logo

Teleko‘rsatuvlarning fizik asoslari. Toshkent – televideniye vatani 11-sinf

Yuklangan vaqt:

09.02.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

1553.5 KB
11-sinf fizika darsligi asosida 24-mavzu: Teleko‘rsatuvlarning fizik asoslari. Toshkent –  televideniye vatani Hozirgi kunda televizor ko‘rmaydigan o‘quvchi bo‘lmasa kerak. Atrofolam to‘g‘risidagi ma’lumotlar, turli ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar, multfilmlarni barcha ko‘radi. Bundan tashqari, hayotimizda bo‘lib o‘tadigan yaxshi kunlar, to‘ylar, marosimlar va tadbirlarni ham tasvirga tushirib, so‘ngra xohlagan kunda qayta ko‘rishimiz mumkin. Oyga, Zuhra, Mars sayyoralariga bevosita bormasdan turib, uning sirtini kosmik kemaga o‘rnatilgan telekameralar yordamida kuzatishimiz ham televideniyening у utug‘i tufaylidir. Xo‘sh, videotasvirlar bir joydan ikkinchi joyga qanday uzatiladi? Qabul qilingan joyda signallar yana qanday qilib tasvirga aylanadi? Bu kabi savollar ko‘pchilik o‘quvchini qiziqtiradi, albatta. Teleko‘rsatuvlar amalga oshiriladigan qurilmaning sodda blok-chizmasi 4.12-rasmda keltirilgan. Oldingi mavzuda tovush tebranishlari mikrofon vositasida elektr tebranishlariga aylantirilishi aytib o‘tilgan edi. Xuddi shunday tasvir ham dastlab elektr signallariga aylantiriladi. Bu jarayon maxsus videokamera deb ataluvchi qurilmada amalga oshiriladi. Videokamerada hosil qilingan signallar maxsus elektron qurilmada kuchaytiriladi. Modulyatorda, generatorda ishlab chiqilgan yuqori chastotali elektromagnit tebranishlarga tasvir signallari qo‘shiladi. Teleuzatuv qurilmasida alohida radiouzatuv qismi bo‘lib, uning ishlashi oldingi mavzuda keltirilgan qurilmadan farq qilmaydi. Teleuzatuv qurilmasining oxirgi blokida modulyatsiyalangan ovoz va tasvir signallari yaxlit holda tarqatuvchi antennaga beriladi. Telepriyomnik qurilmasidagi antennada telesignallar elektr tebranishlariga aylantiriladi. Kirish konturi vositasida kerakli dastur tanlab olinadi. Ajratib olingan kuchsiz signal maxsus elektron blokda kuchaytirilib, detektorga beriladi. Detektor yuqori chastotali signaldan tasvir va ovoz signallarini ajratib beradi. Tasvir signali televizor ekraniga, ovoz signali radiokarnayga beriladi. Hozirgi zamon televizorlari rangli, ovozi turlicha ohangda chiqadigan, masofadan boshqariladigan qilib ishlanadi. Shunga ko‘ra, televizorda yuqorida ko‘rsatilgan bloklardan tashqari boshqa bloklari ham bo‘ladi. Telexabarlar chastotalari 50 MHz va 230 MHz oralig‘ida bo‘lgan diapazonda tarqatiladi. Bunday to‘lqinlar faqat antennaning ko‘rinish chegarasidagina tarqaladi. Shuning uchun telexabar bilan katta hududni qamrab olish uchun telexabar tarqatuvchilar balandligini oshirish va ularni zichroq joylashtirish kerak bo‘ladi. Teleko‘rsatuvlarni yanada uzoqqa yuborish uchun yo‘ldosh aloqa tizimidan foydalanish mumkin. Ma’lumki, 1911-yilning 9-mayida Sankt- Peterburg texnologiya institutida B.L.Rozing panjaraning qo‘zg‘almas tasvirini elektron nurli trubka ekranida hosil qiladi. Televideniyening bundan keyingi rivoji Toshkent bilan bog‘langan. O‘rta Osiyo davlat universiteti laboranti Boris Pavlovich Grabovskiy harakatli tasvirga ega bo‘lgan televizion apparatni yaratish bilan shug‘ullanadi. Muhandislar V.I.Popov va N.G. Piskunovlar bilan hamkorlikda “radiotelefot” apparatining konstruksiyasini ishlab chiqadilar. Unga 1925-yil 9-noyabrda qabul qilish raqami № 4899 bo‘lgan guvohnoma va keyin raqami №5592 bo‘lgan patent beriladi. Bu loyiha hozirgi zamon televizion sistemasining barcha elementlarini o‘z ichiga oladi. Albatta, bu “radio orqali ko‘rish” loyihasini amalga oshirish uchun qo‘shimcha apparatura va asboblar zarur edi Shunda B.P. Grabovskiyning yordamchisi I.F.  Belyanskiy O‘zbekiston MIQ Prezidiumi Raisi Y.Oxunboboyevga yordam so‘rab murojaat qiladi. Respublika rahbariyati ixtirochilarga yetarli darajada mablag‘ ajratadi. Televizion qurilma uchun Toshkentning barcha korxona va laboratoriyalarida buyurtmalar bajarildi. Hozirgi zamon televizorining bobosi “Telefot”ning rasmiy ravishdagi sinovi 1928-yil 26-iyul kuni okrug aloqa binosida O‘rta Osiyo Davlat Universiteti professori N.N. Zlatovratskiy raisligida bo‘lib o‘tadi. Unda birinchi marta harakatlanayotgan odamning tasviri ko‘rinadi. 4-avgust kuni Toshkent shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida harakatlanayotgan tramvayning tasviri “telefot” orqali ko‘rsatiladi. “ Telefot” takomillashtirildi: uning boshqa variantlari ishlandi va izlanishlar butun dunyo olimlari, muhandislari tomonidan olib borilib, televizorlar hozirgi kundagi ko‘rinishga ega bo‘ldi. Shunga ko‘ra “Televideniye vatani – Toshkent” deya baralla ayta olamiz. * 1956-yilda sobiq O‘rta Osiyo respublikalari orasida birinchilardan bo‘lib oq-qora rangli televizion markazi Toshkentda ishga tushadi. Sobiq SSSRda 1990-yilga qadar faqat ikkitagina “Birinchi (Moskva)” va “Ikkinchi (Orbita)” butunittifoq kanali mavjud edi. Joylarda uchinchi mahalliy dastur bo‘yicha teleko‘rsatuvlar olib borilgan. Toshkentda 4-dastur sifatida navbatma-navbat Qirg‘iziston va Tojikiston televideniyesi olib ko‘rsatilgan. 5-dasturda Qozog‘istonning teleko‘rsatuvlari olib ko‘rsatilgan. 1956-yilda Toshkentda balandligi 180 m bo‘lgan teleminora qurilib, muntazam teleko‘rsatuvlar berilib borgan. 1967-yilda SEKAM nomli rangli teleko‘rsatuv sistemasi ishga tushgan. 1978–85-yillarda Toshkent shahrida Bo‘zsuv kanalining o‘ng sohilida 375 m balandlikda teleminora qurilib, ishga tushirilgan. Yer ostidagi balandligi 11 metr bo‘lib, umumiy og‘irligi 6000 tonnadan ko‘proq. Teleminora Markaziy Osiyoda 1-o‘rinda, jahonda Ostankino (Moskva), Toronto (Kanada), Tokio (Yaponiya)dan so‘ng 9 o‘rinda bo‘lgan. O‘zbekistonda 4 ta davlat telekanali O‘zTV–1, O‘zTV–2, O‘zTV–3 va O‘zTV–4 bo‘lgan. Oxirgi ikkitasi Rossiya kanallarini ko‘rsatgan. 1998-yilda 30-kanal deb ataluvchi birinchi xususiy telekanal ishga tushadi. 2008-yilda uning chastotasida rus tilida eshittirishlar olib boradigan Sof TS o‘z ishini boshlagan. Keyingi yillarda ko‘pgina xususiy telekanallar ochildi. 2017-yilda butun sutka davomida ishlaydigan “ O‘zbekiston 24 ” kanali o‘z ishini boshladi.