logo

O’zbekistonning qadimiy va o’rta asrlar me’moriy yodgorliklari haqida suhbat

Yuklangan vaqt:

01.10.2019

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

41102 KB
DARS ISHLANMASI MAVZU: O’ZBEKISTONNING QADIMIY VA O’RTA ASRLAR ME’MORIY YODGORLIKLARI HAQIDA SUHBAT Dars soatining taqsimlanishi Guruhlarga bo’lish 3 daqiqa Fikr – almashuv, bahs – munozara 15 daqiqa Guruh savollarining javobi 18 daqiqa Darsni yakunlash, muhokama, baholsh 5 daqiqa Uyga vazifa berish 2 daqiqa Guruhlar bilan ishlash metodi Dars maqsadi: Guruhlar bilan ishlash metodi orqali o’quvchilarni hayotga tayyorlash, ularni jamiyat uchun kerakli, har tomonlama barkamol shaxs sifatida shakllanishni ta’minlash. O’quvchi guruhlarda ishlaganda, darsda faol ishtirok etish huquqiga, boshlovchi rolida bo’lishga, bir-biridan o’rganishda ko’maklashishda yordam beradi. Ta’limiy- O’quvchilarni O’zbekiston hududidagi eng-qadimgi san’at asarlari bilan tanishtirish. Tasviriy san’at va me’morchilik asarlarini o’qishga o’rgatish. Tarbiyaviy- Bolalarda milliy g’ururni shakllantirishga ko’maklashish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash. 2 Rivojlantiruvchi- O’quvchilarda nazariy va amaliy ko’nikma hosil qilish. Me’morlik san’atining tarixi, uning o’ziga xos xususiyatlari, tasviriy usul va vositalari haqida ma’lumotga ega bo’lish. DTS talablari: O’zbekistonning mashhur me’morchilik asarlarini bilish. Dars tipi: Yangi bilimlar berish. Dars turi: Noan’aviy. Aralash metodlar. Jihozlar: Qo’yqirilgan qal’a, Fayoztepa, Tuproqqal’a, Bolaliktepa, Varaxsha, Ayrtom, Dalvarzintepa, Afrosiyob fotoreproduksiyalari. Samarqand, Buxoro, Xiva me’morligi reproduksiyalari; texnik vosita- kodoskop; slaydlar; bukletlar. Metodlar: Aqliy hujum, mustaqil o’qish, suhbat, savol-javob, musobaqa. Me’morlik san’ati atamalari : Ansambl, maqbara, minora, peshtoq, rabot, Suls yozuvi, xonaqoh, gumbaz. Guruhlarga bo’lish: O’quvchilarni 6 kishidan jamlab 6 ta guruhga bo’lib olinadi. Guruhlarga bo’lish metodikasi: O’quvchilarga me’morchilik san’ati atamalaridan 6 tasini birin-ketin aytishlarini iltimos qilinadi. Natijada o’quvchilar guruhlarga ajratib olinadi. Minora – 1- guruh Peshtoq – 2- guruh Rabot – 3 – guruh Xonaqoh – 4 – guruh Gumbaz – 5 – guruh Ansaml – 6 – guruh O’quvchilarni guruhlarga bo’lib olingandan so’ng guruhlar quyidagi topshiriqlarni oladi. Birinchidan guruh sardori saylab olinadi, sardorning vazifasi guruh ishini faollashtiradi, aytilgan to’gri javoblarni yozadi. 3 Guruhlarga mavzu matni berilmay turib, mavzu asosida savollar yozilgan o’quv plakati ilib qo’yiladi: Aqliy hujum: 1. O’z qishlog’ingiz, shahringiz, tumaningiz, viloyatingiz hududidan topilgan qaysi me’morlik yodgorliklarini bilasiz ? 2. Qo’yqirilganqal’a, Fayoztepa, Tuproqqal’a, Varaxsha, Ayrtom, Dalvarzintepa, Afrosiyob kabi mashhur qazilmalar qaysi shahar, tumanlarda joylashgan ? 3. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent va Qo’qon shaharlaridagi qanday qadimiy me’moriy obidalarni bilasiz ? O’qituvchi: “Aziz o’quvchilar sizlar tarix, adabiyot darslarida me’morlik san’ati haqida ozmuncha bilimga egasiz. Shu bilimlaringizni ishga solgan holda yuqorida keltirilgan savollarga javob berib ko’ringchi …. Qani qaysi guruh ko’proq bilarkin. Marhamat.” Guruhlar faoliyati aniqlanadi. (Rag’bat kartochkalari beriladi.) Guruhlar faoliyati aniqlangandan keyin doskaga me’morlik san’ati atamalari yozilgan ko’rgazmali o’quv plakati ilib qo’yiladi: Me’morchilik san’atiga oid atamalar: Ansambl (Fransuzcha) – bir butunlikni, kompozitsion yahlitlikni tashkil etuvchi tarkibiy mutanosiblik. Tasviriy san’at, musiqa, me’morchilikda ko’proq qo’llaniladi. Misol uchun, Samarqanddagi Registon ansambli. Minora – Sharq me’morchiligida keng qo’llanilgan baland inshoot. Misol uchun, Buxorodagi Minora Kalon, Xivadagi Kalta minor.(Arabcha). Peshtoq – binoning old qismi. Odatda u serhasham qilib bezatilgan bo’ladi. Misol uchun Samarqanddagi Sherdor madrasasining peshtoqi. (Forscha) Rabot (arabcha) – qadimiy me’morchilikda keng qo’llanilgan me’moriy inshoot, qo’rg’on, ularda soqchilar turadigan joy. Qadimiy tasviriy manbalarda rabotlarning turli ko’rinishlarini uchratish mumkin. Suls yozuvi – arab yozuvida mavjud bo’lgan yetti yozuv turning biri. Qadimiy sharqona binolarning peshtoqlariga, minora va devorlariga Qur’ondan parchalar, Hadislar yozishda qo’llanilgan. 4 Xonaqoh – masjidning ko’pchilik bo’lib namoz o’qishga mo’ljallab qurilgan katta xonasi. Xonaqoh qishloq masjidlari, karvonsaroylarda ham bo’ladi. Eshonning so’filar bilan zikr tushadigan xonasi ham xonaqoh deyiladi. Maqbara (arabcha) – qabr ustiga qurilgan me’morial bino – mavzoley. Musulmon dinida dastlab qabr ustiga biror tosh qo’yish, imorat qurish umuman man etilgan. Lekin IX asrdan boshlab maqbara qurish odatga kira boshladi. Keyingi asrlarda, asosan, podshohlar, ulug’ ruhoniylar qabri ustiga hashamatli maqbaralar qurildi. Buxorodagi Somoniylar, Marvdagi Sulton Sanjar, Samarqanddagi Amir ATemur maqbarasi va Shohizinda ansambllari ana shunday mavzoleylarning ajoyib namunalaridandir. Har bir guruhning iqtidorli rassom o’quvchisi guruhiga berilgan atamaning ma’nosini tushunadi va ko’rgazmali qurollardan foydalangan holda yoki hayolan guruh nomiga rasm ishlashni boshlaydi. O’quvchilarga mavzu bo’yicha qisqa mazmunli yo’llanma ko’rsatma matni beriladi hamda oldindan tayyorlangan tarqatma savollar guruhlarga tarqatiladi. Tarqatma savollar guruhga (guruhlarga) tarqatilgandan so’ng har bir guruhga berilgan savollar yuzasidan fikr-almashuv hamda bahs-munoza orqali javoblar tayyorlana boshlanadi. 1- “Minora” guruhiga berilgan savollar: 1 . Me’morlik qanday san’at ? 2. Me’morlik san’atining juda qadim zamonlardagi va Neolit davridagi rivojlanishini aytib bering. 3. O’zbekiston me’morchiligi antic va ilk feodolizm davrida. 4. O’zbekiston hududida olib borilgan arxeologik qazilmalarni izlab topishda qaysi arxeolog va san’atshunos olimlar samarali mehnat qildilar ? (Qazilmalar nomini ayting.) Mavzu matni Me’morlik- insonning har kungi hayotidan ajralmas san’atdir. Me’morlik ham san’atning boshqa turlari singari davlat tarixi, madaniy-ma’naviy mavqeini o’zida aks ettiradi, xalqning turmush tarzi, estetik qarashlarini hajmi shakllarda namoyon etadi. 5 Shuning uchun bu san’at haqli ravishda tarixiy voqealarning solnomasi, davr oynasi sifatida e’tirof etiladi. O’zbekistonda juda qadim zamonlardan boshlab odamlar g’orlarda yashash bilan birga yer ustiga ham turarjoylar qura boshlaganlar. Loy va turli shakldagi xom g’ishtdan foydalanib uylar qurishgan, bino devorlari, pollarni suvashgan va rang berib xonalarni bezashgan. Neolit (mil.avv.6- 4 minginchi yillar) davri so’ngiga kelib O’zbekiston yerlarida qo’rg’ontepalar qurilishi zaminida shahar va shahar-davlatlari rivojlanib bordi. Shu shahar-davlatlarda me’morlik majmualari yaratildi. O’zbekiston me’morligining antik va ilk feodalizm davrlari ham me’moriy obidalarga boy bo’lgan. Bu davrda yangi me’moriy g’oyalar paydo bo’ldi, yirik me’moriy majmualari, mavzuli rassomlik kompozitsiyalari, mahobatli haykaltaroshlik asarlari yaratildi. Feodallarning qasr-qo’rg’onlari, boy zodagonlarning shahar va shahar tashqarisidagi qasrlari vujudga keldi, yangilandi. Bu davr me’morligining o’ziga xos tomonlari qo’rg’on-qasrlar-ko’shklar qurulishida sezilarli bo’ldi. Bu qorg’on-qasrlar avvalgi badiiy-madaniy markazlardan bir muncha chekkada bo’lib, asosan dehqon-feodallarning turar joyi sifatida paydo bo’ldi. Bu qo’rg’onlar mustahkam devorlar bilan o’ralgan. Shu qo’rg’on-qasrlar atrofida keyinchalik turarjoylar, bozorlarpaydo bo’la borgan. Vaqt o’tishi bilan ana shu yerlar ham qalin devorlar bilan aylantirib o’rab olina boshlagan. O’zbekiston hududida olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida Varaxsha, Afrosiyob, Halchayon, Tuproqqal’a, Bolaliktepa, Aytrom, Dalvarzintepa, Qo’yqirilgan qal’a kabi qazilmalar topilgan. Qazilmalarda yuksak badiiy saviyada yaratilgan ko’plab me’morchilik obidalari, devoriy rasm, haykaltaroshlik asarlari, amaliy san’at buyumlari borligi aniqlangan. Bu noyob qazilmalarni izlab topishda L.I.Rampel, G.A.Pugachenkova, Y.A.Bulatov, B.P.Denike, M.Ye.Masson, B.A.Nilsen, V.A.Shishkin, A.Asqarov, Ya.G’ulomov, S.P. Tolstoy kabi arxeolog va san’atshunos olimlar samarali mehnat qildilar. 2. “Peshtoq” guruhiga berilgan savollar: 1. Qo’yqirilgan qal’a va Fayoztepa nechanchi asrga oid yorgorlik va ular qayerlarda joylashgan ? 6 2. Qal’a va Fayoztepa binolari qanday ko’rinishga ega ? 3. Ularda qanday tasviriy san’at asarlari mavjud bo’lgan ? 4. Tuproqqal’a haqida ham ma’lumot bering. Mavzu matni Qo’yqirilgan qal’a miloddan avval III-IV asrlarga oid yodgorlik. U O’zbekistonning To’rtko’l shahridan 22 km uzoqlikda joylashgan. Unda shohlar zali, askarlar zali, g’alaba zallari ham bo’lgan. Bino ikki qavatli bo’lib, diametri 44,4 m balandligi 9,5 m ni tashkil etadi. Devorga loy olingan joy suv bilan to’lgazilib qandakga aylantirilgan. Devor orasidan o’q o’tadigan tuyniklar bor. Bino ichida 8 ta gumbazli xona bo’lib, undan devoriy rasmlar, idish-tovoq, tobut, haykalchalar, devoriy naqshlar topilgan. Bular orasida arfa chalayotgan ayol va qo’sh baraban chalayotgan erkak kishi, shuningdek, qisiq ko’zli, qulog’iga sirg’a taqqan, gulli ko’ylak kiygan ayol rasmlari e’tiborga loyiqdir. Devoriy rasmlarda ko’plab ayollar tasviri uchraydi. Erkaklar tasviri ham mavjud. Saroy zallarida devoriy rasmlar bilan bir qatorda ganchdan tayyorlangan relyeflar, haykallar ishlangan va ular ustidan ranglar berilgan. G’alaba zalidagi bir relyefda shoh va uning atrofida ayonlar aks etgan, boshqa xonadagi relyeflarda esa kiyik, anor, shuningdek uzum daraxtlari tasvirlangan. Bu qadimgi san’atkorlarning yuksak mahoratlaridan darak beradi. Fayoztepa – eramizning I – III asrlariga oid budda ibodatxonalari majmuasi bo’lib, Termiz shahridan 15 km narida, 1968 – 76 yillarda topilgan. Fayoztepa devorlari paxsa va xom g’ishtdan qurilgan. U uch qismdan – markaziy qism, ibodatxona va xo’jalik binolaridan tashkil topgan. Ibodatxonadan balandligi 3 mli 7 erkak va ayol, shuningdek, muqaddas daraxt tagida o’tirgan odam va uning yonidagi ikki rohib tasvirlangan haykallar topilgan. Fayoztepa Eron qo’shinlari, keyinchalik arab istilolari natijasida butunlay vayron bo’lib, qum ostida qolib ketgan. Tuproqqal’a – miloddan avval I asr va milodning VI asrlariga oid qadimgi shahar qal’a xarobasi. U hozirgi Qoraqalpog’istonning Beruniy tumani hududida bo’lib, u 1938 – 1950 yillarda topilgan. Buning asosini saroy, unga tutash Ark tashkil etadi. Ark maydoni 40x40 m balandligi 25 m bo’lgan. Saroyda 8 ta zal bo’lib, ular bo’rtma naqsh, relyefli haykallar, devoriy rasmlar bilan bezatilgan Devoriy rasmlar ganchli sovuq ustiga mineral bo’yoqlar bilan ishlangan. Tasvirlarda oq, qora, ko’k, zangori, pushti, qizil, sariq, och va to’q yashil, jigarrang, binafsha ranglardan foydalanilgan. «Qizil xona» deb nomlangan xonada daryo manzarasi, hayvon, qush, baliqlar tasvirlangan. 3 – “Rabot” guruhiga berilgan savollar: 1 . Bolaliktepa va Varaxsha qal’alari nechanchi asrga oid yodgorlik va ular qayerlarda joylashgan ? 2. Ularning binolari qanday ko’rinishga ega ? 3. Ularda qanday tasviriy san’at asarlari mavjud bo’lgan ? 4. Qadimiy shahar Aytrom haqida nimalarni bilasiz ? Mavzu matni Bolaliktepa – Termiz shahridan 30 km shimolda joylashgan qo’rg’on qal’a. Qal’a 1953 – 55 yillarda topilgan bo’lib, u V – VI asrlarda yaratilgan deb tahmin 8 qilinadi. Qal’a ichida 10 ta xona bo’lgan. Bu qal’adan sopol, shisha, musiqa, asboblarining siniqlari, chilim kabilarning bo’laklari topilgan. Xona devorlari devoriy rasmlar bilan bezatilgan. Bu rasmlar mehmondorchilik va ov mavzusida bo’lib, loysuvoq ustiga yelimli bo’yoqlar bilan ishlangan. Bu kompozitsiya va uning ranglari rassomning katta mahoratidan dalolat beradi. Odam tasvirlarida mahsi, chopon, belbog’, zirak kabilar ham aks etgan. Varaxsha – Buxora shahridan 40 km g’arbda joylshgan qal’a xarobasi, hozirda bu joy cho’lga aylangan. Bu yerda miloddan ming yil avval odamlar yashagan va u yerda tasviriy san’at yaxshi rivoj topgan. Varaxshadagi eng katta bino 9 ga ni egallagan va balandligi 10 m ni tashkil etgan. U binoda hukmdorlar saroyi va ibodatxona, askarxona, aslahonalar bo’lib ulardan biri qizil xona hisoblangan. Rangtasvirda ov manzarasi aks ettirilgan bo’lib, unda ko’proq qizg’ish-kulrang, sariq ranglar ishlatilgan. Rasmda soyalar aks etmagan. Rangtasvirning ayrim namunalari Sankt – Peterburgdagi Ermitajda saqlanadi. Yer ostidan yuksak badiiy saviyada ishlangan haykallar ham topilgan. Ayrtom – Termizdan 18 km ., Amudaryo qirg’og’ida joylshgan qadimiy shahar bo’lib, 1932-yilda topilgan. Qazish ishlari jarayonida turli haykal va frizlar topilgan. Ulardan arfa, qo’shnay, ud, nog’ora chalayotgan sozandalar, qo’llarida gulchambar, meva va idishlar ko’targan ayollar va erkaklar tasvirlangan. Bu frizlar ishlanish uslubi va kompozitsiyasi jihatidan Shimoliy Hindiston haykaltaroshligiga juda o’xshab ketadi. Bu I – II asrlarda budda dinini O’rta Osiyoga kirib kelishi va tarqalishi bilan bo’glanadi. Ular o’zining badiiyligi jihatidan nihoyatda yuqori. 9 1938 – yilda Ayrtomdan I – II asrlarga oid budda dini ibodatxonasi ham topilgan. U yerda maxsus hujralar, buddahaykali bo’lgan. Yuqorida qayd qilingan frizlar shu ibodatxonalarni bezagan bo’lishi ehtimoldan holi emas. 4 – “Xonaqoh” guruhiga berilgan savollar: 1. Dalvarzintepa qayerda joylashgan va nechanchi yilda topilgan bo’lib, nechanchi asrga oid yodgorlik ? 2. Dalvarzintepada qanday buyumlar va tasviriy san’at asarlari topilgan ? 3. Afrosiyob qayerda joylashgan va nechanchi asrga oid yodgorlik bo’lib, binolari ko’rinishi qanday bo’lgan ? 4. Qanday tasviriy san’at asarlari topilgan ? Mavzu matni Dalvarzintepa – Andijon viloyatining Dalvarzin qishlog’ining chekka qismida joylashgan turar joy xarobasi hisoblanib, u 1952 – yilda topilgan. U davrimizning II asriga to’gri keladi. Yer osti qazilganda u yerdan bronza quyish ustaxonasi, tosh yotqizilgan ko’chalar, g’alla omborxonalari, turli uy jihozlari, sopol buyumlar topilgan. Dalvarzintepada qadimda qishloq xo’jaligi, metal bilan ishlash, tasviriy va amaliy san’at rivojlangan. Yer ostidan naqshli idishlar va odam haykallari ham topilgan. Ganchdan ishlangan ayol kallasi eramizning II asrida yaratilgan deb tahmin qilinadi. Afrosiyob – Samarqand shahri yonbag’ridagi xaroba bo’lib, u miloddan avval VI – V asrlarda mavjud bo’lgan. Afrosiyobni qazish ishlari XX asr boshlarida boshlanib, hozirda ham davom ettirilmoqda. Qazilma ishlari natijasida qal’a ichida saroy borligi aniqlanib, uning qadimiy ko’rinishi rekonstruksiya qilingan. Bu binoda bir necha xonalar bo’lib, ulardan biri mehmonxona ekanligi aniqlandi. Mehmonxonaning to’rt tomoniga turli devoriy rasmlar ishlangan. U rasmlardan birida bir erkak va bir ayol suhbatlashib o’tirgani aks etgan. Umuman, mehmonxonaning devorlarida to’y safari, daryoda cho’milish, elchilarni qabul qilish marosimi, ov kabilar aks ettirilgan. To’y safari aks etgan rasmda oq rangdagi filda malika saman ot mingan kuyov aks etgan. Malikani kuzatib ketayotgan kanizaklar ham tasvirlangan. Rasmdagi ayol 10 qizil rangdagi ko’ylak, och kulrang ro’mol, sariq lozim, qora etik, qo’lida bilaguzukda mohirona tasvirlangan. Bu rasmda saroy xodimlaridan ikkitasi tuyalarga minib kuzatib kelayotganliklari ifodalangan. Ulardan biri chol, ikkinchisi undan yoshroq kishi. Ikkovlari ham serbezak kiyimda tasvirlangan. Ularning bellarida kichik hanjar va qilich osilgan, qo’llarida hassa. Bu ularni saroy amaldorlari ekanligidan dalolat beradi. Ularning orqasida oq rangli parrandalar ergashib kelmoqda. Bulardan tashqari oq kiyikli kichik kishi ham tasvirlangan. Ulardan biri qora rangli otni yuganidan tortib kelmoqda, ikkinchisi orqaroqda qushlar yonida tasvirlangan. Bu rasmlar orqali bir necha ming yillar burun ajdodlarimiz mohir san’atkor bo’lib, yuksak badiiy asarlar yaratganliklariga ishonch hosil qilamiz. 5 – “Gumbaz” guruhiga berilgan savollar: 1. Rivojlangan feodalizm davrida O’zbekiston me’morligi. 2. Rabot, masjid, mehrob, minbar, minora, madrasa, xonaqoh, gumbaz, maqbara kabi atamalarni me’morlik san’atiga kirib kelishi. 3. Bu davrda qurilishda xom g’isht va paxsadan tashqari yana nimalardan foydalanildi. 4. Samoniylar maqbarasi haqida ma’lumot bering. O’zbekiston me’morlik san’atining yangi bosqichi rivojlangan feodalizm davriga to’g’ri keladi. Shu davrda O’zbekiston jahonga ajoyib olimlarni berdi. Me’morlikda yangi tipdagi binolar, ijodiy g’oyalar yuzaga keldi. Shahar hayoti rabotga ko’chdi. Shu yerda gavjum bozorlar paydo bo’ldi. Savdo qatorlari yaqinida esa hunarmandlar jamoalari shakllana bordi. Shaharda va undan tashqarida jamoat va 11 turarjoylar ko’plab qurildi. Bu qurulishlarda asta islom dini bilan bog’liq me’morlik shahar qiyofasini belgilashda muhim o’rin egallay boshladi. Masjid qurilishi boshqa dinlar bilan bog’liq diniy binolar qurilishiga chek qo’yaboshladi. Shu davrda masjid tiplari yuzaga kelib, juma masjid va guzar masjidi hamda shahardan chekkada namozgohlar barpo etildi. Masjid ichida qibla tomonda mehrob yonida minbar qurilgan. Namozgohga chiqish uchun minora ishlanishi ham shu davr mahsulidir. O’quv dargohlari – madrasalar qurilishi ham jonlana boshladi. Xonaqohlar alohida masjid – madrasalarda ularning yaqinida qurilgan. Shunday xonaqohlar Samarqand, Buxoroda ko’plab uchraydi. Savdo chorrahalarida Chorsu savdo gumbazlari, shahar darvozalari oldida karvonsaroylar hamda shahar va undan tashqarida maqbaralar qurilishi shu davr me’morligining o’ziga xos yangi yo’nalishlari mahsuli edi. Ayniqsa, maqbaralar qurilishida bezak san’ati yutuqlari o’z ifodasini topdi. Qurilishda xom g’isht, paxsadan tashqari pishiq g’isht va alebastr qorishmalaridan foydalanish ham muhim bo’ldi. Uchli toqilar ham me’morlik san’ati o’zgarishlarini belgiladi. Minora qurilishi ham odat tusiga kirib kela boshladi. Samoniylar maqbarasi haqli ravishda jahon me’morlik san’atining nodir yodgorligi hisoblanib, dastlab o’zining sodda va tuzulishining aniqligi nisbatlarining nihoyatda mutanosibligi va me’moriy shakl devorining nihoyatda nafis holda bir – biri bilan uyg’unlashib ketganligi bilan ajralib turadi. Maqbara asosi kvadrat bo’lib (7,20 x 7,20) to’rt tomonida arkli eshik mavjud. Maqbara tashqi tomondan tepaga bir oz torayib boruvchi kub va uning ustiga o’rnatilgan yarim aylana shaklidagi qozonni eslatadi. Binoning tashqi devor yuzasi pishiq g’ishtni turli holda taxlanishi hisobiga badiiylashtirilgan. G’ishtning goh yon, goh burchagi bilan qo’yilishi yuzaga yorug’ – soya o’yinini oshirib, uni xushmanzarali bo’lishini ta’minlagan. Bu yorug’lik – soya o’yini esa kurash nurining o’zgarishi bilan turlanib boradi va binoga har safar qaytarilmas joziba beradi. Binoning kubsimon va uning ustiga o’rnatilgan gumbaz bir – biri bilan uzviy va mustakam bog’langan. Ularning uyg’unligi va mustahkam turishi binoga alohida musiqaviy ohang kiritgandek bo’ladi. Bir oz mungli ko’ringandek bino abad uyqudagilar uchun nihoyatda sokin va mungli sukut saqlayotgandek tuyuladi. 12 6 – “Ansambl” guruhiga berilgan savollar: 1. Temur va Temuriylar davrida me’morchilik. Shohizinda me’moriy majmuasi. 2. Registon me’moriy majmuasi 3. Shayboniylar davrida Buxoro me’morligi. 4. Xiva me’morligi. Temur va Temuriylar davrida me’morlik san’ati nihoyatda rivojlandi. Bu davrda me’morlikda birinchi bor vujudga kelgan yirik va murakkab me’morlik majmualari muhim o’rinni egallaydi. Me’morchilik yodgorliklarini rangli koshinlar bilan boyishi katta badiiy – estetik ahamiyat kasb etadi. Albatta, rangli bezak O’rta Osiyo me’morligida avval ham bo’lgan lekin XIV asrga kelib bino ichki va ayniqsa tashqi pardozida bu uslub alohida o’rinni egallay boshladi. Sirli sopol taxtachalardan ishlangan rangli koshinlar XIV asr oxiridan keng tarqaldi. Temur nafaqat o’z ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandda, balki o’z tasarrufidagi yerlarda ham hashamatli binolar qurdirdi. Shohizinda me’morlik majmuasi Afsonaviy Afrosiyob yonbag’riga XI – XII asrlarda mavjud maqbaralar o’rniga qurilgan. Bu yer musulmonlarga qadar ham muqaddas sajdagoh joyi bo’lgan. Afsonalarga ko’ra bu yerda avliyo Qusam ibn Abbos maqbarasi bo’lib, go’yo u shu yerda tirilib yer ostiga kirib ketgan va oxiratgacha o’sha yerda yashashga qaror qilgan. «Shohizinda» - «tirik shoh» nomi 13 shu yerdan olingan. Hozirgi Shohizinda majmuasi ko’rinishi XIV – XV asrlarning birinchi yarmida shakllangan. U 1434 – 1435 yillarda Ulug’bek tomonidan qurdirilgan peshtoq bilan boshlanadi. Ulug’bek rasadxonasi uch qavatli bo’lib ichki qismi rasmlar bilan bezatilgan. Unda tabiat manzaralari keng o’rinni egallagan. Go’ri Amir maqbarasi (1404 – 1405) sodda me’morlik shakllardan – sakkiz qirrali asos, silindrik baraban va qirrali ko’k moviy gumbazdan tashkil topgan. Binoning ichki qismi ham juda serjilva. Uning ichki devorlari marmar bilan pardozlangan. O’yma va rangli, shuningdek, oltin suvi yuritilgan naqshlar bilan ichki qismiga alohida fayz bergan. Shayboniylar davrida Imonqulixon xizmatida bo’lgan Yalangto’sh nomli amaldor Samarqanddagi katta qurulishlarga homiylik qildi. Uning mablag’i hisobiga Registon maydoni to’liq shakllandi. U avval qurilgan Ulug’bek madrasasi (1417 – 1420) qarshisiga mahobatli Sherdor va uning yoniga Tillaqori madrasalarini qurdirdi. (Tillaqori m 1646 – 1660, Sherdor m. 1619 – 1936). Sherdor madrasasi peshtoqida real tasvir (yo’lbars, quyosh, odam qiyofasi), boshqa obidalarda islimiy va girih usulidagi naqshlar, suls uslubida bitilgan yozuvlar aks ettirilgan. Shayboniylar davrida Buxoro Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridan biriga aylandi. Shaharda Temuriylar davrida qurilgan binolarga o’xshash hashamatli binolar qad ko’tardi. Peshtoqlari bir – biriga qaratib qurilgan qo’sh madrasalar qurildi. Buxorodagi markaziy ansambllardan Katta Kalon Jom’e masjidi va Mir Arab madrasasi ham shu uslubda barpo etildi. XIV asrda Buxoro yaqinida Chor – Bakr majmuasi barpo etildi. 14 Buxorodagi Kalon masjidi minorasi (balandligi 60 m, O’rta Osiyodagi eng baland minora) g’ishtning badiiy imkoniyatlari bino tashqi bezagini belgilashda muhim ro’l o’ynagan. Aslida g’isht minora yuzasi naqshini tashkil etuvchi birdan – bir element bo’lib qolgan. Ularning taxlanishi va turish holati hisobiga yuza o’ziga xos ko’rinish va latofat kashf etgan. XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida Xivaning mashhur yodgorliklari o’zining tugallangan ko’rinishiga ega bo’ladi. Darvozalar, karvonsaroylar va madrasalar hisobiga shahar ko’rki ochiladi. Pahlavon Mahmud maqbarasi, Tosh hovli kabi yodgorliklari bugungi kunda bezakdorligi hamda go’zalligi bilan kishilarni hayratga soladi. Islomxo’ja minorasi shaharning ajoyib me’morchilik yodgorligi hisoblanadi. Fikr – almashuv hamda bahs – munozara uchun ajratilgan vaqt payoniga yetgan har bir guruh yetakchisi navbatma – navbat berilgan tarqatma savollar yuzasidan so’zga chiqadi. Boshqa guruhlar tomonidan berilgan qo’shimcha savollarga ham javob beradi. Darsni yakunlash: Vazifalari qaysi guruh a’zolari qanday yoritib bera olganliklari muhokama qilinadi, baholanadi. 1. O’quvchilar bilimini sinash 5 ball 2. Yangi mavzuni o’zlashtirganligi 5 ball 3. Guruh nomiga rasm ishlash 5 ball Uyga vazifa: Me’morchilik tarixiga oid materiallar, me’moriy obidalarning fotoreprodksiyalarini yig’ish. Interfaol usulining “Zanjir” mashqiga tayyorgarlik ko’rib kelish. 15