logo

Korxona mablag‘lari va ulardan foydalanish samaradorligi 11 - sinf

Yuklangan vaqt:

02.02.2022

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

2106 KB
KORXONA MABLAG‘LARI VA ULARDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGI 11-sinf tadbirkorlik asoslari darsligi asosida 16-mavzu: KORXONA MABLAG‘LARI Hech e’tibor berganmisiz – tadbirkor kishidan ma’lum miqdorda pul berib turishini so‘rasangiz, u, odatda, « mening pullarim aylanishda » deb javob beradi. Ushbu javobning mazmunini to‘laroq tushunish uchun korxona mablag‘lari va ularning harakatini ko‘rib chiqamiz. Siz o‘z tadbirkorlik faoliyatingizni olib borish uchun korxona tashkil etishingiz mumkin. Korxona – bu jamiyat ehtiyojlarini qondirish va foyda olish maqsadida mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etilgan mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt. Korxona faoliyatini tashkil etish va yuritish uchun mablag‘lar talab etiladi. Korxona mablag‘lari – bu korxona faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishga xizmat qiluvchi pul, turli resurslar va ishlab chiqarilgan tovarlar majmuyidir. Mazkur mablag‘lar turli manbalarda kapital, fond, vosita kabi atamalar bilan ham nomlanadi. KORXONA MABLAG‘LARI SHAKLLARI Amalda korxona mablag‘lari uchta shaklda bo‘ladi: pul, resurs va tovar. Pul shaklidagi mablag‘lar korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur resurslarni sotib olish yoki ulardan foydalanganlik uchun to‘lovlarni amalga oshirish uchun ishlatiladi. Buning natijasida pul mablag‘lari resurslar yoki unumli mablag‘larga aylanadi. Resurslar – ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirish uchun sotib olingan bino, asbob- uskunalar, xomashyo va materiallar, mehnat resurslari, elektr energiyasi, suv va boshqa resurslar shaklidagi mablag‘lardir. Ushbu resurslar ishlab chiqarish jarayonida foydalanilib, o‘zining qiymatidan ko‘proq mahsulot yaratgani uchun unumli mablag‘lar deb ham yuritiladi. Ishlab chiqarish jarayonida yaratilgan mahsulotlar tovar, ya’ni sotish uchun mo‘ljallangan mahsulot shaklini oladi. Tovar – bu korxonada ishlab chiqarilgan va sotishga mo‘ljallangan mahsulot yoki xizmatlar. Demak, tadbirkorning qo‘lida pul shaklida bo‘lgan mablag‘ o‘z harakati davomida dastlab resurslarga, keyin esa tovarga aylanib, bozorda sotilgach, yana pul shaklida tadbirkorga qaytib keladi. Buni korxona mablag‘ining (bu o‘rinda pulning) doiraviy aylanishi deyiladi. Korxona mablag‘larining doiraviy aylanishi – korxona mablag‘ining o‘z harakatini muayyan (pul, resurs, tovar) shakldan boshlab, navbatdagi bosqichlarni bosib o‘tib, yana o‘zining dastlabki shakliga qaytishi. KORXONA MABLAG‘LARINING AYLANISHI Korxona mablag‘larining doiraviy aylanishi uzluksiz takrorlanib, yangilanib turadi. Chunki tadbirkor o‘z mablag‘ini bir marta aylantirib, undan olgan foydasi bilan cheklanib qolmaydi. Ushbu uzluksiz jarayon korxona mablag‘larining aylanishi deyiladi. Korxona mablag‘lari tarkibidagi turli resurslarning aylanish tezligi farqlanadi. Masalan, xomashyo va materiallar bir doiraviy aylanishdan keyin o‘zining boshlang‘ich shakliga qaytsa, bino va asbob-uskunalar bir necha doiraviy aylanishdan keyin o‘zining boshlang‘ich shakliga qaytadi. Shunga ko‘ra, korxona mablag‘lari ikki qismga: asosiy va aylanma mablag‘larga bo‘linadi. Korxona mablag‘larining aylanishi – korxona mablag‘lari doiraviy aylanishining uzluksiz takrorlanib, yangilanib turishi. Asosiy mablag‘ – ishlab chiqarish jarayonida uzoq muddat ishtirok etib, o‘z moddiy ko‘rinishini o‘zgartirmaydigan resurs shaklidagi mablag‘. Aylanma mablag‘ – ishlab chiqarish jarayonida bir marta ishtirok etib, o‘z moddiy ko‘rinishini o‘zgartiradigan resurs shaklidagi mablag‘. Asosiy va aylanma mablag‘larning o‘zaro farqini quyidagi jadval orqali ko‘rish mumkin. Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, aylanma mablag‘lar bir ishlab chiqarish jarayonida o‘z qiymatini mahsulot qiymatiga to‘liq o‘tkazib, u sotilgandan so‘ng yana qaytadan sotib olish orqali tiklanishi mumkin. Masalan, bir juft poyabzal ishlab chiqarish uchun 60 ming so‘mlik charm sarflangan bo‘lsa, charm qiymati poyabzal qiymatiga to‘liq qo‘shiladi. Agar poyabzal xaridorga 120 ming so‘mga sotilsa, demak bu narx tarkibida 60 ming so‘mlik charm qiymati ham mavjud. Tadbirkor poyabzal sotishdan tushgan 120 ming so‘mning 60 ming so‘miga yangi charm xomashyosini sotib olish orqali mazkur aylanma mablag‘ni qaytadan hosil qiladi. Biroq asosiy mablag‘ni qaytadan hosil qilish u qadar oddiy emas. Chunki asosiy mablag‘ tarkibidagi bino, inshoot, asbob-uskuna, mehnat qurollari uzoq muddat davomida xizmat qilib, ular yordamida ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shunga ko‘ra, asosiy mablag‘lar ko‘rinishidagi resurslarning ishlab chiqarish jarayonidagi xizmat muddati hisobga olinib, ularning eskirish qiymati bu muddat davomida ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymatiga kiritib boriladi. Korxonada ushbu yo‘l bilan yig‘ilib boriladigan asosiy mablag‘larning eskirish summasi amortizatsiya jamg‘armasini tashkil etadi. Aytaylik, korxonaga 50 mln. so‘mlik stanok sotib olindi. Agar stanokning 10 yil davomida xizmat qilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, u holda bir yillik eskirish summasi 5 mln. so‘mni, amortizatsiya me’yori esa 10 foizni tashkil etadi: Jadval ma’lumotlaridan ko‘rinadiki, korxonada har yili stanok uchun 5 mln. so‘mlik eskirish hisoblanib, amortizatsiya jamg‘armasiga o‘tkazib boriladi. Natijada, 10 yildan keyin stanokning qiymati umuman yo‘qolib, korxona amortizatsiya jamg‘armasida 50 mln. so‘m pul mablag‘i paydo bo‘ladi. Tadbirkor endilikda eskirgan stanokni chiqarib tashlab, o‘rniga yangi stanok sotib olish imkoniga ega bo‘ladi. KORXONA MABLAG‘LARIDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGI Tadbirkor uchun o‘z korxonasi mablag‘laridan foydalanish samaradorligini baholab borish muhim hisoblanadi. Buning uchun u bir qator ko‘rsatkichlardan foydalanishi mumkin. Asosiy mablag‘ samaradorligi (MS as ) – korxonada ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi (MH) bilan asosiy mablag‘ qiymati (M as ) o‘rtasidagi nisbatni ifodalovchi ko‘rsatkich: Aytaylik, korxonada 500 mln. so‘mlik asosiy mablag‘lar mavjud bo‘lib, 2017-yil davomida 2 mlrd. so‘m hajmida mahsulot ishlab chiqarildi. U holda korxonaning asosiy mablag‘ samaradorligi ko‘rsatkichi 4 ni tashkil etadi. Bu korxonaning har 1 so‘mlik asosiy mablag‘i 4 so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishda ishtirok etganini anglatadi. Mazkur ko‘rsatkichning yuqori bo‘lishi ijobiy holat hisoblanadi. Asosiy mablag‘ sig‘imi (MSig‘ as ) – asosiy mablag‘ samaradorligiga teskari, ya’ni korxona asosiy mablag‘ qiymati (M as ) bilan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi (MH) o‘rtasidagi nisbatni ifodalovchi ko‘rsatkich: Yuqoridagi misol bo‘yicha ko‘rilsa, korxonaning asosiy mablag‘ sig‘imi ko‘rsatkichi 0,25 ni tashkil etadi. Bu korxonadagi har 1 so‘mlik mahsulotni ishlab chiqarishda 0,25 so‘mlik asosiy mablag‘ ishtirok etganini anglatadi. Mazkur ko‘rsatkichning past bo‘lishi ijobiy holat hisoblanadi. Korxonada aylanma mablag‘dan samarali foydalanish mahsulotning material samaradorligi va material sig‘imi ko‘rsatkichlari orqali baholanadi. BILIMINGIZNI SINAB KO‘RING! 1. Korxona mablag‘lari nima? 2. Korxona mablag‘larining qanday shakllari mavjud? 3. Korxona mablag‘larining doiraviy aylanishi nima? 4. Korxona mablag‘larining aylanishi doiraviy aylanishdan nimasi bilan farq qiladi? 5. Asosiy va aylanma mablag‘larning bir-biridan farqi nimada?