiri odilona va ishonarli xotimalanganki, har qanday kitobxon ham uning taqdiri boshqacha bo’lishi mumkin edi degan xayolga bormaydi. Bu esa yozuvchining san’atkorligiga, hayot haqiqatini to’liq va to’g’ri tasvirlovchi realist ekanligiga isbotdir. Otabekning taqdirida o’sha davr Otabeklaridagi haqiqat ifodalanar ekan, nega endi, biz Otabek fikrlari, hislari, hatti-harakatlarini yozuvchiga tirkashimiz: A.Qodiriy “voqyealarni marksistik tushunish darajasiga yetmagan” deb izohlashimiz, undan “Otabekni o’sha davr uchun progressiv tarixiy hodisaga qarshi jangga” kiritmaslikni talab etishimiz kerak? “Otabek qaysi ruslarga qarshi kurashdi” degan noo’rin savolga javob axtarishimiz lozim? Nima uchun, axir? Agar biz asarni prof. B.Imomovdek tushunsak, unda “Bemor”dagi “Osmon yiroq, yer qattiq” epigrafi A.Qahhorning tushunchasini, fikrini ifodalaydi degan xulosani va shu epigrafni isboti uchun hikoyani yozgan degan tushunchani chiqarishimiz kerakmi? Xolbuki, bu epigraf hikoyaga, hikoyada tasvirlangan jamiyatga, ana shu jamiyatning a’zolariga tegishlidir. “Bemor”dagi hayot to’liq obyektivlashtirilgan. Unda sodda Sotiboldi oilasining turmushi hayotda qanday bo’lsa, shunday tasvirlangan. Asar qahramoni Sotiboldi bilan asar ijodkori A.Qahhor o’rtasida osmon bilan yercha farq borki, hyech kim epigrafni hikoyadan ajratib, A.Qahhorga “ulamaydi”. Xuddi shuningdek, Otabek ham asarda o’z hayoti bilan yashaydi. Avtorning hohishiga bog’liq bo’lmagan holda ruslarga qarshi kurashda shahid bo’ladi. Bu hayot haqiqati. Otabek xarakteri mantiqi haqiqatidir. Bu obyektivlikdir. Bu realistik san’atkor uchun qonundir. Bu qonunga ongli ravishda bo’ysungan yozuvchini ayblash, asar qahramoniga xos xususiyatlarni A.Qodiriyga tirkash, uning dunyoqarashidan kamchilik axtarib topish noto’g’ri, badiiy ijod qonuniyatlariga ziddir, yozuvchi ijodining pafosini to’g’ri tushunmaslikning oqibatidir.   Adabiyot :   1.   A.Fitrat. Adabiyot qoidalari “O’qituvchi” Toshkent, 1995. 2. I.Sulton. Adabiyot nazariyasi, “O’qituvchi”, Toshkent, 1980 . 3. L . I . Timofeyev . Osnov ы teorii literatur ы , “Prosve щ yeniye”, Moskva, 1971. 4. R.Uellek, O.Uorrek. Teoriya literatur ы , “Progress”, Moskva, 1978. 5. www.ziyonet.uz