logo

Ijodiy metod va uslub Ijodiy metodning yuzaga kelishi Romantizim Realizm Ijod tiplarining o’zaro aloqasi

Загружено в:

08.09.2022

Скачано:

0

Размер:

70.5 KB
Ijodiy metod va uslub Ijodiy metodning yuzaga kelishi Romantizim Realizm Ijod tiplarining o’zaro aloqasi Oqimlar va ularning kelib chiqish sabablari Reja: 1. Kirish 2. Ijodiy metod va uslub Ijodiy metodning yuzaga kelishi Romantizim Realizm Ijod tiplarining o’zaro aloqasi Oqimlar va ularning kelib chiqish sabablari Badiiy uslub har bir yozuvchi-san’atkorning, har bir yetuk asarning, har bir davr adabiyotining o’ziga xos barcha xususiyatl arini qamrasa, badiiy metod muayyan guruhga mansub san’atkorlar ijodining umumiy va mushtarak barcha belgilarini o’zida tashiydi. Bu xususiyat va belgilar hayot materialini tanlash, umumlashtirish, baholash, aks ettirish borasidagi umumiylik va ayni paytda, ana shu umumiylikning yakka shaxs (yozuvchi) talanti, qudrati ila “pishib yetilishidir”. Ko’rinadiki, garchi uslub va metod bir-biriga o’xshamasa-da, lekin ular birlashganda, bir-biri bilan chatishganda voqye bo’ladilar, ana shundagina ular yaratish xislatiga, ta’sirdorlik fazilatiga, go’zallikni bunyod etishga qodirlik kasb etadi. Bundan ko’rinadiki, badiiy asar yaratilganidanoq,- uslub ham, metod ham tug’iladi. Nazariy adabiyotlarda aytilganidek, dastavval, romantizm, keyinchalik yoki to’g’rirog’i X1X asrga kelib realizm dunyoga keldi degan tushunchani rad etadi. Demoqchimizki, uslub va usul (metod) adabiyotning paydo bo’lishi bilan bir vaqtda tug’iladi. Faqat adabiyotning rivoji, kamolot sayin o’sishi, g’oyaviy badiiy kashfiyotlarning umumlashtirilishi va saboqlariga bog’liq holda uslub ham, usul ham turfa xillik kasb etadi; jamiyat taraqqiyotidagi o’zgarishlarga javob tarzida usul ham, uslub ham yangicha sifat kasb etib, bahor yanglig’ qayta tug’ilib boraveradi. Har bir yilning o’z bahori bo’lganidek,har bir yozuvchining o’z uslubi tashida, qobig’ida metod vazifasini o’tayveradi. Shuning uchun “Iliada” ham, “Ramayana” ham, “Xamsa” ham, “O’tkan kunlar” ham, “O’zbek Navoiyni o’qimay qo’ysa” ham asrlarni tan olmasdan, hamma avlodlarga estetik zavq ulashaveradi, insonni komillik yo’lida tarbiyalayveradi. Chunki ularning hammasida ham hayot va inson mohiyatini tushunish, idrok etish, ezgulikni ulug’lash va uning amaliyotiga chorlash - bosh pafosdir, insoniyat tuyg’ulari tarbiyasi uchun o’lmas namunadir; ana shu sohadagi anglangan jihatlardan saboq olib, anglanmagan qirralarini kashf etish - adabiyot taraqqiyotining tuganmas, nihoyasi yo’q yo’nalishidir. Shu mulohazalardan kelib chiqsak, hayot va insonning badiiy modelini yaratishning ikkita yo’li eng qadimgi davrdan bugungacha davom etib kelayotgani aniqlashadi va bu haqiqatni allomalar ham tasdiqlaydilar. Jumladan, Aristotel “Poetika” asarida: “Sofoklning aytishicha, u odamlarni qanday bo’lishi kerak bo’lsa shunday tasvirlagan, Yevripid esa qanday bo’lsa o’shanday tasvirlagan” (53-b.) Rusning buyuk tanqidchisi V.G.Belinskiy ham (X1X asrda) bu haqiqatni tasdiqlaydi: “Aytish mumkinki, poeziya ikki usul bilan hayot hodisalarini qamrab oladi va qayta tiklaydi. Bu usullar, garchi biri ikkinchisiga qarama-qarshi bo’lsa ham, bir maqsad tomon yetaklaydilar.                 Shoir uning narsalarga nazari tarziga, uning dunyoga munosabatiga, o’zi yashagan asri va xalqiga bog’liq idealiga moslab hayotni qayta yaratadi (peresozdayet) yoki shoir bu hayotni butun yalong’ochligi va haqqoniyligi bilan qayta tiklab (vosproizvodit) hayot voqyeligining hamma tafsilotlariga, bo’yoqlariga va nozik tomonlariga sodiq keladi. Shuning uchun aytish mumkinki, poziyani ikki bo’lakka- ideal poeziyaga va real poeziyaga bo’lsa bo’ladi ” (Qarang: I.Sulton, 356-bet). I.O.Sultonov: “Hozirgi zamon adabiyotshunosligida birinchi xil badiiy tafakkur- “romantik tafakkur tipi”, ikkinchi xil tafakkur-“realistik tafakkur tipi” deb ataladi” (I.Sulton, 356-bet),-deb yozadilar va “Romantik tafakkur yoki realistik tafakkurning ma’lum tarixiy davr uchun xarakterli va hukmron ko’rinishini ijodiy metod ” tushunchasi bilan yuritishni taklif etadilar... Darvoqye, hayotni obrazli tasvirlashning ikki yo’nalishi “ham aslida inson tabiati bilan bog’liq hodisa sanaladi. Chunki odam real hayot qo’ynida, ham orzu-havaslar dunyosida yashaydi. Inson tabiatida mavjud hayot tarziga qanoat qilishdan ko’ra, turmushni o’zgartirish istagi, uni yanada yaxshilash havasi baland turadi. Bu havas... kuchli bo’ladi” (A.Ulug’ov, 79- bet). Ana shu ikki yo’nalish – ijod tipi turli – tuman davrlarning, jamiyatlarning talablariga doimo javob berib kelmoqda, faqat, bizningcha, evolyusion rivojlanish – romantizmni, revolyusion taraqqiyot – realizmni birinchi o’ringa olib chiqadi. Ko’pincha badiiy asarlarda ijodning bu janrlari qo’shaloqlashgan bo’ladi. Realistik asarda romantizmning xislatlari yordamchi vazifani bajarsa, romantik asarda realizmning unsurlari ham shunday vazifani o’taydi. “Xamsa” (Navoiy)da ham, “Qiyomat” (Ch.Aytmatov)da ham, “Yolg’izlikda yuz yil” (G.G.Markes)da ham, “O’tgan kunlar” (A.Qodiriy)da ham bu holat yaqqol ko’zga tashlanishi va barchaga ayonligi isbot talab etmaydi. Shunday bo’lsa-da, yana bir asos: Sadriddin Ayniyning ta’kidlashicha, “Xamsa” dostonlarida Navoiy salbiy tiplarni o’z zamonasidan olgan, ijobiy tiplar esa – Navoiy fantaziyasi va idealining maxsulidir, lekin romantizm ustundir. Yana shuni ta’kidlash lozimki, muayyan yozuvchi ijodida, muayyan asarda yo romantizm, yo realizm doimo yetakchilik qiladi. Professor Abduqodir Hayitmetov ilmiy xulosalari ham shu hodisalarni isbot qiladi. Uningcha, Navoiyning asosiy metodi-romantizm, ayni paytda, uning Said Hasan Ardasherga yozgan maktubi, “Mahbubul-qulub”, satirik g’azallari va qit’alari, “Lisonut tayr”dagi ba’zi hikoyatlari realistik xarakterdadir. Albatta, har bir san’atkorning “o’ziga xos”ligini unutmaslik kerak. Birida isyonkorlik, birida jamiyat bilan kelishib yashaydigan donolik ustun bo’lishi ham mumkin. Biri realliklarga chiday olmay, biri undan ko’ra orzular dunyosida yashashi-o’zini voqye qilishi ham tabiiydir. Jumladan, Alisher Navoiy inson haqidagi orzu havaslarini akslantiruvchi asarlar yozgan bo’lsa, uning yosh zamondoshi Bobur o’z zamoni voqyea va odamlarini haqqoniy, real tasvirini beradi. G’.G’ulom, H.Olimjonlar sosialistik voqyelikni ulug’lagan bo’lsalar, A.Qodiriy, Cho’lponlar bu voqyelikdan isyonga keladilar. Mirmuhsin, H.G’ulom, Shukrullolarda jamiyat bilan kelishib yashash ustunlik qilsa, A.Oripov, E.Vohidovlarda bu jamiyatning kirdikorlarini fosh etish, yuksakroq voqyelikni istash tuyg’ulari kuchlilik qiladi va hokazo. Jahon adabiyoti taraqqiyoti tarixidagi realizm va romantizmni-ijod tiplari, ijod yo’nalishlari, badiiy tafakkur tiplari deb yuritish ham asoslidir. Chunki ularning turfa xil ko’rinish va qirralarini turli davrlar ro’yobga chiqargandir.           Jumladan, klassisizm (P. Kornel, J. Rasin), ekzistensionalizm(Jan Pol Sartr, M. Prust, F. Kafka), syurrealizm(Pol Elyuar, Oskar Uayld, A. Axmatova), tanqidiy realizm(Maxmur, Muqumiy, L. Tolstoy, F. Dostoyevskiy), sosialistik realizm (Oybek, G’.G’ulom, M.Gorkiy) va sh. k. Bu ko’rinishlarning hammasini oqimlar(irmoqlar) deb atash, romantizm va realizm (ikki daryo)ni metod deb yuritish(ikki daryoning birikuvidan tug’ilgan irmoqlar deya tasavvur qilish) ma’qulga o’xshaydi. Chunki oqimlarning hammasi ham yo realistik, yo romantik tasvirlash prinsiplarining qonuniyatlariga bo’ysinadi. Shu qonuniyatlarga tayanganlari holda, uning hali to’liq anglanmagan yangi qirralarin ochadilar, xolos. Yangi qirralarni kashf etish va ifodalash jarayonida muayyan o’ziga xosliklar ham yuzaga kelishi tabiiydir. Jumladan, realizmning o’ziga xos bir ko’rinishi – klassisizm (lot. “namuna”, “ibrat” ma’nolarini beradi)ni ko’raylik. Uning vakillari o’tmish antik adabiyoti namunalarini o’zlari uchun ibrat namunasi deb sanaganlar. Ular adabiyotda hamma narsalar aniq va qat’iy qoida asosida tasvirlanishi shart deb tushunganlar va estetik qarashlarini “uch birlik”ka moslaganlar: asarda tasvirlanayotgan hodisa bitta yaxlit syujetda gavdalantirilishi (“harakat birligi”), bir joyda bo’lib o’tishi (“joy birligi”) va yigirma to’rt soat ichida yuz berishi (“vaqt birligi”) lozim bo’lgan. P. Kornelning “Sid” (“Said”), “Gorasiy”, J. Rasinning “Andromaxa”, “Britanik”, Molyerning “Xasis” singari go’zal, betakror asarlari shu qoidalarga muvofiq yaratilgan. Klassisizm vakillari “Adabiyot saroy va shahar uchun yaratilishi kerak”(N. Bualo) deb hisoblaganlar va janrlarni tabaqalashtirganlar. Ularning estetik tushunchalaricha drama eng yuksak janr, komediya quyi janr hisoblangan. Roman, qissa, hikoya janrlariga ikkinchi darajali unsurlar deb qarashgan. Ko’pincha ularning asarlarida inson hayoti va xarakterining bir qirrasi chuqur va batafsil tasvirlangani uchun, insonning ko’pqirrali xarakteri to’liq gavdalanmagan... Bundan ham ko’rinadiki, hyech bir oqim hayot va inson tasvirining hamma jihatlarini qamrab ola bilmaydi, inson haqida anglagan haqiqatlarning saboqlarini o’zidan keyingi oqimlar uchun uzatadilar va ana shu saboqlar yangi bosqich poydevori bo’lib, yangi oqimlar tarixida hali anglanmagan haqiqatlarni kashfi davom etaveradi; adabiyot rivoji to’xtovsiz harakat qilgani sayin – inson haqidagi haqiqat tobora chuqurroq aksini topaveradi. Demak, metod ham, oqimlar ham hyech vaqt yozuvchi talantini, san’atini o’lchovchi, baholovchi mezon bo’la olmaydi. U “adabiy asarlarni bir-biridan farqlash, adabiy davrlar o’rtasidagi tafovutlarni ko’rsatish, aniqlash va belgilashning o’ziga xos mezoni sanaladi”(A. Ulug’ov, 87-b). Har qanday asar o’z davrining hukmron estetik qarashlari, muhitning bosh alomat va haqiqatlari bilan qoliplangan bo’ladi. Garchi bu haqiqatni takrorlayotgan bo’lsak-da, ana shu qolip (davr mohiyati) asarga o’z nuqsini bosadi: nafasini, ruhini, ohangini, aqidasini, a’molini, “o’zligi”ni qoldiradi. Ana shu holatlarni umumlashtirish, xususiyatlarini ochish uchun “metod” va “oqim” tushunchalari o’ylab topilgan va ularning hammasi ham “romantizm va realizm” ijod tiplaridan bunyod bo’lgan, ularning haqiqiy “farzandlari” sanaladi. Adabiyot hayotni badiiy obrazlarda so’z vositasida akslantirish san’ati ekan, u hamon bosh qonun-adabiyotning konstitusiyasi vazifasini bajararkan, u bilan tug’ilgan romantizm va realizm ham umriboqiy, doimo harakatdagi unsurdirki, bizningcha, faqat ana shu ikki qudratni- metod tarzida, qolganlarini oqim sifatida aniqlashtirish asosliroqdir, adabiyot ruhiga monanddir, uning rivojlanish bosqichlariga xosdir. Romantizm. Bu metodning bosh xislati “idealga moslab hayotni qayta yaratish” (V. Belinskiy)dir, ya’ni orzu qilingan voqyelikni tasvirlashdir; uni go’zal va mukammal hayot tarzida ko’rsatishdir; ana shu hayot qahramonlarining afsonaviy kuch-qudratga egaligini, mo’jizakorligini ideallashtirishdir.         Esxilning “Prometey”, Sofoklning “Shoh Edip”, Yevripidning “Yelena”, Navoiyning “Xamsa”, Rustavelining “Yo’lbars terisini yopingan pahlavon” kabi asarlarida “odamlarning qanday bo’lishi kerak bo’lsa, shunday tasvirini” berilgani ham yuqorida aytilgan bosh xislatni tasdiqlaydi. Jumladan, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhod real shahzoda obrazi emas, balki, Navoiy orzu qilgan hukmron timsolidir. U shahzoda bo’lishiga qaramay, hunar egallaydi, ilm-fanni chuqur o’rganadi. Yoshligidanoq mo’jizakor kuch-quvvatga ega bo’ladi, ming-minglab odamlar eplay olmagan ishlarni bajaradi. U teshasi bilan arman tog’i toshlarini xuddi pichoq sariyog’ni kesganday kesib, kanal qazadi; Xisravning minglab qo’shini ko’ngliga g’ulg’ula soladi, ularga bir o’zi bas keladi... Romantik asarlarda voqyea-hodisalar va qahramonlar boshqa tarixiy davr va mamlakatlarga ko’chirib tasvirlanadi. “Farhod va Shirin” (A. Navoiy) dostonida voqyea- hodisalar avval Chin (Xitoy)da, so’ng Arman o’lkasida yuz beradi. Farhod, Bahrom-xitoylik, Mehinbonu, Shirin-armani, Shopur, Xisrav, Sheruya-eronlik. Holbuki, bu qahramonlar xarakteri, a’moli, ruhi bilan o’zbeklarga tegishlidir, undagi voqyea-hodisalar asosida Navoiy davri hayotining tipik manzaralari aksini topgandir. Insoniylikni ulug’lash, ezgulikni kuylash, muhabbat va sadoqatni yuksak darajada madh etish, unga ishontirish romantizmning eng xarakterli alomatidir. Unda hayotni judayam ko’tarinki ruhda, serjilo bo’yoqlarga boy tarzda, yorqin va nozik ifoda etish- xislatga aylanadi va bu xislat kitobxon qalbini larzaga soladi. “Farhod va Shirin”da tasvirlanishicha, Farhod o’limidan so’ng Shirin: “Men uning hajrida bemoru bedilman, xuddi chala so’yilgan qushdayman”-deydi. Aning hajrida men bemori bedil Qushemenkim, qilurlar nim bismil 1 . Farhodni Armaniya tog’idan keltirib, uni quchoqlab, jismiga jismin va joniga jonin ulaydi. Yuzini yuziga, ko’ksini ko’ksiga qo’yib o’z bedilini quchog’iga oladi. So’ng yuragidan alangali bir oh tortib, uning ko’zi ham birga uxlagani u bilan uyquga ketadi: Qo’yubon ro’y-barro’ do’sh-bardo’sh, Bo’lib o’z bedili birla hamog’ush. Ko’nguldin shu’laliq ohye chiqardi, Ko’zi hamhobadek uyquga bordi. Mehinbonu va uning yonidagilar kajavaga yaqin qadam qo’yib borib, pardani ochib sanamni ko’rdilar. U yuzini yuziga, ko’ksini ko’ksiga berib, Farhod bilan hamog’ush yotar edi. Ko’zi ko’zining ustida, qoshi qoshining ustida. Birorta mo’y tashqarida ekanligi ko’rinmasdi. Cheksiz-chegarasiz ayriliqlar ketib, uning o’rnini benihoya visol egallagan edi. O’lgan oshiq bilan jonsiz ma’shuqa sarv daraxti bilan pechak guliday chirmashib yotar edilar. Ma’shuqa o’z sevgilisini mahkam quchoqlab yotar, sevgilisi ham ma’shuqasini xuddi shunday quchoqlab yotardi: Amori sori qo’ydilar qadamni, Ochibon parda, ko’rdilar sanamni Ki, Farhodi bila yotib hamog’ush, Qo’yubon ro’y-barro’ do’sh-bardo’sh. Ko’ziyu qoshi uzra, ko’zu-qoshi, Sari mo’ bo’lmayin zohir tahoshi. Ketib ul furqati behaddu g’oyat, Bo’lub ro’zi visoli benihoyat.           O’luk oshiq bila ma’shuqi bejon, Nechunkim sarv birla ishq pechon. Quchub o’z oshiqin ma’shuqi mahkam, Nechunkim, oshiq o’z ma’shuqini ham. Bunday ajib holatga – muhabbatning bunchalik vafoga, sadoqatga yo’g’rilganini, pokligi va go’zalligini ko’rgan Mehinbonuning fig’oni ko’kka ko’tarildi. Shu fig’on bilan birga uning joni ham chiqib ketdi. Chunki Shirin uning joni edi. Usiz o’lishi mumkin edi. Shu paytda undan ajralgan edi, jonidan ham ajraldi qo’ydi: 1 Chiqib gardun sori afg’oni oning, Fig’oni birla chiqti joni oning. Chu Shirin joni erdi, onsiz o’ldi, Damekim o’ldi onsiz, jonsiz o’ldi. Ko’rinadiki, inson bekorga va bir o’zi hyech vaqt o’lmaydi. Mehru muhabbat rishtalari bilan bog’langanlar birga yashaydilar yoki birga rixlat qiladilar; bu vafoning, sadoqatning, insoniylikning, poklikning, niyatning yetukligi natijasidir; romantik tasvirning qudratidir. Romantik metodning asosiy xususiyatlaridan yana biri har qanday jamiyat (quldorlik, feodalizm, kapitalizm, sosializm)ning antigumanistik mohiyatini doimo fosh etish va qoralashdir. Ijodda va hayotda erkinlik, shaxs ozodligi va komilligi uchun kurashdir. Bu xususiyat hamma romantik ijodkorlar faoliyatida pafos darajasiga ko’tarilgan, o’lmaydigan ruh bag’ishlaydigan “hamma xalqlarda va hamma zamonlarda umumiy bo’lgan hodisadir”(V.Belinskiy). REALIZM. Bu metodning bosh xislati- “Hayotni butun yalong’ochligi va haqqoniyligi bilan qayta tiklash” (V.Belinskiy)dir. Bu qonuniyat – adabiyotning tug’ilishidanoq paydo bo’lgan bo’lib, uning tarixiy rivojlanish taraqqiyoti davomida to’xtovsiz tarzda sayqallashdi, yangi-yangi xususiyatlar dunyoga keldi, tobora boyib takomillashishda davom etmoqda. Romantizm bilan doimo bahslashib, uni ham boyitib, undan ham ruh olib, birgalashib “bir maqsadga yetaklashda” (V.Belinskiy) musobaqa qilmoqdalar. To’g’ri, adabiyot tarixi davomida romantizmning ham, realizmning ham barcha oqimlari hamma vaqt ijobiy natijalarga olib kelgan emas. Jumladan, naturalizm oqimi – hayotni o’ta yalong’och va butun tafsilotlari bilan ikir-chikirigacha tasvirlash orqali- ta’sirdorlik xususiyatini muayan darajada yo’qotgan bo’lsa, sentimentalizm oqimi hayotni tasvirlashda aql-idrokdan his-tuyg’uni ustun bildi, uning musoffaligini yagona mezon darajasiga ko’tardi; xo’rlanganlar, jabrdiydalar, jafokashlar, baxtsizlar, nochorlarning ideal obrazlarini yaratdilar va shu bilan hayotning bosh lokomotivi – kurashchanlikdan, yaratishdan ma’lum darajada uzoqlashdilar. Bunday holat tabiiydir, izlanish, o’sish, taraqqiyot yo’lidagi yutuqlar va kamchiliklarning bo’lishidir. Romantizm va realizm qudratining turli darajadagi (go’yo dengiz qudratidan hosil bo’lgan ulkan) hayotbaxsh yoki halokatli to’lqinlaridir. Gumanizm, erkin va ozod hayot, baxt va tinchlik uchun kurash – insoniylik romantizmning ham, realizmning ham bayrog’idir. Faqat realizm inson va jamiyat hayotini real (aniq) va rost tadqiq etish yo’lidan bordi. U B.L.Suchkov yozganidek, realizm “kishilarning harakatlari va hislari ehtiroslarning yoki ilohiy irodaning oqibati emasligi, balki ular real sabablar, aniqrog’i, moddiy sabablar bilan tayin etilishini tushuna boshlagan paytda paydo bo’lgan”. Bu tushuncha eng qadimgi davr kishilarida (Neandartal odamlarda) ham bo’lganini fan isbotlamoqda. Tarixda shaxs va jamiyat orasidagi ijtimoiy munosabatlarni bugungidek badiiy ta’sirchan va haqqoniy (Sosial va psixologik determinizm             (shartlanganlik)ka asoslangani holda) aks ettirish darajasi bo’lmaganligi ayon, lekin, ayni paytda, bugungi darajaning yuzaga kelishida o’tmishdagi realizm poydevor bo’lgani ham haqiqatdir. Bobur, Maxmur, Turdi, Muqimiy, Furqat, A.Qodiriy, A. Qahhor, P.Qodirov, O.Yoqubov, M.Muhammad Do’st, T.Malik, T.Murod kabi yozuvchilar ijodi ham ularning shu soha bo’yicha saboqlaridagi vorislik ham isbotdir. Realizmning estetik prinsiplaridan yana biri – hayot voqyea – hodisalarini haqqoniy detal va tafsilotlar vositasida tipik xarakterlarni tipik sharoitda tasvirlashdir (Darslikning “Hayotiy haqiqat va badiiy haqiqat”, “Syujet va kompozisiya” qismlarga qarang). Ana shu tasvir asosida kishilik jamiyati taraqqiyoti uchun muhim bo’lgan ijtimoiy – ma’naviy muammolar turishi, ular badiiy umumlashtirilishi, tipiklashtirilishi zarur. M.Gorkiy jahon adabiyotida yaratilgan badiiy obrazlar xususida shunday yozadi: “Mana shu sanab o’tilgan odamlar turmushda bo’lgan emas: ammo ularga o’xshash kishilar hayotda bo’lgan va shu borlari ham ancha mayda bo’lib, u qadar mukammal bo’lmaganlar, ayrim g’ishtlardan minora... yasalgani kabi, mana shu mayda, chakana kishilardan so’z san’atkorlari umumlashma tiplarini, turdosh tiplarni yaratganlar, “to’qiganlar”. Shunday “to’qima” natijasida biz endi har bir yolg’onchini Xlestakov, xushomodgo’yni Molchalin, ikkiyuzlamachini Tartyuf, rashk qiluvchini Otello va hokazo deb ataymiz”(M.Gorkiy, Adabiyot to’g’risida, 72-bet). Ko’rinadiki, realist – san’atkor hayot qa’rida yotgan haqiqatni kashf etuvchi uning ko’p qirrali va qarama-qarshi tomonlarini ro’yi-rost ochuvchi, uni tadqiq va tahlil qiluvchi hislatga ega bo’lishi kerak; hayotning obyektiv manzarasini xolis tasvirlovchi yozuvchi bo’lishi lozim. Bu – realizmning bosh talabi, uning mohiyatidir. Hayotga yaqinligining, romantizmga teskariligining yaqqol ko’rinishidir. Romantizm va realizm metodining barcha hususiyatlari, hislatlari haligacha voqye bo’lgan emas. Shundan bo’lsa kerakki hyech kim ularga mukammal ta’rifni ham bera olgani yo’q. Biz ham ta’riflashdan voz kechamiz, chunki ularning xususiyatlarini yetarli tarzda o’rganishga va kelajakda voqye bo’ladigan alomatlarini bashorat qilishga umr kamlik qiladi, lekin shu yo’ldagi izlanishlarga baraka tilaymiz. Adabiyot: 1. I.Sulton. Adabiyot nazariyasi, “O’qituvchi”, Toshkent, 1980 . 2. L.I. Timofeyev. Osnov ы teorii literatur ы , “Prosve щ yeniye”, Moskva, 1971. 3. R.Uellek, O.Uorrek. Teoriya literatur ы , “Progress”, Moskva, 1978. 4. www.ziyonet.uz 5. www.nur.uz