logo

Abdulla Qahhor ijodi va uning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ayrim qirralari

Yuklangan vaqt:

10.09.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

2097.5 KB
Reja: 1. ABDULLA QAHHOR IJODIDA MILLIYLIK 2. ABDULLA QAHHOR USLUBINING AYRIM QIRRALARI HAQIDA 3. ABDULLA QAHHOR ASARLARIDA XAYOL MOTIVI So`zlardagi turfa tovlanishlarni chuqur his etgan, har bir so`zning zalvorli yuki va mas`uliyatini qalbida tuygan, yozish texnikasi va tasvir madaniyati yuqori bo`lgan Abdulla Qahhor asarlarida ma`naviylik va milliylik qimmatli xislatlardan hisoblanadi. Abdulla Qahhor ijtimoiy hayotga faol aralashgan, undagi muammolarni chuqur anglab, nozik anglata olgan yozuvchi sifatida milliy turmush voqeligidagi barcha murakkabliklar, ziddiyatlar - insonning rang-barang ichki dunyosi, dard-tashvishlari, orzu-umidlarini badiiy tahlil qiladi. Uning asarlari shakl va mazmun jihatidan xalqchilligi va milliyligi bilan ajralib turadi. Bu holat, ayniqsa, adibning pe`salarida yaqqol ko`zga tashlanadi. “Ayajonlarim” dramasi ham bundan mustasno emas. Yozuvchi millatimizga xos bo`lgan milliy turmush tarzi, an`ana va urf-odatlarni asarning mantiq va mohiyatidan kelib chiqib aks ettiradi. Ikki yoshning bir-biriga muhabbat qo`yishi va turmush qurishi kabi tabiat qonuniga aylangan hodisalar umuminsoniyatga xos bo`lgan tuyg`u va hayot tarzi bo`lsa-da, ularning yuzaga chiqishi har bir millatda har xil kechadi. Shuningdek, o`zbek millatida ishq kechinmalari va ularning namoyon bo`lishi boshqa millat kishilaridan mutlaqo farq qiladi. Aytaylik, rus yoki boshqa ajnabiy xalqlar millatiga mansub xonadonlarda oiladagi o`zaro munosabat ham, ota-ona bilan farzandlar o`rtasidagi muomala ham boshqacha - farzand ulg`aygach, shu farzand o`z taqdiri, shaxsiy hayoti va kelajagini o`zi boshqaradi, go`yoki bunga ota- onaning haqqi yo`qday bo`lib qoladi. Ayniqsa, turmush qurish masalasida bunday «mustaqillik» yaqqol ko`zga tashlanadi. Yigit bilan qiz bir-biriga ko`ngil qo`ydimi, bas, to`ydan avvaloq o`zlarining sevgi shodliklarini hammaning oldida hech bir tortinmay baralla namoyish qilishlari, hatto to`y kunini ham o`zlari tayin etishlari tabiiy va odatiy hol hisoblanadi. Ammo o`zbek millati kishilari bu yuksak tuyg`uni boshqacharoq qilib bildirishni ma`qul ko`radilar. “Ayajonlarim” asaridagi konfliktli holatning yuzaga kelishi ham o`zbek millatiga xos bo`lmagan voqea – Karimjon bilan Umidaxonning “yetaklashib” kirib kelishi, bunday lavhaga qarshi bildirilgan reaksiyadan Umidaxon o`ziga kelib olishi va taftini bosishi uchun “muzdakkina suvda yuvinishi”dan boshlanadi. Asarning mazmuni ko`pchilikka tanish. Yozuvchi “Ayajonlarim”da oddiy o`zbek xonadonidagi hayotning bir parchasini tasvirlaydi. Bo`ston “bir ko`z” bilan boqib katta qilgan o`g`li Karimjonga qo`shnisi To`tinisoning “husn desa tortib qo`ygan suratday, soch desa taqimiga tushadigan, pazandamisan, pazanda” bo`lgan Xayrixonni olib bermoqchi, “to`rt qop guruch damlab, Mukarramaxonu, Halimaxonu, Tamaraxonlarni” mashinada olib kelib, “chakkasiga” “o`z qo`li” bilan “pul qistirib”, “bor bisoti”ni sarflab, to`y qilmoqchi edi. Bu o`rinda yozuvchi ikki xil o`zbek ayolining tabiatini ularning nutq jarayoni orqali ochib beradi. Karimjon bilan Umidaning favqulodda birga kirib kelishi va turmush qurishlari haqidagi taklifi Karimjonning onasi Bo`stonbuvini qanchalik hayratga solgan va asabiylashtirgan bo`lsa, bu yangilikdan avvalroq xabar topgan, qizini “suti bilan emas, mehri bilan boqqan” Umidaning onasi Shakarni esa sira xavotirga solmaydi, aksincha, “ishq, muhabbat!... Hozirgi yoshlar tengini o`zi topgani ma`qul” deya xotirjam tortadi. Har ikki ona ham farzandiga yomonlikni ravo ko`rmaydi. Bo`ston Karimjonni otasiz katta qildi, o`qitdi, o`sdirdi, endi “ta`bidagi qiz”ni olib bermoqchi. Shakar ham qiziga “tikilgan tikanga ko`z qorachig`i”ni tutib “gulday qilib o`stirdi”. U ham qizining qishloqqa ketishini istamaydi, ammo “nasibasi Karimjonning nasibasiga qo`shilgan”, “Karimjon ko`kragiga taqib olgan” ekan, “bir muhabbating o`n bo`lsin” deyishdan boshqa chorasi yo`q. Bu ikki onaning xatti-harakatlari, gap- so`zlari, bir-birlariga qilgan muomalarida ham millatimizning o`ziga xos xususiyatlari namoyon bo`ladi. Bo`ston kutilmaganda kirib kelgan Umidadan qanchalik jahli chiqayotgan bo`lsa-da, uning onasini chiroyli mulozamat bilan qarshi oladi, hatto Shakarning “medallik Bo`stonbuvini kim ham tanimaydi” degan maqtovidan bu sodda, dilkash ayol birpasda erib, Shakarga ham “onangiz yaxshi ot qo`ygan ekanlar” deb shirinsuxanlik bilan javob qaytaradi-da, “qani, oshga qarang! Biz yangittan yegan edik, hali uncha sovimagandir” deya o`zbekona lutf qiladi. Shakar ham uning ko`ngliga boqib “Rostini aytsam, qornim och, bulturgi osh bo`lsa ham yeyman” deb ko`ngil oladi. Zero, har qanday vaziyatda ham mehmonni ulug` bilishlik, oldiga dasturxon yozib, borini baham ko`rishlik, chiroyli mulozamatlar bilan ko`ngil olishlik – bularning bari o`zbek millati, o`zbek xonadonining, qolaversa, o`zbek ayolining tabiatida azaldan bor bo`lgan, qon- qoniga singib ketgan va hech qachon yo`qolmaydigan ulug` fazilatidir. Adib o`z millatiga xos bo`lgan xususiyat va jihatlarni qahramonlar tabiatida, ularning dunyoqarashlari, harakat va o`zini tutish holatlarida, bir-birlari bilan bo`lgan muloqotlarida ishonarli va jonli ifoda qiladiki, bu albatta, asarning milliyligini ta`minlashda bosh omil bo`lib xizmat qiladi. Chunonchi, Karimjon onasidan “ta`bimdagi qizni olib bermasam ko`zim ochiq ketadi” degan o`zbek ayollariga xos norozilik kayfiyatidagi qarorini eshitganda bu qaror uning ko`ngliga qanchalik og`ir botmasin, bu xildagi janjallardan nechog`lik “toqati toq bo`lmasin” onasiga nisbatan tik boqolmaydi, ters javob aytolmaydi, aksincha, “ayajon, siz meni boqqansiz, o`stirgansiz...Men sizni boshimga ko`taraman, bor-yo`g`imni oyog`ingizga to`kaman! Ikki ko`zim, butun vujudim sizniki” deya farzandlik mehri va sadoqatini bildirayozib, o`zbekona andisha va odob bilan yalingannamo va iltimosnamo ohangda “lekin ko`nglimni o`zimga qo`yib bering! Jon ayajon!” deya o`z muhabbatini ham himoya qilishdan chekinmaydi. Karimjon har qanday usul - yalinish bilan ham, iltimos qilish bilan ham, chapani o`zbek yigitlariga xos «tajang»lik bilan ham, ta`vozelik ila “yuvoshlik” bilan ham ayasini yo`lga sololmaydi. Yigit ikki o`t orasida. Bir tomonda onaizori, onaga qarshi borishga botinolmaydi, uning roziligisiz turmush qurishni esa qabul qilolmaydi, ikkinchi tomonda sevgisi, undan ham voz kecholmaydi. Nima qilsin?! Shundan keyin Karimjon onasining tabiatini yaxshi bilganidan uni to`g`ri yo`lga solish uchun kutilmaganda bir “usul”dan foydalanadi. Bo`ston Umidani ketishini astoydil istab turgan bir paytda “Aya, Umidaxonga qo`shib nevarangizni ham haydayapsiz-a! qornida bolasi bor!” deb yuboradi. Bu esa o`zbek xonadoni uchun, ayniqsa, Bo`stonbuvi uchun juda katta nomus edi. Bo`stonbuvi uchun nomus - jondan ham qimmat. U oila nomusini saqlab qolish va nomusini aziyat chektirmaslik yo`lida har narsaga tayyor. Nomus tuyg`usi va tushunchasi Bo`ston ayani to`g`ri izga soladi. O`g`lidan bu g`ayritabiiy “yangilik”ni eshitgach, “A!” deya ichidan bir seskanadi-da, darhol o`zini qo`lga olib, hech ikkilanmay shiddatli buyruq ohangida “qaytar! qaytar! Hov, Shakarbuvi shoshilmang, qizingiz bolasini tug`ib ketsin!” deydi. Bo`stonbuvi qanchalik tabiatan qiziqqon bo`lmasin, uning vijdoni bor, vijdoni esa ichdagi nomusi, nomusi - uning asl go`zalligi. Bu – faqat o`zbekkagina xos bo`lgan jihat. Abdulla Qahhor millatning ana shunday ulug`vor xususiyatini hammadan ko`ra to`laroq va mukammalroq ilg`aydi, asarning tagqatlamiga singdiradi, yorqin bo`yoqlarda ifoda etadi. Abdulla Qahhor ayrim qahramonlarining o`z hayoti, kelajagi haqidagi o`y-xayollarini keltirish orqali ham ularning fe`l-atvori, shaxsiy qusur yoki fazilatlarini ko`rsatib berishga harakat qiladi. Masalan, «Sarob» romani bosh qahramoni Rahimjon Saidiy Munisxon bilan ilk uchrashuvdayoq shunday deb o`ylaydi: «Uning boshidagi fikrlar aralash-quralash bo`lib ketadi: bularning ichidan birontasini ajratib olsa, o`sha ham xayolga aylanib ketar edi: «Shu qizning boshiga bir falokat tushsa-da, qutqaradigan kishi yagona men bo`lsin», der edi». Mana shu o`y-xayollarining o`zida Saidiy xarakteridagi xudbinlik belgilari ilk marotaba ko`zga tashlanadi. Saidiy yozuvchi sifatida tanila boshlagach undagi xudbinlik va shuhratparastlik yanada ildiz otadi. Odamlar bilan o`zaro munosabatda, personaj nutqida to`la aks ettirishning imkoni bo`lmagan paytlarda adib qahramonidagi xudbinlik psixologiyasini uning o`y-xayollari, havoyi orzularini ifodalash orqali uning hayot tarzidagi o`zgarishlar, xarakteridagi ziddiyatlarni asoslashga harakat qiladi. «Saidiy ba`zan kechalari ko`rpada uyg`oq yotib tush ko`radi. U olamshumul yozuvchi: Amerikalik mashhur muharrir singari har kuni bir stunlik narsa yozib, yiliga o`n ikki ming oltin maosh oladi; turli mamlakatlardan frank, dollar, rupiyalar kelib turadi; shundan so`ng bu serg`avg`o, seraziyat shahardan ketib, shimoliy Amerika adibi Toro singari tabiat quchog`iga kiradi; vodiyning eng bahavo, eng go`zal yeriga solgan qasrida o`tirib, xotini Ariadnaning royalda qilgan mashqiga quloq berar ekan, butun vodiy va undagi o`tlab yurgan qo`y-qo`zilar, yilqilar, tog` yon bag`irlarida o`sgan pista, archa, ko`m-ko`k o`lanlar va ularning orasidan ilonizi bo`lib oqqan quyoshning nurida kumush tasmaday yarqiragan ariq va ariqchalar ko`rinib turadi. Uning qasri orqasida yer yuzidagi hamma mevalardan topiladigan katta bog` bo`ladi...» Ko`rinadiki, Saidiyni yozuvchilik ishining, to`g`rirog`i, yozuvchilikdan keladigan shon-shuhratning faqat tashqi, yaltiroq tomonlarigina qiziqtiradi. Avvaliga Munisxon uchun universitetga kirgan, boylik orttirishga intilgan Saidiy («universitet uni Munisxonning ko`zi tushadigan yigitlar qatoriga qo`yishi kerak edi...Martaba, boylik - uni boshqa hamma erkaklardan ajratishi, Munisxonning diqqatini jalb qiladigan o`ringa qo`yishi kerak edi») uchun endilikda boylik va martabaning o`zi hayotiy maqsadga aylanib qoladi. Qizig`i shundaki, Munisxonning xayollari ham xuddi Saidiyniki kabi o`ta havoyi va xudbinlik asosida kelib chiqadi: «...ikki kundan so`ng onasidan Muxtorxonning boyligini eshitib, xayol surdi. Muxtorxon borib-borib to`lishadi, chinakam yigitga o`xshab qoladi, qasr soladi, qasrning orqasida kichkina boqcha - istirohat va xayol surish o`rni bo`ladi. Boqchaning o`rtasidagi marmar hovuzda oltin baliqlar suzib yuradi. Shabboda esganda daraxtlardan musiqa tovushi chiqadi...» Munisxonning xayollarida ham xudbinlik belgilarini kuzatish mumkin. Shu bilan birga Munisxon Muxtorxonga turmushga chiqish u qadar fojea emasligiga o`zini ishontirmoqchi bo`ladi, o`zi tushib qolishi mumkin bo`lgan vaziyatning afzal tomonlarini o`ylab, o`z-o`ziga taskin berishga intiladi. Muallif qahramonlarining o`y-xayollarini berishda ma`lum bir nuqtai nazardan yondashadi. Bunda muallifning yashirin istehzosi, personajga salbiy munosabati sezilib turadi. Saidiy va Munisxondagi ularning o`zi mag`rurlik deb o`ylagan xudbinlik har ikkalasining fojeasini tayyorlaydi. «Sarob» romani xudbinlik va muhabbat o`zaro sig`ishmaydigan tushunchalar ekanligini yana bir bor isbotlaydi. Ijodkor hayotini o`rganishda avtobiografik asarlarning o`rni kattadir. Abdulla Qahhorning «O`tmishdan ertaklar» qissasi avtobiografik asar bo`lib, unda adibning bolaligida ro`y bergan voqea-hodisalar asos qilib olingan. Qissadagi voqealar, haqiqatan ham, adibning bolaligida boshidan o`tgan. Ularning mazmuni asosida Abdulla Qahhorning tarjimai holiga oid o`rinlarni topish, o`rganish mumkin. O`tmish haqida asar yozishning murakkabligi shundaki, unda yozuvchi hayot haqiqatiga badiiy haqiqatning muvofiq kelishini ta`minlashi kerak bo`ladi. Shu bilan birga voqealarni realistik tasvirda aks ettirish mobaynida badiiy to`qimaning ishonarli chiqishiga erishish ham zarur. Abdulla Qahhor o`tmish haqidagi asarlarida shu jihatlarga erisha olgan adib edi. Adibning «Bemor», «Anor», «Dahshat», «O`g`ri» singari asarlarida ham «O`tmishdan ertaklar» qissasidagi singari o`zbek xalqining o`tmishdagi hayoti tasvirlanadi. Lekin mazkur hikoyalarda adib aslida hayotda ro`y bermagan, ammo real hayot haqiqatiga zid kelmaydigan voqealarni o`zi ijod qilgan. Mazkur hikoyalarda adib tomonidan qo`llangan detallar, so`z tanlash usullari, yozuvchining Chexovga xos uslubi (xususan, lakonizm) kabilar haqida maqolalar va tadqiqotlarda mulohazalar aytilgan. Biz e`tibor qaratmoqchi bo`lgan jihat shundaki, yozuvchi hayotda kamdan-kam uchraydigan voqeani, favqulodda o`ziga xos notipik hodisani «Dahshat»da tasvirlaydi. Dodxoning Unsinga g`ayrioddiy shart qo`yishi - qop-qorong`u tunda qabristonda choy qaynatib kelish (qabristonda olov yoqib, choy qaynatish! Choy qaynaguncha vaqtning o`tishi-chi!) kitobxon ko`z oldida yaqqol namoyon bo`ladi va dastlab bunga ishonqiramayotgan bo`lsa-da, so`ng haqiqatda bunday voqea bo`lishi mumkinligiga amin bo`ladi. Chunki dodxodek zolim odamning qiyofasi, xarakteri hikoyada bir-ikki ishora va jumladayoq yozuvchi tomonidan mahorat ila ochib berilgan. Hayotda kamdan-kam uchraydigan lavhalarni asarlariga asos qilib olishining boisi adibning uslubi bo`lsa, ikkinchi tomondan uning xarakterida hayotda ham o`ziga xos takrorlanmas narsalarni ma`qul ko`rganligidan deb izohlash mumkin. Yozuvchining turmush o`rtog`i Kibriyo Qahhorovaning esdaliklaridan bunga ko`plab misollar topish mumkin. Abdulla Qahhor hayotda ham xuddi hikoyalaridagi singari ohori to`kilmagan, tesha tegmagan, obrazli gaplarni qo`llagan, o`zi shunday so`zlarni eshitib qolsa yon daftariga yozib yurgan. Hatto, Kibriyo Qahhorovaning keltirishicha, uning vafoti oldidan aytgan so`nggi so`zi «Gapa muxtasar kuned» («Gapni qisqa qilish kerak») bo`lgan. Bu adibning, ta`bir joiz bo`lsa, shaxs sifatidagi o`ziga xos prinsipi va yozuvchilikdagi uslubi deyish mumkin. Xulosa qilib aytganda, Abdulla Qahhor asarlarini, uning yozuvchi sifatidagi uslubini o`rganishda tarjimai holi, shaxsiyati, sajiyasi ham muhim o`rin tutadi. A d a b i yo t l a r Abdulla Qahhor asarlari: 1. Asarlar. U jildlik. T., G`.G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyoti, 1987-1989. 1. Abdulla Qahhor ijodi haqida: 2. Sharafiddinov O. Abdulla Qahhor. T., “Yosh gvardiya”, 1988. 3. Qo`shjonov M., Normatov U. Mahorat sirlari. T., Badiiy adabiyot nashriyoti, 1968. 4. Qo`shjonov M. Abdulla Qahhor mahorati. T., G`.G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyoti, 1988. 5. “Abdulla Qahhor zamondoshlari xotirasida”. T., G`.G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyoti, 1987. 6. Qahhorova K. Chorak asr hamnafas. T., “Yosh gvardiya”, 1986. 7. Sanjar Sodiq. So`z san`ati jozibasi. T., “O`zbekiston”, 1996. 8. www.ziyonet.uz